OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Yangi yil kechasida (hikoya)

Kecha qorong‘iligida yomg‘ir shivalab yog‘ardi. Qoramtir daraxtlarning ko‘lkalari aro tomchilar entiktiruvchi shitirlardi.
Shu bugun dunyo yangi yil kirib kelishini nishonlamoqda, ko‘chalar turli chiroqlarga va yozuvlarga to‘la, havo sovuq, rutubatli, odamlar qor yog‘ishini qattiq istashgan, ammo tushdan keyin bir xilda izillab yomg‘ir yog‘a boshlagan edi. Odamlar o‘zlaricha “Eh, qorsiz yangi yil bo‘larmidi” deb xushhol to‘ng‘illab qo‘yishsa-da, bayram kayfiyatiga yomg‘ir baribiram ta’sir qilmadi. Xonadonlar qolib, kishilar to‘p-to‘p bo‘lib turli restoranlarda ham bayramni nishonlar edilar, Qorbobo va qorqizlar arobalarda pul topish ilinjida kezib yurishardi. Mana shunday muhtasham restoranlardan birining oynavand eshigi yonida qizg‘ish zarhal kiyim kiygan darbon turgan edi. Kelguvchilar allaqachon kayfu safoni boshlab yuborishdi. Hozir vaqt tungi soat o‘nga yaqinlashgan, Yangi yil kirishiga ikki soatcha vaqt qolgan edi.
Havo bulut, lekin tungi osmon nimagadir yorug‘, bulutlarning qatlari ko‘rinib turardi. Bayramlarda osmon yorishganday tuyulishi bor gap.
Shu mahalda ko‘cha bo‘ylab qator cho‘zilib ketgan hashamdor kungurali qasrlardan birining eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Bu uyda gaplashish uskunasi bor ekan, tiqir-tiqir sas keldi-da, kuzatuv telekamerasining chiroqchasi yondi, ichkaridagi kelguvchini tanimadi shekilli, saldan keyin o‘ktam bir tovush:
–    Kimsiz? – deb so‘radi.
Kelguvchi uzun bo‘yli, ko‘zlari sokin-musaffo bir kishi edi.
–    Iste’dodman, – dedi mehmon,
Ovoz jimib qoldi, keyin kulgi aralash yana so‘radi:
–    Qanaqa iste’dod?
–    Oddiy, har doimgiday iste’dodman!
–    Bunaqasiga buyurtma bermagan edik-ku, – dedi u yoqdagi. – Xo‘p, qo‘lingizdan nima keladi?
–    Men yulduzlar tilini bilaman, – dedi kelguvchi. – Yulduzlar sirayam biz o‘ylagandek emas. U yerda yetti uxlab tushga kirmaydigan hodisalar ro‘y beradi.
–    Yo‘q, to‘g‘ri kelmas ekan, – dedi ovoz egasi, biroz mulohazadan so‘ng. – Hech bo‘lmasa bashorat qila olasizmi? Masalan, bugun qor yog‘adimi?
–    Yog‘adi, – dedi kelguvchi ishonch bilan. – Lekin yarim kechasidan keyin yog‘adi. Saharga yaqin tog‘da qor ko‘chadi, chunki cho‘qqilarga kecha qor tushgan edi, bugungi yomg‘ir uni eritib yuboradi. Ammo hech kimga zarari tegmaydi.
–    Yo‘q, uzr, – dedi mezbon, birpas o‘ylanib. – Bashoratchi kerakmas bizga. Nima istaysiz?
–    Men ham yangi yilni kutsam degandim, – dedi kelguvchi. – Chunki hech kimim yo‘q, hamma bayram qilayotganiga havasim kelyapti.
–    E-e.... – o‘ng‘aysizlandi uy egasi. – Tanimagan odamga noqulay-da baribiram. Balki yegulik u-bu kerakdir?
–    Yo‘g‘-e, yegulik kerakmas, – dedi kelguvchi. – Hech kimim yo‘q dedim-ku?! Yangi yilni kim bilandir kutgim keldi.
–    Biroz yursangiz, chap tomonda katta restoran bor, – deb maslahat berdi mezbon. – O‘shanga boraqoling, u yerga bugun ko‘pchilik yig‘ilgan. Yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin.
–    Sizga ham, – dedi iste’dod va yomg‘ir ostida yo‘lida davom etdi.
Haqiqatan ham saldan keyin olti qavatli muhtasham bino ko‘zga tashlandi.
–    Yangi yilingiz muborak bo‘lsin, – dedi u, qizg‘ish livreya kiygan darbonga.
–    Rahmat, sizgayam, – dedi darbon. – Xo‘sh, xizmat?
–    Ichkariga kirsam bo‘larmikin?..
–    Taklif qilinganmisiz?
–    Yo‘q.
–    Afsus... Xo‘p, qo‘lingizdan nima keladi?
–    Iste’dodman.
–    Qanaqa iste’dod?
–    Tushuntirish qiyin, – dedi u. – Men tevarakdagi voqealarning aql yetmas bog‘lanishlarini payqay olaman.
–    Him-m... Tasodifan, masxaraboz emasmisiz?
–    Yo‘q.
–    Esiz, – dedi darbon. – Soat o‘nga masxaraboz kelishi kerak edi, kasal bo‘pqolibdi, kelolmasmish. Hozir bitta masxaraboz judayam kerak-da. Ko‘ryapsiz-ku, hamma o‘ynab-kulishni xohlayapti, bir qanchasi mast-alast.
–    Ha, payqab turibman, – dedi iste’dod.
–    Qanday qilib payqayapsiz, davra ichkarida bo‘lsa? – ishonqiramadi darbon.
–    Men iste’dodman-ku, – dedi kelguvchi. – Odamlarning o‘y-fikrlarini xam seza olaman.
–    Bayramlarda hamma yaxshi kishiga aylanib qoladi, – dedi keyin. – Hozir bu yerda hamma yaxshi, hatto eng uchiga chiqqan firibgar ham. Lekin oddiy kunlarda bu kishilarning qanchalar zerikarli va hatto zararkunanda ekanini tasavvur qilolmaysiz-ku? Men esa tasavvur qila olaman, – deya oddiygina tushuntirdi Iste’dod.
–    To‘g‘ri aytasiz, – dedi darbon, birdaniga jonlanib. – Rostini aytsam, bularning ko‘pi yaramas kishilar. He, o‘sha o‘yin-kulgingdan o‘rgildim senlarni!
–    Yo‘q, yaramas emas, – e’tiroz bildirdi Iste’dod. – Ular qo‘rqishadi...
–    Nimadan?
–    To‘satdan, ketma-ket boylik kelaversa, falokat bo‘lishini aqllari sezmasayam qalblari sezadi. Shuning uchun yurak ovozini sharob yoki o‘yin-kulgi, ishrat bilan o‘chirishadi.
–    To‘g‘risini aytsam, unchalik ham tushunavermayman bunaqa gaplarni, – dedi darbon. – Ayting-chi, shunaqa narsalarni bilishdan sizga nima foyda?
Shu payt ro‘paradagi ikki tavaqali katta eshik ochilib ketdi-da, ichkaridagi davraning shovqini, aytilayotgan alyorlar eshitila boshladi. Past bo‘yli, semiz bir kishi davra o‘rtasiga chiqib,  sal oldin futbol bo‘yicha jahon chempionatining taqdirini oldindan aytib bergan Paulo laqabli bashoratchi sakkizoyoqning olamdan o‘tganini ma’lum qildi. “Kirib kelayotgan shu yangi yilimizda oramizda ba’zi do‘stlarimiz yo‘q, mana shunday ajoyib kunlarga yetib kelisholmadi, – dedi u. – Hammasi qatori, shu qadahni o‘sha do‘stlarimiz va mo‘‘jiza sakkizoyoq xotirasi uchun ko‘tarishingizni so‘rayman!”
Shodon davra o‘sha maxluq sha’niga qadah ko‘tardi.
–    Ayting-chi, u rostdan ham bashoratchimidi? – deb so‘radi darbon.
–    Yo‘q, hatto o‘zining sakkizoyoq ekanini ham bilmasdi, – dedi iste’dod.  – Bir oyogi qattiq og‘rir, o‘shani ko‘p cho‘zardi. Bor-yo‘g‘i shu.
–    Ha, tasodif bo‘lsa kerak, – dedi darbon. – Ammo shu topda menga shunaqa sakkizoyoq juda zaril-da. Katta pul yutib olsam bormi?! Sizga bir gap aytaymi? Menga-ku mumkinmas, ammo ichkarida yaxshi yigitlar bor, qo‘riqchilar xonasining ortiga sekingina o‘tib, bir qadah olmaysizmi, bayram-ku axir?
–    Yo‘q, men mutlaqo ichmayman, – dedi mehmon.
–    Yokimli kishi ekansiz, – dedi darbon. – Jon-jon deb ichkariga qo‘yardim sizni.
–    Ha, yaxshi bo‘lardi, sovkotdim, – dedi Iste’dod. – Ichkari issiq, rohatbaxsh bo‘lsa kerak. Yomg‘ir suyak-suyagimdan o‘tib ketdi.
–    Lekin tepadagilar norozi bo‘lishadi-da, – u oromgohning yuqori qavatiga ishora qildi, – U yog‘ini tushunavering, mendayam bola-chaqa bor.
–    Ha, gapingiz to‘g‘ri, – dedi Iste’dod.
–    Aytingchi, iste’dodingiz nimada yo‘nalgan?
–    Yo‘nalmagan, – dedi u. – Kim bilsin... Hali ko‘p narsa aniq emas.
–    Qiziq odam ekansiz, – dedi darbon. – Zarilmidi sizga shu?
–    Boshqacha bo‘lmaydi-da, – soddagina anglatdi u. – Boshqacha sirayam bo‘lmaydi. To‘g‘risini aytsam, shundagina yuragim rohat topadi.
–    Otam menga, rohat keltiradigan narsalardan uzoq yur, ishla, mehnat qil, mehnat odamni o‘ldirmaydi deb nasihat qilardi, – dedi darbon. – Haqiqatan ham kimga keragi bor bu narsalarni? Eh-he, yulduzlardan, yana bir nimalardan gapirasiz-a? Nondan gapirsangiz-chi, nondan?!
–    Shuni aytaman-da, menga nima zaril edi, – dedi Icte’dod.
–    Xo‘p, modomiki bugun bayram ekan, yana biror nima deng-chi, – dedi darbon. – Ichkaridagilarni qo‘ying, ulardan naf yo‘q, shu hayotlarida davom etaverishsin. Menga aloqador biror nima deya olasizmi? Faqat, boya aytganingizday, yulduzlar ilmidan emas, shu hayotga yaqinroq biror hodisani aytib bera olasizmi?
–     Aslida bilmaganingiz yaxshiroq emasmi? – deb so‘radi mehmon. – Bilganingiz bilan foydasi yo‘q-ku?
–    Ha endi, buyam bir ermak-da.
–    Mayli, faqat bir qismini aytaman, xolos. Bayramni buzib nima qildim? – dedi iste’dod. – Qarab turing, hozir chiroq o‘chadi, lekin sal o‘tmay yana yonadi. Hayot chirog‘i ham qoq yarim kechasi to‘satdan o‘chib qolishi mumkin.
Bir soniya o‘tar-o‘tmas, chiroqlar rostdan ham lipillab o‘chdi, tevarak qorong‘ilikka burkandi. Lekin saldan so‘ng yana yorishib, charog‘on bo‘lib ketdi.
–    Qaydan taxmin qilaqoldingiz? – deb so‘radi darbon hayratlanib.
–    Sodda qilib anglatsam, hozirgina shahar tashqarisida bitta qush sovuqda o‘lib qoldi, – dedi iste’dod.
–    Qushni nima aloqasi bor?
–    Yomg‘irda ho‘l bo‘lib, usti muzlagan edi, – deb tushuntirdi iste’dod. – Sovqotganidan yuqori kuchlanishli uskunaning ichiga kirib oldi. U yerning issig‘ida qanotidagi muzlar erib, tomchilab oqqach, qisqa tutashuv ro‘y berdi, sug‘urta uskunasi falokat ro‘y bermasligi uchun elektr tokini uzdi. Har holda, ishchilar darhol tuzatishgan bo‘lsa kerak.
–    Bechora qush... Ha, rostdan ham g‘alati, – dedi darbon tan berib. – Lekin, zo‘r odam ekansiz, gap yo‘q. Oila, bola-chaqangiz yo‘qmi, yolg‘iz yuribsiz?
–    O‘zimni zo‘rg‘a eplab yuribmanu bola-chaqaga yo‘l bo‘lsin? – dedi kelguvchi. – Oilaning mas’uliyati juda og‘ir, u yukni ko‘tarish qo‘limdan kelmaydi deb qo‘rqaman.
–     Uzr... Lekin baribiram shunaqa narsalarni qaydan bilishingizga qiziqyapman. Soddaroq qilib tushuntirsangiz bo‘lmaydimi?
–    Hamma voqea-hodisalar bir-biriga ko‘rinmas zanjir bilan bog‘langan bo‘ladi, – dedi Iste’dod. – Ho‘v, ikki kishi qo‘lida qadahi bilan chiqib kelayotganini ko‘ryapsizmi? U odam bir mahallar, ayni navqiron, kuchga to‘lgan mahalida bir muhtoj odamni masxaralab kulgan edi. Masxaralangan esa, qonli urushlarda jigaridan o‘q yegan, ko‘makka zor kishi edi. Qadah tutib turgan shu holida o‘zining ham jigari qurib borayotganidan bexabar, biroq... – nimanidir tusmollab, o‘zicha hisob-kitob qildi u. – oradan uch-to‘rt oy o‘tgach, bezovtalanganida hammasidan xabar topadi, ammo kech bo‘ladi. Yonidagi odam esa uyiga sadaqa so‘rab kelgan yosh bolali juvonga aynib qolgan ovqatlarni bergan edi. Gap shundaki, bolaning qorni ochqagan, juvon emizay desa, ko‘kragida suti yo‘q... azbaroyi bolam to‘ysin deb o‘sha aynigan taomni yeyishga majbur bo‘lgan edi.
–    Sho‘rlik... – dedi darbon. – Juvonga hech nima qilmagandir, ishqilib?
–    Xudoning qudratini qarangki, na juvonga, na bolaga zarar yetdi, – dedi u odam. – Qaytanga, o‘sha ozgina taom tufayli sut mo‘l-ko‘l toshib keldi, bola to‘yib-to‘yib emib, keyin miriqib rosa uxladi... Yomg‘ir sira tinadiganga o‘xshamaydi, men boraqolay. Darvoqe, Yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin.
–    Afsus, yana bir oz gaplashsak bo‘lardi, – dedi darbon afsuslanib. – Sizga ham qutlug‘ bo‘lsin. Mayli, yaxshi boring, – deya xayrlashdi chin dildan.

* * *

Chorak soatdan so‘ng Yangi yil kirib keldi.
Keyin havo birdaniga sovidi. Shivalab turgan yomg‘ir avvaliga mayda qorga aylandi, keyin tezlashdi-da, shiddat bilan yog‘a ketdi. Shimoldan sovuq shamol esdi, izg‘irin kuchligina edi.
Charog‘on shahar haliyam bayram shukuhiga to‘la edi.
Yana bir necha soatdan so‘ng kimsasiz tog‘lar ustida qor ko‘chdi. Ulkan xarsangtoshlarniyu sinib uyqashib ketgan archalarni qo‘shib-yumalatib, shovqin-suron sola, xuddi bahaybat to‘fon singari pastga qarab shitob bilan yo‘naldi. Qor turli joylarda turlicha ko‘chdi, xayriyatki, yo‘lida qishloqlar yo‘q edi, so‘qmoqlarni, ba’zi katta yo‘llarni va muzlab qolgan irmoqlarni enlab-bosib tushganini aytmasa, yangi yil tunidagi bu qor ko‘chkisi kishilarga zarar keltirmadi.
Yangi yil shu tariqa kirib keldi.

* * *

Oradan yillar o‘tdi.
Darbon yana uzoq yillar o‘sha joyda ishladi. Ro‘y bergan voqealarni o‘ylab ko‘rib, nihoyat “Xizrni ko‘rgan bo‘lsam kerak” degan to‘xtamga keldi. Chunki o‘sha kishining aytganlarining bari ro‘yobga chiqdi: oradan to‘rt oylar chamasi vaqt o‘tgach, qadah ko‘tarib tashqariga chiqqan kishilardan biri – shaharning eng oldi boyi jigari quruqshab, bor molu dunyosini sarflasa ham nafi tegmasdan olamdan o‘tdi. Ikkinchisi esa uyida aynigan sharobni ichib, zaharlanib o‘lim topdi. Darbon o‘sha kishining gaplarini boshqalarga aytib berdi. Kelgan kishining kimligini birov bilmas edi. Darbon tinimsiz uqtirar ediki, eshik oldida turganimda, yomg‘ir ostida to‘satdan kepqoldi, ust-boshi nochor, o‘zi ochga o‘xshardi, deb. O‘zidan ancha-muncha gaplarni to‘qib-chatib, uni salkam avliyoga aylantirdi. Avom ishondi, o‘yin-kulgi kechasidagi boyonlar darbonga “o‘sha noma’lum kishi bizlar haqimizda ham bir nima deganmidi?” deya xavotirlanib, o‘zlaricha sovg‘a-salomlar ko‘tarib kela boshlashdi.
Darbonning el nazariga tushgani, mo‘‘tabar kishilarning ko‘pchiligi huzuriga bosh egib kelishgani rost. Bashoratning bu qismi ham ro‘yobga chiqdi, ammo mazkur holat darbonga sira zavq baxsh etmas edi.
Negaki, kechalari uxlolmasdi.
Uxlay desa, o‘sha noma’lum iste’dod aytgan narsalardan yana birining – eng oxirgisining ro‘yobga chiqishidan qo‘rqardi: xuddi o‘sha kechasi bexos chiroq o‘chib qolgani kabi, qoq yarim tunda, uyqu chog‘ida to‘satdan yetishi mumkin bo‘lgan ajal sharpasi...
2013

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.