OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Todd (hikoya)

Qaydam, bundan ikki yil burunmidi, falsafaga qiziqqan paytlarim edi. Bu g‘aroyib fan aqlu hushimni shu qadar egallab olgandiki, har bir narsadan falsafiy xulosa chiqaraverardim. Falsafa esa, asli Olmoniyada rosa rivojlangan emasmi, qay bir kitobda o‘qiganim «Der Todd immer gewinnt» degan nemischa so‘z shuurimga yopishib qoldi.
 
Gapning lo‘ndasi, hozir ham o‘ylasam, o‘sha vaqtlardagi kabi, har holda hayotni faqat falsafadan iborat, deb o‘ylash xato ekanligini tushunib yetgandayman. Chunki. hayotning o‘zi uni rad qilar ekan. Har kim o‘zining ko‘rgan-kechirganlariga moslab, o‘zicha falsafa to‘qir ekan.
 
Ammo men hozir bular haqida gapni cho‘zib o‘tirmoqchi emasman. Zotan zamon tez, vaqtu umr shovullab o‘tib ketayotir, aytar gapingizni aytib yo ulgurasiz, yo yo‘q... Boz ustiga, bugunga qadar yashab o‘tgan barcha faylasuflar bu haqda jild-jild kitoblar yozib ulgurishganki, hatto ularni o‘qishga-da umrning yetishi dargumon. Shu bois ham mening aytar so‘zim boshqa. Tasodifan "Todd" so‘zining ma’nosini angladimu bundan yetti yil avval kechgan bir voqea xayolimga urildi. Shuni aytib bermoqchiman, xolos. Aminmanki, bu so‘zning ma’nosi boshqalarni ham o‘ylantirib qo‘yadi.
 
*  *  *
 
Bolalik chog‘larimizda Mamasiddiq pishiq degai bir chol bo‘lardi. U qotmagina, jikkak, iyagada chandig‘i bor odam edi. Kechalari bekinmachoq o‘ynaganimizda uning allaqanaqa yumushlar bilan kuymanib yurganini ko‘rar edik: yo makkapoyalarni bog‘-bog‘ qilib bog‘lagan, yo zambilg‘altakda uyiga un tashigan, yo ko‘chadagi xazonlarni to‘plab qoplayotgan bo‘lib chiqar edi. Men uning dam olib o‘tirganini yoki choyxonada oshxo‘rlik qilganini hech ko‘rmaganmai. Xayolimda-da u indamas, tinim bilmas bir kishi sifatida qolgan.
 
Pishiqning bolalari ham o‘ziga o‘xshagan pishiqqina, tinim bilishmas edi. Bug‘doy o‘rilsa, kechalari dalaga chiqib somonini to‘plashardi-da, ertasiga bozorga opchiqib sotar edilar. O‘tin sotardilar. Undan bo‘shagan qoplarni sotardilar... Odamlar "Mamasiddiq pishiq juda boy, kechalari uxlamasligi ham rost gap: yiqqan pullarini sandig‘idan olib, mog‘or bosib ketmasligi uchun shabadaga yoyib shamollatadi», deb gapirib yurishardi.
 
Qishloqda odam ko‘p, xotiramda har biri o‘ziga xos bir qiliq-qiyofada qolgan. Biroq, Mamasiddiq pishiq bilan aloqador xotiralar yurakni g‘ashlantiradigan darajada g‘uborlidir.
 
... Yillar o‘tdi. Bolalik xuddi shamoldagi somon parchasi kabi uchdi-ketdi. Ulg‘aydik. Bolaligimizda tanigan-bilgan odamlarimiz – oppoq soqolli nuroniy chollaru sochlariga cho‘lpi taqqan, sandiqchalarida doimo biz kabi bolakaylar uchun bir-ikkita popukqand topiladigan ertakchi kampirlar o‘zlarining haqiqiy manzillariga – xudoning rahmati tomonga unsizgina, hilvirabgina jo‘nab ketdilar. Kishilar aytmoqchi, bu dunyoning yelib-yugurishlaridan, tashvishlaridan abadiyan qutuldilar, tinchligu osoyishga yetishdilar, jonlari orom va rohat topdi.
 
Vaqt-soati yetib Pishiq ham olamdan o‘tdi. Uning dunyodan ko‘z yumishi ham nedir g‘uborli va alamangiz bir tarzda kechibdi. U ikki-uch daf’a oshqozoni og‘rib, yotib qoldi. Ammo do‘xtirga bormadi, birontasini chaqirib qaratmadi. O‘zining suygan ta’biricha, issiq-issiq choy ichib, ko‘rpaga o‘ranib yotaberdi. O‘zi-ku azaldan ozg‘in edi, yanayam ozib rangi allanechuk, somon kabi bo‘lib qoldi. Ammo haftalab yotgani yo‘q: Pishiqning mazasi qochibdi, degan gap tarqalganidan uch-to‘rt kun o‘tar-o‘tmay, yana ko‘chalarda paydo bo‘ldi. Yana o‘sha-o‘sha kuymalangan, har narsani uyiga tashigan Pishiq... U yoq- bu yoqda «Mamasiddiq aka oshqozon raki bo‘lgan ekan, baribir tuzalmayman, deb do‘xtirgayam bormabdi», degan gaplarni biz ham eshitdik. Bu gapning naqadar rostligini bilmaymizu, ammo oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, uyidan yig‘i chiqdi. Bildikki, Pishiq ham olamdan o‘tibdi.
 
Pishiqning farzandlari ko‘p, nevaralari undan ham ko‘p edi, shularning o‘zi ko‘chani to‘ldirgan, bari ko‘k to‘n kiyib, belini bog‘lab turishipti.
 
Mening ilk anglagan narsam – bu xonadondagi g‘aribonlik bo‘ldi. Ayvonga eski bir sholcha to‘shalgan, ustida po‘stak... Eshik-derazalarning bo‘yoqlari ko‘chgan. Biroq, mevali daraxtlarning bari orasta, tartib berilgan, kuzgi husaynilar oltinday tovlanib turipti.  Daraxtlarning to‘kilgan barglari bir chetga uyilgan, qo‘radagi qo‘ylar oldida-da bir uyum xazon: qo‘ylar uni talashib-tortishib yeyishayotir...
 
Pishiqni tuproqqa topshirishda odatdagidek «Mamasiddiq aka qanday odam edi», deb so‘raldi. Hamma chin ko‘ngildan: «Yaxshi odam edi, xudo rahmat qilsin», deb javob berdi. Pishiqning vafoti meni u qadar o‘ylantirgani yo‘q, hamma qatori o‘limning haqligini, olamdagi jamiki inson zoti o‘sha tarafga qarab ketib borayotganligini yana bir bora tasdiqladi, xolos.
 
* * *
(Mamasiddiq pishiqning katta o‘g‘lining hikoyasi)
 
«... Otam yigirma ikki yoshida urushga ketgan. Biz uch jo‘jiq onamiz bilan qolganmiz. Otam qirq uchinchi yilda nemislarga asir tushgan. Nemislar uni boshqalar bilan qo‘shib Polshaga opketishgan.
 
Kontslager hayotini hammayam ozmi-ko‘pmi eshitgan, kinoda ko‘rgan,  kitobda o‘qigan. Ammo hech birimiz ko‘zimiz bilan ko‘rmaganmiz. Kontslagerga tushganlar qanday kunlarni ko‘rganliklarini o‘zlarigina biladilar.
Lagerda Vilgelm Todd degan mal’un ofitser bor ekan. U manfur urushga qadar askarlar o‘rtasida uzoq masofaga yugurish bo‘yicha trenerlik qilgan, bir shogirdi Olmoiiya chempioni bo‘lgan, urush boshlangach, zobit sifatida bu yoqlarga yuborilgan ekan.
 
Shu battol lagerdagilarga qo‘shib otamniyam har kuni qirq chaqirimga yugurtirarkan.
 
Bunaqa yugurishning tartib-qoidasini marafonchilar biladilar. Otamning aytishicha, sahar yorishib-yorishmay aristonlarni safga tizib opchiqar ekanu yugurishni boshlarkan. Ortda, mashinada Toddning o‘zi. Soat yettigacha marraga yetib borishlari shart ekan. Marra degani ham tosh kareri bo‘lib, borganlar ishga tusharkanlar.
Todd yo‘lda yiqilganlarni otib tashlarkan.
 
Marraga kelganlarida esa aytar ekanki: "Senlar meni yomon ko‘rasanlar, bilaman. Ammo, hayot mendan ko‘ra beshafqatroq, senlarning bu yugurishingdan ko‘ra milyon marta murakkabroq. U senga marra qaydaligini aytmaydi, qay tarafga qarab chopishni, qancha chaqirim yugurishing kerakligini ko‘rsatmaydi, dam bermaydi. Barini o‘zing topasan, o‘zing hal qilasan... Bugun senlar marraga yiqilmay yetib kelib, kechgacha yashash huquqini qo‘lga kiritdinglar, xolos. Keyingi hayotingni esa, kechqurungi yugurish hal qiladi..."
 
Otam dalada o‘sib pishgan emasmi, ishqilib, chidar ekan. Todd battol uni yaxshi ko‘rarkan. "Sendan chempion chiqishi mumkin edi, afsuski, nemis emassan" der ekan. Goho bir bo‘lak non yo sho‘rvasiga bir bo‘lak go‘sht ham qo‘shtirar ekan.
 
Bularning barini menga otam o‘gay onamga uylanib, birinchi farzandi tug‘ilganida aytib bergan edi. U mahallar men ham yigirma ikkida edim. O‘shanda "Otam rosa qiynalgan ekan-da" deb ko‘yaqolganman. Nima uchun menga bularni aytganini anglamaganman.
 
Mayli, endi gapning buyog‘ini eshit.
 
Qirq to‘rtinchi yilda, Polsha ozod etilganidan keyin ham otam darrov uyiga qaytmagan. Endi uni "Nemislarga xizmat qilgansan" deb o‘zimiznikilar qiynashgan. Faqat oradan to‘qqiz yil o‘tgach, Stalin o‘lganidan keyingina qishloqqa - ona yurtiga qaytib kelish nasib qilgan.
 
Kelganida qarasa onamiz olamdan o‘tib, biz uch jo‘jiq ammamizning qo‘lida qolgan ekanmiz. Uyimiz buzilib ketgan, o‘tinlari sandalga qalangan. Otamning qilgan birinchi ishi - yerimizning yoqasiga bir chayla qurib, bizni olib kelish bo‘lgan. Keyin yoz bo‘yi ishlab, paxsa uy tiklagan. U mahallar mening g‘ira-shira esimda: yosh bola edik, biz uchun hayot rang-barang edi. Qora mehnat vujudimizni ezmas edi: suvlar zilol edi, suvlarda cho‘milib o‘ynar edik.
 
Keyin otam uylandi. O‘shanda ammamga aytgan so‘zlari esimda: "Sen meni uylanvoldi, dema, opa. Bolalarga kim qaraydi? Kelsam, uchapa bolam ham sening qo‘lingda ekan... Boshingda ering yo‘q, o‘zingning bolalaringni zo‘rg‘a eplayapsan. Boshqa urug‘imiz qolmagan bo‘lsa... Xudo umr bersa, o‘nta-o‘n beshta bolali bo‘larman. O‘lsam, orqamdan yig‘lab qoladiganlar ko‘p bo‘lar, bizdan keyin ham bir-birini suyab ketarki, biri "Oh" desa, o‘ntasi "Voh" deb yetib kelar..."
 
Otamning aytgani bo‘ldi. O‘n bir farzand bo‘ldik. O‘gay ukalarimning bari mehribon, mehnatsevar, bir-birimizga o‘z qondoshlarimizdan-da oqibatliroqmiz.
 
Esimni taniganimdan beri otam tinmasdan ishladi. Men-ku mayli, ukalarim otamni deyarli ko‘rmas edilar. Uyga yarim kechasi kelar, azonlab yana ishiga ketar edi. Oyligi ko‘proq, deb zaharli joylarda ter to‘kdi, yetmaganiga mol olib semirtirib sotdi, tomorqaga ekin ekib bozorga opchiqdi, xullas, o‘n bir farzandni ham uyli-joyli qildi. Bir o‘zi! Yordam beradigan kimsa topilmadi.
 
O‘n bir bolaning beshtasi qiz edi. Hozir "Huv" desam, o‘n bir tomondan bir dunyo odam yetib keladi.
Xudoyim meniyam farzanddan qismadi - hozir bolalarim yettita bo‘ldi. Kattamni yaqinda uylantirdim. Nasib etsa, yaqinda nevarali bo‘laman.
 
Katta o‘g‘limni uylantirmasimdan bir yil avval otam vafot qildi. Biz ishdan vaqtliroq kelib, endi so‘riga o‘tirgan edik. Otam soat sakkizlarda kirib keldi. Kasaldan turganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q, ammo mehnat qilmasdan o‘tirolmasdi: ish odamni o‘ldirmagan, taningda joning bor ekan, qimirla, yumushga unna, deb nasihat qilardi bizga...
 
Xotinim ovqatni suzib keltirdi. "Olinglar-olinglar" bilan qo‘l uzatdik. Otam sho‘rlik... ovqatni qoshiqda og‘ziga obordiyu yutolmadi, qoshiq taraqlab laganga tushdi, o‘zi orqaga ketib berdi. Shoshib dasturxondan hatlab o‘tib boshini qo‘limga oldim. Bilasanmi, nigohi mendayu ko‘zi tepaga qarab olayib boryapti. Bir mahal ikki ko‘zidai ikki tomchi sariq yosh oqdi. Bir nima demoqchi bo‘lib urinib qiynaldi, keyin labidan zaif bir "puf" chiqdi...
 
Chiqqan nafas qaytib kirmadi...
 
Naylayinki, o‘lim haq ekan. Ammo, shundan keyin ko‘zim ochilgandek bo‘ldi. Yotsam ham, tursam ham otamni o‘ylayveradigan bo‘ldim.
 
Hech narsaga hafsalam kelmay qoldi. Uyga kiramanu bag‘rimni zaxga berib yotib olaman. Otam... Tayanchim, quvvatim, suyanchig‘im ko‘zimning oldidan ketmaydi. "Voh, otam-a!" deymanu yuragim o‘rtanaveradi.
 
O‘ylab qarasam, otam lagerdagina emas, butun umri davomida shunaqa yugurib yashabdi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demabdi. O‘ziga qaramabdi. Bolam, debdi. Ro‘zg‘orim debdi...
 
Ko‘ryapsanmi, ukajon, otam umr bo‘yi yugurib o‘tibdi. La’nati Todd uni umr bo‘yi ta’qib etibdi.
Keyin o‘z hayotimga razm solaman. Razm solamaiu yana o‘sha manzarani ko‘raman: ukalarimning bari ro‘zg‘orim deb yelib-yuguryapti. O‘zim ham bolam-chaqam, deb tinmayman. Men ham, ukajon, otam kabi, ishdan juda kech kelaman - kichik qizim meni goh tanib talpinsa, goh begonasirab nari qochadi. "Mayli, katta bo‘lsa, tanib olar...", deymanu qo‘yaman.
 
Otam u yoqda marraga yetib kelib hayotini saqlab qolgan edi. Keyin-chi? O‘sha yelib-yugurishlari bilan ko‘zlagan yeriga yetib keloldimi? Yetib kelolgan bo‘lsa, oqibati nima bo‘lib chiqdi? Yetib kelgani uchun xushbaxt bo‘ldimi?
Men-chi? Men ham ertani, indinni o‘ylab yuguraman-elaman. Bilamanki, bugun bir daqiqa tin olsam, ertaga boshka bir muammo yo‘limdan chiqadi. Tashvishim boshimdai oshib yotipti. Bu yoqda bo‘lsa, umr shovullab o‘tib ketyapti...
 
Nazarimda, bu mahv etuvchi yozuq barchamizning peshanamizga yozilganday. Xuddi ulg‘aygach, hayotning o‘zi Todd qiyofasida ortimizga turib olib, ta’qib qilayotganday, tahdid etayotganday...
 
Hech o‘ylab oxiriga yetolmayman: qayda u, marra? Yetganlar nelarga sohib chiqadilaru yetmaganlar nelardan mahrum bo‘ladilar? Gapning ochig‘i, mening aqpim bunaqa narsalarga yetmaydi.
 
Agar bilsang, sen menga tushuntir, birodar..."
 
* * *
 
Mening bu voqeani eshitganimdan so‘ng yetti yil kechdi. Yetti yil ichida ko‘p suvlar oqib o‘tdi. Ko‘p narsalar unut bo‘ldi.
 
Aytganimday, o‘sha mahallari men ham falsafaga qiziqib yurar edim. Orasida "Todd" degan tanish so‘z bo‘lgan "Der Todd immer gewinnt» kalimasining mazmuni nima ekan, deb nemischaga qiziqib yuradigan bir og‘aynimdan so‘radim. Javobdan esa tong qoldim: «Todd»ning ma’nosi "O‘lim" bo‘lib, bu kalimaning mazmuni, ne ajabki, "O‘lim haqdir" degani ekan.
 
O‘sha mahallar o‘zim chiqargan falsafiy umumlashmadan o‘zim dahshatga tushganman. Pishiqning o‘g‘lining aytgani sodda hikoyadan men ham bir narsalar uqqanman.
 
Ammo, boshqalarni qo‘yaturayligu bu voqeadagi bir jihat meni hayajonga soladi.
 
Nemis zobitining ismi bo‘lmish "Todd" so‘zining o‘zbekchadagi ma’nosi "O‘lim" bo‘lib chiqqanini nima deb izohlasa bo‘ladi? Tasodif deyinmi? Yo bir hikmat deyinmi?
 
...Falsafaniyam shu bilan yig‘ishtirdim. Bildimki, hech bir falsafa hayot hikmatini izohlab bera olmas ekan. Chunki, hayot hamisha haq va rang-barang, tovlanuvchi, falsafa esa, uning faqatgina soyasi, boshqa hech narsa emas ekan.
 
Shu voqea bo‘ldiyu Mamasiddiq buvaning ko‘z oldimdaga indamas, tund, xasis, tinim bilmas qiyofasi g‘oyib bo‘lib, o‘rnida boshqa bir insonning - bor tuyg‘ulariyu hissiyotlarini hayot degan poygaga qurbon bergan bir odamning ozg‘in, iyagida soqoli o‘sgan, tirishli yuzi, javdiragan ko‘zlari xayolimda jonlanadi.
Jonlanadiyu sira ketmaydi.
 
Boshqalarning qiyofasida-da mana, men deya ko‘rinish beraveradi.
 
Hozir ham, Mamasiddiq pishiqning so‘nggi manzilida tinch, orom olib yotganiga ishongim kelmaydi. Goho qishli-qirovli kunlarda, kuz mezonlari uchgan, rutubatli havoda, kimsasiz dalalarda, bargsiz-xazonsiz so‘ppaygan tutlar tagida eski to‘n kiygan, ozg‘in bir kishining o‘tin ko‘tarib ketayotganini ko‘rib qolaman. Bu odam sira tinmaydi, sovuq bo‘lishiga qaramasdan, zovurlar ichida suv kechib, sabzio‘tlarni o‘radi, qopga solib, qaygadir tashiydi. Kuz shamoli qah-qah otib kulayotgan paytlarda to‘kilgan xazonlarni to‘playdi. Shamol uning to‘plaganlarini har tarafga sochib o‘ynasa-da, u qunt va matonat, sabr va bardosh bilan yana abadiydek tuyulgan shu ishida davom etadi...
 
Biroq, bu odamning kim ekanligiii aytishga istihola qilaman. Ochig‘i, uni hali-hanuz yaqindan ko‘rolganim yo‘q. Unga yaqin kelishdan goho hayiqaman ham. Goho esa mening-da tashvishim mo‘l bo‘ladi: ko‘pincha e’tibor bermasdan o‘taman-ketaman...
 

1999

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.