Shom qo‘na boshladi. Darvozaxonada kimdir tomoq qirdi, keyin qadam tovushi eshitildi.
– Hoy, otang keldi, qara, – dedi ishkom ostida, qozon boshida kuymalanayotgan ona. Uning yoshi taxminan qirq beshlarda, yuzi och jigarrang, shu bois ko‘zi atrofidagi ajinlari yanada chuqurroq ko‘rinadigan, ammo qiyiq ko‘zlari kulimsirab turadigan xotin edi.
Ota qo‘lidagi to‘rvasini ayvonga qo‘yib, o‘tirdi. O‘n yoshlar chamasidagi qizalog‘i bir kosa suv olib keldi.
– Eh Xudoyim, o‘zingga shukr, – deb qo‘ydi ota, suvdan qonib ichib. Keyin ro‘parasidagi ekin yerlariga ko‘zi tushdi-da, ayoliga qarab norozi ohangda to‘ng‘illadi:
– Yerni chopib qo‘ymapsizlar-ku?
– Obbo, qo‘lim tegmasa nima qilay? – dedi xotin. – Sahardan beri yumushdan bo‘shaganim yo‘q. Kecha bozor edi, o‘zingiz chopsangiz bo‘lmasmidi?
– Senga ish buyursam, o‘zimga aytasan-a? – dedi erkak. – Yelkalarim, belim zirqirab og‘riyapti, yo‘qsa bilardim nima qilishimni.
Keyin olma tagida turgan o‘g‘liga qarata:
– Sen-chi, chopib qo‘ysang o‘larmiding? Ertaga hammasini qilib qo‘ygin, bo‘ptimi?
– Qilmayman, – dedi bola to‘rsayib.
– Hoy bola! – g‘azabi qo‘zidi erkakning. – Kuching taningga sig‘may yotipti, nega gap qaytarasan otangga?
O‘g‘il bir nimalarni to‘ng‘illab, nari ketdi.
Saldan keyin qorong‘i tushdi. Ayvonda kechki taom yeyildi. Ona dasturxonni yig‘ishtirib nari ketdi, ota bolishga yonboshlab, picha ihrab yotdi.
– Bugun ayvonga joy solaqol, toza havoda uxlay, – dedi ota.
Ona uning aytganini bajo keltirdi.
Oy havoladi. Shu tobda tepadan qaralsa xiyol enish qishloqning daraxtzorlari, hozir bo‘shab qolgan yo‘llari oqish changsimon yog‘du ichida edi.
* * *
Hammalari jim yotar edilar. Faqat kichkina qizchagina pishillab uxlar edi.
“Tavba, – deb o‘yladi erkak. – Hayotimning shunaqa bo‘lishini o‘ylabmidim? Horib-charchab keldim, bittasi chopib chiqib salom bermasa-ya. Aslida qanaqa bo‘lishi kerak edi o‘zi? Xotin degan ochiq chehra bilan kutib olsa, xushhol jilmayib qo‘ysangu bolalaringni bag‘ringga bossang. Ishmi, ish nima, bo‘ladi-da. Bugun yer chopilmasa, ertaga chopilar? Yo bo‘lmasa, qopketar? Ust-boshi tuproq bolachalaringni bag‘ringga bossang qanday mazza? Bir silkinsangu ko‘chaning tashvishlari yelkangdan tushib ketsa, uyingga jannatga kirganday kirsang. Unaqa bo‘lmadi-ku? Gap mana shunda-da, nima uchun?”
Xotin ham o‘ylar edi:
“Xo‘mrayishini-chi. Ertalabdan beri shu ahvolda bo‘lsam. Na o‘zimga qarayman, na bir lahza tin olaman. Ochiq chehra bilan kirib kelsa o‘ladimi? Birov ishlab kelganingga zormi, odamning qorni yarimta non bilan ham to‘yadi, bir og‘iz shirin so‘z odamni o‘ldiribdimi? Qachon qarasang shu: qovog‘ini solib o‘shqirgani o‘shqirgan...”
O‘g‘il ham uxlamagan edi.
Uning nima o‘ylayotganini bilib bo‘lmas edi.
Oyga qarab jilmayib yotar edi u.
* * *
Vaqt allamahalga borgach, hamma uxlab qoldi.
Oy yorug‘i ekinlar, hovli tuprog‘i uzra xuddi joni borday siljib kelib, saldan keyin ayvonga chiqib oldi. Yana bir oz vaqt o‘tgach, uyqudagilarning yuzlarini yoritdi. Mana shu yog‘du barchasining tushida g‘alati voqealarni bino qildi.
Bepoyon va tep-tekis bir makon emish. Ota o‘zini shu makonda ko‘rdi. Qaylardandir, uzoq-uzoqlardan zaif “Ogoh bo‘linglar-a-ar!” degan qichqiriq taralarmish, lekin qichqiruvchining kimligini bilib bo‘lmasmish. Yonginasida g‘oyat latif va go‘zal bir malak bormish, u tik qarashga botinmay, yerga tikilgan ko‘yi nimanidir kutar emish.
“Ibo-hayosini qara-ya, – der emish ota, qarshisidagi malakning qaydan bino bo‘lganiga hayron bo‘lib. Ajabki, biror joyi og‘rimas, vujudi yengil emish. Keyin qarasa, o‘zining xotini ekan.
“Iya, nima qilib yuribsan bu yerlarda?” – dermishu ko‘zlariga ishonmasmish. Ayoli nurdan iborat, ko‘zlari judayam qora, kipriklari uzun, nigohi musaffo emish.
“Men qaylarda qay tarz yaralganimni bilmas edim, xo‘jam, – dermish xotini, hanuz ko‘zlarini yerdan uzmay. – Aytildiki, ey ayol, bir kun ulg‘ayasan, barcha ayollar kabi turmush qurasan, boshingda bir xo‘jang bo‘ladi va farzandlar ko‘rasan. Bilki, har narsada xo‘jangga muntazirsan. Ayolning haqi erida, erning haqi onasida ko‘proqdir. Ering ne desa itoat etasan, har itoatingda sharaflanasan. Agar shirk bo‘lib qolishidan ko‘rqilmasaydi, hatto eringga sajda qilish buyurilgan bo‘lardi. Umringning so‘ngida shu qadar yuksak maqom olasanki, yer ham, ko‘k ham seni sharaflaydi. Bilginki, oroming itoatingdadir, deyildi. Mening asl qiyofam shu, xo‘jam. Neki iroda etsangiz, hukmingizga muntazirman.
“E tavba, – dermish lol qolib erkak. – Umrim bo‘yi bunaqa gaplarni eshitmagan ekanman. Qo‘ysang-chi...”
U xotinining ismini aytmoqchi bo‘lsa-da, eslolmasmish.
“Sizni ruhlantirishim, oromingizni ta’min etmog‘im burchim edi, – dermish xotini. – Ro‘zg‘or deb o‘zingizni o‘tga-cho‘qqa urib kelganingizda, oromingizni o‘ylashim kerak edi. Birovdan ko‘p, birovdan kam, qanday bo‘lsayam shu ro‘zg‘orni tebratib turibsiz deb, boshimga sizday xo‘jani ato etgani uchun xudoyimga shukrlar aytishim ham kerak edi.”
“Ha, bo‘pti, – dermish erkak o‘ng‘aysizlanib. – Yuraqol endi uyga”.
“Men sizga omonat edim-ku, xo‘jam, – dermish keyin ayol, to‘satdan ko‘zlaridan duv-duv yoshi oqib. – Bo‘y yetganimdan keyin har neki bo‘lsa hammasini zimmamga olib, hatto g‘arib otamning oldida ham bor yo‘g‘i o‘n yetti yil yurgan bo‘lsam, sizning xizmatingizda o‘ttiz yildan buyonman-ku. Yaratganning hukmi bilan sizga bo‘ysungan edim-ku? Jon xo‘jam, ruxsat beraqoling, ozgina orom olay. Siz ruxsat bermasangiz, u orom qopqalari ochilmaydi. Rahm qiling, xo‘jam, judayam charchab ketdim. Birozgina tin olvolay. Birozgina xolos... keyin yana xizmatingizga qaytaman”.
“Yo‘g‘-e, nega unday deysan? – dermish erkak. – Endi, turmushda har narsa bo‘ladi-da”.
* * *
Ayni tushni ayol ham ko‘rdi.
Ajabki, eri – ustlari yorilib-yorilib, chatnab ketgan ulkan tosh emish.
“Voy, toshga aylanib qopsiz-ku”, dermish eriga, hayron bo‘lib.
Eri ma’yus emish.
“Yo‘q, toshga aylanmaganman, – dermish. – Sizlarni shamollardan, bo‘ronlardan pana qilaman, deb shu holga tushdim-da. Qara, ustim tilinib-yorilib ketdi. Kecha chaqmoq chaqqani esingdami? O‘sha chaqmoq ustimga tushdi, yelkamni yorib yubordi”.
“Ha, men sening xo‘jang edim, – dermish keyin. – Har tashvish yuragimda mana shunaqa izlar qoldirdi. Ko‘rinishim mustahkam bo‘lgani bilan ichimdan irib ketganman. Eshityapsanmi, juda olislardan bir qichqiriq bino bo‘lib, tobora yaqinlashmoqda. Yetib kelmasidan oldin rozi-rizolik so‘rashib olganimiz ma’qulmikin?..”
* * *
Bu tushni bir kichkina qizgina ko‘rmadi. U tamomila boshqa bir tush ko‘rdi.
Oy juda ulkan emish. Ostida bir karvon yo‘lga tushgan, odamlari hayajonda emishlar. “Hoy odamlar, hozirgina oy ikkiga bo‘lindi, – deb qichqirarmishlar. – Ko‘rdinglarmi, hozirgina oy bo‘linib, yana birlashdi!”
Qizgina qarasa, karvonda otasi va onasi ham bor emish. Qizaloqqa qo‘llarini cho‘zar emishlar, lekin karvon shitob bilan shom tarafga jo‘nab borarmish.
“Men bitta o‘zim qo‘rqaman-ku, otajon, – der emish qizgina. – Jon ota, jon ona, ketmay turinglar!”
“Oy qizim, bu karvonni to‘xtatib bo‘larmidi? – dermish ota. – Jonim qizim, yorug‘ jahonim, otang qurboning bo‘lsin! Qo‘rqma, bu yerda sen kabi qizaloqlar ham bor.”
Qizgina qarasa, ho‘v narida bir to‘da bolalar ko‘rinarmish.
“Kimlar bular?” der emish hayratlanib.
“Tiriklayin ko‘milgan qizchalar”, dermish ota.
Lekin, ular tiriklayin ko‘milgan qizchalarga sira o‘xshamas emishlar. Ulkan bir daraxt ostida soch-soqoli oppoq nuroniy bir chol bilan o‘ynab o‘tirarmishlar.
“Iloyo umring bizga o‘xshamasin, bolam, – dermish onasi. – Men ham hayoti dunyoda turmush degan tuproqqa tiriklay ko‘milganlardan bo‘ldim. Endi ketaqolay.”
“Hoy odamlar, ogoh bo‘lingla-ar! Qiyomat yaqin qoldi-i, – deb qichqirar emish bir kishi, ammo o‘zi ko‘rinmasmish. – Ey hayoti dunyodagi juftlar! Qiyomatdan so‘ng ham birga bo‘lishni istaysizmi?”
“Yo‘q-yo‘q! Hargiz xo‘jamning yuzini menga ko‘rsatmang”, deb qichqirar emish bir xotin.
“Yo‘q-yo‘q! Aslo zavjamning yuzini menga ko‘rsatmang,” deb qichqirar emish boshqa bir erkak.
Karvon shu tariqa ketib borarmishu qizaloq bepoyon dashtda bir o‘zi qolib ketar emish...
* * *
Tunning uzuq bir qismida uch kishi mana shunday g‘alati tushlar ko‘rdi.
Yaxshiyamki, tun qisqa bo‘ldi.
Subh yorug‘i tezda yuz ko‘rsataqoldi.
Bolalar hanuz pishillab uxlar edilar. Xotin uyg‘onib, bolalarining ochilib qolgan ustini to‘g‘riladi, keyin picha vaqt o‘ylanib yotdi. Nimalarni o‘ylayotganini bilib bo‘lmas edi. So‘ng “E Xudo, yana qancha ish bor-a...” dedi hovliga qarab. Hovli sahni shudringdan namchil, ho‘v narida, bugun chopilishi kerak bo‘lgan yer uzra o‘sgan ertabahor o‘tlarida ham oqish shudring tomchilari yiltirar edi. Ayol nonushta tayyorladi.
Ota peshanasini tirishtirib o‘tirar edi.
Ayol non sindirayotib, so‘radi:
– Ha, muncha o‘ylanib qoldingiz?
– G‘alati tush ko‘rdim... – dedi er. – Juda g‘alati... ammo eslolmayapman. Esimda qolgani shuki, oy nuri to‘la bir makon emish. O‘sha yerda sen ham bor ekansan.
– Qiziq, men ham qanaqadir tush ko‘rdim, – dedi xotin. – Tavba, sira esda qolmaydi-ya.
– Mening tushim esimda, – dedi qizaloq jilmayib. – Tushimda oy ikkiga bo‘lindi. Bir odam o‘zi ko‘rinmasdan “Ogoh bo‘lingla-ar” deb rosa qattiq qichqirdi...
– Ha endi, sening tushing shunaqa bo‘ladi-da, – deb kulimsirab qo‘ydi ota. – Menga qara, – dedi keyin xotiniga. – Bir g‘ayrat qilib yerni chopib qo‘yaqolinglar, ekin ekvolmasak qopketadi.
– Xo‘p, – dedi xotin.
Shu tariqa, xudoning yana bir kuni boshlandi.
Har doimgiday, oddiygina bir kun.
2012