— Galdingizmi, xo‘jayin!?
— Galdim, Maralim!
— Ovqatni solaveraymi, yo choy ichasizmi?!
— Tayyor bo‘lsa, ovqatingni keltiraver. Bolalar qani?
— Mehmonxonada televizor ko‘rishyapti...
Ovodon shirin xo‘rsinib qo‘ydi.
* * *
Uning bo‘rtib chiqqan nimpushti yonoqlari oppoq chehrasiga tengsiz tarovat bag‘ishlaydi. Sal jilmaysa, peshonasida yulduz balqib, kulgichlariga oy sho‘ng‘iydi. Tabiat bor hafsalasini ishga solib yaratgan bu sohibjamolning ko‘rkiga mahliyo bo‘lmasdan iloj yo‘q. Durkun vujudini sirib turgan ponbarxat xalatga, timqora baxmalday mayin soch turmagida jilolanib turgan shokilali sochbezakka rashking -keladi kishi. Uning sirga to‘la beozor ko‘zlariga boqqan chog‘da har qanday yigitning ham yuragi bir jizillab ketadi.
Bunday chaqnab boquvchi ko‘zlar, hayoli nigoh tashlashlar bir shunda bor, so‘ng ohularda bor xolos. Bu qizning ismi ham jismiga monand: Ovodon!
Yumurtovning shundoqqina biqinida joylashgan bu o‘ramda Ovodon nomli qizlar bir emas, naq uchta! Ovodonning ko‘zlari ohunikiga mengzagani uchunmi yo go‘zalligi boismi uni “Maral go‘zli Ovodon”, deb ham qo‘yishadi. Ba’zilar gap to‘g‘ri kelganda “Qaysi Ovodon?” deb so‘rovchiga ixchamgina qilib “Maral” deya javob qaytarishadi...
— Tomoshayor egamdan aylanay! Sening ham manglayingga yozilgani bordir, axir, bolam! Xudoyim hech kimni toq yaratmagan. Ilon-chayonlarning ham jufti bo‘ladi. Qisinma, — deya Durxi momo qiziga ko‘ngil bergan bo‘ladi. Aslida u qizidan ko‘ra o‘ziga tasalli beradi.
— Ibi-ey, qo‘ysangiza shu gaplarni! Men sizga er, dedimmi!? — deya norozi ohangda so‘zlanadi Ovodon.
— Unday dema, qizim! Farishtalar yaxshi niyat qilsang, darrov yozib oladi. Yomon niyatni esa zora bu niyatidan qaytsa, deb yozmasdan turarmishlar. Senga ham atagani bordir, axir!?
So‘ng birdan Ovodonning yuragi shuvullab ketadi. “Rostdanam tanho o‘tsam-a?!” degan xavotir yurak-bag‘rini zirqiratadi. Yumurtovga ma’yus tikiladi. Go‘yo undan ko‘mak o‘tinadi, jo‘yali bir maslahat kutadi. Tog‘ esa jim. Jim tog‘larga qarab Kenja boboning gapini eslaydi: tog‘lar yerning armoni emish!
Bu dunyoning ishi ham qiziq, arqog‘i o‘roviga mos kelmaydi. Chalpakka o‘rab tashlasang, it qaramaydigan qizlar egalik bo‘lib ketishdi. Ko‘pida bir etak bola...
Bugun tinim kuni bo‘lgani uchun miriqib uxlagan Ovodon maza qilib kerishdi. O‘tgan hafta o‘zaro tekshiruv bo‘lishi aytilib kasalxonaning har bir xodimi bosh ko‘tarmay qattiq ishladilar. Bu galgisi poytaxtdan kelar ekan. Bemorlarning ro‘yxati, qilingan ishlarning hisobotlari, rejalar, xullas barchasi risoladagiday bo‘lishi kerak. Shanba kuni ham hamma ishda bo‘ldi.
Ovodon derazadan tog‘ tarafga tikilib, uzoq o‘yga toldi. Butun borliqqa jon bag‘ishlayotgan ko‘klam shabadasi bir tavaqasi qiya ochiq derazadan yopirilib kirib uning yuzlarini mayin siypalab o‘tdi. Ko‘kragi bir ko‘tarilib tushib qalbini allaqanday mastona tuyg‘ular entiktirdi. Tog‘ yonbag‘rida yelib-yugurib chillak o‘ynayotgan bolalar, jiyanlari bilan bozbarak uchirayotgan qo‘shni qiz, govmushini o‘tlatib o‘tirgan Kenja bobo... Eshak aravani quruqdan-quruq choptirib yurgan shumtakalar... Bu manzara Ovodonga xuddi oynai-jahonda aks etganday ko‘rinib turardi.
Qiz bir zum tashqariga tikilib turdi-da, uning ham anovi chillak o‘ynayotgan beqayg‘u bolalarga qo‘shilgisi keldi. Hech bo‘lmasa o‘tlar ustida o‘tirib, ularning o‘yinini tomosha qilgisi, «Molda jon, nonda imon!» degan gapni og‘zidan qo‘ymaydigan Kenja bobo bilan birpas oftobro‘yo yonbag‘irda gurunglashgisi kelib ketdi. Go‘yo bir yildan beri uydan tashqariga chiqmay o‘tirgan odamday yuragi siqildi. Tashqariga chiqarkan, beixtiyor ko‘zi toshoynadagi aksiga tushdi. O‘ziga suqlanib-suqlanib qaradi.
“Husnimdan bo‘lak ne ovunchog‘im bor!” deya ich-ichidan so‘zlanib o‘ziga tasalli bergan bo‘ldi. To‘zg‘ib ketgan sochlarini qaytadan tarab, turmaklashga chog‘landi. Sochini tarayotib birdan yuragi “shig‘” etib ketdi: bir tola sochiga oq tushibdi!
“Nahotki qariyotgan bo‘lsam!? Ayol kishi o‘ttizida o‘tin bo‘ladi, deganlari shumikan? Axir, men kelgusi yili kiraman-ku o‘ttizga! Bu shuning xabarchisimikan yo? Momom aytganidek, balki davlat oqidir!”
Ovodon bir zum ma’yuslanib o‘yga toldi. Hayot qiziq, inson ruhiy olami undan-da g‘aroyib. Hamma uzoq umr ko‘rishni istaydi, lekin hech kimning qarigisi kelmaydi. Ayniqsa, Ovodonning. Durxi momoning suyangan taxti, bir yigitning baxti u! Ammo qani o‘sha yigit!?
U o‘zining so‘ngsiz o‘ylariga ko‘klam havosidan javob axtarib, tashqariga yo‘naldi. Uni ko‘rib hovlida kuymalanayotgan kelinoyisining yana chakagi ochildi:
— O‘zim sig‘magan bozorga qozoq ham tuyasi bilan kelibdi! Kuchukni nima qilasizlar!? Darrov olgan joyingizga tashlab kelinglar! Erkak kuchuk bo‘lsa ham bir gap edi, bunisi kimga ham kerak. Nima qilasizlar bu ko‘z kuyugini!
Bu gap ko‘zlari munchoqdaygina kuchuk atrofida girgitton bo‘layotgan jiyanlariga zarracha kor qilmadi. Ammo Ovodonga og‘ir botdi. Shu damgacha bu ayolning gaplariga sira parvo qilmasdi, achchiqroq gap aytganda ham akasini o‘ylab kelinoyisiga kulib javob berardi. Kelinoyisi esa uning “suv yuqtirmas”ligidan nolib ortidan gapirinib qolardi, xolos. Ammo bu gal og‘ir botdi. Chunki kelinoyisi bu gaplarni ataylab unga tekkizib aytayotgan edi.
Qizning tomog‘iga achchiq bir nima tig‘day qadaldi. Uzoq yili sanatoriyada tanishgan qozoq dugonasi Baxtigulning qushlar haqidagi mungli qo‘shig‘i esiga tushdi:
Tuqqan jerga, tuqqan jerga
Sig‘may ketib, sig‘may ketib bora-di-i...
Kelinoyisi bugun bu xonadonda hokimi mutlaq. Tili bir quloch! Har ne bo‘lsa boshida eri bor-da.
Ovodon Yumurtov bilan dardlashgani, bitta-yarimta xotin-xalajni uchratib, ko‘nglining chigilini yozgani tog‘ tarafga ketdi. Yumurtov bag‘rini tilkalab tosh tashiyotgan mashinalarni bir zum tomosha qilgan bo‘ldi. Xoliroq joy topib o‘tlar ustiga omonatgina o‘tirdi...
Tunov kuni Mang‘itdan mehmon bo‘lib kelgan xolasi ham qizning yuragiga tuz sepib ketdi go‘yo. Ovodon qo‘lidagi qayroq toshni yuqoriga otib-ilib, otib-ilib ermak qilarkan, xolasining gaplari xayolidan o‘tdi.
— Qiz degani xom go‘shtday bir gap. Gapimning mag‘zini o‘zing chaqib ol. Ovodonning gunoyiga qolmasdan o‘rab-chirmab, egasiga uzat, Durxi!
— Qizimni nasibasi shudir-da, nima qilay, opa?! — dedi Durxi momo xo‘rsinib.
Opa-singillarning o‘zaro suhbatini eshitgan Ovodon o‘sha oqshom to‘yib-to‘yib yig‘lab chiqdi...
* * *
So‘ngsiz xayollar girdobida o‘tirgan Ovodon “To‘y noni ber, to‘y noni!” degan tanish, xirri ovozdan cho‘chib tushdi. Qarshisida gunohkorona bosh egib Tolpush jinni turar edi. Yoshi qirqlardan oshgan, esi kirdi-chiqdi bo‘lib qolgan bu kimsaning asl oti Tohirmi, To‘livoymi, Ovodon anig‘ini bilmaydi. Hamma uni “Tolpush!” deb atashadi. “To‘y noni” degan so‘z uning miyasiga qachonlardir o‘rnashib qolgan. Buni u och qolganidan emas, birovga duch kelsa go‘yo salomlashish ma’nosida aytadi. U Ovodonga birpas tikilib turdi-da, yana lo‘killab jo‘nab ketdi.
Bahor o‘z nomi bilan bahor-da! Hatto, musichalar ham bir-
biriga intizorlik bilan “ku-ku”lashadi. Tunov kuni sho‘xligi tutib, “qani, shu kuylakka sig‘armikansan?”, deb jiyani Nurhaydarni kuylagi etagidan kirgizganida tani titrab ketdi. Endigina beshga kirayotgan Nurhaydar ammasining bu ishini erkalashga yo‘ydi. Buni hozir eslasa Ovodon o‘zidan uyalib ketadi. Ovodon shu kunlarda biron yigit bilan hamsuhbat bo‘lishni istab qoldi. To‘g‘ri, uning qo‘lini so‘ragan yigitlar ko‘p bo‘ldi. Lekin o‘qish deb oila qurishni keyinga suraverdi. Tibbiyot institutini imtiyoz bilan tugatib, Toshkentda yarim yil ishlagach, qishlog‘iga qaytib keldi. O‘qishning oxirgi yilida to‘rtko‘llik Davron ismli yigit uning atrofida aylanib qoldi. O‘zidan bir kurs yuqorida o‘qib, klinikada ishlab qolgan Davron Ovodon qishloqqa qaytar chog‘ida ko‘nglidagini to‘kib soldi.
— Ovod, bir joyning odamimiz, kel, turmush quraylik. O‘zingning ko‘nglingga ham quloq sol, — yigitning “bir joyning odamimiz”, degan gapi uning ozod ko‘ngliga o‘tirishmadi. “Nima bo‘pti, bir joyning odami emish...” Ammo u yigitga bu istehzosini aytib o‘tirmadi, shunchaki kulib qo‘yaqoldi. Bu kulgu moyillikdan ko‘ra nopisandlik bilan qilingan kulgu edi. Har holda, Davronga shunday tuyuldi. Buni ilg‘agan yigit qaytib bu mavzuda gap ochmadi. Qandaydir loyihada g‘olib chiqib xorijga o‘qishga ketdi. Ovodon qishloqdagi onasini ko‘z oldiga keltirarkan, ishni ham yig‘ishtirdi. Biroq kelgach, unga munosib yigitlarning ko‘pchiligi allaqachon olaxurjunni bo‘yniga osishganiga amin bo‘ldi. Onasi esa uning o‘qishni tugallab qaytganidan quvongan bo‘lsa, endi yolg‘iz ekanidan qayg‘ura boshladi, ammo buni sanamrastaday go‘zal qiziga sira sezdirmaslikka urindi. Qizga uch-to‘rt joydan sovchi keldi-yu Ovodon xushlamadi.
Tumandagi markaziy shifoxonaga ishga olingach, kelgan ikki sovchini ham qizning o‘ziga-da tushuniksiz qaysarligi rad etgan edi. Bunga ham hademay uch yil bo‘ladi. Shu-shu uydan sovchilarning qadami uzila boshladi.
Ayrim boyvachchalar ham unga tirg‘alib ko‘rdi, uy, mashina va’da qilganlari ham bor edi. Biroq Ovodon o‘zining qizlik sha’nini yerga urgisi kelmadi. Ko‘proq Karimboy akasini o‘yladi. Singlisi kimgadir ikkinchi xotin bo‘lsa, akasi qanday bosh ko‘tarib yuradi o‘ramda!? U ham kimningdir sevikli jufti haloli bo‘lib emin-erkin bir uydan kirib chiqishni orzu qiladi, axir! Kelinoyisining ertalabki gapi esa, bahor sababmi, titrab turgan ko‘ngliga yomon tegdi.
* * *
Ne bir o‘ylar girdobida xayolga to‘lib o‘tirgan Ovodon shundoq tepalik adog‘idagi sayhonlikda qiy-chuv qilib o‘ynashayotgan bolalarning ovozi pasayib, qandaydir jimlik paydo bo‘lganini beixtiyor ilg‘adi va sergaklandi. Yonbag‘ir tarafdagi ahyon-ahyonda ulov o‘tuvchi tosh yo‘ldan birov yuqorilab chiqib kelardi. Bolalarning qurshovidagi haligi kishi Ovodonning ko‘zlariga issiq ko‘rindi. Ovodon uni ilkis tanib qoldi. Bu Davron edi. Ammo unga unchalar o‘xshamaydiyam. Ancha ulg‘aygan, yuzlari tiniqlashib, shundog‘am siyrak sochlari yanada siyrak tortib ketgan Davron endi hu, talabalikdagi ozg‘ingina, jonsarak yigitcha emas, balki salobat bilan qadam bosayotgan anchayin katta odam edi.
— Salom, yaxshi qiz, — Davron biroz hansirab gapirarkan, kulib kelib Ovodonga qo‘l cho‘zdi.
— Davron og‘a... assalom-alaykum... — Ovodon chindan ham esankirab qolganday hayajonlanib ketdi. Va bu holidan o‘zi ham hayron bo‘ldi.
— Tog‘ kiyigini cho‘chitib yubormadimmi? — yigit shunday derkan endi o‘rnidan turgan qiz bilan qo‘l berib ko‘rishdi. Uning bu so‘zlaridan Ovodonning yuzlariga qizillik yugurdi va xuddi zo‘r tomosha ko‘rayotgandek tikilib turgan bolalarga qarab po‘pisa qildi.
— Senlarga maymun o‘ynatyaptimi, jo‘na baring!
Bolalarning ayrimlari “Bu yomon opa, ukol qiladi”, deb undan shundog‘am hayiqishardi. Bir pasda ular g‘oyib bo‘lishdi.
— Bolalarni haliyam yomon ko‘rasizmi? — ko‘zlarini biroz qisinqirab unga tikilib turgan Davronning bu gapi Ovodonga tag‘in istehzodek, ko‘p ma’nolidek bo‘lib tuyuldi. Va odam achchiq istehzoga ham o‘rganib qolar ekan-da, deya ko‘nglida qayd etdi, ammo uning so‘zlarini eshitmagandek o‘z ko‘nglidagi gapni aytdi.
— Netib biz tomonlarga kelibsizmi? — dedi yigitga jiddiy tikilib.
— O‘zaro tekshiruvda edim. Bir kun avval chiqqandim, hali uyga o‘tolmadim.
— Hmm, bo‘lmasa, sizga po‘sh-po‘sh qilaylik-da, — qizning gapidagi quvlikni ilg‘agan Davron kulib qo‘ydi.
— Endi, Ovodon, to‘g‘risi shu yoqqa yuborganidan o‘zim ham xursand bo‘ldim. Sizni ko‘rsam ajabmas, degandim.
Davron shunday deya Yumurtov tarafga qaradi, tog‘ning jigarrang, yashil o‘rkachlari bahor yurtning norlaridek cho‘kkandi. Ovodonning bir necha muddat avval ko‘ngliga kelgan gaplar tili uchida turar, ammo ichki bir his bilan aytib yuborishdan o‘zini tiyardi. Shunday bo‘lsa-da, kutilmaganda entikib chuqur nafas olganini o‘zi ham bilmay qoldi. U hayajonda edi. Baland yalanglikda ikkisidan boshqa hech kimsa bo‘lmasa-da, u butun qishloq qarab turgandek o‘ng‘aysizlandi. Qizning jimligi Davronning ko‘nglidagi ne bir hislarni tiliga chiqardi.
— Ovod... men xorijga borib keldim, Toshkentda shuncha vaqt yurdim, lekin sizday qizni boshqa ko‘rmadim. Kimni ko‘rsam sizga qiyoslayman, lekin sizga o‘xshatolmayman. Mana, sizning ham boshingiz ochiq ekan...
Bu gap Ovodonni g‘alati ahvolga soldi: o‘z-o‘zidan achchig‘i chiqa boshladi. Uning so‘zlari go‘yo “Senga men uylanmasam, nima ham qilasan”, deyotgandek eshitilib ketdi. Biroq o‘zini bosib, jim qoldi.
— Hammasini surishtirib bildim, ishlaring yaxshi ekan, sen shunday yashayverishing mumkin, lekin men bunday qilolmayman... uydagilaring bilan so‘zlashib olsang... — Bir nuqtaga tikilib so‘zlayotgan Davron kutilmaganda qizni senlay boshlaganini bilib gapdan to‘xtadi. Ovodon esa buni sezsa-da e’tibor qilmay dedi:
— Nimani so‘zlashaman?
Bu gap savolmi, javobmi ma’nosini uqish uchun bosh ko‘tarib qaragan Davron uning teskari o‘girilib olganini ko‘rdi. Qiz yassi toshga o‘tirib olgancha xuddi shu toshning bir bo‘lagiday o‘tirardi. Faqat uning yelkasi titrar, yig‘layotganini sezish qiyin emasdi.
Shu payt bir-biri bilan tilsiz so‘zlashayotgan bu ikki kimsani Tolpushning ovozi bexos cho‘chitib yubordi.
— To‘y noni ber, to‘y noni! — o‘z odaticha titrabgina turgan Tolpush jinni ularga bir zum qarab turdi-da cho‘ntagini kovlayotgan yigitga bir o‘qrayib jo‘nab qoldi. Uning ortidan qo‘lida pulni siqimlab, angraygancha qarab turgan Davron birozdan so‘ng qiz tomonga o‘girildi.
— Ovodon! — qizning ismi yigitning bo‘g‘zidan jaranglab chiqdi. — Kel, shu Xudo suyganning aytganini qilaylik! — Davron qizning bilagiga qo‘l cho‘zdi.
* * *
Mana, aytgan kuni bor ekan. Bugun Ovodonning ham egasi chiqdi. Chiqon-dugonalari atrofida parvona bo‘lib, unga kelinlik libosini kiydirmoqdalar. Toshoyna yonida pardoz-andoz boshlandi. Shu payt jiyanlari yopirilib kirishdi:
— Amma, chamanchi keldi, chamanchi! — deyishdi hovliqib. Ovodon mayingina jilmayib qo‘ydi. Chiqonlari:
— Boringlar, yaxshi, dishonda o‘ynayveringlar, — deb jiyanlarini chiqarib yuborishdi.
Shu payt dugonalar orasida shivir-shivir boshlandi. Kelinoyisi Ovodonga yanga bo‘lishga ko‘nmayotgan emish.
Ovodonning iltimosi bilan kelinoyisini chaqirib kelishdi.
— Biyi, qo‘rqmang, sizlarni uyaltirib qo‘ymayman! — dedi kelinoyisiga.
— Yaxshi, ilojimiz qancha! Bu do‘xtirlarning qo‘lidan har amal keladi, — deya kelinoyisi to‘ng‘illab chiqib ketdi.
Bu dumbul yanganing so‘zlariga qizlar kulib yuborishdi. Shu payt qaerdandir Tolpush jinni paydo bo‘lib, barchaga to‘y noni ulasha boshladi. Negadir kelinoyisiga non bermay o‘tdi.
Derazaning ochiq ko‘zidan oq libosda yanada tovlanib, suluv bo‘lib ketgan qiziga tikilib turgan Durxi momoning kipriklarida bir necha tomchi yosh osilib turardi. Kampir Tolpush bergan bir sindirim nonni beixtiyor yemoqqa tutindi...
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 16-son