Boshim kal, dilim nozik, degan ekan bittasi. Men kal emasmanu ammo ko‘nglim xiyla nozikroq. Sal narsa g‘ashimga tegadi. Butun to‘y davomida hofizning bir yerda o‘tirib olgancha qo‘shiq aytishi ta’bimni xira qilib, kayfiyatimni buzib turibdi. Hofiz degani bundoq o‘rtaga chiqib, bor-yo‘q mahoratini ko‘rsatib, davrani qizdirib tursa tuzuk ekan-da. O‘ shunchayam o‘ziga bino qo‘yganlardanmikan?..
* * *
Kechagina papka qo‘ltiqlab, barmoqlarimiz siyohga bo‘yalib yurguvchi maktab bolalari edik. Bugun esa hammamiz sipolanib, ayrimlarimiz bo‘yinbog‘ taqib, kattasinib qolgan yigitlarga aylanganmiz. Ulg‘ayib qolganimizni isbotlamoqchi bo‘lganday sinfdoshlarimizdan bittasi bugun hatto... Ha, shunday, uylanyapti...
Iliq va namxush avgust oqshomi. Suv sepilgan hovlidan tuproq hidi anqiydi. Bir tomoniga ishkomlar tutash to‘yxona charog‘on nurlar og‘ushida alohida fayz va tarovat kasb etgan.
Nihotyat “To‘ylar muborak...” ashulasi bilan davraga kelin-kuyov kirib keladi. To‘yxona ahli bir qalqib oyoqqa turadi. Kelin-kuyov davrani aylanib o‘z joyiga o‘tirgunicha o‘tgan fursat ichida dil tubida yotgan orzu-armonlar ham qalqib chiqadi. Qalbingni yoqimli hislar egallab oladi. Xayol olis-olislarga olib qochadi. Davraga surur bag‘ishlayotgan qo‘shiq endi qulog‘ingga elas-elas chalinadi: “Bu kun shodmonlik kundir, yaxshi kunlar muborak!” Va nihoyat davraboshining “Marhamat, o‘tirishlaringiz mumkin!” deya ogohlantirishi bebosh xayollaringni yig‘ib olishga undaydi.
Bu to‘yning biz uchun hayajonli tomoni shundaki kuyov bo‘lmish sinfdoshimiz Ozod yana bir sinfdoshimiz Rizvongulga uylanmoqda. Bu esa qalbimizni iftixorga chulg‘aydi. Ularga jinday hasad aralash havas bilan tikilamiz. Biz bir taraf, qizlar bir taraf bo‘lib kelin va kuyovning yonidan joy olganmiz. Go‘yo bu to‘yning boshida o‘zimiz turganday ko‘kragimizni kerib qo‘yamiz.
Ana sinfimizning eng shaddod, bilimdon va mag‘rur qizi harir ro‘mol solingan boshini quyi egib, baxtdan yal-yal yonib o‘tiribdi. Daraxtning shoxini meva egsa, qiz bolaning boshini hayo-ibo egar ekan.
Ozodga havasimiz keldi. Chunki sinfimizda Rizvongulga oshiq bo‘lmagan, unga uylanishni orzu qilmagan o‘g‘il bola yo‘q edi. Shu boisdan ham har birimiz nimamiz bilandir, unga yoqishga intilar, u bo‘lsa birday beparvo va bepisand edi. Uzun kipriklarini pirpiratib, tik boqishlari bizlarni anchayin dovdiratib qo‘yardi. Ana shunday o‘t-olov, ana shu shaddod Rizvongul bugun mag‘rur boshini xiyol egib, kelinlik libosida ko‘zlarni yashnatib o‘tiribdi! Do‘ppi va zar choponda anchagina salobatli ko‘rinayotgan Ozod ham “Ha, endi shunday bo‘lib qoldi. Rizvongul menga nasib qilgan ekan!” deganday xijolatomuz qiyofada davradagi tengqurlariga nazar tashlab qo‘yadi.
Sarxush davra qizigandan-qizib boradi. “Baxtli kechamizning baxtiyor qatnashchilari...” deb an’anaviy tarzda tabrik so‘zini boshlagan davra qatnashchilari ikki yoshga boqiy sevgi va uzoq umr tilashadi.
— Aziz to‘y qatnashchilari, ruxsatlaringiz bilan tabrik uchun so‘zni kelinning sirdosh dugonasi Shahloxonga beramiz!
Davraboshi mikrofonni Shahloga uzatishdan oldin she’r o‘qiydi:
Navqironsiz, go‘zalsiz,
To‘lib turibsiz kuchga.
Qoshlaringiz qalamu
Kipriklar avtoruchka!
— Marhamat!
Shahlo bir necha og‘iz gapirgan bo‘ldiyu, oxirida “Baxtli bo‘lishsin!” deya tamanno bilan joyiga o‘tirdi.
— Qoyil-e! Qisqa va sermazmun tabrigingiz uchun rahmat!
Davraboshi endigina navbatdagi tabrik uchun so‘z berishga chog‘lanayotgan ham ediki to‘yxonaning nimqorong‘i chekkasida jaranglab shisha singani eshitildi. Barcha sergak tortdi.
— Ha, Eshimboy, bo‘sh kelma!
Davrani qiyqiriq, shovqin-suron egalladi. Xurmachasi ichkilikdan to‘lib toshgan Eshim piyon quturgan ayiqday lapanglab davraga chiqib bo‘kira boshladi:
— Yiqil dunyo! Tagingda qolay!
Yo‘q, dunyo-ku yiqilmaydi-ya, lekin Eshim piyonning o‘zi davraning o‘rtasiga borib-bormay gandiraklay boshladi. Sozandalar yoniga amallab yetib borib, qo‘shiq aytayotgan hofizning bo‘yinbog‘idan tortdi:
— Vey, mundoq o‘rningdan tursang-chi! Qoqqan qoziqdek o‘tiraverasanmi? “Qarg‘alar”ni ayt, “Olma pishganda galing”ni ayt, axir!
Hofiz rubob chertayotgan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib beozorgina jilmaydi. Shu payt Eshim piyonni sudrab davradan olib chiqib ketishdi. To‘y esa kelgan joyida davom etaverdi. Men Eshim piyonning hofizga bergan tanbehini to‘g‘ri deb topdim. Rost-da, o‘rnidan turib aytsa bo‘lmaydimi ashulasini!? Yalpayib o‘tirishini qarang! To‘g‘ri, yaxshi aytayapti, shirali ovozda sel bo‘lib kuylayapti. Lekin, o‘rnidan turib aytsa, asakasi ketarmidi, o‘zidan ko‘rsin!..
Shu xayol butun to‘y davomida miyamni parmalayverdi, parmalayverdi. Va nihoyat to‘y oxirlab “ikki yoshni visol go‘shasiga” kuzatdik.
— Yana ketib qolmanglar! Hali ichkarida alohida o‘tirish bor, — deya bizni ogohlantirishdi. Ketgan ketib bo‘lgandan keyin biz kuyovjo‘ralar mehmonxonani o‘zimizniki qilib oldik. Xizmatda yurgan yigitchalar darrov yangitdan dasturxon bezashdi. To‘y davrasiga ko‘rk bergan raqqosa kirib keldi. Xonamiz yorishib ketganday bo‘ldi. Keyin doira va rubobni keltirib qo‘yishdi. “Xonanda juda takabbur ko‘rinadi. Rubobni o‘zi ko‘tarib kirsa bo‘lmasmikan!?” degan o‘y yana ensamni qotirdi. Piyolalarga ichkilik quyib, xonandaning kirib kelishini va mana bu malaksiymo raqqosaning xirom aylashini kutib o‘tiribmiz.
Shu payt... shu payt barchamizning nigohimiz eshikka qadaldi. Eshikda haligi hofiz ko‘rindi, uni ikki yigit qo‘ltiqlab, suyab kelishayotgan edi. Uning xuddi qimmatbaho billur idishdek avaylabgina divanga o‘tqazishdi.
Xonanda o‘zining bu ahvolidan iymandi chog‘i, “Kechirasizlar, yigitlar!” deb rubobni qo‘lga oldi.
Shundagina xonandaning oyoqlari yaxshi ishlamasligini angladim. Halitdan beri undan norozi bo‘lib o‘tirganimdan hijolat chekdim. Ancha muddat yuzlarim bo‘g‘riqib, lovullab turdi.
Xonanda mumtoz va zamonaviy qo‘shiqlar kuyladi. Ovozida qandaydir sehr, armonu orzular qorishiq bir nola bor edi. Meni sarkash xayollar yana uzoq-uzoqlarga boshladi. Harbiy xizmat chog‘idagi bir voqea esimga tushdi.
O‘shanda bahorgi o‘quv mashg‘ulotlariga jo‘nab ketayotgan edik. Bizning tankimiz kolonnaning eng oxirida edi. Bu o‘quv mashg‘ulotlariga katta hozirlik ko‘rdik. Hammamizning kayfiyatimiz baland. Bu tomonda bahor boshlanib kelayotir. Iliq shabada tanga orom bag‘ishlaydi.
Nima bo‘ldiyu tankimiz buzilib, to‘xtab qoldi. Kolonna esa ancha ilgarilab ketdi. Baxtga qarshi aloqaga ham chiqa olmadik. Tankimiz tepaliklar orasidagi pastqam joyda to‘xtagan edi. Aksiga olib nosozlikni topishga topdigu tuzatolmadik. Hafsalamiz pir bo‘ldi. Oradan ikki-ikki yarim soatlar chamasi vaqt o‘tdi. Qornimiz ham rosa ochiqdi. Qorong‘ulik tushib kelyapti. Shu payt tankchimiz boshqird yigiti Tagir garmonini oldiyu tankning ustiga chiqib o‘tirib qo‘shiq kuylay boshladi. Sog‘inch haqida, muhabbat to‘g‘risida sel bo‘lib kuyladi. Biz esa taskinu madadni faqat qo‘shiqdan olib o‘tiribmiz. Tagir kuylay-kuylay charchadi, shekilli, birpas tin oldi. Qo‘shiqqa berilib sezmabmiz. Qarasak bizdan sal narida tizzasini quchoqlagancha ikki yigit xayol surib o‘tiribdi. Ular kelib biz bilan salom-alik qilishdi:
— Biz huv ana u ko‘rinib turgan qishloqdanmiz. Garmon ovozini eshitib, bu yerga yugurib keldik. Judayam zerikyapmiz. Yigitlar, yo‘q demanglar, bizlar bilan yuringlar! Bir ko‘ngil xushlaylik! — deya iltimos qilishdi ular.
Bizlar yo‘q deya olmadik. Harbiy Nizomni buzib bo‘lsa-da, tankni qoldirib ularga ergashdik. Qishloq klubiga birpasda biz tengi yosh-yalanglar to‘plandi. O‘yin-kulgi avjida. Tantsaga tushib, klubni boshga ko‘taryapmiz. Birdan avj nuqtada muzika to‘xtab qolsa bo‘ladimi. Qarasak, Tagir qornini changallab, garmonga boshini qo‘ygan kuyi yuzlari tirishib o‘tirardi. Hamma darrov yopirilib uni o‘rab oldi. Tagir juda ochiqib madorsizlangan, hushidan ketish darajasiga borgan ekan. Bizlar ham undan beshbattar och edik. Ahvolimizni sezgan shu yerlik yigit-qizlar hozir kelamiz, deb uy-uylariga tarqalib ketishdi. Sal o‘tmay birov pishloq bilan kolbasa, yana birlari non va murabbo ko‘tarib kelishdi. Qorinlarimiz to‘ygach, ko‘zimiz ravshan tortdi. Yana quvnoq kuy-qo‘shiqlar yangray boshladi. Yigitlar bizlarni tankimiz yonigacha kuzatib kelishdi. Bir-ikki kunga yetadigan yegulik qoldirishdi. Tunni shu yerda o‘tkazdik. Ertasiga bizni axtarib kelgan qismimiz askarlari tankimizni shatakka olishdi. Biz qo‘shiq tufayli, Tagirning garmoni sabab notanish qishloqda shunchalik izzat-hurmatga sazovor bo‘lgan edik.
Mana bu davramizdagi qo‘shiqchini ham aslida yoqimli ovozi e’zozga chulg‘ayotgan edi. Men u haqdagi oldingi fikrimdan qaytdim, hatto ich-ichimdan izza tortib o‘tirdim.
* * *
Xayol degan yomon narsa. Bir ilakishsa, ilakishaveradi. Uyga kelib ham to‘ydagi nogiron qo‘shiqchi haqidagi xayollardan qutila olmadim. Hech kimga nafi tegmaydigan, sog‘lom oyoqlari bo‘laturib, gandiraklab yurgan Eshim piyondan ijirg‘andim. Shunday ajoyib ovozli san’atkorni esa imkonlarini cheklab qo‘ygan bevafo dunyodan xafa bo‘lib ketdim.
Shularni o‘ylay-o‘ylay uyquga ketibman. Biroq bu voqea meni tushimda ham tinch qo‘ymadi. Eshim piyon maxluqqa o‘xsharmish. Boshi odamnikiyu gavdasi ilonniki! Sudralib-sudralib zo‘rg‘a yurarmish. Shu payt haligi to‘ydagi hofiz qanot chiqarib, ohista ko‘kka parvoz qildi. Qanot qoqqani sayin yoqimli ohanglar taraladi. U ancha uchgach, ohista yerga qo‘ndi. Qanotlarini yig‘ib, oyoqlari yordamida yura boshladi. Bog‘loqlik turgan sigir va qo‘y-echkilarning arqonlarini birma-bir yechib yubordi. “Xudo bularga oyoq ato qilibdimi, yayrab yursin-da, jonivorlar” — dermish, odamlar uning gapini ma’qullab qarsak chalarmish. U yana qanot yoyib parvoz qildi. Butun olamni sehrli ohanglar chulg‘ab oldi.