Atrofi baland paxsa devor bilan o‘ralgan kolxoz bog‘i shunchalar go‘zal va sirli ediki, bu so‘lim go‘sha bilan bog‘liq voqealar bolaligimning eng yorqin xotirasi bo‘lib hamon tushlarimga kiradi.
Bog‘ qanchalik g‘aroyib bo‘lsa, asli ismi Farmon bobo, lekin negadir hamma Amaki deb ataydigan qorovuli shunchalik ajoyib odam edi.
Bog‘ kolxoz idorasiga tutash, bu yer ertayu kech katta-kichik vakillar, tekshiruvchi taftishchilar bilan gavjum edi. Ulardan bezor bo‘lgan rais, hosilot va hisobchi ko‘pincha bekinib yurishar, rahbarlarni so‘rab juda tiqilinch qilganlarni kotib amallab aldardi. Qora ot minib yuradigan xo‘ppa semiz, qo‘rqoq va dovdir rais esa bu vaqtda qorong‘i qilib qo‘yilgan xos xonasida xurrak otib yotardi.
Tabiiyki, tushga tomon mehmonlar ochqar, ular so‘lim boqqa o‘g‘rincha nazar tashlab qo‘yardilar. Ana shunda tabiatan juda saxiy va ochiqko‘ngil Amakining joni kirib qolardi. Chunki oshpaz juda xasis odam bo‘lib, rais aytmaguncha birovga bir burda non bermasdi. Tuman markazidan olti chaqirim olisda bo‘lgan qo‘rg‘onda birorta oshxona yo‘q, yakkayu-yagona do‘kondan aroq, konserva va sho‘r bodringdan bo‘lak yegulik topilmasdi. Keyin tekshiruvchi degani hech zamonda o‘z cho‘ntagidan ovqatlanarmidi? Boyaqishlar qovoq-tumshuqlarini uyib, savlat to‘kkancha uyoq-buyoqqa yurishar, lekin ochlikdan quldirayotgan qorinlari ahvollarini fosh qilib turardi.
Amaki shundoq yaqinginadagi uyiga yugurib borib, xotinining hay-haylashiga qaramay, qo‘liga nima tushsa, tovuqmi-xo‘rozmi, shartta so‘yardi. So‘ngra bog‘ adog‘idagi hujra yaqinida, omonat o‘choqda qozon osib, ovqat pishirar, magazindan qarzga bir juftgina aroq olishni ham unutmasdi. Qarabsizki, mehmon ham, amaki ham xursand edi.
Oy oxirida g‘aribgina maosh do‘kondagi qarzlarga to‘lanar, xotini: “Axir bolalar nima yeydi?”, deya janjal qilar, lekin Amakining mehmonlar uchun yozig‘lik dasturxonidan hech vaqt taom arimasdi. Shu bois chor-atrofdan keluvchilarning hammasi Amakini tanir, hurmat qilar va u tuman markazi yoki shaharga safar qiladigan bo‘lsa, o‘sha yoqlarda uch-to‘rt kun qolib ketardi.
U hovli - bog‘ida har biri shokosaday keladigan anor yetishtirib, shahar bozorida sotar, shuncha mehmondorchilikdan ortib, bog‘bonlik qilishga qachon vaqt topishini hech kim bilmasdi.
Bizni esa Amakining dehqonchiligi ham, mehmondorchiligi ham sira qiziqtirmas, uning ko‘zini shamg‘alat qilib, boqqa sho‘ng‘ish, qo‘ynimizni meva-chevaga to‘ldirib, juftakni rostlab qolish to‘g‘risida xayol surardik, xolos. Boqqa sho‘ng‘ish esa hiyla murakkab va xavfli ish edi.
Bu yerda odam doimo gavjum, ustiga-ustak Amakining xo‘tikdek keladigan Xaybar laqabli iti bo‘lardi. Shu bois biz o‘ziga xos usullardan foydalanardik. Amakining kenja o‘g‘li Abdujabbor bizdan ikki yosh kichik bo‘lib, uni “yo‘lbars-yo‘lbars” o‘ynaymiz deya avrardik. Xaybar Abdujabborni ko‘rgach, bizga ko‘z yumardi. Biz, xonaki yo‘lbarslar bog‘ning olis burchagida, ariq yoqalagan baland paxsa devor rahnasi yonida to‘planardik. Bir oz o‘ynaganimizdan so‘ng, jo‘raboshimiz Hamid bizga ko‘z qisib qo‘yib, Abdujabborga yuzlanardi.
– Shu, bilasanmi, jo‘rajon,yo‘lbarslarning qorni juda ochqadi-da...
Abdujabbor, bir oz soddaroq bolakay, jo‘raboshimizni chin dildan juda hurmat qilarmidi,yoinki uning jangariligidan cho‘chirmidi, har qalay darhol savol berardi:
– Xay, nima qilish kerak?
– Hech nima, faqat yo‘lbarslar endi qornini to‘ydirishi kerak...
– Xay, yo‘lbarslarga anjir ham bo‘laveradimi?
– E-e, bo‘lganda qandoq! Axir, yo‘lbarslar anjirni juda yaxshi ko‘rishadi! Yo‘lbars qancha ko‘p anjir yesa, shuncha zo‘r bo‘ladi!
Abdujabbor birinchi bo‘lib o‘zini ariqqa otar, biz unga ergashib, devor rahnasidan o‘tgach, har birimiz bir ulkan anjir ostiga kirib olardik-da, qorinni rosa to‘yg‘azardik.
Bu foydali o‘yin kun sayin takrorlanar, mevalar pishib yetilishiga qarab, “dasturxonimiz” o‘zgarib turardi. Bolalik ekan-da, bo‘lmasa, qorovul o‘g‘li Abdujabbor uchun bu daxmazaning nima keragi bor edi? U istagan mevasini shundoq ham yeya olardi. Chamasi, Hamid o‘ylab chiqargan o‘yin unga juda ma’qul edi.
Biz o‘shanda, o‘yindan o‘t chiqdi , degan gapning mazmunini yaxshi bilmasdik.
Xullas, kunlarning birida yo‘lbarslar nokka to‘yib olishgach, Hamid Abdujabborga shunday dedi:
– Bu, yo‘lbarslarning ham ota-onasi, bola-chaqasi bo‘lsa kerak?
– Albatta bor, – tasdiqladi Abdujabbor, odatdagidek hozirjavoblik bilan.
– Ular ham nok yeydimi, yo‘qmi?
– Yeganda qandoq! – qiyqirdi qorovulning kenja o‘g‘li. Va biz yana bir necha daraxtni ship-shiydon qildik. Endi juftakni rostlaymiz deb turganimizda, birdan tahdidli tovush yangradi.
– Hoy, badbaxt, to‘xta, kim bu?!
Buni qarangki, yo‘lbarslarning biri adashib, shiyponga yaqin borgan, uni ko‘rib qolishgan ekan. Aksariyat sheriklarimiz qochib qolishdi. Lekin daraxtdan pastlab ulgurmay men, Hamid va Abdujabbor o‘sha qurumsoq oshpazning qo‘liga tushdik...
Hovuz ustiga qurilgan so‘lim shiyponda ziyofat avjida, ko‘rada xushbo‘y hid taratib kabob pishar, stolda bir necha aroq shishalari bor edi. To‘rda moviy ko‘zli, g‘oyat ko‘hlik juvon o‘tirar, sipo kiyingan kishi, aftidan, raykom kotibi, har zamonda uning beliga qo‘l yugurtirib shilqimlik qilardi. Kolxoz raisi esa ularga yaltoqlanib hali qoshiq, hali sochiq tutar, zir yugurib, kabob va yana allaqanday taomlar tashirdi.
Oshpaz, Hamidning biqiniga bir turtib, bizni shiyponga yetakladi. Abdujabbor ham do‘stlik haqi-hurmati yonimizdan ketmas, ko‘zlari to‘rt bo‘lib otasi va Xaybarni izlardi.
Bizga hech kim e’tibor qilmadi. Shiypondagilar piyolalarni jaranglatishar, haligi sipo kimsa esa mallasoch juvonni o‘pardi.
Nihoyat, oshpaz o‘zi shirin taom pishirish bilan birga kolxoz mulkining qo‘riqchisi ham ekanini ko‘rsatgisi kelib, raisga yuzlandi.
– Rais bobo, bu o‘g‘ribachchalarni nima qilay? Noklarni shunday payhon qilishibdiki...
Rais qizarib-bo‘zarib turgan Abdujabborga hayron bo‘lib tikildi-yu, so‘ng dag‘dag‘aga o‘tdi:
– Nima qilarding, kolxoz mulkini o‘g‘irlashgani uchun milisaga topshirasan-da!
Rais vajohatidan qo‘rqib ketib, uchalamiz baravariga yig‘lab yubordik. Shunda moviy ko‘z juvon qo‘lidagi piyolani qo‘yib chimirildi.
– V chyom delo? Pochemu deti plachut?
Chalasavod rais adoi tamom bo‘lgandi. Boyaqish ruscha u yoqda tursin, o‘zbekchani ham eplab gapirolmasdi; dam mehmon ayolga, dam raykom kotibiga mo‘ltirab boqardi. So‘ngra tili zo‘rg‘a kalimaga kelib bidirladi.
– E-e, ani, e-e, nok o‘g‘irlagan... Man, akun, milisa...
– Kakaya militsiya? Durak chto li?
– Yo‘q, akun, net, man durrak, man eshshak! Rais tamoman o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.
Juvon raykom kotibiga norozilik nigohini tashladi:
–Tvoy rais ili napilsya, ili sovsem bestolkov?y. Skaji, chtob detey nemedlenno otpustili!
Kotib raisga o‘qraydi. Qora yuzlari bug‘riqib, hansirayotgan rais iltijo qildi.
– Endi raykom bobo, bizdan o‘tti. Man, akun, hozir bularni ota-onasiga topshiraman...
– Qo‘ying, o‘zlari ketaverishadi!
Bu gapdan so‘ng yig‘idan to‘xtadik.
Sharmanda bo‘lgan rais va oshpaz baravariga qo‘l siltadi. Sichqon ini ming tanga deya, bog‘ darvozasi qolib, o‘zimizni yana rahna tomonga urdik-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldik. Abdujabbor ham halloslaganicha ortimizdan kelardi.
Noklar yonga qoldi, sharmandalikdan qutuldik. Kayfiyatimiz chog‘ edi. Hamid, Abdujabborning yelkasiga qo‘l tashlab, uni maqtadi.
– Malades, do‘stim! Sen bugun haqiqiy yo‘lbarsning ishini qilding!
Yuksak bahodan qorovulning erka o‘g‘li sevinib ketdi. O‘sha yillarda bolalarni anchayin og‘ir sinovlardan o‘tishga majbur etadigan milliy o‘yinlar juda ko‘p edi, o‘sha musobaqalarda yosh va nimjonroq Abdujabbor ko‘pincha kulgi bo‘lardi. Shu bois maqtov unga juda yoqdi.
Osongina qutulganimizga shukur qilib, uy-uyimizga tarqadik. Keyinchalik o‘sha kuni Amaki va Xaybar nega bog‘da yo‘qligi sababi ma’lum bo‘ldi. Aytishlaricha, mehmon ayol itdan rosa qo‘rqar ekan, u bezovta bo‘lmasligi uchun Amaki Xaybarni ergashtirib uyiga jo‘nagan. Boz ustiga, viloyatdan allaqanday mehmonlar kelib qolishgan ekan. Bog‘ bandligi bois, Amaki ularni uyiga taklif etib, quyon so‘ygan, aroq olib kelib kechgacha shakarguftorlik qilishgan.
Yaxshi bilardikki, o‘sha kuni bog‘da Amaki bo‘lganida bunchalik noqulay ahvolda qolmasdik. Gap Abdujabbor bilan birga ekanimizda ham emas. Oldinlari, hali “yo‘lbars-yo‘lbars” o‘ynamagan kezlarimizda ham, bir necha marta Amakining qo‘liga tushganmiz. U sal do‘q-po‘pisa qilib, imi-jimida qo‘yib yuborar, o‘ljalarimizni tortib olmas, ota-onalarimiz ham voqeadan xabar topishmasdi. Lekin bu gal qilmishimiz butun qishloqqa yoyildi. Kimdir otasidan kaltak yedi, kimdir tanbeh eshitdi.
Kazo-kazolar oldida o‘sal bo‘lgan chalasavod rais va qurumsoq oshpaz bizdan boplab o‘ch oldi. Qilmishimiz hatto maktab direktorining qulog‘iga ham yetdi. Lekin u, ayrim ilmoqli gaplar qilgan bo‘lsa-da, harqalay jazolamadi. Bu gap-so‘zlar o‘z yo‘liga, bizning butun diqqat-e’tiborimiz esa hamon o‘sha boqqa qaratilgandi. Axir, bu bog‘dagi har bir daraxt, gulu ko‘chat qaerda, qanday joylashgani, qaysi meva qachon pishishini yaxshi bilardik va boqqa kirishning yangi yo‘llarini axtarardik. Bo‘yimiz hiyla cho‘zilib qolgani bois, endi bachkana o‘yinlarni ishga solishga uyalardik.
Ko‘pchilik bo‘lib, e’tiborni jalb qilmaslik uchun, boqqa yakka tartibda sho‘ng‘ish hadisini ola boshladik. Biroq bu usul juda xavfli edi. Chunki, ish chappasidan kelsa, hali aytganimdek, Amakidan oson qutulishning iloji bor. Lekin Xaybar ayab o‘tirmasa kerak. Yoningda Abdujabbor bo‘lmagach, Xaybar seni necha pulga olardi?
Jo‘raboshimiz Hamidning topqirligi va jasurligini so‘zsiz tan olardik. Biroq uning andakkina qusuri borligini hammamiz yaxshi bilardik. Hamid qurg‘ur, Shum bolaga o‘xshab, onda-sonda lof urib qolardi. Boqqa kirishning yangi usulini o‘ylab topish uchun u yana lofga o‘tdi.
– Bolalar, – dedi u bir kuni kutilmaganda, kelinglar, endi “burgut-burgut” o‘ynaymiz.
– Buning nima balo yana? – norozilanib to‘ng‘illadi To‘ra. U bechora, o‘yinimiz fosh bo‘lganidan so‘ng, otasidan rosa kaltak yegandi.
– Hech qanaqa balo emas! – dedi tantanavor ohangda Hamid. – Shu, endi boqqa faqat burgutdek uchib kirishga to‘g‘ri keladi!
Bu gal uning so‘zlariga hech kim qo‘shilmadi.To‘g‘ri-da, axir, yo‘lbarsdek emaklashning iloji bor edi. Burgutdek uchishning sira iloji yo‘qligini bir qarich bola ham biladi-da.
Lekin Hamid, juda qaysar bola, taslim bo‘lishni istamasdi.
– Senlar hammalaring anqov, qo‘rqoqsizlar! Axir, taxtadan qanot yasasa bo‘ladi-ku! So‘ngra idoraning tomiga chiqib, bog‘ tomonga qanot qoqasan, vassalom!
– Ha, qanot qoqasan-u, shundoq Xaybarning quchog‘iga tushasan-qo‘yasan, – e’tiroz qildi To‘ra.
– He, axmoq, – achchiqlandi Hamid, – Xaybarning quchog‘iga o‘zing tushaver. Men esa so‘zimni isbot qilaman!
Bu o‘rinda Hamid so‘zini isbotlash uchun nimalar qilganini batafsil aytib o‘tirmayman. Qisqasi shuki, boyaqish kolxoz idorasi tomidan yiqilib, bo‘yni sinishiga ozgina qoldi. Boz ustiga, otasining imorat uchun asrab qo‘ygan yog‘ochini isrof qilgani uchun dakki yedi.
To‘g‘ri, bu orada Abdujabbor bizni quruq qo‘ygani yo‘q, sarxil mevalar bilan siylab turdi. Lekin mevani o‘zing daraxtdan uzib yeganga ne yetsin? Qo‘ldan berganga qush to‘ymas, deb bejiz aytishmagan. Hamma yangi usul izlab yurganida, kaminaning omadi kelib qoldi deng.
Amakining Jamila ismli bo‘yga yetgan g‘oyat ko‘hlik qizi bo‘lib, unga jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz Kamol oshig‘u beqaror edi. Buni butun qishloq bilardi-yu, chamasi, Jamila bilmasdi. O‘qituvchi yigit juda tortinchoq emasmi, dardini yurak yutib aytolmasdi. U bir kuni idora yonida meni imlab chaqirdi-da, qo‘limga to‘rt buklangan qog‘oz tutqazib, iltijo qildi:
– Shu xatni Jamilaga eltib ber. Iltimos, o‘zing ochib o‘qima. Senga “5” qo‘yaman!
Men o‘qituvchining so‘zlarini eshitmasdim, ko‘zimga Jamila ham ko‘rinmasdi, faqat boqqa ochiqchasiga kirib borish imkoniyati paydo bo‘layotganidan xursand edim. Endi menga qanotning ham, Abdujabborning ham keragi yo‘q! To‘ppa-to‘g‘ri kirib boraveraman. Amaki so‘rab-netib qolsa, “Jamila opamda ishim bor edi” deb qo‘ya qolaman. “Nima ishing bor edi?” desa, “Shu, bir kitob so‘rab olmoqchi edim” deyman. Xatni esa ko‘rsatmayman...
Keyin Jamilaxonim xat bilan ovora bo‘lib, meni unutadi. Ana o‘shanda akangiz o‘zlarini sekingina anjir tagiga oladilar. O‘zi hozir anjir g‘arq pishgan payt...
Shu topda Hamid aytgan qanot go‘yo yelkamda paydo bo‘lgandi. Muallim ko‘zdan yo‘qolgach, o‘ylanib qoldim. Daftarning qoq o‘rtasidan uzib olingan ikki varaqda nima yozilgan ekan-a? Har qancha yoshu g‘o‘r bo‘lmayin, shuni bilgim keldi.
Buklog‘lik qog‘oz qo‘llarimni kuydirardi. Undagi iliq so‘zlarga ko‘z yugurtirar ekanman, hayajondan qaltiray boshladim. Bu, Kamolboy, landovur ko‘rinsa-da, xat yozishga juda chechan ekanlar-ku!
Maktubda Jamila shunday ta’riflangan ediki, muallim qolib, bog‘bon qiziga o‘zim oshiq bo‘lib qolayozdim. E-e, o‘lmang, muallimjon, sizni boshi bilan koptok “tepish”dan boshqasini bilmaydi deyishardi. Siz esa shundoq yonimizda yurgan oddiygina qishloq qizini salkam farishtaga chiqarib qo‘yibsiz.
Xullas, do‘stimning opasiga chala oshiq bo‘lib, bog‘ darvozasi tomon odimladim. Oyoq uchida yurib, shiyponga yaqinlashganimda, ro‘paramdan Jamilaning o‘zi chiqib qolsa bo‘ladimi?! Omadni qarang-a.
Xayol surib qoldim. Muallim haq ekan, Jamila haqiqatan ham juda go‘zal edi. U menga savol nazari bilan qarab, ingichka qalam qoshlarini chimirdi.
Tilim kalimaga kelmas, bechora muallim haqida o‘ylardim. Boyaqish hozir sevgilisini ko‘rsa, esi og‘ib qolsa kerak. Mendan sado chiqavermagach, qizning o‘zi tilga kirdi.
– Ha, Abdujabborning jo‘rasi, kimda ishing bor? Yoki yana “yo‘lbars-yo‘lbars” o‘ynamoqchimisan? Ukam ta’zirini yedi, endi o‘ynamaydi!..
Tamomila o‘zimni yo‘qotdim.
– He, shu, sizga... Bir kishi... Bir xat!..
Poyintar-soyintar gaplarimdan Jamila kulib yubordi.
– Nima, bir kishi? Qanaqa bir kishi? Sen o‘zi nimalar deyapsan?
Xat yana qo‘llarimni kuydira boshladi. “Nima bo‘lsa bo‘lar, axir, xatni men yozganim yo‘q-ku”, – dedim o‘zimcha va tilga kirdim.
– Mana bu xat sizga,opajon! Uni muallimimiz Kamol aka yozganlar. Lekin o‘ziyam, juda zo‘r xat! Sizni shunday maqtabdilarki, o‘qisangiz, og‘zingiz ochilib qoladi.
Haqiqatan ham Jamila kalovlandi. Men tantana qilardim. Ana ko‘rdingizmi, akangizning muallimi shundoq chiroyli qizlarniyam qoyil qoldiradi!
Lekin quvonchim uzoqqa cho‘zilmadi. Jamila kalxatdek chang soldi-da, maktubni yulib oldi, so‘ng ochib ham o‘tirmay, yirtib tashladi.
Uning chiroyli ko‘zlari yashindek chaqnar, vajohati qo‘rqinchli edi.
– He, xati boshidan qolsin! Men xatiga zor emasman!
Hali o‘zimni o‘nglab olmay qiz qulog‘imni buray boshladi. Asta ingradim-da, amallab qo‘lidan chiqib qochdim. U meni ta’qib etishdan to‘xtab shang‘illadi:
– O‘rtaga tushish qanday bo‘lishini sen tirmizakka ko‘rsatib qo‘yaman! Borib ayt, o‘sha landovurga, ko‘zim uchib turgani yo‘q!
Bu yog‘i qandoq bo‘ldi endi? Xat bahona anjirga to‘yaman deb, quloqdan ajrashimga ozgina qoldi. Men ahmoq hali unga oshiq ham bo‘lmoqchiydim. Yo‘q, o‘sha Kamolboyga nasib etsin-e! Lekin hozirgi vajohati bo‘lsa, bechora muallimim ham quruq qolsa kerag-ov.
Ochig‘i, Jamiladan bunaqa bedodlikni kutmagandim. Aksincha, u xatni o‘qigach, qo‘yni-qo‘njimni mevaga to‘ldiradi, butunlay iyib ketsa hatto peshonamdan o‘pib erkalaydi, deya xomtama bo‘lgandim.
Jamila qurmag‘ur esa hamon muallim ikkovimizning go‘rimizga g‘isht qalardi. “Agar oshiq-ma’shuqlik shunaqa bo‘lsa, qurib ketsin!” – dedim ichimda va tashqari yurdim. Darvozadan chiqqach, jon holatda u yoq-bu yoqqa qaradim-da, uyimizga qarab zing‘illadim.
Bir mahal muallim halloslaganicha meni quvib yetdi. Chehrasida xavotir, umid va allaqanday betoqatlik alomatlari zohir edi. Bechoraga rahmim kelayotgan bo‘lsa-da, sirtimga chiqarmay tumtaydim. Chunki o‘ng qulog‘im hamon lovullab og‘riyotgan edi-da.
– Xo‘sh, qani gapir-chi, Jamila xatni oldimi? Javobini qachon berarkan? – dedi u javdirab.
– Javob emish, – to‘ng‘illadim men, – hech qanaqa javob yo‘q. U xatni yirtib tashladi. Yana, qulog‘imni ham boplab cho‘zdi.
Kamol bo‘zarib ketdi, olazarak bo‘lganicha meni yupatishga tushdi.
– Mayli, yirtsa, yirtaversin. Biz ham ko‘chada yotganlardan emasmiz... Faqat buni hech kimga aytma. Senga albatta “5” qo‘yaman!
– Kerak emas! Shundoq ham “5”larim tiqilib yotibdi!
– Men senga kattakon “5” qo‘yaman! – bo‘sh kelmasdi muallim.
Qulog‘imni ushlagancha uyga jo‘nadim, Kamol ham o‘z yo‘liga jo‘nab qoldi.
Oradan ko‘p o‘tmay Jamila xatni xo‘jako‘rsinga yirtgani, qulog‘imni esa bekordan-bekorga cho‘zgani bilinib qoldi. Paxta terimi oldidan Kamol va Jamilaning to‘ylari bo‘ldi. Biz bu to‘yda mazza qilib bekinmachoq o‘ynadik va yog‘ligina sermayiz oshdan to‘yib yedik. Maktub voqeasini uchalamizdan bo‘lak hech kim bilmasdi.
* * *
Bu dunyoi dunda hech bir mavjudot Vaqt zarbasiga dosh berolmas ekan. Qish adog‘idagi izg‘irinli tonglarning birida, qishloq ko‘chasini larzaga solib, katta buldozer o‘tdi. Buldozer belkuragini shundoq bog‘ devoriga taqab to‘xtadi. Xotin-xalaj, bolalar va kattalar hamma shu tomon oshiqdi.
Ko‘p o‘tmay yuk mashinasida notanish odamlar kelishdi.
Rais, partiya qo‘mitasi kotibi, hosilot, hisobchi ham shu yerda edilar.
Kazo-kazo mehmonlar viloyat yo‘l qurilishi idorasidan ekan, ular buldozer yordamida bog‘ni buzishni mo‘ljallashgan edi. Bog‘ o‘rnida yangi asfalt yo‘l chiqarilishi og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurardi.
Rais bilan gaplashib olgan dimog‘dor kishi ishora bergach, bahaybat buldozer bog‘ga hamla qildi va necha yillik paxsa devorning kattagina qismi gursillab og‘ir quladi.
Xuddi shu asno qarshida qo‘shog‘iz miltiq ko‘targan Amaki paydo bo‘ldi. Uning ovozi shovqin-suronni bosib yuborgudek darajada jarangdor edi.
– O‘chir, traktoringni! Bo‘lmasa hammangni otib tashlayman!
Cholning paylari bo‘rtib turgan qo‘llari qaltirardi.
Ish bunday tus olishini kutmagan mehmonu mezbonlar gangib qolishdi.
Ular o‘zaro pichirlashib olishgach, ish to‘xtatildi.
– Bu bog‘ni buzaman degan odam, avval o‘ligim ustidan o‘tishi kerak! – dedi Amaki miltiqni yelkasiga osar ekan.
– Bo‘ldi, bo‘ldi, Amaki, – dedi rais murosa qilib, – endi bu bog‘ni hech kim buzolmaydi, mana, men kafil!
Jimgina tarqalayotgan olomonni kuzatar ekanmiz, bari bunchalar oson tugaganiga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmasdik.
Xavotirimiz bekorga emas ekan. Oradan biror haftalar o‘tgach, tongda uyg‘onib, idora yoniga kelganimizda, aldanganimizni anglab yetdik.
Tong qorong‘isida uyqudagi bog‘ mahv etilgandi. Kimlar uchundir bu oddiy dov-daraxt o‘sadigan shunchaki bir go‘sha bo‘lsa, biz uchun o‘smirlik orzu-umidlarimiz belanchagi edi.
Ildizi bilan qo‘porilgan ko‘p yillik daraxtlar, qulagan paxsa devorlar juda ayanchli manzara kasb etgan, sho‘ppayib turgan yolg‘izgina temir darvoza yuraklarga anduh solardi.
Shu kuni ezib yomg‘ir yog‘di. Ona tabiat qish uyqusida mahv etilgan bog‘ uchun ko‘z yosh qilib, motam tutdi. Samodan to‘xtovsiz to‘kilib turgan billur tomchilar biz, bolalar, Amaki va Xaybarning ko‘z yoshlariga qo‘shilib ketar, shilta-loy ko‘chalar huvillab qolgandi.
Yuzlari qorayib ketgan Amaki savdoyidek bo‘lib qoldi. U hech kim bilan gaplashmas, qo‘shog‘iz miltig‘ini yelkasiga osganicha, bog‘ vayronasida aylanib yurar, biz ham shu yerdan nari ketolmasdik.
Amaki o‘zi uchun juda qaqshatgich bo‘lgan zarbadan sira o‘nglanolmay, oradan bir necha oy o‘tgach, vafot etdi.
Bu orada asfalt yo‘l tayyor bo‘ldi. Bog‘ni ikkiga bo‘lib o‘tgan yo‘l xotiralarimiz ko‘ksiga urilgan xanjarga o‘xshar edi...