Qirq kundirki, Buxoro qor kutar, lekin bu oppoq sehru-jodudan hamon darak yo‘q edi. Qizilqumning bepoyon kengliklari, Amu sohillari visolga tashna oshiqning bo‘saga intiq labidek bo‘lib, birinchi qorni kutardi.
Niliy toqu gumbazlarning ming yillik xarsanglari samoga ko‘z tikkan, lekin ilk muhabbatga monand oppoq momiq qor yo‘q edi.
Qor... Qor... Butun borliq tabiatning ana shu mo‘‘jizasiga intizor edi. Va nihoyat, tabiat Buxoroga marhamat ko‘rsatdi.
Osmonni qo‘rg‘oshinrang og‘ir bulutlar qoplab, avval bitta-yarimta, juda kichkina igna uchidek bo‘lib, oppoq injular yog‘ila boshladi.
So‘ngra rosmana qor yog‘ib berdi.
Son-sanoqsiz mitti yulduzchalar samoni to‘ldirgan, ona Zamin yuvosh, shukrona bir intizorlik bilan kutgan ne’matga ko‘ksini tutgan, Buxoro oppoq libosga burkanib, o‘ziga oro berardi.
Yangi yilda qor kutib charchagan Jamol samoga tikilganicha kalovlanar, yuzlari, qosh-kipriklariga qo‘nayotgan muzday zarrachalardan huzur qilar va xayol uni allaqachon olis yillar xotiralari sari yetaklab ketgandi. Yuragi nihoyatda bezovta, bu tabiatning shohona in’omidanmi, yoinki hislar mo‘lligidanmi, u bilolmas, faqat ko‘ksining eng olis burchagi simillab turardi.
"...Yo, Olloh! — fikran xitob qilardi u. — Men, axir, qorbo‘ron o‘ynash yoshidan o‘tib ketganimga ko‘p yillar bo‘ldi-ku! Nega buncha, yosh boladek bo‘lib, birinchi qorni kutaman? Mana, ko‘chada nevaralarim qorbo‘ron o‘ynayapti-ku! Ovozi do‘rillab, yuziga husnbuzarlar toshgan nevaram o‘zi tengi qizlarni suratga olayapti. Undan kichikrog‘i Qorbobo yasayapti."
Jamol samoga tikilar, bahor gullariga monand zarralar o‘ynab, uchib yog‘ar, daraxtlar oq libosli kelinchak misol bosh egib, sukut saqlashar, chor atrof o‘sha, bolaligidagi azamat shahzoda va ko‘hlik malika haqidagi g‘aroyib ertakni eslatar, "duk-duk" urayotgan yuragi ko‘ksini yorib chiqqudek edi.
Atrofni chulg‘agan oppoq sukunat shu qadar sehrli ediki, his-tuyg‘ulardan begona, juda loqayd odamni ham to‘lqinlantirib yuborardi.
Jamol temir darvozani g‘iyqillatib ochib, ko‘chaga qadam tashladi.
Bolakaylar qiy-chuvi samoni to‘ldirgan, sovuq quloq uchlarini chimchilar, u toza havodan ko‘kragini to‘ldirib nafas olar ekan, hozir qay vaqt, qay zamonda ekanini his etolmasdi. Lekin bu holat uzoqqa cho‘zilmadi. Yonog‘iga kelib tekkan olmadek qor ko‘zlaridan uchqun sachratib yubordi. "Ob-bo, bolasi tushmagur-ey!" — qo‘shnining sakkiz-to‘qqiz yashar nevarasi uni qo‘li bilan o‘rtoqlariga ko‘rsatib, qiyqirib kular, qip-qizil yuzlaridan baxtiyorlik alomatlari ufurib turardi.
— Hah, padarqusur! — unga yolg‘ondakam po‘pisa qildi Jamol.
Bolakay kulgidan to‘xtab yovqarash qildi-da, uyi tomon taraqaylab qochdi.
Bolaning ko‘cha o‘rtasida turgan o‘n-o‘n ikki yashar opasi iltijo qildi:
— Bobojon, kechiring, u bilmasdan...
Jamol qizchaning yalinchoq tovushidan hushyor tortgandek bo‘lib, kulib yubordi.
— Zarari yo‘q, bolam...
Qizcha xursand bo‘lib ukasining ortidan chopib ketdi.
Qor bo‘ralab yog‘ar, sovuq zabtiga olar, darvoza yonida yoqavayron, boshyalang turgan Jamol o‘tib-qaytib turgan qo‘ni-qo‘shni bilan nari-beri so‘rashgan bo‘lar va lekin tizginsiz xayollari olis manzillarda sar-sari kezardi. Keyingi paytlarda u yolg‘iz qoldi deguncha xayollariga erk berar va bu holatdan chiqishi xiyla mushkul edi.
Hozir ham qor uchqunlaridan ko‘z uzmayotgan bo‘lsada, butun umri davomida boshdan kechirganlari ko‘z o‘ngida birma-bir gavdalanardi.
"Ha, — o‘ylardi u qandaydir ichki dard bilan, — kechagina o‘zing qorbo‘ron o‘ynarding, bugun esa nevaralaring shu ish bilan mashg‘ul... Biz odatda hamma narsani Vaqt bilan o‘lchaymiz, aybni Vaqt yugurikligiga to‘nkaymiz va "Qarang-a, Vaqt bir pasda o‘tib ketibdi-ya" deya hayron bo‘lamiz. Aslida-chi? Aslida esa Vaqt emas, Biz o‘zimiz o‘tib ketamiz va buni bilmay, sezmay ham qolamiz..."
— Ob-bo, bu nima qiliq?! Yalangbosh, yoqavayron ko‘chada turish?! Koshki salga shamollab qolmasangiz... — xotinining ham tanbeh, ham dilso‘zlik aralash dag‘dag‘asi uni o‘ziga keltirdi.
"Tavba, bu ayollarning hammasi ham shunaqa jonsarak bo‘lar ekanmi?". Bolaligida onasi ham qor yoqqan kezlarda nuqul "uyga kir, bolam, shamollab qolasan..." deya javrardi. Endi bo‘lsa xotini javrayapti. Ha, mayli nimayam qilardik? Har qalay, seni deb kimningdir joni achib tursa, bu unchalik yomon emas. Axir, kimgadir kerakligingni bilib turasan-da..."
U jilmayganicha, darvozadan ichkariga kirdi. Xotin esa hamon javrardi:
— Nevaralaringiz ham o‘zingizdan battar ovsar. Ko‘chadan beri kelishmaydi. Shamollab qolishsa, yana mening jonim halak...
Jamol murosa qildi:
— Ke, qo‘y, xotin, bunday ajoyib qor har kun ham yog‘avermaydi. Jujuqlar bir maza qilishsin!...
Xotini qo‘l siltadi.
— E-e, oltmishga kiryapsiz-u, hech xayolparastligingiz qolmadi-qolmadi-da! Sovuqdan ko‘karib ketishibdi-yu siz "maza qilishsin", deysiz-a!
Jamol indamay o‘z xonasiga kirib ketdi. Ko‘z o‘ngida onasining iltijoli chehrasi namoyon bo‘ldi. "Uyga kir, o‘g‘lim, shamollab qolasan...".
U derazadan ko‘chaga parishon nazar tashladi. Izg‘irin shamol olcha guliga monand qor uchqunlarini uchirib o‘ynar, ko‘chada bolalarning qiy-chuvi tobora avjiga chiqardi.