...Quyosh ayni tikkaga kelgan. Undan taralayotgan nurlar qum zarralarini ayovsiz qizitardi. Qum barxanlari orasida horg‘in o‘rmalayotgan tuyalar ustida chayqalib ketayotgan ahli karvon yuzlarini oq surp matolar bilan yopib olishgan bo‘lsalar ham o‘zlarini tandir ichida turgandek his qilmoqda edilar. Ayniqsa, bugun qilt etgan shabadani ham yutgan quyosh zabtiga olib, go‘yo karvonning bardoshini sinamoqchiday, pastga qarab hech og‘ay demas, buning ustiga, karvonning yurishi ham unmayotgandi.
Ko‘zini ochib yurishdan ko‘ra, yumib yurishni afzal bilgan Karvonboshi tuyqusdan sergak tortdiyu, bir silkinib qaddini rostladi. Bunday qaltis harakatni kutmagan tuya boshini ko‘tarib, uzoqlarga qaragan bo‘ldi-da, qadamini tezlatdi. Yo‘lboshlovchining tuyasiga yetib olgan Karvonboshining tuyasi xuddi buyruq berilganiday baravar qadam tashlab, go‘yo Karvonboshiga ana endi bemalol gaplashib olavering, degandek kavshanaverdi.
Karvonboshi Yo‘lboshlovchiga ahvol qanday, deganday nazar tashladi. Yo‘lboshlovchi boshini quyi egdi. Karvonboshi ahvolning o‘zi o‘ylaganidan ham jiddiyroq ekanligini darhol angladi va orqaga qayrilib, tuya karvonini ko‘zdan kechirdi. Tuyalar go‘yo o‘zlarining qadam tashlashlarini o‘zlari kuzatayotgandek, bo‘yinlarini pastga osiltirishib, oldinga sudralishardilar. Tuya o‘rkachlari puchchayib, uning ustiga qo‘yilgan jabduqlar tuya tanasiga yopishib qolgan. Tuyalarning hech biri kavshanishmas, og‘iz burchaklarida ko‘pikdan mutlaqo darak yo‘q, burun kataklarini kengaytirib-kengaytirib nafas olishardilar, xolos.
“Chanqashibdi, bechoralar, agar ularning chanqovini biroz bo‘lsa ham qondirmasak, yana ikki dovon oshgandan so‘ng yotib qolishadi. Keyin tuyalarni turg‘azish juda qiyin”, degan o‘yga borgan Karvonboshi Yo‘lboshlovchiga yana savolomuz qaradi. Yo‘lboshlovchi, juda oz qolgan, atigi ikki meshda, deb ishora qildi va indamay yo‘lida davom etaverdi. Karvonboshi Yo‘lboshlovchini so‘zsiz tushundi. Demak, Yo‘lboshlovchining yetaklab kelayotgan tuyasi ustiga ortilgan ikki meshda suv bor, xolos. Faqat o‘ta chorasiz hollarda bu meshlar ochiladi. Yo‘q, hali ularni ochishga erta, yana ikki kun chidamoq kerak. Cho‘lning yarmidan endi o‘tdik. Agar ikki kunlik yo‘lga adashmaganimizda hammasi mo‘ljaldagidek bo‘lardi. Shahzodaning gapiga ko‘nmaslik kerak edi. Ana endi yotibdi o‘zi, tuyaning soyaboni ostida lablari yorilib, arang ko‘zini ochib...
Yo‘lboshlovchi: “Bu sarob, Shahzodam”, deganida, “Sen o‘zingning qadringni oshirmoq ilinjida faqat o‘zingning so‘zingni ma’qullayapsan! Qara, qari tentak, qum barxanining shundoqqina ortida yashil daraxtlarni ko‘rayapman! Karvonboshi, tuyangning boshini ana shu yoqqa bur! Mana shu ko‘rinib turgan qum barxanidan o‘tsak, yashil vodiyga kirurmiz”, deb qat’iy aytdi, na’ra tortdi. Uning xos qo‘riqchilari ham qilich qinlarining ustini silab-silab qo‘yishdi. Yaxshi hamki, Karvonboshi vaziyatni yumshatib, Yo‘lboshlovchiga biron kori-hol bo‘lishdan saqlab qoldi, yo‘qsa qon to‘kilishi aniq edi. Shahzoda hali yosh, g‘o‘r, qum cho‘lida yurishning xavfli taraflarini bilmaydi. Ammo buni kim unga yurak yutib ayta olardi... Ana endi Karvonboshi shu g‘o‘rlik azobini tortayapti. Biyday cho‘lda kim ham senga bir mesh suv berardi? Uning har bir qultumi tilla tanganing mingtasidan qimmat bo‘lsa...
Karvonboshi xos soqchilar boshlig‘ini chaqirib, unga vaziyatni obdon tushuntirdi, yo‘qsa Shahzoda oxirgi meshdagi suvni ham allaqachon ichib tamom qilardi. Axir karvonning hayot-mamoti xuddi shu meshlardagi, atigi ikki meshdagi suvga bog‘liq. Xudoga ming qatla shukrlar bo‘lsinkim, karvonda savodi ancha pishiq, fikri tiyrak yigit bor ekan. Agar shu yigit bo‘lmaganda karvon hali-beri to‘g‘ri yo‘lga tushib ololmasdan, halok bo‘lishi ham mumkin edi. Karvonboshi esladi...
...Quyosh botib, yulduzlar charaqlagan. Oftob tig‘idan rosa qizigan atrof-borliqqa iliq, ammo kishiga xush yoquvchi shabada endi esayotgan mahalda shu yigit Karvonboshiga uchrashdi.
— Taqsir, huv anavi qum barxani ustiga chiqsak. Sizga aytadurg‘on muhim gaplarim bor erdi.
Karvonboshi uning miqti gavdasiga, yarim tabassum bilan, ammo unga jiddiy boqib turgan yuziga, qirra burniga mos ajib yarashgan tekis qora mo‘yloviga, tiyrak ko‘zlariga qaradi-da, quyuq qoshlari tutashib ketishiga ozgina qolganiga, biroq ko‘zlarining ziyraklik bilan qattiq tikilib boqayotganiga e’tibor berdi. Irodasi mustahkam yigit ekan, deb o‘yladi Karvonboshi va uning orqasidan biroz qorayib ko‘rinayotgan qum barxani tarafga yurganini o‘zi ham sezmay qoldi. Bu yigitning niyati hali menga ma’lum ermas. Gumonim bor. Ehtiyotkorlik yaxshi. Karvonboshi shularni xayolidan o‘tkaza turib, ichki belbog‘ida osilgan qindan xanjarini chiqarib, qalin yaktagining ichki cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Ikkalasi bir-birlariga so‘z qotmasdan, indamaygina qum barxanining eng tepasiga chiqib olishdi.
Karvonboshi e’tibor bilan atrofga boqdi: diqqatni jalb qiladigan biron narsa ko‘zga tashlanmas, faqat qum barxanlari yastanib yotardi, xolos. Karvonboshi endi sal olisda qolgan karvon tuyalariga qaradi — ular oy yorug‘ida yaqqol ko‘zga tashlanardi. Oldinma-ketin qatorlashib kelayotgan tuyalarning eng orqasida Xazorasp hokimining tuyalari qadam tashlar, ular ustiga hali tikilmagan va ichiga kelin-kuyov kirishi mumkinu, lekin hali kirmagan o‘tovning keraga, o‘qlari, changg‘aroq va kigizlari, tizmalari yuklangan, ular og‘ir bo‘lmasa ham biroq tuyalarni ancha horitgani bilinib turardi. Karvonboshining xuddi avvalgidek yana jahli chiqdi: karvonga hokim tuyalari kelib qo‘shilganda aytgandi, axir shunaqa o‘tov Buxoroda ham topiladi-ku! Siz tuyalarga jabr etmasdan savdoga keraklilarini yuklasangizchi, deganida, Hokim qo‘rslik qildi:
— Qizimning so‘zini yerda qoldirgim kelmas. Qo‘ng‘irotning dong‘i ketgan ustalari yasagan. Xuddi Barchinoy o‘toviga o‘xshaydi. Buxoroliklar Alpomish bilan Barchinoy qanday bejirim o‘tovda chillalarini o‘tkazganliklarini ko‘rib qo‘yishsin.
Hokim shunday deb, sal cho‘zinchoq, oq-sariqdan kelgan yuziga yarashgan mallatob mo‘ylovining uchlarini silab qo‘ygan edi o‘shanda. Ana endi o‘zi ham yotibdi, sulayib, mo‘ylovini silashga ham holi yo‘q, lablari yorilib...
Karvonboshi mana shu o‘tov yuklarini oldirmaslik uchun qat’iylik qilmaganiga ming pushaymon bo‘layotgan bo‘lsa ham endi foydasi yo‘qligini tushunar, karvonning kelgusi taqdirini o‘ylab, ich-ichidan zil ketardi. Hali ham karvonning baxti bor ekan, karvon ichida Allohning yaxshi ko‘rgan bandalari ko‘p ekanmi, harqalay bironta ham o‘simlik unmagan faqat qum hukmronligidan hansiragan cho‘lda qum bo‘roni ko‘tarilmayapti.
Karvonboshi shularni xayolidan o‘tkaza turib, tuya ustiga yarashib o‘tirgan yigitga qaradi. Yigitning e’tibori esa osmonda edi.
— Qarang, biz kunbotardan kunchiqarga yurmog‘imiz lozim edi. Yo‘limiz avval sal Shimol tomonga og‘ishib, Karmanaga yetganimizdan so‘ng yo‘limiz janubroqqa enmog‘i darkor, ya’ni boshimizni tikka tutib, so‘ngra yelka yarmiga kelgandagiga mos burilgan yo‘nalishda yurmog‘imiz shart edi. E’tibor bering: Yetti Og‘ayni yulduzi karvon yo‘nalishining nisbatan o‘ng va orqaroq tarafinda, oltin qoziq yulduz esa chap va orqaroq tarafdadur. Taxminimcha, karvonimiz Karmana to‘g‘risidadur. Agar shundoq bo‘lsa, to‘g‘ri mo‘ljal shul erur: Oltin qoziq yulduzi karvonimizning chap yonida hamda tuyaning o‘rta beliga to‘g‘ri kelmog‘i, lekin baribir chap tarafda qolmog‘i zarur. Ana shunda karvon yo‘li mag‘ribdan mashriqqa bo‘lg‘ay...
— Ushbular haqinda Yo‘lboshlovchi birlan gaplashdingizmu? — ohista so‘radi Karvonboshi.
— Yo‘lboshlovchingiz hozir o‘zida emaslar. Shahzodaning noma’qul va o‘rinsiz haqoratindin so‘ng bu ishlarga aralashgusi kelmas. G‘ururi ancha baland erkan...
Yigit shu so‘zlarni ayta turib, oyoqlarini qimirlatmasdan, faqat uning atrofida aylanib, xuddi Karvonboshining xushbo‘y gullar o‘stirilgan bog‘da, shundoqqina katta supaning o‘ng biqinida ikki qarich bo‘lib o‘sib, endi gullamoqchi bo‘lgan nozbo‘ylarning anvoyi bo‘ylarini hidlayotgan kabi kalta-kalta nafas ola boshladi. Karvonboshi, ie, nima qilayapsiz, deb so‘ramoqchi edi hamki, yigit ohista gapirdi:
— Yaqin 8-10 chaqirim masofada hech qanday o‘simlik yo‘q. Hatto saksovul ham. Faqat qum...
Karvonboshi buni qaydan bildingiz demoqchi edi-yu, ammo yigitning karvon tomonga burilganini ko‘rib, indamay qo‘ya qoldi.
Karvonboshining bu yigitga mehri ilingandek bo‘ldi. Uning o‘zini erkin tutishi, so‘zlaridagi aniq dalillar, o‘z fikrini aytishdan hayiqmaslik Karvonboshi dilida safar avvalida paydo bo‘lgan g‘ubor va gumonni yo‘qotgandek bo‘ldi, ammo yaktagi ichki cho‘ntagidagi xanjarni yana bir bor silab qo‘ydi. Endi shu g‘ubor va gumonning ko‘nglida paydo qilgan tumanini butunlay tarqatib, qalbini chiroq yoqilganidan ravshan tortgan qo‘rg‘on kabi yoritmoqchi bo‘lib, shu qalb qo‘rg‘onning ayni bo‘g‘zida tiqilib turgan gaplarni shoshmasdan gapirdi:
— Xvayrazamdan ikki kunlik yo‘l yurganimizdan so‘ng, tuya karvonidan orqada qolib, tuyangizni yo‘rtillatib arang bizga yetib oldingiz. Haligacha sababini o‘ylarmen...
— To‘g‘ri anglabsiz, — ohista javob berdi yigit: — Alhamdulullo musulmonmen. Ulug‘ hakim Ibn Sinoning ta’kidlashicha, Hazoraspga ayni ikki kunlik yo‘l qolib, shundoq tikka turganida quyosh botishiga ayni ikki qarich masofa bo‘lsa ham kun issig‘i uning peshonasiga tushib, ko‘zini qamashtirgan mahali ustozi alloma Masihiy jon taslim qilgan ekanlar. Allohning yaratgan ne’mati cheksiz yillar davomida qum zarralarining quyosh nurini emgan quvvatindin Ustozini barcha taomili birlan bahramand etgach,rosa qiynalib, Rahmatning Oliy hadyasidin ayrilib, o‘zi ham boqiylik tarafga yuz burishiga uch kunlik hilolning botishigacha vaqt qolganini anglagach, ilojsizlikdin Ustoz minib kelgan tuyaning katta bo‘yin tomirini kesib, idishga to‘plabdilar. Yaxshi hamki, yonida qonni ivishdan saqlaydigan giyoh tolqoni bor erkan. Shu tolqonni qonga qo‘shib, to sovuginicha kutibdilar va so‘ngra chanqog‘ini qondirib eson-omon manzilga yetib borganlar. Men taxmin bilan Ustoz Masihiy zamin bag‘rida mehmon bo‘layotgan joylarini topdim. Eng avvalo 19 yashar navqiron Ibn Sino tarafindin, so‘ngra o‘z nomimdin tabarruk oyatlardan o‘qub, u kishining ruhlarining tinchini Allohdin so‘radim. So‘ngra Sizlarga yetib oldim. Endi,Karvonboshi janoblari, yaktagingizning ichki cho‘ntagiga tiqilgan qo‘lingizni bemalol u yerdan olavering. Xanjarni tinch qo‘ying...
Karvonboshi bu so‘zlarni eshitib, peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi, ammo tezda o‘zini o‘nglab olib, yigitga kulib qaradi. Karvonboshining bu yigitga mehri yana ham oshib ketdi. Uning qorachadan kelgan yuz ifodasida oddiy insonlar hali tushunib yeta olmaydigan iliqlik, mayinlik bor esa-da, lekin o‘zi aytgan so‘zini doimo va har qanday vaziyatda isbotlay olish bardoshi borligi va bu masalada ancha qat’iy ekanligi ravshan sezilib turardi. U har bir so‘zni aytishdan oldin biroz o‘ylanar, so‘ngra har bir gapni chertib-chertib, aniq va lo‘nda ifodalar ediki, mulohazaga hech o‘rin qolmasdi. Ayniqsa, uning Ustoz Masihiy to‘g‘risida gapirayotganida "Alhamdilullo, musulmonmen" deyishi Masihiyning boshqa din vakili ekanligini bilgani va shuni ta’kidlab boshqa savolga o‘rin qoldirmaganligi Karvonboshining unga hurmatini yanada orttirdi.
Yigit tuyasi jabdug‘i tagidan bir xalta oldi-da, Karvonboshiga uzatdi.
— Karvon ahliga tarqating. Tayinlangki, shu o‘rik donagidek toshni og‘ziga solib, tillari bilan beto‘xtov aylantirsinlar. Ozgina bo‘lsa ham so‘lak ajralib, og‘izlari namlangach so‘lakni yutgaylar. Bu tashnalik azobini bir qadar bosgay. Shu bois yana ikki kun suv ichish istagini xayoldan haydab, meshdagi ehtiyot suviga balkim tegmassiz.
Yigit bir pas xayol surib, biroz jimlikdan so‘ng yana gap boshladi:
— Nahshab Malik cho‘li birlan Marv orasi ancha yo‘ldur, suvsiz, qaqragan cho‘l. Shu cho‘ldin ikki marta o‘tganmen. Yo‘lboshlovchini, Xudo rahmat qilgur, Elomon sariq derdilar. Cho‘lda yurmoqning sir-asrorlarini shul insondin o‘rganganmen. Ul tabarruk Alloh bandasi shul tadbirni o‘rgatgankim, doim menga uqtirardikim — shoyad unutmag‘aysen, deb.
Ikki kun davomida faqat kechasi yo‘l yurib toliqqan horg‘in karvon quyosh sal tikkaga kelgach, dam olishga shaylandi. Barcha tuyalar cho‘kkan, ularning ham turib yurishga majoli qolmagan. Qilt etgan shabada yo‘q. Qayoqqa qaramang, qaddini baland tutgan, ammo sal shamol essa bukchaygan ho‘kizni eslatuvchi, biroq shamol esavergan sari uning bukchasi ham yer bilan bir tekis bo‘ladigan qum barxanlari yuraklarga vahima solar, ularga tikilgan saring yurakdagi vahima tanaga tarqalaverar, oqibatda endi o‘zing nuqul vahimadan iborat bo‘layotganingni sezmay ham qolar eding. Tuyalarning qumda qoldirgan izlari ham bir pasda yo‘qolib, tuya karvonining qayoqdan kelganiyu, endi qaysi tarafga bormoqchi ekanligini ham bilish amri mahol edi.
Karvonboshi shularni o‘ylar ekan, quyosh nurlari tig‘ining qalin yaktagidan, uning tagidan kiyilgan choponidan o‘tib qizdirayotganini his qildi. Suvsizlikdan darmonini yo‘qotib sulaygan gavdasini arang ko‘tarib, atrofni kuzatdi. Quyoshning shundoqqina chap tarafidagi qum barxani salobati bilan karvonni bosib qolmoqchiday savlat to‘kib turardi. Karvonboshi yuragini bosib turgan vahimani yo‘qotmoqchi bo‘lib, bor kuchini oyog‘iga jamlab, o‘zidan sal naridagi tekislikdan odam bo‘yi baravar balandlashgan qum barxani ustiga chiqdi. Biroq vahima yo‘qolish o‘rniga gavdasining barcha qismiga, hatto barmoq uchiyu, qulog‘i solinchag‘igacha tarqaldi. Boshida guvillagan tovush paydo bo‘ldi-da, Karvonboshining yuragi urishdan to‘xtagandek, urishdan to‘xtagandek emas, balki ko‘kragini yorib chiqib, havoga uchib ketgandek bo‘ldi. Gavdasini arang ushlab turgan kuch ham yo‘qolib, tizzalari o‘z-o‘zidan bukilib, qum ustiga o‘tirib qoldi. Ko‘zlari vahimaning zo‘ridan kosasidan otilib chiqqudek chaqchaydi, bir nuqtaga tikilganicha baqrayib qotib qoldi. U tikilgan nuqtada tobora osmonu falakka ko‘tarilayotgan, chap tarafdan o‘ngga shitob bilan siljiyotgan qora-sariq ko‘lanka karvon turgan joyga jadal yaqinlashib kelardi.
Hali bu makonda qiladigan yumushlari va ularni uddalash, bulardan ham ko‘ra muhim — karvonning hayotiga mas’ullik hissi barcha gavda kuchini oyoqlariga yig‘ib keldi-da, Karvonboshi iroda kuchi bilan yuragiga vahima solgan qarshisidagi qum barxani ustiga chiqdi. Chiqdi-yu, uning butun borlig‘ini avvalgisidan ham battar — shu qumlar orasida o‘ligimiz qoladigan bo‘ldi, degan so‘zlarni xayoliga keltirgan, shuncha yillar davomida orttirgan ruhiy kuchining mustahkamligini sindirib yuboradigan vahima cho‘lg‘ab oldi. Biroq vahimaga tobe bo‘lib, harakatsiz turish o‘lim bilan baravar ekanligini yaxshi tushungan Karvonboshi orqasiga keskin burilgandi, yiqildi va yulduzlar sanog‘idan ham ko‘proq qum zarralari ustidan sirg‘alib pastga taraf o‘qday uchib ketdi. Qum zarralari uning tanasini ko‘mishiga ozgina qolganda o‘zini o‘nglab oldi, oyoqlarini tirab o‘zini to‘xtatmoqchi bo‘ldi. Biroq uning oyoqlariga tirgak bo‘lib, hayotda yashab qolish umidini saqlab qoladigan tayanchni topa olmadi. Va qum orasiga kirib ketdi. Nafas olmoqchi bo‘ldi, ammo burun kataklari qumga to‘lganidan buning uddasidan chiqa olmadi. " Xayr, bolalarim, xayr, xotinim, qarindosh-urug‘larim! Alvido! Ey, Alloh!" degan so‘zlar xayolidan yashin chaqmog‘i kabi o‘tdi va ayni shu tobda tovoni qattiq narsaga urilib, qorni yumshoqroq buyumning ustida qolib, boshi pastga osilib tushganini payqadi. Allaqanday kuch uni yana bir marta yumalatgan edi, Karvonboshi qattiq narsaga urildi va ko‘kragidagi bor nafas tashqariga shiddat bilan otildi, halqumida, yutqunida, og‘zi-burnida tiqilgan qum zarralari ham tashqariga chiqib, u erkin nafas ola boshladi.
U karaxt xolda qancha vaqt yotganini bilmaydi, ammo ko‘zini ochib tirsaklari bilan qumga suyanab, quyoshning chap tarafiga qaradi: qora-sariq ko‘lanka quyosh yuzini qoplab olgan, ko‘lankaning qalin pardasi orqasida uning nuri bazo‘r ko‘rinar, ammo endi shovullagan haybatli tovush quloqni qomatga keltirmoqda edi. Karvonboshi hayotiga xavf solayotgan katta xatarni sezgach sakrab o‘rnidan turdi, avval chuqur nafas olib, bor quvvati bilan qo‘llarini ikki yonga yozganicha "a-a-a-a!" deya qichqirdi, so‘ngra "Turinglar!" deb hayqirdi va o‘ziga yarashmagan chaqqonlik bilan tuya safining boshida cho‘kkalagan ikki o‘rkachli tuyaning juldiri ostidagi tayoqchani sug‘urib, tuya yonida osilib turgan nog‘oraga zarb bilan ura boshladi. Tuyachilar gumburlagan tovushdan uyg‘onishib shu zahoti o‘rinlaridan turishib, tuyaning cho‘zilgan safini aylana qilishib, tuyalarning boshini aylana markaziga qaratishib, ularning boshiga qalin va pishiq matoning maxsus teshigidan o‘tkazishib kiyg‘izib qo‘yishdi. Shahzodaning tuya kajavasini ikki tuya orasiga joylashtirishib, ustidan tuya junidan to‘qilgan pishiq namatni yopishib, tuyalarning no‘xtasini bellariga bog‘lashib, o‘zlari ham doira ichiga yuz tuban bo‘lishib yotib olishdi. Ular bu yumushlarni bajarib bo‘lgan ham edilarki, karvonni quyun bosdi. Osmonu falakka ko‘tarilgan qum to‘zoni quyosh yuzini qoplab, odamlarning ko‘zini ochirmay qo‘ydi. Agar ko‘zlarini ochganlarida ham atrofda hech narsani ko‘ra olmasdilar. Endi cho‘lda qum bo‘roniyu hamda qorong‘ulik to‘liq hukmronlik qilayotgandi. Bo‘ronning shovullagan, ba’zan kuchayib quloq pardasini yirtgudek chinqiriq tovushi quloqlarni qo‘l kafti bilan bekitishga majbur qilar, biroq bu ham yordam bermas, odamlar qum bo‘roni esayotgan tarafga oyoqlarini cho‘zib yotib olishar, boshlarini qum tagiga tiqishib, bu vahimali tovushni biroz bo‘lsa-da pasaytirishga harakat qilishardi...
...Qum bo‘roni qancha davom etganini hech kim bilmaydi, ammo bir narsa aniq: u qanday to‘satdan boshlangan bo‘lsa, xuddi shunday tugadi. Quyosh ancha pastga enib, cho‘lning qoq o‘rtasida qumga ko‘milib yotgan odamlar va tuyalarga rahmi kelgandek, nur tig‘i o‘tkirligini ancha pasaytirgan. Karvonboshi o‘ng qo‘lini qumga tirab, qum barxani yuzasiga uni ancha kuch bilan bosib turgan qumni ustidan ag‘dardi-da, turib o‘tirdi, atrofni ko‘zdan kechirdi. Ustida cho‘kkan tuyalar va odamlar bo‘lganligidan bo‘ron qumni uchirib keta olmagan, shu tufayli endi o‘zlari baland qum tepasi ustida qolishgandi. Atrof pastlikda esa mayda-mayda qum barxanlari dengiz to‘lqinidek, ammo chayqalmasdan yastanib yotibdi.
Karvonboshi karvonni halokat yoqasiga olib kelgan sabablarni qidirib, beixtiyor xayolga berildi, bo‘lib o‘tgan voqealarni birma-bir esladi. Safar og‘ir bo‘lishini aniq bilganidan tuyalarni o‘zi tanladi, necha mesh suv sarf bo‘lishini hisoblab, ortiqcha besh mesh suv oldi. Ayniqsa, odamlarni sinchiklab ko‘zdan kechirdi, har biri bilan alohida gaplashdi. Irodasi bo‘sh, avvallari qiyinchilik ko‘rmagan, safar mashaqqatlarini tasavvur ham qilolmagan odamlarni karvonga yaqin ham yo‘latmadi.
Karvon endi yo‘lga tushay deb turganda, xonlikdan vakil kelib, Karvonboshiga yo‘liqdi:
— Siz baxtli odamsiz, Shahzodamiz ham Siz birla Buxoroga bormoqni niyat qildilar. Juda mas’ul yumushni bajarmoq maqsadinda xonimiz rahnamologida safarni ixtiyor etdilar. Mana bu tuyalarni ham tuyalar safiga qo‘shingiz. Ularga ortilganlar faqat shahzodaga atalgan. Ehtiyotlik choralarini ko‘rursiz. Bu sizga ishonch, oqlarsiz... Bu borada ancha pishiqsiz. Bilurmiz...
— Tashakkur, taqsir. Xuddi aytganingizdek bo‘lur. Bunga ishonchingiz komil bo‘lg‘ay...
Karvonboshi o‘sha payti xursand bo‘lgan edi. Chunki xon arzandasining qo‘rqmas botir ekanini eshitgandi. Biroq uning fe’lini bilmasligi, hatto biron-bir arzirli gap quloqqa chalinmaganligi ko‘nglining bir chetiga soya solganligi ayni haqiqat. Shahzoda uchun maxsus yegulik va ichmoq uchun suv tayyorlanib, tuyalarga yuklangani ham ancha tinchlantirdi—bir tashvishdan qutilibdi.
Karvonboshi diqqat bilan yana esladi: xon tarafindin kelgan vakil endi qayrilib ketishga hozirlik ko‘rayotganida o‘ng yonog‘i usti pir-pir uchdi, ko‘zlari allanechuk tarzda yaltiradi.
Karvonboshi unga yana qayta tikilaman degunicha, vakil otiga qamchi urdi. Karvonboshi voqealar tizginini birma-bir xayoldan o‘tkazarkan, bundan bir hafta ilgari bo‘lib o‘tgan voqeani esladi. Karvonboshiga sodiq tuyakashlardan biri yugurib kelgandi o‘shanda.
— Taqsirim! Shahzoda chanqog‘ini hech qondira olmayaptilar! O‘zlariga atalgan suvni tamom ichib bo‘ldilar. Bizdan ham ikki mesh ketmish. Uchinchi meshdagi suvning tugashiga ozgina qoldi. Ne qilurmiz?!
Karvonboshining rangi oqarib ketdi, peshonasini sovuq ter bosdi. O‘zini tamomila yo‘qotib qo‘yishdan arang saqlab, ohista so‘zladi:
— Shahzodaga atalgan meshdagi suvdan ozgina bo‘lsa ham bormi?
— Meshda yarmi qolganda, nimanidir gumon qildimda, yashirib qo‘ydim.
— Barakalla! Ammo gumon to‘g‘risida birovga ham churq eta ko‘rma! Tezda menga olib kel, ammo buni hech kim bilmasin...
Karvonboshi oldiga sodiq tuyakash yarim kechadan o‘tganda, karvonni yurmoqqa hozirlashdan sal oldin keldi.
— Namuncha kech?
Karvonboshi javobni kutmasdan darhol yana qayta so‘radi:
— Olib keldingmi?!
— Ha!
Karvonboshi meshdagi suvdan bir qultum yutindi. Chap tarafiga burilib, qattiq tupurdi-da, jahl bilan gapirdi:
— Noinsoflar! Ablahlar! Sotqinlar!
Karvonboshi bir pas jim turdi-da, tuyakashga gapirdi:
— Bu to‘g‘rida og‘iz ochma! Churq etma! Meshni avvalgi joyiga qo‘y. Ichidagi suvni hoziroq to‘kib tashla...
Karvonboshi bu qizigan qumlar hukmronligi karvonni o‘zining tobeligiga tamomila bo‘ysundirganda bir qultum suv ham jonga teng aziz bo‘lishini bilgan rasvoning ishi ekanligini, bu ataylab qilinganini tushundi. Shahzodaning mas’ullikni sezmasdan, chanqog‘ini qondira olmay, sarob ko‘rganining sababini angladi.
Eh, Karvonboshi! Yillar davomida hayotda olgan tajribalaringdan birini ehtiyotsizlik qilib, shu safar unutibsanda! Xayoling nega parishon bo‘ldi o‘shanda?.. Nahotki bu oxirgi safarim bo‘lsa... Ey, Alloh, o‘zing qo‘lla... Barcha meshdagi suvlarni o‘zim tatib ko‘rdim-ku! Shahzodaga atalgan suvni ham tatib ko‘rganimda ichiga qora dori solinganini anglagan bo‘lardim-ku! Qora dori ichgan odamga suv bardosh beradimi? Axir u chanqash azobiga bardosh bera olmaydiku! Meshlarni boshqasiga almashtirish qiyin emasdi-ku! Landovur! Ey tavba, Shahzoda va karvonning o‘limi kimga kerak bo‘ldi ekan... Ey, xudo, marhamatingni ko‘rsat...
Karvonboshi xayolini band qilgan fikrlardan qutulib, aniq harakat qilmasa karvon suvsizlikdan halok bo‘lishini yaxshi anglab turar, biroq bu harakat nimadan iborat bo‘lishini topa olmay tobora boshi qotayotgandi. Ha, ko‘p umrning zavol topishi uchun bir odamning xatosi yetarli ekan! Endi boqiy dunyoda men bunga qanday javob qilaman, deb o‘ylayverdi, o‘ylayverdi. Qancha o‘ylaganini bilmasdan, ustidagi qumni qoqib, kun botish tarafga qaragandi, o‘zi yoqtirib qolgan zuvalasi pishiq yigitning Ka’baga qarab namoz o‘qiyotganiga ko‘zi tushdi. Uning qum ostidan o‘zidan oldin turib, Allohga ibodat qilayotganiga ichida tahsinlar o‘qidi.
Karvonboshi mabodo gavdasi ixcham, ammo ziyrak bu yigitning Naxshabning Malik cho‘li yaqinidagi Jeynov qishlog‘ida tug‘ilib, savodini toblash uchun Marv, Bog‘dod, Kufa, Madina shaharlarida bo‘lib, katta allomalardan dars olganini, uning zehniga qoyil qolishib, Hazrati Imom Buxoriyning zohiriy shogirdi, deb ataganlarini, Hazrati Ahmad Yassaviyning tariqati yo‘lida juda ko‘p ilm qilganini bilganida edi, Hazrati Bahovuddin Naqshband o‘z shogirdi Muhammad Porsoning tovonlarini o‘pganidek, Karvonboshi ham ming ta’zim ila uning poyiga cho‘kkan bo‘lardi. Afsuski, bu yigit bilan yaqindan tanishmoq Karvonboshiga hozircha nasib bo‘lmayotgandi.
Karvonboshi yigitning chap yonboshi tarafidan joy olib, bilinar-bilinmas, ammo ancha yoqimli shabadadan yengil nafas olganicha uning bilan birgalikda Allohga hamdu sanolar aytib, yuziga fotiha tortdi.
Yigit Allohga yana shukronalar aytib, yuziga fotiha tortdi va birdan nafasini to‘xtatib, diqqat bilan bir nuqtaga tikildi. So‘ngra, yigit Karvonboshini hayratga solgan, ammo buning nima ekanini so‘ray olmagan paytidagi kabi tez-tez, lekin nafasini to‘xtatib-to‘xtatib, birozdan keyin chuqur-chuqur nafas ola boshladi. Ie, yana Sizga nima bo‘ldi, deb so‘rashga ulgura olmagan Karvonboshining yonidan irg‘ib turib, yoqimli shabada esib kelayotgan tarafga o‘ttiz-qirq qadamlar chamasi chopib ketgan yigit tezda cho‘kkalab o‘tirdi-da, qo‘li bilan qumni ikki yonga to‘zg‘itib yerni kavlay boshladi. Uning bu harakati jahldan o‘ta g‘azablanib, tirnoqlari bilan yer kavlayotgan sherni eslatardi. Karvonboshi uning notabiiy bu harakatini tushunishdan ojiz, faqat hayrat bilan yigitni kuzatardi. Yigit birdaniga qum to‘zg‘itishni to‘xtatdi va osmonga boshini ko‘tarib, "Ey, Alloh" deya na’ra tortdi. Karvonboshi majolsiz bo‘lsa-da, kuchining boricha harakat qilib Yigitning yoniga yetib bordi va yillar davomida tuyaning jilovini ushlayverib qadoq bo‘lib ketgan qo‘llarini uning yelkasiga qo‘ydi. Yigitning yonoqlari ustiga hali yetib bormagan, deyarli oqishdan to‘xtagan ko‘z tomchisiga, so‘ngra yigitning qum to‘zg‘itgan joyiga avval hayron bo‘lib qaradi. U yerda yarim qarich bo‘lib, yantoqning sariq, hali yashil bo‘lishga ulgurmagan nimjongina novdasi tebranardi. Yigitning ko‘kimtir va nozik novdaning topilganiga, “Ey, Alloh!” deganicha hatto ko‘z yoshini ham yamlab yutadigan tashnalikning og‘ir yukini parchalab tashlab, dil tug‘yonini quvonchga aylantirganlik irodasiga hayrat bilan nima demoqni bilmasdan turganida yigitning deyarli shivirlayotganini eshitdi:
— Ey, Alloh! O‘zingga beadad shukr!
Yigit o‘ziga yarashgan chaqqonlik bilan o‘rnidan turdi-da Karvonboshini quchoqlab oldi:
— Ey hazrati Inson! Biz qutuldik! Biz qutuldik!
Karvonboshi yigitning quchog‘idan chiqmasdan turib, tanasidagi barcha diqqat-e’tibori bilan ko‘zlari nurining kuchini bir nuqtaga jamlab chor atrofga tikildi. Biroq horg‘in va majolsiz karvonni bu dahshatli qum o‘pqonidan chiqarib, hayotning zavqini qaytadan bag‘ishlashga qodir suvni, hatto bir kichkina ko‘lmakchani ham ko‘rmadi yoki ko‘ra olmadi. Ko‘zlarini yumib-ochib, yana bir bor tikildi, biroq avvalgi manzara takrorlandi.
Karvonboshi endi yigitni quchoqlab olib piqillab yig‘lay boshladi. Uning ko‘nglidan shunday ajoyib yigit ham talvasaga tushib, vahimaning zo‘ridan sarob ko‘rayapti, jinni bo‘lib qolib, aqldan tamoman ozib qolsa-ya, degan fikr o‘ta boshladi.
Yigit esa Karvonboshining quchog‘idan chiqib, uni bir-ikki marta qattiq-qattiq siltadi va buyruq ohangida gapirdi:
— Odamlarni chaqiring!
Karvonboshi uning gapirish ohangidan norozi bo‘lgan bo‘lsa ham, ammo bu ohangning to‘lqin zarbasi g‘ayrat suvi allaqachon tomiridan oqmay qo‘yganligi tufayli darmonsizlangan gavdasini arang ko‘tarib turgan boshiga zarb bilan urilib kuch berganidan qaqrab yorilgan lablarini arang qimirlatib, nima uchun, deb so‘radi.
Yigit to‘lqinlanib, shoshib gapirdi:
— Karvonboshi, qarang! Bu yantoq! Yantoq suv bor joyda ko‘karadi. Uning tomiri 15-20 qulochgacha yer tagiga borib, suvni shimib oladi. Agar shu yerdan quduq qazilsa, suvga albatta yetamiz!
Karvonboshi bu aytilgan gaplardan bir pas garang bo‘lib turib qoldi, so‘ngra aytilgan gapning mag‘zini chaqdi-da, yigitni qaytadan quchoqlab oldi.
Quduq qazish doirasi chizilib, odamlar ishga kirishdilar. Kimdir kamzulida, kimdir choponida, kimdir ko‘ylagida qumni uzoqroqqa olib borib tashlayverdilar. Suv daragini eshitgan odamlar tashnalikni unutishga bor iroda kuchlarini jamlab harakat qilayotgan va shu paytgacha dillarini vayron qilayotgan xuftonlikni qalblaridan asta-sekin chiqarayotganlarida, ikki quloch chuqurlikka yetgan quduqning bir cheti o‘pirilib ketdi, boshqa tarafi ham o‘pirilayotgandi. Qazilayotgan quduq tubiga ag‘darilib tushgan qum odamlarning ham umidini ko‘mgan, anchasining orzusini chil-parchin qilganidan "Oh!" deb yuborishdi. Karvonboshi nima qilarini bilmay kalovlanib qoldi, hatto yig‘lab yuborishdan o‘zini arang tiya oldi. Chunki uning ko‘z yoshlarini ko‘rgan boshqalarning ruhiy kuchi batamom sinishi aniq ekanligini sezib, o‘zini qo‘lga oldi. Shu payti u yigitning o‘ktam tovushini eshitdi:
— Tuyalar ustidagi o‘tovning kigizi, tizma, keraga va o‘qlarini olib kelingizlar! Tezroq!
Odamlar yigitning aytganlarini tezda bajarishdi. O‘tovning kigizlarini uzun tasma qilib kesishib, o‘qlarini uning ustidan kuch bilan teshib kiritishib, so‘ngra quduq devori ichkarisiga suqib kiritaverdilar. Endi quduq devori ichkariga yumalamas, o‘pirilib tushmas, ayniqsa, keraga tayoqlari va o‘tov tizim hamda tizimchalari xuddi shu maqsad uchun qilingandek edi. Bu hol odamlar qalbidagi umidni qaytadan uyg‘otdi, hayotdan lazzatlanish hislarini qitiqlab, ularning ado bo‘lgan ko‘nglini qaytadan tikladi. Bu esa so‘ngan g‘ayratni jonlantirdi. Quduq chuqurlashgan sari qumning namligi ortib borar, endi qum tuyani bog‘laydigan arqonlarga mahkamlangan, qum bo‘roni paytida tuyaning boshini qum zarralaridan saqlagan pishiq matoda olib chiqilayotgandi. Quduq chuqurligi o‘n odam bo‘yi bo‘lganida o‘tovning chang‘arog‘ini ishga solishdi. Ustiga mato to‘shalib, quduq tubidagi qum solinib, to‘rt tarafiga mahkam bog‘langan arqon tortilganidan quduq devorlariga arqonlar va changaroq ziyon yetkazmas, quduq devori ham endi o‘pirilmaydigan bo‘lgan edi.
Bu ishlarning borishi va bajarilishini kuzatayotgan Karvonboshi Yigitning aql va farosati o‘zi tushunib turgan makondan tashqarida ekanligini, foniyda bunday bilim egasi kamdan-kam ekanligini tushunib, anglab turardi.
O‘zi tushunib va anglab yetmagan xayollar og‘ushidagi, lekin quduq tubida ko‘rinayotgan tiniq suvga mengzar, ammo qalbida so‘nishga ulgurmagan orzularning qayta g‘alayonidan tug‘ilgan quvonch asirligidagi Karvonboshi asta borib, Yigitni quchoqlab bag‘riga bosdi:
— Karomat egasisiz, Sardor!
Yigit Karvonboshining chap yelkasiga iyagini bosib, sekin, lekin rad qilib bo‘lmaydigan tarzda pichirladi:
— Yo‘q! Bu ilm zahmatlarining mahsulidir!
Quduqdan suvga to‘ldirilib ko‘tarilgan mesh tashnalikdan qiynalgan, uning azobidan tobelik tuyg‘ulariga ko‘nikib kelayotgan odamlarga o‘limga qul bo‘lib qulluq qilishdek poymollangan g‘ururni yana avvalgi holiga keltirib qaytarib berdi. Endi ular qanot bog‘lab, o‘z erklarining hukmroni bo‘lib uchishga tayyor edilar...
...Karvon dadil qadam tashlar, odamlar yashash ilinjida emas, balki yaratuvchanlikning keng yo‘liga tushib olishib, farovonlikning baland supasiga chiqish uchun uzoq marralarni ko‘zlab, kelajakni mo‘ljallab, maqsad sari yurmoqda edilar. Karvon safining oxirida Karvonboshi va Yigit bir pas quchoqlashib turdilar.
— Qachon ko‘rishurmiz?!
— Alloh xohlagan paytda!