OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jumanazar Beknazar. Mehrning achchiq sinovi (badia)

1


Tog‘ cho‘qqisi uzra otilib chiqayotgan buloqning havasni keltiradigan zilol suvi shiddat bilan pastga enar, uning tomchilari quyuq va bo‘liq maysalarga, barglariga, gullariga osilib olishardi-da, so‘ngra quyosh nurlarida ajib tovlanib, xohlaganicha o‘zlarini ranglantirmoqda edilar. Maftunkor gullar bargining o‘rtasiga qo‘ngan ¬asalari ularni urug‘lantirish evaziga shirasini so‘rish bilan band. O‘z «ishi»ni mohirona bajarib, manzili tomon zuvillab uchayotgan asalaridan minnatdor gul yaproqlari goho chapga, goho o‘ngga tebranishadi. Asalari qo‘nmagan gullar esa shabadadan kuch olishib, sheriklari poyasiga suykalishadi, ularni tabriklashadi, qut-baraka tilashadi. 
Tabiatning bu g‘aroyib manzarasi xilma-xil to‘lqinlarga qarab xayol surayotgan ikki kishini mutlaqo qiziqtirmasdi. Ular umrni oqar suvga qiyoslashib, bular o‘rtasidagi o‘xshash va noo‘xshash jihatlar xususida fikr yuritayotgan bo‘lsalar-da, nimadandir qattiq tashvishda ekanliklari sezilib turardi. Ikkisining ham kumush sochlari, bejirim kuzalgan oppoq soqoli sal dumaloqdan kelgan yuzlariga yarashgan, enlikkina qoshlari bir-biriga tutashmagan bo‘lsa-da, yoysimon bo‘lib peshonadagi ajinlarini bekitib turar, yuz bichimi, bo‘y-bas¬ti bir-biriga o‘xshash bu kishilarning ko‘z qarashlari, har zamonda qoshlarini chimirib qo‘yishlari, sal qorachadan kelgan yuz terisining tiniqligi va tarangligi ularning hali ancha bardamligidan darak berar, yoshlari ulug‘ bo‘lsa-da, tanalari baquvvat ekanligi sezilardi. Miqtidan kelgani gavdasini sal egib, tez-tez uyoq-buyoqqa qimirlab, harsang tosh ustida omonatgina o‘tirar, ko‘nglidagi g‘ashlik tufayli lablari qimtilgan akasi oldida qandaydir bir noma’lum sababga ko‘ra o‘zini noqulay sezmoqda edi. Ko‘kragini to‘ldirib, tez-tez chuqur nafas olarkan, uning nimanidir aytmoqchi ekanligi ma’lum edi. 
— Aka! Onamning yalinib menga aytgan oxirgi iltimosi, bu, — deya gap boshladi u nihoyat.
 — Axir, mening yo‘qligim darrov bilinadi-ku! Odamlar, meni so‘rashmaydimi!?
 — Siz boshqa shaharga ketsangiz-chi?
 — Hech qanday sababsiz, boshqa shaharga ketamanmi, axir! O‘ylab gapirayapsanmi, ukajon? Men o‘z vijdonimga qanday qilib qarshi boraman? Bu narsani aqlimga sig‘dirolmayman.
— Nima bo‘lsa bo‘lsin, ammo siz ma’rakaga bormasligingiz kerak, aka! Tushunsangiz-chi, axir! 
— Mening bormasligim nahotki senga shunchalik kerak bo‘ldi? Hech tushunmadim, uka.
— Aka, akajon! Men dilimdagi gaplarning barini sizga botinib ayta olmayapman. Bu Onamning so‘nggi iltimosi deyapman-ku, axir! 
— Tushungin, ukajon! Nahotki, marhuma onamning hurmatini o‘rniga qo‘ya olmasam? Odamlar, qishloqdoshlarim, oshna-og‘aynilarim nima deydi?! Ularning oldida nima degan odam bo‘laman?!
— Akajon! Shu safar odamlar bilan ishingiz bo‘lmasin, o‘zingizni o‘ylang. Kelishdikmi, akajon!
— Rostini aytsam jonga tegding-da, rosayam jonga tegding. Hali ancha kun bor-ku, o‘ylab ko‘rarmiz.
— O‘ylab ham ko‘rmang, aka! Men orqali aytilayotgan onamning iltimosini bajaring, aka!
— Buyog‘i buyruq bo‘ldi-yu! Xo‘p, uka, o‘ylab ko‘ramiz....
Ukasining ko‘zlaridan oqayotgan yoshni yaqindagina boshga tushgan judolikdan deb tushungan akasi uning qo‘ltig‘idan suyab turg‘azdi-da, cho‘qqining shundoqqina biqinidagi qalin daraxtzor tomon boshladi. Ukasining hozirgina aytgan gaplarini o‘zicha mulohaza tarozisiga solayotgan akaning xayolidan shu gaplar o‘ta boshladi: «Ukam nega ma’rakaga borishimni taqiqlayapti? Mutlaqo tushunmayman. O‘zimning aqlimga yarasha dunyoni, unda yuz berayotgan hodisalarni, tabiat qonunlarini juda yaxshi tushunaman deb o‘zicha kerilib, gurrayib yurgan mendek odamni bu talab bilan hayratda qoldirsa ham, onamga nisbatan hurmatsizlik qilsam, bu menga aslo yarashmas. Axir, men farzandlik burchimni bajarishim shart-ku! Jarrohlik muo¬lajalari paytida barmoqlarimda qaltiroq boshlanib, quvvatim kamaygani aniq bilinayotgan, operatsiyadan keyin toliqib, endi jarrohlik bilan xayrlashuv onlari keldi, shekilli deb qarorim qat’iylashganda Onajonimning bir gapi bilan menda yana o‘zgacha hayot boshlangan edi-ku! Buni unutishga haqqim bormi?! Onaginam menga: «O‘g‘lim, sizdan bir so‘rovim bor, siz «Fur¬qon» surasini yaxshilab qiroat bilan o‘qishni o‘rganib oling. Har kuni eng kamida bir marta, agar imkon bo‘lsa, ikki marta takrorlang, jon bolam. Aytganimni bajarsangiz, sizdan juda minnatdor bo‘laman!», deganidan so‘ng Onamning aytganini to‘la-to‘kis bajardim. Qiroatni Zaynuddin qoridan o‘rganib, rosa pishitib oldim. Qiroatim kelishgan sari o‘z jismimda mo‘’jiza ro‘y berayotganini sezdim. Barmoqlarimda qaltirash, tanamda toliqish yo‘qolib, fikrimda tiniqlik g‘olib keldi, ham ruhan, ham jismonan bardam bo‘layotganimni aniq his qildim. Aqliy va jismoniy kuch go‘yoki g‘oyibdan berilayotgan edi menga! Balki aslida ham shundaydir. Kuchga to‘layotganimni vaqt o‘tgan sari anglayverdim. O‘shanda Onaning nozik va buyuk qalbi farzandi shuuridagi sezimlarni anglab, uning taqdirini yaxshilik nurlari bilan yoritish doimo fikri va zikrida bo‘lishiga chunon ishondim-ku, axir! Bo‘lib o‘tgan bu mo‘’jizaviy hodisani qanday qilib unuta olaman!
Ukam esa shunday ajoyib ma’suma va muslima onamizga bo‘lgan beqiyos hurmatimni o‘rniga qo‘yishdek vazifadan meni mosuvo etmoqchi?! Nega?!» 
Uning savollari javobsiz qoldi.

2


Quyoshning zarrin nurlari borliqni xilma-xil ranglarga burkadi. Yomg‘irdan so‘ng daraxt barglari va maysalar quyoshning oltin nurlarini o‘zlariga singdirib, billurga aylangan munchoqlarini bir-birlariga ko‘z-ko‘z qilishar, bu jilvalardan yanada ko‘proq zavqlanmoq va o‘z maftunkorliklarini namoyish etmoq ilinjida shabbodani o‘zlariga chorlashar edi. 
Oppoq ko‘rkam binoning quyoshga qaragan xonalaridan birida oppoq choyshabga burkanib, bir siqimgina bo‘lib yotgan onaning xonasi jim-jit. Ona ikki kundirki, notinch, u kasallikdan forig‘ bo‘lib, o‘ziga intiq chevara-evaralarini tezroq bag‘riga bosgisi, ularning yuzlaridan to‘yib-to‘yib o‘pish ilinjida yotibdi. Har yarim soatda yengil shippak kiygan o‘g‘li ona holidan xabar olib, oq choyshabining bir maromda ko‘tarilib tushayotganini birpas kuzatib, xotirjam nari ketadi.
Onaga hattoki nafas olish ham malol kelar, yuragi goho sekin, ba’zida tez urar, ko‘zini yumib intiqlik bilan kimnidir kutayotgandek edi. Kutayotgani onaning o‘ziga ayon, bu to‘g‘rida hech kimga og‘iz ochmas, aytmoqchi ham emasdi. Qani endi kutgani tezroq kela qolsayu, undan oldin so‘z ochib, otasining tayinlaganiga atigi bir safar amal qilmay, jon-dili bilan ba’zi bir narsalarni so‘rab, aniqlab olsa. Shuning uchun «Menga ozgina bo‘lsa ham muddat ber, darmonga kirib kuch olay. Hali ancha bajarilmagan, yaxshilikka yo‘g‘rilgan yumushlarim bor. Avval sendan hech narsani iltimos qilmaganman-ku!» — deya ichida iltijo qilmoqda. Axir, bu iltijo o‘zi uchun emas, balki aziz o‘g‘li uchun-ku! Axir hayotimning mazmuni farzandlarim!
Ona shu topda bir vaqtlar kimningdir «Farzandi taqdiri to‘g‘risida o‘ylamagan, qay¬g‘urmagan onaning yuragi misli sovuq tosh! Ilojsiz onlarda bunday yurak mo‘ltirab yordam so‘raydi. Ammo bu yordamni qanday olishning uddasidan chiqa olmaydi. Bundan esa uning xunobi battar oshadi. Chunki bu qabildagi yurak ajdodlaridan qaysidir birining bag‘rini bir paytlar sodir bo‘lgan gunohi Kabir tufayli basir qilib qo‘ygan» degan gaplarini esladi.
Ona dilida dam-badam paydo bo‘layotgan tilakning aniq maqsad uchun g‘oyibdan yuborilayotganiga qattiq ishonardi. Istakning hayotbaxsh kuchi ona quvonchini tobora oshirar, o‘g‘lining odamlarga naf keltiruvchi umr sohibi ekanligi bunga imkon yaratmoqda edi. U mana shu imkonning doimo mavjud bo‘lishini ta’minlash uchun bunga intilib yashadi, kechayu-kunduz Allohdan so‘rardi: «Allohim! Nafsimni jilovla, yaxshilikka unda! Men sendan boylik, mol-dunyo so‘ramayman, tan-jonimni sog‘ qil!» 
Ikki kun tobi qochdi, avvaliga tuzalib ketarman, deya unchalik e’tibor bermadi, ammo kun sayin madori qurir, ko‘zi tinar, ko‘z oldi qoron¬g‘ulashar, hech narsani ko‘rmas, boshi aylanar, ibodat mahali muvozanatini zo‘rg‘a saqlardi. Biroq dard hali-beri onani o‘z tuzog‘idan bo‘shatgisi kelmasdi. Dardni yengish osonga o‘xshamaydi, namozni yotib o‘qishga majbur. Ammo dard uni qiynashda davom etar, xastalik oyoqlari uchigacha yetib, shunday xuruj qilardiki, go‘yoki yuragi barmoqlari uchidadek rosa lo‘qillardi. Ona jon taslim etishdan qo‘rqmas, hatto bunga o‘zi ham rozi edi, ammo o‘limi o‘g‘lining taqdiri bilan chambarchas bog‘liq ekanligini bilganligi uchun dard ham ancha uzoq cho‘zilyapti, shu bois xavotiri ham juda o‘rinli edi.
Ona shularni o‘ylab: «Men hali yashayman, yashashim kerak! Eh, Xudoyim! Bu tilagimning amalga oshuviga o‘zing madad bergaysen!» — deya iltijo qilayotgan ham ediki, ohista shivirlash qulog‘iga chalindi:
— Qodirjon aka, qon bosimi tushib ketyapti. Hozir ham 100 ga 70. Kuchli dorilar bilan qon bosimini ko‘taryapmiz.
— Dorilarni ayamanglar, keraklisining barchasini topamiz. Onajonim albatta shifo topadi !
— Aytganingiz kelsin, aka!
— Surishtirdingizlarmi? Og‘riq sababi nima ekan, nimadan boshlanibdi?
— Aka, g‘ilay qassobdan ikki kilo go‘sht sotib olib, qaynatma sho‘rva qilgandik. Sho‘rvasini ichdi, go‘shtini ishtaha bilan yedi. Oradan yarim soat o‘tgach, mazam qochayapti, dedi. Shu, xolos.
— Qassobdan surishtirdingizlarmi? Yangi so‘yilgan jonliqning go‘shti ekanmi? 
— G‘ilay qassob tergovdamish. O‘g‘irlangan molning go‘shtini sotgan ekan.
— Mayli, o‘g‘irlangan bo‘lsa, jazosini tortsin. Ammo onamning dardi zaharlanishga o‘xshayapti-ku! Ichki a’zolarida aytarli o‘zgarishlar yo‘q. Faqat qon bosimi tushyapti. 
— Bu gapingizda jon bor, aka!
Ona boshqa gaplarni eshitmadi. O‘tkir, ammo sovuq uchli bir kamon o‘qi qulog‘idan teshib kirib, miyasining o‘rtasigacha qadalib borganday bo‘ldi. Sochlarining uchigacha zirqiradi: «Harom luqma yutibman-da! Aqalli shu go‘shtning qaerdan va qanaqa ekanligini surishtirmabman-a?! Endi shu luqmadan batamom xalos bo‘lmagunimcha darddan qutulmayman. Ha, uying bug‘doyga to‘lgur g‘ilay, evaramni tanimagansan yoki menga nisbatan g‘arazgo‘yliging bormidi...»
Onaning ko‘ngli aynidi, bir-ikki marta o‘qchidi.
— Qusgisi kelyapti, tez idish olib kelinglar.
Ona boshini chap tarafga burdi, qusgach yengillashdi. Qornini bosib turgan narsa yo‘qoldi, bir tekis nafas ola boshladi. «Allohga shukur! Harom luqmaning anchasi ketdi. Endi darddan forig‘ bo‘lishim oson. Faqat Allohdan madad so‘rayman», deb iltijo qildi u. Ona o‘g‘lining bezovtalanayotganini bildi: 
— Me’dani obdon yuvish zarur. Organizm poklansin. 
«Ah, o‘g‘lim-a, dardimni topding! Harom luqmaning makruh zardoblari tanamdan chiqsa albatta, oyoqqa turaman». Ona burun teshigidan rezina naycha kiritilayotganini ko‘rdi, tishini tishiga qo‘ydi. 
— Qodirjon aka, onangizni «Farishta momo» deb ataganlari rostga o‘xshaydi! Qarang, me’dasini yuvayapmiz-u, uning yuzidan nim tabassum arimaydi-ya!
— Ha, onamning chindan ham farishtasi bor!
... Shunda o‘g‘li yana o‘ylanib qoldi. Qishloqdagi katta-kichik ayollar «Momojon! Siz naq farishtaning o‘zisiz-a, sizga hammaning havasi keladi. Rosa baxtli ayolsiz-da!» — deganlarida miyig‘ida kulib qo‘ya qolardi. 
... Bahor ancha kech keldi. Hali qish zahrini qo‘yib yuborganicha yo‘q. Ikki marta laylak qor yog‘di. Ba’zan qor maydalab uchqunlaydi, qish bahorga o‘rin bo‘shatib bergisi kelmayotgandek, kunlar sovuq. Biroq bahor qishning qarshiligini sindirib, asta-asta tabiat tarozisining chuvoqli pallasini o‘z tomoniga og‘dirmoqda edi. Qishning achchiq izg‘irinlaridan zada bo‘lgan ¬xiyobon quyoshning yoqimli taftiga o‘zini toblardi. 
Karvonning oldida ketayotgan tuyalardan biriga qizaloq o‘tirib olgan. Ufqqa yonboshlayotgan quyosh o‘zgacha tusda tovlana boshladi. Chumoli ham chiqishda sirpanib ketadigan Buxoro minoralari devoridagi naqshlarni umri bino bo‘lib ko‘rmagan qizcha bu manzaraga maftunkor boqadi. 
 Karvondagilarning atrofga befarqlik bilan qarab ketayotganliklari qiz bolani hayron qoldirar, o‘zi esa osmonga, minoralar ortiga, botayotgan quyoshning qizg‘ish nurlariga suqlanib boqmoqda edi. Maysalar gilamdek qoplangan tepalikning ayni baland joyiga chiqqanida, u tuya o‘rkachi orasidan imkoni boricha gavdasini ko‘tarib, bo‘yini cho‘zadi, ammo to‘ntarib qo‘yilgan osmon qozonining faqat yerga tutashgan joyini ilg‘aydi, boshqa joylarni ko‘rolmaydi. Tepalikdan pastga tushayotganda osmon ham u bilan birga enayotgandek tuyular, bundan nihoyatda xursand edi. Navbatdagi tepalikka ko‘tarilayotganida esa xuddi osmon joyida qotib qolgandek bo‘ldi, keyingi tepalikdan o‘tganda o‘zini tobora osmon tubiga yaqinlashayotgandek his qildi. Qizaloq tong otishini orziqib kutar, adoqsiz kengliklar bag‘rida yana nimalarni ko‘rish mumkinligini o‘ylar, yorqin porlayotgan mitti yulduzlarga tikilardi.
Qizaloq yiqilmasligi uchun belidan ikki tarafga bog‘lab qo‘yilgan arqondan nozik barmoqlari bilan ushlaganicha «Yetti og‘ayni»ni kuzatar, Buxoro osmonida miltirab jimirlab ko‘zni olayotgan bu yulduzlarning shakli-shamoyili va jozibasi uni tamoman maftun etgan ediki, iloji topilsa, u qanot qoqib uchsayu, ularning yonida bo‘lib qolsa edi... 
Ertalab yo‘lga tushgan karvonning yo‘li unmasdi. Qarshi tomondan mayda yomg‘ir tomchilari aralash achchiq va sovuq shamol qizning yuziga urilar, qalin paxtali choponi, tuya junidan to‘qilgan kamzuli ham shalabbo bo‘lib ketgandi. Uning a’zoyi badanini uvishayotganini sezgan otasi tuyasini jadallatib, qiziga yaqinlashdi-da, qalin chakmonini boshi uzra tashladi:
— Qizim, manzilimiz yaqin. Huv anavi saksovulga yetib olaylik, u yog‘i bir qadam! Havo ham ochilib qolar. Yana ozgina sabr qilsang bo‘ldi.
Ota chor-tarafga diqqat bilan nazar soldi-da, karvonga “To‘xtang!" ishorasini qildi. So‘ngra qum tepaligi ustiga chiqib, allaqanday imo-ishoralar qildi, karvoni o‘ng tomonga burishni buyurib, o‘zi tepalik ortiga g‘oyib bo‘ldi. Birpasdan keyin u yana tepalik ustida ko‘nikib, “Kelaveringlar..." ishorasini qildi.
Qiz sal isigach, haligi saksovulni olazarak bo‘lib izlay boshladi. Otasi aytgan, saksovul qani? Umrida saksovulni ko‘rmaganligi bois, uni shoxlari tarvaqaylab o‘sgan, chinordan ham bahaybatroq daraxtga o‘xshatar, barglarini esa qozon qopqog‘iday kattalikda tasavvur qilardi. Saksovulga tirmashib chiqish, barglari bilan yomg‘irdan o‘zini himoyalagisi keldi. Daraxtni qachon ko‘rarkin? Tuyalar ham aksiga olib imillab odimlashmoqda. Betoqat bo‘la boshladi. Karvon esa hamon sust, ilgarilaydi. Kutilmaganda otasi "Tushamiz! Peshin namozini o‘qiymiz!", — deb qoldi. Karvondagilar ibodatga taraddud ko‘rishar ekan, qizning lab-lunji osilib ketdi. U akasi yordamida tuyadan tushdi-da, daraxt yoniga borib, uning tanasiga suyandi." Namozlarini manzilga yetgach o‘qisa ham bo‘lardi-ku! Saksovul tagida o‘qish o‘ng‘aylik tug‘dirardi. Balki ozgina olov yoqib isinarmidi? Namoz qazo bo‘lsa ham hech kim urishmasdi-ku!" — deb o‘ylar ekan, u suyanib turgan daraxt o‘z-o‘zidan titray boshladi. Etni yana ham junjiktiradigan achchiq shamol esib, qizning sochlarini tortqilab o‘tdi. U beixtiyor shamol esgan tarafga qaradi va tarashadek qotib qoldi: o‘rta yoshlardagi oppoq libosli ayol unga ma’noli tikilib turardi. Ayol qo‘li bilan unga nimalarnidir ishora qildi. Ayolga tikilgani sari, qiz bola badaniga tarqalayotgan jimirlash kuchini his qilmoqda edi. O‘z yurak yurishini siniq eshitdi: duk-duk-duk. Lahza o‘tib, yurak urishi sekinladi, ajabo bu qanday hol? U boyagi ayoldan ko‘zini uzolmasdi, ammo qo‘rquv ham uni butunlay tark etgani yo‘q. Saksovulni mahkam quchoqlar ekan, kuchli turtki tufayli saksovulni quchoqlagan barmoqlari bir-biridan ajralib ketdi. Oyoqlaridan mador yo‘qoldi, tizzalari o‘z-o‘zidan bukilib daraxt tagiga yiqildi...
O‘shandan beri ko‘p yillar o‘tdi.
... Boshida g‘uvullagan og‘riq turdi. Bosh barmog‘i bilan ikki ko‘zi o‘rtasini bosib tursa, og‘riq yo‘qolardi. Xuddi shunday qilmoqchi bo‘ldi, biroq qo‘llarini ko‘tarish tugul, barmoqlarini ham qimirlata olmadi. Ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari orasida silliq, biroz mayin, qalamga o‘xshashroq narsa yotganini bildiyu, ammo uning nimaligini aniqlay olmadi. O‘ng qo‘lini yon tomoniga siljitib, kaftini yumdi, baribir bilolmadi. "Ie, qimirlatmang, Onajon! Igna chiqib ketadi!", — deya hamshira yugurib yoniga keldiyu, uni baridan ogoh etdi.
“Ha, tomirimga osma dori berishayotgan ekan-da! Yaxshi hamki qo‘limni tortib yubormapman ", — deya xayolidan o‘tkazdi kampir. Qizning shirali tovushi qulog‘iga yoqdi. Tuzalsam, shu qizni chevaramga kelin qilaman, deya niyat qildi. Onaizor ziyrak ko‘zlarini ochib, yoqimtoy tovush sohibasiga, uning bo‘y-bastiga qaramoqchi bo‘ldi, biroq ko‘zlarini ocholmadi.
Ha, qaribdi, kuch-quvvatdan qolibdi, kundan-kunga orqaga ketyapti, narigi dunyo bir qadam, o‘z o‘limini ko‘z oldiga keltirib, chuqur “uf" tortdi. Qulog‘iga yoqimsiz gaplar chalina boshladi:
— Nafas olishi tezlashayapti.
— Ha, hushiga kelayapti, shekilli.
— Tomir urishi, qon bosimi yaxshi.
— Hali qorin bo‘shlig‘idan shikoyat qilayotgandi, yaxshilab qaradingizmi?
— O‘g‘li ko‘rib, ko‘richakka o‘xshaydi, deb aytdi.
— Har ehtimolga qarshi operatsiyaga tayyorlanglar, biroq bu haqda o‘zi zinhor eshitmasin, deb tayinladilar.
— Ha, shunaqaga o‘xshaydi. Tomiriga qancha suyuq dorilar ketdi?
— Hozirgacha ikki litrga yaqin.
— Yaxshi! Jim, Qodirjon aka kelayaptilar.
 Ona o‘g‘lining ismini eshitib sergak tortdi. O‘g‘li boshida parvonami, darddan butunlay forig‘ bo‘lishi aniq! Endi Onaning ko‘ngli to‘q. U o‘g‘li o‘ng bilagini paypaslayotganini, uning tafti butun vujudiga tarqalayotganini sezdi. Ona tanasiga tarqalgan yoqimli quvvat tufayli darmonsizlik jimirlab tovonidan chiqib ketayotganini ilg‘adi. Tomiri o‘g‘lining barmoqlari tagida urib turibdi. Go‘yoki bir-birlariga jisman bog‘lanib qolgandek edilar. «Quvvatini Onasidan ayamagan jon bolam, senday mehribon bormikan dunyoda, senga bergan mehrimni qaytarding-a, bolam!", — deya ona qalbi olam-olam quvonchga to‘lib, fikrini bir joyga jamladi, bisotidagi eng yaxshi so‘zlarni bolasiga ilinmoqchi bo‘lgan ediki, o‘g‘lining barmoqlari titrayotganini aniq sezdi va bundan bir necha yillar oldin sodir bo‘lgan voqea yashin tezligida birma-bir xayolidan o‘tdi....
 .... Bahor chor tarafga o‘z sepini, ko‘rku jozibasini yoygan kunlarning birida otasi uni yoniga chaqirdi:
— Qizim, senga anchadan beri muhim bir gapni aytaman deb yuraman. Bugun shu gapni aytish buyurilgan ekan. Ilk bahorda safarga chiqqanimiz esingdami? Sen saksovul tagida hushingni yo‘qotding, daraxt tanasiga suyanib yiqilganingda namoz o‘qiyotgan edim. senga Namozni buzish mumkin emas. O‘shanda nima bo‘lganini sen ham aytmading, men ham so‘ramadim. Qizim, o‘shanda qandaydir mo‘’jiza sodir bo‘ldi. Chunki saksovulning kichkina shoxlari qora ko‘mirday kuyib qolgan, kurtaklari o‘rnida qora qurum hidi kelayotgan katta-katta nuqtalar yaqqol bilinardi. Shu sehrning oqibati qanday tugashini yoki nima bo‘lishini bilmoqchi bo‘lib, katta umid va sabr-toqat bilan kutdim. Xayolingdan noxush fikr o‘tgan bo‘lsa, o‘shanda sen jazo olishing muqarrar edi. Ammo unday bo‘lmadi, Xudoga shukr, ikkita o‘g‘ling bor, hayotingda kamchilik yo‘q.
Ko‘p yillar o‘tgach, o‘sha saksovulni borib ko‘rdim. U butkul qurigan ekan. Sheriklari yashnab turishibdi. Doimo o‘ylayman: nega bu saksovul qurib qolgan? Sening hayotingda bir mo‘’jiza ro‘y berishini kutib yashadim. Balki baxtli yashayotganingning o‘zi mo‘’jizadir. Qizim! Men orzu-umidlar bilan yashadim. Sen ham orzularing ro‘yobi uchun intilib yasha! Men ko‘ra olmagan mo‘’jizani sen, albatta, ko‘rasan. Qalbingda doimo yaxshiliklarga, ezgu ishlarga umid bo‘lsin! Saxiylik shioring bo‘lsin!
Hech kimga aytmagan bir sirim bor. Men Buxoroda madrasa tahlilini tugatib, Bag‘dodda bilimimni charxladim, subhidam yo‘lga tushdim. Quyoshning zarrin nurlari atrofni ajib go‘zallikka burkagan borliq go‘zal edim. O‘rta yoshlardagi oppoq kiyingan ayolga duch keldim. Uning oyoqlari yerga tegmas, yurmas, balki havoda suzardi. Endi anglasam, u farishta ekan. Uning pandu nasihatlariga hayotim mobaynida to‘liq amal qildim, qizim. Halol yashadim, ishimga, ro‘zg‘orimga harom luqma aralashtirmadim.
Qizim! Ulug‘ bir avliyodan bobom eshitgan ekanlar: “Agar uch avlod vakillari halol yashab, nafslarini jilovlashsa, har xil harom luqmalardan hazar qilishsa, yaxshilik bilan o‘zlariga gard yuqtirmasalar, ulardan oxirgi bittasiga farishta ko‘rinar erkan. Keyingi avlodlaridan biri mashhur alloma bo‘lib, el orasida katta obro‘ga ega bo‘larkan. Men esa qanoat qasrida umrguzaronlik qilganlarning bir vakiliman.
Men halollik, saxiylik tariqatiga amal qilganligim uchunmi, , yoshim to‘qson to‘rtdan o‘tdi. Senga ham, qizim, farishta uch marta ko‘rinur. Lekin undan hech narsa iltimos qilma, talab qilma, so‘rama! Chunki farishtaning o‘zi sening dil sifatlaringga yarasha jazo yoki mukofatlashni Egamning o‘zidan so‘raydi.
Qizim, ko‘ngling noma’qul ishlarga hech moyil bo‘lmasin. Shunda sen, inshoolloh, uzoq umr ko‘rarsan. O‘g‘lingning hayoti ham senga bog‘liq. Bilib qo‘y, qizim, Alloh nazari tushgan pok axloq egalari, benazir insonlarga bilib yo bilmay qilgan gunohlari uchun berilajak jazo katta va og‘ir bo‘lur. Bunday gunoh uchun omi odamlarga ba’zan jazo ham ravo ko‘rilmaydi"...
Qiz otasining hikoyasini tinglay turib: "Men ham shu farishtani ikki marta ko‘rdim, otajon!", — deb yuborishiga bir bahya qolgan edi o‘shanda. Bunga otasining titragan barmoqlari xalaqit berdi. O‘g‘lining titragan barmoqlari o‘sha damlarni yodiga soldi: “Otamning nevarasi-da, ey hudoyim, mo‘’jizangdan aylanay!", — deya mahzun jilmaydi Ona. Ona o‘g‘lidan otasining yana boshqa xislatlarini topmoqchi bo‘lib, asta ko‘zini ochdi.
— Yaxshimisiz, Onajon! Tomir urishingiz me’yorida! Nasib etsa, hammasi yaxshi bo‘ladi.
— Yaxshi bo‘lishimni bilaman, bolam. Sen yonimdasan-ku! Yana qanday tashvishga hojat bor, bolam? Onaning ajin bosgan yuzidagi ilinj ko‘ziga ko‘chdi, ko‘ngli iyib ketdi, ich-ichiga cho‘kib ketgan ko‘zlarida g‘iltillagan yosh aylandi.
Ona o‘g‘lining peshonasiga qo‘lini qo‘yganini sezdi. Bu kaft naqadar issiq, naqadar taftli. O‘g‘lining olis bolaligi ko‘z o‘ngidan o‘tdi. O‘g‘lini o‘qishga jo‘natgani, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagani sharafiga uyushtirilgan to‘ylar, davrada barcha o‘ziga hurmat bilan tikilib qarashgani, bundan faxrlangani, hamma-hammasi yaxlit bir badiiy filmga o‘xshab ketadi. O‘g‘limni ko‘rishga borayapman, deya faxrlanib qishloqdan shaharga jo‘naganlari-chi? Qanday maroqli damlar edi. 
O‘g‘li muloyimgina barmoqlarini uning o‘ng yonboshiga ehtiyotkorona bosdi. Ko‘z oldi negadir tinib ketdi. Og‘riqning zo‘ridan ko‘zlarini yumib, “ih!" deb yubordi.
— Onajon, taqdir ekan-da. Operatsiya qilmasak bo‘lmaydi!.
 — Nega endi, bolam!
— Ko‘richak bo‘libsiz, Onajon! Olib tashlamasak, u yorilib ketadi.
— Operatsiyangni ko‘tara olmasam kerak..
— E.e.e., Onajonim-ey! hali juda baquvvatsiz, qolaversa, yoningizda men borman.
— G‘ilay qassobning harom luqmasi ko‘richakka tiqilib qolibdi-da, bolam, —     Ona shunday deya miyig‘ida kulib qo‘ydi va hayot tashvishlarini ko‘nglida kamaytirib, kamaytirishga kuchi yetmaganlarini esa barmoqlarida qadoqqa aylantirgan, jarrohlik muolajalari bilan ko‘plarning hayotini saqlab qolgan mehribon o‘g‘liga bemajol tikildi. 
Ona o‘g‘lining beozorgina kaftidagi mehrni sezdi. Ko‘zlarini ochib, o‘ziga diqqat bilan tikilib turgan o‘g‘lining ko‘zlariga tik boqdi: o‘g‘lining nigohlari tubida uchqunsimon sariq-qizil ingichka nurni ilg‘adi. Ona o‘sha nurdan hali umrida sezmagan, payqamagan yoqimli to‘lqin peshonasiga urilganini ham anglagandek bo‘ldi. O‘g‘lining kaftidagi jimir-jimir o‘sha nur uning tanasiga o‘tib olgandek bo‘ldi. Ona qalbiga quloq tutdi: Boshini cho‘lg‘ab olgan to‘lqinlar kaftidagi sezgi bilan uchrashib, bir-birlariga singishib ketdilar. Bu holat qalbining mudroq imkonlarini rag‘batlantirib, iroda qudratini oshirib yubordi. Bu holni aniq payqagan Ona boshini o‘g‘li tarafga sal qiyshaytirib, dadillandi:
— O‘g‘lim, senga muhim gaplarim bor. Operatsiyadan keyin aytsam maylimi, o‘g‘lim?
— Mayli ,Onajon, mayli.
Ona bilagini siqib ushlayotgan o‘g‘lining barmoqlari titrayotganini ko‘rib xayolan: «Eh, o‘g‘lim-a, meni deb qancha jabr chekding! Senga ortiqcha yuk bo‘lmasdan tinchgina narigi dunyoga ketsam bo‘lmasmidi!? Ey, Alloh, bolajonimga ortiqcha tashvish tug‘dirmay, jonimni tezroq ola qolgin» deya oh chekdi.
Shifoxonada favqulodda holat!
 — Yuragi notinch urayapti! Tinchlantiruvchi doridan ukol qilinsin!
— Xo‘p, hozir!
Ona butun tanasiga yoqimli bir iliqlik taralib, ayniqsa boshida va ko‘ksida rohatbaxsh holat ro‘y berayotganiga amin bo‘ldi. 
— Bolaginam umridan baraka topsin! Ikki marta operatsiyada ham jonimni saqlab qolgan! Bu safar ham shunday bo‘ladi, ishonchim komil. Allohim, o‘zingga tavakkal qilaman! Ilohim, do‘st -dushmanlar oldida yuzimizni yorug‘ qilgin! O‘g‘limning boshi g‘amdan egilmasin. Bahovuddin Balogardon hazratim, mudom o‘zingiz balolardan saqlagaysiz! O‘tgan safar ham shul hazratning ruhi balo-qazolardan saqlagan edi. 
Xayol uni olis yillarga boshlab ketdi...
... Gumbazi moviy, eshiklariga jimjimador bezakli, kungirador qoshi jilvalanuvchi naqshlar bilan qoplangan obida. Boshiga oq, ammo moviyga tobroq salla o‘ragan savlatligina nuroniy kumush rang hassasiga suyanganicha viqor bilan obidaga hayratomuz tikilib turibdi. Nuroniyning qattiq tikilayotgani uni bir tarafdan xijolatga solayotgan bo‘lsa, boshqa tarafdan, tikilishning boisi nima ekanligini tushunmayotganidan buni so‘ramoqchi bo‘lib, old tarafga intildi. Biroq chol oldida qandaydir bir to‘siq borligini sezdi va uning o‘ta shaffof devor ekanligini angladi. Ona bu devordan o‘tmoqchi bo‘lib bir necha bor urindi, biroq buning uddasidan chiqa olmadi. Yon-veriga hayron bo‘lib qaradi, lekin uni tutib turuvchi hech narsa yo‘qligini bilgach, hayronligi yana oshdi. Bu devorning haqiqatan ham mavjud ekanligiga u qat’iy ishonch hosil qildi va bu mustahkam devorni hozirgi quvvati bilan yengib o‘ta olmasligini, ojiz ekanligini tan olib, yordam so‘rash ilinjida umid bilan mo‘ysafidga tikildi. Nuroniy unga yana bir pas qarab turdiyu, boshini yon tomonga bir necha bor qimirlatib, “Fikringni uqdim, muridim. Biroq so‘rashing befoyda", degandek bo‘ldi va o‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘i bilan osmonga ishora qildi. So‘ngra sekin burilib, tepalikning narigi tarafiga shoshmasdan tusha boshladi. U qo‘llarini old tarafga cho‘zib, Nuroniyga intildi, ammo shaffof devor unga yana xalaqit berdi. Jahl ila shaffof devorga musht tushirmoqqa ahd qilganida, tepalik orqasida arang boshi ko‘ringan Nuroniyning “Bunday qilish yaramas axloqdan nishonadur" degandek bosh irg‘aganini payqadi va shu zahoti bu qaroridan qaytdi.
“Axir, men sizning nima demoqchi ekanligingizni bilmog‘im zarur!" deya baqirmoqchi bo‘lgan edi, yuzini kafti bilan silayotgan nevarasining gapidan uyg‘onib ketdi.
— Momojon! Yotgan joyimda meni ko‘kragimdan itarib uyg‘otib yubordingiz.
— Hali men seni ko‘kragingdan itardimmi, bolaginam?! Shu qo‘llarim senga doimo parvona bo‘lib, xizmatingni qilib, jazosini tortsin!
 Onaning uyqusi qochdi. Nevarasining ustiga ko‘rpani yopib qo‘ydi. “Axir, men hazrat Bahovuddin Balogardon pirimni tushimda ko‘ribman-ku!", — deya ruhi yorishdi. Onaning ko‘rgan tushini yana bir bor eslashga urindi. Ko‘nglining bir chetida xavotir. “Pirim nega tepalikning narigi tarafiga enib, mendan uzoqlashdilar? Ishoralari ma’nosi ne erkan? Yo‘q, mendan Hazrat emas, balki men Hazratdan uzoqlashibman. Ul tabarruk zotning abadiy qo‘nim topgan joylarini ziyorat qilmaganimga bir yildan oshdi-ya! Turmush tashvishlariga o‘ralashib iymon-e’tiqod butunligidan bir qadar chekinibman. Nafsimning quliga aylanib qolmadimmi? Iymon zaifligi sabab loqaydlik imorati ichinda qolibman-a! Yo, Alloh, o‘zing kechirgaysan, katta gunoh qilibman! O‘zim o‘rgilay Sizdan, Bahoviddin Balogardon pirim, gunohlari yana ko‘paymasin deb tushimga kiribsiz-a!" 
Ona o‘rnidan turdi-da, ikki rakaat namoz o‘qidi va ulug‘ pir Bahovuddin Balogardonning qabrini ziyorat qilmoq taraddudini ko‘ra boshladi. 
“Qancha mashaqqat chekib, maqsadingga erishsang, uning rohati shunchalik lazzatli bo‘lur". Bu gap ne uchun xayoliga keldi, o‘zi bilmaydi, ammo haqiqat ekanligini anglagan Ona piyoda yo‘lga tushmoqni niyat qildi. Kenja o‘g‘lining, «Tayyor ulov turganda piyoda yurishga ne hojat, Ona! — deya ming tavallo qilmasin, Ona shashtidan qaytmadi.
Ona oppoq surp ko‘ylagi ustidan dokani ko‘krak aylanasi bo‘ylab hafsala bilan uch marta aylantirib o‘radi. Allohning qazo qadardagi hikmatini anglagan qalbi bilan “Fotiha" surasini ixlos bilan o‘qigach, toza oq shohiga o‘ralgan “Qur’oni Karim"ni avaylabgina qo‘liga oldi-da, uch marta o‘pib va navbatma-navbat uch bora peshonasiga tekizib, chap biqiniga qo‘ydi, ustidan yana oq doka bilan ko‘krak aylanasiga mahkam bog‘ladi. Ustidan oq harir ko‘ylagini shoshmasdan va hafsala bilan kiydi. Momo “Qur’oni karim"ning yuragiga lazzat bag‘ishlayotganini his qilib Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi a’layhining: “Qur’oni Karim ko‘taruvchi Islom bayrog‘ini ko‘taruvchidir. U Alloh taoloni ulug‘lash uchun behuda so‘zlovchi bilan behuda so‘zlashmasligi, unutuvchi bilan unutmasligi,bemaza ila bemazalik qilmasligi kerak. Uning birovda hojati bo‘lmasin. Birovning unda hojati bo‘lsin" degan gaplarini esladi va o‘zida ruhan inja shodlik hislari yugurayotganini aniq his qildi va bundan juda yayrab ketdi. 
G‘ayrati jo‘shgan Ona yo‘lda horiganini mutlaqo sezmadi, go‘yo Hazrat qadamjoysi sari har odimlaganida tanasi poklanayotgandek o‘zini yengil va xushhol sezmoqda edi. Yonidagi kenjasining injiqiklariga unchalik parvo qilmas, tobora qadam olishini tezlatardi. Ona bu g‘ayrat o‘ziga piri komili Bahoviddin Balogardon hazratlari tarafidan yuborilayotganiga ishonar, bunga ishonchi ortgan sari madori ortib, tamoman yangicha bir odamga aylanib borayotganga o‘xshardi. 
Hazrat qabrini ziyorat qilayotgan chog‘da nafasi tezlashib, yuragi bezovtalandi, tanasi qizib ketdi, qalbida yengillik paydo bo‘lib, yuragining tub-tubidagi g‘ashlik tamomila yo‘qoldi. Ana endi rahmoniy ruhning g‘olib bo‘lgani bilinayapti. Iymon zaifligi ham chekindi. Iroda qudrati oshganligi uchun Baxoviddin Balogardon piriga tahsinlar aytib, Allohdan ul zotning botiniy quvvat beruvchi xislatidan barcha ziyoratchilar bahramand bo‘lishini tilab, ko‘zda yosh bilan iltijo qildi. Momo Allohning haybatini, kuch-qudratini butun shuuri bilan yaqqol sezdi. Dil istagini mukammal bajo aylab, yana piyoda iziga qaytdi. Ziyorat maqomida qizigan tanasi hali beri damini yo‘qotay demas, tashlayotgan qadamlari dadil edi. Yo‘lning yarmini bosib qo‘yayozdi. Ona o‘zini lohas seza boshladi, og‘zi qurib, chanqash azobi ham qo‘shildi. qadam olishi o‘z-o‘zidan yo‘l chetida, daraxtlar soyasida tarvuz sotayotganlar tarafga burildi. Kutilmaganda issiq garmsel yuziga urildi va bundan ko‘ngli behuzur bo‘ldi. Bundan bir necha yillar avval Abu Dardo roziyallohu anhuning aytganlarini kitobda o‘qigani yodiga tushdi: “Agar uch narsa bo‘lmaganda bir kun ham yashashni istamasdim: kunduzi Alloh uchun chanqash, kechasi uchun Allohga sajda qilish, so‘zlarning yaxshisini tanlab gapiradigan qavmlar suhbati". Ona hozir juda chanqaganligi sabab Bahoviddin Balogardon piri hazratlari uning qalbida ozmi-ko‘pmi iymon zaifligi ro‘y berganini payqaganligida deb bildi. «Allohdan yuborilajak savobning kamayib qolmog‘indan ogohlantirildim shekilli, u Pirning tushiga kirganligi ham bejiz emas». 
Uyum o‘rtasidagi bir tarvuz Onaning ko‘ziga cho‘g‘dek ko‘rindi. Uning rangi havas qilarli darajada tiniq, po‘stlog‘i taram-taram kashtasi boshqalaridan naqshinkorligi bilan yaqqol ajralib turar, silliqligidan quyoshda tovlanardi. Ona uni xarid qilmoq niyatida tarvuz egasini qidirdi. Ammo, uyum chetida egasi ko‘rinmasdi.
— Bolam, tarvuzning egasi kim ekan? — deya atrofga ko‘z tashladi Ona.
— Egasi amakimiz Abdusattor. U har doim shu joyda tarvuz sotadi. Kelganidan keyin pulini to‘layveramiz-da, — dedi o‘g‘li.
— Chindan ham Abdusattormikan? 
— Ko‘p marta ko‘rganman! 
— Undoq bo‘lsa, huv o‘rtadagi kattakonini ol, bolam. 
Ona tarvuzdan endi chanqog‘ini qondirgan ham ediki, tarvuz egasi kelib qoldi. Tanidi, jahldorligi va farosatsizligi barobarida andisha bilmaydigan qishloqdoshi Karimberdi edi. 
— Nega, birovning tarvuzidan ruxsatsiz oldingiz? 
— Biz Abdusattornikimikan, deb o‘ylabmiz! — deya o‘g‘li hijolatlandi. 
— Abdusattorniki, ana, o‘ng tomonda. Sizlar atay mening jahlimni chiqarish uchun shunday qilgansizlar. Nafslaringiz olovlanibdi-da, a, Onajon?!
— Bolam, achchiq qilma, tarvuzingning narxini ayt, so‘raganingni beramiz.
— Narxini oldin kelishish kerak edi, endi foydasi yo‘q, rozimasman. 
— Bitta tarvuzga shunchami, Karimberdi aka! Agar bitta tarvuzingizga achinayotgan bo‘lsangiz, men sizga o‘nta olib kelib beray! Ammo bizlarni ranjitmang. Qancha bo‘lsa ham narxini ayting, aka! 
— Bepisand qildingizlar! So‘rashlaringiz kerak edi.
Ona Karimberdining haq ekanligini, o‘zlari ham shoshma-shosharlik qilishganini, egasini surishtirmay, uning roziligisiz nojoiz ish qilishganini, nafs balosining sabr-qanoat ustidan g‘olib kelganligini anglagan Ona afsuslangannamo qiyofada turar ekan, Karimberdi o‘lganning ustiga tepgan qilib shunday dedi: 
— Hattoki payg‘ambarimiz ham so‘ramoq farz, deganlar. Sizlar esa...
Ona bu gapni eshitib joyida bir qalqib tushdi. Tashnalik qursin! Sabr-qanoat qilsa bo‘lardi-ku? Beixtiyor tilida shu kalimalar aylandi: “Laa ilaaha illallohu, vahdahu laa shariyka. Laht, lahil mulku va lahul hamdu huva alaa kulli sha’in qodiyr".
Jim turish himmatni jamlash, fikrni sozlash, g‘azab — aqlning kushandasi va kishanlovchisi, deydilar. Allohning hifzi va yordamiga bandasining doimo hojati bor. O‘z izzatini havoyi nafsidan ustun qo‘ya olmaydi. Nega shunga aqli yetmadi, g‘ururi, ori qayoqda qoldi? Ona o‘rnidan turdi. Karimberdining oldiga borib, qo‘llarini ushladi: 
— Bolam, meni kechir, gunoh qilibmiz! 
— Ana endi shu gunohni umr bo‘yi ko‘tarib o‘tasiz, momojonim! 
— Unday dema, bolam! Bolalaringning baxtini va huzurini ko‘rgin, bolam! Ilohim, Bahovuddin Balogardon pirimning ruhi u dunyoyu bu dunyoda seni qo‘llasin! 
— Bahovuddin piringiz mening tarvuzimni qaytarib berarmidi, momo, qani ayting-chi?!
Onaning boshiga birov to‘qmoq bilan zarba bergandek bo‘ldiyu, miyasida qattiq og‘riq paydo bo‘ldi. Quloqlari allaqanday xushtaksimon dag‘al tovushdan shang‘illadi, ko‘z oldi qorong‘ilashdi. G‘azab o‘tini sochmoqchi bo‘lgan ham ediki, xayoliga quyidagi so‘zlar quyilib keldi: "Allohumma, laa ya’ti bilhasanati illaa anta va laa yadfa’us Sayyaati illaa anta. Va laa havla va laa quvvata illa bika." Bo‘g‘zidagi g‘azab to‘lqini birpasda pasaydi. 
Ona Karimberdi bilan gap talashish foydasizligini bilgach, u bilan adi-badi aytishishni bas qildi. O‘g‘li tomonga yig‘lamoqdan beri bo‘lib yuzlandi: 
 — Bolaginam, nima qilib bo‘lsa ham Karimberdini rozi qil. Kelishini kutsak bo‘lar ekan. 
“Bitta tarvuz anqoning urug‘i emas-ku, Karimberdi aka! Onamni ranjitdingiz! Oling, qancha so‘rasangiz beray!". Bu — o‘g‘li, ammo nuriydasining bozordagi qallobga yalinib-yolvorishi ham ish bermayotganligidan ko‘ngli battar o‘ksidi. Uyga madorsiz kirib keldi-yu, to‘shakka yotib, yostiqqa boshini qo‘ydi. Ko‘zlari osongina yumildi. Qanchadir, balki, uch-to‘rt soat o‘tgach, o‘ng qovurg‘asining ostida qattiq sanchiq turganidan uyg‘onib ketdi. Bu sanchiqdan baribir xalos bo‘lolmadi-da. 
... Ikkinchi operatsiyaning beshinchi kuni. Endi o‘ziga kelib, darmonga enayotgan mahali. Kun peshindan sal og‘di. U derazaga kelib qo‘ngan oq kaptarni ko‘rdi. Kaptar Onaga kiprik qoqmasdan tikilib turardi. Muncha chiroyli bo‘lmasa bu jonivor? Oppoq bo‘ynidagi qora xoli yarashib turibdi. Qush ichkariga uchib kirdi-yu, momoni hayratda qoldirib ulkanlasha boshladi. G‘aroyib mo‘’jiza bemor boshi uzra nimadir qattiq chirsilladi, tovush zarbidan ko‘zini yumdi. Oppoq harir libos ichida nim tabassum qilayotgan ayolga ko‘zi tushdi. Bolalik davrida, saksovul yonida ko‘ziga ko‘ringan ayolning aynan o‘zi! Yo, alhazar, farishta deganlari mudom bir xil yurarkan-da. Xayal o‘tmay, qarshisidagi farishta tilga kirdi! 
— Men Sizning farishtangizman. Siz bilan ilk uchrashuvimiz esingizdami? Ko‘nglingizga gunohga moyil fikr kelganda, otangizning namozini buzmagani sizni jazodan saqlab qolgandi. Jazo saksovulga tegdi. Otangizning Sizga aytganlarini takrorlamayman. hali qalbingizda yig‘ilgan rahmoniy kuch iroda zaifligi tufayli nafs balosining quvvatini sindira olmabdi. Toki yuragingiz nafs balosining havas va intiqlikni qitiqlovchi yomon sifatlarini daf qilishga yetarli quvvatga ega bo‘lmas ekan, sizning iymon kuchingiz ojizligicha qolaveradi. Isboti shuki, Shaytonning tarvuz ko‘rinishida qo‘ygan tuzog‘iga ilinib, axloq pokligini saqlay olmay, e’tiqod zaifligini namoyon qildingiz. Yaxshi hamki, Shayton tarafindin yonlangan ojiz bandaning qutqusiga uchmay, e’tiqod mustahkamligini oshkor etganingiz inobatga olindi. Biroq Alloh sevgan bandasi qalbida dilning muslim quvvati ojizligi namoyon bo‘lganda jazo belgilanishi tayin. Shu safar ham Bahovuddin Balogardon ruhidan madad so‘raganingiz berilajak og‘ir jazoni yengillashtirdi. Va yana siz Nabiy Sallallohu alahi Vassallamning “Yaxshiliklarni Sendan o‘zga keltirmas. Yomonliklarni sendan o‘zga qaytarmas .Sendan o‘zgada kuch ham yo‘q, quvvat ham yo‘q", degan so‘zlarini aytganingiz Sizni jazodan butunlay xalos etdi. Va bizga shuni aytish buyurildikim, hakim o‘g‘lingizning foniy dunyodan boqiylikka safar qilishi sizning umringiz poyoniga yetganidan so‘ng yana o‘n marta muborak ramazon oyi o‘tgandan so‘ng ro‘y beradi. Biroq bunga iymon-e’tiqod butunligi ta’sir qilishi ham uqtirildi. Rahmoniy ruh g‘olib kelaversa, orzuga erishmoq uchun intilish ham shunchalik qudratli bo‘lur...
Shu so‘zlarni aytgan farishta oq kaptarga aylandi-da, uni taajjubda qoldirib osmonu falakka ko‘tarilib ketdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, ona qalbida irodaning botiniy qudrati o‘g‘lining mehri tufayli uyg‘onganiga ishonch hosil qildi. O‘g‘liga mehrini bergan sari u ruhiy kamolotga erishib, yashirin imkoniyatlari kengayayotganini sezyapti. Allohga pinhoniy muhabbati oshganligidan xuddi dard ko‘rmaganday bo‘lib, ilohiy bir g‘ayrat bilan uyiga qaytdi. Taxminan ikki oylar o‘tgach, bomdod namozini tugatib, nonushtaga o‘tirgan ham ediki, oldiga kenja o‘g‘li kirdi:
— Onajon, sizdan iltimosim bor, yo‘q demang!
— Ah, jonim, o‘g‘lim-a! Sen iltimos qilasanu, men yo‘q deymanmi? 
— Karimberdi kelibdi, sizda gapi bor ekan. 
— O‘shanda rozi qilganding-a, bolam?
— Ha, albatta! “Ancha qo‘pol gaplarni bilmasdan aytib yuboribman. Onaxonga ayting, kechirim so‘rayman", — deb kelibdi.
Kechirimli bo‘lish ham Allohning bandasiga bergan yaxshi sifati, iymonning poydevori mustahkam ekanligiga dalil sifatida uzrining qabul qilishini bir banda so‘rab kelibdi. Yo‘q dermidi, rozi bo‘ldi. 
— Mayli, kiraversin, bolam.
Onaning huzuriga kirib kelgan Karimberdining oldingi kelbatidan asar ham qolmagan, ozganidanmi yoki biron azob beruvchi dardi borligidanmi, qaddi egilgan, yuzi qayg‘uli, ko‘zlari nimadandir yoki kimdandir umid qilayotgandek boqar edi. “Assalomu alaykum" deya ruhsizgina salomlashdi. 
— Onajon! — boshini egib, sekin, shikasta ovozda gap boshladi Karimberdi. — Meni kechiring, o‘shanda men sizning dilingizni behuda og‘ritdim. Nega shunday bo‘ldi, o‘zim ham tushunmayman. Sizni xafa qilmoqchi emasdim. Ana shu ahmoqona qiliqlarim uchun bo‘lsa kerak, chap ko‘kragimning terisi oqarib ketdi. Pes bo‘libman, onajon, men gunohkor bandaning aybidan o‘ting. Meni kechiring,Onajon!
Karimberdining ko‘zlarida yosh qalqidi. Sho‘rlik g‘aflat uyqusidan uyg‘onibdi-da, Shaytonga qul bo‘lishning azobini ko‘ribdi. Ammo gunohlardan dimiqqan dil makonini e’tiqodning pok havosiga almashtirib ulgurmagan odamning ko‘nglini tergamoqdan ne naf? 
— Bolam! Bu voqeani unutib yuborganimga ancha bo‘ldi. Men ham oppoqmasman. Gunohimizga yarasha tanbeh olganmiz, Karimberdi, o‘g‘lim! hech qanaqa yomon niyatim yo‘q. Yomon niyat tilamayman ham. Ilohim dardlardan qutilib, pok niyatli odam bo‘l! Allohim seni quvvatlasin, omin!...
"Ha, har gal Hazrat Bahovuddin Naqshband balo-qazolardan saqlaydi. Bu safar ham shunday bo‘ladi». Allomalardan bo‘lmish Abu Umoma Bohiliy “Qachon poklikni o‘z joyiga qo‘ysang, gunohing kechirilgan holda o‘tirasan" degan ekan. Rumiy hazratlarining “qanday bo‘lsang shunday ko‘rin, qanday ko‘rinsang shunday bo‘l!" degan gapi hamisha yuragimda aks sado berib turadi. Ichki poklikni tashqi poklik kabi saqlash lozim. Eng yaxshi va nodir fazilatlarni o‘ziga mujassamlantirishga harakat qilar ekan, yana qanday kamchiliklarim bor, deya o‘zini-o‘zi taftish qilishdan erinmasdi. “Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil!" — demish mavlono Rumiy. Ona ko‘zini yumadi, ko‘zi ko‘ngilga aylanadi.
Ona tomiridan dori kiritilayotganini sezdi. Uying bug‘doyga to‘lgur shifokorlar omon bo‘lsin ishqilib. Bemor tanasining og‘irligi yo‘qolib, o‘zini qushday yengil sezdi, havoga parvoz qilayotgan bo‘ldi. Tevarak-atrofning go‘zalligini ko‘rmoqchi bo‘larmikan? Ammo bunday imkoniyatdan mahrum ko‘rinadi. Ko‘zlarini ocholmayapti, elas-elas bir tovush eshitiladi: 
— Yaxshilik alomati, qarang! Bemorimizning yuziga tabassum yugurdi. Dorining ijobiy ta’siri ...
Ona boshqa gaplarni eshitmadi. U endi yerdan ikki gaz balandlikda uchar, yashil, qizil, qirmizi, zarg‘aldoq va nomini so‘rasalar aytib bera olmaydigan ranglar og‘ushida qolgandi. Birdan har xil tovlanuvchi gulzor o‘rtasida oppoq harir kiyimda qo‘llarini ikki yonga yozib, viqor bilan turgan ayolga ko‘zi tushdi. Uning ko‘ylagi etaklarini, ixchamgina yelka va yenglarini, qop-qora qayrilma gulpagini shabada o‘ynoqlar, bosh qismini oltinsimon nur o‘rab olgandi. 
“E..e, bu ayol mening farishtam-ku!" — deb shodligidan baralla baqirmoqchi bo‘lgan edi, ammo ulgurmadi. Farishtaning o‘zi biyron-biyron so‘zlay ketdi:
— Ha, men Sizning farishtangizman. Bilaman, meni ancha kutdingiz. Menga bugun izn berildi. qalbingizning rahmoniy ruh bilan kuchlanayotganligi, e’tiqodingiz mustahkamlanayotganligi va iymon pokligining chinligi azal daftariga yozildi. Biroq, alloma o‘g‘lingiz o‘zi bilib-bilmay gunoh sodir qilibdurkim, bu hol aslo kechirilmaydi. «Ustozi qabri ziyorat qilinayotgan mahali shogirdi «Furqon» surasini ayni qiroat bilan tilovat qilayotgan, suraning asl mohiyati izhor etilayotganida, «shoshayapman-ku, axir, qisqaroq qilsa bo‘lardi-ku», degan fikr xayolida aylanibdur. Bilamiz, o‘rtalaringizdagi mehr mutlaqo uzilmas zanjirga aylangan. Biroq xayolida charx aylangan bezarar gunohga yarasha jazosi ham bo‘lur, ya’nikim, o‘g‘lingizning qancha vaqt umr ko‘rmoqligi sizga bog‘liq. Foniydan boqiylikka safari siz yetgan yoshda sodir bo‘lur.
Farishta shu gapni aytdi-yu, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. U turgan joyda tillorang tuman ko‘rindi. Saldan so‘ng tumanlik o‘rnini arang payqaladigan yashil g‘uborli havo qopladi. Birozdan so‘ng bu rang o‘rnini alvonrang egalladi, uning ichidan kulchalarga o‘xshash, o‘rtasi botiq, o‘ta qizil rangli soqqachalar shitob bilan chiqdi. Ular onaning ro‘parasida har xil harakatlar bilan jilvalanishardi-da, keskin burilishib, allaqayoqlarga uchib ketardilar. Ular son-sanoqsiz bo‘lib, alvonrang muhit ichida o‘ziga xos tartibga bo‘ysunishar edi. Alvonrang ichiga kirayotgan paytda ular qoramtir qizil, chiqayotganida esa o‘ta qizil rangda ko‘rinish kasb etardilar. Soqqachalarining yerga yaqinlashgan sari Ona o‘zining ham pastlayotganini sezdi. Onaning quvonchi tanasiga sig‘masdi, yo tavba, jannatga tushib qoldimi? Bolamning umrini ziyoda qil! “Ey, Alloh! O‘g‘limga va menga uzoq umr ber! — deya iltijolar qildi. Kumushrang bulut qizg‘imtir tusga kirdi-yu, sekin-astalik bilan osmon tubida yo‘qoldi. Ona ham ohista yerga tushdi. “Xudoga shukr" deya yengil nafas oldi u. Zimiston o‘rnida yorug‘lik qanday baxt! 
— Nafasi ravonlashayapti, shekilli? 
— Ha, endi hushiga kelayapti.
— Operatsiya ham biroz cho‘zildi-da!
— Yiring qorin bo‘shlig‘iga butkul tarqalib ketganidan oshqozonni yuvishga ancha vaqt ketdi. Chuvalchangsimon o‘simtasi yorilibdi.
— 94 yoshidagi odamning shundoq og‘ir operatsiyani boshidan o‘tkazishi oson gapmi?!
— Yuragi baquvvat bo‘lgani uchun!
— Kim operatsiya qilganiga ham bog‘liq-da...
— O‘g‘lining qo‘li juda yengil ekan, shartta-shartta bajardi. Juda tez amallarni bajardi. Chokini bog‘lashga arang ulgurdim. 
— O‘g‘lining onasiga mehri shunchalik balandligiga tan berdim! Moskvada, xalqaro konferentsiyada qatnashayotgan ekan, telefonda xabar qilingan zahoti samolyotda uchib kelibdi-ya! Qoyilman! 
— Ona mehri toshni eritadi, og‘ayni! Men uni operatsiya qilish fikridan qaytarishga urindim. Mabodo biron kor-hol ro‘y bersa, bir umr ko‘kayida pushaymon bo‘lib qolmasin dedim-da, axir!
— Ha, bu yoshda shunday operatsiyadan sog‘-omon chiqish, bilmadik. Buning uchun irodaning o‘zi kamlik qiladi! Hayotga muhabbati yuksak bo‘lmagan odam bunday operatsiyani yenga olmagan bo‘lardi. 
— Hayotga muhabbatda buyuk hikmat va mo‘’jiza bor. Bu eng noyob va kuchli dorilardan ham ustun turadi. 
— Taqdir hukmiga o‘zini tashlab qo‘yish emas, balki undan talab qilish xususiyatini ham orttirmog‘i kerak inson. Onamizda ana shu narsa bor!
— Jim, Qodirjon aka kelayaptilar.
Birozdan keyin Ona o‘g‘lining tovushini eshitdi:
— Onamning ahvollari yaxshimi?! 
— Yaxshi, terisiga ham sal qon yugurdi. Xavotirga o‘rin yo‘q. 
— Rahmat! Inshoolloh, onamiz oyoqqa turib ketar!
— Nasib, nasib...
— Ona, ko‘zingizni oching! Xavfu xatar sizdan ketdi, ona! 
Onaning ko‘ziga, eng avvalo, sal engashib turgan o‘g‘lining gavdasini bilinar-bilinmas tarzda o‘rab turgan ikki qavat nur ko‘rindi. O‘g‘lining ko‘z qorachig‘ida bir uchib, bir yonayotgan qizg‘ish-sarg‘ish nur yuziga kelib urilayotganini payqadi. “Bu Mehr nuri bo‘lsa kerak! Mehringni ko‘rdim-a, bolam", — deya sekin pichirladi va qo‘lini ko‘tarib, o‘g‘lining boshini silamoqchi bo‘ldi, biroq bunga majoli yetmadi. Bu holini o‘g‘li sezishini istamay yana asta ko‘zlarini yumdi. 
— Onajon, bardam bo‘ling! Xavf-xatarning barchasi ortda qoldi.
Peshonasini silayotgan o‘g‘lining kaftlari naqadar yoqimli! Bunday taftni faqat onalargina sezadi. Ona chap qo‘li bilan o‘g‘lining bilagini siqib ushladi, shikasta ohangda:
— Boringga shukr, bolam, sen bo‘lmasang, holim ne kechardi!
— Onajon, siz hali ko‘p yashaysiz! Evaralaringizning ham baxtini ko‘rasiz.
— Bolam, men sen uchun yashayman. Ilohim, boshing toshdan bo‘lsin, bolajonim! Allohdan tilaganim shu!
— O‘g‘lim, Sizdan bir o‘tinchim bor. Siz «Furqon» surasini yaxshilab qiroat bilan o‘qishni o‘rganib oling. Har kuni eng kamida bir marta, agar imkon bo‘lsa ikki marta takrorlang, jon bolam! Aytganimni bajarsangiz, Onangiz Sizdan rozi bo‘ladi, bolam!
— Onajon, aytganingizdek bo‘ladi. O‘z farzandingizni sizlab gapirdingiz. Sizlagangiz — bu Qur’oni Karimga nisbatan hurmat bu, Onajon, bolangiz buni albatta bajaradi.
— Umring uzun bo‘lsin, bolam! Allohdan shuni so‘rayman. 
Ona ko‘zlarini ohista yumdi.
“Farishtam aytganidek, men bolam uchun uzoq umr ko‘rishim shart. Bir chimdim jonim bor ekan, yashamoqqa doimo intilmog‘im zarur. Ey, Alloh, o‘zingdan o‘zga madadkorim yo‘q!." Ona tilaklari ijobat bo‘lmog‘ini Allohdan so‘radi. Chin dildan yalinib so‘radi. Kundan- kunga madori va quvvati oshayotganini sezdi. Tabiiyki, bir daqiqa ham jilmagan o‘g‘li ahvoli o‘nglanayotganidan mamnun edi. Xudoga beadad shukrlar bo‘lsin, yana hayotga qaytdi. O‘lim balosi chekindi. O‘g‘li o‘lim qutqusiga o‘zini qalqon qilmaganida, kim bilsin, allaqachon narigi dunyoga ravona bo‘larmidi? Ona qo‘liga ko‘zguni oldi, rangiga allanechuk qon yuguribdi. Ahvoli yaxshi tomonga o‘zgara boshlagan kunlarning birida ona o‘g‘lini yoniga chaqirib: 
— Bolam! Mening hayotim bilan seniki bir sandiqda, — dedi siniqqina tovushda.
— Tushunaman, Onajon! Bilaman...
Rostdan ham tushunarmikan? Otamga, menga ko‘ringan farishta unga ham yo‘liqdimikan, balki ko‘nglim uchun aytdimikan bu gaplarni? Nima qilsang ham, qanday tadbir qo‘llasang ham, jonimni saqlab qol, yo‘qsa sendan rozi emasman, qabilida tushunmadimikan bu gaplarni! Axir, oxirgi marta o‘sha farishta ko‘zimga ko‘rinib: “Sizning ruhingiz osmonu falakda, Alloh jamolini intiq kutayotganingizda, sevimli o‘g‘lingizning ruhi ham siz bilan birga bo‘lishni xohlab qoladi. Chunki sizlarning mehrlaringiz bir-biridan ajralmas holga yetishdi. «Furqon» surasi o‘qilayotgan paytda aybi bo‘lmaganida, mehrlaringiz zanjiri yanada mustahkam bo‘lardi... " demaganmidi?!
Ha, Alloh jamolini ko‘rmoqqa mushtoqman, ammo farzandimning bu yorug‘ olamda boshqalarga yaxshilik qilib yashayotganini ko‘rib va bilib turibman-ku! O‘g‘limni boshqalar doimo intiq bo‘lib kutishayotganini, uning odamlarga kerak ekanligiga o‘zim guvohman-ku, axir! O‘g‘lim — mening g‘ururim. U bilan faxrlanganman, faxrlanaman ham. Mana shu g‘urur va faxr uzoq yashashimning asosiy sababidir balki?! 
— Ikkinchi operatsiyani ko‘tara olarmikan?
— Operatsiya qilmaslikning iloji yo‘q, qornida yiring to‘plangan.
 — Qodirjon akaning o‘zi bosh bo‘larkanmi?
 — Ha, operatsiyaga tayyorlanmoqda!
“Yana operatsiya bo‘larkanmanmi?! Birinchisi yaxshi chiqmabdimi-a?! Yo‘q, bo‘lishi mumkinmas! O‘g‘limning qo‘li yengil. Aslida g‘ilay qassobning o‘g‘irlagan moli bir nochor bandaga tegishli bo‘lsa kerakki, shuning qarg‘ishi menga ham urdi. Ha, G‘ilay, uying bug‘doyga to‘lgur, tuzalib chiqay, sen bilan boshqachasiga gaplashaman. Bardoshimni sinab ko‘rish vaqti endi kelganga o‘xshaydi. Men yashamog‘im shart! O‘lishni istamayman. Butun kuchimni shu niyat uchun sarflayman. 
Ona butun tanasi bo‘ylab iliqlik yugurganini his qildi. yugurdi. Rohatbaxsh iliqlik xuddi chilvir ipning silkinishidan paydo bo‘lgan to‘lqinlarga o‘xshab tanasiga kelib urilar, so‘ngra singishib va yep-engil bo‘lib borardi. Alal-oqibat ona xona derazasidan uchib chiqib, osmonga ko‘tarildi va muallaq holda o‘z vaznini yo‘qotdi. O‘zi yotgan shifoxona binosi uzoqdan huddi gugurt qutisiga o‘xshar, atrofidagi binolar undan ham kichkina edi. Qayoqqa uchayapti? O‘zi inon-ixtiyorisiz ro‘y berayotgan uchish tufayli yuragiga vahima oraladi. Atrofida oq kaptar aylana boshladi. Qush qanotlarini tez-tez qoqib, onadan sal uzoqlashardi-da, yana qaytib oldida paydo bo‘lar, tumshug‘ini munchoqdek ko‘zlarini «lik-lik» o‘ynatardi. Ona uning boshini, qanotlarini mayingina silarkan, bundan fikri tiniqlashib, ruhan yuksalayotganini anglardi. Momo qushning bo‘ynida bittagina qora xoli borligini, ko‘zining esa qizil-sariq bo‘lib tovlanayotganini ko‘rdi. Ha, bu oq kaptar uning farishtasi! U bilan bir necha bor uchrashdi. Shu shahzoda oq kaptar yer bag‘irlab pastlay boshladi. Ona uning ortidan ergashdi. Yana qancha vaqt o‘tdi, bilmaydi, o‘z xonasi derazasidan ichkari kirganiyu, o‘rniga yotganini biladi. “Xudoga shukur! G‘aroyib sir-sinoatingdan aylanay, Ollohim! O‘zingga beadad tahsinlar bo‘lg‘ay!", — deb astagina pichirladi.
 — Ey, Onajon, tahsinni bizga emas, o‘g‘lingizga ayting! Qo‘llari juda yengil ekan, tezda o‘zingizga keldingiz, — dedi kimdir. Ko‘zini ochdi-yu, deraza oldida o‘ziga diqqat bilan tikilib turgan, bo‘ynida xoli bor oq kaptarni ko‘rdi. Bu — bir baxt, bir mo‘’jiza edi. 

3


G‘ilay qassobning o‘g‘irlangan mol go‘shtidan tanovvul qilgan harom luqma tufayli boshidan o‘tgan mash’um kunlarni, ancha yillar o‘tgan bo‘lsa ham hozirgiday eslaydi. Unutib bo‘larkanmi, axir! Yaxshi-yomon kunlardan qochib qutulolmas ekansan. Hayotga intilib yashashning o‘zi bir baxt, o‘zi bir surur. Bu tuyg‘u hayotning eng ko‘rimsiz va xunuk narsalaridan ham ajoyib xislat topishga undaydi, odam hayotga chanqoq, tashna bo‘larkan. Balki meni deganlari ana shu tashnalikdan tug‘ilar. Bundan esa ko‘ngil ravshan tortadi. Dunyoni aslida mehr degan shu buyuk tushuncha tutib turmaganmikan? 
— Yoqubjon, ko‘z tegmasin, ajoyib Onangiz bor-da! Ilohim umridan baraka topsin. Ko‘rinishiga qarab hech kim 106 yoshdan oshgan demaydi. Beozor, yuvvosh, birovga burnidan baland gapirganini hech kim eshitmagan. Dili bilan tili bir! Shuning uchun siz farzandlari ham baxtlisiz.
— To‘g‘ri aytasiz. Biz Onamizning baxtiga sherikmiz. Kelgan baxtni saxiylik bilan hojatmandlarga ulashmoq katta barakat. Bundan huzur olmoq esa har kimga ham berilmagan fazilat.
— Mana shunga qoyilman-da, Yoqubjon aka! Butun qishloq ahli onangizni xuddi farishtaday g‘oyatda hurmat qiladi. E’tibor bering-a, sal mazasi qochibdiki, ahvolini so‘rab kelganlarning shifoxonadan qadami uzilmayapti.
— Hurmat-da, bu, Odiljon! Onamizning yuz beshdan oshganligi bizning faxrimiz. Sizga aytsam, Odiljon, onamning menga aytgan bir gapi hamon qo‘log‘im tagida jaranglaydi: “O‘g‘illarim! Ollohning nazari tushganlar uzoq umr ko‘radi. Ollohning siylabdimi, shunga yarasha obro‘ bilan yashamoq lozim. Chunki sen Ollohning oldida boshqalarga nisbatan ko‘proq mas’ulsan. Eng avvalo gunoh ishlardan o‘zingni tort, yaqinlashma, seni ko‘pchilik kuzatadi. Gunoh qildingmi, jazosi ham shunga yarasha bo‘ladi. Bolalarim! Harom luqmadan saqlaninglar, nafs balosini yengib, saxiylik qilsanglar, qalbingiz, vijdoningiz tozaligidan huzur qilib yashaysizlar".
 — Ha, shunday ekan-da! Mana siz ham saksonga yaqinlashdingiz, akangizning ham yoshi ulug‘! Ana, Ollohning bergan barakasi, inoyati! 
Ona azob berayotgan og‘riqdan xalos bo‘ldi. Bunday e’tiroflarning hamdu sanolarning ko‘pini eshitdi. Demak, bekorga yashamabdi, yashashdan maqsadni belgiladi. Faravon hayot kechirdi, g‘ayirlik va xusumat so‘qmoqlariga burilib ham qaramadi, qalbidagi mehr bilan hammaga nazar soldi. Halollik shiori bo‘ldi. Otasi o‘gitlariga amal qilishning oxirati faqat yaxshilik bo‘ldi. Hayotingni shu taxlitda yashab o‘tsang, buning nimasi yomon? 
Xayol ummonining sokin mavjlarida shoshilmasdan suzayotgan Ona hayot yo‘lining iftixorga sabab nuqtalarini ko‘z o‘ngidan birma-bir o‘tkazar ekan, quvonch to‘lqinlarida bo‘lmoq bir sehr ekanligi, shu sehr xislatlarining ro‘yobga chiqmog‘i uchun insonda maqsadli iroda bo‘lmog‘i va shu maqsadga intilib yashamog‘i shart ekanligiga ishonchi yana ham ortdi. Yaxshi va mustahkam ishonch hamda ezgu e’tiqod bilan yashagan Inson insonlarga doimo qadrdon bo‘lib qolaveradi.
Qarshidagi tog‘ cho‘qqilarida yoqut nuqtalar tovlanar, ba’zi joylarida yashil toshlar vaqti-vaqti bilan zarg‘aldoq tusga kirardi. Tog‘ning sal qizg‘ish joyiga ajablanib qaradi. U yerda har xil tusda tovlanayotgan, “Ishonch" deb yozilgan harflarni aniq payqadi. Ishonchga tayanmog‘ing toqqa suyanmog‘ing. Tog‘ etagida yana unga tikilib turgan o‘sha farishtaga duch keldi. 
— Siz va o‘g‘lingiz o‘rtasidagi mehr juda cheksiz! Sizning mustahkam e’tiqodingiz tufayli bir-biringizga ulkan suyanchiqsiz! O‘g‘lingiz sizdan ko‘proq umr ko‘radi, buning uchun mehr ayrilmog‘i shart. Shundoq ekan, sizning qirq kunlik ma’rakangizda o‘g‘lingiz qatnashmasin.
Ona endigina og‘iz juftlab, dilidagi gaplarni aytmoqchi edi, biroq farishta g‘oyib bo‘ldi. O‘rnida bo‘shliq qolgan edi, xolos. Nahotki shu bo‘shliqni men to‘ldirsam, deya ko‘zini ochgan edi, deraza darchasidagi Oq kaptarga ko‘zi tushdi, o‘sha xolli tanish kaptar. Qushning ko‘zlaridan yosh oqayotganini ko‘rib, yoqasini ushladi. Kaptar uch marta boshini ko‘krak tarafiga egib-egib, so‘ngra tumshug‘ini tik osmonga qaratdi. Bir pasdan so‘ng asta boshini egib, tokcha taxtasiga cho‘kib qoldi. So‘ngra qanotlarini keng yoyib, allaqanday ishora qildi-yu, farishta o‘rnida paydo bo‘lgan bo‘shliq tomon uchib ketdi. Ona uning ishorasidan “Endi bu dunyoda ko‘rishmaymiz" degan ma’noni uqdi.
 Ona shu bo‘shliqni to‘ldirish vaqti kelganini angladiyu, asta ko‘zini ochdi. Tepasida o‘g‘li unga ilhaq qarab turibdi. 
— Onajon, yaxshi uxladingizmi?
— Yaxshi uxladim, bolam. O‘tir o‘g‘lim, yonimga o‘tir! Yoqubjon, bolam! Men sezayapman. Kunim bitganga o‘xshaydi! Yana uch kundan keyin, ayni qoq yarim kechada sizlar bilan xayrlashaman. Qarindosh-urug‘lar bilan ham xayrlashsam degandim. Nevara, evara, chevaralarimni ham chaqir. Ko‘zim tirikligida senga bir muhim gapni aytay, bolajonim. Ollohga shukr,uzoq umr ko‘rdim, armonim yo‘q. Birdan-bir tilagim–Yaratgan sizlarga uzoq umr bersin. Mendan ham ko‘proq umr kechiringizlar. Akangga aytadigan gapni senga aytaman. Sen kichkinasan.
Ona “kichkinasan" so‘zlarini shunchalik avaylab, erkalab, muloyimlik bilan aytdiki, o‘g‘li o‘lim oldidagi vasiyat bo‘lganligi uchunmi, sergak tortdi. Ona chuqur nafas olib, ko‘zlarini yumdi. Avval o‘g‘lining qo‘llarini birpas siladi, so‘ngra o‘g‘liga yuzlanib, tutilib-tutilib gapirdi:
 — Sen..., jonim bolam, akangga ayt, bu — mening so‘nggi iltijoyim. Qirqimda akang ma’rakaga kelmasin! Bu gapni akangga aytish senga qiyin! Akang ko‘nmasligi turgan gap! Biroq, sen uddala, jonim bolam! Yalinaman, yolvoraman bolam! Bu oxirgi, onalik iltimosim, bolajonim!
Ona boshini egdi,o‘g‘lining o‘ng qo‘lini kaftlari orasiga olib uzoq siladi, ko‘ngli to‘lib ketdi, ammo iroda kuchi bilan ko‘z yoshlarini tiydi-da, yuzida nim tabassum bilan so‘zladi:
— Men uchun yig‘lamanglar! Qani endi Allohim hammaga mening yoshimni bersa... Shuni tilardim, bolam! Oxirgi onalik iltimosimni bajar! Xo‘pmi, bolajonim!
 “Bolajonim!" so‘zlarini deyarli shivirlab aytgan ona o‘g‘lining ko‘zlariga uzoq tikilib turdi va o‘zi uchun yum-yum yig‘layotgan o‘g‘lining “xo‘p" degan ishorasini angladiyu, xotirjamgina asta ko‘zlarini yumdi...
 

4


....Tabarruk onaning qirq kunlik ma’rakasiga kelganlar, ilohim shu yoshga yetib yuraylik, Olloh bizlarga ham shuncha yosh bersin, deya yuziga fotiha tortdilar. Hovlida odatdan tashqari faryodga ajablanmaslikning iloji yo‘q edi. Hovli sahnida yasatilgan tobut. 
 Ma’rakaga kelganlar hovli girdida charx urib uchayotgan uchta oq kaptarning o‘yinini kuzatishar, qushlardan birining bolalar bosh atrofida ko‘proq aylanib uchayotganiga mahliyo bo‘lmoqda edilar. Yoqubjon esa akasini onasining qirqiga keltirmaslikning ilojini topa olmay, volidasining iltimosini bajara olmaganidan afsuslanib, boshini egganicha har zamonda “O,Taqdir!" deb ich-ichidan yig‘lardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.