OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jumaqul Qurbonov. Qorako‘z (hikoya)

Cho‘ldagi xo‘jalikka yuk olib borgan Anvar tushdan so‘ng shaharga qaytish uchun katta yo‘lga chiqdi. Ertalabdanoq goh tinib, goh to‘xtab yog‘ayotgan kuz yomg‘iri ancha kuchaygan, hali-beri tinadiganga ham o‘xshamasdi.
Anvar havo aynigan shunday kezlari o‘zi yoqtirgan qo‘shiqni xirgoyi qilib, bir maromda yurishga o‘rgangan. Yomg‘ir tomchilari zarb bilan mashinaning oynasiga urilar, havoda namxush rutubat kezardi.
Katta yo‘lda mashinalar qatnovi sust, bekatlarda odamlar siyrak. U kichik kanal ustidagi ko‘prikdan mashinani ohista haydab o‘tayotib, bexosdan narirokdagi daraxt ostida qo‘l ko‘tarib turgan ayolni ko‘rdi.
«Biron zarur ishi bordirki, shunday paytda yo‘lga chiqibdi, — dilidan o‘tkazdi u, — hamroh bo‘lsa zerikmayman. Bechora o‘ziyam ancha iviganga o‘xshaydi. Soyaboni ham yo‘q ekan».
Mashinani ayolning yonida to‘xtatib, uzalib kabina eshigini ochdi.
— Qarshigacha olib keting, — dedi yo‘lovchi ayol unga iltijoli termulib, — avtobus ketib qolibdi.
— Chiqing, — dedi Anvar yo‘ldan ko‘z uzmay, — bari bir bo‘sh ketyapman.
Ayol qo‘lidagi tugunni o‘rindiqqa qo‘yib, so‘ng o‘zi ham chiqib o‘tirdi. Boshidagi qizil durrachasini yechib oldi, ro‘molchasini chiqarib, yuz-ko‘zlarini artdi.
— Bemalol o‘tiring, — dedi Anvar uning ko‘ngliga tegmaydigan ohangda, - ichkari issiq.
Ayol indamadi. Mashina o‘rtacha tezlikda ko‘lmaklarni sachratib borar, Anvar oyna tozalagichni kuzatgancha, yo‘ldan ko‘zini uzmasdi. Ahyon-ahyonda o‘ziga bo‘ysunmagan qiziqish tufayli hamrohiga o‘g‘rincha qarab qo‘yardi. Ayol ham buni sezar, lekin o‘zini beparvo tutib, xayol surgancha ketardi. U ko‘rinishidan yigirma besh-yigirma olti yoshlar atrofida edi. Chehrasi ochiq, bodomqovoq, peshonasiga tushgan soch tolalari o‘ng ko‘zini qoplagan, aftidan bu uning parvosiga ham kelmasdi. Anvar jim ketishni ep ko‘rmay, ohista yo‘taldi.
— Bu... begona mashinada ketishdan qo‘rqmaysizmi, singlim? — dedi sho‘xlik bilan.
— Yo‘q, — dedi hamrohi gap ohangiga yarasha, — ko‘rinishingizdan yomon yigitga o‘xshamaysiz-ku?!
— Yomonlarning nima peshonasiga «yomon» deb yozib qo‘yilarmidi? — Anvar zavqlanib kuldi, — odamning qandayligini bilib bo‘larkanmi?
— Men bilaman, — dedi ayol bo‘sh kelmay, — insonning kimligi rostdan ham peshonasiga yozib qo‘yiladi. Faqat uni ko‘ra bilish kerak.
«Balo-ku», deb o‘yladi Anvar. So‘ng: — Siz shifokor yoki muallimasiz, to‘g‘ri topdimmi? — deb so‘radi.
— Yo‘q, — dedi ayol, — bog‘chada ishlayman.
— Sal adashibman, — Anvar tan oldi. — Bari bir begona mashinada kelganingizni ko‘rib, xo‘jayningiz rashk qilsa kerak?
— Yo‘q, — dedi hamrohi yana kulimsirab va cho‘zib. — Qilmaydi!
— Nimaga?
— Xo‘jayinning o‘zi yo‘q-da!
Anvar unga ajablanib qaragandi, ayolning yuziga nigohi tushib, yuragi beixtiyor seskandi. Ayolning o‘ng ko‘zi qorachig‘ining o‘rnini butunlay oqish parda qoplagandi. Nafasi ichiga tushib ketdi. Ahvolini sezdirmaslik uchun undan ismini so‘raganini bilmay qoldi. Bir ozdan so‘ng hamrohining «Qorako‘z», deya istar-istamas javobi eshitildi. Oraga yana noqulay jimlik cho‘kdi. Mashinaning guvillashi ham bu sukunatni buzolmasdi.
— Ko‘rinishing bu ahvolda-yu, yana munaqa dabdabali ismga balo bormi, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz kerak, — to‘satdan Qorako‘zning o‘zi gap boshladi. - To‘g‘ri topdimmi?
— Yo‘g‘-e, — Anvar rulni burib yuborishga sal qoldi.
— Menga baxtsizlik hadya etgan bu ismdan kutilishga ko‘p harakat qildim. — Bu safar Qorako‘zning ovozi so‘niq chiqdi. — Lekin onam ko‘nmadi. «Bu ismni rahmatlik momong qo‘yganlar. Arvohi chirqillab qoladi. Senga ko‘z tekkan, bolam». Men bu gaplarga ishonmasam-da, lekin onamni ayardim. Busiz ham u meni o‘ylab, o‘zini oldirib qo‘ygandi.
— Hayotda ko‘ngilsiz hodisalar ko‘p bo‘ladi, uzoq vaqt farzand dog‘ida kuygan tanishim yaqinda farzand ko‘rdi. Go‘dakning bir ko‘zi ojiz edi. Lekin ular shunday xursandki, asti qo‘yavering, — dedi Anvar ayolning ko‘nglini ko‘tarish ilinjida.
— Meniki tug‘ma bo‘lganda taqdirga tan berardim, — deb javob qaytardi Qorako‘z. — Biroq, bu ancha keyingi voqea. Bunga bir odam aybdor. Ammo uning kimligini o‘zim ham bilmayman.
— Bu qiziq-ku, — dedi Anvar. — Sizni bir umrga nogiron qilib, o‘zi yallo qilib yursa... Siz uni bilmasangiz?
Qorako‘z eski yarasi yangilangandanmi yoki manzilga hali uzoqligi uchunmi, bo‘lib o‘tgan voqeani hikoya qila boshladi.
— Bu voqea sodir bo‘lganida to‘rtinchi sinfda o‘qirdim. Bir kuni maktabga ketayotuvdim. Bexosdan qaerdandir bir tosh uchib kelib zarb bilan ko‘zimga urilganini bilaman, xolos. Meni kasalxonaga olib borgan Rasul boboning aytishicha, chinqirib yotganimda bir bola paydo bo‘lgan, lekin, u Rasul boboni ko‘rib qochib ketgan. U kishi ham meni qonga belanib yotganimni ko‘rib quvlamagan. Keyin otam qancha izlasa ham bolani topolmadi. Lekin u... bir qizning baxtiga zomin bo‘lganligini, umrbod nogiron qilib qo‘yganini bilarmikan?! Bu — bizga qorong‘u...
Qorako‘zning keyinga so‘zlari Anvarning qulog‘iga kirmadi. Qo‘l-oyog‘i bo‘shashib, ustidan sovuq suv quyilgandek a’zoyi badaniga titroq kirdi. Mashina yo‘ldan chiqa boshladi. Xayriyat, o‘tkinchi mashina yo‘q edi.
Qorako‘zning: «Sizga nima bo‘ldi?» — degan so‘zlari uni hushiga keltirdi. Shoshib tormozni bosdi. Ko‘kragi zarb bilan rulga urildi. Qani endi bularning barchasi tush bo‘la qolsa, tush bo‘la qolsa, tush bo‘la qolsa?..
... O’shanda Anvar beshinchi sinfda o‘qirdi. Bir kuni onasi uzoq bir qarindoshinikiga olib bordi. Ayollar suhbatlasha boshlagach, bir o‘zi zerikkan Anvar qarindoshlarining bog‘iga chiqdi. Avval daraxtlarga ko‘ngan qushlarga tosh ota boshladi. Keyin, qushlarni haydagach, bog‘ chetidagi paxsa devor ustiga bo‘sh shishani qo‘yib mo‘ljalga oldi. Kesaklari mo‘ljalga tegmaganidan xunobi oshdi. Kattaroq qayroq toshni olib, devorga yaqin borib, bor kuchi bilan irg‘itdi, lekin mo‘ljaldan adashdi. Shu payt devorning orqasidan qattiq chinqiriq eshitildi. Shoshib devordan qarasa besh-olti qadamcha narida, ko‘chaning o‘rtasida o‘n-o‘n ikki yoshlar atrofidagi qiz yerda yumalab, tinimsiz chinqirardi. Yugurib qizchaning yoniga bordi. O’zi boyagina otgan tosh bir chekkada yotar, qizchaning ko‘zidan oqayotgan qon yuzi va kiyimlarini belagandi. Anvar qo‘rqqanidan yig‘lab yubordi. Keyin shu tomonga yugurib kelaetgan cholni ko‘rib qochib qoldi.
Bu voqeadan so‘ng ancha vaqtgacha lablariga uchuq toshib, kechalari uyqudan cho‘chib uyg‘onadigan bo‘ldi. Ota-onasi qancha surishtirsa ham o‘tgan voqeani ularga aytmadi. Vaqt hamma narsaga davo ekan, bu voqea asta-sekin bolalik dunyosidan unutilib ketdi. Lekin... mana, yana hammasi qaytadan yangilandi. «Tog‘ tog‘ bilan uchrashmaydi, lekin odam odam bilan uchrashadi», deb shuni aytar ekanlar-da. Ayni shu damda uning qalbini iztirob beayov kemira boshladi.
Indamay ketavermaysanmi, yoshlik — beboshlik deganlar, axir sen ataylab qilmagansan-ku?! Hayotda tasodiflar ko‘p bo‘ladi. Hammasiga ham chora izlab bo‘lmaydi-ku?! Hozir iqror bo‘lsang, zulukday yopishib olgan iztirob azobidan qutulasan. Yo‘q, yo‘q, aytib bo‘lmaydi. Ayt — keyin tomoshani ko‘rasan. Hammaga gap-so‘z bo‘lib, malomatga qolasan, o‘zing uylanish taraddudida yuribsan, balki aytish kerakdir, bo‘lmasa umr bo‘yi ta’qibdan qutula olmaysan. Qo‘lingdan kelgan yordamingni ber, zora Qorako‘z seni kechirsa...
Shu payt hamrohining «to‘xtang, yetib keldim» degan so‘zlari undagi tuyg‘ular kurashiga xotima berdi. Qorako‘z sumkachasidan pul chiqarib uzatdi. Shu payt Anvarda qandaydir kuch paydo bo‘ldi-yu, qizning ikki bilagidan mahkam ushladi. Yuragi bo‘g‘ziga tiqilganday bo‘ldi. Hansirab gapira boshladi:
— Qorako‘z! Siz la’natlab yurgan o‘sha qochoq bola menman. Eshitayapsizmi, menman yoki ishonmaysizmi!! Hammasini bir boshdan aytib bermoqchiman!
U gapini tugatolmadi. Qorako‘z yalt etib unga qaradi. Birpas hayron bo‘lganday tikilib turdi. Shundan so‘nggana, Anvarning gaplari shuuriga yetib bordi shekilli, ko‘zlariga duv-duv yosh kuyilib keldi. Eshikni shart ochib, pastga otildi va zarb bilan yopib jadal yurib ketdi.
Anvar kabinadan irg‘ib tushib, qizning izidan ikki-uch qadam tashladi. Chaqirgani bilan to‘xtamasligini bildi va shaffof yomg‘irzor aro singib borayotgan qizning ortidan karaxt bir holda termilib qoldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.