Quyosh ufqqa sekin bosh qo‘ydi. Oqshom salqinida qo‘ylarning bir maromda o‘tlayotganini ko‘rib, ko‘ngli tinchigan Qodir bobo gilamdek to‘shalgan maysa ustiga yonboshladi. Atrofga cho‘kkan sukunatni ahyon-ahyonda jonivorlarning ma’rashi, kakliklarning va har turli kushlarning sayrashigina buzib turardi.
Oyoq tarafida yotgan itning nimanidir sezganday hurpayib olganiga e’tibor ham qilmay, chol ko‘klam havosidan to‘yib-to‘yib simirarkan xayolga cho‘mdi.
Bundan besh yil burun uni xo‘jalik kattakonlari izzat-hurmat bilan nafaqaga kuzatishdi. Avval quvongan, keyin oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas zerikkanidan yeru-ko‘kka sig‘may qolgan Qodir bobo idoraga kirib borganida, u uchrashmoqqa bel bog‘lagan rahbarlar ish bilan allaqayoqqa ketishgan ekan. Ko‘ngli sinib ortiga qaytdi. Ertasiga ham shunday bo‘ldi. Uchinchi kuni sabri chidamadi, oyog‘iga etigini, egniga chakmonini ildi-yu, qadrdon yayloviga yo‘l oldi. Kattakonlarni ham shu yerda ko‘rdi.
– Shunday bo‘lishini bilgandim, – dedi direktor xursandligini yashirolmay. – Mana, uch-to‘rt kun bo‘lsayam, bola-chaqaning oldida bo‘ldingiz. Ishga kirishing. O‘z otaringizni beramiz. Bolalarning oldiga borib-kelishni ham esdan chiqarib qo‘ymang. Tag‘in kampiringiz ustingizdan shikoyat yozib yurmasin-a?
Bugun bayram. Qodir bobo cho‘lig‘i Abdurasulni qo‘yarda-qo‘ymay uyiga jo‘natdi. Yangi uylangan, chillasini chiqarib yaylovga kelgan kuyov bola tushmagur bolasini yo‘qotgan qo‘yga o‘xshab mo‘ltiraydi. Uyga borib kelay deyishga yuzi chidamaydi. Qodir bobo borib kel desa, uyalib ko‘zini olib qochadi. Xayriyat, bugun ko‘ndi. Saharmardondan ko‘k qashqani minib jo‘nab ketdi.
Itning irillashi Qodir boboning xayolini bo‘ldi. Qo‘ylar hurkib, gurra bir yerga to‘plandi. Butalar orasidan shiddat bilan otilib chiqqan jonivor o‘zini suruvga urdi. Qo‘ylar “duv” etdi-yu, to‘zg‘ib ketdi.
"Bo‘ri!" – miyasidan yashindek o‘tdi cho‘ponning. It egasi yonidaligida sherlanib ketdi chog‘i, yovvoyi bir shijoat bilan yirtqichga tashlanib qoldi. Lekin bo‘ri zum o‘tmay o‘zini o‘nglab olib itga hujum qildi. It va bo‘ri o‘rtasida hayot-mamot jangi boshlandi. It raqibining duch kelgan joyiga og‘iz solar, bo‘ri esa uning kekirdagidan olishga intilar edi. It oxirgi kuchini sarflab, yirtqichning bo‘ynidan tishladi. Bo‘ri jon talvasasida itni siltab-siltab tashladi, ammo it yirtqichning oyoqlari ostiga sudralib, toptalib qolsa ham tishlagan joyini qo‘yib yubormadi. Nihoyat, bo‘ri yiqildi. Tun yarmidan oqqanda Qodir bobo qo‘ylarni bir yerga to‘pladi. Itni silab-siypab erkalatar ekan, qo‘llari shilimshiq qonga tegib seskanib ketdi. Itni ko‘tarib, qulayroq yerga, xas-xashak ustiga yotqizib, gulxan yoqdi. Suv isitib itning yaralarini yuvdi, yaktagidan yirtib, qon sizib turgan joylarini bog‘ladi. Shundagina qorni och qolganini, kasofat tashvishlari bois kechqurun tamaddi qilmaganini, itga ham non bermaganini esladi. Xurjundan non o‘rog‘liq dasturxonni oldi. Suvi qochgan nonni ivitib, itning oldiga qo‘ydi. Lekin it nonga qayrilib ham qaramadi. Bo‘ri yaralagan it o‘ladi, o‘lmasayam sondan chiqadi, degan gap esiga tushib cho‘ponning yuragi achidi. Abdurasul kelsa, itni qishloqqa yubortirib, parvarish qildirishni, zarur bo‘lsa, mol do‘xtiriga ko‘rsatishni o‘ylab, o‘ziga o‘zi taskin berdi.
Ertasi kuni Abdurasul otini yo‘rg‘alatib kelib qoldi. U kecha shod-xandon jo‘natgan cho‘ponning qosh-qovog‘idan qor yog‘ayotganini ko‘rib, hayron qoldi. Xurjundan bayram sovg‘alarini olayotib, latta-puttalar bilan bog‘lab tashlangan itga ko‘zi tushdi. Bir chetda bo‘ri yorib tashlagan sovliqning o‘ligi qorayib ko‘rindi. Abdurasul cholni yolg‘iz tashlab uyga ketganiga pushaymon bo‘ldi.
– O‘g‘lim, – dedi Qodir bobo Abdurasulga, – ko‘p yillardan beri yaylovimizda bo‘ri yo‘q edi, xotirjam edik. Mana bu jonivor bo‘lmasa, bilmadim, holimiz ne kechardi. Vahshiy bitta qo‘yning boshini yedi. Sen endi o‘g‘lim, itni olib qishloqqa qayt. Mol do‘xtirini topib gaplash, keyin qo‘shog‘izni ham ola kel. Kim biladi deysan, bo‘rilar bugun kechasi ham bizni tinch qo‘yishmas. Ha aytganday, mana bu yirtqich terisini eltib kolxozga topshir.
Abdurasul shu ketganicha xuftonda qaytib keldi. Itni mol do‘xtiriga ko‘rsatib, dori-darmon qildirganini, keyin uydagilarga ikki-uch kun bog‘lab parvarish qilishni tayinlaganini aytib, cholga hisob berdi.
Tunda shitir etgan sharpadan ham uyqusi qochgan Qodir bobo miltig‘ini yelkasiga osib, qo‘ylar atrofini bir necha marta aylanib chiqdi.
Tongga yaqin qo‘ylarning hurkib qochgani eshitildi. Ikkala cho‘pon ham o‘rinlaridan irg‘ib turdilar. Bo‘zarib turgan oyning g‘ira-shira yorug‘ida butalar oralab cho‘loqlanib kelayotgan bo‘ri ko‘zga tashlandi. Bo‘ri shoshmasdan, ba’zan to‘xtab-to‘xtab cho‘ponlar yotog‘i tomon kelardi. Chol yerga yotib, yirtqichni mo‘ljalga oldi. Shoshilib ustma-ust tepkini bosdi. O‘q mo‘ljalga tekkandi. Bo‘ri munkib ketganicha o‘rnidan turmadi.
Miltig‘ini qayta o‘qlab olgan Qodir bobo bilan Abdurasul “o‘lja” tomon yaqinlashdilar. Qodir bobo oyog‘i ostida bo‘ri o‘rnida o‘zining vafodor iti yotganini ko‘rib, dong qotib qoldi. Joniqib itning boshini ko‘tardi. Lekin it allaqachon o‘lib bo‘lgan edi.
Chol qo‘lidagi miltig‘ini qulochkashlab, cho‘l qo‘yniga uloqtirib yubordi. U yana itning ustiga engashdi. Achchiq-achchiq yig‘layotgan cholning qoq suyak yelkalari silkinib-silkinib tushmoqda edi.