1.
− Otni muncha qichab haydamasin, qaerga shoshadi? − dedi qishlog‘idan chiqqandan beri ovozini chiqarishga-da, hayiqib kelayotgan Oyro‘zi.
− Shom tushmay, qishloqqa yetib olishimiz kerak, − dedi Xurram. − Charchadingmi? Otda yurmaganmimsan?
− So‘ragan narsasini qarasin! − qiqirlab kuldi Oyro‘zi. − Men chavandozmidim, otda yursam?
− Otang, akang otga mindirmaganmidi hech? − ajablandi Xurram. − Charchagan bo‘lsang, tushib, biroz dam ol!
− To‘xtamasin! Shomga oz qolibdi, haydayversin? − dedi Oyro‘zi. − Qishlog‘iga yetay deb qoldikmi, o‘zi?
− Manovi, ko‘rinayotgan Bahrin, keyingisi Mang‘itobod, − qamchi bilan imlab ko‘rsatdi Xurram. − Shundan o‘tsak, Jalasoy-da. Oz qoldi.
− Unday bo‘lsa, qichab-qichab haydayversin!
2.
− Bilsa, aytsin! Bu qishloqning oti nimaga Mang‘itobod? − so‘radi Oyro‘zi Mang‘itoboddan o‘tishayotganda.
− Mang‘it urug‘idan bo‘lgan bir kishi shu yerni makon qilib, obod qilgan ekan, − bilganicha tushuntirgan bo‘ldi Xurram. − Hozir bu qishloqda yashaydiganlarning hammasi o‘sha odamdan tarqalgan, deyishadi. Shunga otiyam Mang‘itobod.
− Bu kishining urug‘i nima? − qiziqdi Oyro‘zi.
− Bizning urug‘imiz ming, eng katta urug‘lardan.
− Nimaga qishlog‘ining oti Jalasoy? Mingobod emas?
− Qishlog‘imizning yonginasidan soy oqib o‘tadi, oti Jalasoy. Qishlog‘imiz soyning yonida joylashganidan oti Jalasoy bo‘lib ketgan, − dedi Xurram. − Kim biladi, faqat minglar yashaganda, balki oti, sen aytgandek, Mingobod bo‘larmidi? Ammo Jalasoyda faqat minglar yashamaydi. Qishlog‘imizda naymanlar ham, mang‘itlar ham, kenagaslar ham, barloslar ham bor.
3.
− Shu yerda bir to‘xtasin! Suvsadim! − dedi Oyro‘zi Qozonariqdan o‘tayotganlarida.
Xurram otning jilovini tortdi. Ot bir pishqirib, to‘xtadi. Xurram Oyro‘zining tushishini kutdi.
− Tushirib qo‘ymaydimi? − dedi Oyro‘zi. − Men tusholmayman, muncha baland ot ekan?
Xurram sakrab otdan tushdi va Oyro‘zini ko‘tarib, yerga tushirdi.
Oyro‘zi ariq chetiga o‘zini tappa tashlab, ariqdagi suvdan icha boshladi. Xurram uning soddaginaligidan kulib, qarab turardi. Suv ichib bo‘lgan Oyro‘zi yengiga labini arta turib, Xurramga qaradi:
− Suv ichsin! Suvsamadimi?
Xurram ham engashib, hovuchlab-hovuchlab, suv ichdi. Bir hovuchini Oyro‘ziga sepib yubordi.
− E-e, manov kishini qarasin! − atlas ko‘ylagining suv tekkan yerlarini qoqdi, Oyro‘zi, keyin otga minmay keta boshladi.
− Arazlama, otga min! − dedi unga yetib olgan Xurram.
− O‘zi ketaversin! Minmayman!
− Min dedim! Yo‘l uzoq.
Oyro‘zi qo‘rqib, Xurramga bir qaradi-yu, boshini sarak-sarak qildi.
Xurram engashib, Oyro‘zining qo‘ltig‘idan shart ko‘tarib oldi-yu, orqasiga o‘tqazib qo‘ydi.
Shu bilan Oyro‘zi Jalasoyga yetgunlaricha qaytib gapirmadi.
4.
Oyro‘zini otdan uning qaynonasi, polvonsifat Omongul momo tushirib oldi. O‘zi ergashtirib, darvoza oldida yonayotgan gulxanni uch marta aylantirdi. Shundan keyin chimildiq tortilgan uyga olib kirdi.
Tashqarida o‘yin-kulgu avjiga chiqdi. Yigitlar chelakni taraqlatib, “Voh-ay, bola”ni olishdi:
Tomda tovuq jotadi, voh-ay, bola,
Oyog‘i sovqotadi, voh-ay, bola!
Uylanmagan jigitlar, voh-ay, bola,
O‘zi yalg‘iz jotadi, voh-ay, bola!
Oyro‘zi qiziqib, chimildiqdan chiqdi. Derazaga yaqin bordi. Baxmal pardaning chetini ko‘tarib, tashqariga mo‘raladi.
Aytuvchisi bir qatorini aytsa, “voh-ay, bola”siga qo‘shilayotgan yigirma chog‘li yigitlar tinmay qiyqirishar, o‘rtaga tushib olgan ikkitasi esa beqasam to‘nlarining bir etagini qayirib, belbog‘iga qistirib, yenglarini shimarib olgan, ko‘kraklariga mushtlab, raqsga tushishar edi.
Oyro‘zi ko‘zlari bilan Xurramni axtardi. Topolmadi. Bir mahal Xurram bir qo‘lida dutor ko‘targan bir yigitni boshlab, kelib qoldi. Uni ko‘rgan boshqa yigitlarning qiyqirig‘i osmonga yetdi. Dutor ko‘targan yigit boya yigitlar chalayotgan chelakni to‘nkarib, ustiga o‘tirdi. Dutorining quloqlarini burab olib, ashula boshladi:
Yallama yorim yalla, kuydim nozingdan, kuydim nozingdan,
Kuydirib o‘tma, yondirib o‘t, quralay ko‘zingdan!
Yallama yorim yalla, yallolashaylik, yallolashaylik,
Uchtami, to‘rtta bo‘lvolishib, hasratlashaylik!
Yigitlar bu qo‘shiqqa ham jo‘r bo‘lishib, raqsga tushishdi. Xurramni ham raqsga tortishdi. Avvaliga unamagan Xurram keyin to‘nining etagini belbog‘iga qistirib, xrom etigining yaltirab turgan qo‘njiga shappatilaburib, o‘ynay boshladi. Uni chor tarafdan yigitlar olqishlab turishdi:
− O‘lma, Xurram!
− Yasha, ota uli!
− E, kam bo‘lma-e!
4.
− Chiqib ketsin! Men qo‘rqaman! − yerni tepdi, Oyro‘zi.
− Men senga nima qildim? − dedi Xurram. − Senga bir nima deyapmanmi?
− Nimaga kirdi, bo‘lmasa?
− O‘z uyim bo‘lgach, kiraman-da. Uyqum keldi.
− Boshqa uyda uxlasin!
− Boshqa uyda otam, enam, ukalarim yotibdi. Sen o‘sha, chimildig‘ingning ichida uxlayver! Men manavi yerda uxlayman, − deb poygaroqdagi ko‘rpacha ustiga yonboshladi, Xurram. − Bitta yostiq uzatib yuborsang, bo‘ldi.
− Aldaydi! Uxlab qolsam, ... yomon ish qiladi.
− Hech qanday yomon ish qilmayman, − kuldi Xurram. − Tinchgina uxlayman!
− Uxlasin! − dedi Oyro‘zi. − Men, ... men ketaman!
− E, e, e! Qaerga ketasan? − hayron bo‘ldi Xurram.
− Enamnikiga.
− Enang qaerda-yu, sen qaerda? Piyoda bir kunda ham borolmaysan.
− Boraman! Bir oyda bo‘lsayam, enamning oldiga boraman. Men enam bilan yotar edim.
− Unday bo‘lsa, mening enam bilan yota qol! − deb chiqib ketdi, Xurram.
Sal o‘tib, Omongul momo kirib keldi.
− Ha, enang aynalsin, nima bo‘ldi? − so‘radi Omongul momo.
− Doim enam bilan yotardim, − yig‘lab yubordi Oyro‘zi.
− Xafa bo‘lma, menam enang-ku? Endi ikkovimiz yotamiz. Kel, qani! Ha, yasha! Aynalay!
Omongul momo quchoqlabgina yotdi, Oyro‘zini...
5.
Chillasi chiqdi, Oyro‘zining.
Chaqirdiga borishdi, yana otga mingashib.
Hammasini so‘radi, Oyro‘zining enasi.
Hech gap qolmadi, enasi so‘ramagan.
− Nima yeging kelyapti? − oxirida so‘radi, enasi.
− Tuz yegim keladi, − dedi Oyro‘zi. − Kapalab-kapalab tuz yesam, deyman.
− Xudoyimdan aylanay, − dedi enasi. − Bo‘yingda bo‘pti.
− U nima degani? − so‘radi Oyro‘zi.
− Bolang bo‘pti, degani, − dedi kulib, enasi. − Men momo bo‘laman, sen ena bo‘lasan.
− Tug‘amanmi? − so‘radi Oyro‘zi.
− Ha, tug‘asan-da, − yana kuldi enasi.
− Qanday, ... tug‘aman? − ko‘zlari katta-katta bo‘ldi Oyro‘zining.
− Qo‘rqma! − dedi enasi. − Men seni qanday tuqqan bo‘lsam, sen ham shunday tug‘asan!
− Ketmayman, u odam bilan! U yomon odam ekan!
− Ketasan! − dedi enasi. − Biz, ayollarning peshonamizga shu bitilgan.
− Jon, ena, ketmay! − yalindi, Oyro‘zi.
− Jon, qizim, ko‘n, endi sen ham! Ketmasang, otang meni o‘ldiradi.
4.
Jalasoygacha urush qilib keldi, Oyro‘zi.
Qarg‘ab-qarg‘ab keldi, Oyro‘zi.
Xurramning orqasiga mushtlab-mushtlab keldi, Oyro‘zi.
− O‘ziga boshqa xotin olsin!
− Seni yaxshi ko‘raman-da, Oyro‘zi!
− Aldaydi!
− Aldamayman, chin!
− Bo‘lmasa nega, ... unda, ... unday qiladi? − piqqillaydi, Oyro‘zi.
− Yig‘lamay gapir, nima qilibman, Oyro‘zi? − hech narsani bilmaydi, Xurram.
− Enam aytdi, men ham, ... tug‘armishman!
− E, e, e! Zo‘r-ku? − xursand bo‘lib ketdi, Xurram. − Chiningmi, Oyro‘zi?
− Qilg‘ilikni qilib qilib qo‘yib, nimaga muncha xursand bo‘ladi? − qovog‘ini soldi, Oyro‘zi.
− Xursand bo‘ladi-da, Oyro‘zi, xursand bo‘ladi! − qiyqirdi Xurram. − Akang qarag‘ay xursand bo‘lmay, kim xursand bo‘lsin?! O‘g‘il tug‘ib berasan, xo‘pmi? O‘g‘il tug‘ib bersang, yana bitta atlas kuylak olib beraman! Qora atlas! Marg‘ilonnikidan! Yashasin, akangning Oyro‘zisi!
Xurram otiga qamchi bosdi. Ot bir sapchib, shamolday yeldi. Qo‘rqib ketgan Oyro‘zi Xurramni mahkam quchoqlab oldi.
5.
Oyro‘zining Jalasoyda orttirgan dugonalari, qo‘shni qizlar kelishdi.
Oyro‘zi ularga “yorildi”.
Dugonalari ham qo‘rqib ketishdi.
− Endi nima qilasan? − so‘radi Chuchuk.
Yelkasini qisdi, Oyro‘zi.
− Tug‘adi, − dedi Misqol.
− Qanday qilib, ... tug‘adi? − so‘radi Qizmon.
− Tug‘mayman! − dedi Oyro‘zi. − Nima qilsam tug‘mayman? Ana shuni aytinglar!
Qizlar bari bilganini aytaverdi. Oxiri bir qarorga kelishdi.
Hovli to‘ridagi zardolining shoxiga arqon bog‘lab, halinchak solishdi. Navbat bilan halinchak uchishdi. Ko‘rgan odam “Ha, qizlar halinchak uchishyapti ekan-da”, derdi. Navbat Oyro‘ziga kelganida, har safar halinchak ucha-ucha, eng tepaga kelganda u o‘zini qorni bilan yerga tashlayotganini birov bilmasdi. Ko‘rsayam, sababini bilmasdi.
Qizlar har kuni kelib, Oyro‘zinikida halinchak uchayotgani uydagilarga malol kelmadi, ammo har kuni Oyro‘zi halinchakdan “yiqilib”, goh yuzi shilinib, goh qo‘li, goh oyog‘i chiqib qolayotgani tufayli, halinchakka chek qo‘yishdi.
Oyro‘zining dugonalari navbat bilan kelib, uning do‘ppayib qolgan qornini ezg‘ilay boshladilar.
Bir safar Chuchuk xotinining qorniga chiqib, o‘tirib olganini ko‘rib qolgan Xurram dugonalarning “qadamini quritdi”.
6.
− Voy, enajon! O‘lib qolaman!
Yarim kechasi dod solayotgan xotinining ovozidan uyg‘onib ketdi, Xurram.
− Nima qildi, Oyro‘zi? Sog‘misan?
− Enamni chaqirsin! Tezroq borsin! − qornini changallab baqirdi, Oyro‘zi.
Hovliqib chiqib ketdi, Xurram.
Birpasda yetib keldi, Omongul momo.
− Sen chiqib tur! Adolga ayt, o‘choqqa tezak qalasin! Bir qozon suv isitsin!
Adolatni uyg‘otib, o‘zi o‘choqqa o‘t yoqdi, Xurram.
Suv isiganda enasi chaqirdi:
− Xurramboy! O‘g‘ilchalik bo‘ldingiz! − ota bo‘lgan o‘g‘lini sizladi, Omongul momo. − Otangizni uyg‘otib, suyunchi oling! Bobo bo‘ldingiz, deng!
7.
E, aytib beraversam, Jalasoyda, bunaqa hangomalar bir dunyo.
Bugun sizlarga Amirqul akaning onasi, Oyro‘zi momo haqida ozgina aytib berdim, xolos.
Ana shu Amirqul aka onasidan ... o‘n ikki yosh kichik edi.
Tamom