Lobarxon Rustamova 1955 yil 1 yanvarda Uchqo‘rg‘on tumanining Qo‘g‘ay qishlog‘ida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Sharoit taqozosi bilan 1956 yilda Yangiqo‘rg‘on tumanining Zarkent qishlog‘iga ko‘chib kelishgach, bolalik yillari shu yerda kechgan.
1971-1975 yillarda Namangan Davlat pedagogika instituti (hozirda NamDU)ning filologiya fakultetida tahsil olgan va uni imtiyozli tugatgan.
1975-1977 yillarda Kosonsoy tumanidagi o‘rta umumta’lim maktablarida ona tili va adabiyot fanidan yoshlarga bilim bergan.
O‘qituvchilik faoliyatidan ajralmagan holda Yangiqo‘rg‘on tuman gazetasi «Mehnat bayrog‘i», hozirda «Yangiqo‘rg‘on hayoti» keyinchalik viloyat davlat soliq boshqarmasining nashri «Iqtisodiyot va soliq» gazetalarida bo‘lim mudiri, mas’ul kotib vazifalarida ishlagan.
Oilali, umr yo‘ldoshi Jabborov Abduqahhor 2000 yilda vafot etgan. Ikki nafar farzandi va ikki nabirasi bor.
«Katta yo‘lga tutash so‘qmoqlar» (hammualliflikda), «Daryoda aytilgan alla», «Oymomo jilmaydi», «Ezgulikka yo‘g‘rilgan umr», «Ishq ozori», «O‘rgimchak to‘rida», «Tog‘dagi fojia» kitoblari nashr etilgan.
Hikoyalari asosida «Lolagul» sahna asari Yangiqo‘rg‘on xalq teatrida sahnalashtirilgan.
2007 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.