Yonma-yon yo‘lda poezd pishillab kelib to‘xtadi. Mikrofondan manqa, uyquga qonmagan bo‘g‘iq ovoz taraldi.
— Diqqat, diqqat! Hurmatli yo‘lovchilar! Ikkinchi yo‘lda “Toshkent-Andijon” poezdi kelib to‘xtadi. Poezd bekatda uch daqiqa turadi. Qaytaraman...
Perrondagi odamlar shoshilib qoldi.
Akbar bir zum elektropoezdda o‘tirganligini, hozirgina uning hadeganda yurmayotganligidan toqatsizlanganini unutdi. Beixtiyor ro‘parasidagi vagon oynalariga tikilib qoldi. Odamlarning hech nima bilan ishi yo‘q, biri chiqib, biri tushyapti. Ular hademay katta shaharga kirib boradilar. Odatdagi olag‘ovur hayot davom etadi ...
Oradan hech vaqt o‘tmay, poezd xo‘rsinib, yo‘lni bo‘shatdi. Perronda qo‘lida tugun, g‘ijim ro‘molni iyagidan tang‘igan juvon serrayib qoldi. Juvonning qorni ko‘k yomg‘irpo‘shni bilinar-bilinmas turtib chiqqandi, qop-qora qo‘ng‘ir sochlari qattiq tang‘ilgan ro‘molga ham bo‘ysunmay shamolda tebranadi, asta-asta tomchilayotgan yomg‘ir juvonning kiftlaridan rezina kalishlarigacha chertadi. Juvonning ko‘zlari olazarak bo‘ldi.
Akbar yuzini deraza oynasiga yaqinlashtirib qaradi, shunda u juvonning nihoyatda yoshligini va shu yoshligi boisdir, g‘oyatda zeboligini ko‘rdi. Juvonning lablari qattiq qimtilgan, uzun kipriklaridan hozir yosh dumalab ketadigan avzoyda edi. Sovuqda ko‘kargan qo‘llari tugunni mahkam tutgandi.
Yomg‘ir tezlashdi. Elektropoezd oynalarini hovur bosdi. Akbar qo‘li bilan oynani artdi. Juvon hamon joyida qotib turar, nazarida savalayotgan yomg‘irni ham his etmasdi. Akbar to‘satdan orqasiga qalqib ketdi: poezd joyidan siljidi. Tezda juvon ham, perron ham ortda qoldi. Oyna ortida yengil hovurga burkangan dalalar, uylar, daraxtlar lipillab o‘tib turdi. Har kuni tiniq ko‘rinib turguvchi olis tog‘lar ham bugun yomg‘ir pardasi ostida qoldi. Bugun olis manzaralar ham ko‘rinmadi. Negadir Akbarning ko‘z o‘ngida perrondagi yoshgina, ko‘hlikkina juvon, uning qattiq qimtilgan lablari mixlanib qoldi. Xayoliga nimalar kelmadi. Balki juvon oilasidan haydalgandir, yaqinginada qurgan turmushidan ajralgandir. Nobop er, johil qaynona uni og‘iroyoqligiga qaramasdan haydagandir. Va u hozir nima qilishini, qayoqqa borishini bilmasdan esankirab turibdi. Yo‘q, yo‘q, balki juvon umuman turmush qurmagandir. Qiz balki adashgandir, bir onlik lazzatga uchgandir. Ota uyini ne-ne ko‘ngil bilan tark etgan, nomusdan duch kelgan poezdga chiqqan. Ha, ha, shu haqiqatga yaqinroq. Endi u poezddan tushib olgancha qaerga borishini bilmay, dovdirab turibdi.
Akbar bu gal poezdning shaharga qanday kirib kelganini sezmay ham qoldi. Yuragida qaytarib bo‘lmas istak paydo bo‘ldi. Esizgina, yonida bir parcha qog‘oz bilan qalam ham yo‘q ekan. Qani edi, xayolidagi hozirgina o‘zi guvoh bo‘lgan manzarani chizib olsa. Akbar to‘rxaltasidagi bir dasta gazeta-jurnallar orasini titdi. U har kungi umrining besh-olti soatini yo‘lga sarflaydi. Shu vajdan ishxonasidagi kutubxonachi ayoldan yillik gazeta-jurnallar, kitoblarni so‘rab oladi. Yo‘l bo‘yi shularni o‘qib ketadi. Ba’zan yo‘ldan toliqqan kezlari o‘ziga-o‘zi taskin beradi: agarda shuncha masofaga vaqt sarflamasam, bu gazeta-jurnallarni o‘qimas, olamda nima gaplar bo‘layotganligidan bexabar yuraverar edim. Xayriyatki, vaqtni bekorga sarflamayapman. U to‘rxalta titkilab, chizadigan bir nima topolmadi. Ishxonaga borishi bilan hozirgina o‘zi guvoh bo‘lgan manzarani darhol chizib oladi. Akbar poezddan tushishi bilan ishxona tomon uchdi.
U bugun hamkasabalaridan atayin o‘zini olib qochdi, xayolidagini qog‘ozga tushirib olmasa, butun harakati zoe ketadi. Tez-tez qalam bilan qog‘ozga chiza ketdi: ana, namli, rutubatli tong. Ko‘z ilg‘amas, fayzsiz kichik bekat, ana, rezina kalish, ko‘k yomg‘irpo‘sh kiygan, sochlari ro‘moldan to‘zg‘ib chiqqan, ko‘zlari olazarak, lablari qimtilgan qiz... Baribir ko‘ngildagiday chiqmadi. “Uyga borib, yana chizaman”, ichida o‘ziga-o‘zi shunday dedi.
Gazeta-jurnallarni kutubxonachiga topshirdi.
— Nima beray, Akbarjon? — kutubxonachi ko‘zoynak ortidan unga tikildi.
— Rahmat, hozircha hech narsa kerak emas. Bir-ikki kun dam olay.
Akbar aslida dam olmoqchi emasdi. Axir gazeta-jurnal o‘qib chalg‘isa, xayolidagi manzara chaplanadi, xiralashadi. U barmoqlari bilan kun sanadi. Ikki kun ishlasa, shanba-yakshanba dam oladi. Ixtiyorida ikki kun bor, nasib bo‘lsa, o‘tirib ishlaydi. Faqat Mavluda indamasa, janjal qilmasa bo‘lgani. Shuning uchun hozir tayyorgarlik ko‘rib qo‘yish kerak. “Tush payti bozorga tushib, bozorlik qilsam, shanba kuni bekorga yurmayman. Mavluda xursand bo‘ladi, ishga o‘tirsam jini qo‘zimaydi”, o‘yladi Akbar. Va shunday qildi ham. Bari mayda-chuyda qilinajak ishlarni hordiq kunlarigacha bitirdi.
Yomg‘ir quygandan-quydi. Ko‘k yomg‘irpo‘shli juvon jala ostida qoldi. Yomg‘ir qizning qop-qora sochlarini peshonasiga yopishtirdi, ko‘k yomg‘irpo‘shi ivib badaniga yopishdi.
Akbar bir zumda xayolidagi manzaraning bir necha xilini chizib tashladi. “Muhimi, kartina qilish, polotnoga ko‘chirish”. U beixtiyor Van Gogning “Yomg‘irdan so‘ng” asarini esladi. Yomg‘irdan keyingi kunning tarovati, dehqon kuni manzarasini eslarkan, ichida mamnun bo‘ldi: uning yomg‘irli kun manzarasi, nasib bo‘lsa, hech kimnikiga o‘xshamaydi. Asarda ham manzara, ham inson kayfiyati bo‘ladi. Kayfiyat, inson taqdiri aks etib turadi. Haqiqiy insoniy asar bo‘ladi.
Dasturxon tevaragida jimgina ovqatlandilar.
— Boshliq bilan aytishib qoldim. — Mavluda “Nima derkin”, deganday, Akbarga qaradi. — Qarasam, har xil gaplar qilyapti.
Akbar qoshiqni kosaga tashladi. U xotinining o‘ylagan o‘yini anglaganday dedi:
— Sen nima deding, erimga aytaman, dedingmi?
— Nega odamni mayna qilasiz? — Mavluda taraqlatib oldidagi kosani nari surdi. — Ha, dedim deganimni. Bir xayolparast erim bor, men birov bilan yuramanmi, yurmaymanmi, baribir. Bo‘pti, aytganingiz bo‘laqolsin, dedim.
Akbar boshini changalladi. “Yana eski ashula boshlandi. To‘xtatib bo‘psan endi”. U xotinining o‘zini behad sevishlarini va shuning barobarida benihoya qizg‘anib rashk qilishlarini, bu rashk to yoqa bo‘g‘ishgacha olib bormasa, aslo qoniqmasligini, depsib uyni boshiga ko‘tarishini yaxshi bilib olgandi.
“Mavludaning Teatr institutiga kirolmagani chakki bo‘lgan-da. Agar Mavluda aktrisa bo‘lolganida edi, butun ilhominiyu kuch-g‘ayratini teatr sahnasiga sarf-lardi-da, men bilan ishi bo‘lmas, oila sahnasida drama o‘ynab o‘tirmasdi, — ichida o‘ylandi u. — Aslida-ku, o‘sha institut ostonasida uchrashganlari hayotidagi katta xato bo‘lgan”.
Mavluda indamay o‘tirgan eriga g‘azabi keldi. “Shuyam ermi?”
— To‘g‘ri aytibmanmi? — deyarli baqirib dedi ayol.
— Bo‘pti, ertaga boshlig‘ingning oldiga bir boray. Maqsadi nima — bilmasam, yurgan ekanman yigit bo‘lib. — Akbar astoydil shunday dedi. Chunki bu mashmashalar uning joniga tekkan, ayolini bir fosh qilib, alamdan chiqmasa bo‘lmay qolgandi. Mavludaning boshliq haqidagi gaplarni to‘qib chiqarganligini, erining bunga qanday qarashini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgisi kelayotgani unga yangilik emasdi. Va rostdan ham ayolining boshlig‘i oldiga borsa, uning bunday jinni xotin sizga kerak bo‘lmasa, bizga mutlaqo zarur emas, opketing, deyishiga ishonchi komil edi.
Mavluda erining so‘zlari chin ekanligini bildi, dasturxon yig‘ishtirarkan, g‘udrandi:
— Bo‘ldi, o‘zim javobini berib yubordim.
Oraga sukut cho‘kdi. Xotin idishlarni yig‘ib olib ketdi. Oshxonada oyog‘iga yopishgan qizchasiga nimalardir deb baqirdi. Qizcha dod soldi. Nimadir sindi. Bir zum hammayoq tinchib qoldi. Mavluda shu bilan alamdan chiqdi.
“Xayriyat, bu safar janjalni katta qilmadi, — suyundi Akbar. U rasm chizadigan xonasiga kirarkan, bir muddat joyida to‘xtab qoldi, hech xayolidagi manzarani tiklay olmadi. — Bugun ham harom bo‘ldi”. Uning yuragi siqilib polotnoga tikildi.
U yaqinda yigirma yetti yoshga kirdi. Shu umri davomida faqat osoyishtalik istadi. Janjal-suronlardan qochib yashadi. Esida, dadasining ichib kelganini bildi, o‘rtoqlarinikiga yoki kunlar iliq bo‘lsa, ro‘paralaridagi tepalikka qochib kun ko‘rdi. Tepalikdan kaftday ko‘ringan qishloq manzarasiga mahliyo bo‘lib, uydagi noxushliklarni unutdi. Beixtiyor rasm chizish istagi junbishga keldi. Ustiga-ustak, taqdir uning ustidan kulganday, chekiga janjalni pulga sotib oladigan xotin tushdi. Bu yerda tepalik ham yo‘q jon saqlaydigan. Undan keyin bu yerni, boshlab qo‘ygan ishini tashlab ham ketolmaydi. To‘g‘risi, cho‘tkalariniyu bo‘yoqlarini Mavludaga ishonmaydi.
Akbar xonada uyoqdan-buyoqqa yurdi. “Muhimi, Mavluda bilan olishmaslik, unga ahamiyat bermaslik. Qachonlardir, kimlardandir eshitgandi: odam turmush mayda-chuydalaridan, ikir-chikirlaridan ustun turishi kerak, deb. U ham endi shunday qiladi. Turmush g‘alvalariga zarracha e’tibor bermaydi”. Shu payt deraza chertildi. Xayoli bo‘linib, derazaga yaqin bordi. Derazani chertayotgan yomg‘ir ekan. Birdan xayolida kichik vokzal, perrondagi juvon jonlandi. Akbar sevinib ketdi. Shunda u barini, borliqni unutdi.
... Nazarida kerakli bo‘yoqni topolmayotganday bo‘ldi. Nima qilsa, qanday bo‘yoq bersa, kayfiyat ifodalanadi? Qanday chizsa, aro yo‘lda qolgan, adashgan qiz portreti aks etadi?
Shuncha mo‘l ishlasa-da, chizganlari baribir o‘ziga ma’qul kelmadi. “Axir xayol bilan rasm chizib bo‘lmaydi-ku. Eng mashhur rassomlar ham naturadan nusxa ko‘chirishgan”. U o‘ziga-o‘zi shunday tasalli berdi. U naturachini qayoqdan topsin? Asarda o‘sha juvonga o‘xshash odamni topganda ham unga to‘laydigan mablag‘ qani, uning uchun sharoit qani? Akbar mashhur rassom bo‘lsa ekanki, o‘zining xoli ustaxonasi bo‘lsa. U hafsalasi pir bo‘lib, qo‘lidan cho‘tkani tashladi. Ruhi tushdi.
Ikki kun ham “g‘uv” etib o‘tdi-ketdi. Ertaga yana ishga borishi kerak. Yana erta sahardan qora kechgacha o‘zi istamagan ishlarni qilishi kerak. U hech qachon taniqli rassom bo‘la olmasa kerak. Juda bo‘lmaganda, o‘rtamiyona suratkash. Ilk bor qo‘liga qalam bilan qog‘oz olgan, rasm chizgan, shu rasmni uch-to‘rt odamga ma’qul qildirgan suratkash borki, mashhur bo‘lishni orzu qiladi. Shuhratga intilish gunohmi, orzu qilish aybmi? Lekin orzuga erishish nechog‘li mushkul... Turmushning zilday yuki ostidan chiqib olish nechog‘li og‘ir...
Akbar shunday o‘ylar bilan o‘ziga-o‘zi tasalli berarkan, yuragini qoplagan tahlika orqaga chekindi. U yana qo‘liga cho‘tkani oldi. Xayolidagi tasviri tobora o‘chib borayotgan perrondagi juvonni amalda tiklashga bor kuchi bilan tirishdi.
Akbarning miyasiga to‘satdan bir fikr kelib urildi. Bu fikr noxos ko‘nglini yoritib yubordi. Bu fikr uni qutqardi, bu fikr kelajagini charog‘on qiluvchi mayoq bo‘ldi. Axir har kuni bo‘zchining mokisiday shaharga ishga borib kelaverishi shartmi? Axir tussiz hayotida va nihoyat ma’no paydo bo‘ldi-ku. Axir u hamisha yuragini kemirgan tuyg‘uni — o‘zligini topdi-ku. Nazarida shu vaqtga dovur rasm chizmaganiga asrlar o‘tganga o‘xshadi.U ertadan boshlab to “Adashgan qiz” asarini tugatmagunicha ishga bormaydi, vassalom. Sababi: ishdan muhimroq ishi bor. Mavludami, bilganini qilsin.
U qat’iy qarorga keldi.
Kech kuzning rutubatli tongi. Kishining yuragini qon qiladigan yomg‘ir ezib yog‘yapti. Sovuq hovur izma-iz kelib turgan poezdlarni parda kabi o‘rab oldi. Mana, asta poezd jildi. Poezddan tushuvchilar, chiquvchilar aridi. Perronda qo‘lida birgina tugun tutgan, yupun kiyingan yosh, ko‘hlikkina juvon qoldi. Juvonning sochlari ro‘molga so‘z bermay, shamolda tebranadi. Lablari qattiq qimtilgan, qop-qora ko‘zlari sarosimada — juvon yukli.
Akbar o‘zi xayolan kashf qilgan yoshgina juvon hayotiga singib ketdi, go‘yo u bilan birga nafas oldi. Cho‘tka tutgan qo‘llari tin olmadi.
— Shunday o‘tiraveradilarmi? — Mavludaning ovozi uni hushiga qaytardi. U orqasiga o‘girildi. Ostonada qoshlari chimirilgan, darg‘azab xotinini ko‘rdi, beixtiyor qo‘llari pastga tushdi. — Sababini bilsak bo‘ladimi?
Akbar nima gapligiga tushunmaganday, xotiniga tikilib qoldi.
— Nega anqayasiz? Necha kun bo‘ldi, ishga bormaysiz, gap gapirsam angrayasiz? Qilinadigan qancha ishlar yotibdi, bu kishim bo‘lsalar, rasm chizi-i-ib o‘tirib-dilar. Koshki bu rasm o‘lgur non bersa, osh bersa.
— Bas qil! — u xotiniga o‘shqirdi, yerga cho‘kib, tizzalarini quchoqladi.
U, shu gapni gapiryapsanmi, ey xotin, axir sen o‘qimagan, omi ayol emassan-ku! Bir paytlar sen ham san’atkor bo‘lishga da’vogar eding-ku, degisi keldi. Ammo hayf senga so‘z, deganday, ensasi qotdi.
— E! — u qo‘llarini siltadi.
Mavluda erining kayfiyati buzilganini ko‘rib, shashti pasaydi:
— Namoz akanikiga borish kerakmidi? — Mavluda yumshab, pisanda qildi.
Akbar nima gapligiga endi tushundi. Bir mahalla naridagi Namoz aka shu kuzda uy tuzab, bezatyapti. Uyining bir xonasiga manzarali rasm chizdirmoqchi. O‘n kunlarcha avval u Akbar bilan kelishgan edi. Butunlay esidan chiqib ketibdi. Uning yuragi orqasiga tortdi. Yana yozning kuni keladigan bo‘ldi. Akbar har yili yozni orziqib kutadi, tog‘larga, qishloqlarga chiqib, rasm chizsam, deb orzulaydi. Ammo orzu-orzuligicha qoladi . Ro‘zg‘or atalmish g‘or uni ham, uning orzularini ham o‘z komiga tortadi. “Shu yoz ishlasangiz, mebel, gilam olamiz. Shahardan uy olib, ko‘chadigan bo‘lsak, hech vaqomiz yo‘q”. U shunday-shunday gaplar bilan tobora yuragida orzu qilgan rasmlarini chizmay qolaveradi. Ko‘nglidagi mung kabi, quvonch kabi ohang borgan sari undan uzoqlashib, tark etib boraveradi. Endi yana ko‘ngil orzularidan voz kechsinmi? Barini aro yo‘lda tashlab, pul topishga tushsinmi? Endi ko‘nglidagi polotnoga ko‘chayotgan o‘sha... o‘sha juvonni tashlab ketsinmi?
— Borib ayt, erimning zarur ishlari chiqib qoldi, kela olmaydi, de.
— Nima-a?
— Shu. Men kartinani tugatmagunimcha hech qayoqqa bormayman. Sen aytmasang, o‘zim borib aytaman.
— Siz axir yigitmisiz? Lafzingiz bormi? — Mavludaning naq joni halqumiga keldi. U sira-sira Akbardan bunday qiliqni kutmagan edi. — Ey, sizga kattalikni kim qo‘yibdi? Oldin engil-boshingizga kiyim iling-da, keyin kattalik qiling, iya.
Akbar o‘zini tutolmay qoldi.
— Qani, chiq, chiqib ket! — u bir qo‘li bilan xotinini eshik tomon itardi, bir qo‘li bilan rasmni muhofaza qildi.
— Nega meni ushlaysan, qo‘yvor! — Mavluda beixtiyor sen-senlab ketdi. — Hali meni itday haydaydigan bo‘ldingmi? Sen-a?
Mavluda bir yulqinib, erining qurshovidan chiqdi-da, jon-jahdi bilan oyog‘idan shippagini olib, rasmga qarab otdi.
Shippak uchib borib, naq ko‘k yomg‘irpo‘shli juvonga tegdi.
Uchib borib, juvonning hozir yig‘lab yuboray-yig‘lab yuboray deyayozgan raftordagi yuziga, mahkam qimtilgan lablariga tegdi.
Shippak zarb bilan urilib, bo‘yoqlarni chaplab yubordi.
Zarb bilan urilib, rasm chizilgan matoni teshib ketdi.
Zarb bilan urilib, juvonning basharasini jarohatladi.
Jarohatdan tirqirab qon oqdi...
— A-a! — Akbarning tomog‘idan bir nido otilib chiqdi.
U beixtiyor boshini changallaganicha o‘tirib qoldi. Mavluda nima bo‘lganiga endi aqli yetganday, sarosimada qoldi. Oraga og‘ir sukunat tushdi.
— Yaxshisi, ket, — harsillaganicha dedi Akbar boshini ko‘tarmay.
— Nega men ketarkanman, o‘zing ket, — dedi Mavluda o‘zini tutib olib.
— Men ketaymi? Bo‘pti! — Akbar shahd bilan o‘rnidan turdi.
Endi uni bu uyda hech qanday kuch tutib turolmas edi.
Kech kuz shamoli badan-badanni teshib yuborguday izillaydi. Olis-olislardan parovozlar gudogi chalinadi. Vokzal binosidagi chiroq hozir-hozir o‘chib qoladi-ganday lipillaydi. Sayoq it ichkariga kirmoqchi kabi iskalanadi. Qorovul chol sayoq itga qo‘liga tushgan konserva bankani otadi. It vangillab jo‘naydi. Tashqarida mov bo‘lgan mushuklar qiyillaydi, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar kabi chirqillaydi.
Akbar ko‘z ochib yumguncha bor-yo‘g‘ini o‘g‘ri to‘nab ketgan odam kepatasida qator tizilgan yaxday kursilarga o‘zini tashladi.
Bir muddat ko‘zi ilindi. Hushidami, tushidami, bo‘g‘iq, manqa ovoz taraldi: “Diqqat, diqqat! Hurmatli yo‘lovchilar! Ikkinchi yo‘lda “Toshkent-...” poezdi kelib to‘xtadi. Qaytaraman...”
Shunda kimdir yelkasiga asta qo‘lini qo‘ydi. U seskanib orqasiga o‘girildi. Qarshisida ro‘molni iyagidan bog‘lagan, bir qo‘lida tugun, egnida ko‘k yomg‘irpo‘sh, oyog‘ida qora kalish, yoshgina juvon turibdi. Juvon qorni bilinar-bilinmas yomg‘irpo‘shni turtib chiqqan, uzun-uzun kipriklaridan oqqan tomchi yosh yiltillaydi, lablari mahkam qimtilgan.
— Bolam, eshikka ro‘para yotmang, yelvizak. Tag‘in shamollab qolmang. — Qorovul chol Akbarning kiftidan asta turtdi.
Akbar sapchib o‘rnidan turdi. Tevarakka bir qur nazar soldi, o‘ziga keldi.
Uzoq-yaqindan xo‘rozlar uzun-qisqa qichqirib, saharni qarshiladi. Tong yorishib keldi.
Olis-olislardan relslarni taraqlatib poezd bekatga yaqinlasha boshladi.
1993