OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ma’suma Ahmedova. Vidolashuv (hikoya)

Yaqinimiz Sonya xolaning porloq xotirasiga bag‘ishlayman.


Atrof jimjit. Hovlidagi daraxtlar kuzgi shabadada asta chayqaladi. Chorpoyaga tutash olma daraxtidan  g‘arq pishgan olma yerga "tap" etib tushadi.  
Chorpoya chekkasida omonatgina o‘tirgan xola bu ovozdan cho‘chidi, so‘ng o‘rnidan chaqqon turib, yerdan olmani oldi. Sap-sariq olma choshgoh quyoshi nurlarida tovlandi.
— Ha-a, dunyo deganlari shu ekan-da, — o‘zicha so‘zlandi xola. 
U bu bilan pishib yerga tushgan,  shu bilan o‘z umriga nuqta qo‘ygan olma haqidami yo umuman, hayot haqida gapiryaptimi, uni kuzatgan odam buni dabdurustdan anglolmasdi. 
Bir payt chorpoya ro‘parasidagi uy eshigi ochildi. Ostonada  yigirma yoshlardagi qiz ko‘rindi.  
— Rixsi xola, kirarkansiz, buvim so‘rayapti¬lar, — dedi qiz horg‘in. 
Xola eshik oldiga bordi.  Shu yerda bir oz turib qoldi-da, so‘ng shahd bilan ostonadan hatladi. Uy ichkarisiga kirdi. 
Xonadagi sukutni tashqaridan kirib qolgan pashshaning g‘ing‘illagan ovozi buzardi. Uy to‘riga qo‘yilgan katta sim karavotda, agar choyshabdan chiqib turgan qoqsuyak qo‘llar bo‘lmasa, birov yotganligi  ham sezilmasdi. Xola asta karavotga yaqinlashdi.
— Oysha, tuzuk bo‘lib qoldingizmi? 
Shunda bemor "yalt" etib keluvchiga qaradi. Uning chehrasidan dard azobi sezilmas, ich-ichiga cho‘kkan  moviy ko‘zlari, bir burda bo‘lib qolgan oqarin¬qiragan yuzlari osoyishta ko‘rinardi.
Bemor boshini asta irg‘adi. Nimadir demoqchi kabi qo‘shnisiga yuzlandi.
— Rixsi... 
Xolaning xotirasida olis yillar voqeasi jonlandi... 
— Mening ismim Ayshe, — dedi qiz tabassum bilan.
Qiz baland bo‘yli, yelkasida sarg‘ish sochlari mavjlanib turganga o‘xshar, moviy ko‘zlari charaqlab, kishini o‘ziga tortib turardi.
"Turobning xotini ko‘hlikkina ekan",  degan fikr o‘tgandi uning xayolidan  ilk bora Oysha bilan  tanishganida.
Ha, o‘shanda "Turob ota-ona roziligisiz qrim-tatar qizga uylanibdi,  kelin o‘rtog‘inikida  emish", degan gap tarqaldi. Esida, o‘shanda  mahallada ozmuncha shov-shuv bo‘lmagandimi, e-he...  
Axiri kelin ham keldi. Kelinni ko‘rmasdan, bilmasdan mahobat qilganlar axiri tinchidilar.  U ham o‘zlari qatori bir inson ekan.  Yo‘q,  kelin  bu hayotga tez ko‘nikdi, eplikkina, pishiq-puxtagina  chiqdi. 
— Keldingizmi... 
Xolaning beixtiyor xo‘rligi keldi. 
Eshikda qorasi  ko‘rinishi bilan  uni Oysha shu so‘zlar bilan qarshi olardi.
Eh-he, shu so‘zlarga u qanchalik  o‘rganib qolgandi.  Hayotda nimalar o‘tmaydi. Yuragi siqilsa,  g‘am-tashvishlardan ezilsa,  shu  qo‘shnisi bilan dardlashardi... Ha, yana ro‘parada bog‘ qo‘shnisi Rohila bo‘lardi. Uchalasi birinchi bor qahva ichgandilar.  Ichlari yayrab, miyalari tiniqlashganday bo‘lgandi o‘shanda. Shu-shu, ular Oysha yanchib, qaynatgan qahvaga ham sherik  bo‘ldilar.  Qahvaga ham shu Oysha o‘rgatgandi ularni. Rohila ham rahmatli bo‘lib ketdi. Keksalik ekan-da, burnog‘i yili shundaygina zinadan yiqilib tushdi-yu,  o‘ldi-ketdi. Parvardigori olam, kim nima sabab bilan  bu dunyodan ketadi — o‘zi biladi.  
Keyin  ularning davralariga qo‘shni qishloqdan mahallalariga ko‘chib kelgan Mamlakat ham qo‘shildi. Juda shaddod edi-da, tushmagur. To‘y, aza, boringki, biron ma’raka uningsiz o‘tmasdi. Barini tinchitardi, Xudo yarlaqagur. Rohila o‘g‘lini uylantirayotganida to‘yda erkakcha kiyim kiyib olib o‘ynagandi. Rosa  to‘yni qizitgandi o‘ziyam. O‘shanda to‘ylar  qiziq bo‘lardi-da. Hozirgilarnikiga sira o‘xshamasdi. 
Qahraton qish, sovuqdan tishlar bir-biriga tegib, takillaydi. Axir qishloqda to‘ylar qishda bo‘lardi-da. Sababimi? Sababi — qishloq ahli dehqon, yozning har lahzasi g‘animat. Hosilni yig‘ib-terib, keyin qishda oyoqni uzatib, bemalol  to‘y qiladi-da. 
O‘rtada gurillab gulxan yonib turadi. Do‘mbira, childirma, karnay-surnay sadolari avjiga chiqadi. Oldidagi olov cho‘g‘lari so‘nayozgan do‘mbirachi zo‘r berib do‘mbirasini chaladi, surnaychi qip-qizil lunjlarini shishirganicha, surnay chaladi. Odamlar sovuq qotganlaridan  ham davradan chiqmay o‘ynayverardilar, o‘ynayverardilar... Ha, o‘sha to‘ylarga yetadiganini ko‘rmadi. Risolat ham ketdi  Uch-to‘rt yil bo‘ldi. Xolaning ko‘ngli o‘ksidi. Ha, ular ketdi. U negadir o‘zini yolg‘iz sezdi. Ko‘ziga yosh keldi.  Mana, Oysha ham...
— Rixsi... 
Xola o‘ziga keldi. "Yalt" etib,  bemorga qaradi. Bemorning  ko‘zlari olazarak bo‘ldi.
— Yaxshi-yomon gaplar o‘tgan bo‘lsa... 
— Ie, Oysha, sira unday demang, hali yaxshi bo‘lib ketasiz, ha...
Xolaning yuragi orqaga tortdi, shosha-pisha shunday dedi. Bemor indamadi. Oraga sukut tushdi. 
 — Rixsi xola, buvim toliqdilar... — qiz uning yoniga  sekin keldi-da,  shivirladi: — Endi dam olsinlar...  
Rixsi xola  tizzalariga suyanib, o‘rnidan turdi. U dugonasidan ko‘z uzolmay, arang eshikka yo‘naldi. Jim-jit hovlini tark  etdi. 
...Tashqari shovqin edi. Bolalar o‘yindan zerikmay, uyoqdan-buyoqdan chopishadi, kimdir chekkada mashina tuzatadi,  kimdir devorga mingashib olgancha paxsa uradi.
— Bo‘l, loyni uzat! —  deb baqiradi hamrohiga.  
Oldi qish, kun g‘animat. Ko‘cha boshida, ariq chekkasida qo‘shni kelinlar tizilishgan. Ular turib olganlaricha bir-birlariga gap bermay nimalarnidir muhokama qiladilar, bahslashadilar. 
Xolaning ko‘ngli birdan yorishdi, boyagi  mahzunligi picha tarqadi. U, Rohila, Mamlakat, Oysha... ular ham  shunday edilar. Shunday yosh, shunday shaddod...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.