Navoiyning kitoblari ko‘payib ketgandan keyin ularni tartibda saqlash uchun bir kitobdor kerak bo‘lib qoldi. Unga Muhammad naqqosh degan bir kishini tavsiya qildilar.
Muhammad naqqoshning qo‘lidan kelmaydigan ish yo‘q edi. U tosh va yog‘ochga o‘yib naqsh solar, chilangarlik, duradgorlik, muqovasozlik va hokazolarni bilar edi. U Navoiyning taklifini jon deb qabul qildi.
Bir kun shoirning uyiga yaqin do‘stlari kelgan edilar. Mehmonlardan Xoja Dehdor tokchaga tizilgan chinni lagan va ko‘ralarni tomosha qilib:
— Chinni asboblar yasamoqda hech kim xitoylarga bas kelolmaydur. — dedi. — Alarning hunariga qoyil qolmasdin iloj yo‘q...
— Rost, — dedi Navoiy unga boqib. — Xitoy fag‘furi(chinnisi) olamg‘a mashhurdur, ammo hafsala qilsalar, bizning ustalar ham o‘shandog‘ chinni asboblar yasay biladurlar. Bizda chinni yasamoq uchun kerakli oq loy, ohaktosh va hokazolar bor.
— Odam yasagan narsani odam yasay biladur, — deb gapga aralashdi quyiroqda o‘tirgan Muhammad naqqosh.
— Borakallo, — dedi Navoiy kulib. — Men sizdin shul gapni kutgan erdim. Siz mohir bir kulol topib, shul ishga kirishsangiz, Xitoy ustalaridin o‘tkazib chinni idishlar yasay bilar erdingiz.
— Keling, hoji Muhammadg‘a oq fotiha berayik, Hirotning oq loyidin bizga fag‘fur idish-oyoq yasab bersin, — dedi Xoja Dehdor.
Do‘stlarning daldasi Muhammad naqqoshni g‘ayratlantirib yubordi. U o‘ziga o‘xshagan ishchan va mohir bir kulolni topib, ishga kirishib ketdi. Ikkovlon yeng shimarib, ohaktosh va allaqanday shaffof ko‘k toshlarni hovonchada yanchib, elakdan o‘tkazdilar, ohanrabo yordami bilan uni temir zarralaridan tozalab, keyin suvga qorib, rosa pishitdilar. So‘ngra bu loydan kulol dastgohida lagan, ko‘ra, boshqa buyumlar yasadilar va ularni xumdonda pishirdilar. Muhammad naqqosh ko‘kish toshlarni maydalab, elakdan o‘tkazdi va unga allanima balolarni qo‘shib, «sir» tayyorladi, idishlarni sirlab, shunday naqsh berdiki, ularni xitoy chinnilaridan ajratib bo‘lmas, chert¬sangiz jaranglar edi.
Muhammad naqqosh shu ish bilan ovora bo‘lib yurganda ko‘ngilsiz bir hodisa yuz berdi. U Navoiyga zarur bo‘lib qolgan bir kitobni tokchadan olaman, deb uni devor tagidagi soat ustiga tushirib yubordi. Soat to‘xtab qoldi. Navoiy bundan xabar topib, qattiq xafa bo‘ldi-yu, lekin indamadi. Naqqosh uni tinchitish uchun:
— Ishlarimdin bo‘shaganimdin so‘ng soatni tuzaltib bergaymen, — deb va’da qildi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, shoir naqqoshni chaqirib:
— Siz menga bir soat qarzdorsiz, — dedi hazil aralash. — Kecha men Muborizbek evida mehmon bo‘lg‘on erdim. Farangistondin kelgan savdogarlar anga sandiq shaklidagi bir soat sovg‘o qilibdurlar. Ilgari arablar bundan yaxshiroq soatlar yasar ekanlar, keyin bul hunarni xotirdin chiqorg‘onlar. Ilmu hunar qo‘ydek adashib, faranglar qo‘liga o‘tib ketibdur, emdi yo‘qolg‘on qo‘yni qaytarib olmoq lozim.
Navoiy «sandiq soat»ni batafsil tasvirlab, naqqoshga xuddi shunday bir soat yasashni taklif qildi. Muhammad naqqosh indamay yerga qarab qoldi.
— Ha, nega uningiz chiqmay qoldi? Bul ishga qo‘l urmoqqa yuragingiz dov bermayotirmi? Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir, deganlar.
— Agar yaxshi bir temirchi bo‘lsa, yasay bilamiz, — dedi naqqosh o‘ylaninqirab. — Bir usta bor, Sarbonali degan. O‘zi temir, po‘lat, jezdan qilinaturgan jami buyumlarni yasay biladur, ammo o‘lgudek pulga o‘ch odam...
— Biz puldin qochmaymiz, shul ish bitsa bas, — dedi Navoiy. — Boring, o‘shal temirchi bila kelishib, sandiq soatni ko‘rib, andoza olib keling. Men sizga bir maktub yozib beray. Agar shuni uddalay olsangiz, tarixda nomingiz qolg‘ay.
Navoiyning so‘zi naqqoshning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shdi. U bilagini shimarib, ishga kirishib ketdi...
Oradan ikki-uch oy o‘tgandan keyin temirchi bilan naqqosh og‘ir bir «sandiq»ni ko‘tarib, Navoiyning mehmonxonasi to‘riga tik turg‘izib qo‘yishdi. O‘sha kuni kechqurun Navoiy naqqoshning hunarini ko‘rsatish uchun o‘zining yaqin do‘stlarini taklif etdi.
Soat roppa-rosa yetti bo‘lganda sandiqning qopqog‘i jaranglab ochildi. Sandiq ichida temirdan yasalgan bir haykal tik turar edi, u qo‘lidagi temir tayoq bilan oldidagi yassi mis parchasiga yetti martaba urdi va eshik yopildi.
— Ofarin!
— Hoji Muhammad benazir usta, — deyishdi mehmonlar yoqalarini ushlab.
— Har soat sandiq ochilib, ichidagi haykal, masalan, soat ikki bo‘lg‘onda ikki, uch bo‘lg‘onda uch martaba jom chaladur va hokazo, — deb izoh berdi Navoiy xursand bo‘lib.