OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirkarim Osim. Yaxshining sharofati (hikoya)

— Tobakay musofirlikda ran¬g¬ingizni sarg‘aytirib yurgaysiz, — dedi bir kuni Alisherning hujrasiga tashrif buyurgan pahlavon Muhammad. — O‘z shahringiz Hirotg‘a keting. Mashhad havosi sizga yoqmadi. Rangingizga qarab bo‘lmaydur, za’faron.
— Rost, Hirotni sog‘inib rangim za’faron bo‘ldi. Qanot bog‘lab uchgim kelib turibdur. Borib marhum atomning chirog‘in yoqmog‘im kerak.
— Bas, nevchun jo‘nab ketmaysiz?
— Hirot taxtin olg‘on Abu Saiddin qo‘rqadurmen. O‘zingizga ma’lum, mening tag‘oyilarim aning g‘animi bo‘lg‘on Husayn Boyqaro xizmatidadurlar. Tag‘oyisini ko‘rarga ko‘zi bo‘lmog‘on podshoh jiyanining boshin silamas.
Pahlavon ketmon soqolini tutamlab, bir lahza fikr-mulohaza daryosiga cho‘mdi-da, keyin boshini ko‘tarib, do‘rillagan ovoz bilan dedi:
— Albatta, bir ishga bel bog‘lamoqdin avval aning oqibatin o‘ylamoq kerak. Ulug‘bekning onosi Gavharshodbegimdek tabarruk xotunni jallod ilkiga topshurg‘on, begunoh bek, shahzodalarni qatl ettirgan podshohdin yaxshilik kutib bo‘lmaydur. Kimiki tutun chiqarib yonayotgan bu alangaga yaqinlashsa, etagi kuyadur. Shul sababdin siz Hirot borg‘oningizda anga yaqin yo‘lamang. Faqir kishi panada, deganlaridek zolimning ko‘zidin yiroqda yuring. Men dog‘i yaqin aroda Hirotga ko‘chib ketmoq niyatidamen. Bul yerda ishim yurishmay qoldi.
— Mashhadda menga sizdin o‘zga mehribone yo‘q. Yalg‘uz qolsam, musofirlik boshimg‘a yetadur.
— Andog‘ bo‘lsa, ikki o‘t-olovdin birin tanlang. Men ketsam, bul yerda holingizdin xabar oloturg‘on kimarsa yo‘q. Hirotda ersa yor-do‘stlaringiz bor. Mavlono Abdurahmon Jomiy va Sayid Hasan Ardasher janoblari har vaqt sizni himoya qiladurlar. Siz sipohi ermas, shoirsiz. Ilkingizda nayza ermas, qalam tutib kelgansiz. Nahot, Abu Said tag‘oyilaringizning qasdin sizdin olsa?
O‘zi ham Hirotni sog‘inib, butun vujudi bilan u yerga intilib turgan yosh shoirga pahlavonning so‘zi yog‘dek yoqdi. Abu Said o‘z dushmanlarini yengib, Xurosonda bir qadar tinchlik o‘rnatgan edi. Shoir oldiga qo‘yilgan qaynoq sho‘rvani ichishdan qo‘rqqan kishidek, yana bir necha kun sabr qilib turdi, keyin tavakkal otiga minib, o‘z shahri Hirotga jo‘nadi.

Endi yigirma-yigirma birga kirgan tajribasiz yigitlar singari Alisher ham pulni rasamadi bilan sarf qilishni bilmas edi. Qo‘li ochiqligi tufayli ko‘p o‘tmay, otadan qolgan uncha-muncha pul ham sovurilib ketdi, birovdan pul so‘rashdan u or qilardi.
Bir kuni shoir Hasan Ardasherni yo‘qlagani borganda, u ishdan gap ochdi.
— Bekor yurgandin bekor ishla, degan gap bor. She’r bilan qorin to‘yg‘ozib bo‘lmaydur. Ishlamasangiz dog‘i och qolmaysiz, men bor, oshno-og‘aynilar bor. Ammo sizning sirkangiz suv ko‘tarmaydur. Riyozat bila topilg‘on bir tishlam nonni birov bergan semiz qo‘y etidin yaxshiroq deb o‘ylaysiz.
— Ko‘nglimdagini topdingiz, otaxon, — dedi qizarib Navoiy.
— Shul sababdin sizga loyiq bir ish topoyiq. Agar she’r muxlisi bo‘lg‘on insofli bir amaldor sizni o‘ziga mulozim qilib olmoqqa rozilik bersa, xo‘p dermi erdingiz?
— Munosib bir kishiga mulozim bo‘lmoqdin or etmaydurmen. Birovning xizmatin qilmoq ayb ermas.
— Rost aytdingiz, bu nomus qilaturgan ish ermas. So‘zima quloq bering. Men bir kun Sulton Hasanbekning uylaridagi majlisda sizning bir she’ringizni o‘qib erdim. Ul kishiga bag‘oyat xush keldi. Burunroq menga, bir pokiza, fahm-farosatli yigit bo‘lsa, navkar qilib olur erdim, deb erdilar. Men sizni aytib ko‘ray. Qo‘li ochiq odam, yaxshi maosh bersa kerak.
— Sulton Hasanbek mayxo‘r, deb eshitamen. O‘g‘li dog‘i ko‘p ichadur erkan, — dedi Navoiy.
— Mayxo‘r bo‘lsalar dog‘i ko‘ngli oq odamlar. Yaxshi odam mast bo‘lsa ham o‘zgaga yomonliq sog‘inmaydur.
Navoiy ikkilanib turib, uning taklifini qabul qilishga majbur bo‘ldi. Yosh bo‘lsa ham she’r muxlislari orasida dong‘i chiqqan Navoiydek shoirni mulozim qilib olganidan Hasanbekdek kishi faxr¬lanar edi.
Mulozim yoki navkar xizmatkorlik lavozimidan bir pog‘ona baland bo‘lib, u bek bilan xizmatkorlar o‘rtasida turadi, xo‘jayinning buyruqlarini xizmatkorlarga yetkazadi, dasturxon yozib, xo‘jayin oldiga ovqat qo‘yadi, u bilan birga o‘tirib ovqatlanadi, suhbat quradi. Bundan tashqari, Navoiy jangovar bek bilan safarga birga chiqish, sahro, tog‘-toshlarda yurish, harbiy safar qiyinchiliklarini u bilan baham ko‘rishga majbur edi.
Navoiy Mirzabekni ichkilikdan qaytarishga, unda she’r va musiqiyga havas uyg‘otishga harakat qilardi. Musiqiyga havas uyg‘otish qiyin emasdi, ammo ichkilikdan ko‘nglini sovutish mumkin bo‘lmadi. Biroq shunga qaramay, Mirzabek ko‘ngli oq bo‘lib, mast bo‘lmagan vaqtlarida juda xushmuomala va rahmdil yigit edi. Kunlardan bir kun yuz bergan bir hodisa buni tasdiqladi.
Husayn Boyqaro Xorazmda kuch to‘plab, doimo Xurosonga hujum qilib turardi. Uning bir to‘da askarlari Jah-Jah degan joydagi jangda mag‘lub bo‘lib qochib qutuldi, bir qismi o‘rovda qolib, asir tushdi. Bu jangda Abu Saidning yosh askarboshilaridan Mirzabek o‘zining usta jangchi, mohir qilichboz ekanini ko‘rsatdi. O‘sha vaqtning odatiga ko‘ra asirlarni askarboshilar va navkarlarga ikkitadan-uchtadan bo‘lib berilar, ular bu asirlarning kallalarini olib, o‘z hukmdorlariga yuborar edilar.
Mirzabek qarorgohga jangdan charchab keldi-da, qurol-yarog‘ini chodirning o‘rtasidagi ustunga osdi va o‘zini yerdagi namat ustiga tashladi. U hali o‘ziga kelmagan, harsillab nafas olar, ko‘zlari bejo edi. 
— Tomog‘ingizni ho‘llab olsangiz o‘zingizga kelardingiz, — dedi Alisher.
Mirzabek o‘rnidan turib o‘tirib, bir piyola sharbat ichib, mo‘ylovini artdi-da:
— Shukur, — deb qo‘ydi entikib. — O‘zi dog‘i... hazilakam jang bo‘lmadi. Ahmad Hojibek... o‘z cheriki bila... yetib kelmasa... ishimiz xarob erdi.
U harsillab jang tafsilotlarini gapirib berayotganda, tash¬qaridan oyoq tovushi, ot pishqirig‘i eshitildi. Qurol-yarog‘li tavochi(xabarchi) bek chodir ichiga kirib salom berdi-da, xirillab:
— Mirzabek, ulushingizni keltirdim, ikki bandi, — dedi. — Darhol kallalarini olib, Mirzoga yiborg‘aysiz!
Darhol qurollarini taqib olgan Mirzabek bilan Navoiy tashqari chiqib, qurolli soqchilar yonida turgan, kiyimlari yechib olingan ikki asirni ko‘rishdi. Ularning biri novchagina, qop-qora soqolini turkmancha qirqdirgan yigit edi. U boshini g‘oz ko‘tarib, mag‘rur boqib turar, ko‘zlarida qo‘rquvdan asar yo‘q, uning yonida o‘rta bo‘yli kallador sherigi xayol ichida yerga tikilganicha qotib qolgan edi.
Tavochi bek ikkala asirning kallasini hukmdorga yuborish kerakligini yana bir bor uqtirib, otiga mindi, soq¬chilari uning oldiga tushib, bosh qarorgoh tomon jo‘nashdi. Navoiy kallasi hozir olinishi kerak bo‘lgan yigitlarga achinib qarar, ularni qutqarish yo‘lini qidirar edi.
— Bek, bul ikki bandini qatl etib baraka topmaymiz, — dedi. — Jangda odam o‘ldirmakning yo‘li boshqa. Siz jangda yovni o‘ldirmasangiz, ul sizning boshingizni olur, ammo qurol-yaroqsiz asir yigitlarni bejon qilmoq ulug‘ gunoh.
— Na qilay, farmoni oliyg‘a qarshu bormoq mumkin ermas.
— Biz podshohning farmonini ham yerina keltirurmiz, bularni dog‘i o‘ldirmaymiz. — U savol nazari bilan qarab qolgan Mirzabekka uzoqdagi bir chinorni ko‘rsatdi. — O‘shal og‘och tubinda bir o‘q yeb o‘lgan askarni ko‘rib erdim. Boshi butun. Yarmoq berilsa, bir askar aning kallasin keltirgay. Biz bir bandining kallasi o‘rniga ani yiborg‘oymiz. Ammo ikkinchisini qandoq xalos eturmiz, bilmaymen. — Navoiy negadir birinchi navbatda novcha askarni qutqarmoqchi edi.
Mirzabekning yuzi yorishib ketdi.
— O‘sha chinordin yuz qadamcha narida, soy bo‘yidagi xarsangtosh yonida men mirzo Husaynning bir navkarini yelkasidin chopib tashlog‘on erdim. Aning dog‘i boshin keltirsinlar, — shuni deb Mirzabek cho‘ntagidan bir dinor chiqarib, Navoiyga tutqizdi. Navoiy qo‘shni chodirga kirib, tanish bir askarni boshlab keldi va qo‘liga tilla pulni tutqizib, voqeani tushuntirdi.
Oradan chorak soat o‘tmay, kesib kelingan ikki kallani xurjunga solib, tavochi bekka jo‘natdilar, joni omon qolgan ikki asirni kechgacha chodirda olib o‘tirib, qorong‘i tushganda qo‘yib yubordilar. Navoiy ular bilan xayrlasharkan, har biriga bittadan non berdi.
Sulton Hasanbek Mirzabekning qilgan xayrli ishini eshitib, xursand bo‘ldi va unga shunday dedi:
— O‘g‘lim, Navoiyning sharofati bila savob ish qilibsen. Men ikki¬ngizdin ham behad xursandmen. Ammo tilingizga ehtiyot bo‘ling. Agar birov bul ishdin xabardor bo‘lib, Abu Saidga yetkazsa, holingizga voy!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.