OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirkarim Osim. Temurmalik (hikoya)

Xo’jandni ikki bo’lib oqqan Sirdaryoning o’rtasida, shahardan bir chaqirim quyiroqdagi orolda qadimdan qolgan bir istehkom bor edi. Chet el istilochilari va ko’chmanchilarga qarshi kurashda xalqning joniga oro kirgan bu ko’hna qal'aning burjlari o’pirilib ketgan, darvozalarining ba'zi yerlari buzilib, omonat bo’lib qolgandi. Boshiga og’ir kunlar kelgan-da Xo’jand ahli yana shu eski qal'aga panoh izlab keldi.
Chingizxon behisob lashkarlari bilan o’trorga yetib kelgach, bu shaharni qamal qilib olishni o’z o’g’illari o’ktoy bilan Chig’atoyga topshirib, Xo’jand shahri ustiga sarkardalari So’ktu bilan Uloq no’yonni yuborgan, o’zi esa katta qo’shin bilan Qizilqum orqali Buxoro tomon yo’l olgan edi.
Xo’jand viloyatining hokimi Temur Malik daryo o’rtasida-gi qal'ani mustahkamlab, mo’g’ullar bilan jang qilishga jazm etdi.
Sir bo’yi ajoyib bir manzara kasb etgan: qirg’oqqa to’plan-gan kishilarni son-sanoqsiz qayiqlar va kemalar orolga tashimoqda, ketmon, bel, arra, andava, tesha, bolta ushlagan kishilar sabrsizlik bilan o’z navbatlarini kutmoqda edilar. Qal’a tepasidan yuzlarcha odamlar chumolidek uymalashib, devor va burchlarning shikastrextini tuzatmoqdalar.
Hamma xasharchilar orolga o’tib olganlaridan keyin ish jadallashib ketdi. Havoga tutun kabi ko’tarilgan chang-to’zon, g’ala-g’ovur ovozlar ishning yurishib ketganidan dalolat berardi. Kuch-quvvatni ayamay, ishtiyoq bilan ishlayotgan hasharchilar orasida o’qtin-o’qtin baland bo’yli bir kishi paydo bo’lar, o’zini hurmat bilan qarshilagan hasharchilarning ishlariga kushoyish tilab, ishda mahorat ko’rsatgan ustalarga tashakkur bildirar, sust ishlayotganlarga piching otib qo’yardi. Bu kishi Temur Malik edi. U ba'zan orqasidan ergashib yurgan mulozimining yelkasidagi xurjundan bir qism tanga olib, yaxshi ishlayotgan kishilarga ulashib berardi.
Ikki hafta ichida qafaning shikastrexti tuzatildi. Qal'aga himoyachilar uchun bir yillik ozuqa, qurol-yarog’ tashib keltirildi. Mingdan oshiq bahodir va merganlar, yuzga yaqin kema-soz ustalar istehkomga joylashtirildi. Xotin, bola-chaqalar, chollar tog’li qishloqlarga jo’natildi.
Temur Malik bola-chaqasi bilan xayrlashish uchun hovlisiga kirdi. Xizmatkori Odina aravakash bilan sandiqlarni soyabon aravalarga ortayotgan edi. Ichkarida esa xotini bir yashar o’g’lini ko’tarib, erining kelishini sabrsizlik bilan kutib turardi. Xotini uni ko’rib yig’lab yubordi, o’g’li esa yaltiroq dubulg’a kiygan otasini tanimay, qo’rqib ketdi, yuzini teskari qilib, onasining yelkasini malikam changallab oldi. Temur Malikning ham ko’ngli buzilib, bo’g’ziga nimadir qadalgandek bo’ldi, tomog’ini qirib, xotiniga:
—    Men o’lmay turib aza ochayotirsanmi? Ko’z yoshlaringni ayab qo’y, keyin kerak bo’lib qolar, — deya o’g’lini qo’liga olib o’pmoqchi bo’lgan edi, bola chinqirib yig’lab yubordi.
—    Hoy, ahmoq bola, o’z otangni tanimadingmi, a? Men senga o’yinchoq olib keldim, — deb boshidagi yaltiroq dubulg’asini olib qo’ydi-da, sopoldan qilingan qo’chqorni qo’ynidan chiqarib berdi. Bola o’yinchoqni olib, ovungach, xotiniga uqtirdi: — o’g’limni sen bilan Odinaga topshirib ketayotirman. U sog’lom, mard va rostgo’y yigit bo’lib o’ssin. Yurtimizga botir askar va askarboshilar kerak. Xayr, o’zingni ehtiyot qil!
o’g’lini betidan o’pib, onasiga qaytarib berdi-da, tezgina tashqariga chiqib, sodiq mulozimi bilan quchoqlashib xayrlashdi-da, otashin xo’rsiniq aralash chuqur-chuqur nafas olgan ko’yi vazmin odimlab ketdi.
Oradan bir hafta o’tar-o’tmas yigirma minglik mo’g’ul qo’shini Xo’jandga yetib keldi. Shahar bo’sag’asida Xo’jand merganlari va askarlar mo’g’ullar bilan jang qildilar, so’ng shaharga chekinib, tomlardan, darichalardan dushman ustiga o’q yog’dirib turdilar va shu bilan Temur Malik askarlarining orolga batamom o’tib olishiga yordam berdilar. Temur Malikning maqsadi — orolda turib, o’qtin-o’qtin dushmanga hujum qilish va yigirma minglik mo’g’ul qo’shinini uzoq vaqtgacha shu yerda tutib turib, Xorazmshohdan madad kelganidan keyin ularni tor-mor qilish edi.
Mo’g’ullar qattiq jangdan so’ng shaharni ishg’ol qildilar, biroq daryo o’rtasidagi istehkom ko’krak kerib, ularni jangga chorlab turardi. Manjanaqlardan otilgan tosh ham, o’q ham qirg’oqdan uzoqda bo’lgan qo’rg’onga shikast yetkazolmasdi. Ammo baland qo’rg’on tepasidan turib, qazonlardan shig’ab otilgan yumaloq toshlar mo’g’ullarga ko’p talafot yetkazardi. Qo’rg’on himoyachilari dushmanning daryo labiga kelib qazon qurishiga va katta o’q-yoylardan o’q otishiga imkon bermadilar.
Qo’rg’on burchidan, shinak orqasidan uzun bo’yli, qora soqolli bir kishi uzoqlarga tikilgancha qarab turardi. Uning qalin qoshlari chimirilib, peshonasida chuqur bir chiziq paydo bo’ldi. Banogoh tog’ tomondan  kelayotgan, ustiga tosh ortilgan qator-qator aravalarga uning ko’zi tushib qolgan edi. Aravalar yonida qurolli mo’g’ul soqchilar og’ir xarsanglarni ko’tarib olgan kishilarni tayoq bilan urib haydab kelmoqda ediiar. Ko’p o’tmay, bu odamlar daryo bo’yiga kelib, qo’llaridagi toshlarni bir yerga uyub qo’ydilar, so’ng kaltak ostida aravadagi toshlarni tushira boshladilar.
—    La'nati mo’g’ullar bu toshlami daryoga tashlatib, ko’tarma yasamoq va orolga kelib, qal'ani olmoq niyatida bo’lsalar kerak, — dedi Temur Malik yonida turgan girdig’umdan kelgan bir yuzboshiga. — Buyuring, qazonlardan tosh otsinlar!
—    Begim, nechuk alarga tosh ottiray, mo’g’ul orasida biznikilar bor. Toshning ko’zi yo’q, o’zinikini o’zgadin ajrata bilmas.
—    Toshlarga buyuring, o’zinikilarga tegmasun! — deb zaharxanda qildi Temur Malik. — Juda sodda odamsiz-da. o’zimiznikilarga meni achinmaydur, deb o’ylaysizmi? o’zimiznikilarga tosh tegmasun, deb o’ltursak, mo’g’ul orol ostiga kelib, oyog’imizga bolta uradur.
Qal'a burchidan otilgan toshlar daryoga tosh tashiyotgan kishilardan bir nechasini yerparchin qildi. Mo’g’ullar ishlarini to’xtatib, uni kechasi davom ettirdilar. Tun qorong’isida otilgan o’q va toshlar «ko’tarma» qurayotgan mo’g’ullarga va asirlarga ko’p shikast yetkazolmas edi. Bir necha kun ichida «ko’tarma» qo’rg’onga ancha yaqinlashib qoldi.
«Agar ish shu zaylda davom etsa, ikki hafta ichida daryoni tosh bilan to’ldirib, qo’rg’on tagiga yetib keladilar, — deb o’yladi qal'a burchida turgan Temur Malik. — Tezda dushmanning bu ishini barbod qilmoq kerak. — U o’tirib, boshini ikki qo’li orasiga olganicha chuqur o’yga toldi. — Tezda kemalar yasamoq lozim. Bizni faqat kemalar qutqaza biladi!»
Tong otishi bilanoq duradgorlar, kemasozlar ishga tushib ketdilar. Temur Malikning o’zi ham qo’liga bolta olib, ularga ko’maklasha boshladi. Tayyor boigan kemalarga ustunlar o’rnatib, ustini namat bilan yopdilar, atrofini ham namat bilan o’radilar. Namatlarning ichi-tashini sirkaga qorilgan ganch bilan suvadilar, o’q otish uchun tuynukchalar qoldirdilar.
Tong qorong’isida Temur Malik boshliq uch yuz bahodir yigit kemalarga o’tirib, qirg’oqqa yaqinlashdi. o’q-yoylardan mo’g’ul soqchilari ustiga o’q yog’dirib, sohilga chiqib olishdi. Uyquda yotgan mo’g’ul lashkargohiga tuyqusdan bosqin qilib, naridan-beri kiyinib chiqqan cheriklarni qilichdan o’tkaza boshladilar. Mo’g’ullar es-hushlarini yig’ib olgunlaricha bir talay askarlaridan ajraldilar.
Temur Malik uzun qilichini yalang’ochlab, lashkargoh o’rtasidagi ipak chodir tomon yo’l oldi. o’z boshliqlari uchun jon fido qilishga tayyor bo’lgan bir to’da azamat yigit Temur Malikni o’rab, atrofdan tushgan qilich zarblarini daf qilib borardilar. Temur Malik yon tomondagi chodirdan yugurib chiqib, uning yo’lini to’smoqchi bo’lgan barzangidek bir mo’g’ulning yelkasiga qilich solib, ikki nimta qilib tashladi, so’ng baland ovozda:
— Hay, So’ktu no’yon, mard bo’lsang, maydonga chiq! — deya qichqirib, mo’g’ul sarkardasini yakkama-yakka jangga chorladi. Biroq mo’g’ul lashkarboshilari yakkama-yakka jang qilib, o’z mardliklarini ko’rsatishdan ko’ra ko’pchilik bo’lib, uyushqoqlik bilan dushmanni bartaraf qilishni afzal ko’rardilar. Shuning uchun So’ktu no’yondan sado chiqmadi. Yon tomondan bostirib kelgan bir to’da mo’g’ul askarlari Temur Malikka ularning sarkardasi bilan qilichbozlik qilishga halal berdi. U jang qila turib sohil tomon chekindi, mo’g’ullarning asosiy kuchlari yetib kelmasdanoq, yigitlari bilan kemalarga o’tirib, shinaklardan o’q yog’dirgancha orol tomon yo’l oldi.
Temur Malik mo’ljallangan ishini bajargan edi. Uning asosiy maqsadi — mo’g’ullarni chalg’itib, daryoga tashlangan toshlarni u yoqdan-bu yoqqa otib tashlash, ko’tarmani buzish bilan mashg’ul bo’lgan yigitlariga ishlash uchun imkoniyat tug’dirib berish edi. Sohildagi qisqa muddatli jang vaqtida ko’tarma buzib tashlandi.
Besh-olti oygacha kurash shu zaylda davom etdi. Mo’g’ullar atrofdan haydab keltirilgan asirlarni urib, daryoga tosh tashlattirar, mudofaachilar esa o’q o’tmas kemalarida kelib, ularning ishlarini buzib ketar edilar. Lekin bu hol uzoq davom etmadi. Saflari siyraklashib borayotgan mudofaachilar oziq-ovqatdan qisilmaganlarida uzoq vaqt qarshilik ko’rsatishlari mumkin edi, biroq daryoga tashlangan qarmoqlarga tasodifan ilinadigan baliqlardan bo’lak yeydigan narsa qolmadi. Ochlik, uzoq vaqt bir yerda turib qolish — jangchilarning ruhini tushirib yubordi. 
Temur Malik qal'ani tashlab, chekinishdan bo’lak chora Vlmaganini angladi. o’z safdoshlarini atrofiga to’plab, riia'yus, lekin e'tirozga yo’l qo’ymaydigan ohangda gap boshlaicli:
—    Birodarlar, ahli dunyo Rustami doston zamonidan beri sizldek pahlavonlarni ko’rmagan edi. Shul damgacha quloq eshitmagan va ko’z ko’rmagan bahodirligingiz soyasida g’anim bir necha ming askaridin judo bo’ldi. Emdi chekinmoq vaqti yetdi. Men boshda Xorazmdin madad kelur, deb o’ylagan erdim, yanglishibmen. Xorazmshoh butun lashkarini bir yerga to’plab, mo’g’ul ablahni majaqlab tashlash o’rniga, askarlarini tarqatib yubordi. U do’stlar so’ziga emas, pinjiga kirib olgan dushmanlar so’ziga kirib, shul ishni ravo ko’rdi. Ammo biz qurol-yarog’ni tashlamaymiz, safar kemasiga o’ltirib, yog’iy birlajang qila-qila, najot sohiliga erishurmiz...
Ranglari sarg’ayib ketgan yigitlar boshlarini quyi solib, indamay uning gapiga quloq soldilar. «Ajabo, shu go’zal shahrimizni dushman qo’liga topshirib ketaveramizmi?» degan fikr ularning yurak-bag’irlarini ezar edi.
—    Ona snahrimizni unutmaymiz, kuch yig’ib kelib dush manga yana urush solurmiz, g’animga hamla qilish uchun orqaga qaytmoq ayb emas. Bardam bo’ling, yigitlar!
Qora tun qanotlarini keng yoyib, shaharni bosib yotardi. Hammayoq suv sepgandek jimjit. Ahyon-ahyonda nahang baliq suvni shaloplatib yuboradi. Xo’jand yaqinidagi tog’ shahar uyqusini qo’riqlab turgan soqchidek qotib turibdi. Mo’g’ullarning lashkargohi ham sukunat ichida. Chekka-chekkaga qo’yilgan qorovullar ham nayzalariga suyanib mudramoqdalar.
Tun og’ib, kunchiqish tomon yorisha boshlaganda, bu jimjitlik to’satdan buzildi. Mo’g’ullar qarorgohida shovqin-suron ko’tarildi. Daryo ustidagi ajoyib bir manzarani ko’rib, Chingiz askarlari bu o’nglarimi yo tushlarimi ekanligini bilmay qolgandilar. Uzoqdan yulduzlarga o’xshab ko’ringan mash'allar Sirdaryoning oqar tomoniga qarab tez sur'atlar bilan suzib ketmoqda edi. Soqchilar ro’y bergan ahvolni anglagach, shovqin ko’tarib, boshliqlarini bundan xabardor qildilar. Mo’g’ullar lashkargohi cho’p tiqib kavlangan qovog’ari ini kabi guvillay boshladi. Naridan-beri kiyingan askar boshliqlari u yoqdan-bu yoqqa yugurar, dag’al ovozlar bilan buyruq berib, shirin uyquda yotgan sheriklarini oyoqqa turg’izishga urinar, so’kinar, dag’dag’a qilar edilar.
 Minglarcha o’q-yoydan otilgan o’qlar usti namat bilan qoplangan kemalarga ta'sir etmasdi. Har ikki sohildagi mo’g’ul askarlari kemalarni ta'qib eta boshlashdj. Kemadagilar esa yulduzlar va mash'allar yorug’ida jangni davom ettirib bordilar. Shinaklardan otilgan o’qlardan dushman tutdek to’kilar edi. Binokent shahrigacha kemalar jiddiy qarshilikka uchramadi.
Xo’janddagi mo’g’ul boshliqlaridan So’ktu Binokentdagi mo’g’ul sarkardalariga choparlar yuborib, kemalarni to’xtatish uchun chora ko’rishni so’ragan edi. Bu yerda mo’g’ullar daryoning u yuzidan-bu yuziga zanjir tashlab to’siq yasadilar. Kemalar zanjirga urilib to’xtab qolganida mo’g’ullar xursand bo’lganlaridan qiyqirishib yuborishdi. Temur Malik ikki qavat sovut va dubulg’a kiyib kema tumshug’iga chiqdi. Uning qo’lida og’ir po’lat bolta yarqirardi. Ikki azamat yigit temir ilmoqlar bilan zanjirni ko’tarib, kema burniga qo’ydi. Temur Malik ikki qo’li bilan ushlagan boltani baland ko’tarib, bor kuchi bilan zanjir ustiga urdi. o’z boshliqlariga umid ko’zi bilan qarab turgan xo’jandliklar yo’g’on zanjirning cho’rt uzilib, shuvullagancha daryoga cho’ka boshlaganini xursandlik bilan tomosha qildilar. Kemalar yana awalgi sur'at bilan suzib ketdi. So’ktu Sirdaryoning quyi tomonidagi qal'alarni ishg’ol qilish bilan ovora bo’lgan Jo’jiga choparlar yuborib, Temur Malikning oldini to’sishni iltimos qildi. Jo’ji Burgalikkent degan qishloq yonida Sirdaryoga ko’prik soldirib, uning ustiga qazon qurdirdi, merganlarini tizib qo’ydi. Yo’lni ko’zdan kechirib borayotgan Temur Malik dushmanning ko’prik qurganini ko’rib, kemalarni to’xtatdi, qirg’oqda turgan mo’g’ullarni o’qqa tutib, sohilga yaqinlashishni buyurdi. Mo’g’ullar shig’ab otilgan o’qlarga bardosh berolmay orqaga chekindilar. Temur Malikning yigitlari fursatdan foydalanib, otlarni yetaklab tushirishdi va zarur qurol-yarog’ va oziq-ovqatlarni qirg’oqqa tashib olishdi-da, so’ng Xorazm tomon yo’l olishdi. Bo’ri galalari kabi kecha-yu kunduz o’zlarini ta'qib etgan yirtqich dushman bilan jang qila-qila, yo’lda qonli izlar qoldirib ketaverishdi. Kun sayin qahramonlarning safi kamayib borardi. Temur Malik yaradorlar minib olgan otlarni oldinga o’tkazib, o’zi mergan yigitlar bilan eng keyinda borar, ta'qib etib kelayotgan dushmarmi o’qqa tutib, ularni yaqinlashtirmasdi.
Qizilqum ichiga kirgan sari ta'qib etib kelayotgan dush manning soni kamayib borardi. Faqat Temur Malikning boshini olib, boshliqlaridan mukofot olish niyatida bo’lgan eng ashaddiy kallakesarlargina izma-iz kelmoqda edilar. Uchqur otlarga minib olgan Temur Malik va uning do’stlari o’qtin-o’qtin orqalariga qayrilib o’q uzar, yuz-ko’zlari changdan qorayib ketgan, oppoq tishlarini g’ijirlatib kelayotgan qotillami ketma-ket qulatar edilar.
Nihoyat, Temur Malikning sadog’ida uch o’q qoldi. Bir o’qining uchi siniq edi. Uning orqasidan quvib kelayotgan uch mo’g’ulning biri:
—    Otim Uloq no’yon, meni ulug’ qonning o’zi taniydur. Barcha ulusning hukmdori Chingizxon nomidan seni taslim bo’lmoqqa da'vat eturman! — deb qichqirdi.
Temur Malik javob o’rniga sadog’idan uchi siniq o’qini olib yoy ustiga qo’ydi-da, Uloq no’yonni mo’ljalga olib otdi. o’q no’yonning o’ng ko’ziga sanchildi. Yonidagi ikki mo’g’ul uning ko’zidan o’qni tortib olish bilan ovora bo’lib turganlarida Temur Malik otini to’xtatib, orqasiga qayrildi.
—    Hoy, mo’g’ullar! — deb zaharxanda kuldi u. — Ikkingiz uchun sadog’imda ikki o’q qoldi, ikkingizni ham so’qir qilib qo’yaymi?
Mo’g’ullar uni ta'qib etishga yuraklari betlamay, ortlariga qarab qochishdi. Temur Malik o’zining bir necha yigiti bilan Xorazmga yetib kelgach, jangni davom ettirish uchun u yerda askar to’plab, yana Sirdaryo tomon yurish qildi. Dushmanga bosqin qilib, Yangikent shahrini ozod qildi va mo’g’ullar tomoniga o’tgan shahar hokimini dorga ostirib, o’rniga boshqa bir sadoqatli kishini belgiladi-da, o’zga shaharlarni dushmandan ozod etishga oshiqdi. Biroq Qizilqumda o’zlariga nisbatan bir necha hissa ko’p bo’lgan dushman bilan jang qilib, yengilganlaridan so’ng, botirlar yana chekindilar. Temur Malik mashaqqatli yo’l bosib, Eron tuprog’ida mo’g’ullar bilan jang qilayotgan Jaloliddinga qo’shildi...
Yillar o’tdi, o’z sarkardalariga va viloyat hokimlariga ishonmagan Xorazmshohning xohishiga ko’ra o’zlarini yakka-yakka himoya qilishga majbur bo’lgan o’rta Osiyo shaharlari birin-ketin Chingizxon tomonidan ishg’ol qilindi.

* * *


Oradan o’n besh yil o’tdi. Damashq shahridagi bir karvonsaroyning darvozaxonasida sochlari oqargan, baland bo’yli bir darvish o’tirardi. U karvonsaroy ichida bo’kirib turgan tuyalarni yo’lga hozirlayotgan kishilarning ovozi-yu, bo’taloqlarning bo’zlashiga quloq solib, allakimni kutardi. Diqqat bilan qaragan kishi uning ustidagi jandasi, boshidagi kulohi gavdasiga mos tushmaganligini payqashi mumkin edi. Qaddi-qomatini tik tutgan o’tkir ko’zh bu baland bo’yli odam darvishdan ko’ra ko’proq askarboshiga o’xshab ketardi.
Oradan bir soat vaqt o’tgach, u o’rta yoshli qora soqol bir kishining saroy tomon kelayotganini ko’rib:
—    Marhabo! — dedi o’rnidan turib. — Yanglishmasam, siz Movarounnahrga ketayotgan karvon boshlig’i binni Muslimdursiz?
—    Oriy, men o’shal aytgan kishingiz bo’lurman. Xo’sh, xizmat?
—    Faqir Sayhun bo’yina sayohat etmoq niyatidadurmen. Imkoni bo’lsa, meni ham hamroh qilib olsangiz, xizmatingizni qilib ketsam... Safarda foydam tegsa tegadurki, ziyonim tegmaydur. Yo’l xarjim...

—    Sizni bul yerda kim taniydur? Kim sizga kafil bo’la olur?
—    Meni saroybon Mustafo, bozor oqsoqoli Umarali taniydurlar.
—    Yaxshi, surishtirib ko’rurmen, — dedi binni Muslim darvishni sinchiklab ko’zdan kechirarkan. — Yoshingiz qaytgan bo’lsa-da, baquwat ko’rinursiz. Ot minmoq, qilich urmoqni bilurmisiz?
Darvish bilinar-bilinmas miyig’ida kulib qo’ydi.
—    Bu bobda soqchilaringizga saboq bera bilurmen.
Ibn Muslimga uning javobi yoqib tushdi. Yo’llar xavf-xatarli bo’lgani uchun karvonga qurol ishlata biladigan ishonchli kishilar kerak edi.
—    Qani yuring, saroybon oldina kirib so’zlashayik...

* * *


Sahar paytida ustiga yuk ortilgan tuyalar saroydan bo’kirishib chiqishdi, eng orqadagi tuyaning bo’yniga osilgan og’ir mis qo’ng’iroq jaranglab yer-u ko’kni boshiga ko’tardi. Bu tuya ustida jandasining ichidan qilich taqib olgan kechagi darvish o’tirardi. Biroq bu safar unga qilichini qindan sug’urishga to’g’ri kelmadi. Karvon yo’li tinch bo’lgani uchun hech qanday hodisa yuz bermadi. Qaroqchilar go’yo karvon soqchilari boshida tajribali bir sarkarda ketayotganini bilgandek edilar. Savdogarlar karvoni suvsiz cho’llar, yashnagan vohalar, bozorlari obod, serg’alva shaharlarin bosib o’tib, uch oy deganda Samarqandga yetib keldilar.
Baland bo’yli darvish bu yerda karvonboshi va yo’lovchilar bilan xayrlashib Farg’onaga ketayotgan savdogarlarga qo’shilib oldi.
Kechki payt. Xo’jand muazzinlari birin-ketin taqvodorlarni kamoli asrga chorlamoqdalar. Beliga kachkul osgan jandali darvish irg’ay tayog’iga suyanib, qing’ir-qiyshiq ko’chalardan asta bormoqda. U ahyon-ahyonda to’xtab, egalari tashlab ketgach, xarob holga kelgan hovlilar ro’parasida to’xtar, so’ng yana indamay o’tib ketardi. Nihoyat, u katta darvozali hovli oldida to’xtab, bir lahza ikkilanib turgandan keyin halqani taqillatdi. o’n besh-o’n olti yoshlar chamasidagi bir yigitcha darvozani ochib, darvishning kimligini surishtirdi. Darvish javob o’rniga:
—    Kimning o’g’lidursen? — deb so’radi.
—    Men ulug’ Temur Malikning o’g’lidurmen. Ko’zidan duv etib yosh oqib ketgan darvish yigitchani
quchoqlab, peshonasidan o’pdi, keyin ko’z yoshlarini artib:
—    Agar otangni ko’rsang, tanirmi eding? — deb so’radi.
—    Otam mo’g’ul bilan jang qilib chekinganida men go’dak ekanmen. Aning o’liktirigidin xabarimiz yo’q. Mushfiq onamning vafot etganlariga to’rt-besh yil bo’ldi. — Darvish bu gapini eshitib xo’rsindi-da, «omin» degandek yuzini siypab qo’ydi. — Bul hovlida ilgarigi xizmatkorimiz Odina, aning xotuni va men turamiz.
—    Odina tirikmi?
—    Ha, menga ota o’rnida qolgan. Mana, o’zlari ham chiqib kelyaptilar.
Ichkaridan soch-soqoli oqargan bir mo’ysafid chiqib keldi.
—    Nega hayallading desam, bul kishi bilan so’ziashib turgan ekansan-da, — dedi yigitchaga qarab. So’ngra darvishga yuzlandi:
—    Assalomu alaykum, xo’sh, xizmat?
—    Nahotki meni tanimasang? Shul qadar qarib-qartayib qoldimmi? — darvish ko’zida yosh bilan Odinani quchoqladi, so’ng so’l qo’lining bir bo’g’ini kesilgan jimjilog’ini ko’rsatib:
—    Endi tanidingmi? — deb so’radi.
Odina yig’Iab u bilan qayta ko’rishdi, so’ng hang-mang bo’lgan yigitchaga dedi:
—    Bul kishi sening otang... Ulug’ Temur Malik. Nega ag’rayib turibsen, qo’lidin o’pib, tavof qil, hoy, nodon...
Bir necha yil qarovsiz qolib, keyin shikastrexti tuzatilgan eski hovlida Temur Malik bir necha kun yotib dam oldi. Eski oshna-og’aynilar bundan xabar topib uni ko’rgani kela boshladilar. Temur Malikning qaytib kelgani butun shaharga ovoza bo’lib ketdi. Lekin mo’g’ullar davrida awalgidan ham boyib ketgan savdogarlar bu xabarni eshitib qo’rqdilar. Ular, bu Temur Malik emas, u allaqachon o’lib ketgan, bu odam esa ulug’ sarkardaning nomini o’ziniki qilib olgan bir firibgar, deb gap tarqata boshladilar. Tabiiy, bu shov-shuvlar mo’g’ul bosWiqlarining qulog’iga yetmay qolmas edi.
Bir kuni qurolli soqchilar Temur Malikning hovlisini o’rab olib, uni saroyga olib ketdilar.
Chingizxonning son-sanoqsiz avlodlaridan biri — Qadon o’g’lon taxt ustida o’tirib, qo’liga kishan solingan Temur Malikka qiyiq ko’zlarini suzib, ishonchsizlik bilan:
—    Rostdan Temur Malikmisen yoki boshqa odammisen?— deb so’radi. Soch-soqoli oqargan bu darvishnamo kishi Temur Malik ekanligiga uning ishongisi kelmasdi.
Qadon o’g’lonning yonida turgan bir ko’zli Uloq no’yon tutaqib:
—    Xuddi o’zi... — deb yubordi. Temur Malik ham o’z dushmanini ko’rib, g’azab bilan:
—    Hoy, Uloq, men ham seni bir ko’rishda tanidim. Qizilqumda orqamdan quvib kelayotganingda uchi singan bir o’q bilan o’ng ko’zingni ko’r qilgan men edim-a? — dedi.
Uloq no’yonning sog’ ko’zi yo’lbars ko’zidek chaqnab ketdi. U xonvachcha oldida tiz cho’kib:
—    Temur Malik mening yaqin do’stlarim, tuvg’onlarimning qonini to’kkan, menga shikast yetkazgan. Ulug’ Chingizxon haqqi, uni menga ber, xunimni olay, — deb yalindi.
—    Mayli, olsang ol. Bir emas, o’n Temur Malik bo’lsa ham senga berardim! — Xonvachchaning ko’zlarida istehzoli kulgi ko’rindi.
—    Hay, essiz, so’l ko’zingni ham ko’r qilib qo’yganimda bo’lur erkan, — deya piching qildi Temur Malik dushmaniga qarab. So’ng uning oldiga tushib, boshini tik ko’targancha tashqariga chiqib ketdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.