Men bunday dorilomon zamonda yashayotganimdan xursandman. Uylanaman, deb bosh og‘ritmayman. Kerak bo‘lsa qizlarning o‘zlari uyimga sovchi yuborishadi. O‘zimni ham otam qo‘l-oyoqli qilib tarbiyalaganlar. Supur-sidirdan boshlab, to bola allasigacha barisini eplayman. Ochig‘ini aytsam, hayollikkinaman. hali biror qizga qo‘limni ushlatganim yo‘q. Avtobusda bittasining qo‘li qo‘limga teguvdi, etim biram jimirlab ketdiki... O‘shandan beri biror qiz qo‘lini qo‘limga yaqinlashtirgudek bo‘lsa xuddi elektr toki urayotgandek bo‘ladi.
Sovchilarga ketma-ket "yo‘q, yo‘q"deganimdan fig‘oni chiqqan onam:
— Uylangin, yoshing o‘tib borayapti. Senga qarab otang sho‘rlik "O‘g‘limning baxti ochilmayapti", deb siqilyapti. Ikki ukangning ham bo‘yi yetib qoldi, - deyaverib hol-jonimga qo‘ymayaptilar.
Onamni tushunish kerak. Yolg‘iz o‘zlari bizlarni hech kimdan kam qilmay o‘stirdilar. Otajonim uy begi, ikki ukam ham o‘zimdek bekorsoz. Har zamonda bir zar do‘ppi yoki to‘n tikib sotishadi, topgan pullari o‘zlaridan ortmaydi, mening esa bunday ishlarga toqatim yo‘q. To‘g‘risi, pishir-tushirdan qo‘lim bo‘shamaydi.
Har tarafdan tiqilinch qilaverganlaridan so‘ng oxiri uylanishga rozi bo‘ldim. Qariyb uch oydan beri uyimizga kelib ketadigan sovchilar meni bo‘lg‘usi kelin bilan uchrashtirmoqchi bo‘ldilar. Xullas, qiz bilan uchrashish uchun "Igves" bog‘i tomon ketayapman. Otam meni ko‘zgu qarshisiga o‘tqazib rosa oro bergach, bo‘ynimga buvimning shol ro‘molini "shaydoyi" qilib tashladilar. Ko‘chadagi qizlarning barisi menga suq bilan qarab, "oh, dahshatku!" deb gap otishadi. Indamay yuzimni burib yo‘limga davom etaman.
Ma’shuqa qo‘lida bir dasta gul bilan meni toqatsizlanib kutib turgan ekan. Darrov yo‘limga peshvoz chiqdi.
— Oh, buncha intizor etdingiz, Mardonjon, - dedi u iltifot bilan, keyin gulni menga tutqazib sayray ketdi. — Sizni olma pishig‘ida qarindoshimizning to‘yida ko‘rib, sevib qolganman. Sizsiz o‘tgan har bir daqiqa menga tatimaydi. Iltimos, sovchilarni qaytarmang.
Ko‘z qirim bilan asta nazar solsam Oypopuk binoyidek: tor shim, yupqa kofta nozik qomatiga xo‘b yarashganki. Indamadim: sukut alomati rizo deganlar-ku?! Chamamda, ha demay to‘yimiz bo‘lsa kerak. Nikoh tantanamizga marhabo. To‘yga kelsalaringiz biram quvonamanki...