Bayram bahona boshliq bizlarni o‘z xonasiga yig‘di. U salmoqlab o‘rnidan turdi-da, yana chaqqongina o‘tirdi. Bu hol bizlarni ancha tashvishga soldi. "Biron xatolik ish qilibmizmi?" deya bir-birimizga qarab qo‘ydik. Hayajondamiz, yuragimizni hovuchlay boshladik.
— O‘rtoqlar, — nihoyat boshliq kursisiga yaxshilab o‘rnashib oldi. — Bugun bayramimiz. Jamoamizga bitta mukofot bor. Bizlar esa to‘qqiz xodimmiz, shunga boshim qotyapti.
— Bosh qotiradigan joyi yo‘q, — dedi kattakonning o‘rinbosari dadil, — u sizga atalgan ekan. Chunki siz bizning panohimizsiz!
— Ha, shundaylikka shundayku-ya, ammo "Boshliqqa berilmasin" deyilgan.
— Buning yo‘li oson. Kasaba uyushma qaror chiqaradi. — o‘rinbosar boshliqqa yaxshi ko‘rinish maqsadida yana mukofot unga berilishini tarafdoriligini bildirdi.
Lekin boshliq:
— Bir ovozdan Dilyaga bersak-chi? — deb kotibaga qaradi. — Bunga arzimaydimi?
— Arziydi. Kotiba yaxshi qiz. Uning qo‘li ham shirin. Achchiq-achchiq choy damlaganlarini aytmaysizmi? — kesatib gapirdi o‘rinbosar.
— Bo‘lmaydi, — dedi biroz fursat o‘tgach boshliq. So‘ng xonaning u chetidan bu chetiga yura boshladi.
— Buxgalter Jamila Eshpo‘lat qiziga bersak-chi? — deb qoldi u tuyqus.
— Bu gapingiz ma’qul. Chunki boshliq kotibasiga mukofot beribdi, degan gap-so‘z tarqaladi. Bu gap, Xudo ko‘rsatmasin, yanganing qulog‘iga yetsa bormi?
— Bas qiling! Sizdan xotinimning qulog‘ini emas, mukofotni so‘rayapman, — o‘shqirdi boshliq.
— Jamila Eshpo‘lat qiziga ma’qul. Uning mutaxassisligi to‘g‘ri keladi.
— Bo‘lmaydi. Oqsoqolimiz bor. Soch-soqoli shu yerda oqargan. U kishiga bersak-chi?
Hamma orqa o‘rindiqda o‘tirgan Mahkam otaga qaradi. Mahkam ota qizarganidan yerga kirib ketgudek bo‘ldi. Hatto o‘rnidan turib rahmat aytishni ham unutdi. Aftidan, shu sabab bu mukofot unga ham nasib qilmadi. Oxiri navbat kaminaga taqaldi. O‘rinbosar avvalgidek bulbuligo‘yo edi. Kattakonning sabri chidamadi. O‘rinbosarga bo‘kirib berdi.
— Abduqo‘zi Quloqovich! Siz qanaqa betayin odamsiz. Uni aytsam, maqtaysiz, buni aytsam to‘n kiygizasiz. Mukofotni o‘zingizga bersak bo‘lmaydimi?
O‘rinbosar miyig‘ida kuldi.
— Shunday qilsangiz ham bo‘ladi. Bari bir mukofot menga atalgan. Bundan uch oy oldin tasdiqdan o‘tib kelgan edim. Yana...
O‘rinbosarning bu qilig‘iga boshliqning og‘zi ochilib qoldi. Lekin mukofotdagi rangli televizor bari bir o‘rinbosarga nasib etmadi. Kimga nasib etdi deysizmi? Mayli, sazangiz o‘lmasin, sizga aytaman. Qani quloqni yaqinroq olib keling-chi: mukofot kaminaga yozildi-yu, boshliqqa nasib etdi. Shunaqa gaplar.