OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirzo Ahad. Zuluk (hajviya)

— Aka, bu oxirgisi, shuniyam To‘ra Jo‘raevichnikiga tashlab keling, — deb qoldi muhandisimiz Normatjon.
— Bu oxirgisimi? — dedim unga ishonqiramay.
— O‘g‘il bola gap, — dedi u qat’iy.
Yo‘lda ketyapman, o‘z-o‘zimga alam qiladi. To‘ra Jo‘raevichnikiga shag‘al, qum, taxta, g‘isht, tsement tashiyapman. Har safar uy egasi bo‘lmagani uchun xotini darvozani ochadi, yukni ag‘darib qaytaman. Pul-muldan og‘iz ochish yo‘q. Bundan tashqari muhandisimiz u-bu so‘rab o‘tirmang degan. Bu menga qattiq botadi, albatta. Chunki mashinaning yoqilg‘isini o‘zim olsam, remontini o‘zim qilsam. Hatto tushlik ham kissamdan. Bunday bo‘lgandan so‘ng...
Bu safar baxtimga To‘ra Jo‘raevichning xotini emas, o‘g‘li darvozani ochdi. Olib kelgan yukimni bo‘shatib bo‘lgach,  xo‘jayinning o‘g‘lidan haqqimni talab qildim:
— Onangga ayt, besh ming so‘m bersin, Normatjon tayinladi.
Bolakay uyga kirib ketdi. Boshdagi do‘ppini bir aylantirguncha vaqt o‘tmay orqasiga qaytdi.
— Tog‘oyi, otamga borib ayting, onamda pul yo‘q ekan.
Bu gapni eshitib qotib qoldim. Axir bir haftadan beri To‘ra Jo‘raevichnikiga deb tashiyotgan narsam, unikiga emas, muhandisimiz Normatjon akanikiga kelayotgan ekan-da! Voy zuluk-ey...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.