OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Sharif. Otamakon (hikoya)

Assalom alaykum, kattamning yurti, 
Assalom alaykum, kirpichli beshik.  
Necha yil olisda bemakon yurdim – 
 Va qaytdim bosh bukib, ochilmas eshik!
Iqbol


Uning ko‘z oldida o‘sha qishloq namoyon bo‘laverdi. Qishloqning moviy osmonida baliqlar to‘dasi sokin suzishardi.
U qishloqning shovullab turgan osmono‘par teraklarini, paxsa devorlaru loysuvoq tomlarini, ko‘cha boshidagi keksa yong‘oq, baqqolning do‘konini, hushtakchi cholning ustaxonasini, chaqaloqligida tark etgan hovlisini, loysupa ustiga chodirdek shoxlarini tashlagan marvardak tutni, bari-barini ko‘rdi, tanidi. Qishloq xuddi otasi ta’riflab berganidek bor bo‘yi bilan shaffof oynada aks etgandi. Otasi qishloq haqida oq harir parda ortida ukpar bolishni quchganicha xayol surayotgan navnihol kelinchak to‘g‘risida so‘zlayotgandek gapirardi. Aqlini taniganidan beri qayta-qayta eshitavergani bois, otasining qishloq haqidagi hikoyasi unga yod bo‘lib ketgandi.
Isitmasini o‘lchash uchun kirib kelgan moviy ko‘z hamshira uning quvvai hofizida bir-bir tiklanayotgan go‘zal manzarani shifoxonaning zaxdan sarg‘ish tusga kirgan devoriga qorishtirib yubordi. Hamshira hammasi joyida degandek, ma’noli bosh irg‘ab ketganidan so‘ng u yuz bergan voqeani batafsilroq eslab ko‘rishga urindi. U hamon tirik qolganiga o‘zini ishontirolmay qiynalardi.
Kemaning osthujrasi tuynukdan shiddat bilan otilib kirayotgan suvga to‘lganida uning ongu shuurini quyuq qora tuman qoplab, bu siqiq zulumot jonini qisti-bastiga olayotgandi. Judayam uzoq davom etgan jon azobidagi to‘lg‘onishdan so‘ng u tars-tars yorilishga hozirlangan tomirlariga behol bir halovat yugurib, bo‘g‘ziga qo‘l suqib yuragini changallagan ko‘yi sug‘urib olmoqchi bo‘lgan qora sharpa chekinganini his qildi. Endi u havosizlikdan qiynalmasdi. Jonim chiqib ulgurdi, shekilli, deb o‘yladi u. Lekin ruhiyatida tananing zalvorini sezib, bir harakat ilinjida to‘lg‘onganida barmoqlari bemajol qimirladi. Shunda u boshini ko‘tarib jilolanayotgan qizil yog‘duni ko‘rdi va bu quloqlarimdan otilib chiqqan qon bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. U ortiga o‘girilib, falokatdan darak beruvchi qizil chiroq yonib turganligini ko‘rdi va shu asnoda mudhish manzaraning guvohi bo‘ldi.
Hujrada haligina jon talvasasida tuynuk tomon talpingan dengizchi askarlarning yarim-yalang‘och jasadlari choyshab va yostiqlar orasida ayqashib yotar, tepalarida siyohi chaplanib ulgurmagan maktub parchalari, yostiq ostida saqlanib kelingan aziz kishilarining suvratlari va yana allambalolar suzib yurardi. U dahshatdan dong qotib turar ekan ilkis tanish nigohga duch keldi va o‘sha tomonga talpinib, kimnidir chorlamoqchi bo‘lganida og‘zi suvga to‘lib, o‘qchib yubordi. So‘ng oxirgi kuchini jamlab yuqoriga suzdi, o‘zining harakatidan to‘lqinlangan suvda tobora uzoqlashib borayotgan suvratni zo‘rg‘a tutdi. Ivigan suvrat uning hayajondan qaltirayotgan barmoqlari orasida beixtiyor g‘ijimlanib ketdi, suvratni tekislamoqchi bo‘lganida otasining siymosi ko‘z o‘ngida parchalanib, laxtak-laxtak qog‘oz bo‘laklariga aylandi.
Uning qalbi bo‘laklanib ketgandek edi. U uzoq, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. Ko‘zlariga to‘lib qolgan dengiz suvi yosh tomchilari kabi tuyuldi.
Kema suv ostiga og‘ir qo‘nganida moviy dengiz qa’rini bo‘g‘iq qarsillash larzaga keltirdi. Kemaning motor qismi gumbillab portladi. U allaqanday ashqol-dashqollar bilan birga ochiq dengizga qa’riga otildi...
Uni harbiy kema halokatga uchragach, o‘n olti soatdan so‘ng to‘lqinlar og‘ushidan topib olishganini hamshira qizdan eshitdi. “To‘rt kun tinimsiz alahsirab, mana bugun sal o‘zingizga kelib qoldingiz,” dedi u mayin tabassum qilib.
Biroq u men hozir ham alahsirayapman, degan fikrda edi. Chunki, hamshira qizning moviy ko‘zlarida firuza ko‘l jilolanar, u ko‘lda suzayotgan qayiqni va undagi ota-bolani ko‘rayotgan edi. Qayiqdagi bola o‘zi, eshkak eshayotgan kimsa esa otasi edi. 
Otasi uni ilk marta ko‘lga qachon olib kelganini eslay olmaydi, aqlini endi taniyotgan yosh bola edi o‘sha paytlar. Biroq osmon gumbazidek shaffof va ulkan moviy ko‘lning jimirlashi, yovvoyi o‘rdaklarning potirlab uchishi va otasining to‘xtovsiz nimalar haqidadir parishonxotir so‘ylashi xotirida o‘chmas muhr bo‘lib qolgan. O‘sha kezlar u otasining gaplariga parvo qilmas, eshkak eshayotganda bo‘rtib chiqayotgan yelkalarini, ajin bosgan peshonasi va quyoshda qoraygan horg‘in chehrasini kuzatishdan zeriksa, qo‘lini suvga solib, barmoqlari yasayotgan izlarni tomosha qilardi. Oradan shamoldek shoshqaloq yillarning ancha-munchasi o‘tib ketgach, endi ahvol o‘zgargan, uning kuchga to‘lib borayotgan bilagidagi tomirlari o‘ynoqlab eshkak eshar, otasi nursizlanib borayotgan ko‘zlarini olisdagi o‘rkach bulutlardan uzmay eski hikoyani so‘ylardi. O‘z nazdida, ota biror narsani unutib qoldirmas, o‘g‘liga bir paytlar mana shu ko‘lning ostida uchta qishloq bo‘lgani, ularni oralab shoshqin daryo oqib o‘tgani, so‘lim va farovon bog‘chalariyu har qadamda uchraydigan zilol buloqlarini, odamlarning mehr-oqibatini, bari-barini gapirib bergandi. Farxunda va osuda kunlarning birida qishloqda shahardan kelgan odamlar paydo bo‘ldi. Yelkalariga ajabtovur asbob-anjomlarni osgan ko‘yi tevarakdagi qir-adirlarni kezib, temir qoziqlar qoqib chiqishdi. Birov ha deb so‘raguncha bo‘lmay, u odamlar qanday kelgan bo‘lsa shunday tez g‘oyib bo‘ldi. Go‘rga kirgandek izsiz ketishdi. Shundan so‘ng uch yil o‘tar-o‘tmas qo‘qqisdan vodiy aholisini shoshilinch ko‘chira boshlashdi. Odamlar ko‘ch-ko‘ronini zo‘rg‘a yig‘ishtirib oldi. Mol-qo‘ylarini boshqa qishloqdan kelganlar arzon-garovga sotib oldi. Ular boradigan joyda qo‘y tugul tovuq saqlashning ham imkoni yo‘q ekan. Qishloq ahlini yigirma chaqirim naridagi sahroga qurilgan temir-metin uylarga joylashtirishdi. Cho‘ntagi ko‘targanlari yangi manzil qidirib har tomonga tarqab ketdi, yoshlar qopchig‘ini yelkaga tashlab katta shaharlarga qarab yo‘l oldi. Qolganlarga sahroda qurilgan zavoddan ish berishdi. Butun bir el ari uyasidek to‘zg‘ib, nom-nishonsiz ketdi. Suv omborining chor-atrofiga dam olish uylari qurildi, yoz bo‘ldi deguncha yarim-yalang‘och erkagu ayol mo‘ru malaxdek bosib ketadi. Ota-bobolarining muqaddas xoklari ustida lablari ko‘karib, ko‘zlari qizarguncha cho‘miladi, yana ne hunarlarni qilmaydi deysan, bu inson zoti...
Insonga tuk bitgani sari u qayg‘uni teran anglay boradi va bu mo‘ylarning oqaruvi bilan yakunlanadi. Endi u otasining dili ne hasratda dog‘lanayotganini tushunib qolgan, zeriksa ilgarigidek injiqlik qilmas, otasi “ketamiz” demaguncha miq etmasdi. Goho otasini ovuntirish uchun, men qishloqqa tushib chiqaman, deb suv ostiga sho‘ng‘ir, uzoq muddat g‘oyib bo‘lardi. O‘g‘lining haziliga tushunib tursa-da, ota bechoraning yuragi hayajondan potirlab ketar, xuddi ortidan o‘zi ham suvga sakramoqchidek bir taraddud ichra qiynalardi. Suv ostidan otilib chiqib, hansirab nafas olayotgan o‘g‘lini ko‘rgach, otaning qalbi g‘ururga to‘lardi. O‘g‘li ko‘pqavatli umumyotoqning tor va badbo‘y, nimqorong‘u yo‘laklarida voyaga yetayotgan qo‘shni bolalarga o‘xshamas, zabardast va navqiron edi. “Xudoga beadad shukur”, o‘ylardi ota, “o‘n sakkiz yildan buyon har yakshanba uni bu ko‘lga olib kelganlarim besamar ketmabdi.”
Avvallari otasi sohilga qarab qishloqning qaysi o‘rtada joylashganini tusmollardi. Endi u ham otasi kabi mo‘ljalni bexato oladi. Ko‘cha boshiga kelganda qayiqni sekinlatadi, otasi shoshilmay, baqqol bormi, hushtakchi cholmi bormi, hammasini urug‘-aymog‘igacha aytib chiqar, imoratini solgan ustani-da unutmasdi. O‘z uylari ustida suzayotganliklarini u tabiiy savq bilan sezar va eshkaklarni suvdan ko‘tarardi, otasi esa ishtiyoq bilan so‘ylashga tushardi:
-    Devorimiz uch paxsa edi, rahmatli Nurdin paxsakash urgan, o‘zim loy uzatib turganman. Har qo‘llari bor ediki, bir lagan palovni bir oshamiga sig‘dirardi. Belkurakda uzatgan loyim kaftining yarmini ham to‘lg‘azmasdi, unga loy yetkazib beraman deb yaqin belangi bo‘lganman. Darvozamiz qoratolning yog‘ochidan qilingan, ochilganda g‘iyqillab cho‘ziq nola qilardi. Bo‘z yigitligimda uyga kech qaytardim, onam eshikning tungi xonishini eshitgandan keyin so‘ng bexavotir uyquga ketardi. Uyimiz dahliz-ichkariyu oldi ayvonli bo‘lardi, yonidan chog‘roqqina mehmonxona tushgandi. Yoz kunlari shamol tomga g‘arq pishgan olmalarni do‘pirlatib to‘kar, men etagimni to‘latib terib tushardim. 
Hovlimizning o‘rtasida qarib qolgan marvardak tut, uning ostida esa uch-to‘rt kishi davra qurib o‘tirsa bo‘ladigan loysupa bo‘lardi. Supaga tangadek oftob tushmas, yomg‘ir yog‘ganida ham bamaylixotir o‘tirsa bo‘lardi. Tutni katta otamiz o‘tqazgan ekan. Urush yillaridagi qahatchilikda tut qariyb qishloqni boqqan, onamning kuni tuttalqon qilish bilan o‘tardi. Tutga otamning belanchagi osilgan, meni ham shu tut tebratib katta qilgan. Sen yangi tug‘ilganingda kunlar soviy boshlagan edi, lekin irim qilib belanchagingni tutga osganmiz. Hech yodimdan chiqmaydi, qattiq shamol turib za’faron xazonlarni shitirlatgancha osmonu falakka ko‘targan, tutning shoxlari uvvos solib yig‘layotgandek rosa chayqalgan. Sen sarg‘ish tut yaproqlari ostida ko‘milib ketganding. Onang sho‘rlik, bu yaxshilikka emas deya, der zor-zor yig‘lagan. Men uni otam nevarasini suyganidan shunday qilyapti, deb zo‘rg‘a yupatganman. Biz tutda otamning ruhi bor deya hisoblardik, bunga o‘z nazdimizda asosimiz ham bor edi. 
Otamdan qoraxat kelganida men besh-olti yoshlar chamasidagi bola edim. Onam bu ko‘rgulikdan o‘zini oldirib qo‘ygan, dalaga chiqib ishlolmas, oshpazlik qilib, tushlik payti yobondagi xotin-xalajga yovg‘on sho‘rvami yoxud shunga o‘xshash, neki topilsa o‘shani olib borardi. Bir kuni onam dalaga tushlik olib ketganidan so‘ng men to‘kilib yotgan marvardak tutlarga qanoat qilmay, choldek munkayib qolgan tutning tepasiga chiqdim. Eng yuqori kallagiga chiqqanimda yuragimda vahm qo‘pdi, ehtiyotsizlik qilib noboproq butoqqa oyoq qo‘ygan ekanman, pastga kalla qildim. Endi o‘ldim deb o‘ylab jon holatda qichqirdim, shu tushib borishimda yerparchin bo‘lishim tayin edi. Tuyqus kimningdir muloyim, lekin kuchli qo‘llari meni tutib qolib, asta yerga qo‘ydi. Qattiq qo‘rqib ketganimdan ko‘zimni chirt yumib olgandim, bir ozdan so‘ng hayrat va hadik to‘la ko‘zlarimni ochganimda yon-atrofimda biror sharpa yo‘q edi. Menga shunday tuyuldimi, desam hech qaerimda og‘riq yo‘q. Shu payt qo‘shnimiz Sharofat ena kelib qoldi, kampir qichqirig‘imni eshitiboq bir palakat bo‘ldi-yov, deganicha biznikiga chopibdi. Uni ko‘rib lablarimga tabassum yugurdi, tutdan kalla qilib ham sog‘ qolganim o‘zimga nash’a qilib, yuz bergan g‘alati voqeani unutgandim. Meni tirjayib turganimni ko‘rib Sharofat ena hassasini o‘qtalganicha sannab ketdi-yu...
Onam kelgach voqeani eshitib, rosa ko‘z yoshi to‘kdi. So‘ng meni otin kampirni chaqirib kelishga yuborib, o‘zi otamning ruhi uchun chiroq yoqishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.
Yana bir safar g‘ira-shira qorong‘ulik cho‘kkan paytda onam tashqariga chiqdi-yu, darrov rangi bir ahvolda qaytib kirib, eshik kesakasiga suyanib qoldi. To‘xtovsiz yoqasiga tuflarkan, “Voy, o‘g‘lim tutning tagida kimdir turibdi, xuddi otangga o‘xshaydi, nega kelmayapti ekan-a?! Yurchi, chiqib ko‘raylikchi”, deb meni yetakladi. Dag‘-dag‘ qaltirayotgan onamning qo‘llari muzdek edi. Darhaqiqat, tutning tagida qora sharpa turardi. Biz uning yuzini aniq ko‘rolmasak-da, qomati xuddi otamnikiga o‘xshardi, urushga ketayotganda kiygan kiyimi ham xuddi o‘sha-o‘sha. Biz otamni chaqirmoqchi bo‘lganimizda u tutga imo qilgandek bo‘ldi va uning ortiga o‘tib g‘oyib bo‘ldi. Onam ikkovimiz bir-birimizning pinjimizga kirib, ming hayajon bilan tutning atrofini aylanib chiqdik, biroq hech kimni uchratmadik. Otam go‘yo qorong‘ulikka singib ketgan edi. O‘sha kecha Sharofat enani chaqirib chiqib, birga yotganmiz. Tutning tanasidagi katta yoriq onam qazo qilganida paydo bo‘lgandi.
Sening belanchagingni tutga osganimizda onangning yuragiga g‘ulg‘ula behuda tushmabdi. Ayol kishining qalbi sezgir bo‘lar ekan – tut bezovta bo‘lib chayqalganda otamning ruhi bizni falokatdan ogoh etmoqchi bo‘lgani keyin ayon bo‘ldi.O‘sha yili qishda onangni buyragi shamollab vafot etdi, bahorda esa bizni qishlog‘imizdan quvg‘in qilishdi.
Otasi gapini tugatgach, uzoq muddat suvga tikilgancha tek qotardi. “Endi qabristonga hayda, onangni ziyorat qilamiz” derdi ko‘z yoshlarini sezdirmay artar ekan. U padarining xayolini buzishni istamas, eshkakni shaloplatmay asta eshar, mozorga yetib kelganlaridan so‘ng yana eshkaklarni suvdan ko‘tarardi. Otasi bobokalonlari, enasi va volidasi haqida uzoq so‘zlar, so‘ng suyaklari suv ostida chiriyotgan barcha hamqishloqlari ruhiga atab duo o‘qigach, behishtdagi kavsar labida turgandek ixlos bilan hovuchini suvga to‘ldirib, yuz-ko‘zlarini yuvardi. U ham otasining harakatlarini aynan takrorlagach, yuzida iliq harorat, ruhida yorug‘lik his etardi. 
Ular ortiga qaytishar ekan, otasi hech qachon haqiqatga aylanmaydigan xayoliy orzusini, ehtimol, minginchi bor takrorlardi. “Pulimiz ko‘paysa, g‘avvoslar kiyimini sotib olamiz, o‘shanda ko‘lning ostiga tushib, qishlog‘imizni sayr qilamiz. Men senga aytganlarimni o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan, qabristonni ziyorat qilamiz,” derdi. U otasining ro‘zg‘ordan bir tiyin ham orttirolmasligini, g‘avvoslar kiyimini esa umrida ko‘rmagan, faqat u haqda birovlardan eshitganini bilardi.
Sohilga chiqishgach qayiqlarni ijaraga beruvchi chol ularga o‘dag‘aylab ketardi. “Yana tushgacha deb shomgacha yurdilaring, endi mendan o‘ylashibroq qayiq olasanlar” deya shovqin solardi. Shunda otasi ijara haqini ikki barobar to‘lashga majbur bo‘lardi. Chol pulni ikki buklab cho‘ntagiga tiqar ekan, ota-bola savdoyilarning ortidan taajjub ila boqardi. U insonni shu kuyga tushiradigan qandaydir dard borligini bilmas, ehtimol unutib yuborgandi.
Ostonada paydo bo‘lgan moviy ko‘z hamshiraning qo‘ng‘iroqdek jarangdor ovozi uni xotiralar ummonidan qirg‘oqqa itqitib yubordi. Hamshira uzr so‘ragandek gunohkorona jilmaydi.
U uf tortib, yuragini changalladi. Chunki endi hamshira qizning ko‘zlarida nafaqat moviy ko‘lni, balki uning ostidagi yashil qishloqni ham ko‘rayotgandi. Qishloq ko‘lga tikka tushayotgan quyosh nurlarida tovlanib, elas-elas ko‘zga tashlanib qolardi. U hozirgi manzarani bundan qariyb uch yil muqaddam, harbiyga jo‘nashidan oldin otasi bilan ko‘lga so‘nggi marta borganida ko‘rgan edi. O‘shanda u har galgidek suv ostiga sho‘ng‘igan, biroq bu safar juda uzoq ketgan va yashil suvo‘tlari qoplagan qishloqni ancha yuqoridan ko‘rishga vosil bo‘lgandi. So‘nggi o‘sha sayr g‘ayritabiiy bo‘lgandi, otasi qayiqqa o‘tirganlaridan boshlab, to qaytib ketgunlariga qadar bir og‘iz gap aytmay og‘ir sukut saqlagan edi. Biroq butun sayr davomida uning quloqlari ostida otasining so‘zlari jaranglab turgan va u otam mendan yashirincha gapirayotibdi shekilli, degan shubhaga borgandi. O‘shanda ilk bor yuragi ko‘l ostidagi qishloqqa talpingan, qaytayotganlarida otasining g‘avvoslar kiyimi haqidagi cho‘pchagi haqiqatdek tuyulgan edi... 
Uning uch yillik harbiy xizmat muddati deyarli tugab qolganini inobatga olib, gospitaldan to‘g‘ri uyiga ketishiga ruxsat berishdi. 
Uni besh qavatli umumyotoqning ikki xonali, bo‘m-bo‘sh, huvillagan tor hujrasi kutib oldi. Kalitni qo‘liga tutqazayotgan qo‘shni ayol “Otang o‘limidan oldin senga ko‘p ilhaq bo‘ldi. O‘g‘lim kelsa, bir hovuch tuprog‘imni, allaqaysi ko‘lniyam aytdi, nomi esimdan chiqibdi, o‘zing bilarmishsan, o‘sha ko‘lning ustidan sochib yuborsin, o‘zi tez-tez ziyorat qilib tursin, deb zorlandi. Manovini ham senga qoldirdi, bir qismini ko‘mish marosimiga ishlatdik” dedi va oq qiyiqqa tugilgan bir dasta pul uzatdi. U qo‘shni ayolning gapini zo‘rg‘a ilg‘adi, nazarida undan judayam olislab ketgandi. Zindondek tuyulgan hujradan kimnidir izlar ekan, devorda osig‘liq otasining suvratiga ko‘zi tushdi. Bir paytlar holi-joniga qo‘ymay otasini suvratxonaga yetaklab borganini esladi. U suvratni olib quchmoqchi edi. Biroq uzatilgan qo‘llari havoda muallaq qoldi. Ko‘z oldida parcha-parcha bo‘lib ketayotgan otasining dengiz qa’ridagi siymosi namoyon bo‘ldi va bir necha soniya shu alpozda qotib qoldi. Qo‘shni ayolning hirqiroq yo‘tali uni o‘ziga keltirdi. Ayol undan ko‘zlarini uzmas, aftidan yigitning yoqavayron bo‘lib dod-faryod solmayotganidan ajablanardi. 
U ayoldan otasining qabrini ko‘rsatishni so‘radi. Ular qabrlar oralab uzoq yurishdi. Axiyri ayol to‘xtadi, “anovi qabr” dedi qo‘li bilan do‘mpayib turgan tuproq uyumiga ishora qilib. Qabr mozorning eng chetida, shundoqqina devorning tagida edi.
U qabrni quchganicha yotaverdi, ko‘zlariga sira yosh kelmadi. Subhi sodiqqacha shu alpozda yotdi. Tong yorishganda qabrdan bir hovuch tuproq olib qiyiqqa tugdi va qabristondan chiqib ketdi. 
Dengizchi askar kiyimidagi yigitni qayiqlarni ijraga beruvchi chol tanidi, yolg‘iz kelganidan ajablandi ham, biroq sababini surishtirib o‘tirmadi. U qayiqqa o‘tirgach, shahd bilan eshkak esha boshladi. Endi sohilga qarab tusmollashning keragi yo‘q edi, yuragining o‘zi yo‘l ko‘rsatib borardi unga. Qishloq ustida to‘xtab, shoshilmay ust-boshini yechdi, otasining xokini ko‘ksida tutgancha suv ostiga sho‘ng‘idi. Moviy ko‘l uni o‘z domiga tortdi.
Ertasi kuni ijarachi chol egasiz qayiqni sudrab keldi. Chol yigitning cho‘kib ketganiga shubha qilmadi va qutqaruvchilar bo‘linmasiga xabar qildi. O‘lik qidiruvchilar uch kungacha murda suv yuzasiga ko‘tariladi deb ko‘lni aylanishdi. Lekin jasad topilmadi. Ijarachi chol esa barchani hayratga solib tinimsiz yig‘lardi. Uning yig‘laganini hech kim ko‘rmagandi. Umuman, qartayib qolgan bir cholning yig‘lashi mudhish bir hol edi. Chol cho‘kib ketgan yigitga achinib yig‘lamas, qazo vaqti yaqinlashgan sayin u yoshligini tiniq xotirlay boshlagandi, ehtimol. 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1992 yil 44-sonida chop etilgan. Keyinchalik muallif tomonidan ayrim qisqartmalar qilingan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.