Bolaligimizning bayramlari ko‘p bo‘lardi. Lekin ular orasida biz uchun eng quvonchlisi Qushlar bayrami kuni edi. O‘sha kuni kallai saharlab maktab darvozasi oldida yig‘ilardik. Birov dakang, birov o‘zi bir qarichu dumi o‘n qarich yapon xo‘rozini, yana birov chipor tovug‘ini qo‘ltiqlab kelar, otasining sayroqi bedanasi yoki kakligini o‘g‘irlab kelganlar kechqurun orqasiga ho‘l gavron shivillab tushganida o‘ynab-kulgani burnidan chiqishini xayoliga-da keltirmay, o‘z qushlarini maqtab, o‘rtoqlariga gap bermasdi. Kaptarlarni aytmaysizmi?! Tojdor deysizmi, paypoqdor deysizmi, bo‘qoq kaptarmi, hamma turidan bor. Tuni bilan uxlamay tomma-tom chopib, chumchuq, olaqanot, zag‘izg‘on – duch kelgan qushni tutib kelaverganlarning sanog‘iga yetmaysiz. Hech ilojini topmagani bobosi kunchivoqda mudrab o‘tirib tutib bergan musichaga bo‘yoq chaplab chiqqan.
Bolalarning qiy-chuvi, parrandalarning chug‘ur-chug‘uri ayni avjiga chiqqanida usti ochiq, orqasidagi suyanchiqlari qiyshaygan moshin baayni urushdan chiqib kelayotgandek “po‘r-po‘rlab” yetib kelardi. Darvozaning yoniga kelgach tutunquvuridan “paq-q!” tovush chiqarib o‘takamizni yorar, so‘ng joni uzilgan tovuqdek “g‘iyq” etib uni o‘chardi-qolardi. Haydovchining yonidan bo‘yni va oyoqlari uzunligidan tuyaqush singari lo‘killab odimlaydigan zoologiya domlamiz tushib, allaqachon moshinga tarmasha boshlagan bolalarni qaytarish uchun behuda baqirib-chaqirardi. Shunda xo‘roz va tovuq ko‘tarib kelganlarning sho‘riga sho‘rva to‘kilardi. Chunki, domla ular orasidan ikki yo uchtasini, o‘zining aytishicha, xislatlisini tanlab olardi. Domlamiz parrandaning xislatini qanday aniqlaydi, bunisi menga qorong‘u, ammo biz moshinga chiqqach ortimizdan ko‘zlarida yosh, mo‘ltirab qolayotgan tengqurlarimni ko‘rib ichim achirdi.
Moshin katta yo‘lga tushib, g‘izillagancha shahar tomon yelganida bor qayg‘u-alam unut bo‘lardi. O‘rnimizdan turib atrofni tomosha qilib ketgimiz, yo‘l chetida ko‘rinib qolgan odamlarga baqirib-chaqirgimiz kelar, lekin haydovchidan cho‘chirdik. Ergash to‘palon deb nom chiqargan bu odam xo‘p alomat haydovchi edi-da! Bizni paxta terimiga olib ketayotganida moshin chambaragini oyog‘i bilan boshqarib, o‘zi kabinadan orqa kuzovga yaqin beligacha chiqib, “o‘tirib ket” deya turib olganlarga vajohat qilar va qaytib joyiga kirib olardi. Bu vaqt ichida moshin yo‘nalishini bir enlik ham o‘zgartirmasdi, desam ishonavering.
Shunday qilib, bizni shaharning ichidagi eng ko‘rkam boqqa olib borishardi, chamamda. Eh-he, bundagi tomoshani... Bog‘ning o‘rtasidagi marmar taroshlab yotqizilgan yo‘l kaftdek tekis va silliq, bordiyu igna tushib ketsa, qo‘shnimiz Sharofat momo ko‘zoynagini qidirguncha ignani topib oladi. Ana o‘sha yo‘lning ikki chetida tumonat o‘quvchi yig‘ilgan. Boshlari uzra bolalar va qushlarning do‘stligi haqida bitilgan alvon shiorlar hilpillab turibdi. Sinfimizdagi eng a’lochi Bahrom ham bu shiorlarni kechgacha zo‘rg‘a o‘qib tugatsa kerak. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan narsalar ichida turli parranda-churrandaning suvratiyu ichiga somon tiqilgan tulupidan tortib, jonlisigacha bor. Qushlarga yasalgan inlarning bejirimligini ko‘rib hech qursa bir olashaqshaq bo‘lib tug‘ilmaganiga odam achinib ketadi. G‘ala-g‘ovur, to‘s-to‘polon avjida. Hakamlarning kelishiga hali vaqt bor shekilli, domlalar huv chetda xo‘roz urishtirishni tomosha qilish bilan band. Biz esa Anvar ikkovimiz Bo‘riboy bo‘yagan musicha qumriga o‘xshaganmi yo‘qmi, muhokama qilardik.
“Qulquntoyning xuddi o‘zginasiya,”- derdi Anvar.
“O‘zingsan qulquntoy. Qulquntoy bo‘lishi uchun bunga yana bir quloch tumshuq kerak,” derdim Anvarning o‘xshatishidan jig‘ibiyron bo‘lib.
“Bir quloch tumshuqni hoziroq qaerdan topamiz?” kapalagi uchdi Bo‘riboyning. “Kelinglar, yaxshisi buni zarg‘aldoq deb ko‘rsatamiz”.
“Ha o‘l-a, agar buning ko‘kqarg‘a polaponidan boshqasiga o‘xshasa, turgan joyimda til tortmay o‘lay”.
Ilkis tepamizga kelib bizni kuzatib turgan qizni ko‘rib biz angrayib qoldik. Bunday ajabtovur kiyingan, yoqimtoy qizni umrimda birinchi marotaba ko‘rib turishim edi. Oppoq ko‘ylak, oppoq fartuk, oppoq paypoq kiygan, hatto tim qora sochlariga-da oppoq lenta taqilgan, shu turishida u bog‘imizdagi pechakgullarga qo‘nib o‘ynaydigan oq kapalakdan sira farq qilmasdi. U bir aft-angorimizga, bir qushlarga ajablanib qarar, qo‘ng‘ir ko‘zlarida samimiy uchqun yiltirab, bizdan begonasiramayotgani sezilib turardi. Qo‘qqis shu paytgacha qo‘ynimda tinch yotgan qarqunoq tipirchilab qoldi. Ko‘ylagim tugmasini yechib, qushni chiqarganimda qiz “vuy-y, buncha chiroyli!” deya quvonch bilan chapak chalib yubordi. So‘ng...
“Maylimi bir ushlab ko‘rsam, cho‘qimaydimi?” deb so‘radi.
U qarqunoqni hadik bilan qo‘liga olib boshini silamoqchi bo‘lganida qush uchib uning yelkasiga qo‘nib oldi. Ana endi qush uning oppoq ko‘ylagiga chaksa qilsa rasvo bo‘laman, degan xavotirda qarqunoqni ushlamoqchi bo‘lib qo‘l cho‘zdim.
“Yo‘q, yo‘q, turaversin, voy muncha zo‘r-a?!” qiqirlab kulardi bu qiz.
Qarqunoq uzun dumini silkitib “qix-x, qix-x” sayrab qo‘yganida qiz sho‘rlikning ko‘zlari quvonchdan porillab ketdi. Uning kumush qo‘ng‘iroqdek yoqimli ovozi, shirin jilmayishi menga daqiqa sayin qadrdon bo‘lib borayotgandi. Biz tanishib ham oldik. Uning ismini so‘rayotganimda ovozim qaltirab, yuzim olovdek yonganidan yerga qarab oldim va ko‘zim yag‘iri chiqqan yengimga tushib, darrov qo‘llarimni ortimga yashirdim.
“Bizning maktabda ham qushlar ko‘p, faqat hammasi qafasda yashaydi. Menga esa yovvoyi, erkin uchib yuradigan qushlar yoqadi, ularni rosayam yaxshi ko‘raman, sen-chi?”
“Men ham!” dedim hayajonim hamon to‘xtamay. “Men ham...men ham” ortimdan qichqirdi Anvar bilan Bo‘riboy.
Men qizni qoyil qoldirish uchun antiqa parrandalar borki, barini qishlog‘imiz teraklariga qo‘ndira boshladim. Anvar bilan Bo‘riboy unutganimlarni eslatib turdi. Agar gapimizga birov ishonsa, Afrika tabiati ham hech gap emas ekanda, deyishi tayin edi. Biroq Bo‘riboy tuyaqushlar ham bor, deb chatoq qildi. Qiz yolg‘on gapirayotganimizni sezib qoldi chamamda, shashti tushdi. Lekin qishlog‘imizda hamma biladigan Bahor lofchining to‘qigani – paxtaga dori sepayotgan samolyotning qanotini burgut qanday qilib tepib sindirganini aytib berganimda, uning avvalgi quvnoqligi qaytdi. Tabiiyki, endi yirtqich qushlar haqida gapirib berarkanman, hali amalga oshmagan orzumni ham qo‘shib ketdim:
“Menda qo‘lga o‘rgatilgan kuyka ham bor,” dedim kiprik qoqmay yolg‘on gapirib.
“Rostdanmi, nima u kuyka?” so‘radi qiz.
“Qirg‘iydan kichikroq, lekin unga o‘xshash po‘pang emas, lochinga o‘xshash epchil,” dedim.
“Menga ko‘rsatasanmi!?”
Daf’atan, “kelishyapti” degan hayqiriqlar yangrab qoldi va domlalar bolalarni bir safga tiza boshladi.
“Voy, men borishim kerak, sen...sen...”
“Yanagi bayramga kelasanmi?”
“O‘sha qushni olib kelasanmi? Seni albatta qidirib kelaman,” u shunday deya qarqunoqni avaylab ushlab menga uzatdi. Qushni olayotib bexos uning paxtadek yumshoq qo‘liga tegib ketdim. Qiz duv qizardi, keyin ortiga o‘girilmay, chopqillab ketdi. Chamasi, men mast edim. O‘rtoqlarim qarqunog‘imni uchib ketganini aytganida o‘zimga keldim. Ha, hali qo‘lga to‘la o‘rganmagan qarqunog‘im uchib ketibdi.
Kapalak ham uchib ketdi... Ko‘rikdan so‘ng bog‘ning shunday to‘s-to‘poloni chiqib ketdiki, men u qizni boshqa uchratmadim.
Yana yangi bayramlarni kutib maktabga qatnay boshladik. Orada g‘o‘za yaganasi, chopiq, paxta terimi chiqib, sinfxonalardan bezigan paytimizda jonimizga ora kirardi. Shunga qaramay kapalakmonand shaharlik qiz sira ko‘z oldimdan ketmasdi. Umri egatlarda paxtaga ishlov berish, soy bo‘yida mol boqish, ko‘chalarda yoqavayron mushtlashish bilan o‘tadigan bir bola farishta yanglig‘ oppoq libosga burkangan shaharlik qiz bilan tanishib qoladi-yu, buni unutib bo‘lar ekanmi!?
Derazadan quvalashib uchib o‘tayotgan kapalaklarni ko‘rib qolsam ichimda bir nima entikib ketar, hech kimga sezdirmay kulib qo‘yardim-da, yuzimni partaga bosib shirin xayollarga berilardim. Shunday kezlarda domla qo‘lidagi bo‘r bilan tushirib qolardi. Men ikkiga bo‘linib ketgan bo‘rni domlaga berayotganimda aybimga pushaymon bo‘lgandek ko‘zim yer chizar, lekin urib qolsa qochishga ulgurish uchun qo‘liga qiya qarash qilib turardim. Haytovur, domla “mulla” bo‘lib turganimni ko‘rib indamay darsini davom ettirardi. Asta joyimga borib o‘tirar ekanman, darsga quloq solish qayoqda, xayol qurg‘ur yana olib qochaveradi. Bu kezlar faqat menda emas, butun sinfimizda g‘alati o‘zgarishlar yuz berayotgandi.
Bir kuni domlalardan biri bayram munosabati qizlar o‘g‘il bolalarga yozgan tabrik qog‘ozini topib olibdi. Qizlarni sinfdan tashqariga chiqarib yuborgan gumbazdek domla chap qo‘lini iyagiga tirab, o‘ng qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘ini qulog‘iga tiqib, huzur bilan kovlashtirdi, so‘ng gursillatib stolga musht soldi.
“O‘g‘irlik tuxumdan boshlanadi, anovinaqa...” domla tabrik qog‘ozini qo‘liga olib, allaqayoqqa ma’noli ishora qildi. “O‘shanaqa ishlar manovinaqa xatlar yozishdan boshlanadi. Eshit!!! Olim, nega bo‘yningni cho‘zib Nizomni qulog‘iga pichirlaysan?”
Domla tabrik qog‘ozini yirtib, derazadan tashqariga uloqtirdi. Biz yerga qarab jim qoldik. Biroq nazarimda, hamma yer ostidan bir-biriga qarab, “domla nimani ham tushunardi” degandek bo‘lardi.
Yana bir kuni sinfdosh qizlardan biri onasidan “shahlo ko‘z qanday bo‘ladi?” deb so‘rabdi. Qizining qo‘qqis savolidan hushi boshidan hurkak qushdek uchgan onasi qizini zimdan kuzatib yurib, kitobi orasidan ichiga quritilgan binafsha (biologiya darsi uchun gerbariy sifatida qilingan bo‘lsa kerak) solingan maktub topib olgan. Ana o‘sha maktubda “shahlo ko‘zlaringga bir boqishga zor...” deyilgan ekan. Qizning onasi maktubni ko‘tarib, to‘ppa-to‘g‘ri direktorning xonasiga kirib kelibdi. Direktor darrov majlis chaqirib, muallimlarni koyiy ketgan. Jismoniy tarbiya domlasi bizning sinf rahbarimiz edi. U majlisga hammadan oxirida kirib kelgan va yonidagi domladan nima voqea yuz berganini so‘rab bilgach, xunob bo‘lib “obbo, ahmoq falonchi, haligacha shahlo ko‘z bilan pista ko‘zning farqiga bormabdimi-a” deb yuborgan-u, yonib turgan olovga moy sepgan. Shikoyat qilib kelgan ayol “nega meni qizimni pista ko‘z deysan” deb sinf rahbarimizning yoqasiga yopishgan. Shundan so‘ng kunora bo‘ladigan ota-onalar va sinf majlislarini ko‘rsangiz edi...biroq bahorgi suv toshqinini to‘sib bo‘lar ekanmi!?
Men esa tushlarimda faqat oq kapalaklarni ko‘rardim. Ha deguncha bo‘lmay, qish o‘tib bahor ham keldi. Ertaga qushlar bayrami degan kuni men terimga sig‘may quvonardim. Maktab ustaxonasi gavjum, kim qushlarga in yasayotgan, kim devoriy gazeta chiqarayotgan, kim qamishdan parrandalarning rasmini solayotgan. Bu kecha qushlarga ham, bolalarga ham uyqu harom, tuni bilan tomma-tom chopadi. Ayniqsa, Mahkam buvaga qiyin. Uning eski chordog‘i va tomiga g‘o‘zapoya bosilgan og‘ilxonasida qushlarning ini g‘ij-g‘ij. U bugun narvonini og‘ilxona ichiga yashiradi, uzun ho‘l novdadan gavron tayyorlab ostonasiga qo‘yadi, o‘zi esa tong otguncha qush uyquda yotadi. Akram bedanavoz ertaga saharda, balki bugun kechqurunoq o‘g‘lini somonxonaga qamab qo‘yadi. Chunki o‘tgan yilgi bayramda uning eng zo‘r sayroqi bedanasi qattiq cho‘chigan ekan, haligacha churq etmagan. Men esa kechqurun o‘rtoqlarim bilan kaptarjarga borishga tayyorgarlik ko‘raman.
Kelishilgan vaqtda Anvar bilan Bo‘riboy chaqirib keldi. Birgalishb Salimning uyiga bordik. Salim non kavshab chiqar ekan, havoning avzoyiga qarab olib, ovoziga sirli tus berdi:
“Bolalar, negadir oyog‘im tortmayapti, boya chap qoshim ham rosa uchuvdi. Kelinglar, bormaylik.”
“Irim-sirimlarga kampirlar ishonadi. Senlar bormasang o‘zim ham ketaveraman,” dedim boshqalar ham aynib qolishidan cho‘chib. Anvarning ori tez keladi, Salimga o‘shqirib berdi.
Kaptarjarga qishlog‘imizdagi eng uzun terakning ham bo‘yi yetmaydi. Bu yer haqiqiy qushlar bozori. Hozir mart oyi, qirg‘iy, kuykalar tuxum bosadigan davr. Qirg‘iy jarda yashamaydi, lekin kuyka daraxtmi, jardagi kovakmi, tanlab o‘tirmay in quraveradi. Bolalar jarning tepasiga chiqishdi, men pastda qoldim. Qo‘lim bilan ishora qilgach, ular gursillatib yer tepa boshladi. Yuzlab kovaklardan qushlar gurillab uchib chiqdi, oxirida kuyka ko‘rindi. U chiqqan teshikni men zo‘rg‘a ilg‘ab qololdim. Tepada bolalar ham qiyqirdi:
“Ko‘roldingmi, qaerdan chiqdi?”
“Chaproqqa yur, yana, ha yana ozgina yur,” men pastdan turib ularga mo‘ljal berdim, ular kerakli joyga belgi qo‘yib pastga tushishdi. Biz qorong‘u tushishini kutib, arqonlarni bir-biriga ulay boshladik. Qushlarning chug‘ur-chug‘uri quloqlarni qomatga keltirdi.
Tez orada ko‘rshapalaklar uchib, biz tepaga ko‘tarildik. Bolalar arqonni bellariga bog‘lab, oyoqlarini yerga tirab o‘tirib olishdi. Men yo bismillo, deb arqonga osilib pastga tushaverdim. Jarning labidan besh quloch tushganda kuykaning iniga yetdim. Kovakka qo‘l suqqanimda ichkarida kuyka potillab qoldi. Hech tutqich bermaydi, jonivor. Qo‘limni sug‘ursam, barmoqlarimni tilib, qonatib tashlabdi. Boshimdagi do‘ppini olib, uni shu bilan tutmoqchi bo‘ldim. Ilkis qulog‘imga “chirt” etgan tovush eshitildi. Qo‘limga chippa yopishgan arqonning ayrim joylari mol peshobidan chirib ulgurgan ekan. Chap qo‘limdagi do‘ppini irg‘itib, arqonning yuqoriroq, chirimagan joyidan ushlamoqchi bo‘ldim-u, lekin ulgurmadim, chinqirgancha pastga qarab uchdim. Ko‘zimni ochganimda tuproqqa belangan holda yotar, og‘zimda kesak ta’mi, a’zoyi badanim, ayniqsa, o‘ng oyog‘imning to‘pig‘i zirqiratib og‘rirdi. Hay-haylashib yetib kelgan bolalar atrofimda girdikapalak, rangi paxtadek oqarib ketgan Salim tinmasdan “aytmadimmi, ko‘nglim sezgandi” deb bidirlardi. Og‘riqdan ko‘ra uning shu gaplari menga ko‘proq alam qilardi. Lekin tilimning uchida turgan gapni Anvar aytib yubordi.
“He, seni ko‘nglingga....”
Ularning yalinib-yolvorishiga qaramay, velosipedimni bir oyoqlab o‘zim minib ketdim. Uyga yetib kelguncha g‘arq terga botib, isitmam ko‘tarilib ketdi.
O‘ng oyog‘im to‘pig‘idan chiqqan ekan. Ertasiga qushlar bayramiga bora olmadim. Kelasi yili ham bormadim. Suyaksurar kampir oyog‘imni qiyshiq solgan ekan, cho‘loqlanib yurganimdan ko‘nglim o‘ksirdi.
Bayram kuni kaptarjarga bordim. Quyosh botib, zamharir shabboda turgunicha jarning labida o‘tirib, qushlar galasining havoda charx urishini tomosha qildim. Lekin kapalak monand qizning chehrasi ko‘z oldimdan ketmasdi. Uni “seni albatta qidirib kelaman,” deb aytgan gapi qulog‘im ostida jaranglardi. Keyin, u qiz seni allaqachon unutib yuborgan-ku, deb o‘zimning ustimdan kular, yuzimni ko‘m-ko‘k maysalarga bosib to‘yib-to‘yib yig‘lagim kelardi...
Boshim uzra esa qushlar fig‘on ko‘tarardi, go‘yo “sen qidirib bor” degandek.