Ko‘kdan tillarang somon yog‘ilardi.
Yoqa-engingdan kirib borsa, jiqqa terlagan badanga yopishib, achitib-qichitadigan mayda somon zarralari, qiltiriqlari, qiltanoqlari...
Ahyonda bir o‘ynoqilagan epkin chang va g‘ubor orasidan somon talqonini ko‘kka ko‘tarib chiqadi-da, botayotgan quyosh nurlariga tutadi. Quyosh nuri oltin zarralarga qorishgancha bir lahza muallaq qotib, so‘ng chil-chil sochila boshlaydi. Yiltiragan somon zarralari yana pastga tushib, quyuq changga qo‘shiladi va borliqni g‘ubor chulg‘ab oladi.
Tuproq, somon va yovvoyi o‘tlarning omuxtasidan iborat erinchoq chang qishloq ichidan chiqib ketishni istamaydi. Yo‘l-yo‘lakay saratondan majoli qurib, shalpayib qolgan yaproqlar ustiga qo‘nadi. Behining maydatuk, barqutsimon yaproqlari changni boshqalardan ikki hissa ko‘p tutib qoladi. Qishloqni quyuq tumandek chulg‘agan g‘ubor orasidan mirzateraklarning uchigina ko‘zga tashlanadi.
Qalin chang ostida quloqni qomatga keltiruvchi motorning tarillagan ovozi tinmaydi. Botir do‘xtir Nikolay poshshoning zambaragini yodga soluvchi qo‘lbola kombaynda bug‘doy yanchadi. Bu matoh boshoqdan bug‘doyni ajratish uchun emas, kesak va somon chaynab, changini atrofga purkash uchun ishlayotgandek.
Yuziga saqich boylab ketgan chit durra tutgan do‘xtir “zambarak” og‘ziga to‘xtovsiz dastalab bug‘doy tiqadi. “Zambarak”ning egasi boshqa mijozlarga ham ulgurish uchun do‘xtirni tinimsiz tezlaydi va o‘zi ham jon halak somon tortadi. Botir do‘xtirning ikki bo‘ysara qizi va kenjatoyi bug‘doy bog‘larini peshma-pesh yetkazib turibdi. Ularning yuzidan quyilayotgan ter gupillab urilayotgan changga qo‘shilib, loyqaga aylanadi. Botir peshonasidan ko‘ziga oqib tushayotgan terni artib olishga imkoni bo‘lmaganidan ko‘zini qayta-qayta yumib ochar, shunda sho‘r loyqa ko‘zyoshlari izidan pastga qarab sizar, lekin yo‘l-yo‘lakay hovur-haroratda qurib, egnida yupqa loysuvoqqa aylanishga ulgurardi. U kombaynning og‘zidan to‘kilayotgan donni elas-elas ko‘rib qolar va g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shilardi. Kombaynning yonboshiga o‘rnatilgan parrak bug‘doyning puchagini uchirib, shamol pudab turardi.
Aslida, oddiy bir o‘tkinchi bu manzarani ilg‘ashi qiyin, uning nazarida Botir va bolalar adirda ko‘tarilgan quyun ichida adashib chopib yurgan sharpalardek tuyulardi.
Qishloqda bu kech qo‘lbola kombaynlardan bir emas, ikki-uchtasi ishlab turgani bois qaysi ko‘chadan kirilmasin, quyuq changga duch kelinishi tayin. Bug‘doy chiqarish mavsumi hali biror hafta davom etar? Qo‘lbola kombaynlarga navbatda turganlarning ro‘yxati ham uzun. Eringanlar o‘tgan-ketgan mashinami, ot-ulov yanchib o‘tsin deb bug‘doyni shundoq yo‘l o‘rtasiga yoyib qo‘ygan.
Qishloqning chang bosgan mevasi va uzumlari kuz kelib, yomg‘irlar boshlangandan keyingina yuviladi. Ana o‘shanda behilar ham tillarang bo‘lib tovlanadi. Lekin hali ungacha ancha bor. Hozir esa tun yarimlab qoldi. Kombaynlar ham tinchidi. Egalari ularni simyog‘ochdan uzib, navbatdagi xonadon eshigi tagiga sudrab eltdi va o‘zlari anhorga cho‘milgani tushib ketdi.
Botir do‘xtir bolalari bilan bug‘doyni qoplab, ichkariga tashib qo‘ygandan so‘ng, anhor bo‘yiga tushdi, cho‘milib chiqqach, tegirmonchi bilan bir shisha vinoni bo‘lishdi. Sharob uning yog‘ochdek qotgan barmoqlarini yumshatib, tom bitgan quloqlaridagi shovqinni tarqatib yuborgandan keyin suvning sharqirashiyu teraklarning shovullashini eshitdi, tungi salqinni tuydi va jim qoldi. Uzoq sukut saqladi va birdan o‘rnidan turdi-da, tegirmonchiga hech nima demay jo‘nab qoldi.
“Ho‘v do‘xtir, nima bo‘ldi, qayga shoshyapsiz?” uning ortidan baqirdi hayron qolgan tegirmonchi.
“Sahar piyozga dori septirishim kerak,” dedi u.
Botir adirda ekilgan piyozini dorilatish uchun bugun ishdan kelishda qo‘shni qishloqdagi zaharchining uyiga o‘tgandi. Agar piyoz shu kunlarda doridan qolsa, hosilni bit yeb bitiradi. Bu o‘ydan uning oyoqlari o‘z-o‘zidan ildamlab ketdi.
Chang qishloq uzra qo‘nib-o‘tirib bo‘ldi. Somon zarralari derazalardan uylarga kirib bordi, kimningdir to‘ntarilmay qolib ketgan qozonini bosdi, tokka osilgan solmadagi suti yuzini qopladi. Qishloqning shakli-shamoyili endi bor bo‘yicha ko‘rindi. Bodrab chiqqan yulduzlar qishloq ko‘chalari va katta asfalt yo‘lni qoplagan somonlarda jilvalandi.
Tongga yaqin havo musaffolandi va yengil shabada turdi. Changga terisi yupqalarning tungi achchiq-achchiq chuchkiriklari ham tinib, yozning orombaxsh va salqin tongi ota boshladi.
Katta yo‘ldan mashinalar g‘izillab o‘ta boshlagan payt Botir adirga otlandi. U ko‘cha tomonga emas, hovli tepasidagi dalaga yurdi. Shu tariqa adirga eltadigan yo‘lga kesib chiqish mumkin. Yomg‘irlarda yuvilib, quyoshda tullab, o‘rkachga o‘xshab qolgan paxsadan oshib o‘tdi, keyin qo‘shnilarning devori bo‘ylab yurdi. Qishloq cheti bo‘lgani uchun ko‘plar devor olmay, daraxt va butalarni tig‘iz ekib qo‘ra qilgan, baland baqateraklardan tortib, pastak do‘lanayu na’mataklar dalani qishloqdan ajratib turardi.
Botir daraxtlar oralab ketar ekan, ilkis tonggi sokinlikni buzib yangragan qush sayrog‘ini eshitdi. Kutilmaganda taralgan bu sas uning hali to‘la uyg‘onmagan sezgilarini hushyor torttirdi. Qushning tovushida daraxtzorning sehrli sadosi ham bor edi. Botir bu ohangni eshitmaganiga yuz yillar bo‘ldiyov.
Hali tong oqarib ulgurmadi, tongi mayinlik va sokinlik aro yangragan tovush uni yerga mixlab qo‘ygandek bo‘ldi. Botir shu qotganicha bir qancha payt turib qoldi. Tovush ikkinchi marta takrorlangandan keyin yana o‘ziga kelib, atrofga zor alangladi.
“Nahotki yana shunday qushlar biz tomonlarga qaytib kelgan bo‘lsa?!”
U quloqlariga ishonqiramay, daraxtlarni bir-bir ko‘zdan kechira boshladi. Enkayib daraxtlar oralab yurdi. Qush yana ovoz berdi. U cho‘kkaladi. Ortidagi qayrag‘ochga suyanib, ko‘zini yumdi va o‘zini allanechuk sarxush his qildi.
Atrofga taralgan tovush daraxtlarga urilib aks-sado berar, bora-bora quyuq barglar orasida singib ketishidan avval oqarayotgan tong havosida zangor-yashil iz qoldirib ketayotgandek tuyulardi.
Botir ko‘zini kirt ochib, ovchidek atrofga alangladi. Yovvoyi bir hissiyot ich-ichidan to‘lqin urib kela boshladi. Qaerdan kelmoqda edi bu tovush. Qushni hurkitib yubormaslik uchun oyoq uchida, daraxtlarni bir-bir ushlab qadam tashladi. Qushning sayrog‘i tingach, bu sehrli ohang qayta yangrashini kutib karaxt qotar va shoxlarni ko‘z qiri bilan kuzatar, ko‘z qorachig‘ining qo‘qqis harakati ham qushni hurkitib yuborgudek edi.
Har gal sayroq yangraganda u qush turgan joyga tobora yaqinlashib qolganini his qilar va hayajoni ortardi. Subhidam, musaffo havo, sada va do‘lanayu na’mataklar, shudringda yumshagan shox-shabbalar, yovvoyi yalpiz va chuchukmiyaning o‘tkir hidi hamda qishloq chetidagi bu sokinlik, bularning bari qo‘shilib uni allaqaerlarga chorlagandek bo‘lardi.
U chakalakzor orasida ancha yurdi. Orada qush uzoq vaqtgacha tovush bermadi. Lekin u har bir daraxt va butani sergaklik bilan kuzatishdan tinmadi. Va nihoyat, u yarim qurib bo‘lgan qayrag‘och shoxida o‘tirgan qushni barglar orasidan ilg‘adi. U yana ham yaqinroq borib bamaylixotir kuzatmoqchi bo‘ldi va qurg‘ab qolgan ariq ichidan qayrag‘ochga yaqinlasha boshladi. Ilkis uning shundoq yonidagi qoratol kovagidan chumchuq pirillab uchib chiqdiyu hurkigan qush uchdi-ketdi. Havoda to‘lqin-to‘lqin iz qoldirib, lop-lop etib g‘oyib bo‘ldi. Qayrag‘ochning quruq shoxi titragancha qoldi. Botirning ko‘ksidan ham bir nima potirlab chiqib, qushga ergashib ketgandek bo‘ldi. Nima edi u?! Nega endi uni yana tashlab ketdi? Necha zamonlar bo‘ldi uning yuragi bunday urmay qo‘yganiga...
Botir qoratolga yelka tiragancha sirg‘alib o‘tirdi, oyog‘i ostidagi ajriqlarni chimdib yuldi, qadoq barmoqlari yer tirnay boshlaganda qo‘liga lappakdek tosh ilindi. U toshni tozalab yaltiratmoqchidek kaftiga ishqab arta boshladi va shu alpozda xotirasi ham tiniqlasha boshlagandek bo‘ldi.
***
O‘zi yoshligidan miqti, lekin abjir va chayir bola edi. Mahallasidagi bolalarga bosh bo‘laman deb o‘zini o‘tga-cho‘qqa urar, mahalla sha’ni, qishloq sha’ni deb janjalga bosh suqishdan tap tortmas, to‘ylarda kurash tushar, eshakdek chayir bu boladan bir-ikki sinf yuqorida o‘qiydigan o‘spirinlar ham hayiqib turardi. Shu sababdan u to‘ylarda o‘choq atrofida yig‘iladigan yigitlar davrasida faxrli mehmondek o‘tirardi. Doshqozon uchun kovlangan, qarsillab olov chatnab turgan yero‘choq atrofida oldi-qochdi suhbatlar, askiyalar, armiyadagi yarmi lof sarguzashtlar tinmasdi. Harbiy xizmatdan yangi kelgan, do‘ppisini peshonasiga qo‘qqaytirib, ko‘ylagining oldini kindikkacha ochib, uchini belbog‘nusxa tugib yuradigan poson yigitlar bilan tengma-teng bo‘ylashadigan Botirga tengqurlarining havasi kelardi. Maktabda “kim bo‘lsam ekan” mavzusida insho yozilganda Botir “Men armiyaga boraman. Mening ham boshqalarga aytadigan o‘z sarguzashtlarim bo‘lishini xohlayman,” deb yozgandi.
Botir qishloqda faqat ikki o‘rtog‘ini “oshna” deb chaqirar, “oshna” deb chaqirilgan o‘sha ikki bolaga hammaning havasi kelardi. O‘sha paytda muhabbat va do‘stlik haqidagi hind filmlari mashhur bo‘lib, kimlardir undagi qo‘shiqlarga taqlid qilsa, Botir mushtlashuv sahnalarini qayta-qayta ko‘rish uchun tuman markaziga qatnab charchamasdi.
Maktabni tugatish yili sinfdoshlar oxirgi marta g‘o‘za chopiqqa chiqishdi. Oldinda hali bitirish kechalari, orzu-havaslarga to‘la yangi dunyo. Sinfdosh qizlaru yigitlar bu damlar qaytib kelmasligini his qilgandek ahil tortib qolgan. Endi avvalgidek oyoq ostida toptalgan yoki nogoh chopib tashlangan g‘o‘za niholi haqida qayg‘urishlar o‘rnini boshqa tuyg‘ular egallagan. Egatlarda cho‘kkalab olib quriladigan suhbatlarning adog‘i yo‘q, nigohlar, qarashlar allanechuk sirli va ma’noli.
“Istalin” laqabi bilan mashhur tuman maorif bo‘limi mudiri o‘sha paytlar katta bir yig‘inda “Kosonsoyda quyosh nuri birinchi bo‘lib Go‘rmironga tushadi, biroq bu qishloqdagi maktab o‘quvchilari dalaga nima sababdan hammadan kech chiqadi?!” deb o‘shqirgandi. Maktab direktori va o‘qituvchilar esa yigit-qizlarni oqshom payti daladan qaytarolmay halak edi.
Lekin Botir hamon o‘sha-o‘sha, uning chapani fe’lida g‘urur va oriyatdan o‘zgasi yo‘q edi. Qizlar haqida esa ularni himoya qilish zarurati tug‘ilgandagina o‘ylardi. Kuzatuvchan odam borliqda soat sayin o‘sish-o‘zgarishni ilg‘aydigan seravj may kunlarining birida Botir dalaning uvatiga tushdi. Egatlar tutqatorning tagida bo‘lgani uchun ajriq va g‘umayga to‘la edi. Sinfdoshlari ancha ildamlab ketib, o‘qariqqa yaqinlashib qolgandi. U goh toshloqda kemshik bo‘lgan ketmonchasini toshga qo‘yib teradi, goh ajriqlarni yulqilaydi, lekin ishda tinim ham yo‘q, unum ham yo‘q. Lekin u ortda qolib ketganiga sira parvo qilmaydi, chunki odatda qizlar ish oxirida hashar qilib, egatini qaytarib kelishini biladi.
Kun qizigandan qizib borar, yerdan ko‘tarilgan hovurda o‘qariq tomondagi sinfdoshlar jimirlab ko‘rinardi. Teparoqda qizlardan biri yomg‘irpo‘shini tutning shoxiga ilib ketibdi. Botir o‘sha zangor, chumchuq galasidek kutilmaganda bir ko‘tariladigan issiq yelda hilpirab qo‘yayotgan yomg‘irpo‘shni marra belgilab, unga yetguncha bosh ko‘tarmaslikka ahd qildi. Hadeb egat oxiriga qarayversa, xuddi oldinga emas, orqaga qarab ketayotgandek tuyuladi.
Botir pakkaga yetib kelganini boshi yomg‘irpo‘shga tekkanida sezdi. Nafas rostlash uchun boshini ko‘tarmoqchi edi, shoxga ilingan silliq libos uning yuz-ko‘zidan sirg‘alib o‘tdi. Botir ketmonchasini yerga urgan ko‘yi qotib qoldi. Uning butun vujudi yoqimli bir hisdan seskanib ketdi va beixtiyor yerga o‘tirdi. U sarmast edi. Birozdan so‘ng o‘ziga hech kim qaramayotganiga ishonch hosil qilgach, boshini yana bir marta ko‘tarib, yuzini yomg‘irpo‘shga qaytadan tegizdi...
Va parvoz qilayotgandek bo‘ldi. U paxta dalasi uzra uchardi, boshlariga oq durra tang‘ib olgan qizlar, ko‘ylagini boshiga yoping‘ich qilgan bolalar pastda yer tatalab yotar, u esa tobora balandroq uchar, ko‘m-ko‘k osmonda lochin kabi qanot kerar, so‘ng kamon o‘qidek pastga sho‘ng‘ir, keyin qaldirg‘ochdek yer bag‘irlab uchar, bora-bora o‘zini pechakgulga qo‘nayotgan kapalakdek his qilardi. Nogoh uning nazarida bahor osmoni bulut to‘plab, momaqaldiroq turdi, yashin chatnab, sharros yomg‘ir quydi. Yuz-ko‘ziga tasirlab urilayotgan muzdek tomchilardan seskanib, vahm aralash yovvoyi qutqu ichida telbalardek qichqirib, ich-ichidan ko‘krak qafasiga potirlab urilayotgan tilsim qushni uchirib yuborgandek bo‘ldi go‘yo.
Go‘yo birdan yomg‘ir tindiyu atrof charog‘on bo‘ldi, u hali ko‘rmagan turfa ranglar, sezmagan hidlar orasida kalovlanib o‘tirar ekan, bu serjilo olamda unga nimadir, kimdir tanish edi. Sinfdoshi Zamira, uning yomg‘irpo‘shi, hidi, kumush qo‘ng‘iroqdek jarangdor va yoqimli ovozi...
Botir shu alpozda ancha vaqt qolib ketdi. Yuragi gupillab urar, kallasida jarqaldirg‘ochdek charx urayotgan fikrlar ketidan quvib yetolmasdi. U ko‘zini yumgancha egat ichiga yotib oldi. Ancha vaqtdan keyin ko‘zini ochdi. Endi u dunyoga boshqacha nigoh tashlardi. Xuddi bir umr chang boylab yotgan deraza oynalarini kimdir yaraqlatib yuvib qo‘yganu tashqarida u shu paytga qadar sezmagan hayot to‘q va boy ranglarda jo‘shqin davom etardi.
U nimalarnidir endi tushungandek bo‘ldi. Anhordagi suvning shovullashi, tolko‘prikning g‘iychillashi, qushlarning chug‘ur-chug‘uri, qizlarning yuk mashinada dalaga qo‘shiq aytib kelishiyu qo‘shiq tugagandan so‘ng bir-birlariga urilib-surilib, qiqirlab kulishlari, bari-bari quloqlari tagida jaranglay boshladi. Bu tovush-ovozlarda u avvallari ilg‘amagan ma’no, yo‘q-yo‘q, hech kimga ko‘rsatib yoki aytib bo‘lmaydigan sir borligini anglagandek edi. Navbatchi qiz pishiradigan makaron bo‘tqayu bakda chala qaynagan va mumqog‘oz hidi kelib turadigan choy nega xushta’mligini endi ilg‘agandek. Sharros jala quyib yuborganda qizlaru bolalar bir tup chinor tagidan panoh topganiyu yelka-tirsaklari bir-birlariga nogoh tegib ketgandagi orziqish-seskanishlar, ter va namdan taralgan hidlar, bularning bari-barida endi ma’no bor edi.
U xuddi shunga o‘xshash, lekin bundan anchayin kuchsiz, yoki agar hidlarda rang bo‘lgandaydi, shu hidning ochroq rangini qachonlardir bir ko‘rgandek edi. O‘tgan yili qishda institutda o‘qiydigan opasi ikki toliba dugonasini olib kelgandi. O‘sha kuni qishloqda to‘y edi. Toliba qizlar yasan-tusan qilib, atir-upa surib to‘yga chiqib ketishgach, Botirning ko‘zi sandal ustida qolgan “Yoshlik” degan jurnalga tushdi. U jurnalni qo‘liga olgach, undan juda yoqimli, lekin begona bir hidni tuydi. O‘shandan buyon bu xush bo‘y toliba qizlaru yoshlik haqidagi jurnallar bilan bog‘liq bo‘lib xotirasiga o‘rnashib qolgandi.
Lekin bugungi ifor....
Botir butunlay o‘zgardi. Endi Zamiraning har bir harakatiyu so‘zidan o‘zgacha bir ma’no topardi. Qiz nimaiki demasin, nimaiki qilmasin, uning uchun yoqimli tuyulardi. “Zamira” degan ism ma’no kasb etdi, Zamiraning ko‘chasi sarishtaroq, darvozasi yonida o‘sgan shotuti qadrdonroq ko‘rinadigan bo‘ldi. U ana shunday xushxayollar og‘ushida yurgan kezlarda tasodifan Zamira bilan yonma-yon egatga tushib qoldi. Ular ishlayotgan dala chetida bir tashlandiq bog‘ bo‘lardi, ko‘p daraxtlari qurib ketgan, g‘o‘zadan oshib chiqqan perob suvdan ichib qolganlari yashnab turardi. Bog‘ qarovsiz bo‘lishiga qaramay, bahor va yozda g‘o‘zaga ishlov berishga kelgan maktab o‘quvchilariyu kolxozchilarga soya berardi.
Botir va Zamira boshqalardan ortda qolish uchun ketmonchalarini yerga yengil urar va tez-tez suhbat qurib, egat ichida uzoq o‘tirib qolardi. O‘shanda ularning suhbatini buzib bog‘dan bir qushning ajib sayrog‘i eshitildi. Nogahon yangragan bu ohang ketmonlarning chaqir-chuqur toshloq yerga urilishidan chiqqan tovushni bir lahza bo‘lsa-da, bosib ketdi. Botir toshdek qotdi, Zamira hayrat ila alangladi. Ular bu qush haqida ko‘p eshitgan, biroq o‘zini hech qachon uchratmagandi. Botir qushlar haqida bilganlarini gapira ketdi. Aslida u bu gaplarni bir sinf pastda o‘qiydigan, hamma “qush jinnisi” deb ataydigan boladan eshitgan, ko‘p martalab qushlar uyalaydigan jarlarga birga borgandi.
Ular azbaroyi qiziqishdan boqqa kirishdi. Qushni hurkitib yubormaslik uchun oyoq uchida qadam tashlashdi. Daraxt va butalar quyuqlashgan joyda Botir baland yong‘oqning shoxlari orasida o‘tirgan bir qushning duminigina ko‘ra oldi. U Zamirani so‘zsiz o‘zi tomon imladi. Zamira unga shu qadar yaqin keldiki, Botir uning gupillab urayotgan yurak tovushini, iliq nafasini sezdi va ixtiyorsiz holda uning yanog‘idan shartta o‘pich oldi. Zamira “voy” dediyu hurkib, sapchib qochib ketdi. Qush ham pirr etdiyu uchdi ketdi. Botirning yuragi esa tipirchilab qoldi. Zamira tomonga qarashga botinolmay, ko‘zi lop-lop uchib borayotgan qush ortidan ergashdi.
Botir armiyada ikki yil xizmat qilib kelgandan keyin Zamiraga uylandi. Xizmatdan avval bir yil tibbiy bilim yurtida o‘qigandi, harbiyda feldsher bo‘lib ishladi. Qaytib kelganida ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi... Sho‘ro Ittifoqi quladi, g‘oyalar o‘zgardi, odamlarning hayotga qarashlari yangilandi, hayotning tashvishlari-da yangi qiyofa topdi, yetti uxlab tushga kirmagan voqealar paydo bo‘ldi.
Onasi yoshligida o‘tib ketgan, otasi kasalmand bo‘lgani uchun Botir tengqurlaridan ko‘ra ertaroq uylandi. O‘qishni davom ettirish uchun ikki yil tibbiy universitetga hujjat topshirdi. Kirolmagach, umid uzdi-da tuman markazidagi shifoxonada ishladi.
Lekin bir maosh bilan ro‘zg‘or tebratish, to‘shakka mixlangan otaga qarash, ukani uylantirishning o‘zi bo‘lmadi. U yerga yopishdi. Kolxozlar tarqatilib, o‘rniga fermerlar chiqqan, mol-qo‘y boqish uchun parcha yer qolmagan. U chek yer olib shundan daromad ko‘tarmoqchi bo‘ldi. Bir necha yil urinib tuzukroq hosil ko‘rmasa-da, piyoz ekish hadisini oldi. Bu vaqt ichida odamgarchiligi va zehn-farosati tufayli o‘zi feldsher bo‘lsa ham xalq orasida “do‘xtir” degan nom qozondi. Xalq birovga shunchaki nom bermaydi, buning uchun avvalo tan berishi kerak. Aslida ham Botir ancha-muncha shifokordan ko‘ra qo‘li yengil va tajribaliroq edi. Qishloqda unga tinim yo‘q, endi yeng shimarib ketmonga uzansa, kimdir hovliqib kelib qoladi. “Tez yuring, onamning qon bosimi ko‘tarilib ketdi”, yoki “o‘g‘lim tomdan yiqildi” deb keluvchilarning keti uzilmaydi. Kasallik fursat kutmaganidek, bemorlar ham vaqt kutmaydi, Botir kechasiyu kunduzi tinim bilmaydi. Shuning orasida dehqonchilik ham qiladi.
Suv qahat bo‘lib chek yerdan olinadigan arzimagan daromadning ham barakasi uchdi. Endi u fermerlardan ijara yer olib, piyoz eka boshladi. Kasalxonadan keladiyu dalaga chopadi. Ijara haqini hosildan to‘laydi. Lekin har yili posangi o‘sha: ovi yursa tovi yurmaydi, tovi yursa ovi chopmaydi, degandek. Hosil zo‘r bo‘lganda piyoz arzon, piyoz qimmat bo‘lganda hosilning mazasi yo‘q. Har ikkisi ham bo‘lganda hosilni shira yeb bitiradi. Lekin Botir xalq orasida yuradigan gapga ishongisi keladi: dehqonning pirlari piyozni yetti yil ekish kerak, shu yetti yildan bittasida piyoz ostonangni tillodan qilib tashlaydi, degan emish. Bu yil besh yil bo‘ladi piyoz ekishni boshlaganiga. Ikki yil qolibdi. Keyin nima qiladi? Piyozdan boy bo‘lmasa, kartoshka ekadi. Baribir mehnat qilish kerak, bolalar katta bo‘lyapti.
Lekin do‘xtir zoti yerga yopishmasin ekan, o‘zi shu kasb egalariga jin-pin tekkan bo‘lsa ajabmas. Qishloqdan uchta do‘xtir chiqqan. Ikkitasi hozir nafaqada, umri yer chopish bilan o‘tdi. Valijon do‘xtir qishloq etagidagi adirda yigirma yil tosh terib, qo‘riq ochdi. Ishdan keladi-da, eshakaravaga o‘tirib bog‘iga yo‘l soladi. Yo‘lda “Qaro ko‘zimni” xirgoyi qiladi, avvallari mast bo‘lib qolsa to‘ylarda ham shu qo‘shiqni aytib hammani bezor qilardi. Endi birov bilan ishi yo‘q, ketmondan horigan paytlari bog‘ining tepasidagi do‘nglikka chiqib olib, nay chaladi. Ba’zan nayning g‘amgin nolishi yarim tunga qadar tinmaydi. Bu yil suv taqchil, bog‘ qurib yotibdi, naydan chiqqan kuy ham saratonning jaziramasidek yurakni o‘rtaydi.
Rahmatilla do‘xtir ham uning yonidan bog‘ qilgan. Biroq bu do‘xtirning ichadigan odati yo‘q, nay ham chalmaydi, lekin ketmonni qo‘lidan qo‘ymaydi.
Uchinchi do‘xtir bu ikkovidan ancha yosh. Hali bog‘ savdosi boshiga tushmagan. U hozir Rossiyaning tibbiy ekspeditsiyasiga qo‘shilib Qizil dengiz sohilidagi bir mamlakatda ishlab yuribdi. Oyligi hartugul yaxshi ekan uy-joyini tiklab oldi. Aylanib-aylanib oxiri u ham yerga yopishadigan ko‘rinadi. Shu yozda ta’tilga kelganida qishloqdan tomorqa yer olib, terak va gilos ko‘chati o‘tqazib ketdi. Keladi-da bir kun tuproq yalagani.
Nega do‘xtirlar yerga dehqondan ham qattiq yopishadi. Oppoq xalatini kiyib, egniga gard yuqtirmay yursa bo‘lmasmikin? Nega o‘zini hadeb yerga uradi...tuproq titkilaydi. Balki ko‘p qon, ko‘p o‘lik ko‘rganidandir...
Botir ariq ichida tin olib, bu xil o‘yga cho‘mib qancha o‘tirganini bilmadi. Quyosh esa so‘rab-netmay terak bo‘yi ko‘tarilib qolibdi. Adirga yetgunicha kun qizib ketadi. Piyozga dori sepadigan zaharchi ham kutib-kutib ketib qolgan bo‘lsa kerak.
U endi uyiga qaytishdan boshqa chorasi qolmaganidan og‘ir qadamlar bilan ortga qaytdi. Uyining vassajuft shiftiga termulib yotishni o‘ylab yuragi siqildi. Qishloqda vassali uy deyarli qolmagan, yo fanerdan qo‘shnova qilib naqsh solingan yoki gipsqog‘ozdan shakl berib, moybo‘yoq surilgan, ba’zilar shiftiga turli ranglarda shu’la taratadigan eng oxirgi rusumdagi chiroqlar o‘rnatgan. Hovliga tushib kelar ekan, otasidan qolgan uyga yonbosh solingan chala imoratga qarab, balki bugun guvala quysammi, deb ham o‘yladi.
Kecha tunda chiqarilgan somonni mallaga solib tashiyotgan xotini erining erta qaytganidan hayron bo‘ldi.
“Ha, ish bitdimi?! Piyozga zahar septirdiyizmi?” deb so‘radi.
U nima javob qilishni bilmay turib qoldi. Nima desin endi xotiniga?
“Men bir qushni, yoshligimdagi qushni uchratdim. Senga ko‘ngil qo‘yganimda, sendan ilk bo‘sa olganimda uchratgan qushni. Esingdami o‘shanda... e, u paytlar sen boshqacha eding, men boshqacha edim, hayot boshqacha edi. Xullas, adirga ketayotib o‘sha qush tovushini eshitdimu, o‘zini ko‘rmoqchi bo‘lib piyozga bora olmadim. Shira yeb yotgan piyoz yana zaharsiz qoldi. Endi qachon kasallarimdan bo‘shaymanu qachon dalaga boraman, ungacha piyozni shira yeb yotar. Manovi chaladevorning tomi yana yopilmay qoladi, qishi bilan devorlari nurab tushadi, yanagi yil yozda yana qaytadan uramiz. Bollaring maktabga yana eski kiyimlarini kiyib boradi. Sen esa qizingni sepiga tashlaydigan pombarqitni ololmaysan. Hammasi o‘sha qushni deb bo‘ldi, birgina qush-a. O‘sha zormandaning bo‘y-bastini to‘liq ko‘ra olgan bo‘lsam ham boshqa gap edi!” deydimi.
Bu xotin zoti tushunadimi o‘zi? Jinni bo‘libdi, deb o‘ylaydi.Undan ko‘ra, sassiqpopishakni ko‘rsangiz yaxshi bo‘lardi, deb kinoya qilishi tayin.
“Darvoqe, sassiqpopishaklar ham kelmay qo‘ydi-ya biz tomonlarga,” Botir bu o‘ydan keyin iljaydi va xotini ko‘rib qolmasligi uchun yuzini ters o‘girdi. O‘, ayol zotidan bir narsani yashirib bo‘larkanmi!?
“E qanaqa odamsiz o‘zi, nega tirjayasiz, zahar nima bo‘ldi, zahar,” dedi ensasi qotib.
“Zaharchi kemadi.” Xotini kulgisini sezib qolganidan jahli chiqdi uning.
“Nega kemas ekan, nima bo‘pti?”
“Zaharchi zahar ichib o‘lipti.” U jahl bilan uzumtok ustunini tepgandi, kechagi chang va somon zarralari boshiga duv to‘kildi.