OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Sharif. Xirgoyi (hikoya)

O‘sha kuni shomga yaqin goh kuchayib, goh sekinlab yog‘ayotgan shig‘aloq qor ilkis izchil maromga kirib, mayin shitir-shitiri ila borliqni mungli ohangga to‘ldirdi. Chol va kampir shom namozi uchun tahorat oladigan palla edi. Bola to‘sin va siniq shiferlari tutundan qoraygan, devorlari is bosib ketgan tandirxonadagi pastak loyo‘choqda g‘o‘zapoya yoqib, qumg‘onda suv qaynatdi, qaynoq suvni obdastaga quyib sovuq suv bilan chovushtirdi, keyin kaftiga quyib ko‘rdi: bobosi aytganidek, obi-tobida. Obdastani sal naridagi ikki xonali uyning dahliziga eltib qo‘ygach, g‘o‘zapoyaning lovullab-charsillab turgan cho‘g‘ini olovkurakka soldi-da, shoshilinch ichkari uyga eltar ekan, shig‘aloq qor zarralari cho‘g‘larga tushib chirsillar, olov lax-lax qizarib, qor yonayotgandek tuyulardi. Osmonning tund chehrasida, chor-atrofning oqlikka jadal burkanib borishida ham haybatli bir marom va tugallik borday edi. Bola qip-qizil cho‘g‘ni sandalga solib, ustiga eski kulni tortib qo‘ydi-da, o‘zini ko‘rpa ostiga urdi. Mazza! Boshqa qiladigan ishi yo‘q, issiq sandalda olovga toblanib yotadi endi.    
...U odam qosh qoraya boshlagan mahalda keldi. 
Kampir bir tutam isiriqni sandal tagida limillab turgan cho‘g‘ ustiga tashlagach, qalin qora satin kamzulining cho‘ntagidan jimitdek kalit chiqarib, tiqir-tiqir urina-urina mehrobdagi javonni ochib, lash-lushlarni titkilay boshlagan payt edi. Eski gazmollar, qalampirmunchoq va yana allanarsalarning zaif islari isiriqning o‘tkir hidiga qorishib ketgandi. Chol esa jildiga oq surp tortilgan, sarg‘ayib, titilib ketgan ba’zi sahifalariga qog‘ozdan yamoq solingan katta bir kitobni derazadan tushayotgan g‘ira-shira yorug‘likka tutib, shomgacha yana bir-ikki bet o‘qib qolish ilinjida, tashqari allaqachon oqlikka burkanib ulgurgani uchun qosh qoraysa-da, atrof qor yorug‘i bilan yorishgan edi.         
Ha, u odam ana shu pallada kirib keldi. Avval yog‘och darvozaning bo‘g‘iq g‘iyqillagani, keyin g‘arch-g‘urch qor bosib kelayotgan qadam tovushlari eshitildi. Dahlizning ostonasiga kelganda telpagidagi qorni qoqdi, qisqa-qisqa yo‘talib oldi. Nihoyat, ichkari eshik ochilganida pastakkina xonadagi quyuq tutun gup tashqariga urildi. Isiriq tutuni chiqib ketmasin deb, kelguvchi eshikni oshig‘ich yopdi, so‘ng chol va kampir bilan quyuq so‘rashib, sandalning poygak tomoniga cho‘kkalab o‘tirdi, cholning qistovidan keyingina sovqotgan oyoqlarini sandal ichiga oldi. Kampir javondan qand-qurs olib dasturxonga qo‘ydi, sandal ustiga yopilgan ko‘rpa tagidan qalampir gulli xitoyi choynakni olib, choy quyib uzatdi. 
Mehmon tortina-tortina, sekin va sokin ovozda kelishidan maqsadini bayon qildi: "Katta ota, shu desangiz, chamamda uch oylarmi avval, qaydan keldi, nimadan bo‘ldi, bilmaymanu, ammo menga bir yomon dard yopishdi. Shu deng, dard qurmag‘ur kundan-kun zo‘rayib boryapti..."
"Obbo!" dedi sandal ko‘rpasi ostida mazza qilib yotgan bolakay: yana bir kasal keldi. Endi bobosi uzundan-uzun duo o‘qib, dam soladi. Toza zerikadigan bo‘ldim-da, deb mehmondan yuz o‘girib, shipga termuldi. Shipdagi yoriqlar, lak surilgan fanerning butoq ko‘zlari atrofidagi taram-taram ajin-chiziqlarga qarab, o‘zicha allaqanday shakllarni izladi. Bir qarashda parvozga shay qushga, goh shoxdor soqolli echkiga, goh esa qamishzor ichidan mo‘ralab turgan qanaqadir sharpaga o‘xshatdi. Shu yumush uning sevimli ovunchog‘iga aylangan edi. Yana yangi shakllar izlamoqchi bo‘ldi, lekin uchqur xayoliga tunov kungi kishi keldi. Sassiq, vajohatli bo‘lsa ham o‘sha odam bunisidan ko‘ra zo‘rroq edi, deb o‘yladi bola. Kunduzlari “eshak o‘ldirar” oftob charaqlagan, kechalari qora sovuq turib, kimsasiz ko‘chalarda izg‘irin kezayotgan kunlar edi. Onasi uchovlonga kechki ovqatni yedirgach, idish-tovog‘ini yig‘ishtirib, narigi hovliga chiqib ketgan, bular esa yotish tadorigida ekan, lop etib chiroq yongan, hamma xursand edi. Bir ozdan so‘ng ko‘chada mashinaning og‘ir to‘xtagani, taraqa-turuq qilib motori o‘chgani eshitildi, zum o‘tmay, suvsar telpak kiygan, pochapo‘stini dog‘-dug‘, yuzi qorachadan kelgan bir kishi kirib keldi. U kirishi bilan xonada teri, yog‘qovurdoq, achchiq va o‘tkir tamaki hidi anqidi. Chol bilan qo‘shqo‘llab, kampirga yelka tutib ko‘rishgan bu kishi xom yog‘ surtilaverib yaltillab ketgan etigining qo‘njidan katta dandon sopli pichog‘ini chiqarib, sandal ustiga "to‘p" etkizib tashladi:
– Katta ota, mana siz oqsoqollar suv yetti yumalasa, pichoq uch marta yerga suqilsa halol bo‘ladi deysizlar. To‘g‘rimi shu gap!? – dedi harsillab. – Agar shu gap to‘g‘ri bo‘lsa, kitob qarab, isbotini topib bering deb keldim! 
Bobosi uning vajohatiga e’tibor bermay: "Shermat bolam, avval bu shashtingdan tush, o‘zingni bos, bir piyola choy ich, keyin nima bo‘lganiga quloq tutarmiz”, dedi.    
– Katta ota, meni har ko‘rganingizda el-ulusga qo‘shilib yur, odamlar bilan osh-qatiq bo‘l, qo‘ni-qo‘shnilarning issiq-sovug‘iga aralash, savobi ko‘p deysiz, – dedi Shermat. – Shu bugun gapingizni qulog‘imga olib, Mahmudboyning sabzi qirdisiga bordim. Bilasiz, erta sahar kenjasiga osh beryapti. Borsam uy to‘la odam, dahlizda yoshlar sabzi qiryapti, ichkarida kattalar to‘g‘rayapti, gangir-gungur avjida. El qatori ichkariga kirib, turtinib-surtinib poygakka o‘tirdim, pichog‘imni chiqarib bitta sabzini qo‘lga olganimni bilaman, to‘rda yonboshlab olgan Hakim hisobchi bo‘ynini cho‘zib qoldi. Nima dedi, bilasizmi? "Ho‘y, Shermat, bu pichog‘ing bilan tulkining terisini shilgani keldingmi yo elga beriladigan oshga sabzi to‘g‘raganimi?" desa bo‘ladimi!? El-yurt, katta-kichik oldida lavlagim chiqdi. Dayusni ustiga bostirib borib ta’zirini bermoqchi edim, harqalay yoshi ulug‘, sizdan ancha kichik bo‘lsa ham oqsoqollar davrasiga kirib qolgan, deb indolmadim. Shartta o‘rnimdan turib, bir ulov topib yoningizga kelib turgan joyim edi. Shu, pichoq uch marta yerga sanchilsa halol degan joyini topsangiz, men bilan borib, el oldida shu gapni kitobdagi isboti bilan aytsangiz, deb keldim. Ko‘chada moshina tayyor.
Chol miyig‘ida kuldi. Shermat bu holdan battar betoqat bo‘lib, bo‘zardi. 
– Shermat bolam, to‘y-ma’rakada og‘ir-engil, hazil-huzul gaplar bo‘pturadi. Azaldan el ichida yurganingda bunaqa gaplarga ko‘nikarding. Ertaga xalqqa osh berayotgan Mahmudboyning laqabi nimaligini bilasanmi o‘zi? – deb, Shermatga tikildi chol. U hanuz qovog‘i soliq, bosh chayqadi. 
– Xalq Mahmudboyning urug‘-aymog‘iga “tulki” deb laqab qo‘ygan. Kirib borishingdan avval davrada bir payrov ketgandirki, Hakim sening bahonangda uni davom ettirgandir? O‘rningda boshqa odam bo‘lganida Hakimga qarab "bir gazanda tulkilarning qonini so‘rib, terisini ustixoniga yopishtirib qo‘yibdi, pichog‘im suyagiga qadalib sindi, boshqasini olib kelaverdim”, degan bo‘lardi. Boisi, Hakim hisobchining laqabi “kana”. El oldida uning og‘zini yopgan bo‘larding, keyingi gal sen bilan o‘ylab gaplashardi. Endi esa bu gaplarga parvo qilma, uyingga borib, qo‘lingga oshpichoq olgin-da, to‘yga qayt, hech narsa bo‘lmagandek elga aralashib ketaver. Gapi qattiq botganini sezsa Hakim erta-indin uzrini so‘rab qo‘yar, so‘ramasa, yonimga kelganida o‘zim bir nima derman. Sovuqqa chiqsam oyog‘im og‘riydi, ma’rakalarga bormay qo‘yganman, – dedi chol, shu bilan gap tamom degandek. 
Cholning nasihatidan ko‘ngli to‘lmagani yuz-ko‘zidan sezilib turgan Shermat pichog‘ini etigining qo‘njiga tiqib, "mayli, katta ota, aytganingizni qulog‘imga olaman, lekin mavridi kelganda Hakimboyning ham ta’zirini beraman”, deb chiqib ketdi. 
Chol nevarasiga eshikni ochib uyni shamollatishni buyurdi, keyin kampiriga qarab, "hazilida ham, chinida ham Hakimboy haq”, deb qo‘ydi. 
Bolakay ko‘zi sovuq yiltiraydigan, yuzida shiddatli bir ifoda qotib qolgan bu odamni ilk marta yaqindan ko‘rganidan hayajonda edi. Shermat bularning hovlisidan ikki ko‘cha narida yashar, allaqaerda qorovul bo‘lib ishlashidan tashqari ovchilik ham qilardi. Bir qarasa tulki, bir qarasa bedana yoki baliq ovlar edi. Ovlaydigan narsa qolmasa, olaqanotmi, chumchuqmi, yovvoyi kaptarmi, otib kelaverardi. Uyida tozi, ba’zan qopag‘on qozoqi itlar bo‘lardi. Odamlar, ayniqsa bolalar eshigining tagidan yurak yutib, oyoq uchida o‘tishardi. O‘zi ko‘chalarda kam ko‘rinar, har zamon labining bir chetida allaqachon o‘chib qolgan tamakisini tishlab, yelkasiga qo‘shotarini ilib, eski "Ij" mototsiklini tarillatgancha qishloq ko‘chalarida paydo bo‘lib qolardi. Kamgapu badqovoq, ko‘pchilikka aralashmasdi. Lekin qishloqda kamdan-kam odam kirib chiqadigan hovlisi, yoki o‘sha qo‘rqinchli hovlida uning nimalar bilan mashg‘ulligi bolalarni qo‘rqa-pisa devor osha mo‘ralashdan tiyib turolmasdi. Mahmudboy to‘y bergan kunlari qishloqda chiroq ham yonib qolgan, Shermatning suvsar telpagi, mo‘ynali yoqasi yorug‘da yal-yal tovlanib, salobatini oshirib turardi. 
Biroq, bugun kelgan odam ko‘rimsiz, gaplari tushunarsiz, zerikarli edi. Tokchadagi moychiroqdan taralayotgan shu’la goho yuzida o‘ynab, botiq ko‘zlari yanada ayanchli tus olar, peshonasidagi ajinlari uzun-uzun soya berib qolardi. Bola shiftga qarab yotishdan zerikib, sandalning narigi chetida bobosiga bir nimalarni to‘xtovsiz gapirayotgan bu odamga qayta razm soldi.
– Nega menga keladi bu dard, katta ota? Umrim bo‘yi qora mehnatdan boshi chiqmagan sho‘rpeshona bo‘lsam?! Yumushim boshimdan oshib yotibdi, ikki o‘g‘il uylashim, uch qiz chiqarishim kerak hali. Sira chidayolmay qoldim bu azobga. Kelaveradi, kelaveradi, hech to‘xtatolmayman qurg‘urni. Avvallari ich-ichimdan sezilar-sezilmas kelardi. Keyin tomog‘imga, undan dimog‘imga ko‘chdi, bir maromda, o‘rtab-o‘rtab kelaveradi. Og‘ir, juda og‘ir, yurak-bag‘rim ezilib ketadi, ikki qop bug‘doyni baravariga ko‘tarsam ham bunaqa ezilmayman. Kechalari o‘zimning tovushimdan o‘zim uyg‘onib ketaman... kelaveradi-da, ich-ichimdan to‘lib-toshib. Shartta turib ketaman, og‘ilga boraman chiroq ko‘tarib, mol-qo‘yning tagini tozalab, bilchillagan go‘ngni ko‘mir maydasiga aralashtirib, zuvala qilaman, guvaladek-guvaladek qilib bostirma ostiga teraman. U ish tugasa, hovliga chiqib eski o‘rani qayta kovlayman, ko‘zim tushgan ishga unnab ketaveraman. Uyda ish qolmasa, kamiga qo‘shnilarning yumushini bajaraman, itdek horib uyga qaytaman, endi yotaman desam, yana kela boshlaydi o‘sha! Tong oqarganda mol yetaklab dalaga otlanaman, kun bo‘yi ketmon chopib, qosh qorayganda yelkamda zambildek bir boylam o‘t, burnim yerga tekkudek bo‘lib, kamiga bir sigir bilan buzoqni yetaklab uyga qaytaman, biroq o‘sha narsa dimog‘imdan sira ketmaydi. Kechqurun xotin-bola chaqa bilan o‘tirganimda ham kelaveradi... Hamma hayron. Elu yurtga qo‘shilolmay qoldim. Bular-ku, mayli, nari borsa xalq orasida jinni degan nom olarman, lekin og‘rig‘i-chi!? Zo‘riqishdan qornim, ichaklarim ayozdagi simyog‘och simlari kabi zirillab titraydi, ko‘kraklarim qaqshab, siqilib og‘riydi, tomog‘im shishib ketadi. Ba’zan tunlari ko‘nglim ozib, o‘qchib-o‘qchib qayt qilgim keladi, ariq labiga borib rosa kuchanaman, ichim zardobga to‘la tuyulsa-da, hech vaqo chiqmaydi. Ba’zan ko‘kragimni pichoq bilan yorib, shu enag‘ar narsani chiqarib yuborgim keladi, lekin qani qurbim yetsa. Bir kuni shunaqa keldiki, amallab tashqari chiqarib yuboray desam, burun va quloqlarimdan qon tizillab otilib chiqdi... – U gapirish asnosida sandal qirrasiga alam bilan mushtini tiradi, mushti ustiga boshini qo‘ydi. 
– Ichingizdan kelgan narsa xirgoyi ekan-da, o‘g‘lim? – Cholning hamisha o‘ychan va sokin chehrasidan bir xavotir qalqib o‘tgandek bo‘ldi. – Nimani xirgoyi qilasiz? Biror So‘z bormi?
– So‘z yo‘q! – u boshini ilkis ko‘tardi. – Birorta so‘zi yo‘q, lekin juda-juda og‘ir bir ohang. Mungli deb ham bo‘lmaydi, chunki gohida yuragimga taskin beradi, biroq tasalli uzoq davom etmaydi, aksar payt azoblaydi, dilimni tilka-pora qiladi. Goho qanaqadir g‘alati ma’nolarni ilg‘agandek bo‘laman, lekin tushunmayman. Shu azob-uqubat ichida o‘lib ketamanmi deb qo‘rqaman. Bilganim, men bu yukni ko‘taradigan odam emasman, faqat mehnatni, qora mehnatni bilaman xolos... Katta ota! Meni bu azobdan qutqaring. Dam solasizmi, xatmi qur’on qilib o‘qiysizmi, yordam bering, bolalarim yetim qolmasin! – uning nam mijjalari shu’lada yilt-yilt qildi.
Chol uzoq sukutda qoldi. Bolakay bobosini hali bunday g‘ussaga botgan holda ko‘rmagan edi. Bobosi odatda o‘yga cho‘msa, ko‘kragiga tushib turgan oppoq soqolini tutamlab olardi. Hozir esa boshini quyi solib juda uzoq o‘y surib qoldi. 
Tashqarida hamon qor bo‘ralab yog‘ar, tun oppoq, butun borliqni kuchli bir ohang egallab, deraza oynasini chertib turgandek edi. Kampir esa jonsarak, nima qilarini bilmay, nevarasiga engashib, boshini silaydi.                    
Nihoyat, chol nigohini yerdan oldi: 
– Kattalardan eshitganim bor ediki, avval ham odamlar shunday dardga yo‘liqishgan ekan. Aytishlaricha, bu dard odamlar boshiga baxt yoki aksincha, kulfat keltirarmish. Elchibek bolam, aytar gapim shuki, senga dam solib, yordam berolmayman. Lekin haqingga har kuni duo qilaman, Xudodan o‘zingni, bolalaringni omonligini tilayman. Joning omon bo‘lsin!    
Elchibek ingrab yuborgandek bo‘ldi. Kampirga jonsarak mo‘ltiradi. Kampir chidab turolmadi, choliga qarab: "Emi-damini qilib qo‘ysammikin, nafi tegib qolar?" dedi jonhalak. 
– Ha, jon ena, emi-damini qiling, – Elchibek ostonaga emaklab borib, eshikni ochdi, bo‘sag‘aga boshini qo‘yib yotib oldi. Kampir hadik bilan choliga qaradi, chol rozilik ishorasida bosh irg‘adi-yu, lekin foydasi yo‘q degan ma’noda ters o‘girildi. Bolakay qishloqning yig‘loqi go‘daklari bu ostonada qanday emlanganini ko‘p ko‘rgan, chinqirab yig‘lab kelganlari burnini shilq-shilq tortgancha onalari qo‘lida miq etmay ketganiga guvoh bo‘lgan, lekin kap-katta odamning emlanishi haqiqiy tomosha edi. Kampir eski amirkon kovushini uchidan ushlab, tovonini uch marta yerga urdi, so‘ng xuddi shunday harakat bilan Elchibekning og‘ziga ham uch marta urdi, dimog‘ida nimalarnidir pichirlab, suf-suf, tuf-tuf, deb qo‘ydi. "Tomog‘imga ham uring, ena, tomog‘imga!" deb yolvorardi Elchibek. 

* * *

Uchovlon Elchibekni o‘shanda oxirgi marta ko‘rishdi. Chol-kampirning yoniga ming bir hasrat bilan keluvchilar Elchibek haqida turli gap-so‘zlarni beto‘xtov yetkazib turishardi. Elchibek endi o‘zini og‘ir mehnat bilan ovutmas, atrofidagi voqealardan, xoh shodiyona, xoh fojia bo‘lsin, ajablanmas, xirgoyi qilishini bir lahza bo‘lsa-da qo‘ymas ekan. Ko‘klam kelib, kirchil qor tagida g‘ujanak yotgan o‘t-o‘lanlar yashillanib bo‘y chiqardi. Tor va biqiq xonalar, chiroqsiz tunlardan bezor bo‘lgan odamlar toza bahor havosidan ko‘ksilarini to‘ldirib nafas oldilar. Issiq-sovuq ma’rakalarda Elchibekning yonida turib qolganlar beixtiyor unga qo‘shilayotgani, ba’zan bir uy odam yelkama-elka turib unga jo‘r bo‘layotgani haqida mish-mishlar kelardi. 
...Biroq ularning xirgoyisida so‘z paydo bo‘lgani haqida hali xabarlar yo‘q edi.
Yozning chillasiga yetganda qishloqning ancha-muncha yigitlari Elchibekning dardiga chalingani haqida xavotirli gaplar tarqaldi. Kasallik daragi qishloqdan qishloqqa ko‘chib allaqachon shaharga ham yetib borgandi. Bir kuni qishloq noziri yordamchilari bilan Elchibekni oldilariga solgancha shaharga haydab ketgani haqida xabar keldi. Shaharda uni markazdan kelgan olim-shifokorlar ko‘rar emish. Biroq ertasiga qishloqda kutilmagan yangilik tarqaldi: Elchibekni shifoxonadan to‘ppa-to‘g‘ri ruhiy bemorlar kasalxonasiga olib ketishayotganda u bir amallab qochib qopti. Elchibekning kasali xavfli va yuqumli bo‘lib, epidemiyaga aylanib ketishi mumkin ekan. Shu sababli yalpi qidiruv e’lon qilinibdi. Qidiruvchilar qishloqning tit-pitisini chiqarib tashlashdi, keyin atrofdagi qiru adirlar, soy bo‘yidagi chakalakzorlar oralab qidirishdi. Shermatning kuni tug‘di, u ko‘ngilli izquvar bo‘lib qidiruvchilarning oldiga tushib, yelkasiga qo‘shotarini ilgancha ko‘chalarda dadil qadam tashlab borardi. Biroq, Elchibekning o‘zi tugul iziyam yo‘q edi. 
Qidiruv goh susayib, goh kuchayib davom etayotgan kunlarning birida chol, kampir va nevara ayvonda o‘tirishardi. Kampir eski paxtani mitalab o‘tirar, chol peshonasi va bo‘ynida marjondek tizilgan ter tomchilarini belbog‘i bilan arta-arta kitob o‘qir, qariyalarning yumushini bajarishga shay bolakay esa hozir shatmoq oyog‘iga qo‘ngan pashshalarni haydash bilan ovora edi. Darvoza taraqlab ochilib, hassaga tayangancha oh-voh qilib Hakimboy kirib keldi. Kela solib hay-hay deguncha bo‘lmay cholga o‘zini tashlab, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Yuzi momataloq bo‘lib shishib ketgan edi. Chol Hakimboyni zo‘rg‘a yupatdi, keyin "Shermatning ishimi bu?" deb so‘radi xo‘rsinib. Hakimboy zo‘rg‘a o‘zini bosib, hiqillab so‘z boshladi:    
– Xonu moningga o‘t tushgur Shermat kecha to‘rttasini ergashtirib hovlimga to‘s-to‘polon bilan kirib keldi, kelinim, nevaralarim oldida urib-tepkiladi, beobro‘ qilib so‘kdi. Elchibekni shu yashirgan, bular avvaldan osh-qatiq edi deb anovilarni chippa-chin ishontirib yubordi. Topib bermasang, qaerdaligini aytmasang o‘g‘lingni qamoqda chiritaman, kelining tul o‘tadi, nevaralaring tirik yetim bo‘ladi, deb rosa qo‘rqitdi. Axiyri boqib qo‘ygan ho‘kizimni berib qutuldim, – deb yig‘lar edi Hakimboy. Chol uni uzoq yupatdi, ko‘pga kelgan dard, bu kunlar ham o‘tib ketadi, Shermat ham jazosini topadi, haromdan kelgani haromga ketadi, dedi. Keyin jildiga oq surp tortilgan kitobidan baytlar o‘qib, qosh qorayguncha Hakimboyni ovutib o‘tirdi: 

...Haqni topqon tufroq bo‘lib yo‘lda yotar, 
Tufroq sifat olam ani bosib o‘tar,    
Manmanliklar boshin bosib, tepib ketar,
Bosh ko‘tarib anga suxan qilg‘oni yo‘q.

Qul Xo‘ja Ahmad, harna bo‘lsang faqir bo‘lg‘il,
Qayda borsang, bo‘yning qisib, haqir bo‘lg‘il,
Oshiq bo‘lsang, ishq ilgida asir bo‘lgil,
Asir bo‘lmay hech kim murod tobqoni yo‘q.

...Shermatvoy tanlab-tanlab, qarchig‘aydek changal solib sho‘rini quritgan oilalar soni tobora ortib boraverdi. 

* * *

Kech kuz edi. Chol tashqariga tahorat olgani chiqqanida suyaklarining zirqillashidan yomg‘ir kelayotganini sezdi. Bir necha kun davomida ko‘kda bulutlar yig‘ilib, osmon bir xilda kulrang tus oldi, shanba kuniga kelib mayda va sovuq yomg‘ir savalab yog‘a boshladi. "Juma yog‘sa shanba tinar, shanba yog‘sa qachon tinar?" deyishadi odamlar bunday kezlarda. Darhaqiqat, yomg‘ir bir necha kungacha tinmadi. Paxsayu guvala devorlar tagidan zax urib, ko‘p joylarda quladi, ayrimlari yuvilib, yer bag‘irladi. Ko‘chalar chilp-chilp loy. Dalalarda yig‘ishtirib ulgurilmagan ekinlar, daraxtlaru kuzgi o‘t-o‘lanlar, xazonrezgi bog‘lar ivib, jiqqa ho‘l bo‘ldi. Yomg‘ir esa bir tekis yog‘ishda davom etardi. Atrof-javonib yog‘in tovushlariga to‘lgan, qushlar sayramay qo‘yganiga go‘yo ko‘p bo‘lgan, odamlar esa betoqat, qishloq uzra yomg‘ir bilan birga hazin, mungli kuy ham yog‘ilayotgandek, tashqari chiqolmay tutoqqan odamlar mana shu kuyga jo‘r bo‘lishga shaydek edi.     
Nevarasi tahorat uchun iliq suv keltirishini kutib ayvonda o‘tirgan chol yomg‘ir tomchilarining bir maromdagi sasiga quloq tutar ekan, Elchibekning dardga yo‘liqqaniga ham rosa bir yil to‘layotganini o‘yladi. Rutubatli tun kirib kelayotganiga qaramay o‘zini yengil sezdi, dilida osoyishtalik tuydi. 
Ayni paytda, ikki ko‘cha naridagi hovlining eng chetki xonasida loysuvoq devorga qator ilingan tulki terilarini kuyaga qarshi dorilayotgan Shermat ham ilkis ishidan to‘xtadi, savqi tabiiy ila nimanidir sezgandek bo‘ldi. Uzoq davom etgan yog‘ingarchilik va sukunatdan zax tortib ketgan sezgi tomirlari qo‘qqis jonlandi: shoshib tashqari chiqdi, yoniga chopib kelgan tozi itlarining ho‘l boshlarini silagancha, namchil havoni sergaklik ila hidladi. Shalabbo tevarakni ko‘zdan kechirgach, uyiga shoshib kirdi, temir javonni ochib, yakkaotar miltig‘ini oldi, kuya teshgan junpo‘stakka o‘tirib, milini hafsala bilan tozaladi, so‘ng qachonlardir to‘ng‘iz otish uchun tayyorlab qo‘ygan o‘qini barmoqlarida aylantirib o‘ynagancha tun yarimlashini kutdi. 
Yarim tunda Shermat miltig‘ini qora yelimxaltaga o‘rab ko‘chaga chiqdi. Qishloqni bir aylangach, soy yo‘lidagi hovli oldida to‘xtadi, paxsa devor yoqalab yurib, hovlining orqa tomoniga aylanib o‘tdi. Bu yerda og‘ilxona bo‘lib, tomiga g‘o‘zapoya bosilgan edi. U mushukdek epchillik bilan namiqib, bir tepsa qulagudek zo‘rg‘a turgan devor ustiga yengil chiqib oldi, undan og‘ilxona tomiga asta ko‘tarildi. G‘o‘zapoya yomg‘irdan ivigan, chirt etgan tovush chiqarmaydi. G‘aramning o‘rtasiga kelib yotdi, xuddi ovda tulki poylagandek, g‘o‘zapoya shoxlari bilan o‘zini pana qildi. Yotgan joyidan ko‘rimsizgina pastak darvozaxona, loy ko‘pchigan hovli sahni, ayvondan ichkari kiriladigan eshik kaftdagidek ko‘rinib turardi. Shermat shu yotganicha qimir etmadi, tisir-tisir yomg‘ir tomchilariga quloq solib, kutaverdi. Ustidagi chakmoni ivib, sovuq tomchilar ich-ichiga kirib bordi, lekin o‘ljasining yaqinlashganini sezgan hassos ovchidek zarracha o‘ng‘aysizlik sezmas, aksincha, qulay va issiq o‘rinda yotgandek edi u.     
Yomg‘ir rosa avjiga chiqqanida, yog‘och darvoza avval qitirladi, so‘ng nam tortgan oshiq-moshiqlari xunuk g‘iyqillab ochildi. Hovliga kimdir sharpaday kirib keldi. Uyga yaqinlashganida qiyofasi aniqroq ko‘rindi. Elchibekning ust-boshi jiqqa ho‘l, dir-dir titrar, yomg‘ir tomchilari bosh-ko‘zi aralash oqar, badaniga jippa yopishgan ho‘l kiyimi ostidan suyaklari bo‘rtib-bo‘rtib chiqib turardi. Elchibek ayvonda biroz turib qoldi. Ayvonning bir chetida loyi qurimagan kartoshka uyib qo‘yilgan, yana bir chetida makka so‘talari qalashib yotardi. O‘rtaga bir etak behi ham to‘kib qo‘yilibdi. Elchibek qachonlardir o‘zi ustunga ilib ketgan, yozi bilan quyoshda kuyib, titilib ketayozgan paxtali choponiga yuzini bosdi, to‘yib-to‘yib hidladi, balki yig‘lagandir ham, lekin, yuzidagi yomg‘ir tomchilarimi yoki ko‘z yoshlarimi, bilib bo‘lmadi. Shosha-pisha ust-boshini yechib, quruq choponga o‘randi. Uyiga, bolalari yoniga kirishdan avval o‘zini bosib olish uchunmi yo tund osmonda nimanidir ko‘rmoqchi bo‘libmi, ayvon chetiga keldi-da, xirgoyisining to‘satdan kuchayib ketganini his qildi. Shu asnoda yomg‘ir ham kuchaydi. U hovli o‘rtasigacha keldi, loyi ko‘pchib turgan yerga o‘zini tashlab, tiz cho‘kdi: ichidan qaynab-toshib, shiddat bilan ko‘tarilib kelayotgan o‘sha dardu hasratni tashiga chiqarish uchun ko‘kragini ochib tashlab, ko‘kka yuz tutdi, betiga tasir-tusur yomg‘ir tomchilari urilayotgan payt og‘zini kappa ochib, hayqirmoqqa chog‘landi... Biroq ulgurdimi yo‘qmi, o‘zi ham, nam havoda yakkaotar miltig‘i qadimgi pilta miltiqdek cho‘ziq va bo‘g‘iq varanglab otilgan Shermat ham, uyqudaliginiyam, bedorliginiyam bilib bo‘lmaydigan qishloq ahli ham sezmadi. Elchibek faqat ko‘krak qafasi tars yorilib ketganini his qildi, xolos. 

* * *

Bolakay g‘o‘zapoyani tutamlab-tutamlab, jahd bilan tizzasiga qo‘yib sindirar, keyin lovullagan olovga tashlardi. Qumg‘ondagi suv bilqillash arafasida edi. Biroz kutib, xavotirga tushgan chol tandirxonaga kirdi-da, nevarasining olovga termulgancha qandaydir sokin, lekin og‘ir bir kuyni xirgoyi qilayotganini ko‘rdi. Asta kelib dag‘al, lekin iliq taftli kafti bilan bolaning boshini, peshanosini siladi, kaftini yuzidan sirg‘altirib tushirdi-da, barmoqlarini ombursimon qilib, nevarasining lablarini "Jim!" degandek qilib qattiq qimtib qo‘ydi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.