OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Ziyo. Fasl (hikoya)

U sarosimada qoldi. Hamma yoqqa o‘t ketgan bo‘lsa-da, ammo unga ziyon yetmadi. Shuurida faqat bir gap: “Hech zamon ko‘kdan zaminga qaratib zambarak otiladimi?”  Yana ham qattiqroq gumburladi... 
Cho‘chib uyg‘ondi, xayriyat tushi ekan. Atrofiga alanglar ekan, jiqqa terga botganini sezdi. Eshikni kimdir zarb bilan taqillatdi... 
Kim bo‘lishi mumkin? Yana, yana va yana davom etdi... Asta borib eshik ko‘z qaragichidan qaradi.  Hech kim yo‘q, ketib bo‘ldi shekilli... Bunaqa hol oxirgi paytlar ko‘p takrorlanyapti. Kim bo‘lishi mumkin? – dedi yana o‘ziga o‘zi. 
U maktabda, universitetda ham odamovi bo‘lgani uchun deyarli do‘st orttiraolmadi. Borlari ham barmoq bilan sanarli – Doniyor, Abduxoliq, xonadoshi Olim va tag‘in bir-ikkitasi, ammo tanishlari bisyor edi. 
Doniyor fizika-matematika, Abduxoliq kimyo-biologiya fakultetida tahsil olgan bo‘lsa-da, adabiyot ularni do‘stlashtirgan edi. Talabalik xo‘p davrlar bo‘larkan-da, ular yig‘ilib qolishsa, Doniyor va Abduxoliq kelajakda fan doktori, o‘z sohasining yetuk olimi bo‘lishi haqida gapirar, Olim esa “Men tug‘ilganimdayoq bu sharafli nomga erishib bo‘lganman”, deb ularning jig‘iga tegardi. Olim o‘qishga tobi yo‘q bo‘lsa-da, odamoxun va juda samimiy edi. Nafaqat u balki o‘sha paytlar birga o‘qigan yigit-qizlarning hamma-hammasi hatto hayot ham unga juda samimiy tuyulardi. 
Yuvinayotganda ham, oshxonada kuymalanayotganda ham xayolini “Eshikni zarb bilan urgan kim bo‘lishi mumkin?” degan savol tark etmadi. 
Tayyorlaydigan taomi ham antiqa, – oq moyda piyoz qovuradi. Moyni mo‘lroq soladi, non bo‘ktirib yeyish uchun. Buning tarixi ham o‘zgacha, unda hali talaba edi. Bir kuni xonaga kirgach, “Eshikni qulflavor”, dedi Olim kaltni berib, so‘ng tumbochkadan xuddi choyga o‘xshash, sal qo‘yuqroq bir banka suyuqlikni likopchaga asta quydi. Shoshib, buxanka nonni qo‘lda ushatib, yoqqa tekkazar ekan: “Qorin tatalab ketdi-yu, qani boshladik” dedi jilmayib.  U ham tatib ko‘rdi, qorni ochligigami juda mazali tuyuldi. “Dog‘ qilingan oq moy” dedi Olim ixtirosiga ta’rif berarkan. U qaymoqni, saryog‘ni, boringki margarinni ham nonga qo‘shib yeganlarini ko‘p ko‘rgan ammo...  Paxta moyini...  
Xotini tashlab ketgandan beri ixtiyoriy va majburiy ravishda eng sevimli taomlaridan biriga aylangan shu ovqat. 

* * *

Eshikni kimdir bu safar juda muloyim chertdi. U asta borib qaradi, yuzi tanish, “Har holda yomon niyatda bo‘lmasa kerak”, deb ochishga qaror qildi.  
–     Ie-ie, og‘ayni, bormisan? – deb bir qo‘lida salafan paket bilan quchoq ochib turardi kursdoshi Toshmat.
–     Ey-he, “Kakie lyudi” degan joylaridanu-a, kir, kiraver, – dedi mezbon.
U xijolat bo‘lib, og‘aynisini qaerga o‘tqazishni bilmasdi. Toshmat ham uyga o‘g‘rincha razm solar ekan, tezroq qaytishni mo‘ljallab:
– Hech narsaga urinma, majlisim bor, qaytishim kerak, – dedi vaziyatni yumshatmoqchi bo‘lib.
– Ey, to‘rga o‘t o‘rtoq, to‘rga – dedi mezbon eskirib ketgan gazetadan dasturxon to‘shar ekan.       
– Kenjamni, sunnat qiluvdik, bormading, o‘zim xabar olay deb kelaverdim, – Mehmon shunday deya bir shisha aroq va sharbatni stolga qo‘yidi. 
–  Ye, shunaqami, halollabsizlarda, qulluq bo‘lsin, qulluq bo‘lsin, tabriklamiz.
–  Rahmat, rahmat, birga bo‘lsin. 
– Endi ellik-ellik olamiz, o‘g‘lingning sog‘lig‘i uchun.
– Yo‘q, og‘ayni, keyingi yakshanba toqqami, dala-hovligami boramiz, mening hisobimdan, bugun majlisim bor.    
–  Ozib-yozib bir kebqopsan, majlisingni qo‘y endi, – deb o‘pkaladi u. 
Mehmon har qancha qarshilik qilmasin, piyolalarga to‘latib aroq quydi. Ichildi-ichildi. Toshmat majlis bahonasi bilan har gal faqat sharbat ho‘pladi, xalos. Shisha yarimlaganda mehmon asta gap boshlamoqchi bo‘lgandi eshikni kimdir gumburlatdi.    
– Tis-s..., – dedi mezbon labiga barmog‘ini  bosib.
Hamma yoq jimib qoldi. Mehmon “Nima gap” deganday unga tikildi. 
– Ke, shularni qo‘y, o‘zingdan gapir, o‘zingdan, og‘ayni, – dedi mezbon ko‘zlari suzilib. 
– He, og‘ayni, bilasan, manaman degan nashriyotning rahbariman. Bola-chaqam tinch, har yil ikki-uch marta xorijga boraman, xizmat yo dam olishga...     Nyu-York, London, Parij, Tokio yaqinda Pekinda ham bo‘lib qaytdim. Televizorda bir soat reportaj berishdi, faqat ko‘rmadim dema, – dedi uning ko‘zlariga o‘tli nigohiga qadab.    
– Yo‘q, ko‘rmadim, – dedi mezbon uyalganidan ko‘zini olib qochib.
– Qo‘ysan-chi, mubolag‘amas, o‘xshatish qil shoir, – dedi hazil aralash o‘pkalab.
– O‘xshatardim-u, televizorim yo‘q-da, – dedi boshini qashib.
– Ie, qaysi asrda yashayapsan o‘zi, – Toshmat artofga razm solar ekan, – hali radio ham yo‘qdir,– dedi kinoya bilan. 
– Qaerdan bilding, avliyo bo‘lib ket-ey...– dedi bazo‘r hazil aralash hijolatli holatdan chiqishga urinib.
– Ha, endi bizam devor bo‘lmasa, ko‘chani ko‘ramiz-da, – deb kulib davom etdi, – yigirmanchi asr – texnika asri deyishardi, og‘ayni, yigirma birinchi asrni axborot asri, yangliklar asri deyilyapti, sen bo‘lsang... Qachondan beri televizoring yo‘q.
– O‘n yillar bo‘ldi shekilli, nimaydi.
– Nimamish, axborot asrida o‘n yil informatsiyasiz yashash, zamondan yuz yil orqada qolish degan gap, bilding. Mana, mening uyimda ham, ishxonada ham internet bor, qo‘sha televizorda yuzdan ortiq kanallar, radio, har kun yangi gazeta minglab yangiliklardan boxabar bo‘laman. Ey, bugun odamzot Marsga raketa uchiryapti, bir guruh olimlarni aytish-cha, Yer qizigandan qizib, muzliklar erib, dunyo suv ostida qolarmish, boshqa olimlarning fikricha, aksincha, havo sovib, muzlik davri boshlanarmish. Har soniyada bir yangilik, bir xabar. Dunyoda ochlikdan ko‘z yumayotganlar tabiiy ofatlar, urushlarda qurbon bo‘lganlarning sonidan ham ko‘proq ekan.  Bunga nima deysan?  Jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan inqirozlarni aytmaysanmi, eh-y...  – deb xuddi nutqni qoyil qilayotgan notiqday uyoq-buyoqqa yurib, yana allambalolar haqida berilib gapirdi: 
– Ey, ishonasanmi, uydan ishga, ishdan uyga kelayotganda ham notbukimda internetga bog‘lanib yangiliklardan boxabar bo‘laman, sen bo‘lsang o‘n yildan beri... Eh o‘n yildan beri olamshumul voqealardan bexabarsan, – dedi Toshmat unga achingandek bir qiyofada.   
– Janubiy bilan Shimoliy Koreya qo‘shildimi? – deb yalt etib unga qaradi mezbon.  
– Nima... Qanaqa Kareya... Nimalar deb aljirayapsan, – shuncha gapni devorga gapirdimi deganday norizo qiyofada, keyin bir nimani ilg‘agandek bo‘lib, –  Hech qanaqa kareya-pareya qo‘shilgani yo‘q, dovdir, – dedi to‘ng‘illab mehmon.  
– Ha-a-a, axborot, yangilik asrida hech qanaqa yangilik bo‘lmagan ekan-u, hovosat qilishingni qara-ya, – dedi  sharbatdan bir ho‘plab olib mezbon.
Kimdir eshikni yana gumburladi...  Bu gumbirlash ikkovini ham bahs kayfiyatidan chiqarib yubordi.
“Jim” deganday qo‘l bilan ishora qildi mezbon.
Bir ozdan so‘ng hamma yoq suv sepganday bo‘ldi. Mezbon yana aroqdan to‘latib quya boshlaganini ko‘rib Toshmatning sabri tugadi. 
– Tinchlikmi? Kimdan berkinyapsan, – dedi rangi quv uchib.
Mezbon hech narsa aytmoqchi emasdi-ku, lekin bir kun eshigiga “Platit nado v JEK” deb yozib ketishganini eslab, yana shu takrorlangan bo‘lsa, uyalib qolmaslik uchun ham izoh berdi:  
– Eh, og‘ayni... Gazdan kelishgandir, balki elektrdandir? Kim biladi deysan... 
– Ey, seni qara-yu... Ishlasang bo‘lmaydimi, yo ish topib beraymi?
– Gap bunda emas, – dedi mezbon qo‘llarini beparvo siltab.
– Unda nimada, – dedi battar jahllanib.
– Bilasanmi, nimani orzu qilaman.
– Xo‘sh, nima ekan? – dedi suhbatdoshi bepisandlik bilan. 
–“Parabolicheskie antenna”ni bilasanmi? O‘shanaqa quyosh batareyasi ixtiro qilinsa, hamma sotib olsa, uyni isitishmi, yoritishmi, hammasini qilish mumkin bo‘ladi. Birov eshigingni taqqillatib kelmaydi, “Kamunalingni to‘ladingmi?” degan gaplar ham  yo‘q,  zo‘rmi? Eng muhimi birovga qaram bo‘lmaysan, o‘zingga bek, o‘zingga xon.
– Hm... Nima, bizning quyoshdan foydalanganing uchun to‘lamaysanmi? – dedi jiddiy turib.
– A... – dedi mezbon boshiga bir urganday angrayib. 
– Ha, – dedi Toshmat uning ko‘zlariga baqrayib. 
Shunda har ikkalasi ham baravariga xandon otib, qotib-qotib, ko‘zlari yoshlanguncha, ichaklari buralguncha kulishdi.
– Ming qilsa ham rahbar rahbar-da, – dedi bazo‘r kulgidan to‘xtab mezbon.
– Nimalar deyapsan, shoxida yursalaring, biz bargida yuramiz, akasi, – dedi unga ayyorona boqib mehmon.    
Vaziyat sal yaxshilanganidan foydalanib Toshmat darrov maqsadga ko‘chdi.
– Shu desang, besh-o‘n kun avval Azizov domlani ko‘ruvdim, qo‘lyozmangni maqtab qoldi, hol-joniga qo‘ymay ovoldim xafamasmisan, – dedi iljayib.
– Bir katta korxonaning rahbari, og‘aynim, asarimni o‘qisa-yu, xafa bo‘lamanmi? Boshim osmonga yetdi, xursandman, do‘stim, rahmat, – dedi beixtiyor ko‘zlari yoshlanib.
– Do‘stim, yaxshi kunlar oldinda, xudo xohlasa, kitobingni o‘zim  chiqaraman, kerak bo‘lsa, yaxshigina qalam haqi ham yozdirib beraman, – dedi Toshmat gerdayib. 
– Nahotki, rostdanmi? Qo‘lyozmani o‘qidingmi o‘zi, – dedi ajablanib.
– Ha, to‘g‘risi, bir-ikki ko‘z yugurtirdim... Bilansan-ku, mingta ishim bor. Umuman asar yaxshi, chop etsa bo‘ladi, faqat sal tahrir qilish kerak ekan.
– Nima, kim aytdi buni, anavu chalasavod bosh muharriring Natalya Zaxidovnamidi? O‘sha aytdimi, o‘zi u o‘zbekmi, rusmi?     
– Nimaydi... Otasi o‘zbek, onasi rus... Lekin-chi, javob beraman, o‘zbekchani sen bilan mendan yaxshiroq biladi, yo‘qsa o‘ttiz yildan beri shu lavozimda ishlarmidi. Mendan oldin ham ishlagan, keyin ham ishlaydi, mana ko‘rasan.
– Ishlasa,  ishlayvermaydimi, menga nima.  
– Tushunsang-chi, nashriyotning o‘z talablari bor, birorta bosmaxona ham buni tahrirsiz baribir chop qilmaydi, – dedi qizishib Toshmat. 
– Qani bir ko‘ray-chi, qanaqa tahrir qipti, – dedi mezbon. 
Toshmat ish silliq ko‘chayotganidan xursand bo‘lib, sekin tavoze bilan qo‘lyozmani uzatdi. U qo‘lyozmani olib varaqlay boshladi. Shunda butun boshli xatboshilarning, sahifalarning ustiga chiziq tortilganini, bu ham yetmaganday bu aslimas, nusxasi ekanligini bilib fig‘oni falak bo‘lsa-da, tishini-tishiga qo‘yib:   
– Asl nusxa qani? – dedi o‘zini xotirjam ko‘rsatishga urinib.
– Shu-da, o‘zingning asaringni o‘zing tanimay qoldingmi? – dedi iljayishga harakat qilib Toshmat.
– Ma, yaxshilab qara-chi, – dedi g‘azabi qaynab.  
Toshmat qo‘lyozmani olib varaqlay boshladi. Bu rostdan ham aslimas, nusxasi ekanligiga ishonch hosil qilgach: 
– Eh, og‘ayni aytdim-ku, ishim ko‘p shunga bir-ikki nusxa ko‘paytirib yaqinlarimga bergandim. Taqriz olish uchun, – deb o‘zi oqlashga harakat qilardi u.     
–    Oldin mendan so‘ramaysanmi,  to‘nka, –  deb yubordi jahl ustida mezbon. 
Toshmatning ham nafsoniyati qo‘zidi: 
–  O‘zing to‘nkasan! Ey, yaxshilikni bilmagan nonko‘r, Azizov domla iltimos qilmaganda bu yerga o‘lib qolsam ham kelmasdim.  O‘zingga ham, asaringga ham tupurdim, bildingmi? Aroqxo‘r, alkash, – yana allambalolar deb so‘kinib chiqib keta boshladi. 
– Bor yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma, maraz, – deb jon holatda baqirdi mezbon ham.

* * *

Toshmat  mashinaga chiqdi-yu, “hayda” dedi. Uning jahli chiqqanda g‘alati odati bor. Haydovchisi ham biladi, indamay kichik halqa yo‘lidan kattasiga, kattasidan kichigiga, shahar bo‘ylab aylanaveradi, toki xo‘jayini “Qaerdamiz” demaguncha.
Toshmat ish bitmaganini emas, haqorat etilganini hazm qilolmayotgan edi. U hamma narsaga qo‘l siltashi mumkin, ammo “to‘nka” deyishlariga chidamaydi. U paytlar talaba edilar, o‘shanda ham xuddi hozirgiday gap talashib qolib, butun kursning oldida “Toshmat to‘nka” deganda hamma qah-qah urib kulgan edi. Unga javoban “Talantinggayam, o‘zinggayam tupurdim”, degandi. Oqibati shuncha yil o‘tsa ham, hatto rahbar bo‘lsa hamki bu laqabdan qutula olmadi. Toshmat o‘sha paytlarda, keyinchalik ham uni “Maymoq”, “Alkash”, degan bir necha laqablar bilan atardi, ammo negadir unikichalik ommalashmadi. 
U bo‘lib o‘tgan voqealar haqida o‘yga berilar ekan Azizov domladan ham o‘pkaladi. 
Bu o‘zi universitetda ham bir pulga qimmat bola edi, xayolidan o‘tkazdi u. Shu Azizovlar qo‘ltig‘iga suv purkab, zo‘rsan, zo‘rsan qilishardi, xolos. “Sen katta shoirsan”, deb erkalatib, porloq kelajagidan bashorat qilishardi. O‘shanda ham sardor bo‘lganim uchun bu bola sal g‘alatiroqligini, atrofdagilardan o‘zini bir pog‘ona baland qo‘yishini ustozlarga ko‘p bora aytganman. Ular bo‘lsa, “Shoirlar o‘zi shunaqaroq bo‘ladi. Shoirni shoir qiladigan narsa, bu uning “meni”, deb uni oqlashardi. Mana, “daho shoir”i nima bo‘ldi oxiri... Nima emish: “Meni tahrir qiladigan hali tug‘ilgani yo‘qmish”. Menman degan, otasi tengi shoir, yozuvchilar qabulimga kirish uchun navbat kutishadi. Kitoblarining chiqishi uchun barcha talablarga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib rozi bo‘lishadi. Bu-chi, izzatini bilmagan hayvon... Uyining ahvolini qara, hamma yoq ivirsigan, is bosgan g‘orga o‘xshaydi. Ko‘zim bilan ko‘rmaganimda, bu uyda odam yashaydi desa, o‘lay agar ishonmasdim. “It yotish – mirza turish” shuyam hayotmi? Yolg‘iz yashash! O‘ziyam o‘ttizdan keyin uylangan bu ahmoq. Xotini ham tashlab ketib to‘g‘ri qilgan, o‘ziyam it fe’l, to‘satdan tashlanib qoladi. Bu bilan bir kun yashagan ayolga haykal qo‘yish kerak. Usti-boshigayu gap yo‘q, soch-soqolni qara, nima emish: “Ikkita Koreya qo‘shildimi?”. Tentak, yeyishga bir burda noning yo‘g‘-u, balo bormi kattalar ishiga aralashib, undan ko‘ra qorningni to‘yg‘iz, eshak. Hammasiga anavi qanjiq sababchi, qo‘lyozmaning nusxasini qo‘ltiqlatib yuborgan megajin. O‘zi katta boshimni kichik qilib bekor keldim-da, shu yoshga kirib bunaqasini ko‘rmaganman, salkam bitta aroqni gazaksiz ichib ham mast bo‘lmadi. Ichish bo‘yicha jahon rekordi  o‘rnatsa bo‘ladi bu rasvo.  
To‘g‘risi, Azizov domla bilan oshda ko‘rishib qolganda korxonaning iqtisodi yaxshimasligi, agar xaridorgir asar bo‘lsa jon deb chop etishimni aytib xato qilganman. U ham shuni kutib turgandek, mashinasidagi bir qo‘lyozmani qo‘limga tutqaza qoldi. Yana “Birga o‘qigansan, bir-biringga yordam qilsang bo‘lmaydimi”, dedi tagdor qilib. O‘zim ishdan ortolmayman, kitob o‘qiy boshlasam negadir uyqum keladi. Shuning uchun o‘zimga yaqin odamlarimga o‘qib fikringni ayt, dedim. Biri “Bu asarmas, uzuq-yuluq xom-xatala, o‘zicha bir nimalar qilmoqchi bo‘lgan, ammo eplay olmagan, na oxiri, na boshi bor”, deganda hafsalampir bo‘lgandi. Ertasiga boshqasi “Dahshat, hali bunaqa asar o‘qimaganman, bu Gabriel Markesni ham yo‘lda qoldiribdi”, deganda yana qiziqishim ortgandi. Natalya Zaxidovna bo‘lsa, “Bos desangiz, yaxshilab tahrir qilib beraman bosaveramiz”, degandan keyin yana o‘ylanib qoldim. Azizov domla bo‘lsa, “Agar shu asarni chop etsang, ham puling, ham obro‘ying ortadi”, degandi.     
Aslida, domlaning o‘zini jo‘natsam bo‘larkan, muallifni roziligin olib bering deb, endi bu it qaysarni vallomati ham ko‘ndira olmaydi... Ko‘nmasa-ko‘nmas, unikidan boshqani asari qurib qoptimi, hozir daraxtni tepsang shoir yog‘iladi. Kayfiyat ham rosvo bo‘ldi. Ko‘ngilni chigilini yozib, sal o‘zimga kelmasam, infarkt bo‘lishim aniq. O‘zi shundoq ham qisqa umrning yarmi majlisda o‘tyapti, qolganini kimlar bilandir pachakilashib o‘tkazaymi, bor-e-e...  
– O‘-v qattamiz, – dedi har galgidek xo‘jayin o‘ziga kelgach.
– Katta halqada, – dedi haydovchi yelka osha xo‘jayiniga ko‘z tashlab.
– Pakkaga hayda.
– Xo‘p.  
Toshmat allakimga qo‘ng‘iroq qildi. U yoqdan juda yoqimli ovoz eshitildi.
– La-b-ay, bormisiz, akam jonim.
– Ha, bormiz, bormiz, nima bilan bandsiz?
– Sizni kutish bilan.
– Ie, nima bugun uchrashamiz deganmidim?
– Yo‘q, siz uchrashuv belgilamagan bo‘lsangiz ham... Yuragim... Qalbim negadir sizni kutaveradi, qo‘msayveradi... Axir qalbimga buyruq bera olmayman-ku.
– Juda o‘xshatasiz-ey, qaysi institutni tugatgansiz o‘zi, – dedi erkalatib.
– Hayot maktabini, akam jonim, hayot maktabini!
– Xo‘p yaxshi, pakkada ko‘rishamiz. Keyin bizga ham bir oz “hayot darsi”dan o‘tasiz, – dedi og‘zini tanobi qochib Toshmat.
– Ixtiyoringiz, ogohlantirib qo‘yay, men juda talabchanman, – dedi u yoqdagi ovoz.
– Zo‘r-ku, biz ham ja tirishqoqmiz-da o‘ziyam, – dedi qiqir-qirir kulib.   

* * *

U zarda qilib ketgan mehmonning ortidan eshikni qulfladi... Alamidan qolgan aroqni shishasi bilan bir ko‘tarishda ichib yubordi. Ichini yondirdi, burnini atishtirdi, ko‘zidan olov chiqib ketganday bo‘ldi, gazagiga og‘zini yengiga bosdi. 
Ichkilikni gazak bilan... Hech bo‘lmasa, bitta nonga ikkita kabob bosib  keladi-da nomard... “O‘zingga ham, asaringga ham tupurdim”, dedimi? Axir talabalik yillarimizda hamma qatori o‘zi ham menga havas qilardi-ku, nega endi... Mendan darslarni ko‘chirib yuradigan o‘shalar hamma havas qiladigan darajaga erishishdiyu, men... Nahotki Do‘stov domla haq bo‘lsa... “Bu bolani ko‘p erkalatavermanglar, u yoshlik hissiyotlari bilan yozayotgan bo‘lishi mumkin, ijodkor uchun ehtiros emas, ildiz muhim”, degan gaplar nahotki rost bo‘lib chiqsa...   
U talabalik yillaridanoq el nazariga tushgan edi. Markaziy nashrlarda she’rlari chop etilib yaxshigina qalam haqi olar, diplom ishi, dissertatsiyalarni tahrir qilib pul topardi. Shundan bo‘lsa kerak, doim chertib kiyinardi. Hatto bir kuni dekanning “Galstugingni ber, majlisga kirib chiqay” degan gapini eslab, hozir ham bolalar kulib yurishadi. Bir yaxshi nashriyotda muharrir bo‘lib ishlayotgandi. Matbuotda navbatdagi she’ri e’lon qilindi. She’r tahrir qilingan, qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarib qo‘ygan edi. U ertasi kuni ichvolib, tahririyatning Nazm bo‘limi xodimini o‘larcha kaltakladi. 
Militsiya chaqirildi, hibsdaligida ko‘rgani kelgan Azizov domlaga bu mashmashaning sababini tushuntirdi. Domla ham tahririyat rahbariyatiga oqizmay-tomizmay yetkazdi, da’vogar da’vosini qaytib oldi, javobgar ozod etildi. Shu-shu tahririyatlar uning she’rlarini turli bahonalar bilan qaytaradigan bo‘lishdi.
Eng qizig‘i, u ishxonaga kelganda, e’lonlar taxtasida o‘zini odob-ahloq qoidalariga amal qilmaganligi uchun vazifasidan ozod etilganligi to‘g‘risidagi buyruqni ko‘rgach ro‘y berdi. Avval hammani bir chekkadan bo‘ralab so‘kdi. Bu nohaqlikka butun jamoani tomoshabin bo‘lib turganlikda aybladi. Boshliqqa kirmoqchi bo‘ldi, ammo u yo‘q edi. Ishxonadagi yaqinlari bir amalab alangani bostirishdi. Birinchi o‘rinbosar uni xonasiga taklif qildi. Ijodini hurmat qilishini, biroq vaziyat qaltisligini aytib, xususiy gazetaga ishga joylashtirib qo‘yishini, ikki barobar ko‘p maosh olishini yotig‘i bilan tushuntirdi. 
Haqiqatdan ham yangi ishxonasidagilar juda yaxshi kutib olishdi. Barchasi binoyidek, ammo unga rasman emas, konvertda maosh berilishi nafsoniyatiga tekkan bo‘lsa-da, jamoaning iliq munosabati umid bag‘ishladi. Shu tarzda hayoti bir maromda davom etayotganda ishxonasiga talabalikdagi do‘sti Doniyor keldi. Kafeda uzoq suhbatlashishdi. Nihoyat, do‘sti chet eldagi qandaydir ilmiy markazga ishga taklif qilishayotganini aytdi. U o‘shanda “Shu shartmikin, undan ko‘ra nomzodlikingni yoqla” deganda, “Ey, og‘ayni, bolalaring kichik, bilmaysan-da, yeyman, kiyaman deydi, hali ularni uyli-joyli qilish kerak”, degandi ko‘zlarini olib qochib. Shunday o‘ktam, bilimdon yigit mayda-chuyda tirikchilik tashvishlariga o‘ralashib qolganidan, to‘g‘risi, hayron qolgandi. O‘shanda u ilmiy ishi bilan bog‘liq barcha kitob-daftarlarini unga tashlab ketmoqchiligini aytib, “Ularni hech kim senday qadrlamaydi”, degandi. Oradan olti oy o‘tar-o‘tmas  Abduxoliq ham kelib, Doniyor  chaqirayotganini aytib, u ham barcha yozuv-chizuvlarini unga qoldirdi. Keyinchalik eng og‘iri, ayanchlisi – do‘stlarini chet elga hech qanaqa ilmiy markaz taklif qilmaganini, qora mehnatga, tirikchilikka ketganini bilganda, yuragi tilka-pora bo‘ldi. Ularning ketish oldidagi uzundan-uzoq suhbarlar mag‘zini endi-endi chaqayotgandek bo‘ldi. Keyin... Keyin alamini aroqdan oladigan bo‘ldi. Ayniqsa, gazeta tahririyatiga kelganlar “Sizni ko‘rish uchun atayin falon joydan keldik”, deb bir piyola choyga taklif etishardi, so‘ng kayfsafo avjiga chiqqanda, “Siz daho shoirsiz”, “Siz buyuksiz”, deb hovolantirardilar, undan sari yigit burgut bo‘lib she’r o‘qib tashlar. 

Hayot shundoq edi  bizdan avval ham
Biz kelib hech neni o‘zgartirmadik
Boshini sevgiga eggandi otam,
Men ham boqolmadim muhabbatga tik

Bir kuni yana shunaqalardan bittasi kelib, qizni qandaydir konkursga qatnashayotganligini aytib, she’rlarini tezroq gazetada chiqarib bersangiz, deb iltimos qilib, qo‘liga qog‘ozxalta tiqishtirdi. O‘lganning ustiga tepganday,  “Men ichishni tashlaganman, yo‘qsa sizdek buyuk shoir bilan jon deb ichgan bo‘lardim”, deganday gap qildi. Tomoshaning zo‘ri boshlandi... 
U o‘sha kuni uyiga kelib uzoq o‘yladi. Haqiqatdan ham “Siz dahosiz” deganlarni to‘qson to‘qqiz foizi gazetada u-bu narsasi bosilgan yo chiqishi kerak bo‘lgan mualliflar ekani ko‘nglini hijil qildi.   
Qachon bu yo‘lga kirdim... Doniyor, Abduxoliqlarni qilgan ishidan o‘pkalab yurardim, o‘zim-chi? Nimalar qilib yuribman o‘zi... Ta’magirlardan  butun umr hazar qilardim. Qaerda adashdim... Bariga o‘sha odamlar sababchi, meni aldab-avrab yo‘lga solgan ablahlar... Shu-shu ishxonaga qaytib bormadi. 
Erkak er bo‘lib ishlamagandan keyin, xotin kishining topgani nima bo‘lardi. Bir kuni u uyg‘onib, balkon romidan yana o‘sha daraxtiga  nazar solar ekan, balkondagi o‘rtoqlarining omonati – kitob-qog‘ozlar titilganini ko‘rib jig‘ibiyroni chiqdi. Xotini ikkita issiq nonni xontaxtaga qo‘ydi. “Kim tegdi anavi yozuv-chizuvlarga” dedi zarda bilan. “Nimaydi, bir dastasini makalaturga topshirib, non opchiqdim”, dedi xotinni asabiy ohangda. “Nega birovning narsasiga so‘ramay tegasan”, dedi baqirib er. “Birovniki bo‘lsa olib ketsin”, dedi xotin tutoqib, “Bu uyda kim xo‘jayin”, dedi er ko‘zlari qonga to‘lib. “Qo‘lidan bir ish kelmaydi-yu, tag‘in xo‘jayinmish”, dedi xotinning alamli yuzlari titrab. “Nima deding, nima deding”, deb jizg‘anak er xotinini bo‘g‘zidan oldi. Ayol nafasi chiqmay pitirchilar, qizalog‘i esa dadasining oyoqlariga chirmashib, chinqirib yig‘lay boshladi. Er bir siltagan edi, xotin divanga borib tushdi. U o‘kirib, ayuhannos solib yig‘ladi. “Shuncha chidadim, endi o‘zingni ham uyingni ham yelkamning chuquri ko‘rsin”, dedi-da, chiqib ketganicha qaytmadi.
U yolg‘iz yashab o‘rgangan, ammo ochlikka emas. Xontaxtadagi nonning ham uch-to‘rt kundan beri suvi qochib qolgan ekan. Bir burdasini sindirib ivitib yeya boshladi, sal o‘ziga kelgach, qilayotgan ishidan o‘zi uyalib ko‘ziga yosh keldi. 
Shu qadar ojizmanmi? Men hali kimligimni, nimaga qodirligimni ko‘rsatib qo‘yaman, xayolidan o‘tkazidi u. 
U birdan nimadir esiga tushgan odamday tez kiyindi, non va uvoqlarini chaqqon yig‘ishtirib, oshxona derazasining tokchasiga qushlar yeb ketar degan o‘yda tashlab qo‘ydi.  
Keyinchalik haqiqatdan ham qor-yomg‘irlar ostida ivigan nonni qushlar cho‘qilab yeganini ko‘rgach, ko‘ngli ancha taskin topadi.    
U to‘g‘ri do‘sti Olimning do‘koniga bordi. Maydalashib o‘tirmay, maqsad-muddoga ko‘chdi. Kitob chiqarish uchun besh yuz dollarga pichib qarz berib turishini iltimos qilib, qalam haqi hisobidan qaytarishga va’da berdi. O‘shanda do‘stining ishlari zo‘r bo‘lmasa-da, yordamga muhtoj og‘aynisining siniqib qolgan yuzlariga qarab pulni qaytara olmasligini bilsa-da, hayotida birinchi bor hech kim, hatto xotini bilan ham maslahatlashmay pul berib yubordi. U yo‘l-yo‘lakay gazeta do‘konidan bir quti siyoh rang ruchka so‘radi. Uyiga keldi-da, anchadan beri o‘ylab yurgan mavzusini do‘stlari qoralagan ilmiy ishlar varog‘ining orqa tomoniga birin-ketin tushira boshladi. Ikki yil ichida yangi romanini yetti variantda yozib, o‘ziga ma’qul bo‘lgan eng oxirgi, mukammal variantini Azizov domlaga yetkazgan edi.  
Mana natijasi, u alamdan zir titradi, ko‘zi Toshmatning majlisni bahona qilib, ichmagan arog‘iga tushdi. Piyolani alamdan titrayotgan qo‘llariga oldi. Yuragini tub-tubidan bir tuyg‘u tuydi: “Uni devorga urib, chil-chil qilib sindir”, yana tuyqus “uni bir ko‘tarishda ich”. U bir ko‘tarishda piyolani bo‘shatib o‘zini tobora quyuqlashib kelayotgan zulmat qa’riga tashladi....

* * *

U eshik gumburlashidan cho‘chib o‘yg‘ondi. Boshi g‘umbillab og‘riyotganidan aroq qo‘lbolamasmikan deb o‘yladi. So‘ngra “Bitta aroqni gazaksiz ichgandan keyin har qanday bosh xum kalla bo‘lsa ham yorilib ketadi-da”, dedi o‘ziga o‘zi. Shu tobda tomog‘i qaqrab ketganini his etdi. Kechagi sharbat ichilgan stakanni olib oshxonaga bordi. Stakanni chayishga ham sabri yetmay, muzdek suvdan to‘latib ichdi. Stakandagi sharbat yuqisiga yopishib, qotib qolgan mayda-mayda chang zarralariga ko‘zi tushdi. Va Ibn Sinoning “Agar chang bo‘lmaganda, inson ming yil yashar edi”, dagan gapini esladi. Uning peshonasida muzdek, mayda-mayda ter paydo bo‘ldi. Yana boshi aylana boshladi. Devorni paypaslab balkonga chiqar ekan, tizzadan pasti yo‘qdek, xuddi cho‘kkalab borayotganday his qildi o‘zini.  Haliyam kayfim tarqamadimikan, deya xayolidan o‘tkazdi u.
Tashqariga qaradi. Qarshisidagi sevimli daraxtining barglari juda so‘lg‘in, xuddi quriyotganga o‘xshab qo‘rindi. Ko‘zlarini kattaroq ochdi, balki kuz kelib barg to‘kayotgandir, degan o‘yda atrofga razm sola boshladi. Osmon bulutli.  Pastda yashil maysalar...  Qorni tagida ham labbay deb ko‘m-ko‘m bo‘lib ko‘rinish berib turadigan qurmagur maysalarga qarab ham hech nimani anglay olmadi.  Daraxtlar... Daraxtlar ancha olisda, qaragan sari ko‘zlari tinadi. Yaqinlarida esa archalar... Archalar esa qishin-yozin... 
U shu nomini ham bilmaydigan, sirli daraxtga qandaydir bog‘lanib qolgan. Bu asli boshqa yurtlarda o‘sadigan daraxt barglari tolnikiga o‘xshash, biroq tikkaga qarab o‘sishi bilan farqlanadi. Ular ko‘chib kelishganda endiganiga oltinchi qavatga bo‘y cho‘zgan, endi bo‘lsa quloch yozib, to‘qqiz qavatli uy bilan bo‘ylashgan edi. Ko‘pincha shamolda shoxlari derazaga urilgan paytlari “Ey Xudo, ishqilib, sinib ketmasin” deb nola qilganlarini eslar ekan, o‘shanda daraxtni o‘ylaganmidi yoki derazanimi, bilolmadi.   
U o‘girilib, taqvim qidira boshladi. Devordagi ikki minginchi yilning kalendariga ko‘zi tushdi. Ikki minginchi yil, asrlar almashuvi, bolaligida bu juda uzoq manzilga o‘xshab ko‘rinar edi. Endi-chi, ancha-munchasi o‘tmishga aylanib bo‘ldi. Shu taqvimni ilayotganda xotini: “Eskicha kitoblarda yozilishicha, ikki minginchi yilda qiyomat bo‘lar emish”, deb ko‘zyosh qilgandi.
Kalendar juda abgor holda sarg‘ayib, mayda-mayda teshikchalar paydo bo‘lgan, xuddi yuz yillik matohdek. U so‘nggi vaqtlarda faqat kechki tomon do‘konga non olishga chiqardi. Shundagina hozir qaysi fasl, qaysi oy, qaysi kunligini so‘rab bilishi  mumkin edi.  Lekin unga qandaydir ichki kuch “Sen izlasang, topasan” dedi.
Yana derazadan qaradi. Ro‘paradagi to‘qqiz qavatli uyning  pod’ezdidagi o‘rindiqda bir kampir jun ro‘mol, qalin paltoga biqsinib o‘tirganini shoxlar orasidan bazo‘r ko‘rib, demak kech kuz degan fikrga keldi. Ammo sal o‘tmay o‘sha pod’ezdan chiroyli, sochlari yoyilgan ayol, egnida ko‘ksiini ko‘z-ko‘zlovchi kofta, kalta yubkada chiqib, mashinaga o‘tirib jo‘nab ketdi. U endi bu aniq bahor degan to‘xtamga keldi. Shunda yo‘lakdan qo‘y yetaklagan bir mo‘ysafid ko‘rindi. Boshida do‘ppi, usitida chakmon, ortidan ikkita bola meva yeb qo‘yni haydab borardi. Hasan-Husan  bo‘lsa kerak, bir xil shim va yengi kalta futbolkada, orqasida boshga kiyadigan qopchig‘i ham bor edi.
Yaxshiyam bu yerlarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘ib, hamma yoqni oqlikka bo‘yaydi, yo‘qsa na tabiatga, na odamlarga qarab faslni ajratib bo‘ladi. Hamma yoq bir xil... Bir xil... Bir xillikdan zerikib o‘lish hech gap emas, deya xayolidan o‘tkazdi u. 
Qo‘yni qaerga olib ketishayotganikin, to‘ygami, ma’rakagami? Qurbon hayiti yaqinmikin, deya o‘ylay boshladi. Unga o‘sha muqqadas kitoblardagi o‘qigani, to‘g‘rirog‘i Odam (a.s.)ning o‘g‘illari Qobil va Hobilni esga soldi. 
Ularda izohlanishicha, Qobil va Hobil bir qizni sevib qolishadi. Shunda Odam (a.s.) ularga Tangri yo‘lida qurbonlik qilishni buyuradi. Kimning qurbonligi qabul qilinsa, qizni o‘shanga nikohlab berishini aytadi. Keyin... Keyin...  Qobil dehqon bo‘lgani uchun mevalaridan qurbonlik qiladi. Hobil chorvodor bo‘lgani uchun bitta qo‘chqorni qurbonlik qilgandi, adashmasam... Unda... Unda... Odam (a.s.) yer yuzidagi birichi payg‘ambar bo‘lsa, keyingisi, keyingisi... Idrismidi?..  Yo... 
U nimanidir eslashga harakat qilib, boshlarini barmoqlari bilan mahkam ushlab, fikrini jamlashga harakat qildi. 
Keyin... Keyin Xudmidi, yo Nuhmidi, ulardan keyin yanglishmasam, Ibrohim (a.s.) o‘g‘li Ismoilni Tangri yo‘lida qurbonlik qilmoqchi bo‘lganda, Xudo unga qurbonlik uchun jannatdan bir qo‘chqor chiqarib bergani haqida rivoyat qilingandi agar xotiram pand bermasa... O‘yga tola boshladi tag‘in.
Gar shunday ekan, Hobil va Ibrohim (a.s.) qurbonlik qilgan qo‘chqorlarning farqi nimada... Nimada edi... uning boshi yorilib ketguday og‘riy boshladi. Nega bu haqda o‘ylay boshladim, bu narsalar miyamga qaerdan kelyapti? Nima, men ichib olib, muqaddas kitoblarni tahlil qilyapmanmi yo mast emasmanmi... Men kecha ichganman, bugun emas, demak mast emasman. Nega unda xuddi mast odamdek chayqalyapman, boshim ham aylanyapti, tizzamdan pasti yo‘qqa o‘xshayapti. Odatda mast holimda shunday bo‘lardi, demak kayfim bor. Unda bu narsalar miyamga qayoqdan kelyapti. Ilm deganlari tuyg‘u bilan bog‘liqmi? Yo kayfiyat bilanmi? Men qanday kayfiyatdaman? Yaxshimi? Yomonmi?... Tag‘in qandaydir ichki kuch “Sen izlasang, topasan” dedi. “Nimani... Nimani topishim kerak”, hayqirdi u. 
Bilgani, bilgani shu ediki, agarda hozir faslni o‘z kuchi, o‘z idroki bilan aniqlay olsa hammasi iziga tushadigandek, ana shundagina u nimaga qodirligini ko‘rsatib qo‘ygandek bo‘lardi go‘yo.
Eshik gumburladi... Yana va yana gumbirladi... 
Uning uchun hech narsaning ahamiyati qolmagan edi. Faqat va faqat hozir qaysi faslligini aniqlashdan boshqa... Shunda yana daraxtga ko‘zi tushdi, “Unga qurt tushgan bo‘lish mumkin-ku”, dedi o‘ziga o‘zi va daraxtning barglarini uzib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Qo‘llari daraxtga, daraxt ham unga tomon uzaldi. U endi ushlayman deganda, qulay boshladi. Jon holatda kir yoyiladidan dorga chirmashdi, ammo ip uzilib ketdi. U oltinchi qavatdan qulab jon taslim qildi...
Bir pasda organ xodimlari yetib kelishdi. Guvohlar ko‘z o‘ngida eshikni buzishdi. Xonada biqsib qolgan dim havoni eshikdan kirgan yelvizak stoldagi qo‘lyozma varaqlariga qo‘shib derazadan uloqtirib yubordi. Qo‘lyozma havoda yengil parvozlandi. Varaqlardan biri aylanib-aylanib uning ochiq, hali dunyoga to‘ymagan ko‘zlarining  ustiga tushdi. 
Sud-ekspertiza xulosalariga ko‘ra, bu ichkilik oqibatida yuz bergan baxtsiz tasodif ekani isbotlandi. U aslida shoir bo‘lib, na bir kitob chiqqan, na biron ijodiy uyushmani a’zosi edi. Shunga qaramay chet el ommaviy axborot vositalariga xudo berdi: “Falon mamlakatda bir shoirning oyoq ko‘lini bog‘lab, og‘zidan aroq quyib, o‘n oltinchi qavatdan tashlab yuborilgan” degan xabar tarqatildi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.