Ular oilada besh farzand edi – to‘rt o‘g‘il va bir qiz. To‘ng‘ichi qiz u hamisha uy ishlari bilan band, onasiga yordamchi ismi... buning ahamiyati yo‘q. O‘g‘illarning kattasi shu kech kuzda o‘n ikkiga to‘ladi. Ismi Eshmat... Undan ikki yosh kichkinaning ismi O‘lmas. Aytgancha, asli ismi boshqacharoq... Chaqaloqligida bir o‘limdan qolgandi shu-shu O‘lmas, O‘lmas... Yana ikkita jiblajibon bor. Biri birinchi sinfni tugatdi, kenjasi bog‘chada. Ularni ismi... buning ham ahamiyati yo‘q. Ahamiyatlisi, bolalarning otasi o‘z qo‘li bilan yasagan oddiygina shkafda edi. Otasi duradgor bo‘lmasa ham qo‘li gul edi, kichkina randasi bilan ancha-muncha ishlarni bemalol qilardi.
Onasi «bolalarga shkaf olib beraylik» deb, javranib yurgan kunlarning birida, otasi ayvonga rom-deraza yasashga kirishdi. Bir yo‘la shkaf yasashni ham o‘ylab, qo‘shnilarning shkafidan andoza oldi. Shkafning hech qanday antiqa joyi yo‘q, besh bo‘limasi bor, eshigi ikki tavaqaliy va oynavand, ikkinchi qavatidan to beshinchi qavatgacha joylashtirilgan narsalar shaffof tarzda ko‘rinish berib turardi. Ammo eng pastki qavati bundan mustasno, eshik yopilganda hech narsa ko‘rinmaydi. Eng yuqoridagi qavati – eng to‘ng‘ich farzandga, undan pastdagi ikkinchiga, keyingisi uchinchiga, yo‘g‘-e... nimagadir shu yerda chalkashlik ro‘y bergan. Uchinchi qavati – to‘rtinchi farzandga, to‘rtinchi qavati esa beshinchi farzandga va nihoyat eng pastki qavat uchinchi farzand – O‘lmasga tegishli edi. Bu tartibni kim va qachon, nimaga asoslanib tuzganini hech kim bilmaydi. O‘zlari ham shu paytgacha o‘ylab, qiziqib ko‘rishmagan. Ayanchlisi, bu holatni qanday bo‘lsa shundayligicha, tabiiy qabul qilinganligida edi. Onasi har dam olish kuni xonalarni va shkafni tartibga keltirishni talab qilardi. Bu aslida unchalik og‘ir ish emas-u, lekin ular uchun negadir o‘lgudek qiyin, o‘ta zerikarli hisoblanardi.
Eshmat katta o‘g‘il bo‘lgani uchun undan talab qilinadigan ishlar ham anchagina – ena-bola sigir, besh-olti qo‘y va tovuqlarga qarashi kerak... hovlidagi ekin-tikinga ham vaqt-bemahal yordamlashish, piyoz o‘tash, suv qo‘yish, o‘t o‘rish ham uning gardanida.
Yoz chillasi havo qizigandan-qizisa-da, soya-salqinda nafas rostlash, dam olish, hatto ariq bo‘ylarida rohatlanish mumkin. Nima bo‘ldi-yu, Eshmat “Robinzo Kruzo”ni qayta o‘qimoqchi bo‘lib qidirdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, unga tegishli shkaf bo‘lmasning ag‘dar-to‘ntar qilingan, estaliklar daftari yirtilgan edi. Bir zumda barcha xotiralari yo‘q qilinganday bo‘ldi. Yozgi ta’tilda emasmi, o‘n-o‘n besh kundan beri shkafga qaragani yo‘q. Shu kunlarda opasi yoki hech qaysi ukasi bilan jiqqamusht bo‘lgani yo‘q. Demak, bunga kamida bir hafta, o‘n kun bo‘lgan deb o‘yladi u. Oxirgi marta qaysi biri bilan gap talashganini-yu, ularda daftarni yirtishga arzugulik sababni eslay olmadi. Kayfiyati tushib, asbiylasha boshladi. Bir kun kenja ukasi opasi bilan gap talashib qolganda, kenjatoy oyog‘i ostiga stul qo‘yib, shkafning eng yuqori bo‘linmasini ag‘dar-to‘ntar qilib tashlagandi. Eng kichigi shunday qilgandan keyin, bu ishni hammadan gumon qilish mumkin. U O‘lmas qilgan bo‘lishi mumkin, deb o‘yladi. Shu tobda uning ham shkafini ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashni xohlardi. Ammo O‘lmasning narsalari shundoq ham ivirsib yotibdi –eski-tuski kitob-daftarilar, buzuq radio, hatto velosipedning ehtiyot qismilarimi-e, hammasi bor. Ba’zan onasi bozordan tansiqroq yegulik olib kelib, bolalarga taqsimlab berganda, O‘lmas shuni ham bo‘lmasiga yashirib, hammaniki tamom bo‘lgandan keyin, ko‘z-ko‘z qilib yeydi.
Sevimli kitob ham bir yoqda qoldi. Xayollar har tomonga sochilib ketdi. Ko‘nglida bir g‘ashlik paydo bo‘lganini sezdi. Yo‘q, paydo bo‘lgani yo‘q, u anchadan buyon buni his etib yashaydi. Negadir hozir bir g‘imirlab qo‘ydi. Bu hol avvallari ham bo‘lgan, bu qandaydir noxushlikdan darak edi.
* * *
Har kuni shu ahvol. Kechga tomon og‘ilxonada yumush ko‘payib ketadi. Mol, qo‘y, tovuqlarga qarash, yana boshqa yugur-yugurlar. Ish tig‘iz paytda O‘lmas jig‘ibiyron bo‘lib Eshmatning yoniga keldi-da:
– Meni veligimga kim tegindi, – dedi zaharlik bilan.
– Bilmadim, – dedi akasi bosh ko‘tarmay.
– Sendan boshqa hech kim bu ishni qilmaydi, qanotini qara egvoribsan.
– Velig-peligingni bilmayman, bor jo‘na, ishingni qil!
– Kecha seni shkafingni kimdir titgan, sen esa buni mendan ko‘rib, alamingni veligimdan olgansan. To‘g‘rimi, tan ol, to‘g‘rimi?
– Menga qara, bor jo‘na, jahlimni chiqarma!
– Hali shunaqami? Zo‘rmisan, urishasanmi, urishasanmi?... Endi o‘zingdan ko‘r!
O‘lmas velosipedini bir chetga suyab, kinolardagi kun-fu-chilarga o‘xshab, qo‘llarini har tomonga aylantirib, beo‘xshov ovoz chiqara boshladi.
– O-v-u..u... aj.. aj-a-a-a...
Bir-ikki oydan beri O‘lmas ikkita-uchta og‘aynilari bilan o‘zlaricha to‘planishib, karate bilan shug‘ullanib yurardi. Hozir Eshmat shuni eslab, miyig‘ida kuldi-da, – Rostdan urishmoqchimisan? – dedi.
– Ha, kuching yetadimi? – dedi ukasi hamon qiliq ko‘rsatib. Negadir uning harakatlari o‘ziga yarashmasdi.
– Yur, hovlining etagiga o‘tamiz, – dedi nihoyat Eshmat boshi bilan imo qilib.
– Bo‘ldi, gap yo‘q, ketdikmi? – dedi O‘lmas xuddi shuni kutib turgandek. Hovli etagiga yetganda O‘lmas yana o‘sha beo‘xshov luqmalar qilib, tovush chiqarib sakray boshladi. “O-v-u..u... aj.. aj-a-a-a...”
Eshamat nari-beri qilib o‘tirmadi. Mehnatda pishgan chayir qo‘llari bilan shartta yoqasidan oldi-da, oyog‘iga kelishtirib bir tepgandi. O‘lmas shilq etib yiqildi. Akasi chap qo‘li bilan mushtimzo‘rning bo‘ynidan bo‘g‘ib, chap tizzasi bilan ko‘kragidan bosdi. O‘lmas jon berayotgan tovuqqa o‘xshab pitirlar, shunda ham tiliga erk berib, har balolar deb aljirardi. Shunda Eshmat bor kuchini o‘ng qo‘liga yig‘ib, ammo negadir yarim kuch bilan uning basharasiga bir tushirdi-yu, ukasini qo‘yib yubordi. O‘lmas voy-voylab qo‘li bilan yuzlarini berkitgancha o‘kirib yig‘lab, uy tomonga keta boshladi. “Yaxshi bo‘ldi-da, qaytib sakramaydigan bo‘ldi”, dedi akasi ichida.
Eshmatning ko‘ngli birdan bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmadi, tag‘in qandaydir g‘ashlik chulg‘adi. Bu ertaga otasidan yeydigan kaltakning tashvishi edi.
* * *
Yoz kunlari. Yarim tun, yulduz to‘la osmonda oy suzadi. Mayin shamol, chigirtkalarning chirillashi tinmaydi. Hamma-hammasi g‘oyatda go‘zal, ammo...
Odatlariga ko‘ra, bahordan to kuzgacha erkaklar, tashqaridagi sim karavotlarga hobgohni qo‘chirishardi. Eshmat uxlab yotgan O‘lmasning yoniga sekin kelib, uning yuziga qaradi, oyning yorug‘ida ko‘zining tagi ko‘karib, qontalash bo‘lib qolganligi bilinar-bilinmas sezilardi. Yana vahima bosdi.
Ertasi kechgacha hech kimga hech narsa bo‘lmaganday hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib yurdi. Eshmat “Nahotki O‘lmas hech kimga, hech nima aytmagan bo‘lsa,” deb hayratlandi...
Ota-onasi turadigan uyning dahlizida stol-stul, muzlatgich va non saqlaydigan sandiqqa o‘xshash bir yashiq bo‘lardi. Tomosha kechki tomon aynan o‘sha dahlizda Otasi ishdan qaytgach, yashin tezligida ro‘y berdi. – Otasi Eshmatdan nima bo‘lgani, ayb kimdan o‘tgani, kim haq, kim nohaq deb surishtirib o‘tirmadi. Uyga qamab, “qizprushni bolasi” deya so‘kingancha, ura boshladi. Eshmat “Ota, otajon, jon otajon” deb yig‘lashdan, takrorlashdan to‘xtamasdi. Xona tor bo‘lgani uchun qochib qutilishning ham iloji topilmasdi, zarbalardan biri bolaning ko‘kragiga tegdi. U yashiqning ustiga orqasi bilan yiqilib qoldi. Shundan so‘ng kaltaklash to‘xtadi. Ammo Eshmatning ingrashi tinmasdi. Otasining “O‘chir ovozingni” degan baqirig‘idan so‘ng, u unsiz yig‘lay boshladi.
Otasi tashqariga chiqib, O‘lmasga:
– Sen ham kattani katta deb izzatingni bilgin – deb tanbeh berib qo‘ydi, xolos.
Eshmat nasibaga yarashasini olvolib, tashqariga chiqdi, hali bilinmagan ekanmi, beli nimagadir achishib og‘rirdi. Keyin “otajonlab” yig‘laganini eslab battaroq ezildi.
“Nimaga Otajon dedim, ota ham shunaqa bo‘ladimi? So‘rab-surishtirmaydimi mundoq? Kimdan o‘tdi, nimadan boshlandi, kim aybdor? He-yo‘q, be yo‘q kaltaklagani-kaltaklagan”, deb ichida nolidi. U odatda otasidan tayoq yeganda ishtonini ho‘llab qo‘yar va kaltak battar avjiga chiqardi. Bu safar hartugur ishtonini ho‘llamagani uchun o‘zini katta bo‘lib qolganday his etdi. Yanagi safar kaltak yeganda otajonlashni ham bas qilishim kerak, dedi o‘ziga o‘zi. Biroq belidagi achishish tarqamadi.
“Bu dunyodagi eng baxtsiz bola ikkita bo‘lsa, biri menman, agar bitta bo‘lsa, o‘sha bittasi ham o‘zim”. U xuddi o‘zini o‘gayday his qildi. Qaytaga o‘gay bo‘lganida bunchalik ezilib yurmasmidi? Begona ota, begona ona, aka-uka yo‘q, kimdan, nimadan xafa bo‘lasan, begona begona-da deb qo‘l siltab ketaverasan”, o‘yladi u. Uning hayotida quvonchli kunlar ham, tashvishli kunlar ham ko‘p bo‘lgan, lekin uning nazarida, azoblisi ko‘proqdek tuyuldi. Yana beixtiyor ikki-uch oy oldingi buzoq voqeasini esladi. O‘shanda buzoq arqonidan bo‘shalib ketib, sigirni emib qo‘ygan, ustiga-ustak hovlidagi ekin-tikinlar payxon bo‘lgan edi.
* * *
– Doim qo‘ling uchuida ish qilasan, kurmak boylashni bilasanmi o‘zi? – o‘shqirdi otasi.
– Hm... – dedi ming‘irlab Eshmat.
– Qani boyla-chi.
Eshmat buzoqni bog‘lay boshlagan edi. “Unday emas”, – dedi otasi bolaning yuziga tarsaki urib. Bolaning ko‘zidan duvillab to‘kilayotgan yoshlar otasining kurmak usulida bog‘lashni ko‘rishga halaqit berar, ularni artib ulgurolmasdi.
– Qara, avval chap qo‘ling bilan arqonning bir uchini qayirib ushlaysan, keyin o‘ngi bilan bir aylantirib, nargi uchuini chap qo‘lingga olasan, chapdagini esa o‘ngiga olib tortasan, ko‘rdingmi?
U hech nimani ko‘ra olmaganligi sababli yana o‘zi bilgan eski usulda bog‘lay boshlagan edi.
–Unaqa emas, ko‘rmisan? – dedi-da, o‘g‘lining yuziga yaxshilab tushirdi.
Eshmat ishtonini ho‘llab qo‘ydi. Shungami, boshqa sababdanmi otasi tutoqib ketdi, birin-ketin zarbalar yog‘dirdi. Rosa ta’zirini yegandi o‘shanda.
Eshmatni nazarida o‘shanda ham nohaq kaltaklangandi. Aybi yo‘q emas, bor albatta, lekin ish taqsimlashda adolatsizlik qilingan edi. “Nima uchun hamma ishni faqat men qilishim kerak. Ukalarim ham bor-ku, nega ular hech bir ish qilishmaydi. Axir men yetti yoshimdan mol-holga mustaqil ravishda qarab kelayapman-ku, nega o‘n yoshli ukasi O‘lmas hozirgacha qarashmaydi. Maktabga boradi-keladi. Ko‘chada daydiydi. Hech bo‘lmasa tovuqlarga qaraganda ham Eshmatga ozroq yordam bo‘ladi. Yo‘q bunday qilishmaydi, chunki bitta yetim, o‘gay Eshmat degan quli bor. Tamom-vassalom. Buzoq bo‘shalib, sigirni emib qo‘yibdi. Xo‘sh, nima bo‘pti? “Osmon uzilib yerga tushdimi?” Bularga mol kerak, buzoq kerak, sut kerak, pomidorlar-u, uning jo‘yagiga ekilgan bachki ham kerak...
Ammo.. zinhor va zinhor Eshmat kerak emas. Farzand kerak emas”, xayolidan o‘tkazdi bola.
* * *
Har bir tong yorishib kelsa-da, har doim ham yorug‘lik olib kelavermas ekan. “Inson yaxshilikni tez unutadi, ammo yomonlikni hech qachon unutmaydi”, degan aqida to‘g‘ri shekilli, har holda u avvallari turli sabablar bilan bir yilda bir marta yaxshigina kaltaklanar edi. Bu yil esa ikkinchi marta xuddi shunday kaltak yeganini eslab, ichi zil ketdi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, yuragi siqilib, bo‘g‘ziga nimadir tiqilganday bo‘ldi. Hovli etagidagi teraklar ostida o‘ralashib nimanidir izlar, lekin nima ekanligini o‘zi ham bilmasdi. Havoni dimligi battar nafasini qisayotgandek bo‘ldi. Alam qiladigani ko‘nglidagi g‘ashlik tark etmayotgan edi. Oldinlari bunday dilxunlikdan so‘ng biror hodisa yuz berar, o‘sha ko‘ngilsizlikdan keyin to‘lg‘oqdan qutilgan xotindek bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolar edi. Bu safar esa aksincha,
g‘ubor tarqalmay qaytaga g‘ashlik, tugun og‘irlashib, kattalashib borayotganligini his etdi.
“Nega hamisha men aybdor bo‘lishim kerak. Nega? Nima uchun? Qachongacha? “Bunday otam bo‘lganidan, yetim bo‘lganim yaxshi emasmi?” deb yubordi Eshmat beihtiryor
Billur osmon bir chayqaldi-da, birdan gumburlab yirik-yirik yomg‘ir tomchilay boshladi. Qo‘ni-qo‘shni, xotin-halaj shosha-pisha dordagi kiyimlarni yig‘ishtirar va hamma o‘zini panaga ura boshladi.
Eshmatga go‘yo endi baribirdek, qoqqan qoziqday turaverdi. Sochlari, yuzlari, yelkalariga yog‘ayotgan yomg‘ir iliq edi. Sochlari, ust-boshidan badaniga sizayotgan yog‘in allanechuk yoqimliday. Bir yoqda quyosh, bir yoqda yomg‘ir, ammo bu ko‘pga cho‘zilmadi. Birov buni “bo‘ri bolaladi” desa, boshqasi “Bu shira-ku” derdi. Eshmat “Nima bo‘lsa bo‘lavermaydimi?” deya og‘ir xayollarga cho‘mdi.
Yomg‘ir tingach, kamalak ko‘rindi. Hamma bolalar qiy-chuv qilishib tomosha qilishar, sakrashar, o‘ynashar, bundan ularning ota-onalari ham zavqlanishardi. Biroq bu Eshmatning g‘ashlik cho‘kkan ko‘nglini ko‘tarolmadi.
* * *
Yoz chillasi. Ayni peshin mahali. Qilt etgan shamol yo‘q. Kishini lohas qiladi. Ko‘pincha qishloq odamlari bu vaqtda soya-salqin uyda dam olishadi. Tabiiyki, Eshmatlarninikida ham shunday. Opasi yarim chaqirimdan olib kelgan suvini avval yerga qo‘ydi-da:
– velosipedini yana joy quriganday shu yerga qo‘yibdi, – deb uni yetalab borib uzum so‘kichagi ustuniga suyab qo‘ygandi, qanoti ustunga tegib qiyshayib qoldi. Bu o‘sha O‘lmasning velosipedi edi.
Eshmat buni kuzatib turib, o‘ylanib qoldi. Opasining dam olishga kirib ketishini kutdi. Shundan so‘ng Eshmat O‘lmasning velosipedini olib ko‘chaga chiqdi, o‘rtog‘i Yo‘ldoshnikiga bordi. U ham velosipedini olib chiqdi. Cho‘milishga ketishdi. Ularning qishlog‘i Qumqishloq deb ataladi. Ular quyoshchiqar tomonga yo‘l olishdi. U yoqda katta ariq bor. Ikki qirg‘og‘i yo‘l, o‘ng tomonida katta daraxtlar bor, chapida esa yo‘q, shu sababli o‘tgan mashina, traktorlar yo‘lning tuprog‘ini xuddi undek mayin holga keltirgan. Eshmat bir kalla tashlab ariqning uyog‘iga chiqdi-da, issiq tuproqqa bag‘rini berib cho‘zildi.
– Oh-o, mazza, – dedi.
Orqasidan Yo‘ldosh ham o‘zini suvga otdi, suvdan chiqib o‘rtog‘ yoniga keldi-da:
– Ie, nima bo‘ldi? –deya so‘radi Eshmatning belidagi kechagi qashqaga ishora qilib. Bu o‘sha otasidan yegan kaltakning asorati edi. Uning bo‘g‘ziga nimadir tiqildi.
– A... kecha... og‘ilxonada toyib ketuvdim, – dedi va shart o‘rnidan turib, bir kalla tashlab ariqning uyog‘idan chiqdi. Apil-tapil kiyinib, yo‘lga tushdi. Yo‘ldosh hoy-hoylaganicha qolaverdi.
Eshmat hamma narsaga chidashi mumkin, ammo xo‘rlikka emas. Nega bunchalik siqilayapman, axir bari o‘tdi-ketdi-ku, balkim Yo‘ldoshning dadasi chet elga xizmat safariga borib, qaytishda bolalari uchun koptok olib kelganligi uchudir. O‘shanda, “Nega men ham shu oilada tug‘ilmaganman”, deb anchagacha afsuslanib yurgandi. Shunga bo‘lsa kerak, Yo‘ldoshning gapi juda og‘ir botdi. U ayni paytda hech kimni ko‘rgisi, eshitgisi kelmasdi. Faqat telbalarcha velosipedni uchirar ekan, ming bir xayol ko‘chasiga kirib chiqdi. Uni bema’ni javobsiz savollar qiynardi.
U velosipedda kunbotar tomonga qarab yelib borardi. Badanidan tomchilayotgani termi yoki suvmi? Bilolmadi. Yuziga, ko‘ksiga muzdek shabada urilsa-da, badani cho‘g‘dek qizirdi.
U ancha vaqtdan keyin sal o‘ziga kelib, atrofga qaraganda butunlay boshqacha manzarani ko‘rdi. Begona dalalar, yo‘llar, zovuri qazilgan do‘ngliklar. O‘tlab yurgan mol-qo‘ylar ham notanish. Bu “Bo‘ston” qishlog‘ining yo‘llari edi. Eshmat shu tobda juda charchaganini, uyga qaytishi zarurligini, bundan ham og‘irrog‘i ko‘ksidagi g‘ashlik tobora g‘ujmaklashib borayotganini his etdi.
Uyga yetib kelganda unga hech kim ro‘baro‘ kelmadi. Velosipedni to‘g‘ri borib so‘kichakni ustuniga suyab qo‘ydi. Ammo yaxshi o‘rnashmagan ekanmi, sidirilib ustunga tiralib qoldi, qanoti qiyshaydi. Eshmat uni ko‘rsa-da, beparvo o‘z ishiga yo‘naldi.
* * *
Eshmat shu kunlarda ancha o‘zini oldirib qo‘ydi. Buni onasi sezib, otasiga bir nimalar degan shekilli, Eshmatni oromgohga yuborishdi.
Bu oddiy qishloq oromgohi bo‘lsa-da, dam olish, ko‘ngilochar o‘yinlar yaxshi tashkil etilgan. Uch mahal ovqat, o‘yin kulgi, yana nima kerak. Eshmat kelgan kunining ertasiga futbol o‘ynab sal chalg‘igandek bo‘ldi. Ammo bu ham ko‘pga cho‘zilmadi. Yana o‘sha mavhum g‘ashlik ko‘nglini egalladi. Oromgohga kelganining to‘rtinchi kuni yakshanbaga to‘g‘ri keldi. Rahbarlar ko‘rinmas, katta tarbiyachi va yordamchi tarbiyachilar qolgan edi. Kun ancha erkin o‘tar, bolalar qiy-chuv qilishar, anhordan chiqmay rosa yayrashardi. Dam olish soatidan so‘ng guruhlarga bo‘linib yana qiziqarli o‘yinlar boshlandi. Eshmat esa shunchaki tomoshabin bo‘lib turdi, xolos. Guruhdoshlaridan biri kelib, uni darvoza tomonda yordamchi tarbiyachi chaqirayotganini aytdi.
Tarbiyachisi yoniga chaqirib, narsalarini yig‘ishtirishini, uni olib ketgani amakisi kelganini aytdi. Bola hayron bo‘ldi. Uningcha javob berishdan oldin qandaydir rasmiy qog‘ozlar to‘ldirilishi, direktormi, boshliqmi, kimdir ruxsat berishi lozim edi. Bugun dam olish kuni, kattalar yo‘q bo‘lsa, yordamchi tarbiyachi qanday qilib o‘zicha javob berishi mumkin.
Usti-boshini yig‘ishtirib jomadoniga joylab, tarbiyachi bilan amakisi gaplashib turgan joyga bordi. Ko‘rishdi, gaplashdi, ammo hech narsa anglay olmadi. Tarbiyachi: – Bo‘pti, sen boraver, men o‘zim rahbarlarga tushuntirib aytaman, – dedi.
Eshmat amakisi bilan avvaldan yaxshi kelishmaydi. Undan bir gap olish amri mahol, shuning uchun tarbiyachiga qarab: – Tinchlikmi, nima gap ekan? – deb so‘radi. – Sen boraver, xavotir olma, rahbarlarga o‘zim tushuntiraman, – dedi yana tarbiyachi qo‘zlari olib qochib.
“Kecha bir bola ikki soat yo‘q bo‘lib qolganda hamma oyoqqa turgan, rosa to‘polon bo‘lgan edi. Bugun esa hech narsadan hech narsa yo‘q menga butunlay javob berib yuboryaptimi? Tinchlik bo‘lsin ishqilib”, o‘yladi u.
Mashina ikki-uch uy beriroqda to‘xtadi. Eshmat mashinadan tushishi bilan yo‘lning ikki chetida uzun yog‘ochlarning ustiga ko‘rpacha tashlab o‘tirgan mahalladoshlarini ko‘rdi. Ularning bu holati qaldirg‘ochlarning simyog‘ochlarga tizilib o‘tirishini eslatardi. Bola gangib qoldi. Qo‘rqibgina amakisi ortidan ergashdi.
Eshmat hovliga kirganda tanigan-tanimagan odamlar har tomonda yurishar, amakisi uni opasi turgan uyga olib kirdi.
Eshmat opasining yig‘idan ko‘zlari shishib ketganini ko‘rdi.
– Nima bo‘ldi, opa tinchlikmi, – yig‘i aralash so‘radi ukasi.
– Keldingmi? Ke, ukaginam, – deb Eshmatning boshini qo‘llari orasiga oldi-da, xuddi kayvoni ayollardek, peshonasidan o‘pdi, ko‘zlarida shashqator yoshlar oqdi, Eshmat ham qo‘shilib yig‘ladi.
– Biz ham bilmaymiz, otam avariyaga uchrabdi, hozir kasalxonada emish, ahvoli og‘ir deyishyapti.
– Oyim qanilar?
– Narigi uyda o‘zlaridan ketib qoldilar, xolam qarayaptilar, bir ozdan so‘ng seni o‘zim olib kiraman, xo‘pmi? – dedi opasi.
– Xo‘p, xo‘p deyapman-ku, – yig‘lab javob berdi uka.
– Boshqa ko‘ylaging bormi? – so‘radi opasi.
– Qanaqa ko‘ylak?
– Ustingdagi qizil ekan. Ko‘kmi, qorasimi, bormi?
– Nega?
– Shunday qilish kerak. Yo‘qsa, odamlar gapiradi.
Eshmat sumkalarini titkilay boshladi.
– Ko‘k ko‘ylagim yo‘q, oq-qora katak bo‘ladimi? –deb yig‘lamsirab so‘radi.
– Boshqasi bo‘lmasa, mayli, o‘shani kiya qol,– dedi opasi.
Opasi o‘zidan bor-yo‘g‘i ikki yosh katta bo‘lsa-da, xuddi kattalardek, xuddi momolardek o‘zini tutishini, yupatishini ko‘rib hayron qoldi. Umuman bu narsalarni qaerdan, qachon, kimdan o‘rgangan, onasi yarimjon bo‘lganligi uchun ham uy yumushlari opasining zimmasida ekanini esladi. O‘sha kuni yana bir narsani tushundi: u hamisha o‘zini xo‘rlangan, kamsitilgan deb hisoblar edi. Ammo shu tobda opasiga o‘zidan ko‘ra ming chandon qiyinroq bo‘lganligini his etdi. Eshmatning boshidan o‘tganlari azob bo‘lsa, allaqachon opasi o‘lib ketishi kerak edi-ku. Nega unda yashab yuribdi? Qolaversa, opasi biror marta hayotdan, na otasi, na onasidan noliganini eslay olmadi. Qachondan beri quyuq tumandek, ko‘nglida turib qolgan g‘ashlik yo‘qolgandi. Bu g‘ashlik qachon, qaerda yo‘qolganligini eslayolmadi. Endi uni ko‘ngli hech narsani sezmayotgandek, bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgandi. Bu yaxshilikkami yoki...
Tashqariga chiqdi. Ayvondagi shkafni eshiklari qiya ochilganini ko‘rdi. Yopib qo‘yish uchun yaqinlashar ekan, shkafdan qandaydir badbo‘y hid kelardi. Eshmat darrov o‘zicha tushundi – O‘lmas yana bo‘lar-bo‘lmas narsalarni shkafiga solgan bo‘lsa kerak, deya o‘yladi. Mana oqibati, shu paytda, qanday qilib tozalash, tartibga keltirish mumkin. Hovliga hamma kirib-chiqib turgan bo‘lsa, qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘y nima deb o‘ylaydi. “Qani endi yer yorilsa-yu, yerga kirib ketsang”, ko‘nglidan o‘tkazdi Eshmat. Shu tobda uning chap ko‘ksiga nimadir qattiq sanchildi. Avvallari ko‘nglini qandaydir g‘ashlik qoplardi. Bu esa aniq og‘riq, sanchiq edi. Uning mitti yuragi sanchayotgan edi.