OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Munavvarqori Abdurashidxonov. Adibus-soniy

Makotibi ibtidoiya shogirdlarina alifbodan so‘ng o‘qutmak uchun mumkin darajada ochiq til va oson tarkiblar ila yozilmish qiroat kitobi

 

BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM

 

Hamd

Alloh taolo hazratlari bizni yo‘qdan bor qildi. Kichik edik, katta qildi. Och edik, rizq berub to‘ydirdi. Yalang‘och eduk, kiyim berdi. Ko‘rmak uchun ko‘z berdi. Eshitmak uchun quloq berdi. So‘zlamoq uchun til berdi. Yurmak uchun oyoq berdi. Ishlamak uchun qo‘l ham kuch berdi. Yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirmak uchun aql-hush berdi. Xususan, bizga iymon berib, o‘zining birligiga inontirdi. Barcha payg‘ambarlarning afzali bo‘lgan Muhammad alayhissalom hazratlariga bizni ummat qildi. Ham dinlarning eng haq va to‘g‘risi bo‘lgan islom dini ila musharraf qildi. Bu narsalarning har biri Alloh taoloning bergan ulug‘ ne’matlaridir. Bulardan boshqa qancha ne’matlar bergandirki, yozmoq va sanamoq ila ado qilmoq mumkin emasdir. Bu ne’matlarning har birisi uchun Alloh taolo hazratlariga doimo hamd va shukr etmak barchamizga vojibdir. Alloh taologa aytiladirgan hamd va shukurlarning eng yaxshisi bergan ne’matlarini o‘z o‘runlariga ishlatmak va buyurgan ishlarini chin ko‘ngil ila qilib, qaytargan ishlaridan bor kuch ila o‘zini tortmoqlikdir.

 

Bayt

Bandaning hargiz qo‘lidan kelmag‘ay
Ne’mati Haq shukrini etmak tamom.
Yaxshisi uldurki, har bir ne’matin
O‘z yerig‘a sarf qilgay xosu om.
«Qil!» — deganin jonu dil birla qilub,
«Qo‘y!» — deganin o‘ziga bilgay harom.

SALOVOT

Bizning dinimiz — islom, o‘zimiz musulmondirmiz. Bizga islom dinini o‘rgatgan va musulmonligimizga sabab bo‘lgan afandimiz Muhammad alayhissalom hazratlaridir. Bu zot Alloh taoloning eng yaqin va eng suyuklik bandasi edilar. Shul sababli boshqa bandalariga to‘g‘ri yo‘llarni ko‘rsatmak va egri yo‘llardan qaytarmak uchun bu zotni elchi qilib yubordi va hamma bandalariga bosh va payg‘ambar qildi. Bu zot ham nihoyatda to‘g‘rilik ila Alloh taoloning hamma buyruqlarini sahobalariga o‘rgatdilar, sahobalar bobolarimizga va bobolarimiz bizga yetkurdilar. Shu yo‘l ila biz musulmon bo‘ldik. Mana shul Muhammad alayhissalom bizning payg‘ambarimiz va biz shul zotning ummatlaridurmiz. Shuning uchun bu zotning o‘zlariga va barcha av-lod, qarindosh va sahobalariga Alloh taolodan rahmat tilamak va bu zotning ko‘rsatgan yo‘llaridan va aytgan so‘zlaridan zarracha chiqmaslik har bir musulmonman degan kishiga lozimdur.

ILM

Ilm — bilmagan narsalarini bilganlardan o‘rganmoqdir.

Odam bolasi tug‘ilgan zamonda hech narsani bilmas. Hattoki so‘zlamoq, yozmoq, yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirmak kabi eng kerakli narsalardan mahrumlik holda dunyoga kelur. So‘ngra oz-oz o‘rganmoq ila har narsani bilur.

Otalarimiz, onalarimiz, ulug‘larimiz va muallim afandilarimiz ushbu bilgan narsalarimizni o‘rgatmagan bo‘lsalar edi, hozirda biz ham hech narsani bilmas eduk. Shuning uchun odam bolalariga ziyoda lozim bo‘lgan narsa — bilmaganlarini bilganlardan so‘rab va o‘qub o‘rganmak, ya’ni ilm degan aziz va foydali narsani qo‘lga olmak uchun harakat qilmoqdir. Ilm — odamning zehnini ochar, aqlini orttirar, bilmagan narsalarini bildirur, dunyoda baxtli va izzatli qilur. Oxiratda saodatli va sharofatli qilur.

 

Bayt

Ilmdur dunyoda eng yaxshi hunar,
Ilmsizdan yaxshidur gung ila kar.
Har kishi ilm-la bo‘lsa oshno,
Izzatu davlatda bo‘lg‘ay doimo,
Ilmsiz odam zalilu xor o‘lur,
Ilmsizlardan hamma bezor o‘lur.

AXLOQ DARSLARI

 

Odob

Bir kishi Luqmoni hakimdan: «Odobni kimdan o‘rgandingiz?» — deb so‘ramish.

Luqmoni hakim: «Odobni odobsizlardan o‘rgandim», — deb javob bermishlar.

Ul kishi yana so‘ramishki: «Odobni odobsizlardan qanday o‘rgandingiz?»

Luqmoni hakim javob bermishlarki: «Doim kishilarning qilgan ishlariga va so‘zlagan so‘zlariga diqqat ila qarab yurdim. Kimdan yomon so‘z eshitsam, ul so‘zni hech bir so‘ylamadim, kimdaki bir yomon ish ko‘rsam, ul ishni hech bir qilmadim, shuning ila odobli bo‘ldim».

Hissa: odobli bo‘lurman degan kishi har narsaga izzat ko‘zi ila boqub, izzat olur. Qaysi ish ko‘ziga yaxshi ko‘run-sa, ul ishni qilmoqg‘a harakat qilur. Va qay ish ko‘ziga yomon ko‘rinsa, ul ishdan o‘zini tortur. Bunday qilgan kishi, albatta, odobli bo‘lur.

Iskandar Zulqarnayn

O‘tgan zamonda Iskandar degan ulug‘ bir podshoh bor edi. Bir kun bir devonaga yo‘liqtsi. Devonaning ba’zi harakatlari podshohga xush kelub, aytdiki: «Ey devona, mandan bir narsa so‘ragil». Devona aytdiki: «Ey podshohi olam, pashshalar manga har vaqg tashvish beradurlar. Yuz va qo‘llarimni choqub, xafa qiladurlar. Buyursangizki, pashshalar manga bunday ozor bermasalar».

Podshoh aytdi. «Ey devona, mandan shunday narsa so‘ragilki, ul narsa manim hukmimda bo‘lsun. Man pashshaga nechuk buyruq qilurman?»

Devona aytdi: «Ey podshoh, dunyodagi maxluqlarning eng kichkinasi va ojizrog‘i pashshadir. Shul pashshagaki hukmingiz yurmasa, emdi sizdan nima so‘rarman?»

Hissa:

Dunyoda sening na hojating vor,
So‘ragil oni san Xudodan, ey yor.

 

Lofchi

Bir lofchi kishi bor edi. Lof va yolg‘on so‘zlarni ko‘p so‘zlar edi. Bir kun bir majlisda dengizlarning ahvolidan va dengizda ko‘rgan tomoshalaridan hikoya qildi. Majlisdagi kishilardan biri so‘radiki: «Ey birodar, siz dengizda ko‘p sayohat qilganga o‘xshaysiz, dengizlarning baliqlari qanday bo‘lur ekan?»

Lofchi ul kishiga boqub: «Haligacha siz dengiz baliqlarini ko‘rganingiz yo‘qmi? Dengiz baliqlari tuyaga o‘xshash ikki uzun shoxli bo‘lurlar»,— dedi.

Majlisda o‘lturganlar bildilarki, ul bechora na tuyani ko‘rgan ekan va na dengiz balig‘ini. Barchalari birdan kulishib yubordilar. Lofchi uyalib, majlisdan chiqib ketdi.

Hissa:

O‘g‘ul, parhez qil san ham hamisha lofu yolg‘ondan —
Ki yaxshidur sukut etmoq, aytub yolg‘onu yolg‘ondan.

Ikki yo‘ldosh

Ikki kishi do‘st va yo‘ldosh bo‘lib, safarga chiqdilar. Yo‘lda bir ayiq chiqib, bularga yugurib hujum qildi. Bularning biri yosh va chaqqon edi. Shu sababli tezlik ila qochub, bir yerga bekindi. Ammo ikkinchisi o‘zining keksaligi va kuchsizligidan qocholmay qoldi. Nachora, o‘zini bir yerga tashlab, o‘likga o‘xshab qimirlamay yotdi. Ayiq kelub, buni iskab-iskab, o‘luk gumon qilib, zarar yetkurmay tashlab ketdi.

Ayiq ketgandan so‘ngra yo‘ldosh bekingan yeridan chiqub keldi va kulib aytdiki: «Ey yo‘ldosh, qulog‘inga ayiq nima deb shivirladi?»

Yo‘ldosh javob berdi: «Ayiq qulog‘imga, bunday ojizlik vaqtida seni tashlab ketadurg‘on kishiga bundan so‘ng aslo yo‘ldosh bo‘lma, deb shivirladi».

Hissa: Shunday kishilar ila do‘st va yo‘ldosh bo‘lmoq kerakki, shodligingga shod, xafaligingga xafa bo‘lsun. Oshga o‘rtoq, boshga to‘qmoq bo‘lmasin.

To‘g‘ri javob

Otasi o‘lub, bir kishi o‘ldi boy,
Ki qoldi anga molu mulk, saroy.
Oning oldiga bir faqir kelib,
Salom ayladi ko‘p tavoze qilib,
Dedi: «Man sanga tug‘ma qardoshman,
Bu molu manolingga yo‘ldoshman.
Otangdan chu qoldi sanga buncha mol,
Bo‘lib ber menga yarmini ushbu hol».
Ul odam dedi hayrat ila ango:
«Nechuk san qarindosh o‘lursan mango?»
Faqir aydi: «Ey mehribonim, eshit;
Quloq sol, bu arzi nihonim eshit,
Sanu man hama olam insonlari,
Emasmizmi bir odam o‘g‘lonlari?»
Bu so‘zni eshitgach, tabassum qilib,
Bir oltun chiqardi, dedi: «Ol kelib»
Ul aydi: «Birodar, bu qanday suxan,
Manga shulmidir hissa merosdan?»
Javobida ul mardi shirin kalom,
Dedi: «Sokit o‘l, bilmasun xosu om.
Eshitsa gar o‘zga qarindoshlar,
Uzog‘u yaqin, yoru yo‘ldoshlar,
Bo‘lib olsalar, molu mulk tamom,
Sango tegmagay bir tiyin, vassalom».

Pand

Yaxshi muomalani do‘st va dushmanga barobar qilmoq lozimdur. Chunki yaxshi so‘z do‘stlarning do‘stliklarini ortturur. Dushmanlaringni do‘stlikka aylantirur.

 

Nazm

Bo‘lur xulqu xush ham suchuk til bila,
Yetaklab ulug‘ filni qil bila.
Chiqar yaxshi so‘z-la ilon inidan,
Yomon so‘z ila musulmon dinidan.

Jo‘g‘rofiya

Yerning ahvolini bildiradurg‘on ilmni jo‘g‘rofiya deyilur. Yer bizning ko‘zimizg‘a tekisg‘a o‘xshab ko‘rinsa ham, aslida tekis emas. Balki po‘rtaxolg‘a o‘xshash yumaloqdir. Avvallarda «Yer ho‘kizning shoxida turadir», degan so‘zlarga har kim ishong‘on bo‘lsa ham, hozirg‘i zamonda andog‘ so‘zlarning aslsizlig‘i har kimga ma’lumdir. Yer hech narsaning ustida turmas. Balki havoning o‘rtasi muallaq turadur.

Po‘rtaxolning yuzi o‘zining po‘sti ila qoplong‘onig‘a o‘xshash yer yuzining ham to‘rtdan uch bo‘lagi sho‘r suvlar ila qoplanmish, qolg‘on bir bo‘lagi tosh, qum va tufrog‘lar ila qoplanmishdur.

Suv ila qoplong‘on o‘rinlarini dengiz, ko‘l va daryo deyilur. Tosh, qum va tufrog‘lar ila qoplanmish o‘rinlarini qurug‘liq deyilur.

Dengizlar besh bo‘lak bo‘lib, Bahri muhiti kabir, Bahri muhiti hind, Bahri muhiti atlas, Bahri muhiti munjamidi shimoliy, Bahri muhiti janubiy deb atalurlar. Ushbu dengizlar qurug‘likning atrofini o‘rab olmish ulug‘ dengizlardur. Bulardan boshqa qurug‘likning orasig‘a yorib kirmish nihoyatda ko‘p ko‘l va dengizlar bordur. Mashhurroqlari: Oq dengiz, Qora dengiz, Shimol dengizi, Kaspiy dengiz, Manosh dengizi, Bahrang dengizi, Boltiq dengizi, Atalar dengizi, Marmara dengizi, Azov dengizi, Bahri ahmar, Yaponiya dengizi va Chin dengizlaridur. Qurug‘liq ham besh qitaga bo‘linib, Yevropa, Osiyo, Amriqo, Afriqo, Avstraliya deb atalur.

Hajjoj ila darvesh

O‘tgan zamonda Hajjoj ismli bir zolim podshoh bor edi. Ko‘p ulamo va saidlarning boshlarini kesmish va qonlarini to‘kmish edi. Aning jabr va zulmi shul darajaga yetmishdur, tarix kitoblarining har birida aning ismini Hajjoji zolim deb yod qilmishlar.

Mana ushbu Hajjoj bir kun yo‘lda bir darveshga yo‘liqdi. Oldiga chaqirib: «Ey darvesh, manim haqimga bir yaxshi duo qil!» — dedi. Darvesh qo‘lini duoga ko‘tarib: «Yo Rab! Bu zolimni jonini tezroq olg‘aysan», — deb duo qildi. Hajjoj achchig‘lanib: «Na uchun bunday yomon duo qilursan?» — dedi. Darvesh: «Agar san tezroq o‘lsang, gunohing ko‘paymas. Va barcha fuqaro sening zulmingdan qutulur. Shuning uchun manim bu duom ham sanga va ham barcha kishilarg‘a foydalidur», — dedi. Darveshning to‘g‘ri javobi Hajjojga xush kelub, ko‘p in’omlar berdi. Ham ul kundan boshlab zulmdan qo‘l yig‘di.

 

AXLOQ DARSLARI

 

Tarbiyali bola

Tarbiyali bola ulug‘larni izzat va hurmat qilur. O‘zi barobarig‘a yaxshi muomala qilur. Va o‘zidan kichiklarg‘a shafqat va marhamat qilur. Har kimning qadrini bilur. O‘zidan rozi qilmoqg‘a harakat qilur. Qo‘lidan kelganicha boshqa insonlarg‘a yordam berur. Insonlikg‘a yarashg‘an ishlardan o‘zini tortmas. Yarashmag‘an ishlarning (qancha foydalik bo‘lsa ham), yaqiniga bormas. O‘zi bilmaydurg‘an so‘zlarg‘a va qo‘lidan kelmaydurg‘on ishlarg‘a aslo aralashmas. Har ishda to‘g‘rilikdan ayrilmas. Doimo yaxshini yaxshi, yomonni yomon der. Har so‘zni vaqtig‘a va joyig‘a qarab so‘zlar. Har ishda bir foydani ko‘zlar. O‘zlarig‘a yoki boshqa insonlarg‘a foydasi tegmaydurg‘on ishlarg‘a qadam qo‘ymas. Hech kimning ishig‘a, kuchig‘a zarar yetkurmas. Tarbiyasiz, yomon bolalarga qo‘shilmas. Ota va onasining, muallim va xalfalarning so‘zlaridan chiqmas. Har ishda insofni qo‘ldan bermas. Birovdan bir yaxshilik ko‘rsa, esidan chiqarmas. Qo‘lidan kelmagan ishni ustig‘a olmas. Ustig‘a olgan xizmatini qilmay qoldirmas. «Millat» degan so‘zni jonidan ortiq suyar.

Shafqat va marhamat

Odam bolalarig‘a lozim bo‘lgan yaxshi ishlarning biri muhtojlarg‘a shafqat va marhamat qilmoqdur. Shafqat va marhamat esa birov bir narsani so‘rag‘on vaqtida bor bo‘lsa, ayamasdan bermak, agarda yo‘q bo‘lsa, shirin so‘z ila uzr etmoq va qo‘ldan kelganicha boshqalarg‘a yordamda bo‘lmoqdur. Janobi Haq taolo hamma maxluqlarni bir-birig‘a muhtoj va bir-birig‘a sabab qilub yaratmishdur. Podsho gadog‘a, gado podshohg‘a, boy faqirg‘a, kofir mo‘ming‘a, mo‘min kofirg‘a hosil, hamma bir-birig‘a muhtojdir.

Bu muhtojliq yolg‘iz insonlar orasida bo‘lmay, insonlar ila dunyodag‘i jonliq va jonsizlarning barchasini orasida hamma vaqt ko‘rilmakdadur. Insonlar minmoq, yuklarini ortmoq, yerlarig‘a ekin sochmoq, sut va go‘shtlarini yemoq va ichmoq uchun ot, tuya, eshak, qo‘y, sigir, ho‘kiz, baliq, tovuq kabi har xil hayvonlarg‘a muhtoj bo‘lurlar.

Hayvonlar esa rizqlarini o‘tkarmoq va bolalarini tarbiya qilmoquchun ko‘p vaqtlarda insonlar tarafidan ekilgan o‘t, pichan va g‘allalarg‘a va soling‘an imoratlarg‘a muhtoj bo‘lurlar. Shul sababli shafqat va marhamat to‘g‘risida insonlik, hayvonlik, kofirlik, mo‘minlik, yaqinlik, uzog‘lik, boylik va faqirlik kabi farqlarni e’tibor qilmay, barchani barobar ko‘rmoq lozimdur.

 

Ali ila Vali

Ali ismlik faqir bir bola bor edi. Bir kuni och qoldi. Non izlab ko‘chag‘a chiqdi. Qo‘shnilardan birining Vali ismlik bir o‘g‘li bor edi. Vali qo‘lig‘a bir parcha non ushlab, eshigining oldida yeb turgan edi. Bechora Ali esa ochlikdan o‘lum darajasig‘a yetkan edi. Valining qo‘lidag‘i nonni ko‘rg‘ani zamon oldig‘a borib, bo‘ynin egib, «o‘rtoqjon, ozgina noningdan bersang-chi», dedi. Vali esa tosh ko‘ngillik, shafqatsiz bola edi. Shu sababli Alining holiga hech bir rahm qilmay: «Bor ket, sanga beradurgan nonim yo‘q», — dedi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi. Bir kun Valining bir echkisi yo‘qoldi. Vali echkisini axtarmoquchun dalag‘a chiqdi. Ko‘p yurdi, oxirida tashna bo‘ldi.Har tarafdan suv izladi, hech bir yerdan suv topolmadi. Suvsizlikdan yiqilmoq darajasig‘a yetkan holda uzoqdan ko‘zi Aliga tushdi. Ali bir daraxtning soyasida qo‘ylarini o‘tlatib, oldig‘a bir ko‘zada suv qo‘yib o‘tirmish edi. Vali shodlik ila Alining oldig‘a borib: «Birodar, suv bermasang, tashnaliqtsan o‘lurman», — dedi. Ali faqir bo‘lsa ham oliyjanob bir bola edi. Valining holiga shafqat va marhamat qilub, ko‘zani uzatdi. Vali to‘ygunicha suv ichib, tashnalik balosidan qutuldi. Va o‘zining ulda qilg‘an marhamatsizlig‘ig‘a Alidan afu so‘rab, minnatdorlik izhor etdi.

Isrof, buxl va saxovat

Isrof o‘rinsiz va zaruratsiz yerlarga molni sarf etmakdir. Buxl eng zaruriy yerlardan ham molni qizg‘anmoq va ayamoqdur. Saxovat esa har ikkisining o‘rtasi bo‘lib, molni zarur va foydalik o‘runlarg‘a sarf qilub, zarursiz, foydasiz o‘runlardan saqlamoqdur. Isrof ila buxl din yuzasidan harom va aql yuzasidan eng yomon va mardud sanalg‘an ishlardandur.Saxovat esa xo‘ylarning eng yaxshisidur. Isrof qilg‘uvchini musrif deyilur. Buxl qilg‘uvchini baxil va xasis deyilur. Sahovat qilg‘uvchini saxiy va jo‘mard deyilur. Musrif kishi har qancha davlatlik bo‘lsa ham, oxir bir kun faqirlik va xo‘rlik balosig‘a yo‘liqadi. Buxl kishi har qancha boy bo‘lsa ham, molining huzur-halovati, tiriklig‘ining lazzati va shavkatidan quruq va mahrum qolur. Saxiy kishining kundan-kun moli ko‘payib, izzat va obro‘yi ortar. O‘z barobarlari orasida so‘zi o‘tkur va e’tiborlik bo‘lur.

 

Maktab

Bolalar tug‘ulub, olti-etti kunlik bo‘lg‘anlarida onalari beshikka solurlar. Kecha va kunduz tinmasdan harakat qilub, ko‘krak sutlari ila tarbiya qilurlar. Qachonki bolalar olti-etti yoshga yetsalar, maktabg‘a berurlar. Maktabda muallim va xalfalar ko‘krak kuchlari ila tarbiya qilurlar. Bunga qaraganda, maktab bolalarning ikkinchi beshiklaridur.

Avvalg‘i beshikda bolalarg‘a onalari sut emizib, tanlarini o‘stururlar. Ikkinchi beshikda muallimlar ilm va odob o‘rgatub, aql va fikrlarini o‘stururlar. Bolalar uchun tanning salomatlig‘i lozimdur. Ammo akl va fikrning salomatlig‘i undin ortig‘roq lozimdur. Chunki aql va fikrsiz tandan na o‘zi uchun va na boshqa kishilar uchun hech bir foyda yo‘qdur. Shul sababli bolalarga avvalgi beshiqdan ko‘ra, ikkinchi beshik bo‘lgan — maktab yaxshiroq va foydaliroqdur. Avvalg‘i beshikda sut va taom berub boqqan ota va ona qanday do‘st va aziz bo‘lsalar, ikkinchi beshikda ilm va odob o‘rgatub, tarbiya qilg‘an muallim va xalfalar ondin ortug‘roq do‘st va azizdurlar.

Bayt:

Erur maktab maorifning makoni,
Zamonidur buning yoshlik zamoni.
Kishi qilgay kishini ushbu maktab,
Bitirgay har ishini ushbu maktab.
Bu maktabda o‘qug‘on har bir inson,
Bilub ilmu odob bo‘lg‘ay musulmon.
Necha ilm ol, odob dunyodakim bor,
Chiqubdur barchasi maktabdan, ey yor.

Iskandar ila Arastu

O‘tkan zamonda Iskandar Rumiy degan bir podshoh bor edi. Aning Arastu otlig‘ bir olim va dono ustodi bor edi. Iskandar ustodini o‘z yonig‘a bosh vazir qilib, barcha mamlakat ishlarini shunga topshurmish edi. Bir ish qilsa, shung‘a maslahat ila qilur edi. Eshikdan kelsa, o‘rnidan turib, joy berur edi. O‘zining otasidan ortuq izzat va hurmat qilurdi.

Bir kuni vazirlardan biri Iskandardan so‘radiki: «Na uchun Arastuni otangizdan ortuq izzat qilursiz?» Iskandar aytdi: «Otam go‘yoki mani osmondan yerga tushurdi. Ammo, ustodim Arastu mani yerdan osmong‘a ko‘tardi, ya’ni otam mani dunyog‘a kelmog‘img‘a sabab bo‘ldi. Ustodim ilm va odob o‘rgatub, martaba va izzatimning ortmog‘iga sabab bo‘ldi. Shuning uchun ustodimni otamdan ortuq izzat qilurman». Ustodni otadan ortiq izzat qilmoq kerak.

O‘qumoq, yozmoq

O‘qumoq, yozmoq ilmi qiyin bir ish emasdur. Balki, oz vaqt maktabda g‘ayrat qilmoq ila o‘rganiladurg‘on bir hunardur. Lokin, bundan hosil bo‘ladurg‘an foydalar nihoyatda ko‘pdur. Tilsiz, quloqsiz bir odam ila sog‘ va salomat bir odam orasida qancha farq bor bo‘lsa, o‘qumoq, yozmoqni bilmag‘an kishilar ila buni bilg‘an kishilar orasida shuncha farq bordur. Balki, bularning oralaridag‘i farq alarnikidan ortig‘roqdur. Chunki tilsiz kishi har xil ishoratlar ila tilli kishilarning qiladurg‘on ishlarini qila olur. Quloqsiz kishi ham birovning so‘zini shunday ishoratlar ila bila olur. Ammo o‘qumoq, yozmoq ilmini bilg‘an odamlarning qiladurg‘on ishlarini buni bilmag‘an odamlar hech bir yo‘l ila qilolmaslar. Balki, o‘qumoq, yozmoq ilmini biladurg‘on bir kishig‘a muhtoj bo‘lurlar. Bundan muallim bilurki, o‘qumoq, yozmoq ilmini bilmag‘an odamlardan tilsiz, quloqsiz kishilar yaxshidur.

Ahmad ila onasi

Ahmad olti yoshlik bir bola edi. Har vaqt onasining oldida o‘tursa, onasi eski hikoyalardan so‘ylab, Ahmadni ovutib o‘tirardi. Bir kuni Ahmadg‘a onasi aytdi: «O‘g‘lum, Allohi taolo eng avval otamiz Odam alayhissalomni tufrog‘dan yaratdi. So‘ngra onamiz hazrati Havoni yaratdi. Ikkovlarini jannatg‘a qo‘ydi. Bir yemishni ko‘rsatib: « Buni yemangiz», — dedi. Bir kuni shayton bularni aldab, ul yemishdan yedirdi. Shuning uchun Alloh taolo bularni koyib, jannatdan chiqardi. Ikkovlari yer yuzig‘a tushib, er va xotun bo‘ldilar. Biz barchamiz shularning bolalarimiz».

Ahmad bu so‘zni eshitgach: «Onajon, siz hazrati Odam ila Havoni ko‘rganmisiz?» — dedi. Onasi: «Yo‘q, o‘g‘lim, kitoblardan o‘qub bildim», — dedi.

Ahmad qo‘liga bir kitob olub, har qancha varaqlab ko‘rsa ham, ko‘ziga qora chiziqlardan boshqa hech narsa ko‘rinmadi.

Onasi Ahmadning bu holini ko‘rib: «O‘g‘lim! San maktabda o‘qumaguncha kitobdagi narsalarni ko‘rolmaysan», — deb Ahmadni maktabg‘a berdi. Ahmad bir oz maktabda o‘qug‘andan so‘ngra, onasidan eshitgan hikoyalarini kitoblardan o‘qib, o‘zi biladurg‘on bo‘ldi.

Ota-ona

Dunyoda bolalarg‘a eng do‘st va mehribon kishilar o‘zlarining ota va onalaridurlar. Har ona o‘z bolasini avval to‘qqiz oy qornida ko‘tarib yuradi. So‘ngra qancha azob va mehnatlar ila tug‘ar. Bola tug‘ulgan zamonda «inga» deb yig‘lamoqdan boshqa bir narsani bilmas. Ona bechora shu bolani goh ko‘tarub, goh yotqizub, goh turg‘uzub, goh o‘tquzub tarbiya qilar. Iig‘lasa, ovutar. Och qolsa, emizib to‘yg‘uzar. Alhosil, bolaning xursandlig‘i va salomatlig‘i nima ila bo‘lsa, har birini qilur. Kerak bo‘lganda, molini va jonini bolasidan ayamas. Ota esa kecha va kunduz ishlab topg‘an narsasini bolalarining osh, non va kiyimlarig‘a sarf qilur. Buning ustig‘a «O‘zumdan so‘ngra bolalarimg‘a qolsun, bolalarim kishig‘a muhtoj bo‘lmasin», deb bir narsa orttirib qo‘ymoq harakatida bo‘lur. Ota-onaning kecha va kunduz Xudodan tilagan narsasi bolalarining salomatlig‘i va uzun umr ko‘rmog‘i, dunyo va oxiratda baxtli bo‘lmog‘idur. Bolalarg‘a bunday do‘stlik va yaxshilikni ota-onadan boshqa hech kim qilolmaydur. Shul sababli bolalarg‘a o‘z ota va onalarini chin ko‘ngil ila do‘st tutmoq, buyurg‘an ishlariniqilmoq, qaytargan ishlaridan qaytmoq lozimdur.

Bayt
Kishining bor ersa oto va onosi,
G‘animatdur anga alarning rizosi.
Xudoning qoshida qabuli yaqindur,
Oto va ononing bolaga duosi.
Olarning kim og‘ritsa ko‘ngillarini,
Qiyomatda bo‘lgay jahannam jazosi.

Bola qurboni

Bir xotun o‘zining to‘rt yoshlik qizini yetaklab bog‘chag‘a chiqdi. Ul vaqt bahor fasli edi. Bog‘cha yonig‘a ko‘kargan yashil o‘lanlar va novda uchida ochilishg‘a yaqinlashg‘an gul g‘unchalari ila ziynatlanmish edi. Yashil o‘lanlar orasida har tarafg‘a cho‘zilib ketg‘an uzun-uzun yo‘llar bog‘chaning husnini ortturmish va o‘rtadan o‘tadurg‘on ulug‘ suv bog‘chani ikkig‘a ayirmish edi.

Bu bog‘chag‘a kirg‘anda yosh qizning ko‘ngli ochilub, har tarafg‘a yugurmoqg‘a boshladi. Goho o‘lanlar ustig‘a yotub yumalanur edi.Goho ko‘zig‘a yaxshi ko‘ring‘an gullarni uzib, ko‘ksig‘a taqub, onasig‘a ko‘rsatardi. Onasi suv bo‘yida o‘tirib, qizining yoqimli harakatlarini tomosha qilardi. Lekin bu xursandlik uzoqqa bormadi. Suv bo‘yida yangig‘ina ochilg‘on bir gulni ko‘rib, uzaman, deganda qizning oyog‘i toyib suvg‘a yiqildi. Onasi bu holni ko‘rib. «Dod, bolam! San o‘lguncha man o‘lay!»— deb qizining orqasidan o‘zini suvg‘a otdi. Bu tovushni bog‘bon eshitib, yugurib keldi. Bularni bu holda ko‘rib, kiyimlarini yechib, o‘zini suvg‘a tashladi. Borib, avval onasini qutqarmoqchi bo‘lgandi, onasi: «Mani qo‘y, avval bolamni qutqar», — deb bog‘bong‘a yalindi. Bog‘bon ham qabul qilib, avval bolani qutqarib, suv chetig‘a chiqardi. Bog‘bon qaytub borg‘uncha bechora ona xiyla yerg‘a oqub bormish, o‘z jonini bolasig‘a qurbon qilmish edi.

Birodarg‘a muhabbat

Ibrohim o‘z qarindosh va birodarlarig‘a muhabbatlik bir bola edi. Bir kun qo‘shnisining uyig‘a chiqqanda qo‘shnisi bir xizmat buyurdi. Ibrohim avval xizmatni yaxshilab qilganligi uchun qo‘shnisi olma berdi. Olmag‘a qiziqib, yemoqchi bo‘lganida uyda kasal bo‘lib yotgan singlisi esiga tushdi. Olma yolg‘iz o‘zidan o‘tmadi. Singlisining oldig‘a kirub: «Ukam, qo‘shnimiz bergan bu olmani sanga kelturdim! Ye!» — dedi. Singlisi suyunub, olmani oldi. Yarmini o‘zi yeb, yarmini yana akasig‘a berdi. Bu yo‘l ila bir olmani ikkovlari yeb xursand bo‘lishdilar.

Hissa: Birodarlar bir-birlarig‘a shunday muhabbatlik bo‘lmog‘i lozimdur.

Ko‘r ila do‘xtir

Yaxshig‘ina boy bir ko‘r kishi har vaqt bozorg‘a chiqib, har xil narsalar olurdi. Lekin ko‘zi ko‘rmag‘anlig‘i uchun yaxshi-yomonni ayira olmas edi. Yaxshi deb o‘ylab olg‘an narsalarining ko‘pi yomon narsalar edi. Bir kuni ko‘zining pardasini oldurmoq uchun bir do‘xtirni uyig‘a chaqirdi.

Do‘xtir kelib, ko‘zini pardasini oldi. Bir necha kundan so‘ngra ko‘zi ochilub, uyidag‘i narsalarni ko‘rmoqqa boshladi. Bozordan olg‘on narsalarining har biri ko‘zig‘a yomon ko‘rindi. Borub: «San manim uyimdagi narsalarimni olub, o‘rnig‘a yomon narsalar qo‘yibsan», — deb do‘xtirning etagidan tutdi. Do‘xtir: «Yo‘q, birodar! Avval san ko‘r eding. Bozordan olgan narsalaringni barchasi yomon narsalar edi. San oni bilmas eding. Emdi ko‘rib, alarning yomonlig‘ini bilding», — deb javob berdi.

Hissa: Nodon kishi shul ko‘rg‘a o‘xshaydir. Yaxshi deb o‘ylag‘an narsalarining ko‘pi yomon narsalar bo‘lur. Ilm do‘xtirg‘a o‘xshaydir. O‘qig‘an kishilarning ko‘zlarini ochar. So‘ngra yomon ishlarning yomonlig‘ini bilib, ondan o‘zlarini torturlar.

To'liq: Munavvar qori Abdurashidxonov. Adibus-soniy - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.