– O‘g‘ling qancha ko‘p bo‘lsa avlodlaring shuncha bisyor, ildizing mustahkam bo‘ladi. Qiz bola birovning hasmi, bir kuni o‘rnini topsa, otasini ham, tug‘ishganlarini ham eslamaydi. Foyda yo‘q ulardan. Voyaga yetkazib qo‘shqo‘llab birovga topshirgandan ko‘ra, qizing bo‘lmagani durust.
Sayfi daroz bu gaplarni doim takrorlardi. Shuning uchunmi, uch o‘g‘lidan keyin qizi Gulsara tug‘ilganida unchalik quvonmadi. Bu farzandi xuddi osmondan tushganday, o‘z pushti-kamaridan bo‘lmaganday chaqaloqqa e’tibor bergani yo‘q. Bu gadoytopmas yerlarda chaqaloq tug‘ilsa unga ism qo‘yish uchun ovuldan ancha uzoqqa, shahar markaziga borish kerak. Darozning vaqt, pul sarflab borib kelishga ko‘zi qiymadi. Shaharga qatnaydigan hamqishlog‘idan iltimos qilib qo‘ya qoldi. Buni qarangki, o‘sha tanishi xo‘p deyishga dedi-yu, lekin qizaloqqa qanday ism qo‘yishganini so‘ramabdi. Ish bitmay qaytishga ko‘ngli bo‘lmagach, Gulsara deb yozdirib kelaveribdi. Shundan beri bemavrid tug‘ilib qolgan go‘dakning ismi Gulsara bo‘lib ketdi. Bu voqeadan so‘ng oradan qancha suvlar oqmadi. Sayfi daroz hozir munkillagan chol, himoyasiz bolakay esa bo‘yi yetgan qizga aylangan. Ular yashaydigan ko‘kko‘l atrofini avval ko‘rgan odam endi tanimaydi. Keng maydonni katta zavod egallagan. Ilgari baliqchilik bilan kun ko‘radigan qishloq odamlaridan hech biri baliq ovlashga ko‘lga kelmay qo‘ygan. Hozir ilgarigi mo‘l baliqlar qayda deysiz? Ba’zi turlari butunlay yo‘qolib ketdi, borlari ham juda kam. Qayiq yasatib, to‘lqinlari pishqirib yotgan ko‘lga tushishga arzimaydi. Bir vaqtlar shu to‘lqinlar bag‘rida, ularning qarshiligiga chap berib suzgan qayiqlar qishloqda darozdan boshqa hech kimda qolmagan. Chol har-har zamon baliqchilikning xumorini bosolmagan vaqtlarda yog‘ochlari chirib qolgan qayig‘idan o‘zi ham gumonsirab qirg‘oq atrofida suzib keladi. Uning bir qo‘shig‘i bor. Hali ko‘lda suzmay turib, yoniga yaqinlashishi bilan kuylashni boshlaydi. "Agar Ko‘kko‘lning oldida, o‘zi haqidagi qo‘shiqni aytib bersang, ona ko‘lning mehri iyib ketadi va baliqlaridan mo‘l-mo‘l beradi", – deya izoh berib qo‘yadi atrofidagilarga.
Ko‘kko‘l bizning onaizorimiz.
Ko‘kko‘l bizning xaloskorimiz.
Bag‘rida o‘ynaydi baliqlar,
Ko‘kko‘l bizning rizqu ro‘zimiz.
Ko‘kko‘l bizning onaizorimiz.
Ko‘kko‘l bizning rizqu ro‘zimiz.
Sayfi daroz bu qo‘shiqni katta o‘g‘li Nurmatga aytib berdi. O‘g‘il otasining ovozi azbaroyi shiraliligidan sel bo‘lib eshitdi-yu, ammo o‘zi ham qo‘shilib kuylab ko‘rishga unamadi. Yana aytib berishini iltimos qilganida esa ko‘ngli og‘rigan chol rozi bo‘lmadi. Otasining arazlaganini ko‘rgach, Nurmat qaytib qo‘shiqni so‘ramadi.
Sayfi daroz qo‘shiqni ikkinchi o‘g‘li Xolmatga aytib berdi. Bu o‘g‘il esa jillaqursa akasiga o‘xshab tinglashni ham uddalamadi. Ensasini qotirib bosh qashladi-da, qo‘shiq oxiriga yetar-etmas, o‘rnidan turib ketdi. Shundan keyin chol o‘g‘liga qaytib qo‘shiq haqida gapirmadi.
Daroz qo‘shiqni kichik o‘g‘li Normatga aytishni boshlashi bilan yoshligidan erkaroq o‘sgan yigit otasiga bobillab berdi.
– Kichkinaligimizdan beri bir xil qo‘shiq. Odamni xit qilib yubordingiz. Bo‘ldi-da endi.
Cholga og‘ir botdi, lekin indamadi. Chunki o‘ylab qarasa farzandining gapi to‘g‘riday. Axir o‘g‘illari endigina atak-chechak qila boshlaganidan beri har kuni qulog‘iga azon aytganday shu qo‘shiqni aytadi. Bezor bo‘lib ketishlari tabiiy. "Bu ota-bobosining qo‘shig‘i, nima uchun eshitish jonlariga tegarkan?" Taslim bo‘lishni istamagan chol yana g‘udranib qo‘yadi.
– O‘zing ayt, qizim, qo‘shiqning nimasi yomon? – Daroz atrofidan hech qanday tinglovchi topolmagach, oxiri qiziga yuzlanadi. – Bu qo‘shiqni bobom aytgan, keyin men, endi navbat bolalarimga kelganida ular aytish tugul, eshitishni ham istashmayapti. Axir o‘z tarixini bilmagan, ota-bobosini tanimagan, ularning nima ish qilganini anglamagan odam qanday qilib kelajak haqida o‘ylaydi? U xuddi ildizsiz daraxtga o‘xshaydi-ku. Bunday daraxt qanchalik katta va baland bo‘lmasin, baribir so‘lib qoladi.
Qizi gaplarini eshitdimi-yo‘qmi, cholga farqi yo‘q. Farqi bo‘lganidayam nima? Axir yaqin atrofda uning eski hikoyalarini, ko‘kko‘l, undagi baliqlar haqidagi afsonalarini shu esi past qizdan boshqa eshitadigan kim ham bor?
Gulsara aslida hamma bolalar tenggi aqli-hushi joyida, kelishgan, xushbichimgina qiz edi. Agar o‘sha halokat ro‘y bermaganida ovulning eng shaydosi ko‘p qizi bo‘lardi. O‘g‘illarini ovga chiqishga ko‘ndirolmagan daroz "Menam boray, baliq tuta olaman" deya ko‘zlarini mo‘ltillatgan besh yashar qizchasini tashlab ketolmadi. O‘sha kuni ov rosa baroridan keldi. Ota-bola Ko‘kko‘lda tebranayotgan o‘rkach-o‘rkach to‘lqinlar osha hozir taxtalari chirib qolgan bo‘lsa ham, ilgari bu atrofda unga teng keladigani yo‘q qayig‘ida ko‘l haqdagi qo‘shiqni birga kuylashib olis-olislargacha suzishgan. "Qizim qo‘shiqni o‘g‘illarimdan yaxshi aytyapti, undan ham nimanidir umid qilsam bo‘lar" deya birinchi marta xayolidan o‘tkazgandi Sayfi daroz. Yetarlicha baliq tutishgandan keyin ham ota qiziga ko‘lning olis sarhadlarini, tiniq suvlar hayqirib boshlarini dam-badam urayotgan narigi qirg‘oqlarini ko‘rsatgisi keldi.
– Ko‘kko‘l bizning onamiz, – daroz yon-berini adoqsiz suvlik qoplagan kenglikka tikilib qiziga gapirdi. – Bizning tarix juda uzoq, ota-bobolaring huv anavi tog‘lar ortida yashashgan, keyin tirikchilik og‘irlashgach, ko‘l atrofiga ko‘chib kelishgan ekan. Ularni ko‘l baliq bilan, rizq-ro‘z bilan taminlagan. Ovulimizning baliqchi deyilishi shundan. Sen hech qachon ajdodlaringni boqqan, doim kimligingni eslatib turgan bu joylarga bepisand qarama. To‘g‘ri, qo‘lingdan hech narsa kelmaydi. Avlodlar, milliyligimiz davomiyligi akalaringning qo‘lida. Qizlardan biror nima talab qilinmaydi, jillaqursa eslab-eslab tur deyman.
Ovga chiqayotganlarida osmon tiniq edi, ammo tushga borib bulutlasha boshladi. Qayiqni ortga burganlaridan quyishni boshlagan yomg‘ir zum o‘tmay qattiq bo‘ronga aylandi. Daroz ilgarilariyam bunday holatga ko‘p duch kelgan. Biroq o‘sha paytlarda yo bir o‘zi, yoki yonida zabardast biror sherigi bo‘lardi. Endi-chi, endi o‘zi-ku mayli, yonida himoyasiz qizi bor. Boyagina umrida birinchi marta qizini odam o‘rnida ko‘rib, u bilan dildan gaplashayotgan odam, quturgan shamolda qayiq o‘ziga buysunmay qolgach "Ayollarga qarg‘ish tekkani shu-da, ular bor joyda falokat oyog‘ing ostidan chiqaveradi", deya achchiqlandi. Tusi o‘zgargan otasidan, umrida ko‘rmagan vahimali shamol, ko‘piklangan to‘lqinlar ichida chorasiz ekanliklarini his qilganidan yuragiga vahima tushgan qizcha qayiqning orqa burchagiga borib g‘ujanak bo‘lib qunishib oldi. Otasi esa eshkaklarni yolg‘iz eshaverib holdan toygan, atrofni qoplagan qorong‘ilik ichida tez-tez chaqayotgan chaqmoq yorug‘ida uzun qo‘llarining har chiranganida bo‘rtib ketayotgan tomirlari ko‘rinadi. Tinch paytlarda nari borsa tuyaning o‘rkachiga teng bo‘lgan to‘lqinlar hozir ovul atrofidagi tepaliklardan baland, o‘kirib o‘zini qayiqqa uradi. Yog‘och qayiq har silkinganida qarsillab ikkiga bo‘linib ketadiganday yoki to‘nkarilib tushadiganday tuyuladi. Otasining jahl ustida turganini ko‘lni, shamollarni bo‘ralab so‘kayotganidan, har-har zamonda qayiq tumshug‘iga musht tushirayotganidan sezgan qizaloq, qanchalik qo‘rqayotgan bo‘lmasin, undan panoh, yordam so‘rayolmadi. Shuning uchun qayiq atrofdagi toshlardan biriga urilib, sinib ketganida u otasidan uzoqda, boshi nimagadir urilib, hushini yo‘qotgach anchagacha suvda qolib ketgandi. Joni omon qolishga qoldi-yu, ertalab ularni qidirib ovuldagi boshqa baliqchilar kelgunicha otasi bilan kichik orolchada, yomg‘ir ostida qolib ketishdi. Gulsaraning boshidagi jarohat tez bitdi, ammo yaraning o‘rnigina bitdi, xolos. Daroz ortiqcha xarajat deb qizni shahardagi kasalxonaga olib bormay, ota-bobosi qo‘llagan usullardan foydalanib qo‘ya qoldi. Hammasi o‘shandan boshlandi. Gulsara avvaliga o‘sha kunni, keyinroq bolaligini, qishloqdoshlarni unuta boshladi. Ota-onasining kimligini, nihoyat, o‘zining kimligini unutganida kelib tekshirgan doktor vaqt o‘tganini, endi iloji yo‘qligini, harakat qilgan bilan foydasiz ekanini aytdi.
"Odatda qizlar uyini erga tekkanidan keyin unutardi, meniki esa shungachayam yetolmadi. Xudo bu ishda ham qisganga o‘xshaydi", deya sekingina g‘udranib qo‘ydi doktorning gapidan keyin daroz.
Ko‘l atrofida zavodning qurilgani hammadan ham Sayfiga qiyin bo‘ldi. Uch o‘g‘liyam shaharda o‘qib kelgach, shu yerga ishga joylashishdi. Endi ularda baliq ovlashga vaqt qayoqda deysiz? Buning ustiga ona ko‘lda baliqlar ilgarigidek serob emas. Zavodning oqova chiqindisi to‘g‘ri ko‘lga kelib quyiladi. Sohildagi xarsang ustiga cho‘kkalab ko‘lni soatlab kuzatadigan chol uning suvi tortilib borayotganini, boshini sohilga urayotgan bebosh to‘lqinlar ham avvalgidek toza, zilol emas, ranggi qandaydir xo‘mrayib, tundlashganini payqaydi. Faqatgina ustida chag‘alaylar uchayotgan ko‘lga qarab bir vaqtlar bu yerlarda o‘zining ovuldoshlari bilan ko‘plashib baliq oviga chiqqanlarini, o‘ljaning ko‘pligidan qiyshayib qolgan qayiqlarni yeldirib kelishganini eslaydi. O‘shanda odamlar hozirgiga o‘xshamasdi. Ehtimol, juda aqlli bo‘lishgandir, ehtimol, esi pastroq. Lekin hammasining ko‘nglida nomlab bo‘lmaydigan nimadir bor edi. Turli ovozlarning birga yangraganidan, osmonu falakka o‘rlaydigan qo‘shiq aks-sadosi darozning quloqlarini jazillatib o‘tganday bo‘ladi. Ovulda o‘zi tenggilardan hech kim qolmagan. Chol qisiq ko‘zlarini olislarga qadab boshqalarning hisobi uchun ham ko‘lga uzoq termiladi.
So‘ng ortiga o‘girilib, yigirma besh yildan beri har kuni shu ko‘l atrofida izg‘iydigan Gulsaraga so‘z qotadi. Qiz gap ma’nosiga bormasa-da, xuddi o‘zini eshitayotganday ko‘rsatib, boshini quyi solgancha jim turaveradi.
– Bizning mana bu yerimizga, – daroz mushti bilan ko‘kragini mushtlaydi, – asli kim ekanimizni, kimlarning farzandi ekanimizni va qanday yashashimiz kerakligini o‘rgatib, qon-qonimizga singdirib ketishdi. Biz-chi? – gapining shu yerida qisiq ko‘zlarida miltillagan yosh halqalanadi. – Biz nima qildik? Hatto, o‘z bolalariga gapi o‘tmaydigan go‘rso‘xtaga aylandik. Sen, ona ko‘lga qara. Uni bir vaqtlar sulolasining boshini, ota-boblarini boqqan odamlarning avlodlari halok qilyapti. Men baliqchilarga sardor bo‘lganimda hali yosh o‘g‘illarimga qarab o‘lmasligimni, ularning, nabiralarimning siymosida qayta-qayta tug‘ilaverishimni o‘ylab faxrlanardim.
Gulsara otasining gapini oxirigacha eshitmadi. Sohil bo‘ylab beparvo yurib ketdi.
Hafsalasi pir bo‘lgan daroz qizining ortidan qo‘llarini asabiy silkitib, yana xarsang ustiga yonboshladi. Ammo, ammo shu payt Gulsaraning mayin ovozi yangray boshladi.
Ko‘kko‘l bizning onaizorimiz.
Ko‘kko‘l bizning xaloskorimiz.
Bag‘rida o‘ynaydi baliqlar,
Ko‘kko‘l bizning rizqu ro‘zimiz.
Sayfi ota qanday o‘rnidan turib, o‘sha yoqqa borib qolgani esida yo‘q. Ma’nosiz nigohlari to‘lqinlarga qadalgan qiziga o‘zgacha mehr, hayrat bilan boqardi.
– Sen, sen, – otaning lablari titrab ketdi, – sen bu qo‘shiqni bilasanmi?
Gulsara jilmayib bosh silkitdi.
– Qaerdan bilasan?
– Boshim toshga qattiq urilgan kuni aytib bergansiz. Judayam chiroyli kuylagandingiz.
Gulsara gapi tugagach, tag‘in uy tomon shoshilib ketdi. Ortidan termilib qolgan chol esa nima deyishini bilmasdi. Shu choq otaning keksa ko‘nglida ming yillardan beri mudrab yotgan po‘rtana bosh ko‘targandi. "Meni kechir, qizim, ahmoq otangni kechir". – Daroz qay tomon yurayotganini o‘zi bilmas, faqat shaxdam odimlayotganidan qaysidir yodidan ko‘tarilgan muhim ishini qilmoqchiga o‘xshardi. "Men qari ahmoq avlodimning davomchisi faqat o‘g‘illarim deb o‘ylabman". – Chol yana nimalardir deb g‘udranar, eski qayig‘i bog‘lab qo‘yilgan joyga yaqinlashgani sari oyoq olishi tezlashardi. – Ona Ko‘kko‘l, hali sen haqingdagi qo‘shiq unutilmabdi. Afsuski, uni men ishongan o‘g‘illarim emas, esi past qizim kuylayapti. Buning uchun odam avlodlarida ayb yo‘q, hamma gunoh menda". – Sayfi daroz chinor shoxlariday uzun va ingichka barmoqlari qaltirab, eskiligidan sirti mog‘orlab qolgan qayig‘ini suv tomon surdi. Anchadan beri qimirlamay turaverib, og‘irlashib qolibdi. Ota amallab suvga tushirdi. Ko‘l doimgiday sokin, to‘lqinlar quyosh nurida jimirlaydi. Daroz eshkaklarni avvaliga qiynalib, keyin esa yengil esha boshladi. U yolg‘iz, eski, ammo qadrdon qayig‘ida ko‘lning oxiri ufqqa ulangan tomoniga qarab suzib ketdi.
Gulsara hali ketmagan ekan, u anchagacha cholning bir bo‘lagiga aylanib qolgan qo‘shig‘ini eshitib turdi. Otasi uzoqlashib, ko‘zdan yo‘qolgach, ovozi ham, qo‘shiq ham tindi.
O‘g‘illar tun yarimdan oqqan esa-da, qaytmagan otalarini rosa qidirishardi. Daroz yer-u ko‘kda yo‘q, biroq ularning hech biri Gulsaradan bir og‘iz so‘ramaydi. Chunki qiz sonda ham, sanoqda ham yo‘q edi.
Buni bilgan, idrok etolgan qiz esa:
– U Ko‘kko‘lda, men yaxshi ko‘rgan qo‘shiqni aytyapti, – deya birov eshitmaydigan qilib shivirlab qo‘yadi.