OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muyassar Tilovova. Ko‘kyol (hikoya)

Uch kun muqaddam Ko‘kyolning arloni ovga chiqib ketib, qaytmadi. Ona Ko‘kyol uni qidirib daraga tushdi. Hali qiyalamasidan xushbichim tumshug‘ini osmonga ko‘tarib ulidi. Lekin arlon ovoz bermadi. Faqat osmonga tutashib ketgan cho‘qqilardan o‘z tovushiga aks-sado qaytdi, xolos. U yana qiyaladi. Xatarsiz deb bilgan joylardan mo‘ralab tog‘ etagidagi, tepadan bir hovuch bo‘lib ko‘ringan qishloqqa mo‘raladi. Cho‘zib-cho‘zib ulidi. Bu safar uning ovoziga javob qaytdi. Faqat arlondan emas, qishloqning cho‘pon itlaridan. Ular gala-gala bo‘lib hurishdi. Demak, ortga qaytish kerak. Ko‘kyol bolalaganidan so‘ng hali to‘la kuchga kirmagan, yugurganda shamolni ortda qoldiradigan oyoqlarida majol yetarli emas. U boshini quyi solgancha, sekin ortga tisarildi. Har zamonda yuragi qandaydir noxushlikni sezganday yurishdan to‘xtab, quloqlarini dikkaytirgancha atrofga quloq soladi. Cho‘pon itlarining haliyam tinmagan akillashi uni xavotirga solardi. U nihoyat itlar yaqinlashib qolganini sezdi-da, qarshisidagi qoya tomon yugurdi. Tik qoyaga ko‘tarilguncha necha marta dumalab, yana yuqoriga intilib, nihoyat tepaga chiqib oldi. U qoya ustida turib, tog‘ning qishloqqa qarab qiyalagan yonbag‘riga ko‘zlarini qadadi.
Xavotiri bejiz emas ekan. Besh-oltita cho‘pon iti yugurib kelardi. Shu payt quloqlari tagidan nimadir vizillab uchib o‘tdi va uzoqlarda qarsillagan tanish tovush eshitildi. Bu ovozni u bolaligida, onasidan ajralgan kuni eshitgandi. Ovchilar! Lekin ular qaerda? Ona bo‘ri vaziyatni anglab ulgurmay, o‘q ovozi yana ikki-uch bor qarsilladi. Ko‘kyol endi ortga qaramay yugurdi. Uzun, paydor oyoqlari toshdan toshga sakrayotganda, qor uchqunlari to‘rt tomonga sochilib ketardi. Mallarang qorachiqlari olis cho‘qqilardan boshqa narsani ko‘rmasdi.
U endi qoya toshlar ortiga o‘taman deganda, orqa oyog‘i jazillab ketdi, o‘zini o‘nglayolmay boshi bilan quladi. Panjalari orasidan sizib chiqayotgan qon oppoq qorni bo‘yadi. Bo‘ri jarohatiga e’tibor bermay, oqsoqlanib yugurdi. Ko‘kyolning to‘xtashga haqqi yo‘q, to‘xtash o‘lim degani. Bo‘ri buni bilar, lekin u bolalari tomonga emas, boshi oqqan yoqqa qarab yugurardi.
Qayoqqa boradi, qaerga bekinadi, buni o‘zi ham bilmaydi. Oxiri, sovuqdan qizarib ketgan tilini osiltirib, qalin qor ustiga cho‘zildi. Itlardan qochib qutilgani uchun emas, majoli qolmaganidan shunday qildi. Panjalari orasidan oqqan qon sovuqda laxta-laxta bo‘lib muzladi. Ona bo‘ri ojizgina ingragancha hushidan ketdi.
U ko‘zini ochganda atrofga tun cho‘kkan, osmonning par yostig‘i so‘kilganday maydalab qor yog‘ardi. Ko‘kyol oqsoqlangancha iniga yo‘l oldi. In atrofida tentirab yurgan bo‘rivachchalar Ko‘kyolni ko‘rishlari bilan uning oyoqlariga suykalib g‘ingshiy boshlashdi. Ona bo‘ri ularga e’tibor ham bermay, iniga kirib cho‘zildi. Old oyoqlarini chalishtirib, boshini tik ko‘targancha ko‘zlarini yumdi.
Shu alpozda uch kun o‘tdi. Bo‘rivachchalar endi ovqat so‘rab g‘ingshimas, ovoz chiqarishga ham majollari yetmay, Ko‘kyolning pinjiga tiqilib mudrashadi.
Ona bo‘ri quloqlarini dikkaytirib, bir muddat atrofga razm soldi, nimadandir seskanganidan junlari hurpayib ketdi. Sekin o‘rnidan turib, tashqari chiqdi. Yonbag‘irda bir suruv qo‘y yoyilib yurar, qor ostidan endi quloq chiqara boshlagan o‘t-o‘lanlarni chimdishardi. Qo‘ylarga termularkan, hovur ko‘tarilib turgan so‘lagi qor ustiga tomdi. Qorni shu qadar ochiqqanki, shu topda bir o‘zi ikkita qo‘yni g‘ajib tashlashga tayyor edi. Ammo ehtiyot bo‘lishi kerak, qo‘ylar atrofida cho‘pon va itlar bor. Qolaversa, Ko‘kyol bu ahvolida hujum ham qilolmaydi. Bo‘ri boshini egib, ortiga qaytdi.
Onasi ortidan ergashgan bo‘rivachchalar kovak og‘zida unga mo‘ltirab turishardi. Ko‘kyol ularning jovdiragan ko‘zlariga bardosh berolmay ortga tisarildi. Endi tanlash imkoni yo‘q, tavakkal qiladi.
Ko‘kyol pusib qo‘ylar tomon yo‘naldi. Bir xarcangni panalab, qulay fursatni kutdi. Masofani, tezlikni, hatto, tashlanadigan qo‘yni ham mo‘ljalga oldi-yu, ammo ortidan yonbag‘irlikka pastlab kelgan bitta bolasini sezmay qoldi. Nihoyat u kutgan fursat yetdi, bir nechta qo‘y suruvdan ajrab, Ko‘kyol pusib turgan xarsanglar tomon yurdi. Aynan shuni istagan bo‘ri toshlar ortidan o‘qdek otilib chiqdi. Hurkib ketgan qo‘ylar ma’ragancha har tomonga qochdi. Oqsoq bo‘ri tig‘dek o‘tkir tishlarini o‘zi quvib yetgan qo‘yning bo‘g‘ziga soldi. Jonivor ojizgina xirillab, jonholatda tipirchilardi. Lekin shu ojiz tipirchilash ham bo‘rini holdan toydirdi. Nihoyat, o‘lja tinchib qoldi. Ammo shu asnoda itlar ovozi eshitildi. Shoshilish kerak. Issiq qon ta’mi bo‘ri tanasiga kuch ato etdi. U apil-tapil qo‘yni yorib tashlab, katta bir go‘sht bo‘lagini yulqib oldi-da, tepaga o‘rladi. Sirpanchiq qorda amallab do‘nglikka yetdi. Endi bu yog‘iga qochib qutulish mumkin. Shamolday yelib ketayotgan bo‘ri birdan to‘xtadi. O‘ljani yerga tashlab ortiga yurdi. Sababi, pastlikda bo‘rivachchasi chiyillardi. U bir yonbag‘irga, bir qip-qizil go‘shtga qaradi. U yoqda ovqatga ilhaq bolalari, pastlikda esa... Ko‘kyol ikki o‘t orasida qoldi. Bolasini qutqarishga kechikkan, yana ozgina ikkilansa o‘zi ham o‘ljaga aylanadi. Bo‘ri yerdagi go‘shtni tishlab, xarsanglar tomonga, osmonga tutashib ketgan tizmalarga qarab yugurgancha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

* * *

Qop og‘zi tang‘ib bog‘langan ekan, Sayid cho‘pon ochishga ko‘p urindi. Yuzlari qizarib, qo‘llari sovuqdan tarashaday qotib qoldi. Qop ichida g‘ingshib, chiyillayotgan bo‘rivachcha uni battar tutoqtirdi. U qopni dast ko‘tardi-da, yerga zarb bilan urdi. Bu ham yetmaganday zarb bilan tepib yubordi.
Qop ikki-uch odim nariga uchib ketdi. Bo‘rivachcha bir pas jimib qoldi-da, yana ojiz g‘ingshiy boshladi.
— Enag‘ar bo‘rivachcha, — so‘kindi cho‘pon, — yomon quturdilaring, tap tortmay kunduzi hujum qilganini-chi bularni. Hammangni bitta qo‘ymay qoningni ichaman.
U yonidan pichog‘ini chiqarib, qopni yordi. Tepki zo‘ridan o‘ziga kelolmayotgan bo‘rivachcha hamon ingrardi.
— O‘chir ovozingni, padarla’nat,— deya baqirgancha cho‘pon bo‘rivachchaning bo‘ynidan bo‘g‘ib, qopdan chiqarib oldi. Mushukday keladigan bo‘rivachcha cho‘ponning baquvvat kaftlari orasida ko‘mak istab oyoqlarini qimirlatar, lekin unga yordam beradigan hech kim yo‘q edi. Nafasi tiqilganidan, g‘ingshishga ham kuchi yetmay, og‘zidan oq ko‘pik chiqara boshladi.
To‘satdan cho‘pon bo‘rivachchani osmonga ko‘tardi. U qalin yoqqan qorni g‘arch-g‘urch bosgancha, go‘yo bo‘rivachchaga butun borliqni tomosha qildirayotganday, u yoqdan bu yoqqa borib-kelardi. Uning nima qilayotganini na jiyani Ergash na o‘g‘li Sherzod va na ikki cho‘pon tushunardi.
— Ko‘kyol, Ko‘kyol, qaerdasan, qanjiq?— to‘satdan Sayid cho‘pon baqira boshladi. — Bilaman, sen yaqin oradasan, bolangni qanday azoblab rohatlanayotganimni ko‘rib turibsan. Hozir bo‘rivachchangning qonini to‘kaman. O‘shanda ko‘raman tipirchilab qolishingni. Men seni omon qo‘ymayman. Tishlaringni bittalab urib sindiraman. Teringni shilaman. Qolgan bolalaring ham manavini ko‘yiga tushadi.
U bo‘rivachchani bir qo‘liga olib, yanada baland ko‘tardi.
— Ko‘rib qo‘y bolangni. Uni hozir shunday qichqirtiramanki, nolasidan qulog‘ing qomatga keladi. Ochko‘zligingni deb uning shu holga tushgani umrbod yodingdan chiqmay...
Cho‘pon nimadandir seskanib, gapini oxirigacha aytolmadi. Barmog‘ini g‘ajiy boshlagan bo‘rivachchani bor kuchi bilan uloqtirib yubordi.
— Yaramas! — U rezin etiklarida katta-katta odimlagancha, xezlanib bo‘rivachchaning yoniga bordi. Uning qorga belangan ko‘kish yunglaridan changallab, oyoqlari tomon tortdi. Shu payt uning ikkinchi qo‘lida nimadir yaltirab ko‘rindi. Pichoq! U bo‘rivachchaning qo‘lga ilinar-ilinmas quloqchalaridan tortib, boshchasini ko‘tardi va bo‘yniga tig‘ tortib yubordi...
— Bo‘ldi, suruvni haydanglar, uyga qaytamiz, — dedi yonidagilarga Sayid cho‘pon. Ergashning yoshlari ko‘ziga qalqmadi, bo‘g‘zidayoq muz qotdi. Endi soviy boshlagan bo‘rivachchaning tanasiga bir qarab qo‘yib, boshqalarga ergashdi.
— Bekor qilibsan,— dedi voqeadan xabar topgan Hikmat ota o‘g‘li Sayid cho‘ponga. — Endi Ko‘kyol seni tinchitmaydi. Qanday qilib bo‘lmasin xun oladi.
Sayid cho‘pon otasining gaplariga e’tiborsiz qo‘l siltadi.
— Arloni qopqonga tushgan, bir o‘zi hech narsa qilolmaydi.

* * *

Tong qorong‘usida Said cho‘ponning baqirgani eshitildi.
— Sherzod, hoy Sherzod! Haliyam uxlayapsanmi, yaramas?
Ergash cho‘chib ko‘zini ochdi. Shovqindan momosi ham uyg‘onib, cholini turtkiladi.
— Hay, turing, otasi, o‘g‘lingiz bolasini bir narsa qilib qo‘ymasin.
—Bu itfelga yana nima bo‘ldi? — deya chol tashqariga chiqdi.
Izidan Xosiyat xola ham bir qo‘lida hassasi, birida choygum bilan ergashdi. Ular chiqishgach, Ergash derazadan tashqariga mo‘raladi.
— Nima bo‘ldi, o‘g‘lim? — dedi Hikmat bobo o‘g‘liga yaqinlashib. — Azondan bolalaringni qaqshatayapsan?
Qo‘rqqanidan yupun kiyinib yugurib chiqqan Sherzodni bo‘ralab so‘kayotgan cho‘pon ovozini biroz pastlatdi:
— Ota, siz aralashmang. Shularning kasriga bo‘rilar yettita qo‘yni yorib ketibdi.
—Shunga o‘g‘ling aybdormi?
Otasining xotirjamligidan Sayidning jahli chiqdi.
— Agar bular nas bosmay hushyor yotganida bilardi-da. Keyin o‘g‘liga o‘dag‘ayladi.
— Bor, ustingga biror narsa ilib chiq. Serrayib turma oldimda.
So‘ngra u cholga yaqinlashib, past ovozda nimadir dedi. Ergash uning gapini eshitolmadi, ammo bobosi asabiylashib hassasini yerga qattiq urganini ko‘rdi.
— Hadeb bolani turtkilayverma, — choygumga qor to‘ldirayotgan Xosiyat xola gapga aralashdi. – Men yarim oqshom tashqariga chiqqanimdayam Sherzod qo‘yxonadan xabar olib qaytayotgandi. Yarim soatga ko‘zi ilingan-da. Bu qirilgur bo‘rilar ham shu paytni poylagan.
—Tog‘dagi hamma bo‘rini qirish kerak. Bularning dastidan chorvaga kun yo‘q.
Choygumni qorga to‘ldirgan momo uyga qaytarkan, serrayib qolgan choliga so‘z qotdi.
— Turaverasizmi sovuqda. Bo‘lganicha bo‘ldi. Ichkariga kiring.
Ular kelayotganini ko‘rib, Ergash ko‘rpaga o‘randi. Shunda qo‘li yonida yotgan singlisining muzday bilagiga tegib ketdi. Uning usti ochilib, sovqotib qolganini bola endi sezdi. Singlisini ko‘rpaga yaxshilab o‘rab, ozg‘in barmoqlarini kuh-kuhlab isita boshladi. Qizcha bir tamshandi-da, yana tinchib qoldi.
Bu orada nam tortib shishib qolgan eshik g‘iyqillab ochilib, Xosiyat xola, izidan choli kirib keldi.
—Uy sovib ketibdi, tezroq pechkani yoq.
Hikmat ota og‘ir xo‘rsinib joyiga cho‘zildi.
— Ko‘klam kelsayam, kun isiy demaydi. Na kun chiqadi, na qor eriydi, — ho‘l o‘tinni tutashtirolmayotgan kampir ming‘irladi.
Uyni qoplagan achimsiq tutundan bolaning ko‘zlari achishdi.
— Nimaga indamaysiz, chol? — dedi nihoyat, tappisi, tutashgan xola.
— E, nima dey. Qiyin-qiyin shu ikki go‘dakka qiyin bo‘ldi.
—Nimaga unday deysiz? Ota-onasi tashlab ketgan bo‘lsa biz bormiz-ku.
—Bizniyam bog‘lab qo‘ymagan. Bir kuni ketsak ahvoli nima kechadi?
– Nimaga birdan bu haqda o‘ylab qoldingiz, chol?
—Bo‘ri g‘ajigan qo‘ylarning beshtasi Ergashniki ekan.
Bobosining bu gapini eshitib, bolaning eti muzlab ketdi. Uning atigi oltita qo‘yi bor edi. Demak, bittasi qopti. Bultur qo‘ylarini boqqani haqiga amakisi uchta qo‘zicha bergandi. Endi ko‘paya boshlaganida bo‘ri yeb ketsa-ya! Bola ularni ko‘paytirib bir suruv qilmoqchi edi. Keyin sotib, puliga singlisi Ruxsorni davolatmoqchi edi. Bu niyatini bobosi ham bilar, shuning uchun ham kuyunayapti. O‘zi istamasa-da, bolaning ko‘zlariga yosh qalqdi. Yo‘q, u yig‘lamadi, ko‘zlari yoshlandi, xolos.
— Xudo jazosini bersin o‘sha ochko‘zlarni. Shuncha qo‘y ichidan yetimchaning nasibasini yeysanlarmi? Juvormak bo‘lgurlar.
Momo diydiyosini boshlab bo‘rilarni qarg‘ay ketdi.
— Jim bo‘l. Avvalroq arlonni qopqonga tushirishib ketishgan ekan. Ko‘kyol ham nima qilsin. Uyam ona, bolalarining ko‘z oldida ochdan o‘lishiga chidolmagan.
— Bolalariyam, o‘ziyam qirilib bitsin.
— Bo‘ldi qil. Pechkang yongan bo‘lsa, yotib damingni ol.
Xola nimalardir deb yana biroz g‘udrandi-da, o‘rniga kelib yotdi va ko‘p o‘tmay xurrak otib uxlab qoldi.
Bolaning ko‘ziga uyqu ilinmadi. Ozg‘in barmoqlarini kaftlari orasiga olib isitib yotarkan, singlisiga juda rahmi keldi. U tug‘ilganidan buyon yurolmaydi. Birov tashqariga ko‘tarib olib chiqadi, ko‘tarib olib kiradi. Ruxsor uchun boqayotgan qo‘ylarini ham bo‘ri yedi. Endi nima qiladi... Bola go‘yo bor-budidan ayrilgan odamday tushkunlikka tushib qoldi.
Ertalab oila dasturxon boshida jam bo‘ldi, lekin hech kimning kayfiyati yo‘q.
— Ota, Davron temirchi qafas yasab bermoqchi, — dedi Sayid cho‘pon jimlikni buzib. — Qo‘raning ichida bo‘riga qopqon qo‘ymoqchiman. Ular bir mazasini olishdi, endi yana keladi.
Hikmat ota choy ho‘plab turgan piyolasidan ko‘zini uzmay dedi.
— Xato sendan o‘tdi, bo‘rivachchani o‘ldirmasliging kerak edi. Ona bo‘rining ko‘zi qonga to‘lgan. Qo‘lga tushirishing qiyin...
— Bo‘lmasa, hammasini g‘ajib ketaversinmi?
— Bilmadim, o‘zing to‘g‘ri deb o‘ylaganingni qil. Faqat ehtiyot bo‘l.
Kun bo‘yi qo‘yxonada usta ishladi, qafas yasadi. Ustalar qo‘yxona tevaragini tikan sim va pichan bilan o‘rab chiqishdi. Ozgina kirish joyi qoldirib, uning to‘g‘risiga qafasni o‘rnatishdi. Ergash kattalarning nima qilayotganiga tushunmasdi. Lekin amakisining vajohatini ko‘rib, ona Ko‘kyolning yaqinda qo‘lga tushishini bilardi. Qaniydi! Yaxshi bo‘lardi. Axir yil bo‘yi boqqan qo‘ylarini bir kunda bo‘g‘izlab ketishdi. Bolaning hali nafrat nimaligini bilmaydigan jajji yuragida ona bo‘riga nisbatan isyon paydo bo‘lgandi.
Amakisi va Sherzod tuni bilan galma-galdan poyloqchilik qilishdi. Tiq etgan tovush eshitilsa, yugurib borishadi. Lekin o‘sha tun ham, keyingi tunlarda ham ona bo‘ridan darak bo‘lmadi.
— U endi qaytmasa kerak,— dedi Sayid cho‘pon sovuqdan tirishib, qo‘ra eshigi yaqinida qorovullik qilayotgan o‘g‘liga qarab. — Kirib uxla. Men ham biroz turib, keyin yotaman. Bu la’nati endi bo‘sh kelmasligimizni biladi.
Sherzoddan keyin cho‘pon ham darrov ichkariga kirib ketdi. Biroz o‘tib uylarning chirog‘i o‘chdi. Kaftdekkina qishloq poyonsiz tizmalar bag‘rida mudrardi. Ergashning ko‘ngli g‘ash, nimagaligini bilmaydi. Uni qandaydir tushuniksiz vahima bosardi. Qorong‘i xonada, pastqam shiftga termilib yotibdi. Borliqni tunning rutubatli sukunati qoplagan. Hali yonib bitmagan pechkadagi tarasha har zamonda charsillab, uchqun sachratadi. Uchqunlar bir muddat pechka tirqishidan atrofga yorug‘lik taratib o‘tadi. Bir mahal tashqaridan nimaningdir ojiz ingragan ovozi eshitildi. Bola uning nima ekanini anglolmadi. Nafas yutib, quloq tutdi. Ingrash yana eshitildi. Bola endi jim yotolmadi. Sekin turib tashqariga chiqdi. Ovoz qo‘yxona tomondan kelardi. Tunda tashqariga chiqishga qo‘rqardi, lekin hozir negadir qo‘rqmadi. Ergash qo‘ra eshigidan sekin ichkariga kirdi. Hurkib ketgan qo‘ylar bir burchakda g‘uj bo‘lib turishardi. Bola qafas qo‘yilgan tomonga yurdi. Qafasda nimadir tipirchilab, ingrar, o‘zini tarsillatib qafas chetlariga urardi. Bola ko‘zlariga ishonmadi. Ona Ko‘kyol qafasda edi! Endi undan o‘ch olish mumkin. Bu fikr bolakayning miyasiga keyinroq keldi. Avvaliga u biroz karaxt bo‘lib qoldi. Borib amakisiga xabar berish uchun ortga tisarildi. Lekin qo‘radan chiqmay turib, ortiga qaytdi. Negaligini o‘zi ham bilmaydi. Bo‘ri cho‘g‘dek lovullab yonib turgan ko‘zlarini Ergashga qadadi. Uning nigohi shu qadar o‘tkir ediki, bola beixtiyor ko‘zlarini olib qochdi. Bo‘ri unga mo‘ltiramadi, najot istab g‘ingshimadi ham, faqat tikildi, har bir harakatini kuzatib tikildi. Ergash dovdirab qoldi. U birinchi marta tog‘lar hukmdori ona Ko‘kyol bilan ro‘baro‘ turibdi. Xo‘sh, endi nima qilsin? Undan qo‘ylari uchun o‘ch olsinmi, yoki...
Ergashning yuragi aqli izmidan chiqib ketdi. Nima qilayotganini o‘zi ham idrok etmay qafasning og‘ir eshigini tepaga ko‘tara boshladi. Bo‘ri sig‘adigan joy ochildi. Ko‘kyol qafasdan otilib chiqdi. Ko‘zlarini o‘qdek qadab bolaga yaqinlashdi. Shunchalar yaqin keldiki, bola bo‘rining nafasini his qildi. Boya nigohlariga bardosh berolmagan ko‘zlari bu safar tik boqdi. Ammo bo‘rining malla qorachiqlarida g‘azab yoki nafratni ko‘rmadi, ularda odam tushunolmaydigan nimadir bor edi. Bu to‘qnashuv sanoqli lahzada tugadi. Bo‘ri qora ko‘lankaga aylanib, bir sakrash bilan devordan oshib o‘tdi. Xatar yo‘q, lekin nimagadir bolani endi qo‘rquv bosdi. U ancha vaqtgacha qotib turib qoldi.

* * *

Tun yarmidan oqqanda bo‘ri cho‘chib sergak tortdi. To‘rt tomondan gumburlagan tovush kelardi. Go‘yo cho‘qqilardan tosh ko‘chayotgandek. U bolalarini turtib uyasidan olib chiqdi. Bir-biriga ulanib ketgan baland tizmalardan oppoq quyun pastlikka bostirib kelardi. Ko‘kyol bunday hodisani arloni bilan yangi juftlashgan paytlari ko‘rgandi. O‘shanda ikkisi ham kuchga to‘lgan, g‘ayrati tanasiga sig‘masdi. Ular qor ko‘chkisidan quvlashmachoq o‘ynayotgandek yugurib qutilishgan. Hozir esa bir-biridan ojiz ikki bolasi bilan nima qilsin? Ko‘chki quyun kabi bostirib kelardi. Yagona yo‘l — qochish. Lekin u ikki bolasini bir yo‘la olib qocholmaydi. Ona bo‘ri vaqtni boy bermay, bolalarining birini tishladi-da, pastlikka otildi. Ortidan yugurgan bolaci eca cal furcatda ko‘chki octida ketdi.
Ko‘kyol jonholatda yugurib, qor ko‘chkisidan qutilgach, madori qurib qorga cho‘zildi. Onasining tishlari botganidan, kuraklari yaralanib, qon sizib qolgan bo‘rivachcha ham qilt etmasdi. Tongda yana uyg‘onadimi-yo‘qmi, balki, tiriklik sharbatidan yana totishar, balki yo‘q, endi ona-bolaga baribir. Ular o‘zlarini unutib, uxlashadi.

* * *

Sayid cho‘pon bo‘rini qafasdan Ergash qo‘yib yuborganini bilmadi, uning temir qafasdan ham qutilib chiqib ketganiga qoyil qoldi. Shundan keyin bolakay amakisi Ko‘kyolni endi tinch qo‘yadi, deb o‘ylagandi. Lekin u o‘ylaganiday bo‘lmadi. Amakisi hamon bo‘rini qo‘lga tushirish ishqida yonardi. Bolaning esa amakisi qazib, ustiga shox-shabba tashlab qo‘ygan chuqurga Ko‘kyolning yaqinlashmasligini xudodan so‘rashdan o‘zga chorasi qolmadi.
Katta cho‘qqi tomondagi yaylov qor ostida qolgani uchun, bugun chorvani boshqa yaylovga haydashdi. To‘g‘ri, yaylovlarda hali o‘t ko‘klamagan. Ular chorvaning oyog‘i yozilishi va namda yumshab turgan eski o‘tlarning xas-xashaklarini ermak qilishi uchun olib chiqishdi. Ertalabdan havo biroz iligan, ko‘klam isi kelayotgandi. Tushga yaqin Sayid cho‘ponga xabar yetkazishdi. Ko‘kyol o‘raga tushibdi!
Sayid cho‘pon yugurib otiga mindi va ot ustida turib jiyanini chaqirdi.
— Ergash, sen ham mingash, qo‘ylaringni yeb ketgan bo‘rining ahvolini ko‘rasan.
Boray desa Ko‘kyolning ahvolini ko‘rishga yuragi chidamaydi. Bormay desa, qiziqyapti. Biroz ikkilanib turgach, u amakisining otiga mingashdi.
Yetib kelganlarida o‘ra tevaragi odamga to‘la edi. Ular uzun tayoqlar bilan o‘radagi vahimadan o‘zini har tomonga urib, irillayotgan bo‘rini turtkilashardi. Kimdir ona bo‘rining panasida turgan bolasiga ishora qildi.
— Qaranglar, yonida bo‘rivachchasi ham bor ekan.
— Sayid aka, Ko‘kyolni nima qilamiz?
— Uni tiriklay qo‘lga tushiramiz. Qiynab o‘ldirmoqchiman. Qo‘yxonadagi qafasni olib kelib, unga bo‘rini solamiz.
Qafas o‘ra boshiga keltirildi. Ko‘kyol esa taqdirga tan berganday jim. U ingranib bolasini yalardi. Demak, hammasi tamom. U ortiq kurashmaydi, kurashish uchun imkoni ham qolmagan. Bola bu holga ortiq qarab turolmadi. Endi yo‘lga tushganida, qopqon yonidagi odamlar baravariga qiy-chuv ko‘tarishdi. Ular nimadandir qattiq cho‘chib ketishgandi. Ergash ortga qaytdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, ona bo‘ri o‘z bolasini g‘ajirdi. Himoyasiz bo‘rivachcha ingrar, pichoqdek o‘tkir tishlardan qutulishga urinardi. Kimdir qutirgan bo‘rini otib tashlamoqchi bo‘ldi. Ammo Sayid cho‘pon yo‘l qo‘ymadi. U dahshatli manzarani jimgina kuzatdi. Bo‘rivachchaning qarshiligi ko‘pga cho‘zilmadi, u tinchib qoldi.
— Yo tavbangdan! Juda vahshiy ekan-ku! — dedi kimdir.
Shu payt kutilmagan hodisa yuz berdi. Ko‘kyol tepaga qarab otildi. Va hammani tang qoldirib bir zumda ko‘zdan yo‘qoldi. Bo‘riga qoyil qolgan Sayid cho‘pon uni ta’qib qilmadi.
Shu voqeadan so‘ng Ko‘kyol bu atrofda boshqa ko‘rinmadi. Lekin Hikmat ota uning qasos olish uchun, albatta, qaytishini, undan ehtiyot bo‘lishini o‘g‘liga bot-bot tayinlar edi. Sayid cho‘pon ham oldingiday beparvo qo‘l siltamas, o‘zi ham xavotirda ekanini yashirmasdi.
Yoz tuni. Atrof oydin. Bugun suruv boshida Ergash amakisi bilan qolgan. Lekin negadir ikkisining ham ko‘ziga uyqu kelmasdi.
— Ko‘kyol nima qilyapti ekan?
To‘satdan sukunatni amakisi buzdi.
— Bilmadim.
— Shu kunlarda tushimga ko‘p kiryapti.
Bola indamadi, amakisi ham boshqa gapirmadi.
Tun yarmidan oqqach, qo‘ylardan xabar olgani qo‘radan tashqariga chiqishdi. To‘satdan itlar baravariga hura boshladi. Sayid cho‘pon itlar hurayotgan tarafga qarab yugurdi. Jiyani ergashdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, itlarni ortda qoldirib, ular tomon ona bo‘ri yugurib kelardi. Bola ham Ko‘kyolni bir ko‘rishdayoq tanidi.
— Ko‘kyol-ku! Ha, shuning uchun tushimga kirayotgan ekan-da,— dedi Sayid cho‘pon miltig‘ini bo‘riga to‘g‘rilar ekan. Tog‘larni larzaga keltirib, o‘q tovushi qarsilladi. O‘qqa uchgan bo‘ri uch-to‘rt marta umbaloq oshdi-da, tinchib qoldi. Cho‘pon qo‘rquv aralash unga yaqinlab bordi. Va... g‘aflatda qoldi. Ona bo‘ri birdan unga tashlandi-da, bo‘g‘ziga og‘iz soldi. Amakisining vahimali baqirishidan bola dahshatga tushib qotib qoldi. Keyin bo‘ri unga yaqinlashdi. Bola ko‘zlari bo‘ri nigohlari bilan yana to‘qnashdi. Bir vaqtlar his qilgan bo‘ri nafasini yana tuydi. “Tamom bo‘ldim” deb o‘yladi o‘zicha. Lekin bo‘ri bolaga tegmadi. Uning yonida turgancha bir-ikki bemajol ulidi-da, keyin shundoq oyog‘i ostiga gursillab quladi...
Bo‘ri bugun hamma narsa uchun motam tutgan edi. Arloni, bolalari va o‘zi uchun ham. Bola bir vaqtlar uning haqiqiy ona ekanini bilgandi, hozir esa u boshqalar aytganday qonxo‘r emasligini ham tushundi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.