Darvozadan kirib kelgan yig‘irma yoshlar chamasidagi yag‘rindor yigit uy sahniping yonidan kesib o‘tgan ariqchada qo‘lini yuvib, og‘zini chayqadi. Shimining cho‘ntagidan ro‘molchasini chiqarib, qo‘l va og‘zini artarkan, hech kim ko‘rinmaydi-ya, deganday atrofga alangladi. Shu ko‘yi shoshilmay yurib, so‘rtok ostiga qo‘yilgan, ustiga orasta qilib pokiza to‘shaqlar solinib, suyanchig‘iga bir necha yostiq suyalgan so‘ri oldiga bordi. O‘tirmoqchi bo‘lgan to‘shagining bir tomonini ko‘tarib, siltab, qoqdi va tekislab, yana o‘rniga to‘shadi. Ammo o‘tirmadi, yana atrofga alangladi. Shunda molxona tarafda sharpa sezganday bo‘ldi. Ayam o‘sha yoqda shekilli, deya xayol qildi va o‘sha tomonga qarab ovoz berdi:
— Aya!..
— Huv-v... — deya xotinlarga xos javob qildi molxona bostirmasida uymalashayotgan onasi.
Narigi chetdagi uy ichidan opoqdadasining «men ham borman», deganday zo‘raki tomoq qirgani eshitildi. Chamasi, u ham nevarasining ovozini eshitgandi, shekilli.
Yigit esa tik turib, panjalari bilan so‘rining kungurasini o‘ynagan qo‘yi onasini kutardi. Lekin onasini nega kutayotganini o‘zi ham bilmasdi. Hozir onasi keladi ham, ammo salomlashishdan o‘zga gapirgulik gap topilmaydi. Bu shunchaki ko‘nikma yoxud odam bolasining ko‘zla¬ri ilg‘amaydigan rishtalarning borligidan bo‘lsa kerak-da. Nima bo‘lganda ham, hozir yigitning onasiga aytadigan tayinli gapi yo‘q edi, ammo u kishini bir ko‘rish bilan ko‘nglida qandaydir xotirjamlik paydo bo‘lishini juda yaxshi biladi. Aslida bunaqa paytda onasi ham o‘g‘lidan biron zarur gap kutmaydi-ya.
Va nihoyat, qo‘lida paqir tutgan onasi ko‘rindi. U paqirdagi yangi sog‘ilgan sutni to‘kib yubormaslik uchun avaylab ko‘tarib kelardi.
— Ha, keldingmi, o‘g‘lim? — dedi onasi unga yaqinlasharkan.
— O‘tiribsizmi, aya? — deya so‘radi nima deyishini bilmagan yigit odatga ko‘ra. — Dadam kelmadimi? — U bu savolni ham shunchaki gap yo‘qligi uchun berdi, aslida dadasiniig ishdan qachon kelishini yaxshi biladi.
— Yo‘q, — dedi onasi sutli chelakni so‘rtokka osilgan simga ilib, ustini yoparkan. — Bugun qaylarni daydib kelding? — onasi xiyol jilmaydi.
— Daydidim-da... — yigit erkalanib qo‘l siltadi. — Bo‘pti, men opoqdadamga ko‘rinib qo‘yay. — U chekkadagi uy tomon yurdi.
Onasi keyingi ishlarni rejalashtirganday, indamay o‘ychan turib qoldi. O‘g‘li uy eshigiga yetay deganda bir narsa esiga tushib, uni chaqirdi:
— Rahmatjon, menga qaragin.
O‘g‘li ortiga qayrilib, bir-ikki qadam tashladi.
— Nima deysiz?
— Boshingga do‘ppi kiyvogin, bolam. Hademay dadang keladi... — dedi yalinchoq ohangda onasi. Rahmatjonning yuzi tirishdi.
— Yana o‘sha gapmi, aya! Axir men do‘ppi kiymayman, dedim-ku-ey! Nima, kiymasam, bir balo bo‘ladimi?!
Ona bir so‘lish oldi.
— Yana dadangni jahli chiqadi-da, bolam. Keyin o‘zing hapa bo‘lib yurasan.
— Ey-y, chiqsa-chiqar-ey!.. — Rahmatjon bir qo‘l siltab, uyga kirib ketdi.
Devorga suyab qo‘yilgan yumshoq karavotda ikki-uch qavat ko‘rpaga yastanib, oppoqdadasi yonboshlab yotardi.
— Assalomu alaykum, oppoqdada! — U shoshib borib chol bilan ko‘rishdi. — Tuzukmisiz?
Oppoqdadasi gavdasigga bir oz ko‘tarib, yarim o‘tirdi.
— Shukur. Biz endi tuzuk bo‘lib qayga borardik-a, bolam! — deya kuldi oppoq soqolini panjalari bilan tararkan.
Rahmatjon to‘shakka o‘tirdi, cholga ergashib, yuziga fotiha tortdi.
— Ayang nima deyapti? — deya so‘radi bobosi unga sinovchan tikilarkan. Yigit «ey-y» deya qo‘l siltadi va bu bilan «qo‘yavering ularni» demoqchi bo‘ldi.
Chol juda yoqimli jilmayib, dedi:
— Rostdanam boshingga do‘ppi kiyvosang yaxshi-da, bo¬lam.
Rahmatjon bobosiga sapchimadi. Bir tomondan u kishini juda-juda yaxshi ko‘rsa, ikkinchidan, uydagilarning hammasi bobosini ehtiyot qilishardi. Chunki oqsoqolni keyingi paytda hastalik ancha yengib qo‘ygandi. Yurakning ishi qiyin ekan-da. Kampiri o‘ldiyu, tez cho‘kib ketdi. Kundan-kun... Ana, ko‘zlarining atrofidagi ko‘kimtir dog‘lar ham ancha kengayib qopti.
Rahmatjon cholning oldidagi ancha tobi ko‘tarilib qolgan choydan quyib, unga uzatdi.
— Choy ichasizmi?
Bobosi bosh silkidi.
— Yo‘q, o‘zing ich.
Yigit bir ko‘tarishda choyni sipqordi. Keyin hamon o‘ziga tikilib turgan bobosiga ko‘zi tushib, haligi gapga javob berishi shartligini tushundi.
— Hecham do‘ppi kiygim kelmaydi-da, oppoqdada. Shuni kiymasam, nima bo‘ladi o‘zi?
Chol yana jilmaydi.
— Tag‘in o‘zing bilasanu, bolam, ammo yigit kishi do‘ppi kiyishi kerak. Uni ota-buvamiz kiygan. Qolaversa, dadangniyam sal ko‘ngliga qaragin-da.
Yigit bir xo‘rsinib qo‘yib, yerga qaragancha indamay o‘tiraverdi. U ayni paytda, eng avvalo, oppoqdadasini ranjitab qo‘yishdan ko‘rqardi. Bir ko‘ngli «xo‘p bo‘ladi, oppoqdada», deya hoziroq do‘ppi kiyib olgisi ham keldi, ammo boshida do‘ppi turganini ko‘z o‘ngiga keltirdiyu, shashtidan qaytdi. Esini tanibdiki shunaqa — do‘ppi kiydi deguncha g‘ashi kelaveradi. Shunday paytda oynaga ko‘zi tushib qolsa bormi, o‘zini shunaqayam badbashara, landovur his qilib, oynadagi aksini yomon ko‘ra boshlaydi. Harbiydan qaytgan kuni ham o‘shanday bo‘ldi — unga bosh-oyoq sarpo kiydirayotgan ayasi oxirida boshiga yangi do‘ppi ham qo‘ndirdi. Rahmatjonning ko‘zi oynada¬gi o‘z aksiga tushdiyu, qo‘qqisdan ilon ko‘rgan odamday rangi o‘zgardi. «Yo‘q, do‘ppi kiymayman», dedi boshidan olib, ayasiga berarkan. «Voy-voy, yangi kelgan soldat do‘ppi kiyadi-da, bolam», — dedi ayasi erkalash ohangida va do‘ppini yana kiydirib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Lekin Rahmatjon ko‘nmadi, «qo‘ying endi, aya», deya onasining qo‘lini itarib tashladi. ho‘llas, tashqariga yalangbosh chiqdi. Tavba, o‘zbek har qancha yangi kiyim-bosh kiysa ham, bo¬shida do‘ppi bo‘lmasa, ustidagi kiyimlar baribir yangiga o‘xshamas ekan. Buni ko‘rgan dadasi ham, opoqdadasi ham unga bir-bir g‘alati qarab qo‘ydilar, biroq bu qarashlarni Rahmatjon sezmadi. Shu-shu boshiga do‘ppi kiymaydi va shuniig uchun ham kunda-kun osha dadasidan dakki eshitadi.
Uning xayollarini oppoqdadasining ovozi bo‘ldi,
— Otam rahmatli juda-a savlatli odam edi-da. — Chol gapirardiyu, ko‘zlari ro‘paradagi deraza osha tashqariga tikilgandi. — Soqol-mo‘yloviyam ja-a o‘ziga yarashardi. Boshiga do‘ppi, egniga oppoq yaktak kiyib, ag‘darma etikda yurardi. Ko‘chadan o‘tganda qaramaganam qarardi. — U bir pas jim qoldi, go‘yo fikrini jamlamoqqa urindi. — Otamni hecham do‘ppisiz tasavvur qilolmayman. Agar do‘ppisi bo‘lmasa, xuddi bir narsasi yo‘q, chala tug‘ilgan odamga o‘xshaydi, hatto, kulgili ko‘rinadi... Men bo‘lsam, otamga o‘xsholmadim...
Rahmatjon negadir endi bobosining gapini diqqat bilan eshita boshlagandi.
Chol bir oz jim turgach, boyagi yoqimli nigohini yana nevarasiga qadadi.
— Senda katta bobongni kepatasi bor, bolam. Soqol-mo‘ylov qo‘ysang, xuddi o‘zi bo‘lasan-qolasan. — U endi jilmaydi. — Yo, dadang obqo‘ygan do‘ppi yoqmadimi, Rahmatilla?
— Yo‘-o‘q, gap yoqqan-yoqmaganidamas, oppoqdada...
— Baribir toza do‘ppimas-da. Menga qara, bolam, ertadan keyin bozor, a? Agar tuzuk bo‘p tursam, shu bozor kuni senga o‘zim eng qimmat do‘ppini oberaman, bo‘ptimi? — chol birdan jiddiylashdi, yuzi ma’yuslanib, ko‘zlari ich-ichiga botib ketdi. — Mabodo bozorga borolmasam, anovi dadang menga obergan do‘ppini senga beraman, — dedi u oq durraga o‘ralib, to‘ridagi mixga ilib qo‘yilgan do‘ppiga imo qilib.
Rahmatjon bu do‘ppini ko‘rgan — juda qimmatbaho do‘ppi.
— Unaqa demang, oppoqdada, dadam xafa bo‘ladi.
— Nega xafa bo‘larkan? Buni senga bersam, dadang menga yana yangisini obkeberadi-da. — Oksoqolning yuziga tabassum yoyildi, keyin ataylab gapni boshqa yoqqa burmoqchi bo‘ldimi, —tovog‘ingni obchiqib qo‘yib ber bolam, shomgadavir birpas eshitay, — dedi.
Oppoqdadasi tovoq deb magnitofonni aytardi. Rahmat¬jon irg‘ib o‘rnidan turdi-da, eshikka yo‘nalarkan so‘radi:
— Qanaqa ashula qo‘yib beray? — haligi «Bahor ayyomi» deb aytadigan bola boru...
— Sheralinimi?..
— Ha, barakalla, o‘shani obchiq, bolam.
Rahmatjon magnitofonni oppoqdadasiga past ovozda qo‘yib bergach, qaytib chiqib, so‘rida ag‘anab yotardi. O‘choq boshida kechki ovqatga urinayotgan onasi uning bu yotishini xushlamadimi yoki hademay kirib keladigan erining jahli chiqishidan qo‘rqdimi, ham o‘g‘lining dilini og‘ritib qo‘yishdan-da cho‘chib, yalinchoq ovozda dedi:
— Anovi hovlimiz etagidagi zovur bo‘yida rosayam o‘t o‘sibdi, ovqat pishguncha o‘rib kelmaysanmi, bolam?
O‘g‘il qimir etmadi, faqat g‘o‘ldiragan ovozi eshitildi, xolos:
— Ukalarim o‘rishar, aya, men charchadim.
— Hah charchamay qol. Odam o‘ynabam charcharkan-a. Sen aytmasangam, ukalaring o‘tga ketgan.
Onasining gapi tugar-tugamay, hovli tarafda yettinchi sinfda o‘qiydigan ukasiyu, to‘qqizinchida o‘qiydigan singlisining sharpasi ko‘rindi. Ular bir tugundai o‘t ko‘tarib olishgandi. Ukalari o‘tlarini to‘kib, uy oldiga o‘tgunlaricha darvozadan dadasi ham kirib keldi. Rahmatjon irg‘ib o‘rnidan turib, salom berdi. Uni ko‘rdiyu, dadasining qovog‘i osildi, bilinar-bilinmas bosh qimirlatib, salomiga alik oldi, so‘ng qayrilib, o‘choq boshiga qaradi.
— Yaxshi keldingizmi, dadasi? — so‘radi xotini yuziga tabassum yugurtirib.
— Hm-m... Dadam tuzukmi? — savoliga tasdiq javobini olgach, kiyimlarini almashtirgani uyga kirib ketdi.
Dadasining muomalasidan Rahmatjon mulzam bo‘lib qoldi. So‘ri chetida oyoqlarini osiltirib o‘tirarkan, o‘zini o‘zi yomon ko‘rib ketdi: hamma o‘ziga loyiq ish bilan band, bir men bekorchi, xolos. O‘shanchun ham dadam yomon ko‘radi-da!.. Ishga kirmasam bo‘lmaydi, shekilli, sandiraqlayverisham jonga tegdi.
Bobosi shomni o‘qib chiqqandan so‘ng kosalarga ovqat quyildi. Halitdan beri Rahmatjonga xo‘mrayib o‘tirgan dadasi qo‘liga qoshiq tegar-tegmay, unga zardasini sochdi:
— Boshingga binnasa kiysangchi, ho‘v, bola! Urug‘imizda yalangbosh yuradigan odam yo‘g‘iydi, sen qaydan binoga kela qolding, bilmadim?
Rahmatjon indamay ovqatini kavlardi. Onasi ota-bolaga havotirli mo‘ltiraydi. Chol jim. Ukalari bosh ko‘targani hayiqishadi.
Dadasi battar jazavaga tushdi:
— Agar do‘ppi kiymasang, ko‘zimga ko‘rinmagin degandimu!.. He, o‘sha!.. Bo‘lmasa shapka kiyvol!..
— Bo‘ldi, so‘kaverma, — cholning o‘ktam ovozi uning gapini bo‘ldi. — Rahmatjon do‘ppi kiyadi. Xudo xohlasa, bozor kuni zo‘r do‘ppi oladigan bo‘ldik.
Gapga oppoqdadasi qo‘shilgach, dadasi jim bo‘lib qoldi. Shundagina hamma yengil nafas oldi, ovqat tomoqlardan osonroq o‘ta boshladi.
Ertasiga Rahmatjon kechki ovqatga chiqmadi. Dada¬si hali ishdan qaytmasidan oldin: «Meni ko‘chadan kelmadi, deb qo‘ya qoling», deya onasiga tayinlab, bobosining hujrasiga kirib, yotib oldi. U bir narsaga hech tushunmasdi — bular nega endi do‘ppiga bunchalar yopishib olishgan? Bu uyda bobosidan boshqa hech kim namoz o‘qimaydi, ya’ni juda unaqa dindor oila ham emaslar. Lekin hammalari do‘ppi kiyishadi — bobosi, dadasi, yangi hovliga ko‘chib chiqib ketgan akasi, tog‘alari, amakilari, hatto, yettinchida o‘qiydigan ukasi ham boshidan do‘ppini qo‘ymaydi. Rahmatjon mana shu sirga o‘xshash narsani anglolmay dog‘da. Dadasi, ayniqsa, dasturxon ustida yalangbosh o‘tirgan odamni yomon ko‘radi, hatto, begona kishi bo‘lsa ham, bir ignasini sanchib olmasa, ko‘ngli joyig‘a tushmaydi.
Ertalab Rahmatjon kechroq uyg‘ondi. Yuz-qo‘lini yuvish uchun tashqariga chiqkanda, so‘rida ukalari choy ichishar, bobosi esa bolishga yonboshlagan qo‘yi o‘tirardi. Rahmatjon yuvinib kelib, bobosi bilan ko‘rishdi, so‘rining chetiga o‘tirib, ukasi uzatgan choyni xo‘pladi.
— Bozorga borolmaymiz shekilli, Rahmatilla, — dedi bobosi bir oz xirillagan ovozda. — Quvvatim yetmaydi, bolam.
Rahmatjon bobosiga tikildi. Uning rangi ancha siniqqan, ko‘z osti va yuzidagi ko‘kimtir dog‘lar yana-da kengaygandek ko‘rindi. Nafas olishi ham tezlashganday edi. Yigitning yuragi ezildi, ammo ichidagini bilintirmay, cholga tasalli berdi:
— Mayli, oppoqdada, yanagi bozorga boramiz bo‘lmasa.
Chol jilmayishga urindi.
— Xudo xohlasa, boramiz, bolam!.. Oraga jimlik cho‘kdi.
Rahmatjon og‘zidagi nonni hafsalasiz chaynaydi, har zamonda xo‘rillatib choy xo‘playdi.
— Rahmatilla, — dedi bir payt chol o‘rnidan ko‘zg‘alib, so‘ri suyanchig‘iga suyanib o‘tirarkan. — Mahallamizdagi ko‘p xonadonlarga kirgansan-a?
Yigit hayron bo‘lib, bobosiga qararkan, «ha» dedi sekingina:
— Unda, ayt-chi, hamma uylarning ayvoni, uning oldida so‘rtagi, unda uzumi bormi?
— Bor, oppoqdada, — yigit battar hayron bo‘ldi.
— Bir tomonda o‘chog‘u tandiriyam bormi?
— Ha.
— Ariqchasidan ichsa bo‘lovradigan toza suv oqadimi?
— Oqadi. Nima gap o‘zi, opoqdada?
— Shularning borligini aniq bilasan-a?
— Ha, bilaman.
Chol yoqimli jilmaydi.
— Bu narsalar, ha-ha, aynan shu narsalar faqat o‘zbekning uyida bo‘ladi, bolam. Shu gaplarimni unutma.
Rahmatjon bobosining «topishmog‘idan» zavqlanib kuldi.
— Gaplaringizni tushunmadim, oppoqdada.
— Mayli, bolam, qachon tushunganingda, menta aytarsan, bo‘ptimi? Ommalekin unutmagin. Endi meni hujramga kirib, yangi do‘ppimni obchiq.
Rahmatjon itoatkorona o‘rnidan turib, uyga kirib ketdi va bir ozdan so‘ng durraga o‘rog‘liq do‘ppini olib chiqib, bobosiga tutdi. Chol do‘ppini qo‘liga oldi, durrani ochmadi, o‘shandayicha nevarasiga uzatdi.
— Bu endi senga, bolam.
— Yo‘g‘-e, oppoqdada, o‘zingiz kiyavering. Uyda do‘ppim bor-ku.
— Menga manavisiyam yetadi. — Bobosi boshidagi xiyol uringan do‘ppiga ishora qildi. — Ol!
— Xo‘p, oppoqdada, siziki tavarik, mayli, — Rahmatjon do‘ppini olib, o‘z xonasi tomon yo‘naldi.
— Kiyib ko‘rmaysanmi, bolam? — dedi ortidan bobosi.
U mujmal javob qildi:
— Boshqa kuni kiyarman, uyimga qo‘yib chiqay.
— Ha, mayli, ertaga kiyarsan, — degan bobosi birdan xomush tortib qoldi.
Lekin Rahmatjon buni sezmadi, do‘ppini xonasiga qo‘yib chiqqach, o‘z tashvishlari bilan ovora bo‘lib ketdi.
Uni saharda onasi uyg‘otdi. Onasining ko‘zlari yoshli edi. Bunaqa erta turib o‘rganmagan yigit uyquning zo‘ridan onasining ko‘z yoshlariga ham e’tibor qilmadi. Faqatgina:
— Tinchlikmi, aya? — deya oldi, xolos.
— Tur, tezroq bet-qo‘lingni yuv, — dedi onasi ustidagi ko‘rpani qayirib.
— Nimaga-ey?!.. — injiqlandi o‘g‘il.
— Oppoqdadangdan ayrilib qoldik, — endi onasi oshkora yig‘lab yubordi.
Rahmatjon hissiz bir holatda serrayib qoldi. Bo‘g‘ziga na yig‘i, na xo‘rsiniq keldi. Tashqariga chiqqanda, hovlida bir-ikki qo‘ni-qo‘shnilar bilan dadasi uymalashib yurishardi. U ariqchadagi muzdek suvda yuz-qo‘lini yuvdi. Yo‘l-yo‘lakay yuzu qo‘lini ko‘ylagiga artib qo‘ya qoldi. Shunday paytdi sochiq izlaydimi.
— Boshinga do‘ppi-mo‘ppi kiyvol, — dedi onasi unga.
U xonasiga qaytib kirdi. Stol ustidagi do‘ppisiga qo‘l uzatarkan, bobosi bergan do‘ppini esladi. Axir uni kecha shifonerga solib qo‘ygandi. Asta shifonerni ochdi, durraga o‘rog‘lik do‘ppini qo‘liga oldi. Durraning ikki uchini qayirdi. Gullari oppoq chiroyli do‘ppiga ko‘zi tushdiyu, bo‘g‘ziga nimadir tiqildi. Ko‘zlaridan mayda-mayda uchqunlar sachrayotgandek tuyuldi. Go‘yo gullarini sanamoqchidek do‘ppini ko‘ziga yaqinroq olib keldi. Bir chetiga asta labini bosdi, so‘ng ikki qo‘llab boshiga kiydi. Oynaga qaradi. Musaffo tongning, hali yuvingani ariqchadagi muzdek suvning tarovatidan nurli tovlangap yuzi, boshidagi guldastadek do‘ppi bergan fayzdan yana-da ochilib, chiroyli ko‘rindi. Ana o‘shanda u bo‘g‘zidagi narsani tutib qololmadi, «oppoqdadajon!» dediyu, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Shu payt dadasining «Rahmatjon», deya chaqirgan muloyim ovozi eshitildi. U shoshib ko‘zlarini artib, tashqariga yurdi. Ayvon ostonasida dadasi turardi. U bobosining san’atkorona tikilgan do‘ppisini kiyib olgan o‘g‘lining nur taralayotgandek ko‘ringan yuziga ko‘zi tushdiyu, birpas to‘xtab qoldi. Ayvon chirog‘ining nurida ko‘zidagi tomchilar yiltirab ketdi.
—O‘g‘lim, — dedi judayam muloyim, o‘ksik ovozda, — ammalaringni, tog‘alaringni aytib kelgin. Oldin akangga xabar berib qo‘y, — shunday deya dadasi ayvondan tushdi.
Rahmatjon «xo‘p, dada» dedi-da, darvoza tomonga burildi. Darvozaxonaga yetay deganda yana dadasining ovozini eshitib, to‘xtadi.
— Rahmatjon! — Dadasi unga tomon yurdi. U ham bir-ikki qadam tashladi. Dadasi yetib kelib, uning ikki chakkasidan tutib, ko‘zlariga tikildi. Ikkalasining ham ko‘zlari jiqqa yosh edi. Shunda dadasi bo‘g‘iq ovozda dedi:
— Barakalla, o‘g‘lim! Ilohi, boshing toshdan bo‘lsin!
Shu so‘zlarni aytib, peshanasidan o‘pdi-da, keskin ortiga qayrildi.
Rahmatjon darvozadan chiqib borarqan, beixtiyor shu fikr miyasiga urilib o‘tdi: «Boshqa millatlardayam darvozaxona bo‘larmikin?!.»