Behuda oqib o‘tgan bahorimning yillari!
Pushkin.
U qo‘shni maktabda, o‘ninchi sinfda o‘qirkan. Ismi — Oygul. O‘ziyam xuddi o‘sha oydek to‘lin, gul kabi juda-juda go‘zal edi. Lo‘ppi yuzi lovillab turardi. Bodom qovoqlari xumorlanib boqguvchi ko‘zlarini har zamon-har zamonda yashirmoqchi bo‘lib, silkinganlarida yanada chiroyli bo‘lib ketardi. Ayniqsa, kulganda har qanday odamning zavqini keltirar darajada ochilardi. Ovozi ham shunchalar yoqimli ediki, gapirganida xuddi erkalanayotgandek tuyular va shu mahal eshituvchini-da, erka bir tuyg‘ular og‘ushiga solib qo‘yardi. Avvaliga aynan ana shu ovozi meni o‘ziga asir etdi. Bo‘lmasa, u mendan bir yosh katta bo‘lib, oshnalarimning ichida uni opa, deb chaqirguvchilar ham bor edi.
Oygul bilan paxtazorda tanishdik. Yonma-yon egatga tushib qoldik. Qizlaru bolalar bir-birlariga navbat bermay javrashib, o‘rtada turli gaplar aylandi. Nihoyat, oshnalarimdan kimdir meni ko‘rsatib, «shoir» deya ta’riflay ketdi. O‘shanda Oygul menga boshqacharoq qara-di, ko‘zlari chaqnab, xiyol tikilib ham qoldimi-ey. Men¬ga bu xush yoqar, ammo hayajondanmi, yuz-ko‘zlarim lov-lov yonardi.
— She’rlarizdan o‘qib bering! — dedi u ham erka, ham yalinchoq bir ohangda.
Men endi chinakamiga xijolat tortdim, hali mening ta’rifimni keltirgan sherigimni ichimda so‘kib ham qo‘ydim. Axir men qanaqasiga shoir bo‘lay, uch-to‘rt qator qofiya tizgan shunchaki havaskor edim, xolos-da. Agar she’rlarim unga yoqmasa-chi, sharmanda bo‘laman-ku. Shuning uchun mashhur shoirlarning she’rlaridan o‘qib berdim. Ishqiy she’rlaridan. Avvaliga iymanib, keyin esa hayajon bilan o‘qidim. Shu-shu har kuni ertalab dalaga keliboq bir-birimizni izlaydigan, to kechgacha birga pax¬ta teradigan bo‘ldik. Faqat tushlik mahali ajralishardik — u qizlar, men esa o‘g‘il bolalar bilan ovqatlanardik.
Bir kuni tushlikni ertaroq tugallab, paxtazorga kirib o‘tirgancha Oygulni kuta boshladim. Bu orada qizlaru bolalar ham qaytishdi, lekin Oygul ko‘rinmasdi.
— Oygulni ko‘rmadingmi? — deya so‘radim bolalarning biridan. U tirjaydi:
— Oygulingni egasi keldi. Hov, ana tutqatorda turishibdi.
Qayrilib, sherigim ko‘rsatgan tomonga qaradim. Rostdanam, qarta boshidagi tutqatorda novcha bir yigit Oygulning yo‘lini to‘sib turardi.
— U kim? — savolga tutdim yana sherigimni.
— Hodiy. Yaqinda armiyadan kelgan... Enangdi emgur juda yomon solishadi-da. — Shu bilan sherigimning kiroyi ta’rifiyu, mening savollarimga ham nuqta qo‘yildi.
Shundan so‘ng men ular tarafga tikilib qolibman, hatto sherigimning nariga jo‘navorganiyu, paxta terishga tushib ketganini ham sezmabman.
Hodiy deganlari menga orqa qilib turar, qo‘llarini silkib, Oygulga hadeb bir narsalarni tushuntirardi. Ichimda nimadir g‘imirlay boshladi, rashkim kelardi, shekilli-da. Hodiyni yomon ko‘rib ketdim, uni shu lahzaning o‘zida bo‘g‘ib tashlashga tayyor edim. Biroq uning yoshi kattaligiyu novchaligini o‘ylab, qolaversa, boyagi sherigimning «yomon solishadi-da», deganini eslab, ko‘nglimning bir chetida undan hayiqardim ham.
Ana, Oygul uning yonidan aylanib o‘tib ketmoqchi bo‘ldi. Lekin Hodiy o‘tkazmadi. Qizning qo‘lidan mahkam tutib, o‘ziga torta boshladi. U bu orada birov ko‘rib qolmayaptimi, deganday atrofga alanglab ham qo‘yardi. Shu payt uning ko‘zi menga tushdimi, har holda men tomonga qarab, bir oz tikilib qoldi. Yuragim «shuv» etib ketdi, qanday qilib o‘tirib olganimni sezmabman. Do‘qillab urayotgan yuragimni xiyla bosib, yarim o‘tirgancha haligi yoqqa mo‘ralaganimda Oygul yugurgiday bo‘lib shu tomonga kelardi. Hodiy esa ko‘rinmasdi. Negadir o‘rnimdan turgani uyaldim. Yerga astoydil o‘tirvoldim-da, barmoqlarim bilan kesaqlarni maydalay boshladim. xayolim esa Oygulda edi. Yuragim yana qinidan chiqib ketguday do‘qillardi. Ana, g‘o‘zalar baralla shitirlay boshladi, qadam tovushlari ham aniq eshitilmoqda. Hozir u ro‘paramga yetib keladi... Qiz to‘xtadi. Men uning ko‘zlariga qarashga botinolmay, boshimni ko‘tardim, xolos. Undan sado chiqmadi. Ana shunda ko‘zlarim beixtiyor uning ko‘zlariga tushdi. Ko‘zlari jiqqa yosh edi. Hadeb o‘ng qo‘li bilan chap qo‘lining bilagini silardi. Bilagi qip-qizil edi, qontalash bo‘lib qolgandi. Men yana ko‘zimni olib qochdim, nafasim ichimga tushib ketdi. U esa qizlar tomonga qayrildi.
Bu mahal men endi o‘zimni o‘zim yomon ko‘ra boshlagandim. Qo‘rqoqlik qilganimdan uyalardim va mening murg‘ak orim ohiga bu keng dalalar ham torlik qilayotgandek edi. Umuman hozir bu yerlardan boshimni olib ketgim kelar va hech qursa mana shu joyda boshimni ko‘tar-may o‘tirishni, meni hech kim ko‘rmasligini istardim, juda-juda istardim... Kimdir chaqirganday bo‘ldi. Ha-ha, bu Oygulning ovozi edi, u meni chaqirardi. Asta o‘rnimdan turdim, ming bir andisha bilan unga qara¬dim.
— Ko‘rmadingiz shekilli-da, a, sherik? Bo‘lmasa, yordamga borardingiz. — U bir oz jilmayib, kinoyali boqib turardi. Uning bu turishidan boyagi voqeani ko‘rganimni payqagani ma’lum edi. — Nima qilamiz, paxta teramizmi endi?..
Ochig‘i, men uning ovozidagi o‘zgarishdan lol edim. Uning ovozi qanaqadir dag‘allashganmidi-ey, yo‘q-yo‘q, to‘g‘rirog‘i, farmonravo eshitilardi. ho‘llas, endi u negadir juda dadil gapirardi. Bu menga alam qildi. Agar o‘sha Hodiy deganlari yana keladigan bo‘lsa, mushtlashishni dilimga tugib qo‘ydim. Aslida bu alamim ham holva ekan. Kechga yaqin hamma tergan paxtalarini yig‘ishtirib qoladi. Men har kuni bunaqa mahalda Oygulning o‘z paxtasini tezroq tugib bo‘lishini va najot kutib, iymanib turishini ko‘rishni istardim. So‘ng esa «paxtasini tarozigacha ko‘tarib olib chiqib berardim. Ammo bugun... Endi u iymanib o‘tirmadi, meni chaqirdi-da, paxtasini ko‘targizib qo‘yishimni so‘radi. Buni qarangki, men ham «yo‘q, o‘zim olib chiqib beraman», deyolmadim, uning aytganini qilib qo‘ya qoldim. Ana shunda butun vujudimni alam yondirdi, kipriklarimning osti achishib, ko‘zlarimga yosh sizdi.
Hodiyning boplab adabini berish niyatida tuni bilan turli rejalar tuzib chiqdim. O‘zimcha uning adabini berishga qodir edim.
Ertasiga Hodiy tushdan oldin keldi. Yonida ikkita sherigi ham bor edi. Sheriklari tutqatorda qolishdi. U esa to‘g‘ri bizning oldimizga kela boshladi. Rostdanam uning qomati kelishgan edi. Bo‘yniyu qo‘llaridagi paylari bo‘rtib-bo‘rtib turardi. Kalta qilib olingan sochi uni go‘yo sportchilardek rasida etib ko‘rsatardi.
— Hormanglar-hormanglar! — dedi u oldimizga yetib kelib, mardona ovoz bilan va pastroq ovozda qo‘shib qo‘ydi, — Oyguloy, sizda ozgina gapim boriydi-da. — Bu bilan u qizga chetroqqa chiqaylik, demoqchi bo‘ldi.
Oygul bosh ko‘tarmadi, indamay paxta teraverdi. Hodiy fahmladiki, qiz bu yerdan jilmoqchi emas. Shun¬da u yaqinroqda terayotgan bolalarga bir yovqarash qilgandi, hammalari nari ketishdi. Qizlar esa qiqir-qiqir, shivir-shivir qilishib, tezroq paxta terish bahona ularni yolg‘iz qoldirishga urinishardi. Birgina men o‘rnimdan jilmadim. Engashgan ko‘yi indamay paxta teraverdim. Qulog‘im esa Hodiyda edi.
Avvaliga u meni payqamadimi yoki nazariga ilmadimi, har tutul menga parvo qilmay, qizga gapiraverdi:
— Kechagi gapimni o‘ylab ko‘rdingizmi, Oygul? — so‘radi u butunlay begona, to‘g‘rirog‘i, bir oz dag‘alrog‘u, lekin mehribon ovozda.
Qiz indamadi.
— Nega indamaysiz, Oy?
Shu gapini eshitdimu, negadir unga havas qila boshladim, uning o‘rnida bo‘lishni istab ketdim. Nega endi men o‘zim yoqtirgan qizni, ya’ni Oygulni Oy, deb atolmaganimdan o‘kindim. Axir men ham shunday deya chaqirishim mumkin edi-ku. Lekin Hodiydek erka, shu bilan birga mag‘rur bir ohangda chaqira olarmidim? Ha, u Oy so‘zini juda-juda yoqimli aytardi. Men hozir Oygulning yuzini ko‘rishni, unga Hodiyning gaplari yoqqan yoki yoqmaganligini bilishni istardim. Shu niyatda boshimni ko‘tardim. Oygul endi paxta termas, egatga cho‘nqayib olgandi. Uning ko‘zi g‘o‘za shoxlari orasidan menga tushdi. Unga tikilib turgan Hodiy o‘shanda meni payqadi. Payqadiyu g‘azab bilan men tomonga o‘girildi, qo‘pol ovozda to‘ng‘illadi:
— Sen nima qilyapsan bu yerda?
Men «nima ishing bor», demoqchi bo‘ldimu, ammo aytolmadim. Negadir ovozim chiqmadi, og‘ir bir yutina oldim, xolos.
— Qorangni o‘chir betdan! — deya o‘dag‘ayladi u endi men tomonga bir-ikki qadam tashlab.
Men o‘rnimdan jilmadim, unga nafrat bilan tikilib turaverdim.
— Voy, sen manqa-ey!,. — U masharaomuz tirjayib, menga yaqinlashdi. Urmoqchiday o‘ng qo‘lini keskin ko‘targandi, men ikki qo‘lim bilan yuzimni to‘sib, chap berish niyatida gavdamni ham qayirdim. Shunda u ketimga tepib yubordi. Shu lahzada Oygulning «Hodiy aka, urmang!» degani eshitildi. Men esa g‘o‘zaga qoqilib, yerda ag‘anab yotardim.
Hodiy qizning gapi ta’sir qilganidanmi:
— Tur, yo‘qol endi, bo‘masa kaltak yeysan! — dedi-da, Oygulning oldiga ketdi. Ikkalasi yonma-yon yo‘l tarafga yurishdi.
Men esa alam bilan yerni mushtlardim, xo‘rligim ke¬lib, chiyillardim. Ko‘zlarimdan achchiq yosh sizardi. Endi men Oygulni ham, Hodiyni ham va umuman hech kimni ko‘rishni istamasdim. Shahd o‘rnimdan turdim-da, yig‘lagancha qishloq tomonga yugura ketdim.
Terimga ertasi kuni chiqdim. Oyguldan o‘zimni olib qochganim sari u oldimga kelib olar, turli gaplarni gapirar, chamamda, ko‘nglimni ko‘tarmoqchi bo‘lardi. Qaniydi, shu lahzada u o‘zining bu gaplari menga naqadar og‘ir botayotganligini va endi men o‘zimni unga munosib ko‘rmasligimni bilsa edi. Afsuski, bilmasdi, bilmaganligi uchun ham o‘zi sezmay, meni masharalardi. Men esa Hodiyni kutardim va bugun, albatta, o‘ch olishimga, uning boshiga ham kecha o‘zimnipg boshimga tushgan xo‘rlikni solishimga ishonardim. Shuning uchun tez-tez yo‘l taraf¬ga qarab qo‘yardim. Keyinroq bildimki, yo‘l poylayotgan birgina men emas ekanman. Oygul ham menga gapirarkan, goh-goh boshini ko‘tarib, yo‘l tomonga ko‘z tashlab qo‘yardi. Ko‘zlaridagi ma’no u ham Hodiyni kutayotganligini anglatib turardi. Demak, ikkalamiz ham o‘shani kutardik, faqat ikki xil maqsad bilan. Ammo baxtga qarshi o‘sha kuni Hodiy kelmadi.
Kechga tomon paxtamni ko‘tarib, taroziga chiqib ketayotsam, paxtasini tugayotgan Oygul gina qilganday dedi:
— Mening paxtamni obchiqib bermaysizmi?
Rosti, men endi uning paxtasini ko‘tarishni istamasdim va ayniqsa, menga bemalol ish buyurayotgani yoqmasdi, yoqmay qolgandi. Lekin ilojsizlikdan o‘zimning pax¬tamni qo‘yib, unikini ko‘tardim. O‘zimnikiga qaytib keldim.
Hodiy ertasiga ham ko‘rinmadi...
Va nihoyat u ertasiga tushlik mahali shiyponda paydo bo‘ldi. O‘tgan kunlar mobaynida g‘azabim ancha so‘nib qolgandi. Shundanmi, uni ko‘rishim bilan yana yuragim shuvillab ketdi, qo‘rqa boshladim, shekilli-da.
Oygul uning imosi bilan qizlar davrasidan ajralib chiqib, ortidan shiyponning orqasiga o‘tib ketdi. Tavba, yana mening ichimda nimadir g‘imirlay boshladi — rashkmidi u, alammidi, bilmadim! O‘rnimdan turib, asta shiyponning yonboshiga bordim. Devorga suyanib, binoning ortiga mo‘raladim. Ha, katta tol tagida Hodiy bilan Oygul ro‘baro‘ turishardi. Hodiy nimalarnidir gapirar, Oygul esa yerga qaragan ko‘yi jimgina tinglardi. O‘zimni yana yonboshga oldim. Yuragim dukillab, entika boshladim. Orqam bilan devorga qattiq suyandim, ko‘zlarimni yumdim. Tag‘in qasos o‘ti vujudimni qizdira boshladi. Nazarimda, hozir ayni payti edi. Mendan Hodiyning oldigacha o‘n qadamcha bor. Bor kuchim bilan yuguraman-da, qorniga kalla solaman. Shu xayolda raqibim tomonga yana bir bor mo‘raladim. Ular hamon o‘shanday turishardi... Demak, qorniga kalla solaman. Yigitib olsam bas, u yog‘iga tepkilab tashlayman. Bu payt yuragim qinidan chiqib ketguday urar, entikib-entikib hansirardim. Qo‘llarimni silkib, panjalarimni tez-tez qimirlatib, paylarimni kuchli zo‘riqishga tayyorlagan bo‘lardim. Go‘yo hozir menga keraqli kuchni devor beradigandek unga yanada kattiqroq suyanardim. Chopishga shaylanayotgan ot misol oyoqlarimni ko‘tarib-ko‘tarib, depsinib qo‘yardim. Nihoyat tayyor bo‘ldim shekilli, yurak urishim me’yorga kela boshladi, mushtlarim mahkam tu¬gildi. Shu ko‘yi boshimni xiyol egib, zarb berishga tayyorlanganimdan yelkalarimni bir oz qisib, na’ra tortgancha raqibim tomonga yugurdim. Ha-ha, hayqirgancha yugurdim. Ko‘zlarimni esa mahkam yumib olgandim, hozir go‘yo butun vujudim ko‘zga aylanganu, unga Hodiyning surati muhrlanib qolgandi.
Nazarimda, ancha yugurdim, lekin hamon raqabimga yetmasdim. Demak, ko‘zimni ochishim kerak. Ochdim. Ochdimu, taqqa to‘xtadim. Chunki uch-to‘rt qadam narida Oygul bilan Hodiy qo‘l ushlashgancha tutzor tarafga borishardi. Men sizga aytayotgan bu gaplar bir necha lahzalar ichida ro‘y bermoqda edi. Mening hayqirganimgami yoki boshqa sababdanmi, ikkisi ham baravariga ortiga o‘girilishdi-da, avvaliga hayrat bilan menga tikilishdi. So‘ng esa yosh bolaning qilig‘idan zavqlangan kattalar kabi birdaniga jilmayishib, yana asta yo‘llariga ketaverishdi. Ular bir-birlariga bog‘langan qo‘llarini xuddi belanchak misol silkib borishardi.
Men o‘z holatimni shundagina angladim — ikki qo‘limni musht qilgancha ikki biqinimga qisib, xiyol enkayib, yelkalarimni qimtigan ko‘yi qotib qolgandim. Hozir butun tanam bitta mushtga aylangandek edi. Lekin Oygul va Hodiynipg boyagi tabassumlaridan keyin dami chiqib ketgan pufakdek shalvirab, ko‘zlarim tindi-da, yelkam bilan haligina ikki sevishganning sirlariga guvoh bo‘lgan tolga suyanib qoldim.
Shiyponning narigi tarafidan go‘dakning yig‘lagani eshitildi...
Yuragim oqib borardi, unga qo‘shilib men ham oqardim...