Ayvondan tushib, so‘rining oldiga yetganda og‘riq kuchaydi. O‘ng qo‘li bilan qornini changallab, chap qo‘lida so‘rining yog‘och ko‘ngurasini tutgancha, yarim bukchayib nafassiz turib qoldi. Kindigining atrofida xuddi ho‘l lattani siqqan kabi burab paydo bo‘ladigan bu og‘riq o‘nga qariyb yig‘irma yildan berib azob beradi. O‘qtin-o‘qtin tutib qoladi u qurg‘ur, na fasl tanlaydi, na iqlim. Sovuqdan deb davo izladi — bo‘lmadi, issiqdan saqladi — naf bermadi. Parhezga o‘tib ko‘rdi — qani endi tuzalsa. Axiyri og‘risa og‘riqi, og‘rimasa og‘rimadi, demaydigan bo‘ldi. Bundayam Allohning bir hikmati bo‘lsa kerak-da, deydi-qo‘yadi. Yo hafsala qilib do‘xtirga bormaydi. Bir borganida o‘sha odamlar zo‘r deb maqtagan do‘xtir qornini rosa uqaladi, bir nimalarni so‘radi, nihoyat: «Qorningizda kolit bor ekan», dedi. «Qornimda kalit nima qiladi?» deb kuldi og‘riq orasidan bir tuynuk topib. Keyin bilsa, «kalit» degani — bu kasallikning nomi ekan. Do‘xtirning yozib bergan dorilari kor qilmagach, shu-shu u yoqqa bormay qo‘ydi. Lekin do‘xtirlarni hech dachon kovjamaydi, hammasi Allohdan deydi. Bir tomoni, bu og‘riq deganlari yaqin qadrdoniga aylanib qoldi, desa ham bo‘laveradi. Chunki og‘rimagan kunlari tushunib bo‘lmas g‘alati bir tuyg‘u bilan eslab, «qornim og‘rimay qo‘ydi-ya», deya ko‘nglidan o‘tkazib qoladi. Og‘riq boshlanguday bo‘lsa, «kalitim buralyapti», deb bolalariga qiziqchilik qilgan bo‘ladi...
Qorni anchadan beri og‘rimay qo‘ygandi. Bir-ikki, nima balo hayr-ma’zurni nasiya qilib jo‘navordimikin-a, deya o‘ylagani ham rost. Keyin-keyin xursand bo‘ldi, namozlarida shukrona keltirdi. Qish ichi ham og‘rimaganiga endi tuzalibman shekilli, degan ho‘losaga keluvdi. Yo‘q tuzalmagan ekan, mana, qo‘qqisdan ushlab qoldiyu. Endigina asr namozini o‘qib, tashqariga chiqayotganda og‘riq turdi.
U qornini changallagancha tobora bukchayib borardi. Bu safar bukchayish tugul ingrab yubordi, yo‘q, tishini tishiga qattiq bosib, cho‘zib ingradi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. O‘ziyam qattiq og‘riydi-da — kindigining chap yonida paydo bo‘lgan og‘riq buralib, asta-asta o‘ng tomoniga o‘tadi va bir muddat to‘xtaydi. So‘ng yana qaytadan boshlaydi va boyagiday davom etadi. Og‘riq aylanayotganda kindigining atrofi toshday krtadi. Shunaqa buralib aylanishlar ikki-uch bor takrorlansa bas, ancha-muncha baquvvat odamning ham tinkasini quritadi. Goho og‘riq asnosida do‘zaxdayam shunaqa og‘riqlar bo‘lsa kerak-da, deya xayol qiladiyu, darrov istig‘for aytadi. Ba’zan esa uzoq azoblardan so‘ng og‘riq to‘xtaganida madori qurigan odamning ayanchli jilmayishi bilan kampiriga hazil qilib qo‘yadi:
— Bollaringga to‘lg‘oq tutganida nazaringdan qolmovdimmi, kampir? Mabodo qarg‘ab-netmovdingmi? — deydi kampirining qo‘lidan birovni qarg‘ash kelmasligini yaxshi bilgani uchun hazildan keyinoq mehrli boqib. — Xuddi to‘lg‘oq tutganga o‘xshab og‘riydi-ya, jonivor!..
Og‘riq qo‘yvordi. Qaddini xiyol ko‘tarib, bir oz nafas rostlash uchun suriga o‘tirdi. Kampiri o‘choq boshida edi, shuning uchun uning tobi qochganini sezmadi. Lekin chol ro‘parasidagi gilos ortidan goh-goh ko‘rinayotgan kam¬piriga umidvor tikildi — og‘riqning to‘xtashiga xuddi u sababchiday yoki yana og‘riq turishini ugina to‘xtatib qolishi mumkinday, yuragi orziqib, mijjalari achishganday bo‘ldi. Ahvolimni ko‘rishi bilan yugurib keladi, deya o‘yladi keyin. Keladi!.. U ayni paytda kampirining qayrilib qarashini, darrov yugurib kelishini, bir bor mehrli boqishini juda-juda istab ketdi. Ammo kampirjoni hadeganda qarayvermadi, chunki u anchadan beri og‘riqni unutib yuborayozgan cholining ahvolidan xotirjam bo‘lgani uchun o‘zining har kungi tashvishlari bilan band edi. Bir tomoni qaramaganiyam durust, negaki kampiri keyingi yillarda qarilikni bo‘yniga olib, tobora krvjirab bormoqda. Cholining dardi yana tutib qolganini bilsa, sho‘g‘lik bezovtalanadi, oromini yo‘krtib, yuragiga zo‘r keladi. Kampirning kasal bo‘lishi, boringki, yotib qolishi, chol uchun o‘z dardidan og‘irroq tuyuladi. Chunki o‘zbek chollari o‘z kampirlari bilan tirik, ularning sharpasini hech yo‘q uzoqdan bo‘lsa-da, ko‘rib turishmasa, jonlari halqumiga keladi-qoladi. Suyishgayam, so‘kishgayam kampir darkor, illo choli tushmagurlarning jon rishtalarining bir uchi kampirsholarning jonlariga payvand. Ha, buni hozirgi yoshlar qayoqdanam bilishsin. Ba’zi keksalar tul qolishib, og‘izlaridan «kampir-kampir» tushmaguday bo‘lib cho‘zilsa, yosh-yalanglar hazil-mazax qilibmi, xiringlashib qo‘yishadi. Qarimaganlar kampirning qadrini qayoqdanam bilsin. Ular ham qarisin, ilohi, bellaridan quvvati arisin, ana undan keyin...
Qolaversa, uning kampiri bo‘lakcha — cholga juda jon tortishadi. Azali shunday. O‘sha yoshlik chog‘laridayam ba’zi ayollarga o‘xshab erini begona deb bilmasdi, tarbiyasi shundaymidi, negadir o‘z jigariday qayishib yashardi. Shuning uchun bu ham uni juda-juda yaxshi ko‘rardi. Bir kun ko‘rmaoa, sog‘inib qolardi. Ayniqsa, jahli chiqqanida agar kampiri yonida bo‘lmasa bormi, tamom, atrofidagi bola-chaqalari qochgani joy topolmay qolishadi. Bunga o‘rganib qolishgan farzandlari onasini hazillashib «dadamning dorisi», deb ham qo‘yishadi. Nima qilsin, o‘rganib qolgan-da. Lekin shu paytgacha hali biron marta: «Xotin, seni yaxshi ko‘raman», demagan. o‘urug‘i yo‘l qo‘ymagan, shekilli-da. Ammo ko‘p bor aytgisi kelganu tilining uchidan qaytargai. Bir tomo¬ni, aytmagani ham durust, mehrning, oqibatning mazasi qochadi. Muomalalari bachkanalashib ketadi, har holda u shunday o‘ylaydi.
Kampiri haliveri qaramasligiga ishonch hosil qilgach, chap kaftini qorniga bosgancha asta qadamlar bilan hovli tomonga yurdi. Ko‘chadagi katta anhordan oqib kiradigan ariqcha-tashlamani hatlab o‘tib, bir to‘xtalib oldi, shu ozgina silkinishdan ham qornim og‘rib qolmasaydi, deb qo‘rqib ketdi. Qo‘rqqanicha bor ekan, bostirma tomonga bir-ikki qadam tashlar-tashlamas, rostdanam haligi silkinishdan qo‘zg‘aldimi yoki o‘zi og‘riydigan muddati kelganmidi, qorni tag‘in burashga tushdi. Lekin endi darrov bukchayib olmadi-da, bir oz ildam qadamlab, qo‘y qo‘rasi oldidagi shoxcha qirqadigan to‘nkaga o‘tirdi va qornini changalladi. Bir-ikki qattiq buragach, sillasi qurib, peshanasidan ter chichiqib ketdi. «Yo Alloh, rahming kelsin!» deya ingradi tishlari orasidan. Biroq og‘riq to‘xtamadi va hatto, kuchayganidan yerga dumalab yuborishiga oz qoldi. Chidamaganidan g‘ujanak bo‘lib, tizzalarini g‘ajiguday ahvolga tushdi.
Darvozadan tomoq qirib, o‘rtancha o‘g‘li kirib keldi — u ishidan qaytmoqda edi. U yoq-bu yoqka alanglab o‘choq boshidagi onasini ko‘rdi-da, «hormang, buvi», dedi turgan yerida. Onasi boshini ko‘tarib: «Hmm, keldingmi?», dediyu yana nimagadir chalg‘idi.
— Dadam uydami? — so‘radi o‘g‘il.
Onasi boshini ko‘tarib, cholini unutganligidan xijolat bo‘libmi, xiyol kalovlanib qoldi.
Otasi ularning gaplarini eshitib turganligidan «men bu yerdaman», deganday tomoq qirib qo‘ydi. O‘g‘il o‘sha tarafga yurdi, onasi esa tinchlikmikin, deganday uzoqdan choliga tikildi.
— Assalomu alaykum, dada. Ha, beyda o‘tirib krbsiz? — deya otasi bilan so‘rashgan o‘g‘il uning yuziga sarasaf soldi.
Chol allaqachon o‘zini o‘nglab olgandi, chunki mazasi qochganini o‘g‘liga sezdirmoqchi emasdi. Shuning uchun:
— Aleykimassalom, keldingmi, bolam? — dedi iloji boricha ravon gapirishga urinib.
Biroq sezgir farzand otasidagi o‘zgarishni darrov payqagandi:
— Nima, yana qorniz og‘riyaptimi? — so‘radi achinish ohangida.
Chol talmovsiradi;
— Yo‘-o‘q, yaxshiman, sal-pal...
— So‘riga oborib qo‘yaymi?
— Yo‘q!.. Bor, ishingni qilaver, — dedi ota bUyro‘q ohangida.
O‘g‘il otasining fe’lini yaxshi bilganidan indamay hovlining etagidagi o‘z uyi tomon o‘tib ketdi.
Bu payt erining ahvolidan havotirga tushgan kampiri shu tarafga kelmoqda edi. Cholning ko‘nglida ajib bir evrilish paydo bo‘ldi-da, atrofini o‘rab borayotgan qorong‘iliq o‘rnini taskinli bir huzur egallab, hatto, og‘riq ham pasaygandek tuyuldi. Bu shunchaki uzoq yillar mobaynida qo‘sha qarigan er-xotinlar o‘rtasida vujudga keladigan ko‘nikmamidi yoki rostdan ham kampirining bir nimasi bormidi, har tugul, u yonida bo‘lsa mushkullari oson kechardi.
— Bu yerda nima qib o‘tiribsiz, odamdi ko‘rqitib? — deya so‘radi kampiri havotirini erkalovchi bir ohangga chulg‘ab.
— Tag‘in og‘rib qoldi-da. Esimdanam chiqib ketgan ekan! — chol boyagidek kuchanib gapirardiyu, biroq ovozi u qadar ayanchli emasdi.
Kampiri nima qilarini bilmay, kalovlandi.
— Novvotchoy qib beraymi? — dedi choliga joni achiganidan xuddi o‘zining qorni og‘riyotganday yuzi tirishib. Lekin novvotli choy uning dardiga malham bo‘lolmasligini yaxshi bilardi.
Chol ham kampirining ahvolini tushunib turardi, shuning uchun o‘zini bardam tutishga urinib, dedi:
— Borib qozon-tovog‘ingga qarayver, kampir, xiyla tuzukman.
— Iloyo, Xudoning rahmi kesin! — u choliga birpas termilib turdi, so‘ng: — Suyuqqina mastava qibberaman, — deya o‘chog‘i tomon ketdi.
Og‘riq qo‘yib yuborganidan chol o‘zini yana tetikroq his qilmoqda edi. U qornini beixtiyor quchoqlab, turli mevalarga burkangan hovlisiga intiq razm soldi. Bu bog‘ni o‘zi yaratgan, o‘z qo‘llari bilan yaratgan. Bolalarim yeydi, deb hamma mevadan o‘tqazgan. Bog‘ida yo‘q mevaning o‘zi yo‘q. Otasi rahmatli ham shunaqa edi — hamisha ko‘chat ko‘tarib yoki qo‘lidan gulqaychi tushmay, mevali daraxtlarni shaqlga solib, qirqib yurardi. Manavi molxonaga yopishib turgan, yo‘g‘onligi bir qulochdan ancha ortib ketgan qari o‘rikni ham otasi ekkan. O‘shanda bu o‘n besh-o‘n olti yashar o‘spirin bola edi. Shungayam mana ellik yildan ortiq vaqt bo‘libdi. Hozir u oltmish to‘qqizga kirdi, o‘rik esa ellikdan oshibdi. Ha, o‘rik ham qaridi, har yili g‘uj-g‘uj gullaydiyu, biroq uncha g‘o‘ra tugmaydi. Uyam avvalgi shashtim bor, deb o‘ylasa kerak-da. Yo‘q qarilik baribir g‘alaba qilar ekan. Bu jonivorning haybatini qarayu!..
Hozir negadir o‘limni eslab, xuddi bugun o‘lib qoladigandek tuyuldi nazarida. Avvallari o‘limni eslagudek bo‘lsa ham go‘yo ertaga ertalab ishga borishi keraqligi yodiga tushganday bir tuyg‘u xayolidan kechardiyu tezda unutardi. Lekin bugun unday bo‘lmadi, o‘lim xayoli kallasining bir burchagiga o‘rnashib oldi-da, uni beorom qila boshladi, vahimaga soldi. Ehtimol vahimaga soldi deyish butunlay to‘g‘ri bo‘lmas, chunki uning uchun shu yoshda o‘limdan qo‘rqishi bachkanalikka o‘xshaydi. Vahima esa, hamma ishni qila oldimmi, bola-chaqamga barcha gaplarimni aytib ulgura olamanmi-yo‘qmi, degan kabi savollarga o‘rangan bir insoniy havotir edi, xolos. Masalan, katta o‘g‘lini alohida uy qilib chiqargan, undan ko‘ngli to‘q. O‘rtanchasini hovlisining etagiga joylagan. Manavi o‘rikning ro‘parasidan devor qilib (agar o‘g‘illari shuni xohlasa), ikkiga bo‘lib bersa, tinchiydi. Hovli katta, ikkalasigayam yetadi. Katta uy kenjatoyga qoladi.
Ikki qizi esa allaqachon uyli-joyli bo‘lib ketishgan. Asosiy gaplarni o‘rtancha va kenja o‘g‘illariga aytishi kerak. Bu haqda avvallari ham ko‘p gapirganu, ammo o‘lim oldidan aytiladigani bo‘lakcha bo‘ladi-da. U bir g‘alati bo‘lib ketdi, rostdanam o‘lib qolsa-ya. Kenjasini unashtirib qo‘yishgan, nahotki uning to‘yig‘a yetib borolmasa? Nega muncha o‘limni o‘ylab qoldi, og‘rib yurgan qorni-da, axir!.. Yo‘q, bu safar boshqacharoq. Ko‘nglidayam allanechuk havotir g‘imirlaydi... Qaniydi, shu kenjatoyining to‘yini ko‘rib, keyin o‘lsa! Ha, aytganday, u haliyam ishdan kelmadimi? Yo kelganini ko‘rmay qoldimi? Yo‘q, o‘g‘illari tuzuk, ishga ketishda ham, ishdan qaytishda ham otasi bilan ko‘rishib o‘tishadi. Hali kelmadi. Nega kech qoldiykin-a?! U «yo pirim!» deb o‘rni¬dan turarkan, qorni og‘rib qolishidan qo‘rqib gavdasini butunlay tiklamadi. Haligi og‘riqlar bilan ancha quvvati ketganidan oyoqlarini sudrab, bukchaygancha uy to¬monga yurdi. Bu orada o‘g‘lini so‘rash uchun ko‘z qiri bi¬lan kampirini qidirdi. Bir qulog‘i cholida bo‘lgan kampiri uning qo‘zg‘alganini ko‘riboq shu tomonga yurgandi.
— Kenjang ko‘rinmadimi, kampir? — so‘radi u inqillab va bu orada so‘rining oldiga kelib qoldi.
— Daragi yo‘g‘u... Ushlanib qolgandir-da. — Kampirining ovozida taskin beruvchi ohang bor edi.
— Shunday bo‘sa kerak...
U so‘riga cho‘zilmoqchi bo‘lgandi, kampiri shosha-pisha bolishlarni to‘g‘riladi.
— Ovqatam pishib qoldi, qaerda ichasiz?
— Shu yerga obkelaqol...
Uning mutlakr ishtahasi yo‘q edi. Bu gapni esa shunchaki kampiriga javob berishi lozim bo‘lganligi va uni ortiqcha havotirga solmaslik uchun aytdi.
Bolishga yonboshlashi bilan qornida yana og‘riq turdi. Afti tirishib, og‘riqqa hamohang kuchangancha o‘rnidan turib, so‘ri suyanchig‘iga suyanib oldi. Yo Alloh, bu nima ko‘rgilik bo‘ldi endi? Tuppa-tuzuk yuruvdi-yu! Bunaqada hademay o‘rnidan turolmay qolishi mumkin. Ungacha shom namozini hech bo‘lmasa o‘tirgan ko‘yi o‘qib olsa bo‘lgani. Qornidagi burov yana qo‘zg‘aldi — qornini changallab, g‘ujanak bo‘lib oldi-da, og‘riq yakun topguncha ingrab turdi. Og‘riq o‘tib ketgach esa bir oz hansiradi.
Bilmagan odamga, sho‘rlik chol shuncha azob tortsayu, birovning hech yo‘q do‘xtir-po‘xtir chaqirmasligi g‘alati tuyulishi mumkin. Avval ham bunaqa holatlar ko‘p bo‘lgan va ba’zilarida «tez yordam» chaqirishgan yoki mashinaga o‘tqazib shifoxonaga olib borishgan, chora-tadbir qo‘llashgan, hatto, haytovur og‘riq ham to‘xtagan. Biroq bu hol ko‘p bor takrorlanganligi va har safar o‘z muddati yetmaguncha darddan forig‘ bo‘lolmaganligi uni bu ortiqcha dahmazalardan bezdirib qo‘yganki, toki «do‘xtir» deyishlari bilan darrov rad etadi. Shuning uchun oiladagilar ham cholning xohishiga qarshi borolmaydilar.
Katta o‘g‘lini va qizlarini aytkizsamikin-a? Qo‘qqisdan ulgurolmay qolsa... Ularni bezovta qilib nima avzum (naf) topardi. Hammasidan rozi, Xudoga shukur, barchalarining tirikchiligi joyida. Mabodo aytkizguday bo‘lsa ham, sho‘rliklar to otalarining joni uzilguncha besaranjom bo‘ladilar... Rostdanam joni uzilarmikin-a? Tavba, namuncha bu fikr xayolidan ketmay qoldi?.. Iimm-mm!.. Yana og‘riq turdi...
Kampiri xontaxtaning ustiga dasturxon solib, uning istagiga binoan yarim kosa mastava olib keldi.
— Kichkinang kelmadi-yu, kampir? — deb qo‘ydi u ojiz bir ovozda, ovqatini kavlarkan.
Shu payt molxona tomonda o‘rtancha o‘g‘lining sharpasi ko‘rindi. Uning bir qo‘lida usti qog‘oz bilan yopig‘liq chinni kosa bor edi.
Kampir cholga to kichkina o‘g‘li haqida jo‘yaliroq bir gap topib gapirguncha o‘rtancha o‘g‘il yetib kelib, salom berdi va kosadagi ovqatni dasturxonga qo‘ydi.
— Bolalaring minan yeyavermabsan-da, bolam? — deb qo‘ydi chol inqillab, lekin o‘g‘lining bu mehribonchiligi uning ko‘nglini shu ahvolda ham erkalovchi bir epkin bilam mayin siypalab o‘tdi.
— Sizlar bilan o‘tirgim keldi-da, — derkan o‘g‘li kosaning ustidagi krg‘ozni oldi — osh ekan.
— Mastava obkelaymi? — deb qo‘ydi onasi shundoq g‘am mastava quyib kelish uchun oshxona tomonga yo‘nalarkan.
Cholning bir oz zardasi qaynadi, kenjasi haqidagi savoliga javob bermaganligi uchun kampirini o‘dag‘aylagisi keldi. Keldiyu, ro‘parasida o‘tirgan o‘g‘lidan andisha qilib, og‘iz juftlagani hamono to‘xtadi. Kuchanib qaddini rostladi va mastava quyilgan kosadagi krshiqni olib, o‘g‘lini oshga undadi:
— Qani, oshdan olaylik-chi! — nomigagina tatindi-da, yana yonboshlarkan, — o‘zing olaver, — dedi krshiqni u tomonga surib.
— Hech bo‘lmasa, mastavani iching, dada.
Chol javob berish o‘rniga og‘riqdan bujmayib oldi...
Ovqatlanib bo‘lishgach, u shom namozi taraddudiga tushib qoldi. Dasturxonga fotiha qilib, so‘ri chetiga bazo‘r surilarkan:
— Joynamozni romga solib ber, kampir, — dedi xirillab. Endi u butunlay holdan toygandi.
— O‘qimay qo‘ya qolmaysizmi, chol? — kampir achinganini yashirolmadi.
Chol indamay bukchayganicha uy tomonga yurgach, kampir uning maqsadini anglab, yugurguday bo‘lib undan oldin rom (oynavand ayvon)ga kirdi. To‘riga joynamozni to‘shab, pastga tushayotganda, chol inqillab kelib, ayvondagi so‘ri chetiga o‘tirdi. Hansiray-hansiray nafas olarkan:
— Kenjang kelmadi-ya?.. — deb qo‘ydi entikib.
— Ko‘cha-po‘chada oshnalariminan ushlanib qolgandir-da, — deya tasalli berdi kampiri.
Tahorat olishga holi kelmaganidan yonboshidagi pokiza bolishga ikki kaftini bosib, tayammum qilib qo‘ya qoldi. Namozni o‘tirgan ko‘yi o‘qigan bo‘lsa-da, quvvati yo‘qligidan, ham o‘qtin-o‘qtin xuruj qilgan og‘riqning zo‘ridan ancha qiynaldi. Namozni tugatib, yonboshdagi to‘shakka chalqanchasiga cho‘zildi. Qorin paylari bo‘shashib, yoqimli jimirladi va shu bilan og‘riq pasaygandek bo‘ldi.
Oradai hech qancha o‘tmay kampiri kirib kelib, choli yoniga omonatgiia o‘tirdi.
— Tuzukmisiz? — dedi sokingina, hatto, ovozi ham cholining oromini buzishidan cho‘chinqirab.
— Hmm... O‘g‘ling kelmadimi? — deya so‘radiyu, o‘g‘lini ko‘p so‘rayverishi kampiriga bachkanalikdek tuyulishidan istixola qildi va bu so‘roqlashlari o‘zining fe’liga zid ravishda bo‘layotganini sezib, qo‘shib qo‘ydi. — Gapim boriydi-da...
Kampiri esa bu gapni o‘zicha tushunib, cho‘chib tushdi, ammo bilintirmadi.
— Kep qolar... O‘rtanchangizniyam uyingga o‘tib ketaver, dedim...
— Yaxshi qipsan... — Chol ko‘zlarini yumib, tin oldi. Mana shu yoqimli sokinlik asnosida muntazam og‘riq tufayli bo‘m-bo‘shdek g‘ovlab qolgan miyasida olis xotiralar uzuq-yuluq gavdalandi-da, otasining farishtali siymosi tiniqlasha bordi. Rahmatli ajab hotamtoyi fe’lli odam edi. Ko‘pincha ikkala o‘g‘li, ayniqsa, kenjasi bo‘lmish bu bilan ovqatlanishni xush ko‘rardi. Agar o‘g‘illari uyda bo‘lmasa, gohida to ular kelgunlaricha ovqatlanmay, kutib o‘tirardi. Hammasidan ham uning krvun-tarvuz pishig‘i mahalidagi odatlari qiziq edi. Bozordan krplab tarvuz-krvun sotib olar va yelkasida ko‘tarib kelardi-da, hovlidagi ariqchada shildirab oqayotgan suvga tashlab qo‘yardi. Birpas nafasini rostlab olgach, hamma bolalarini ro‘parasiga davra qurdirib, o‘tkazardi-da, belbog‘idagi qindan kattakon pichog‘ini chiqarib, salkam belkurakday keladigan panjalari bilan bolalari tarvuz desa, tarvuz, qovun desa, krvun so‘yib berardi. O‘zi esa bir tilik yesa yerdi, bo‘lmasa yo‘q, bolalarining shoshilib-shoshilib, kiyimlariga suvini oqizib yeyishlariga huzur qilib tikilib o‘tirishni yaxshi ko‘rardi. (Otasining ko‘zidagi o‘sha paytdagi mamnuniyatni, ta’bir joiz bo‘lsa, g‘urug‘ni unda tushunmagan, albatta. Uning holatini keyinchalik — o‘zi ham ota bo‘lib, otalik hissini tuygandan so‘ng anglab yetgan.) Otasining qiyofasiyu, tanti fe’li mana shu kenjasida bor. Shundanmi yoki otasiga o‘zi o‘xsholmaganidanmi, shu o‘g‘lini boshqacharoq ko‘radi. Kap-katta bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, uning qiliqlaridan hali-hanuz zavqlanadi. Bu zavq betakror zavq ediki, uni faqatgina ota bo‘lganlar, yana tag‘in o‘g‘il o‘stirgan otalargina his qilishlari mum-kin...
Yana og‘riq turdi. Yuzi bujmayib, oyoqlari qorni tomonga bukilib, ko‘zlarini ocharkan, uning halovatini buzishdan cho‘chib, hamon jim o‘tirgan kampiriga «ana, yana boshlandi», deganday bir qarash qilib qo‘ydi.
— Tuzukroq joy qilib beray, — deya o‘rnidan turgan kampir, uydan bolish va to‘shak olib chiqib, boshqa joy qildi. So‘ng uning qo‘ltig‘idan olib, yangi joyga o‘tishiga yordam berdi.
Xufton namozini yuzini qiblaga qilib yotgan ko‘yi imo-ishora bilan o‘qidi. Qariganda namozni qazo qilishdan qo‘rqdi. Chol namoz bilan ovora bo‘lgan paytda kenjasi kirib keldi-da, to‘g‘ri chekkadagi uy tomonga o‘tib ketdi. Hamisha ota-onasi bilan ko‘rishib, so‘ng o‘tib ketuvchi edi. Kampir uning indamay o‘tib ketishidan o‘zicha ma’no tushundi — mastmi, nima balo?! Cholining namoz bilan andarmonligidan foydalanib, o‘g‘lining ortidan kirdi. Kenjasi rostdan ham durustgina mast edi. U uyga gandiraqlab kirib, devordagi chiroq murvatini qo‘li bilan paypaslab topib, chiroqni yoqarkan, ortidan kirib kelgan onasini ko‘rib, gavdasi u yoq-bu yoqka tebrangancha tirjaydi.
— Voy, bolam, ichvobsan-u?! — Kampir bu gapni tanbeh ohangida aytdi.
— Hmm, ichdim!.. Bugun oshnalarim minan bi-ir yozildik, buv!.. — U yonboshidagi o‘zi yotadigan karavotga o‘tirdi. — Omma dadam bilmasin, bo‘ptimi?.. — deya qo‘shib qo‘ydi past ovozda.
— Dadang seni so‘rayotuvdi-da, bolam.
— Yo‘-o‘q... Bu ahvolda kirmiyman. Hali kelmadi, deb qo‘ya qoling.
Kampir ortiga qaytdi. Chol esa namozii tugatib, ko‘zlarini yumgancha tez-tez nafas olib yotardi. U kampirining kirganini sezdi.
— O‘g‘ling kelmadimi?
Kampir yolg‘on gapirishga iymanib, bir oz kalovlandi.
— Yo‘q hali kelmadiyu...
Chol nimanidir payqaganday bo‘ldiyu, toliqqan shuuriga «mastdir-da» degan fikr to‘yqus urildi-da, cho‘zib, «Xudoga shukr» dediyu, yana ko‘zlarini yumdi.
Tinimsiz og‘riqdan cholning tinka-madori quridi. Shu asno butun tanasi ham tarang tortishib, og‘rishga tushdi. Axiyri rangi oqarib, peshanasidan sovuq ter chiqib ket¬di. Shu ahvolda ham bir necha marta o‘g‘lini so‘radi. Kampir har safar «hali kelmadi» deyish bilan birga fursat topib, kenjasidan xabar olib qaytdi — u tirrak qotib uxlardi.
Cholning peshanasidan sovuq ter chiqib, yelkasi bilan nafas ola boshlaganda kampiri qo‘rqib ketdi, shoshib o‘g‘lining oldiga chiqib, uni turtkilab yurib uyg‘otdi. O‘g‘li uyqusirab, «bu ahvolda dadamning oldiga chiqmayman», deb turib oldi. Haqiqatan undan gupillab aroqning hidi ufurardi.
— Dadang bo‘may qoldi, bolam! — dedi oxiri onasi iltijo qilganday.
— Xo‘p, hozir chiqaman, — dedi onasining iltijosidan bir seskanib tushgan o‘g‘il.
Onasi chiqib ketdi. U o‘rnidan turib, beligacha yalang‘och bo‘lib yechindi. Sochig‘ini olib tashqariga chiqdi. Aroqning kuchidan g‘ovlab ketgan boshi toza havoda xiyla yengil tortdi, lekin baribir hamon kayfi tarqamagandi. Ko‘ksini to‘ldirib bir-ikki nafas oldi-da, ariqcha yoniga bordi. Sochig‘ini so‘rtok ustuniga ilib, muzdek suvga qo‘l soldi. So‘ng suvni shopirib-shopirib, atrofiga sachrata-sachrata yuvinishga tushdi. Musaffo suvning tarovatidan tanasi tetiklashib, butun hujayralari uyg‘ona boshladi...
U huzurbaxsh bir kayfiyatda romning eshigi oldiga yetganda onasi qo‘li bilan imlab uni ortiga qaytardi.
— Uxlab qoldi, — dedi o‘g‘liga ergashib tashqariga chiqqach. — Endiyla bomdodga uyg‘onadi... Damingni olaver.
Onasi yana qaytib, cholining yoniga kirib ketdi. U esa nima qilishini bilmaganday beixtiyor so‘ri oldiga keldi. Endi uyqu kelarmidi, deya o‘yladi o‘zicha, ammo o‘zida ajib bir yengillikni his qilmoqda edi. Shu payt molxona tomonda yiltiragan tamaki cho‘g‘iga ko‘zi tushdi va odam sharpasini sezdi. Akam shekilli, deb o‘yladi-da, o‘sha tomonga yurdi. Aka-uka qari va qadrdon o‘rik ostida ko‘rishdilar. Odam sharpasidan uyqusi buzilgan mol-qo‘ylar bezovtalandi, sigir cho‘zib bir pishillab qo‘ydi.
— Kech keldingmi? — deya so‘radi akasi odatiy dag‘alroq ovozda tamakisini so‘nggi bor so‘rib, qoldig‘ini bir chetga uloqtirarkan.
— Hmm...
— Uyida keksasi bor odam ichmasligi keraqligini bilardingu!.. — Akasi bu gaplarni nasihatomuz yoki donolarcha ovozda emas, shunchaki aytayotgandek gapirardi.
Ular jim qoldilar.
— Uxlamadingizmi? — deya so‘radi akasidan jimlikni buzib.
— Qayoqda!..
— Kirib damingizni olavering, hademay ishga borarsiz?.. Dadam ham uxlabdi.
Akasi indamay nari ketdn. U so‘riga borib, chalqancha cho‘zildi va oqarib kelayotgan osmonga tikildi. Shu qisqa umri mobaynida tungi osmonga ko‘p bor termilgan, lekin hech qachon hozirgidek holatga tushmagandi. Shoirlar har narsadan o‘zlaricha ma’no topishadi, deyishardi. Hozir o‘zini o‘shalarga o‘xshatib, bir oz kulgisi ham qistadi. Ana, oqish osmonda jimirlayotgan son-sanoqsiz yulduzlarga boqarkan, o‘zini juda-juda baxtiyor sezib, judayam yashagisi kelib ketdi. Darhaqiqat, osmon nihoyatda bepoyon va shuningdek, ulug‘vor edi. Biroq u hamda go‘dakning kulgisidek ko‘zini yashnatuvchi anovi yulduzlar ham sodda va oddiy ko‘rinardi. Xuddi otasiga o‘xshab. Ha, otasi u va aka, opalari uchun juda ulug‘vor, shu bilan birga tuproqday sodda ham oddiy edi. U hozir aynan shu narsani xayolidan o‘tkazarkan, uning hayotida otasining katta o‘rni va o‘sha o‘rnining ulkan ma’nosi bor ekanligini his etdi. Barchalari otasini juda-juda yaxshi ko‘rishardi, qadrlashardi va unga suyanishardi. Ammo bu gap hech qachon tillariga chiqmagan. Taomili shunday bo‘lgach...
Uning xayollari adog‘siz edi. Agar otasining ovozidan o‘yi uzilmaganda, bu yotishi yana qancha davom etardi, noma’lum... Irg‘ib o‘rnidan turib, otasiga peshvoz chiqdi.
— Assalomalaykim, dada. Tuzukmisiz?
Otasi xiyla bardam ko‘rinardi. Tungi og‘riqlardan ancha horigani sezilib tursa-da, ruhiyati bir qadar tetik edi.
— Kebsanu, bolam, — dedi chol «men ham yaxshi bo‘p qoldim» qabilida.
— Tahoratga suv qib beraymi? — deya so‘rarkan dadasining rozilik ishorasini olib, oshxona tomonga ketdi. Ko‘p o‘tmay obdastada iliq suv bilan qaytib keldi.
Chol tahorat olib qaytgach, rom so‘risiga chiqarkan, unga ham hayrat, ham xursandlik bilan boqib turgan kampiriga dedi:
— Kechqurungi ovqatingni isitib tur, rosa qornim ochdi.
Chol bomdod namozining sunnatini ertaroq — azondan avvalroq o‘qir, undan oldin esa bir necha rakat nafl namozlarini ham ado etardi. Hozir ham bomdodgacha bir oz vaqt bor edi, tunga qaramay, namoz o‘qishga kirishdi. Endi namozni bemalol risoladagidek o‘qidi. Namozni tugatganida kampiri dasturxon yozib, ikki kosa ilitilgan mastavani ham olib kelib qo‘ygandi.
Chol-kampirning davrasiga o‘g‘il ham kelib qo‘shildi. Cholning ko‘zlari olayib, ichiga tortilib ketgan bo‘lsa-da, endi kishiga muloyim boqar, yuzi ham tabassumdan yorishib ko‘rinardi.
— Bu mastavani adabini mana endi beramiz-da, kampir! — dedi chol ovqatini kovlarkan, hazilkash ovozda.
Ovqatni tanovul qilib bo‘lgunlaricha qariyb gapirmadilar. Nihoyat choyga zo‘r berarkan, chol qaddini tiklab, dedi:
— Bilasanmi, o‘g‘lim, men seni nima uchun yaxshi ko‘raman? Onang aytgandir?.. — U kampiriga birrov qarab qo‘ydi.
O‘g‘il buni juda yaxshi bilardi, lekin savolga «yo‘q» deb qo‘ya qoldi.
— Bilmasang, bilib qo‘y — sen otam rahmatliga judayam o‘xshaysan, shuning uchun. Akam rahmatliyam, men ham unchalik o‘xshamaymiz opoqdadangga.
Chol jim qolib, bir-ikki ho‘plam choy ichdi.
— Biram chanqayabman-da, — dedi keyin o‘ziga o‘zi gapirayotganday.
— Charchoqniki-da, — deb qo‘ydi kampir sekingina.
— Kechqurun senga aytadigan gaplarim juda ko‘piydi. — Endi chol salobat bilan gapira boshladi. — Mabodo o‘lib-netib qolsam.,.. — Bunaqa hasratli gaplarni gapirish uning fe’liga yot edi, shuning uchun qo‘shib qo‘ydi. — Xudo xohlasa, haliveri o‘lmayman-u... Qirqim chiqishi minan to‘yingni o‘tkazishga qarshi bo‘lmagin demoqchiydim... Meni aytganimni qilasanmi, xumpar? — o‘g‘liga hazil aralash zo‘raki po‘pisa qildi. — Tomorqa haqida avval ham gapirganman...
— Bo‘ldi, qo‘ying, otasi, kechqurun qo‘rqitganingiz ham yetar, — dedi kampir erka bir ovozda.
Chol jim qoldi. O‘ychan qiyofada birpas o‘tirdi, so‘ng yuziga tabassum yugurdi.
— Akam rahmatli minan bir qizik voqea bo‘gandi. Amakingni eslaysan-a?..
— Hmm.
Chol fikrini jamlash uchun ozgina tin oldi.
— Bir kuni akam rahmatli, u kishining do‘sti... haligi rahmatli Rayimjon buvang bor ediyu, u kishi va men Rayimjon akaning o‘g‘lini mashinasida shaharga kasal ko‘rgani bordik. Qish mahali edi. Sovuq. Tushgacha ancha ochqab, sovqotib qoldik. Qaytishda akam o‘g‘liga sho‘rva tashlatib qo‘yganligini aytib, uyig‘a taqlif qildi.
— Rosa qaynagandir, jonivor, — dedi odamning havasi keladigan qilib.
Rayimjon aka akamning prontovoy do‘stiydi, ular bir-birlarining gaplarini qaytarishmasdi. ho‘llas, akamnikiga bordik. Rostdanam sandalning o‘ti gum, sho‘rva tayyor ekan. O‘g‘li dasturxon yozib, choy-poy quygach, bir kosadan sho‘rva olib kirdi. Ikkala prontovoy sho‘rvaga shoshilmay non to‘rg‘ashdi. Biz Rayimjon akaning o‘g‘li ikkovimiz ovqatni yarimlatdik hamki, ular tek o‘tirishaverishsa, degin. Mundoq razm solsam, ikkalovi bir-biriga ma’noli qarash qilishib, bezovtalanishmoqda. Har zamonda Rayimjon akaning o‘g‘liga g‘alati mo‘ltirashib qo‘yishadimi-ey. Bir narsani sezganday bo‘ldim...
Chol miyig‘ida kulib, shoshilmay choy xo‘pladi. So‘ng tomoq qirib olgach, yana hikoya qilishga tushdi.
— Akam dangalchi odam edi, bilasan. Axiyri chidamadi shekilli, Rayimjon akaning o‘g‘lini haydagandan beri qildi.
— Sho‘rvayni tezroq ichib bor, moshinangni u yoq-bu yog‘iga qara-chi? — dedi betoqatlanib.
Bola bechora chollarning gapiga qiziqib, ham sandalning issig‘ida maza qilib o‘tirgan edi, Lekin otasiday bo‘lib qolgan odamning gapini ikki qilarmidi, shoshib kosasini bo‘shatdi-da, chiqib ketdi. U chiqib ketishi bi¬lan akam rahmatli sandalning chetidan bir shisha araq chiqardi. Menga «xafa bo‘maysan endi, qori», deb qo‘ydi-da, piyolalarga qo‘yadi. Men namozxon bo‘lganim uchun istixola qildi shekilli-da... Endi ular prontovoy odamlar, har zamonda ichib turishardi. Shunga o‘rganishgan-da. Ommalekin namoz o‘qishardi...
Chol yana jim qoldi. Nimalarnidir mulohaza qilib, picha o‘ychan turdi. Keyin:
— Bilaman, sen ichmaysan, — u o‘g‘liga qaramay gapirar, ammo bu gapidan keyin uning bir bezovtalanganini sezib o‘tirardi. — Lenin o‘g‘ilni otaning suhbatidan, otani o‘g‘ilniig diydoridan mahrum qiladigan haligi narsani ichmagan ma’qulmikin. Har tugul ichadigan oshnalaringga aytib qo‘ygin deyman-da.
O‘g‘il yer qadar egilib borardi...
Shu payt azon ovozi zshitildi. Chol yana bir piyola choy ichdi-da, dasturxonga fotiha qilib, o‘rnidan turdi. U bomdodning sunnati va farziga alohida-alohida tahorat olishga odatlangandi. Buni bilgan o‘g‘li yugurib borib, yana yangi suv tayyorlab keldi.
Chol yanada bardam yurish bilan so‘rining oldiga bordi. Tahorat olishga cho‘nqayarkan, rom eshigidan kirib borayotgan o‘g‘liga intiq bir nigoh tashlab qo‘ydi... O‘ng qo‘lining chig‘anog‘iga suv oqizayotganda qorni aralash chap biqinida bir narsa keskin tarzda «shilq» etdi-da, yuragining ostiga urdi. U bu kuchli siltanishdan beixtiyor o‘rnidan turib ketdi va ortiga xiyol og‘ib, so‘ri chetiga o‘tirib qoldi. «La ilaha illalloh», deya pichirladi lablari va ko‘zlari ag‘darilib, tagidagi kirchimol to‘shakka ohista cho‘zildi...