OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nafisa Toshtemirova. Dars (hikoya)

Tillaxon opa salkam yigirma yildan beri o‘qituvchilik qiladi. ToshDUni bitirib kelgach, ish izlab ko‘p ovora bo‘lgani yo‘q. Dadasi maktab direktori bilan aka-uka chiqib qoldi, ishga joyladi-qo‘ydi. Hozir mana shu mashhur shoirning nomi bilan ataladigan maktabning muallimalaridan biri.
Turmush o‘rtog‘i o‘zidan ancha katta – hisobchi. To‘rtta farzandi, ikki o‘g‘il, ikki qizi bor. Harholda o‘ziga to‘q oila.
Odatdagidek, soat millari 8:00ni ko‘rsatdi, qo‘ng‘iroq chalindi. Zal tinchib, o‘quvchilarning shovqinli ovozlari xonalar bo‘ylab yo‘qoldi. Tillaxon opa sinfxonaga kirib kelishi bilan o‘quvchilar birvarakayiga qo‘zg‘alib salom berishdi. Dars boshlandi. Jurnalga yozish, davomatni tekshirish kabi mayda-chuyda ishlardan so‘ng, doskaga bugungi o‘tilajak yangi mavzuni yoza boshladi.
- Qani, daftarlarni ochamiz. Darsimiz Ona tili. Uyga vazifani hamma bajarganmi? Dars oxirida daftarlarni yig‘ib olib tekshiraman. Demak, mavzu: Sifatlarning ozaytirma darajasi. Yozib bo‘lib hamma ruchkasini qo‘ysin va meni diqqat bilan tinglasin…. Shu payt eshik ochilib, xushsurat qiz darsni bo‘lib indamay kirib keldi.
- Nechinchi sinf?
- 6-"D” - javob berdi sinf sardori.
Yurish – turishi hammani birday o‘ziga tortadigan bu kotiba qiz avval davomatni tekshirib, keyin kecha yig‘ilishda ko‘tarilgan "Atirgul masalasi"ni Tillaxon opaga eslatdi.
- Opajon, direktor aytdilar, hozir hal qilmasangiz bo‘lmas ekan… Kecha sinfingiz uchun ajratilgan yer maydonchasiga atirgulni kam ekibsizlar.
- Nazokatxon, shuni darsdan keyin hal qilsak bo‘lmaydimi? Kecha gul ekishga chiqib, dars o‘tolmadim. Bugun yana shu ahvol.
- Yo‘q, yo‘q, aslo mumkin emas, hayfsan olasiz-a?! Hoziroq hal qiling.
Tillaxon opa noilojlikdan "temir daftar”ni ochib atirgul uchun kim pul bermaganini ro‘yxat bo‘yicha o‘qidi. O‘quvchilar boshini quyi eggancha, birin-ketin tura boshladi. Xullas, dars tugaganini eslatuvchi qo‘ng‘iroq bo‘ldi-yu, masala tushdan keyinga qoldirildi. O‘qituvchi katta – katta harflar bilan uyga vazifani yozib qo‘ydi: Mavzu asosida mashqlar bajarish.
Muammoning yechimi o‘quvchilar bilan yechilmadi. Ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazilib maktab ma’muriyati tomonidan homiylar belgilandi.
- Bugun darsimiz Adabiyot. Xo‘sh, o‘tgan darsda uyga vazifa nima edi? – hech bo‘lmasa bugun darsni miriqib o‘tarman degan maqsadda o‘quvchilardan so‘radi Tillaxon opa.
Shu payt kimdir "daraxtlarni oqlash” deb yubordi. Sinfda kulgu ko‘tarildi. O‘qituvchining jahli chiqdi, lekin bolalarda nima ayb deb, o‘zini ovutdi. Bolalardagi xush kayfiyatni so‘ndirmaslik uchun "Boychechak " qo‘shig‘ini hirgoyi qila boshladi. Beixtiyor hamma unga jo‘r bo‘ldi.

Boychechagim boylandi,
Qozon to‘la ayrondi.
Ayroningdan bermasang,
Qozonlaring vayrondir.

Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.

- Bugungi mavzumiz "Xalq qo‘shiqlari". Hozir hamma birin – ketin o‘zi bilgan qo‘shiqlardan aytib beradi. Sinfda "Ustoz, men aytay, men aytay" degan shovqin ko‘tarildi. Jo‘shqin, baland, quvnoq ovozlarni eshikdan indamay kirib keladigan Nazokatxon yana buzdi:
- Tilla opa, hozir "Yo‘l harakati xavfsizligi”dan bir nechta mutaxassislar pastda - "Faollar zali”da kutib turishibdi. O‘quvchilarni olib tusharkansiz.
Sinfda birdan norozilik tovushlari kuchaydi.
-Jim bo‘l, hammang, yo‘l harakati xavfsizligi senga kerak, menga emas! Keyin, bu yerda qonunlarni maktab o‘rnatadi, senlar emas! – deb Nazokatxon do‘q- po‘pisa qilgancha chiqib ketdi.
- Xo‘p, bolajonlarim, bo‘lar ish bo‘ldi. Keyingi mavzumiz "Alisher Navoiyning hayoti va ijodini o‘rganish”. Har biringiz hech bo‘lmaganda bittadan ruboiy yod olib kelinglar. – O‘qituvchining kayfiyati tushgan, o‘quvchilarning shashti qaytgan.
- Bugun bekorga beshta kitob ko‘tarib kelibman. Baribir ikki soat o‘qir ekanmiz, – narsalarini papkasiga solayotgan oldingi partadagi qiz dugonasiga qarab afsuslandi.
- Bo‘lmasa, kelishib olamiz, ertaga to‘rt soat o‘qir ekanmiz. Sen ikkita kitob olib kel, men ikkita kitob olib kelaman. Dugonasining chehrasi yorishib ketdi:
- Bo‘pti, kelishdik.
Tillaxon opa bu gapni eshitib nima qilishini bilmay, gangib qoldi. Boshiga og‘riq kirdi. Dars jadvaliga qaradi. Boshqa darsi yo‘q ekan, uyiga ketdi. Ertasi kuni ertalab "Yo‘l harakati xavfsizligi” tomonidan o‘tkazilgan tadbirga kirmagani uchun hayfsan oldi. Ustiga ustak jazo sifatida "o‘zboshimcha" o‘qituvchilar bilan birgalikda shaharda obodonchilik ishlari olib borilayotganligi uchun katta yo‘l atroflarini tozalashga jo‘natildi. Dars o‘tilmayotgan ayrim sinflarga javob berildi, ayrimlariga esa boshqa fan o‘qituvchilari dars o‘tish uchun kiritildi.
Oradan vaqt o‘tib yana yangi o‘quv yili boshlandi. Ahvol o‘zgarmagan, nafaqat Tillaxon opa, balki barcha o‘qituvchilar bir soat dars o‘tsa, uch soat tashkiliy ishlar bilan band bo‘ladi. Ko‘pga kelgan to‘y. Vaqt suvday o‘tib borayapti. Tillaxon opaning sochlariga allaqachon oq oralagan, ammo zamonaviy bo‘yoqlardan doimo foydalanib yurganligi uchun oq tolalar ko‘zga tashlanmaydi. Biroq ajinlar…
 Tun yarim kechadan og‘gan, atrof jim-jit. Faqatgina oy yorug‘iga mast bo‘lib shamolda tebranayotgan daraxtlar va ikki kun oldin o‘quvchilardan olingan nazorat insholarni tekshirayotgan Tillaxon opa uyg‘oq. Daftar varaqlari birin-ketin qo‘ldan o‘tar, qizil bo‘yoqni kamdan-kam ishlatib, ko‘k ruchka bilan xatolarni to‘g‘irlab, o‘quvchilarni ancha-muncha ayayotgan muallim dars o‘tilmaganligi, ba’zi o‘quvchilarning savodsizligi uchun o‘zini koyir, dam-badam "uff” tortar, alamini boyagina xo‘jayini damlab bergan choyni issiq-issiq ho‘plab, bosishga harakat qilardi. Vaqt allamahalga yetganda, ko‘zi ilinib uxlab qolganini bilmadi….
 U sinfga yana yorug‘ chehra bilan kirib keldi. Eshikni ichkaridan qulflab dars o‘ta boshladi.
- Biz o‘tgan yili 6 sinfda Alisher Navoiy ijodini o‘rganib, "Mahbub ul-qulub" asaridan parcha o‘qib, ibratli o‘rinlarini yod olgan edik. Bugun "Xamsa" dostonlaridan biri "Sab’ai sayyor"ni o‘rganamiz. Shu payt orqaroqda diqqat bilan quloq tutib o‘tirgan bir o‘quvchi qo‘l ko‘tardi. Tillaxon opa uni turg‘irzib fikrini so‘radi.
- Ustoz, bizga o‘tgan yili "Mahbub ul-qulub" mavzusi o‘tilmagan. Nazokat opa sizni nima uchundir chaqirib ketdi. O‘rningizga Jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz kirib o‘tirgan edilar. Keyin matematika o‘qituvchimiz kelib "Adabiyot, oson fan, o‘qib o‘rgansang ham bo‘ladi, matematika bo‘lsa boshqa gap” deb, Jismoniy tarbiya o‘qituvchimizni ham olib ketdilar.
Tillaxon opaning toqati toq bo‘ldi. O‘qishdan ra’yi qaytgan o‘quvchilarning ko‘zlaridan ko‘rinib turgan zerikish alomatlarini ko‘rib vijdoni qiynaldi. O‘qituvchilik nonini hallollashim, nomini oqlashim kerak, deb bor kuch-quvvatini, bilimini to‘plab dars o‘tishga shaylandi.
Avval Mirkarim Osimning Alisher Navoiyga bag‘ishlangan "Zulmat ichra nur” qissasidan Navoiyning yoshligi haqidagi qiziq o‘rinlarni hikoya qilib berdi. G‘azallaridan, ruboiylaridan o‘qidi. Keyin "Xamsa”ning har bir dostonidan parcha aytib berdi… Eshikdagi taqillagan ovoz gurs-gurs etib eshitila boshladi. Bu shovqin na o‘qituvchi va na o‘quvchilar diqqatini bo‘lar, go‘yoki ular hech narsani eshitmayotgandek edi. Dars soati tugaganligi haqidagi qo‘ng‘iroq chalinishi bilan bir paytda tashqaridan eshikning qulfi buzildi. Sinfga direktor, uning o‘rinbosarlari, bir necha o‘qituvchilar va Nazokat kirib keldi. Direktor Tillaxon opaga ikkinchi marta hayfsan berilib, ishdan bo‘shatilganini aytdi. Kotiba daftarchasiga qayd qildi. Tillaxon opa jilmayib turib, ayni vaziyatda o‘ziga yarashgan gerdayishi bilan xonani tark etdi.

"Yoshlik" jurnali, 2014 yil 8-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.