Men bolamga uxlatuvchimas,
Uyg‘otuvchi alla aytaman.
Guljamol Asqarova
U hamma bolalarday yig‘lab tug‘ildi. Ko‘zlarini ochdi. Ona juda baxtli. Sakkiz yildan beri kutilgan farzand. Ota xursand. O‘g‘il bo‘lganda, nur ustiga a’lo nur edi, deb o‘ylaydi ichida. Momo ham yakka-yu yolg‘iz o‘g‘liga achingan bo‘ldi. Naslimiz davomchisi o‘g‘il bola emas, deb qayg‘urdi… Baxt yetaklab keldi, baxtli bo‘lsin deb Baxtigul deb ism qo‘yishdi.
* * *
Qizchaning tili chiqdi. Avval "dada" dedi, keyin "momo", keyin "ona". Toy-toy qildi. Qiziga otasining mehri kundan – kunga ortdi. Baxtigulning sochlari jingalak edi. Aytishlaricha, sochi jingalak qizlari otasi yaxshi ko‘rarmish…
* * *
Baxtigul maktabga bordi. U hammadan a’lochi edi. Tabiatni yaxshi ko‘rardi. Xayol surish uning uchun ermak. U she’rlar yoza boshladi.
Bir kuni o‘qituvchi sinfga kirib, nazorat daftarini topshirmaganini aytdi. Baxtigul:
- Men topshirgan edim, - dedi. Bu gap shusiz ham asablari tarang o‘qituvchining fig‘onini falakka chiqardi. Qizcha haq. Uning daftarini bir sinfdoshi daftarlar orasidan olib qo‘ygan edi. Baxtigul uyga yig‘lab keldi. Ona dedi:
- Qizim, qiz bolaning sha’ni xuddi shishaday. Sindimi, qaytib tiklab bo‘lmaydi. Bir yomon bo‘ldingmi, yaxshi bыlmaysan. Bundan keyin o‘qituvchilaringga gap qaytarma!
Baxtigul yosh bo‘lsa-da tushundi.
* * *
Kollejga o‘qishni davom ettirdi. Bir kuni kutubxonaga kirsa, ikkita o‘qituvchi uning yaqin dugonasi haqida g‘iybatlashar, uni har ko‘yga solardi. O‘zini tutib turolmadi:
- Ustoz, u siz aytayotganday qiz emas.
- Senga kim qo‘yibdi ,mening gapimni muhokama qilishni. Buncha betgachoparsan. Qiz bola ham shunaqa bo‘ladimi? He-e-e, senga tarbiya bergan ota-onagni…. – baqirib ketdi o‘qituvchi.
Baxtigul chidolmadi. Chiqib ketdi. Yana uyiga yig‘lab bordi. Onasiga bo‘lgan voqeani oqizmay-tomizmay aytdi. Ona dedi:
- Qiz bolasan, orqa oldingga qarab yur, deb necha marta aytganman. Ertaga bitta – yarimta kollejga so‘rab borsa, o‘sha o‘qituvching nima deydi? Nima qilasan gapga aralashib? O‘sha dugonang sen uchun shuncha qayg‘uradimi?
Onadan ham najot chiqmadi…. U dugonasini yaxshi ko‘rardi…
Kollejda o‘qib yurganida ko‘ngliga ajib his oraladi… U ilk marta "Muhabbat" haqida she’r yozdi. Quvonganidan onasiga ko‘rsatdi. Ona "dadang ko‘rmasin" deb qog‘ozni o‘choqda yonib turgan olovga tashladi. She’r emas, qizning yuragi yondi. U endi she’r yozmadi…
* * *
Sovchilar kelishdi. Uni sevganiga berishmadi. Nima emish, tanimaymiz emish! Uzoq joyga qiz bermaymiz, - deyishdi. Qarindosh – urug‘, tanigan –bilganing bo‘lsa yaxshi, deyishdi. Qiz jon – jahdi bilan o‘qishga berildi. Institutga kirdi. Sovchilar qatnovi susaydi. Ona xavotirga tushdi. Garchi ota qizim o‘qisin desa ham, onaning Baxtigulni tezroq uzatgisi keldi. Qarindoshga uzatdilar.
O‘qish bilan oilani eplayman, deb ancha qiynaldi.
Qarindoshlar o‘qishini yig‘ishtirsin, dedi. Ular aytgandek bo‘ldi. O‘zbekchilik, oila hamma narsadan aziz. Onasiga bir – ikki "qiynaldim" degandi, qaynona keliniga gapirdi:
- Kelin degan tilini tiyib yuradi. Baxtigul nahot, onasiga ham dardini aytolmasa…
U g‘azabini ichiga yutdi. Bir kuni eri ichib keldi. Qaynona qaynonaligini qildi. Eri xotinini urdi. Qaynona qarab turdi. Avval ikkita, uchta tarsaki, keyin yana , yana… Baxtigul nima qilarini bilmadi. Yana onasiga yorildi. Ona maslahat berishdan nariga o‘tmadi:
- Tag‘in dadangga aytib yurma. Suv kelsa simir, tosh kelsa kemir. Baxtigul "Xo‘p" dedi.
Tarsakilar mushtga aylandi…
Mushtlar tepkiga aylandi…
Oxirida hammasi jamlandi…
Ota ham bildi. Ichi achidi. Ellik yil shu kunlarni kutdimmi, dedi. Qudalar arazlashdi. Baxtigul oxirgi qarorini aytdi:
- Ajrashaman!
Ona sochini yuldi:
- Odamlar nima deydi. Erdan qaytgan, deydi. O‘zbekda ajrashish gunoh, uyat, qizim. Baxtigul homilador edi… Endi nima qiladi… Baribir ajrashadi. Ona aytdi:
- Bolangni tirik yetim qilasanmi? Ertaga katta bo‘lib, dadam qaerda, desa nima deysan?
U ko‘ndi. Chidashga qaror qildi… Umr bo‘yimi, yo‘qmi… buni bilmaydi. U sekin pichirladi:
Men bolamga uxlatuvchimas,
Uyg‘otuvchi alla aytaman!
"Sharq yulduzi" jurnali, 2013-yil 6-son