OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nilufar Turg‘unova. Qismat (hikoya)

Quyosh yer bag‘rini qizdirar, keng ko‘chaning boshidan esa o‘n to‘rt yoshli qiz ko‘zlarida milt-milt yosh bilan yugurib kelardi, hovlisi yoniga kelganida shashqator yoshini artib, eshikni asta ochdi-da:
— Oyijon, men keldim, — degancha uyga kirib ketdi. Nazira opa bu holga hayron. Maktabdan erta qaytgani sababini so‘rash uchun deraza oldiga borganida Zarinaning nolali ovozini eshitdi.
— Otam kim, onam kim, qachongacha tashlandiq deyishadi meni? — degancha yig‘lardi. Nazira opa bu ko‘zyoshlar qanchalik alam, g‘am bilan tomayotganini his etib yuragi ezilib ketdi.
Zarina bu hovliga kelganida jajjigina, nozik bir niholga o‘xshash qizcha edi. Uni Nazira opa avtobus bekatida onasini izlab har tomonga chopib yurganida topib olgandi. Bir oy, bir yil o‘tdi, ammo hech qanday darak bo‘lmagach, uni o‘z qizidek boqib oldi. Farzandlaridan ham ziyoda erkalab, tarbiyalab voyaga yetkazdi. Ammo Zarinaning bugungi alamli so‘zlari yuragiga juda og‘ir botdi. Zarina Nazira opani juda yaxshi ko‘rardi-yu, ko‘cha-ko‘yda birortasidan “etimcha, tashlandiq qiz” degan gapni eshitib qolsa ko‘tarolmasdi.
Nazira opa bu kabi qiyin vaziyatlardan chiqib, qizga o‘z mehrini berib ulg‘aytirdi. Zarina asta-sekin mehr taftidan alamlarni unuta boshladi. O‘sha, ko‘chadan yig‘lab kelgan kunlar ham o‘tib ketdi. 
O‘n sakkiz yoshga to‘lganida, go‘zal, hammaning havasi keladigan farishta misol qizga aylandi. U hayotidan mamnun edi.
Shunday kunlarning birida Zarinaga bir maktub keldi. Maktubni ochganida uning ichidan surat chiqdi, suratni qo‘liga olgan Zarina esankirab qoldi. O‘ziga o‘xshagan, ammo kattaroq yoshdagi ayol. Surat ortiga maktub yozilgandi:
“Salom, Zarinam, men seni bu yoshingda ko‘rishni juda orzu qilgandim, ko‘rdim ham. Bolajonim, bu mening — tuqqan onangning surati. Ammo ismimni ayta olmayman. Bilaman, sen juda baxtlisan, men badbaxt seni tashlab ketganimdan keyin shunday ayol seni topib olganiga shukr. U senga mendan yaxshi ona bo‘la oldi. Agarda seni bag‘rimdan yulib tashlab ketmaganimda, bu qadar baxtli bo‘la olmasmiding? Chunki mening noshudligim senga pand berardi. Shuni bilishingni istardimki, men seni yaxshi ko‘raman, buni unutmagin. Kechir meni, yolg‘izim!”.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.