Osmonga termulib turgan ko‘zlar miltillagan eng yorug‘ yulduzni izlardi. Tabiat tun bag‘rida, oy mitti yulduzlarga alla aytgan ona singari o‘z mehrini ma’suma nurlari orqali ayon qiladi...
Husnoraning yuragi entikib o‘z onasini ko‘z oldiga keltirdi, mehrli nigohi, issiq taftini eslab sog‘inch yoshlari ko‘zidan sizib chiqdi.
Poytaxtga kelganiga uch oy bo‘lgan bo‘lsa, onasini eslamagan bir kuni ham yo‘q edi. Lekin bugun u onasini har kungidan ko‘ra ko‘proq sog‘indi. Tungi yulduzlarni ko‘rib ularga juda havasi keldi. “Onam yonimda bo‘lganida, dardimni aytsam, yuragimni g‘ashlayotgan muammoning yechimini ham toparmidim”, — deb o‘ylardi. Otasi aytgan gaplarni takror-takror xayolidan o‘tkazardi. Otasining gapidan ranjigan bo‘lsa-da, rad javobini berishga qudrati yetmagandi o‘shanda.
Ertasi kuni oliygohga borar ekan, o‘sha qadrdon majnuntol tagida ko‘zlarida mehr bilan jilmayib turgan Sardorni ko‘rib Husnora doimgidek quvonmadi, g‘amgin nigohda jilmayib qo‘ydi, xolos.
Sardor Husnoraga uni yoqtirishini takror-takror aytar, Husnoradan ham bu gapiga quvonchli javob olishni kutardi.
Husnoraning g‘amgin nigohini ko‘rgan Sardor, uning ko‘nglini olishga harakat qildi, ammo qizning yuragiga qil ham sig‘mas, otasining so‘zlarini yodidan chiqara olmas, o‘rtadagi muhabbat poymol bo‘lishidan qalbi iztirob alangasida yonar edi. Qalbida ildiz otgan tuyg‘u, Sardorning quvnoq chehrasi, mehrli nigohlari uni mutlaqo asir qilib olgan, yuragida go‘zal ishq g‘unchasi yetilgan edi...
Oy, kunlar o‘tgan sayin otasi aytgan kun kelishi uni qo‘rquvga solardi.
Nihoyat, o‘sha, o‘zining bo‘lg‘usi qaylig‘i bilan uchrashadigan kun keldi. U uchrashuvga chiqishni xohlamasdi. Ammo otasining: “Qizim faqat shu yigitga turmushga chiqasan, rozilik berib bo‘lganmiz, ularning oilasi qishloqda o‘z hurmatiga ega oilalardan hisoblanadi”, — degan so‘zlari o‘ta qat’iy edi. Husnoraning qalbida nima bor, bunga qiziqmasdi ham.
Qizning qalbi shu kundan isyon ko‘tara boshladi, ammo otasining oxirgi so‘zi: “Onang vafotidan so‘ng, ham otang, ham onang bo‘lib voyaga yetkazdim. So‘zimni rad etib, gapimni ikki qilsang, meni qattiq ranjitgan bo‘lasan”, — degani unga qattiq ta’sir qilgan edi. U osmondagi eng yorug‘ yulduzda onasining mehr nurini ko‘rgandek, kechalari unga tikilib biroz taskin topardi.
Sardor Husnorani tushunolmas, qiz esa yuragidagi dardini oshkor qilolmas edi. Bu holdan qiynalgan Husnora Sardorga xat-xabar ham qoldirmay oliygohni tashlab, qishlog‘iga qaytdi. Otasi qizi qaytishi bilan to‘y kunini tezlatib, to‘yni o‘tkazdi.
Ammo Husnoraning hamon yolg‘iz yuragidagi dard faqatgina o‘ziga ayon edi. Qachonki, biron joyda majnuntol daraxtini ko‘rsa, o‘sha mehrli nigohni, nurli chehrani eslayverardi. Tunda bo‘lsa, o‘sha yorug‘ yulduzga dilidagi dardlarini unsiz so‘zlardi.
Oradan bir yil o‘tgach, yosh oilada o‘g‘il farzand tug‘ildi. Bu mitti vujudga Sardor deb ism qo‘ydilar. Jajji Sardorning yuzlarida jilvalangan nur Husnoraga onalik baxtini hamda taqdirga shukronalik hissini in’om etardi…