OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Normurod Norqobilov. Oriyat (hikoya)

U qizga yomon ko‘rgani uchun emas, uning padari bo‘lmish Musa fermerga nisbatan yuragida to‘ng‘ib qolgan alami tufayli tosh otdi. Tosh otgandayam nomardlarcha, ya’ni ko‘cha yuzida o‘z maylida sumanglab yurgan yuvosh malla itni bahona qilib tosh otdi. So‘ng esa joni azobda qolgan sho‘rlik qizning faryodi ostida juftak rostladi.
Aks holda...
Aks holda nima bo‘lardi?
Musa fermer, o‘zidek yuvosh to‘riq otini achchiq qamchilagancha, misli quyundek yelib kelarmidi, yo qizning ildam yurishli, g‘ayratda tengsiz enasi — Norgul chaqqon kelib, yoqasini choklarmidi? Yo... Nima bo‘lganda ham vaqtida qochib durust ish qildi. Ana endi esa, qiz tomonning hovuridan tushmog‘ini kutib, tutzorda tekkina biqinib o‘tirmog‘i lozim. So‘ng duch kelar bo‘lishsa, aytmoqqa bahonasi tayyor — itni urmoqchi edim, bexos tegib ketdi.
O‘sha “bexos”lik tufayli navniholgina, biroq g‘ayrat bobida enasining g‘irt aksi bo‘lmish, halim tabiat, beozorgina qizning manglayi tars yorildi. Aslida uni urish niyati yo‘q edi. Bari hech kutilmaganda yuz berdi. Qiz, oyoqlari ostida suv to‘la chelaklar, qarshisidan lop etib chiqqan dugonasi bilan xushhol suhbatlashib turardi. Shu payt, falokat bosib, narida iskalanib yurgan it ular yoniga borib qolsa bo‘ladimi. Bola qishloqda “tuxum o‘g‘risi” deya nom olgan bu jonivorni ko‘pam jini suymasdi, ko‘ziga chalindi deguncha, qo‘liga ilingan narsa bilan “siylash”ga urinardi. Bu safar qo‘liga ilingani toshu kesak bo‘ldi. Otgan toshi itning yag‘rini osha ko‘cha yuziga tars etib tushgach, qiz, chehrasida o‘sha sokin tabassum, nima gap, deya u tomonga yalt etib qaradi. Boyaqishning ana shu boqishi bolaning ko‘nglida badkir bir niyatni — otaning o‘chini qizidan olmoq istagini tug‘dirdi. U kaftidagi kesak tandir kesagi yanglig‘ toshdek qattiq ekanini teran his etarkan, kutilmaganda yuzaga kelgan qasos onidan hayajoni toshib, o‘z navbatida, bundan badxohlarcha suyunib, hanuz qizlar yaqinida o‘ralashib yurgan it bir yonda qolib, “g‘anim” manglayini nishonga oldi.
Mana endi qilmishining oqibatini o‘ylab, tutlar soyasida, bo‘liq o‘t-o‘lanlar orasida tizzalarini quchganicha, mahzun xayolga cho‘mib o‘tirarkan, bugungi qilig‘i odatdagi sho‘xlikka emas, balki o‘ta jiddiy to‘polonga sabab bo‘lmish bezorilikka yo‘yilishini anglab, idrok eta borgani sari ko‘z o‘ngida quyidagi ko‘ngilsiz manzara tobora ko‘pchib, yolqinlanib borardi: ana, ko‘cha boshida manglayi tang‘ilgan qizining qo‘lidan tutgancha Norgul chaqqon paydo bo‘ldi, ular qavatida, har safargidek, bir to‘da hangomatalab qishloq bolalari, qizning onasi tabiatan ildam, shiddatkor esa-da, ammo aksariyat qishloq ayollari kabi shang‘i emas — ko‘chani boshiga ko‘tarib o‘tirmay, to‘g‘ri hovliga bostirib kiradi: “Uling qani?!”, deydi g‘azabini zo‘r-bazo‘r bosib, lab-dahani qaltiragancha. Qizning raftoridan darrov bariga tushungan enasi, odatdagi diydiyosini boshlaydi: “Bola emas, balo bo‘ldi bu, otasi o‘lguncha, mengina o‘lsam bo‘lmasmidi”, deydi. So‘ng qarshisida o‘qdek qadalib, yeb-yutishga hozir turgan alamzadaning ko‘nglini yumshatish ilinjida deydi: “Hali kesin, qo‘lginamga tushsin, o‘zim jonini sug‘urib olaman uni!” Biroq bolasi tushmagur osongina jon sug‘urtirib qo‘yadigan anoyilardan emas, tomorqalarida bir emas, uch tup haybatli xaloskori — bobomeros o‘rik daraxti bor, xavfni sezishi hamon ulardan biriga maymunday tirmashib chiqib oladi, kaltak tutgan enasi daraxt tagida qolaveradi, qarg‘ab-siqtangancha.
Bu kech tag‘in daraxtga tirmashishiga to‘g‘ri kelishini o‘ylab, u ichidan zil ketadi. Qiziq, yaqingacha buni or deb bilmasdi, qaytamga o‘zining epchilligidan masrurlanib yurardi. Shu bir oqshom devor yoqalab qator tushgan o‘rik daraxtlaridan biri hovlisiga soya tashlab turadigan yon qo‘shnisi Chori dono deganlari uni suhbatga tortdiyu o‘shandan beri bola daraxtga tirmashishdan nomuslanadigan bo‘lib qoldi. Biroq, hamma balo shunda edi-ki, enaning qo‘lidagi kaltak har qanday nomusu ordan ustivor kelardi — har safar qanday qilib daraxtga tirmashganini sezmay qolardi. Bunaqa paytda Chori dono tayinli bir so‘z aytmasa-da, ammo, seni qarayu, degan ma’noda taassub-la bosh chayqab qo‘yishni sira kanda qilmasdi. Uning ayni shu qilig‘i bolaga naq ayildek botardi.
Bolaning mavjudligini go‘yo sezmagandek, Chori dono ilgari unga ortiqcha e’tibor bermasdi. O‘sha oqshom darvozasi biqinidagi og‘och o‘rindiqda shirakayf holda, ichidagi dardu hasratini kimga to‘kib-socharini bilmay, o‘zi aytmishli, olam va odam haqida o‘y surib o‘tirarkan, eshigidan bo‘y ko‘rsatgan bolani kattalar o‘rni va qatorida ko‘rib, uni yoniga imlab chaqirdi. So‘ng, odatiga ko‘ra, salomga alik olmoqni nasiya aylab, xiyla shikasta ohangda salmoqlab gap boshladi:
— O‘ylab ko‘rsam, inim, bu olamda odam bolasidan razilroq maxluq zotining o‘zi yo‘q ekan! Agar bilsang, o‘tgan oqshom anovu yaramaslarning oldiga borimni to‘kkandim, yangangni chirillatib, ikkita tovug‘ini qozonga bosgandim... Yeyishdi, ichishdi... Bugun esa... mana... meni unutishdi! Boyasaroq Soli uzundan eshitdim, bo‘lak yerda bo‘lak odamlar bilan toza maishat qilishayotgan emish. Yo‘-o‘q... do‘st emas ular menga! Xay, buning nima deb atalishini bilasanmi? Bilmasang bilib qo‘y, bu — xiyonat!
U yag‘ir do‘ppisini ensasiga surib, boshini kaftlari orasiga oladi. Shu sozda bir muddat turgach, holatini o‘zgartirmagan ko‘yi, zora nomard jo‘ralarimdan birortasi qorasini ko‘rsatsa, degan ilinjda barmoqlari orasidan ko‘cha adog‘iga nazar tashlaydi. Ko‘zi keng dasht qo‘yniga singib borayotgan otliq — Musa fermerga tushgach esa uni bu tomonga dorimay qo‘yganini eslaydi.
— Bu... Musa fermer kep turibdimi?
— Yo‘q.
— Ana, yana bir xiyonat! — Chori dono go‘yo dardi ariganday darrov qomatini rostlaydi. — Axir, otang go‘rga kirmasidan burun to‘kin dasturxon to‘ri uniki emasmidi? Nega indamaysan, uniki edi! Mana endi, otang yo‘q — do‘stlariyam yo‘q! Yetimlarning holidan xabar olish yo‘q, bari chetdagi odamga aylandi. Bu — xiyonat! Boshqacha atab bo‘lmaydi buni! — U soqoli qirtishlanmagan iyagini changallab, g‘ijimlab tag‘in ko‘cha adog‘iga qaraydi. Afsuski, intiq kutishlari besamar — jo‘ralari unutishgan uni. Bundan battar alami qo‘ziydi, tizzasiga musht tushirib deydi: — Yo‘-o‘q, men ularni ikki dunyodayam kechirmayman! Ertan bir qop yolg‘on to‘qib oldimga kelishsa, ko‘rasan, hammasini itday urib haydayman! Ha, tepkilab haydayman! Senam Musa fermani tepkilab... e, yo‘q, kechirma! Aslo kechira ko‘rma! Nega deganda, xiyonatkorlarni kechirib bo‘lmaydi!
Gap yomon — bolaning Musa fermerdan qattiq ko‘ngli qoldi. Shu damgacha, otasi hayotligidagi kabi, uning otda darvozadan kirib kelishi va ulovini burchakdagi oxur yoniga qantarib, so‘ng qo‘lidagi buklangan qamchi bilan to‘ni barini qoqib-suqqancha, oshiqmay, keng hovli kindigida bo‘y rostlagan qayrag‘och ostidagi baland supa tomon yurishini bolalarcha sog‘inardi. Qiziq, otasi tirikligida hafta sayin kelib turardi, endi esa qorasiniyam ko‘rsatmaydi. Dono qo‘shnisi haq — otasiga xiyonat qildi u! Ko‘zi tirikligida lagan-lagan oshini yeb, vafotidan so‘ng unutdi uni! Shularni xayolidan o‘tkazarkan, Musa fermerga nisbatan bolaning yuragida kuchli adovat hissi paydo bo‘ldi. Bu orada Chori dono gurungni battar qizdirib, dediki, xuddi senday paytimda Sahat brigadir enamni qamchiladi, nega dashtga chiqmading deb. Enam, enamga jo‘r bo‘lib ikki opam qashqirday uv tortib yig‘laydi degin. Boshda ular qatorida men ham uv tortdim, ko‘zimning oqavasini toza oqizdim. So‘ng birdan tanamga o‘ylab qoldim, shoshma, axir men erkakman, yigitman-ku, dedim. O‘zimga o‘zim, uv tortmay o‘l, dedim. Hafta chora qidirib, oxiri o‘ch olmoqning yo‘lini topdim-da, tutzorga biqinib, uning kelishini poyladim. Shomga qolmay otda o‘tib qoldilar, akam, ming qo‘yli boyday gerdayib. Shu desang, tutlarning panasidan turib, soldim boshiga tosh bilan! Xuddi o‘q tekkanday otdan to‘nkarilib tushdi! E-e, nimasini gapiray, o‘t edim, olov edim, senga o‘xshab daraxtga tirmashib, qochib yurmasdim. Yomonlik qilishga haddi yetgan har qanday kasni, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, boplab adabini berib qo‘yardim. Xiyonatni-ku aslo kechirmasdim! Hozir ham shu — sira kechirish yo‘q!
Bu gurung ko‘klam o‘rtasida bo‘lib o‘tgandi.
Hozir esa yoz boshi.
Chori donodan ulgi olgan bola shundan beri eshiklarini unutib qo‘ygan Musa fermadan o‘ch olish qasdida yonadi. Oqshom oldi tutzorga biqinib olib, necha bor uning yo‘lini poylamadi deysiz. Afsuski, barcha urinishlari behuda — har safar otda dashtdagi fermadan qishloqqa qaytayotgan g‘animining sokin, o‘ychan chehrasiga ko‘zi tushishi hamon bo‘g‘inlari o‘z-o‘zidan bo‘shashib, qo‘lidagi toshni otmoqqa holi va chog‘i yetmay qolardi. So‘ng tutzor yoqasiga chiqib, olislab ketgan suvoriy ortidan alamnak tikilib qolarkan, g‘azab va nafrat deganlari ikki tomonlama bo‘lmay turib, qarshi tomonga qo‘l ko‘tarish g‘oyat dushvorligini o‘ylaydi, Xudodan Musa fermerga o‘ziga nisbatan qahr berishini so‘raydi. Ko‘cha-ko‘yda ro‘paro‘ kelib qolar bo‘lsa, atay qovog‘ini solishga urinadi. Ammo, qani endi, Musa fermer uning tumtayishlariga e’tibor bersa — ko‘zi bolaga tushishi bilanoq xuddi aybdordek, xijolatomuz kulimsirab, so‘rashmoqqa tushadi. So‘rashganda ham boshqalardek so‘z deganini qalashtirib tashlamaydi: “Qalaysan?” deydi. Qolgan lutfini qarashlari orqali ifoda etadi: “Katta yigit bo‘layapsanmi, enang, ukalaring yaxshi yuribdimi, ishqilib, hech narsadan zoriqish yo‘qmi?” Shu orada cho‘ntak kavlashga ham ulguradi va, shirinlik olib yersilar, degan gapni quyidagi yo‘sinda ifoda etadi: “Inilaringga...” Xayrlasharkan, nigohida hamisha ushbu ma’no aks etadi: “Ha-a, do‘stginamning uli-ya! Shu bo‘y-bastingni otang ko‘rmay ketdi-da!” Xullas, butun uchrashuv davomida uning bor aytgan gapi shu ikki so‘z bo‘ladi: “Qalaysan?”, “Inilaringga...”
Uning bu holati o‘tmishni esiga soladi. Otasining to‘rt-besh og‘aynisi bo‘lib, ular orasida eng kamsuqum, eng kamgapi Musa fermer edi. Yana bir ayro jihati, palovni o‘lgudek yaxshi ko‘rardi. Oshni katta-katta oshamlab yerdi. So‘ng bir chetda gurungga quloq tutib, miyig‘ida jilmayib o‘tiraverardi. O‘ta xokisor hamda o‘ta xushfe’lligi uchunmi, bola uni bo‘lakcha yaxshi ko‘rardi. Mabodo shu kunlarda yo‘qlab, atigi bir bora darvozada ko‘rinish bersa bormi, bola qalbida alam hissidan asar ham qolmasdi.
Afsuski, u qorasini ko‘rsatay demasdi.
Bola tutzorda biqinib o‘tiraverishdan zerikdi. Biroq hozir uyiga borish ajdaho komiga tushishdek bir gap — enasi bugungi qilmishi uchun aslo ayab o‘tirmaydi. Ammo och qorin bilan yana qancha biqinib o‘tirishi mumkin? U birdan qishloqning jarga tutash qismida turadigan ammasini eslab qoldi. Ammasi enasining g‘irt aksi — har qanday holatda ham avval qornini to‘yg‘azib, so‘ng tergaydi.
Amma oqil va og‘ir ayol — so‘zni behuda isrof qilmaydi. U haftada bir uzun yengida, oyda bir chog‘roq bo‘z xaltada ul-bul ko‘tarib, hovliga kirib kelarkan, qo‘shni qishloqda turadigan jikkak xolasi kabi qilgan yaxshiligini hech vaqt minnat qilmaydi. Qo‘lidagi to‘la bo‘z xaltani supa chetiga qo‘yarkan, negadir, hamisha qandaydir iymanish ohangida deydi:
— Manovuni... bo‘shatib berasizmi, kelin.
Ko‘tarib kelgan to‘rt dona tuxumi uchun singlisini alqaydigan enasi ammasiga qolganda bir og‘iz lom-mim demaydi. Mijjalari xiyol namlanib, supa chetida oqarib turgan xaltaga naridan ko‘z tashlab qo‘yarkan, ammasini emas, butunlay yot bir kimsani nazarda tutganday, xo‘rsingancha, asta deydi: “Baraka topsin!” Bo‘z xaltani ena qolib, hamisha bola bo‘shatadi. Unda mosh, guruch va boshqa narsalardan tashqari, albatta, alohida tugilgan ozgina -shirinlik bo‘ladi.
Bola uni ukalari bilan talashib-tortishib yeydi.
U yashil bo‘yog‘i uniqib ketgan darvozadan kirib borganida, ammasi ishkom soyasida ko‘rpa qavib o‘tirgan ekan. U bolaga ko‘z qirini tashlab, oshxonada kuymanib yurgan keliniga qisqagina qilib, chalob, dedi-da, tag‘in ishida davom etdi. Bola uning avzoyidan bugungi voqeadan boxabarligini darrov fahmladi va yuragi siqilib, so‘ri chetiga omonatgina cho‘kdi.
— Teparoqqa chiq! — dedi ammasi qo‘lidagi igna-ipdan ko‘z uzmay. — Bu... nima ishlar qip yuribsan?
— Hech nima, — bola tamshangancha oshxona tomonga qarab qo‘yarkan, tezgina yutadiganini yutib, ura qochishni o‘yladi.
— Xo‘-o‘sh, bu... nega endi Zarnigor qizning boshini yorib yuribsan? — deya so‘roqni boshladi amma, qachonki bola qo‘lidagi yemakdan bo‘shagan kosani dasturxon chetiga qo‘ygandan so‘nggina tizzasidagi ko‘rpani nari surib, qaddini rostlarkan, og‘ir tin olib.
Bola qiya ochiq darvoza tomon ko‘z tashlab, oyog‘ini qo‘lga olishni xayol qilarkan, yeyilgan taom haq-hurmati bir muddat sabr qilib o‘tirmasa, uyat bo‘lishini o‘ylab, shashtidan qaytdi. Biladiki, qilgan gunohi uchun ammasi urib-so‘kmaydi, nordon gaplar bilan siylab, tuzlab qo‘ya qoladi. Muhimi, bunday paytda odob saqlab bosh egib o‘tirmoq lozim. Qilmishidan uyalgan, ko‘zini yoshlagan kishi bo‘lib, ora-sira atay sho‘lqillatib burun tortib qo‘ysa-da zarar qilmaydi. Ammo bu safar burun tortishga ulgurmadi, hayrati oshgandan oshib, dastlab anglagani shu bo‘ldi-ki, bugungi qilmishi hech qanaqa vahimaga sabab bo‘lmapti, ya’ni qizning onasi uylariga dov to‘kib bormabdi. Voqea quyidagicha: — Amma kasal ovsinini ko‘rib qaytayotsa, sho‘rlik qiz qoniga belanib, ko‘chada yig‘lab turgan ekan, uni uyiga boshlab kiribdi, boshini bog‘lashibdi. Bolani ayblash hech kimning xayoliga kelmabdi. Qiz “Itga otilgan tosh menga tegib ketdi”, debdi. Buni dugonasi ham tasdiqlabdi. Qisqasi, bu hodisadan enasining mutlaqo xabari yo‘q. U esa, axmoq bo‘lib, kechgacha tutzorda biqinib o‘tiribdi-ya. Voy, tentagi-iy!
O‘ziga nisbatan hech qanaqa xavf yo‘qligiga to‘la ishonch hosil qilgach, ammaning koyishlari bolaga malol kela boshladi. Qarasa-ki, ammasi uni g‘irt nodonga chiqarayapti. Axir, u nodon bola emas, g‘animdan o‘ch olmoqqa qodir yigit-ku! Qachongacha bu ayol uni bola o‘rnida ko‘radi? Eya, qo‘li qiyshiq mergan deyaptimi? Axir qishloqda mendan o‘tadigan mergan yo‘q-ku. Kerak bo‘lsa, chumchuqning ko‘zidan uraman! Iya, ishtoni so‘kilgan shumtakasi nimasi?! Tag‘in, shu qizni senga oberaman, deganiga o‘lasanmi! Tavba, xiyonatkorning qiziga uylanib, esimni yebmanmi men! Uf-f, tag‘in qo‘li qiyshiq mergan deydi-ya!
— Hecham qo‘lim qiyshiq emas! — dedi oxiri bolaning sabri to‘lib. — Otasi uchun o‘ch oldim! To‘g‘ri-da, otam tirikligida kunda shunda edi, enam pishirgan palovni laganlab yerdi! Endi esa qorasiniyam ko‘rsatmaydi. Xiyonatkor u! Shuning uchun it bahona qiziga tosh otdim! Hali o‘ziniyam toshbo‘ron qilaman!
Amma qarshisida o‘zi bilgan bola emas, kutilmagan mo‘‘jiza tufayli, to‘yqusdan er yigitga aylangan o‘zga bir kimsa turgandek anqayib qoldi. Shu anqayishda jiyaniga boshdan-oyoq zimdan ko‘z tashlarkan, uning hozirgi holatida marhum inisining siymosini ko‘rgandek bo‘ldi. Bir muddatdan so‘ng, ha-a, bu ulg‘ayibdi, bolaligi qolmabdi, degan to‘xtamga keldi-da, zardali ohangda dedi:
— Tul xotinning uyiga nomahram erkak kirib-chiqib yursa, qishloqda nima gap-so‘z ko‘payishini bilasanmi? Yo el og‘ziga elak tutib yurmoqchimisan?
Anqayish navbati endi bolaga yetdi — Musa fermerning kelib-ketishida biror yomonlikni ko‘ra olmaganidek, kishi og‘ziga elak tutib yurishini hech tasavvuriga sig‘dirolmadi. Qiziq, elakda un elanadi, bug‘doy elanadi... qanaqasiga uni kishi og‘ziga tutib yurishi mumkin? Ammam meni kalaka qilayapti-yov!
— Baribir o‘chimni olaman! — dedi o‘jarligi qo‘zib, elak masalasiga aqli yetmaganini sezdirmaslik uchun.
Amma qaviyotgan ko‘rpasini tizzasiga tortib, sukutga botdi, nedir so‘rash niyatida qoshiga kelgan kelinini imo bilan nari haydadi. So‘ng bolaga sinchkov tikilgancha, aytar so‘zini ichida uzoq mulohaza qildi. Oxiri bir qarorga keldi shekilli, qator ishkom ustunlaridan biriga osib qo‘yilgan bo‘z xaltaga ishora qildi.
— Anovu bo‘z xaltani taniyapsanmi?
Ammasining darvozadan shu bo‘z xaltani ko‘tarib kirib kelishlari esiga tushib, bola xijolatomuz bosh egdi.
— Hi-i, nima balo, tilingni yutdingmi, sasing chiqmay qoldi? — deya zamzama qildi amma. — Hozirgina juda burro eding-ku!
— Tanidim, sizniki... — deya ming‘irladi bola, bo‘lak nima deyarini bilmay.
— Ha, u meniki, — dedi amma. — Ammo ichidagi narsalar Musa tog‘angniki. Sho‘rlik, jo‘ramning sag‘irlari hech nimaga zoriqmasin, harna arqonga qil quvvat, deya har oy men orqali silarga oziq-ovqat kiritadi. Manovu jar ichidan otda kep, anovu do‘ngda xurjinini bo‘shatib ketadi. Men ularni bo‘z xaltaga joylab, silarga eltaman. Har kelganida, suvga tashladim, baliq bilsin, baliqdan o‘zga biror jon bilmasin, xaymi, yangajon, deb ketadi. Mana endi, sen bilding.
— Yo‘g‘i-iy, amma...
— Bu gapdan bolaning esi og‘ay dedi.
— Men o‘ylabmanki, siz... sizniki bari!
— Yo‘q, yengimdagisi meniki... — Amma uzun, keng yengini avval namoyishkorona silkib, so‘ng himaradi. — Bo‘z xaltadagi bari uniki! Endi bor-da, miyasiga tosh bilan tushiraver! Axir senda uyat bormi! Agar ozgina uyating bo‘lganida, qizini qizil qoniga belarmiding!
— Nega o‘zi... — bu savdoning tagiga yetolmay, bolapaqirning boshi qotadi. – Nega o‘zi obormaydi, amma? Uyimizga o‘zi oborsa bo‘ladi-ku.
— Juda bilging kelayaptimi? — Ammaning zardasi qaynab, qosh chimiradi.
Bola ko‘zlari javdirab, bosh irg‘aydi.
Amma bu gal fe’liga xos bo‘lmagan o‘ta qo‘rs ohangda deydi:
— O‘zi oborsa, odamlar uni enang bilan gap-so‘z qiladi...
Bola nimanidir anglab, nimanidir anglashga esa chog‘i yetib-etmay tashqariga chiqdi. To‘g‘ri Musa fermerning ko‘chasiga bordi. Ammo muyulishdagi og‘och darvozaga yaqin bormoqqa yuragi betlamadi. Yuragi betlamadi emas, yuzi chidamadi. U olg‘a jilishga istihola qilib, ko‘cha yuzini supurayotgan manglayi tang‘ilgan qizga bir zum tikilib turarkan, qalbida unga nisbatan cheksiz akalik mehrini his etgancha, o‘z ko‘chasi tomon qayrildi.
Ko‘cha boshidagi bo‘yradek yalanglikda Chori dono o‘zining o‘sha “xiyonatkor” ulfatlari bilan yarimtani maydalashib, vag‘illashib o‘tirar, ayni shu tobda Musa fermer bo‘z xaltaning navbatdagi tashrifini nazarda tutib, qishloq do‘konidan marhum do‘stining bolalariga shirinlik — holva xarid qilmoqda edi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 13-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.