Ko‘hna buloq qavatidan, yerga yarim botgan qizg‘ish xarsangtosh biqinidan yangi buloq ko‘z ochganida, olatasir ko‘klam jalasi endigina tingan, yomg‘ir yuvgan yam-yashil maysalar misli uvada paxtadek titilgan bulutlar orasidan cho‘chibroq mo‘ralamoqqa tushgan quyosh nuridan yal-yal tovlana boshlagan, huv naridagi yonbag‘irlikka sochilgan past-baland butalar esa namdan zalvor tortgan, egilgan nozik novdalarini tezroq selgitish umidida har yomg‘irdan so‘ng kunbotish tomondan qo‘zg‘aladigan epkinni ilhaq kutib, qo‘nishibgina turardilar. Ular epkin esishi bilan jonlanib, rohatlanib adoqsiz qo‘shiqlari — shitir-shitir va shivir-shivirini boshlab yuborish ilinjida edilar.
Ko‘p o‘tmay bo‘liq maysalar boshini silab-siypalab, eshilib-erkalanib yengil epkin ham yetib keldi. Yonbag‘irlikdagi yashil butalar shodlanib, kulrang yapaloq tosh tagini makon tutgan chumolilar g‘imirlab qoldi. Biroq inlari og‘zidagi yomg‘ir suvidan hosil bo‘lgan kaftdek ko‘lmakcha ularga bamisoli ummondek ko‘rindi shekilli, taraddudlangancha turib qolishdi. Bu orada avvaliga qaerdandir oppoq kapalaklar paydo bo‘lib, so‘ng vizillagancha arilar yetib keldi. Ular maysalar og‘ushidagi turfa rang mitti chechaklarni tanlab-tanlab «bo‘sa» olmoqqa tushib ketdilar.
Quyosh qizdirib, yer selgigani sari tevarak tobora jonlana boshladi.
Endigina ko‘z ochgan buloq uchun bularning bari juda qiziq, juda hayratlanarli edi.
U olamning bu qadar fusunkorligidan hayajoni toshib, g‘ayrati jo‘shib, sho‘xchan-sho‘xchan shildiradi.
Ovozi tiniq va o‘ta nafis edi.
U o‘z ovoziga o‘zi mahliyo bo‘lib, yanada quvnoqroq chuldirashga urindi. Biroq uning bu taxlit to‘lg‘anishiyu to‘lqinlanishiga e’tibor beruvchi bo‘lmadi. Borliq o‘z maylida to‘lib-to‘liqib yashnardi, yaltirardi: yashil maysalar bahorning bu iliq-issiq kunlari muvaqqatligini sezganday, yengil epkin izmida bearmon erkalanar, turfa xil mo‘‘jaz chechaklar o‘pich umidida boshlari uzra tinmay vizillayotgan arilarga nozu karashma qilishar, oppoq kapalaklar esa, umrlari atigi bir necha kunlik bo‘lishiga qaramay, xuddi bu dunyoda manguga qoladigandek, olamga sig‘may maysadan gulga, guldan maysaga uchib qo‘nishardi. Darvoqe, chumolilar oftobda quriy boshlagan ko‘lmakni yoqalab o‘tib, allaqachon uzun karvon hosil qilgandi.
Yangi buloqning so‘rab-surishtiradigan narsalari juda serob edi. Ming afsuski, shundoqqina yonginasidan, bu dunyoga begonadek, sassiz-sadosiz, horg‘in va tolg‘in oqayotgan keksa buloq uning barcha savollarini javobsiz qoldirmoqda edi. Bunga sari endi ko‘z ochgan buloqning qaynab toshgisi va o‘zining dilbar qo‘shiqlari bilan butun borliqni shodlikka ko‘mib tashlagisi kelardi.
Uning keksa buloqqa bergan so‘ngsiz savollaridan biri oxiri shu bo‘ldi:
— Nechun buncha g‘amginsiz?
Keksa buloq bu so‘roqni ham odatdagidek javobsiz qoldirib, mahzun oqishda davom etdi.
— Qaribsiz juda qaribsiz! — bu ta’na yangi buloqning tilidan bexos ko‘chdi va so‘ng odobsizlik qilganini fahmlab qolib, xijolatomuz chuldirab qo‘ydi.
Keksa buloq esa uning mavjudligini payqamaganday, loaqal qiya boqishni lozim topmadi. Bundan yangi buloqning yomon alami qo‘zidi. Ko‘hna buloqqa qasdma-qasd, tirishib-tirmashib o‘ziga yangi o‘zan ocha boshladi. U yo‘lida uchragan maysalarga salom berib, ularning olqishidan rohatlanib, to‘lg‘anib-to‘lg‘anib oqdi. Tabiatan sho‘x emasmi, ro‘baro‘ kelgan qurt-qumursqalarni yelkasiga opichlab qitmirlanib-qitmirlanib oqdi. Undagi bu tizginsizlik soz tuproqli do‘nglikkacha davom etdi. U yo‘lida uchragan to‘siqqa manglay urib to‘xtarkan, bu nimasi deganday, bir zum ang-tang turib qoldi. Bir qarashda, endi uning keksa buloq oqimiga qo‘shilmoqdan bo‘lak iloji yo‘qday edi. Ammo u bo‘y berishni istamadi. Shuning uchun zo‘r sabr-bardosh bilan do‘nglik chetini yumshatib, asta «kemira» boshladi.
U yosh va kuchli edi.
Soz tuproqli do‘nglik uning tirishqoqligiga bardosh berolmay, nuray-nuray, oxiri bag‘rini ochdi. Yangi buloq o‘zining dastlabki g‘alabasidan behad shodlanib, tevarakka g‘olibona bir qur nazar tashladi. Ko‘rdiki, keksa buloq o‘zanidagi suvning mazasi yo‘qroq. Bu turishida uzoqqa boradigan emas. Biroq u yo‘q-bor narsalar haqida bosh qotirib o‘tirishga hali odatlanmagani bois, do‘ngda ushlanib qolganligini hissasini chiqarmoqchiday, shiddatla olg‘a intildi. Va tezda shuni angladiki, o‘zining ko‘z ochganidan maysalar xursand. Ana, chechaklar ham epkinda chayqalib-chayqalib chapak chalmoqdalar. Oppoq kapalaklar esa, nazarida, boshidan nari ketmay qoldi. Bundan u o‘zida yo‘q masrurlanib, chuldiragancha qo‘shig‘ini eng avj pardasiga chiqardi. Nazdida, qo‘shig‘ini bor jumlayi jahon jon qulog‘i bilan tinglayotgandek edi. Yo‘q, uning sho‘x yallasini hamma ham tinglamayotgan ekan. U kutilmaganda havoni titratib yuborgan qahrli ovozdan cho‘chib tushdi. Atrofga alanglab, hali umrida ko‘rmagan jonzodlar — ikki nafar odam bolasiga nigohi tushdi. Ular tizza bo‘yi ko‘tarilgan toshdevor yonida bir-biriga xezlanib turishardi. Boyagidek qahrga to‘la xitob bu safar yanada baland ohangda takrorlandi.
— Men senga devor egirma deganman!
— Egiraman!
— Qo‘lingni urib sindiraman!
— Sindirib bo‘psan!
— Etingni burda-burda qip tashlayman!
— Men sening etingni sixga tortaman!
Bu paytda endi ko‘z ochgan buloq navbatdagi chog‘roqqina do‘nglikka yetgandi. U tevarakka tuzukroq razm solib, o‘zicha ne gapligini anglamoqchi bo‘ldi. Biroq, turgan gap, hech vaqoga aqli yetmadi. Haligi ikkisining janjali esa, borgan sari battar avjlanardi. Ularning baqir-chaqiriga parrandalar dosh berolmadi, birinchi bo‘lib ular nari uchib ketdilar. So‘ng buloq bo‘yidan kapalaklar uzoqlashib, ko‘p o‘tmay arilarning ham uni uchdi. Chechaklar bo‘y taratishdan tiyilib, maysalar qo‘nishib oldi. Faqat ko‘pni ko‘rgan keksa buloqqina beparvo, odatdagidek, bamaylixotir oqishda davom etardi.
U juda keksa edi. Ko‘p emas, oz emas, naq ming yoshni urib qo‘ygandi. Shuning uchun ham bu dunyo ishlari haqida ko‘p narsalarni bilar va bir olam voqea-hodisalarga guvoh bo‘lgandi. Faqat hamma balo shundaki, uning dardi va xotiralarini tinglovchi yo‘q edi.
Qavatida chuldirab oqayotgan yangi buloqni esa, bu hali go‘dak, nimaniyam tushunardi, degan o‘yda o‘ziga tengsitmay turardi.
Yangi buloq yo‘liga ko‘ndalang bo‘lgan bu do‘nglik zamini toshloq ekan, shuncha urinsa-da, to‘siqni yemirolmadi. Oqibat, u so‘lga qayrilishga majbur bo‘lib, keksa buloq o‘zaniga yanada yaqin kelib qoldi. Lekin hali havosi juda baland emasmi, unga qo‘shilmadi va nishablikdan foydalanib, ortiqcha aziyatsiz ilgarilay boshladi.
Bu orada haligi kimsalarning baqir-chaqirig‘i kuchaygandan-kuchayib, ular qatoriga ikki ayol ham qo‘shilgandi.
Endi ko‘z ochgan buloq to‘lg‘anib, jahl bilan chuldiradi:
— Bular kim, nega buncha baqirishayapti, a?
Keksa buloq qavatida shildirab oqayotgan hamrohiga ilk bor nazar solarkan, chuqur uh tortib dedi:
— Bular pastdagi qo‘shnilar, sen bilan meni bo‘lisholmay xunob bo‘lishmoqda.
Yangi buloqning nigohi shundagina quyidagi qishloqni va beriroqda qo‘nqaygan ikki kulbani ilg‘adi.
— Nega endi bo‘lisharkan, nima, bizning ularga qarashli joyimiz bormi? – dedi u ichi yonib.
— Yo‘q, biz hech kimga qarashli emasmiz.
— Unda nega ular bizni talashishayapti?
— Nodonliklari tufayli.
— Nima degani u?
Keksa buloq ortiqcha izohga xohish sezmadi. Nimaga deganda, «nodonlik»ning neligi so‘zning o‘zidan ayon, uni hijjalab tushuntirmoqqa ne hojat, degan xayolda tag‘in sukutga toldi.
Keksa buloqning o‘ylaydigan, xotirlaydigan narsalari mo‘l edi. Ko‘pi unutilib, ko‘pini yaxshi eslab qolgandi. Esida, yuz yilning narisida hozirgi qishloq o‘rni biydek yaylov edi. Yoz oldi yaylovga chorvasini haydab chiqadigan chorvadorlar hamisha buloq bo‘yini makon tutardilar. O‘tovlar tikib, kuzni shu yerda oxirlatardilar. Kunduzi mollarini boqib, tunlari olov atrofida allamahalgacha o‘yin-kulgu qilishardi. Keksa buloq bu farohbash damlarni, o‘zidan sal naridagi toshloq sayhonlikda yoqiladigan katta gulxanni va gulxan bilan shu’la talashgan osmon to‘la yulduzlarni, to‘lin oyli tunlarni hech unutolmaydi, hali-hanuz qo‘msaydi.
Keyinchalik yaylov o‘rniga birin-sirin tomsuvoq uylar tusha boshladi. Qishloq kengaygandan kengayib, ajabtovur zamonlar boshlandi. Uchli qalpoq kiyganlar u yon-bu yon ot qo‘yib o‘tdilar. Alp kelbatli yigitlar ular bilan ayovsiz olishdilar. Bu notinch zamonlarda keksa buloq suvi ko‘plab odamlarni — yaxshiniyam, yomonniyam qonini yuvdi, tashnaligini qondirdi. O‘q va tig‘dan yaralangan ne-ne azamatlar bir qultum suv ilinjida unga yetolmay shahid bo‘lib ketdilar. Uning bilgani shuki, u zamon yigitlari manovi ikkisi kabi qirriq emasdi, «yurt», «ozodlik» deganga o‘xshash so‘zlarni og‘izlaridan qo‘ymay, yov bilan olishganlari-olishgan edi.
Undan naridagi zamonlar ham ajabtovur va har biri o‘ziga xos bir tarix edi. Lekin shu paytgacha hali hech kim bugungidek buloq talashib janjallashmagandi. Bu hol keksa buloq hayotida ilk bor yuz bermoqda edi.
Yangi buloq o‘zining kimgadir tegishli bo‘lishini hech hazm qilolmadi. Chuldirab savol deganlarini qalashtirib tashlayverdi. Uning bu fe’li, ya’ni birovga tegishli bo‘lishni istamasligi keksa buloqqa juda yoqib tushdi. Mehrini iydirib, ko‘nglini yumshatdi. Bu qishloq odamlarining barini tanigani bois, keksalarga xos ezmalanib, voqeani o‘zi bilganicha hikoya qilishga tushdi.
Keksa buloqning fikricha, o‘rdagi-qirdagi narsalarga devor egirishni avvaliga Rauf mo‘ndi boshlab bergan. U tog‘ bag‘ridagi do‘lanazorni toshdevor bilan o‘ray boshlaganida, odamlargina emas, qishloqning burga bosgan mushugiyu cho‘loq itigacha hayron qolgan. Rauf mo‘ndi deganlari toshdevorga juda ko‘p kuch sarfladi. Hadeb tosh ko‘taraverganidanmi, churrasi tushib, mana endi yarimjon bo‘lib o‘tiribdi. Ne mashaqqatlar bilan ko‘tarilgan toshdevorining yarmi ag‘nab, yarmi o‘pirilib yotibdi.
Bir-biriga xezlangan ko‘yi, hanuz baqir-chaqir qilayotgan manovu ikkisiga kelsak, fikri buzuqlik avval boshda Tovqora cho‘tirdan chiqqan. Yonbag‘irlikka tutash nishobtob sayhonlikda joylashgan bu buloq suvi har ikkisining tomorqasi oralig‘idan o‘tib, naridagi soyga borib quyiladi. Farqli jihati, buloq ko‘zi Tovqora cho‘tirning tomorqasiga xiyolgina yaqinroq edi. Shu bir kuni tongda u yuviqsiz bet bilan yonbag‘irlikka chiqib keladi-da, hali uyqu to‘la tark etmagan mudroq nigohini tevarakka yugurtirib, o‘zicha nimanidir qidirganday bo‘ladi. Bu uning azaliy odati, tongdan vaysashga tushadigan ayolining ovozini eshitmaslik uchun ko‘pincha yonbag‘irlikdan panoh qidiradi. Chetdan qaraganda, u tabiat go‘zalligiga mahliyodek tuyuladi. Aslida esa go‘zallik uni mutlaqo qiziqtirmaydi, bu kabi nozik tuyg‘ular unga yetti yot begona. Ko‘zi ochig‘u, lekin hech narsani ko‘rmaydi. Lekin bu safar u Rauf mo‘ndi egirgan toshdevorga negadir o‘zga bir yo‘sinda nazar tashladi. Toshdevor allaqachon zavolga yuz tutgan esa-da, undan quyidagi nom qolgan: «Raufning joyi». Bu nom endi yo‘qolmaydi, bir umr saqlanib qoladi. Xuddi «Yashin urgan qoya» yoxud «It uligan dara» kabi. Qay bir zamonlarda kunchiqishdagi qoya boshini yashin urib, yuqori tizmadagi darada tuni bilan it ulib chiqqan ekan. Shundan buyon bu joylar yuqoridagi nomlar bilan atab kelinadi.
Tovqora cho‘tir shularni xayolidan o‘tkazarkan, allaqaerdan bamisoli qovoqariday g‘ung‘illab yetib kelgan bir o‘y miyasiga chippa yopishdi qoldi. Ming haydasa-da nari ketmay, qaytamga tilida quyidagi ravishda evrildi: «Tovqoraning bulog‘i» U buloq tomonga ushshayib tikilarkan, suv egasi bo‘lishdek havoyi bir hisdan quvonib, ruhlanib ketdi, zumda devor egirilishi lozim bo‘lgan o‘rinni belgilashga ham ulgurdi. Ilgariyam buloqni tomorqasiga qo‘shib olishni bir-ikki o‘ylagandi-yu, lekin bugungidek qat’iy to‘xtamga kelmagandi. Bu ishidan qo‘shnisi Tohir qoraning g‘azabga kelishini bilgandi-yu, lekin janjalning bu qadar jiddiy tus olishini xayoliga keltirmagandi.
Mana haftadirki, ikkisi qirpichoq. Tizza bo‘yi toshdevorning har ikki yonida turib olib, bir-biriga aytmagan so‘zi, otmagan toshi qolmadi. Bugun esa Tovqora cho‘tir yo‘q yerdagi da’voni ilgari surdi, emishki, qadimda bu yerlar bobosiga tegishli bo‘lgan ekan. Bu o‘rinsiz da’vodan Tohir qora qolib, keksa buloqning hayrati oshdi.
— Bu yerga uning bobosi emas, otasi ko‘chib kelgandi-ku! — dedi xunobi oshib.
Bunga javoban yangi buloq norozi chuldirab qo‘ydi. U keksa buloqning uzundan-uzun hikoyasidan zerikkan, odam bolasining baqir-chaqirig‘idan hurkib qochgan qushlarni, oppoq kapalaklar va arilarni sog‘ingandi. Shuning uchun janjalkash kimsalarni devor- pevoriga qo‘shib oqizib ketgisi keladi. Bunga chog‘i yetmasligini anglab, qavatida hanuz so‘zlanib oqayotgan keksa buloqqa umidvor tikiladi. Biroq ko‘radiki, hamrohi xasta, uning kuchi xotiralar so‘zlamoqqa yetadi, xolos.
U havoga qalqiyotgan xitoblarni eshitib, battar tashvishga tushadi.
— Agar niyatingdan qaytmasang, buloq ko‘zini yopaman! – dedi Tohir qora.
— Tixirlik qilib, hadeb jonimga tegaversang, men uni buzaman! – dedi unisi.
Uning baxtiga yaxshiyam tun bor ekan, odamzodni alahsituvchi cheki-chegarasiz oqshom yumushlari bor ekan. Do‘ngda qishloq podasi ko‘rinishi bilan avval ayollar ketdi. So‘ng ishdan emas, janjaldan horigan erkaklarning qorasi o‘chdi.
Tun orom o‘tdi.
U keksa buloqning qurib qolganini saharga yaqin bildi. Bundan qayg‘urishniyam, quvonishniyam bilmay turganida, qushlar salomga yetib kelishdi. Tungi yengil shudring ostida orom olib yotgan turfa chechaklaru maysalar quyoshdan oldin uyg‘onishib, avval unga, so‘ng oftobga olqish yo‘llashdi. Keyin arilar ketidan oppoq kapalaklar paydo bo‘lib, olam dilkash bir shovurga to‘ldi. Kechagi g‘urbatli kun tushida kechganidek, u yana borliqqa mahliyo bo‘ldi. Go‘dakligiga bordimi, keksa buloq fojiasini to‘la his etmagan holda undan qolgan o‘zanni to‘ldirib, yayrab-yashnab oqa boshladi. Agar to‘satdan qoq beliga kalladay tosh kelib tushmaganida, u bor ovozda qo‘shiq ham aytmoqchi edi.
U cho‘chib qarasaki, Tohir qora deganlari toshqalamalarni buzayapti, devorni tepib-sepib, qo‘liga uchragan toshlarni chor tarafga uloqtirayapti. Shu payt quyidan hayqirgancha Tovqora cho‘tir chiqib keldi. U bu safar Tohir qora bilan adi-badi aytishib o‘tirmadi, devori nuraganidan alami va g‘azabi toshib, shartta qo‘shnisining yoqasiga yopishdi. Ular ola-tasir olishib ketdilar. Bu holdan yangi buloq juda qo‘rqib ketdi. U zamin qa’ridan najot qidirdi. Zaminning bag‘ri keng edi, uni o‘z quchog‘iga oldi, avaylab erkaladi. So‘ng uni yer osti daryosi o‘zani tomon burib yubordi.
Qosh-qovog‘i shishgan, yorilgan qo‘shnilar manglay qonlarini yuvgani uzun-qisqa bo‘lib, buloq bo‘yiga endilar. Buloq o‘rnida kichkina ko‘lmak ko‘rdilar. Biri ko‘lmak suvini qizartirib, yorilgan qansharini yuvarkan, tepasida kaftini lunjiga bosib turgan sherigiga o‘shqirdi.
— Buloqni... yebsan-ku, isqirt!
— Bu sening ishing! – dedi unisi buloqdan suv qochganini endi payqab. – Tunda nimadir qilgansan sen!
Qurigan buloq hududini avval kapalaklar, so‘ng arilar tark etishdi. Mitti chechaklar esa panoh qidirib, bo‘liq maysalar pinjiga suqilishdi. Biroq maysalarning o‘zi panohga muhtoj edilar.
Bu holga faqat ko‘kdagi quyoshgina befarq edi. U, oldi yoz emasmi, zaminni odatdagidan ko‘ra ko‘proq qizdirmoqda edi.
Qoq tushga borib qurigan o‘zan yoqasidagi maysalardan biri asta nido taratdi, so‘ng unga boshqalari jo‘r bo‘ldi.
— Su-uv!
Ularning horg‘in ovozi qaynoq havoga singib, ma’nosiz bir ifoda kasb etdi-da, so‘ng kenglik bag‘riga sochilib ketdi.