OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Normurod Norqobilov. Tungi mehmon (hikoya)

U qishloqning chekkasidagi kulbada jiyani bilan turadi. Ota-onasi o‘tgan yili oldinma-keyin qazo qilishgan. Yolg‘iz qolib, keng hovli yutadigandek tuyulavergach, qo‘shni qishloqda turuvchi singlisining qizini so‘rab olgandi.
Har holda tayanch-da!
Singlisi sog‘ingan kezlari qizini olib ketadi. Uch-to‘rt kun bag‘rida saqlab, o‘zi aytmishli, obdon diydoriga to‘ygach, noiloj yana qo‘yib ketadi. Kelganida bir gapni aytishni kanda qilmaydi: “Turmush qilsangiz yaxshi bo‘larmidi, opa!” Qiziq, ota-onasi tirikligida, bu haqda sira og‘iz ochmasdi. Yaxshiyam siz borsiz, emasam, qariyalarning ahvoli ne kechardi, derdi nuqul uni alqab. Endi esa... U gohida singlisining aftiga sinchkov tikiladi, nahotki, baxtimni o‘ylayotgan bo‘lsa? Yo‘q, uning baxti bilan singlisining mutlaqo ishi yo‘q. Hamma gap qizi vajidan. Shunda uning zardasi qaynaydi: “Olib ketaver qizingni! Yolg‘izlikdan o‘lib qolmasman!”
Singlisi hushyor tortadi. Voy, nega unaqa deysiz, sizni o‘ylayman-da, opajon, deya bir dunyo chuchmal gaplarni qalashtirib tashlaydi. U bundan battar g‘ijinadi, burchakdagi ko‘zguga ko‘z tashlaydi. Ko‘zgudan o‘ziga alamnok boqib turgan ayolning bo‘liq va ko‘rkam qomatini ilg‘amaydi, hali oq oralashga ulgurmagan quyuq, tim qora, uzun sochlarining go‘zalligini payqamaydi, yuzidagi xunuk chechak izlarini ko‘radi, xolos. Bu ruxsori bilan hech kim xotinlikka olmasligini ich-ichidan his etadi. Ko‘nglidan, ini — ota, singil — ona bo‘lolmas ekan-da, degan alamli o‘y o‘tarkan, ko‘zguni urib sindirgisi keladi. Bazo‘r o‘zini bosadi. Bu qo‘tir dunyoda kimga nimani isbotlamoqchi o‘zi? Bugun ikkinchi kundirki u yolg‘iz.
Odatdagidek, uyqusi kelmay, anchagacha to‘lg‘anib yotdi.
Ko‘zi endi ilingan ekan, birdan hovlida nimadir dupurlab qoldi. Chamasi, kimdir devor oshib tushganday bo‘ldi. Haqiqatdan ham dahliz eshigi tirmalanib, asta g‘iyqillab ochildi.
U xayol bilan bo‘lib, eshikni tambalashni unutganini esladi. Keyingi vaqtda ancha hardamxayol tortib qolgan. Merovsiramay o‘l, deya o‘zini yanishga ham ulgurdi. So‘ngra tunlari yonida olib yotadigan qo‘shog‘iz miltig‘ini qo‘liga olib, o‘rnidan turdi. Otasidan qolgan bu yarog‘ni hudud noziriga berib yubormaganidan ilk bor chinakamiga suyundi.
Kutilmagan “mehmon” miltiqqa ro‘baro‘ kelishini kutmagan shekilli, qorong‘idan qo‘rquv to‘la shikasta ovoz eshitildi.
— Otma... Otma, Chamanoy! Iloyim, bolaginangni ko‘taray, otma!
Tungi chiroq nuridan xira yoritilgan xona o‘rtasida miltiq o‘qtalib turgan ayol ochiq eshikdan qorong‘u dahlizga behuda tikilarkan, ovoz egasini dabdurustdan tanimadi.
— Kimsiz?! — dedi miltiq milini o‘sha tomonga to‘g‘rilab.
— Bu men... Qilichbekman!
— Qilichbek?! — Ayol har qancha ajablansa-da, holatini o‘zgartirmadi. — Yarim tunda nima qilib yuribsiz bu yerda?!
— Qochdim, Chamanoy, qochdim! Johil va nodonlar to‘dasi meni do‘pposlashmoqchi edi, jonimni olib qochdim! Uyingga... bekingani kirdim.
— Bekingani mening uyimdan bo‘lak joy qurib qolganmi?
— Yozda uying ortidagi to‘qayzorda jon saqlardim. — Kimsa chuqur xo‘rsindi. — Hozir havo salqin... To‘g‘risi, bu gal negadir shoshib qoldim. Ana, ortimdan quvlab kelishayapti.
Qadam tovushlari yaqinlashmoqda edi. Hozir ular uyga bostirib kirishayotgandek, ayolning yuragi orqasiga tortib ketdi. Tunda yolg‘iz erkak bilan ko‘rishsa, nima deb o‘ylashadi? Ertan qishloqda qanday bosh ko‘tarib yuradi?
Haytovur ta’qibchilar darvoza yonida to‘xtashmadi, dupurlashgancha to‘qayzor tomonga o‘tib ketishdi.
Butun diqqat-e’tibori tashqarida bo‘lgan ayol hanuz ko‘rinish berishni istamayotgan dahlizdagi kimsani bir zumga unutdi. Qishloq adog‘i katta yo‘lgacha qalin to‘qayzor. Tunda to‘qayzordan birovni qidirib topish pichan g‘aramidan igna izlashdek bir gap. Ta’qibchilar haqiqatdan g‘irt nodonga o‘xshaydi.
Dahlizda kimsa shivirlab o‘zidan darak berdi.
— Ana, qaytib ketishayapti.
— Unda siz ham sekin chiqib keta qoling!
— Shu salqinda qayoqqa boraman?
— Qayoqqa borishingizni men qaydan bilay? — Ayolning jahli qo‘zidi. — Nima, meni gapga qoldirib o‘ldirmoqchimisiz! Qani, jo‘nang!
— Shu kecha dahlizingda tunab qolay, Chamanoy.
— Tushingizni suvga ayting! — Ayol ovozini xiyol bilandlatdi. — Otaman lekin!
— Otma, Chamanoy!
Oraga bir soniya jimlik cho‘kdi.
Bir payt “mehmon” so‘rab qoldi.
— Miltig‘ing o‘zi... o‘qlanganmi, Chamanoy?
Ayol javob qaytarmoqni lozim topmadi. Qo‘lidagi yaroqni joyliroq tutish bilan cheklandi. Oqshom pechka yoqilganiga qaramay, xona ancha sovuq edi. U o‘rta eshikni qurib beraman deb, hanuz so‘zining ustidan chiqmayotgan qo‘shni erkakni ichida yanarkan, tahdidli ohangda dedi:
— Agar chiqib ketmasangiz, hozir naq manglayingizdan otaman!
— Bilaman.
— Qaerdan bilasiz?
— Qo‘lingga yaroq tutibsanmi, demak, otasan-da.
— Hozir hazilning o‘rni emas, aka!
— Men hazillashayotganim yo‘q, — dedi kimsa yoruqqa chiqishni xayoliga ham keltirmay. — Ulardan kaltak yegandan ko‘ra, sening qo‘lingda o‘lganim yaxshi.
— Hushomadga balo bormi!
— Otang qadrdonim, onang mehribonim edi, — qorong‘udagi kimsaning ovozi to‘lqinlanib, nimanidir eslaganday bir muddat jim qoldi-da, so‘ng mahzun ohangda yana gapda davom etdi: — Qo‘lingdan necha martalab choy ichganman ota-onang tirikligida. Kimligingni yaxshi bilaman, Chamanoy! Bugun nimagadir oyog‘im shu tomonga tortdi. Negaligini o‘zim ham bilmayman. To‘qayzordan ko‘ra, inson mehrini istadim shekilli. Senga nisbatan xayolimda yomon o‘y yo‘q. Tuzingni totganman axir, Chamanoy! Yomon xayolga borib o‘libmanmi! Sen bahuzur uxlayver, men... birpasdan so‘ng chiqib ketaman. Qattol dushmanday menga bunday tikilma! Ko‘zing teshib yuboray deyapti!
Ota-onasi eslatilgan Chamanoyning ko‘zlarida yosh aylana boshladi. Qo‘lidagi yarog‘ini beixtiyor pastga tushirarkan, kutilmaganda o‘zini tutolmay yig‘lab yubordi.
— Yig‘lama, Chamanoy! — dedi hanuz ko‘rinish berishga botinolmayotgan “mehmon”. — Hozir chiqib ketaman. Sovuqda qotib yoki anovu johillarning kaltagidan o‘lsam ham mayli! Faqat sen yig‘lama! Yig‘lasang, ketishim qiyin bo‘ladi.
Ammo ayolning qulog‘iga gap kirmasdi. Ota-onasini qumsab yig‘ida davom etdi. Yig‘lay-yig‘lay... madordan ketdi.
Tongda xurrak ovozidan uyg‘onib ketdi. Boshda hayron bo‘ldi, so‘ng qo‘rqdi. Qorong‘u shiftga, tong yog‘dusidan yorishgan derazaga alang-jalang boqish barobarida yonidagi miltiqqa qo‘l cho‘zdi. Barmoqlari muzdek sovuq yaroqqa tekkachgina, tundagi voqea esiga tushdi. Ko‘ngli andak xotirjam totib, ko‘rpa ostidan sirg‘alib chiqdi. Bo‘ynini cho‘zib, dahlizga mo‘raladi. Yalang sholcha ustida sovuqdan g‘ujanak bo‘lib yotgan kimsani ko‘rdi. Avvaliga qahri qo‘zidi, so‘ng rahmi keldi. Kishilar turmasdan, tezroq jo‘nay qoling deya, turtkilab uyg‘otmoqchi bo‘lgan joyida, negadir fikridan qaytdi. Uyg‘otishga ko‘zi qiymadi. Taxmondan ko‘rpa olib, avaylab ustiga yopdi. Keyin kundalik yumushiga unnadi.
Hovlida ish degani serob edi. Qo‘radagi mollarga qarash, sog‘ish, tagini tozalash kabi mayda-chuyda ishlarning o‘ziyam uning ko‘p vaqtini olardi. Ota-onasining o‘limidan so‘ng bu yumushlar ayolning yagona xaloskori bo‘lib qolgandi. Tunlari ham tek o‘tirmaydi. Jun titib, ip yigiradi. Ko‘rpa, ko‘rpacha qaviydi. Oppoq sochiqlar chetiga ermakka kashtalar chatiydi. Singlisi esa hayron, yolg‘iz boshingizga shuncha davlat ne chikora, deydi. Uning ochko‘z nigohi ayolning g‘ashini keltiradi: “Erimni boy qilmoqchiman”, deydi. Singlisi uning molu davlatini yo‘q erdan qizg‘anadi. O‘zicha allanimalar deydi. Meros talashib janjal ko‘targisi keladi-yu, lekin opasidan hayiqadi.
Ayol ish bilan bo‘lib, tundagi voqeani ham, dahlizda uyquni urayotgan kimsani ham unutgan ekan, o‘choqqa o‘tin qalayotganda birdan esiga tushib qoldi. Shoshib uy tomon yurdi. Biroq dahlizda hech kim yo‘q, qalin ko‘rpa bir chetga chiroyli qilib taxlab qo‘yilgandi.
Ayolning ko‘nglida xijolatga o‘xshash nimadir uyg‘ondi. Yuraging yorilmay, odamga o‘xshab kutib olsang o‘larmiding! Akaday bir odam edi-ku u senga! Yaqinda tomingni yopib bergan... Esida, o‘shanda Qilichbek deganlari harchand zo‘rlasa-da, pul olmagan, lekin burchakdagi kattakon qo‘g‘irchoqni so‘rab olgan. Ayol hayron bo‘lgan. Biladiki, Qilichbekning qizi yo‘q, baqiroq, janjalkash xotini To‘lg‘onoydan ikkita o‘g‘li bor. Uning ajablanganini sezgan erkak kunbotishdagi shahar tomonga ishora qilib: “U yoqda mening qizlarim ko‘p. Buni olib borsam, xursand bo‘lishadi” degandi.
Qilichbek g‘irt yetim. Shahardagi bolalar uyida voyaga yetgan. Bo‘yi yetgach, marhum Asqat temirchiga shogird tushib, uning qizi To‘lg‘onoyga uylangan. Temirchining qizi bitta, ammo o‘g‘illari ko‘p edi. Bari bir-biridan battar johil, nodon. Janjalni pulga sotib olishadi. Biriga tegsang, hammasi yopirilib keladi. Na uyatni bilishadi, na andishani. To‘lg‘onoy ham og‘a-inilaridan qolishmaydi. Eriga zug‘um qilishni yaxshi ko‘radi. Yetimligini ro‘kach qilib, haromidan olib haromiga soladi. Bu kamdek, salga dodlab, aka-ukalarini boshiga yig‘adi.
Chamanoy og‘zidan saqich tushmaydigan yo‘g‘on bu ayolni jinidan yomon ko‘radi. Uning yosh boladay jonsarak eriga rahmi keladi. Qani endi qo‘lidan kelsa-yu, undan yaxshiligini ayamasa. Ammo yaxshilik qilish u o‘ylaganchalik oson ish emas ekan. Kecha tunda uyiga qochib kirganida, dardiga malham bo‘lish o‘rniga miltiq o‘qtalib o‘tiribdi. Endi bilsa, erkakdan emas, gap-so‘zdan qo‘rqqan ekan.
Bugun tunda u negadir erkakni qo‘msadi. Kechagiday ayvonda tunashini istadi. Tongda tuygan hiddan nafas olish uchun dahlizga chiqdi. Biroq tongda xonani to‘ldirgan erkak hididan darak yo‘q, achigan xamir isi anqirdi, xolos.
Ayol mahzun holatda xonaga qaytib kirarkan, ixtiyoridan tashqari bir ishga qo‘l urdi. Dahlizga qalin qilib joy soldi. Yangi ko‘rpa, yangi bolish qo‘ydi. Eshikni tambalashni go‘yo unutgan kishi bo‘ldi. Lekin miltig‘ini biqinidan jildirmadi. Axir miltiqni undan olib qo‘ymoqchi bo‘lgan hudud noziriga uni “erim, tungi posbonim”, degan-da. Demak, er degani xotin kishining qavatida, biqinginasida yotishi kerak. Hudud noziri yaxshi yigit edi, uni tushungan: “Lekin qonunni buzyapman-da, opajon”, degan. Ayol uni erkalab yelkasiga qoqarkan: “Opang uchun qonunni buzsang, buzibsan-da, ukajon, — deya alamnok jilmaygan. — Tunda menday yolg‘iz bir ayolga erday gapda bu! Yomon niyatda ostonamni xatlagan odamni nima bilan cho‘chitaman? Shuni o‘qtalib qo‘rqitaman-da!”
Ayol tunda ziyrak yotdi, allanimani kutganday, ilhaq yotdi. Qani endi, hokisor nigohli erkak yana bir tungina dahlizida tunasa, yalang sholcha ustida emas, qalin to‘shakda uxlasa, uyini erkak hidiga to‘ldirsa! U shuni istadi. Bundan ortig‘ini xayoliga keltirmadi.
Tongda esa boshi g‘ovlab, karaxt uyg‘ondi. Dahlizdagi to‘shakni bo‘sh ko‘rib, xo‘rligi keldi. Ko‘ziga yosh aylandi va bu holatidan o‘zi ham ajablandi. Tentak bo‘lyapman shekilli, degan o‘yga bordi. Lekin negadir tentak bo‘lgisi keldi. Biroq qo‘radagi tomdek targ‘il sigiri bunga izn bermadi. Mo‘rab ovoz berdi. Unga boshqa jonivorlar jo‘r bo‘ldi.
U qo‘ra tomon oshiqdi. Yaxshiyam ish bor — yumush bor deya suyundi. Shuning bilan erkakniyam, o‘y va istaklariniyam unutdi. Odatdagidek, ishga sho‘ng‘idi.
Bu kecha esa o‘zini yomon qarg‘adi. Kecha tundagi xohish va xayollari bugun juda erish tuyulib, o‘ziga o‘zi tuhmat qildi: “Ersiramay o‘l, megajin!” Bunga qanoat etmay, oppoq, bo‘liq sonlarini ayamay chimchilab-chimchilab oldi. Og‘riqdan joni rohat topdi. Shu yo‘sinda istagiga chek qo‘ygan bo‘ldi. Bu tun dahlizga joy solmadi. Eshikni ochiq qoldirmadi. Biroq yarog‘ini yoniga qo‘yib, to‘shakda cho‘zilgan yerida yana birdan o‘rnidan sakrab turib ketdi. Ichki bir to‘lqinga bo‘ysinib, taxmon yoniga bordi. Ko‘rpa qatiga qo‘lini tiqqancha uzoq turib qoldi. So‘ng shalvirab iziga qaytarkan, yerda yotgan miltiqqa qoqilib, barmog‘ini qayirib oldi. Og‘riq miyasiga tepdi. Barmog‘ini tutib, to‘shak ustida to‘lg‘anarkan, istamasa-da, negadir tag‘in erkakni o‘yladi: “U sho‘rlik yana quvg‘inga uchrasa, bu sovuq tunda qaysi teshikka boshini uradi?” Ayol og‘riqniyam unutib, shu o‘y zaptida eshikka yugurdi. Avval ilgakni tushirdi, so‘ngra tamba-tutqich orasiga qistirilgan yo‘g‘on o‘qlovni sug‘urib oldi. Keyin esa fikridan qaytib qolishdan qo‘rqqanday, entikkancha o‘zini ko‘rpa tagiga urdi.
O‘ranib-chirmanib, bamisoli guvalaga aylandi.
Aslida u aynib qolishidan emas, istagidan uyalgandi.
Tong saharga yaqin tanish xurrak ovozidan uyg‘onib ketdi. Quloqlariga ishonmadi. So‘ng qalbi adoqsiz quvonchga to‘lib, dahlizga deyarli chopib chiqdi. Titroq barmoqlari bilan devorni paypaslab, chiroqni yoqdi. Ko‘zi qoq sholcha ustida yosh boladay g‘ujanak bo‘lib yotgan Qilichbekka tushdi. Ayolga u erkak kishi emas, tashlandiq, himoyasiz bir go‘dak bo‘lib tuyuldi. Mehri jo‘shib, ichi tuzday achishib, ichkaridan ko‘rpa va to‘shamcha ko‘tarib chiqdi. To‘shamchani bir chetga uloqtirib, yigitning ustiga ko‘rpa tashlab qo‘ya qoldi.
Qilichbek ko‘rpa tagidan uyqusirab g‘udrandi.
— Ular meni urishdi, Chamanoy!
Ayol indamadi. Xuddi onadek, uning boshida cho‘nqayarkan, ilk bor erkakning yuziga sinchkov razm soldi. O‘ng yanog‘i va iyagida kaltak izlarini ko‘rib, yuragi ezildi. Ko‘ngli buzilib, sassiz yig‘larkan, uning manglayiga qo‘l yuborganini sezmay qoldi.
Silab turib yig‘ladi, yig‘lab turib siladi.
Yigitning allaqachon uyg‘ongani-yu, yosh boladay huzur qilib yotganini keyin, qachonki, erkak uning kaftini tutib, barmoqlari uchidan o‘pgandan so‘nggina payqadi. Qoshida himoyasiz sabiy emas, rostmana erkak kishi cho‘zilib yotganini, go‘yo shundan keyingina anglaganday bo‘ldi. Erkakning bu o‘pichida mehrtalab insonning minnatdorchiligiyu tushuniksiz yana allanimalar qorishiq edi. Avvaliga ayol bundan qattiq uyaldi, so‘ng ranjidi. Qo‘lini ilkis tortib olarkan, shirin nimanidir yo‘qotganday, unga yomon qaradi. O‘z navbatida, Qilichbek ham shuni sezdiki, xiyolgina oshiqcha harakati yoqimli tushdek lazzatli onni parokanda qilishi mumkin. U qo‘lini oshig‘ich ko‘rpa ostiga yashirib, ayolga mo‘ltirab boqdi. Uzr so‘raganday g‘o‘ldiradi.
— Yana nima gap? — dedi ayol, haddingizdan oshmang, deganday.
— Hech gap, — erkak qult yutinib, ko‘rpani iyagiga tortdi. Keyin bu yotishi o‘ziga erish tuyulib, o‘rnidan turmoqqa chog‘landi-yu, ustiga azza-bazza ko‘rpa tashlagan ayol bu ishidan xafa bo‘ladigandek tuyulib, fikridan qaytdi. Ayvonda uchib qolgan kezlari o‘z ayoli bu xil mehribonchilikni xayoliga keltirmasligini eslab, ichdan o‘ksindi: — Hech gap, Chamanoy!
— Hech gapga o‘xshamayapti-ku? — ayolning ovozi muloyimlashdi.
Erkak ayolning boshi uzra shiftdagi noma’lum nuqtaga xayolchan termularkan, dardchil, g‘oyat dardchil ohangda dedi:
— Sen o‘z otangga... hech adovatla boqqanmisan, Chamanoy?
— Nimalar deyapsiz?! — ayolning rangi-quti uchdi. — Hatto ko‘ziga tik qaramaganman!
— Menga esa xuddi zaharli ilonday boqishadi. — Erkak nigohini boshqa nuqtaga oldi. — Erta-indin nodon tog‘alariga qo‘shilib, menga qo‘l ko‘tarishdan ham toyishmaydi. O‘zimcha tarbiyalashga ko‘p urinib ko‘rdim. Ammo ota degan jonivor har ikki gapning birida loyga qorilib turganidan keyin... Rahmatli qaynotam, sen bizga to‘g‘ri kelmaysan deganda, men ahmoq xafa bo‘lgan ekanman, yetimligimni nazarda tutayapti deb. Endi bilsam, men nodonni ayagan ekan. Muhabbatdan ko‘zim ko‘r bo‘lib, johil to‘daga intilgan ekanman. Mana endi, o‘zim pishirgan oshni aylanib, o‘rgilib ichib yotibman.
Ayol uning “diyodiyo”sini yoqtirmay boshini burdi. O‘zining bu alfozda o‘tirishi-yu, erkakning bemalol cho‘zilib yotishi endi ta’sir qilganday, aybni undan qidirishga tirishdi.
— Yetim bolalarga hadeb narsa tashiyversangiz, albatta xotiningizga yoqmaysiz-da, — dedi.
— Qanaqa narsa?! — erkakning nigohi to‘satdan olovlanib, ustidan ko‘rpani itqitib tashladi. — Bolalarga olib boradiganim topganimning bir urvog‘i, xolos. Gap narsada emas, narsa nima... U yerdagi bolalar meni qanchalik intiq kutishini bilasanmi o‘zi? Agar bilganingda, bunaqa gapirmasding! Men Jahon guppiday qo‘sh-qo‘sh imorat solmayman, Olim chinoqday topganimni o‘mganimga tortmayman, qaynilarimday xasis emasman. Kuchim yetgancha yetimchalarning ko‘nglini ovlayman! Shularni bilasanmi sen o‘zi? Qaerdan ham bilarding, — erkak o‘tirgan joyida og‘ir so‘lish oladi.. — Otang qoshingda, onang doim biqiningda bo‘lgan. Men esa na otamni bilaman, na onamni! Xuddi osmondan tushgandayman.
— Endi ular yo‘q... — Ayolning ko‘zlarida yosh xalqalandi.
Ular boshlarini eggancha jim turib qolishdi.
Ayol endi o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi edi, erkak xijolatomuz ohangda:
— Chamanoy, agar qattiq gapirib yuborgan bo‘lsam, kechirgin, — dedi. — Shu... senga kichkina bir iltimosim bor. Bugun menga ozgina qarz berib tursang. Kecha tundagi janjal paytida anavi yosuman cho‘ntagimda borini qoqib oldi. So‘ramasdim-u, lekin shu... hafta bolalar uyiga bir qizaloq keltirilgan. Ko‘zlari ohunikiday katta-katta, shiringina qizaloq. Sho‘rlik uzzukun darvozadan ko‘z uzmay o‘tiradi. Bugun vaqtim bor, o‘sha qizchaga biror nima obormoqchi edim. Agar imkonim bo‘lganida, uni o‘zimga qiz qilib olardim-u, o‘zim uyimga sig‘may turibman-da. Faqat “yo‘q” dema. Qo‘limga pul tushishi bilan qaytaraman.
Ayol endi o‘ziga yosh boladay jovdirab qarab turgan erkakni yaxshi ko‘rib qolganini daf’atan his etarkan, birdan yuragi gupurib, nafas olishi qiyinlashdi. Uni silab-siypagisi, hech bo‘lmasa, ko‘ylagini yuvib bergisi keldi. Bu telbanoma istak shu qadar kuchli ediki, Qilichbekning, lavlagiday qizarib, “yo‘q-yo‘q” deyishiga qaramay, egnidagi ko‘ylagini sidirib oldi. Yag‘ir paxtaligiga o‘ranib, o‘ziga hang-mang tikilib qolgan yigitga bir qarab qo‘yib, tashqariga intilarkan, oshxonaga yetib-etmay, qo‘lidagi ko‘ylakni dimog‘iga olib bordi. To‘yib-to‘yib hidladi. Erkak hididan boshi aylanib, tandir chetiga behol suyanib qoldi.
To‘lg‘onoy baqirgancha darvozani tepib kirib kelganida, kun allaqachon peshindan oqqan, ayol hovlida kundalik yumush bilan band edi.
— Erimni yo‘ldan urayapsanmi, manjalaqi!
Ayol negadir undan hayiqmadi. Shuningdek, qo‘ni-qo‘shnilar oldida sharmanda bo‘lishdan ham cho‘chimadi. Bir tundayoq eng aziz odamiga aylanib ulgurgan insonga behad azoblar berib kelayotgan bu juvonga shu qadar o‘tli nafrat bilan qaradiki, uning basharasiga erkakchasiga musht tushirganini sezmay qoldi.
To‘lg‘onoyning tili, ayolning mushti zo‘r edi. Shallaqiligi bilan qishloqda dong chiqargan juvon Chamanoyning zarbalariga bardosh berolmay, oxiri o‘zini ko‘chaga urdi. Ko‘p o‘tmay og‘a-inilarini boshlab keldi. Ularning vajohatiga qaraganda, Chamanoyning tirik qolishi gumondek edi. Ammo ayol zig‘ircha dovdiramadi. Po‘pisaga uzilgan birinchi o‘q darvozaning yuqori taxtasini uchirib yubordi. Ikkinchi o‘qni uzishga hojat qolmadi. To‘da qanday kelgan bo‘lsa, shundayligicha qorasini o‘chirdi.
O‘sha kech ular bor alamini Qilichbekdan olishdi.
Ayoldan qarz olgan puliga qo‘g‘irchoq, bir talay shirinlik xarid qilib, ohu ko‘zli qizaloqning ko‘nglini chog‘lab qaytgan Qilichbek bu safar qochishning evini qilolmadi. Aka-ukalar uni dumalatib tepishdi. Shunga qaramay, u baribir bir amallab qochib qoldi. Bu galgi xujum Chamanoy tufayli bo‘lgani bois, unikiga kirmay, to‘qayzorga bekindi. Aka-ukalar obdon xumordan chiqqan emasmi, uni ortiq ta’qib qilib o‘tirmadilar.
Qorong‘u tunda Qilichbekni ayoldan o‘zga qidiruvchi bo‘lmadi. Chamanoy uni hovlisi adog‘idagi qalin butalar orasidan topdi. Shu yerdaligingizni ko‘nglim sezuvdi deya, g‘amga cho‘mib o‘tirgan yigitning boshini bag‘riga tortdi.
Shu alfozda so‘zsiz va sassiz uzoq turib qolishdi.
— Sizga azob berganlarning barini otaman! — dedi nihoyat ayol tilga kirib. — Bitta qo‘ymay qiraman!
— Umringni xazon qilishga arzimaydi ular, Chamanoy! — dedi erkak uning qaynoq bag‘rida mumdek erib. — Ba’zan meniyam shayton qitiqlab qoladi. Doim bir iloj qilib o‘zimni bosaman. Muhimi, men seni topdim, Chamanoy! Bu azoblar bo‘lmaganida, senga yetmoq qayda edi. Seni o‘ylasam, azobniyam, og‘riqlarniyam unutaman!
Chamanoy kaftlari orasidagi boshni bag‘riga mahkam bosib, uni ortiq so‘zlanmog‘iga qo‘ymadi.
Ertasi qizi og‘rib qolganini bahona qilgani kirgan singil uydan Chamanoyni topolmadi. U go‘yo qo‘shninikiga birrovga chiqqandek, eshik va darvoza qiya ochiq edi. Biroq bu xonadonda nimadir ro‘y berganini juvonning ko‘ngli darrov sezdi. Eshik-teshikka bosh suqib, kiyim javonning bo‘shligini ko‘rdi. Lekin qolgan hamma narsa joy-joyida edi. U hovliqib qo‘raga o‘tdi. Mollar tugal, negadir bo‘sh qo‘yilgan buzoqlar onalarini emaverganidanmi, qorinlari do‘mbiradek shishib ketgandi.
Qo‘radan lolu hayron chiqqan juvon hovlida baqiroq To‘lg‘onoy bilan hudud noziriga duch keldi. Betinim qarg‘anayotgan To‘lg‘onoyning gap-so‘zlaridan shuni angladiki, tunda opasi uning eri bilan qochibmi, bosh olibmi ketibdi. Biroq bu xabardan juvon unchalik qayg‘urmadi. U egasiz qolgan hovli-joy va mol-holning tashvishiga tushgan, bu haqda tezroq eriga xabar yetkazishni o‘ylardi.
Hudud noziri ayollarning gap-so‘zlariga e’tibor bermay, xonalarni birma-bir sinchkov ko‘zdan kechirarkan, norozi ohangda to‘ng‘illadi.
— Opam tushmagur “eri”niyam o‘zi bilan olib ketibdi-da.
— Qanaqa er? — To‘lg‘onoy baland ovozda bobillab berdi. — Nega endi u shum yetim unga er bo‘larkan! Hali u xotinboz qo‘limga tushsin, suyaklarini bittalab sindiraman!
Hudud noziri peshonasini tirishtirib, o‘zicha ming‘irlab qo‘ydi.
— Iloyim, hech qachon qo‘lingga tushmasin!
Chamasi, To‘lg‘onoy qo‘shni kampir yetkazgan xabarni hali-hanuz to‘la idrok etmagandi. Yarog‘li ayoldan cho‘chib, hudud nozirini ergashtirib kelarkan, erini Chamanoyning qo‘ynidan yoki uyining biror bir burchagidan topishiga imoni komil edi. Va qachonki ko‘zi bo‘sh javonga tushgachkina, ne voqea yuz berganini angladi. Alamidan baqirib yig‘lab yubordi. Qolgan ikkisi esa uning dardiga butunlay befarq — hudud noziri Qilichbekning bu balodan qutulganiga, singil esa shuncha molu davlat yolg‘iz o‘ziga qolayotganidan mamnun edi.
To‘lg‘onoy esa “qochoq”larning go‘riga g‘isht qalab, qishloqni boshiga ko‘tarardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.