OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Normurod Norqobilov. Qabrtosh (hikoya)

Tog‘dagi og‘aynilarinikida to‘ylab qaytgan Erali onasi mozoriga qabrtosh qo‘yilganini eshitib, fig‘oni ko‘kka o‘rladi. Aka turganda singilning qabrtosh o‘rnatishi nimasi?! Na bir og‘iz so‘rash bor, na oldidan o‘tish. Endi odamlar nima deydi? O‘g‘il bo‘lmay o‘l-a, singlingcha bo‘lolmabsanda demaydimi. Bu shumlikning boshida kuyovi turganini ular qaerdan bilsin? Dushman kulib, do‘st achinadigan ish bo‘ldi-da. Erta-indin deb yurmay, vaqtliroq harakatini qilganida, shu g‘alvalar yo‘q edi. Ana endi... Bir xayoli, borib kuyovi bilan yoqalashmoqchi, tirikligida qadriga yetmay-etmay, o‘lganida buytib izzat qilishing nimasi, deya singlisini obdan tuzlamoqchi bo‘ldi. Biroq hirsday kuyovu bo‘y cho‘zib qolgan jiyanlariga kuchi yetmasligini, singlisiga gap topib berolmasligini o‘ylab, fikridan qaytdi. Manglay qashlab boshqa chora qidirishga tushdi.
Topdi ham.
Ertasi ertalab tuman markazidagi sangtaroshning ustaxonasiga urib bordi. Qabrtosh buyurtirdi. Sangtarosh quyuq qoshlari ostidan avval suratga so‘ng qog‘ozdagi yozuvga qarab ajablandi.
— Yaqinda yasab bergandim-ku bu kishinikini, oq marmardan.
— Umi... sinib qoldi, — Erali yelkasi tirishib, yolg‘onladi. — Keyin... menga yoqmadi. Bunisini qora marmardan yasab berasiz. Serbezak, surati tagida to‘rt qatorgina she’riyam bo‘lsin.
— Puliga chidaysizmi? — sangtarosh uzun burnini qashlab, unga sinovchan tikildi.
— Pulidan g‘am yemang!
U sangtaroshning ustaxonasini tark etarkan, yengil tin oldi. O‘zini g‘oyat aqlli his qildi. Bekorga urishib-talashib yurmay, enasi mozoriga o‘zi yasattirgan qabrtoshni o‘rnatib qo‘ya qoladi, tamom-vassalom.
Bir ichlari kuysin!
O‘g‘il jonivor o‘lmaganini, onasining kuni kuyovi va singlisiga qolmaganini odamlar bir ko‘rib qo‘ysin.
U kuyovi bilan urishli edi.
Kattazang kuyovini ilgariyam unchalik xushlamasdi. O‘zini qishloq boylaridan biri sanab, uncha-buncha odamni oyoq uchida ko‘rsatadigan bu nodon kuyov bir kuni g‘alati bir gap aytib qoldi. Emishki, bu hudud bir paytlar qaysidir bobosining mulki bo‘lgan ekan, u yog‘i huv ko‘lgacha, bu yog‘i qirgacha... Ko‘klamning iliq kunlaridan biri edi. Ular do‘ngda davra qurib, yeb-ichib o‘tirishardi. Lagan to‘la et, yonda bir talay shisha, kayflari juda chog‘. Boshqalar-ku ahmoq kuyovning g‘udranishiga ko‘pda ahamiyat berishmaydi, lekin bu gap Eraliga yomon tegib ketdi.
— Unda biz sig‘indi ekanmiz-da, — dedi og‘rinib.
— Shunga o‘xshaydi, — kuyovi irshayib, xunuk kekirdi. — Lekin bu fakt, baring tirikchiligingni bobomning yerida qilyapsanlar.
Erali laganga uzalgan qo‘lini tortib olarkan, yonboshlab yotgan yerida atrofga alamnok boqdi. Yonbag‘irlikka sochilgan qishloqqa, keng dashtga, olisdagi qirga, tevaragini qamish qoplagan huv naridagi ko‘lga bir-bir razm solarkan, xotirasini kavlashtirib, ajdodlari tarixini titkilay boshlaydi. Boxabarligi bobosidan nariga o‘tmasligini anglab afsuslandi. So‘ng uzuq-yuluq eshitgan va bilganlari asosida o‘tmishni o‘zicha tasavvur etib, shirin bir ertak to‘qidi.
To‘qigan ertagiga ko‘ra, bu zamin, hatto ko‘ldan naridagi ufqqa tutash biydek dasht ham katta bobosiga tegishli ekan. Kuyovining manqa bobosi uning qo‘lida oddiy bir cho‘pon ekan. Bobosining chorvasi dashtga sig‘maydigan darajada ko‘p ekan. Erta ko‘klamda bobosining ko‘ngli nimadandir iyib ketibdiyu cho‘ponu cho‘liqlarini yoniga chorlab, har biriga o‘ntadan qo‘y hadya etibdi. Kuyovining pachoq bobosi ana o‘shanda qo‘yli bo‘lib qolgan ekan. To‘qigan ertagi juda maroqli edi. Biroq ertak kuyoviga yoqmadi. Andishani bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, uni, ya’ni o‘zi kabi yuz qo‘yli bir odamni “ishtonsiz” deb so‘kdi. Oqibat, choyi yarimlagan choynak kuyovining yelkasini siypab o‘tdi. U tomondan esa aroq yuqi piyola “qanot qoqdi”. Keyin laganu taqsimchalarga navbat yetdi. Birining manglayi yorilib, ikkinchisining qovog‘i ko‘kardi. Ustixonlari allaqachon tuproqqa qorishib ketgan bobokalonlari ruhi oyoq osti qilindi. Ajdoding nimayu o‘zing go‘r bo‘larmiding, degan gaplar bot va bot takrorlandi.
So‘ng u, dasturxon kuyovniki edi, davradan turtkilab haydaldi.
Erali pastga ena-ena, do‘ng belida bir zumga to‘xtadi. Bu xil ertak to‘qishga unda asos ham bordek edi... Qay bir zamonlar otasi shunga o‘xshash gaplar qilganday bo‘luvdi. Otasi rahmatliyam o‘tmishni aniq emas, tusmollardi. Uzoq yillar shahardagi madrasa tuprog‘ini yalab, qishlog‘iga mulla maqomida qaytgan amakisi haqida esa ko‘p gapirardi. Hatto o‘z padarini ham bu qadar xotirlamasdi. Derdiki, amakim bechora odamlarni savodli qilay deb ko‘p kuyinardi, eldi oldi hisoblanmish To‘raboyu Esonboy, Geldiboyu Irisboylar esa gap-gashtakdan bo‘shamasdi, el-ulusning holi nima kechyapti, ishlari bo‘lmasdi, xotin ustiga xotin olib, mast tuyaday bo‘kirib yurardilar. Amakim bo‘lsa elning koriga yaray deb, Kattatevada maktab ochdi, bir uy, bir ayvonli. Elda obro‘yi oshib, do‘st qatori, dushmanlar ham orttirdi. Ur-sur zamonlarda bir tunda qo‘liga kishan urilib, sibir qilindi. U yoqdan, na o‘ligi, na tirigi qaytdi.
Eralini amaki bobosining iqtisodiy mavqei ko‘proq qiziqtirardi. Bir kuni do‘mpaygan tandirday bo‘lib qolgan maktabni nazarda tutib, istehzoli ohangda so‘radi:
— Amakingizdan yana biror narsa qolganmi o‘zi?
— Qolgan, — ota mahzun xayolga cho‘mdi. — Ko‘p narsa qolgandi. Barini oborib Qo‘shjarga ko‘mib kelganmiz. Zamon chatoq edi-da.
— Keyin kavlab oldilaringizmi, ishqilib? — Erali sergak tortdi.
— Yo‘q.
— Eya! — Erali hovliqib, o‘rnidan turib ketay dedi. — Hali kavlab olmaganmisizlar?!
— Foydasi yo‘q chiqar.
— Nega? — Erali hayajondan qaltirab ketdi.
— Tuproqqa qorishib... — Ota unga ajablanib boqadi. — Senga nima bo‘ldi, ulim? Joyingda o‘tirolmay qolding.
— Nima edi o‘zi, durmi yo oltinmidi?! — Erali otasining savolini javobsiz qoldirib, battar tipirchiladi. — Ayting, nima edi, tillamidi, yo... Eskilarda tillo ko‘p bo‘lgan deyishadi. Qancha edi?
— Qanaqa tilla, — Ota uning ahvolidan kuldi. — Kitob edi. Besh qopdan ziyod kitoblar edi. Barining huzurini yer ko‘rdi. Chirib, tuproqqa qorishib ketgandir deb, keyin kavlab ko‘rmadik.
Bu gapdan so‘ng Erali o‘tirgan joyiga shilq etib tushdi. Boya hayajonda turtib yuborgan ekan, ko‘rpacha ustida to‘nkarilib yotgan piyola tizzasiga qattiq botib, joni yomon og‘ridi. U g‘udranib so‘kindi. Amaki bobosi To‘raboyu Irisboylarga o‘xshash boylardan chiqmaganidan o‘kindi. Yurardi-da og‘zi katta ayrim jo‘ralari kabi davralarda maqtanib. Maktab ochgan allaqanday amaki bobosining nimasi bilan faxrlanadi? Otasi go‘yo uning xayolidan o‘tganini sezganday, ona tomondan bo‘lmish badavlat bobolaridan biri haqida so‘zlay boshladi. Boyligi uchun emas, amakisining taqdiriga aloqadorligi bois, ikkisining bir kunda sibir qilingani to‘g‘risida ezmalanib gurung berdi: “Amakimdan so‘g‘in bizning avlodda ilmga qiziquvchi bo‘lmadi. Mening umrim chorvaning ketida o‘tdi. Sen ham shunga ruju qo‘yding. Amakim bechora aytganday, bu dunyodan ko‘r bo‘lib o‘tib ketyapmiz”. Ota so‘zlarkan, olis moziyga tusmollab boqadi. Xira, juda xira qiyofalarni gavdalantiradi. Erali esa o‘sha xira qiyofalarni ko‘z o‘ngida gavdalantirib ertak to‘qidi.
Eralining ayoli shu payt jag‘i-jag‘iga tegmay, hovli yuzida ivirsib yurar, onasi supada urchuq yigirgancha, uning og‘zidan chiqqanini yoqasiga yopishtirish bilan band edi. Kampiri tushmagur allaqachon saksonni qoralab qolgan bo‘lsa-da, hanuz baloning o‘qi. Ishniyam do‘ndiradi, gapniyam. Keliniga yoqmagani, uning doimo qiziga bir nima ilinib turishi edi. Kampirning bu odati Eraligayam yoqmaydi. Ammo botinib bir so‘z aytolmaydi. Iymanadi. Aytishdan naf yo‘q, enasi o‘ziga yetguncha qaysar. Erali boshida ayollar orasiga tushib, xotinini do‘pposlab ham ko‘rdi. Biroq bukrini go‘r tuzatar deganday, so‘ng bariga qo‘l siltadi. Keyin, keyin uyida janjal qo‘zg‘olishi bilan dashtga chiqib ketishni odat qildi.
Ana shunday kunlarning birida u g‘alati bir holatni kashf etdi. Uyida yuragini g‘ijimlaydigan dilgirlik dashtga chiqishi bilan ortiq uni bezovta qilmay qo‘yardi. Kenglikda u o‘zini bir zarra his etar, tashvishlari bachkana, to‘qigan ertaklari kulgili tuyulardi.
U bu holatni qayta-qayta sinovdan o‘tkazgach, oxiri ikki uy naridagi qo‘shnisi Toji shoirga tish yordi. Tish yorishdan avval do‘kondan bir shisha aroq oldi. Gap bor deb, uni chetga imladi. Qo‘nim topgan joylari oqshom chollar chiqib o‘tiradigan Yag‘irtepa bo‘ldi.
Toji shoir deganlari umrida bir satr she’r yozgan banda emas. Shokir uzunning to‘yida g‘azal ustiga g‘azal o‘qib, kelin-kuyovni qutlagani bois shu laqabni olgan. Lekin qo‘lidan kitob, gazeta tushmaydi. Ko‘p o‘qigani uchunmi gap-so‘zlariyam boshqacharoq, boz ustiga, tiliyam zahargina, beting-ko‘zing deb o‘tirmaydi. Ammo kallasini qizdirmaguningcha biror savolingga jo‘yali javob olishing qiyin, “Silar baribir mening gapimni tushunmaysilar”, deb turaveradi.
Birinchi piyoladan so‘ng ham uning rangi ochilmagach, Erali ikkinchi piyolani to‘latibroq quydi. Gazagiga cho‘ntagidan qurt olib uzatdi. Shoir qurtning bir bo‘lagini irganib og‘ziga solar ekan, ko‘zlarini kenglikka tikib og‘ir xo‘rsindi.
— Sizdagi bu holatni fan allaqachon aniqlagan, — dedi Eraliga shuniyam bilmaysanmi, degan iddaoli yo‘sinda. — Barcha tirik mavjudot, shuningdek, odam bolasiyam bio manbai...
Uning bu “ma’ruza”sidan Eralining tushungani shu bo‘ldiki, har bir odamda, jumladan o‘zida ham “bio” degan tok bor ekan. Bu tok odamzotning fe’li-atvoriga qarab “ijobiy” yoki “salbiy” bo‘lishi mumkin ekan. Yuragining siqilishi o‘sha salbiy quvvatdan emish. Negaki, johil va nodon hamqishloqlarining tor dunyoqarashlariyu kundalik g‘idi-bidisidan qishloq yomon quvvatga to‘lib toshgan emish...
Bu gapdan Erali dong qotmadi. Shoirni ichida “ahmoq” deb so‘kdi. Pul kuydirib aroq olganiga achindi. Axir odamda qanaqasiga tok bo‘lishi mumkin, tok degani ana simyog‘ochda! Uyam bir kun kelsa, ikki kun kelmaydi. Agar vujudida tok bo‘lganida, birinchi galda boplab kuyovini qaltiratmasmidi. Yaproqdek titratib o‘chini omasmidi.
U o‘zini tokli odam holatida tasavvur etib, endi kuyoviga azob berayotganida, uchinchi piyolani bo‘shatishga ulgurgan shoir uni turtib qoldi.
— Anovi go‘rso‘xta kuyovingizning ketishlariga bir qarang.
Erali qishloq tomon alanglab, yonbag‘irlikdan to‘riq otda pastga enayotgan kuyovini ko‘rdi. U boshidagi ixcham supertelpagini qoshigacha bostirib, egarda haddan tashqari kekkayib o‘tirardi.
— Bu nodon dala-dashtda o‘laqolsa bu tarzda kekkaymaydi, — dedi shoir achchiq kulimsirab. — Chunki dashtda unga e’tibor beruvchi yo‘q-da. Buning bor amali kishi ko‘zi uchun. Yaxshilarning ensasini qotirib, yomonlarning hasadini keltirishni yoqtiradi. Bunga sari qishloq salbiy quvvatga to‘lib boradi. Biz esa osoyishtalikni dashtdan qidirishga majbur bo‘lamiz.
— Buning bo‘lgan-bitgani shu, — dedi Erali nima deyarini bilmay.
— Uni yomon ko‘rganingiz uchun sizdan ham yomon quvvat taralayapti, — dedi shoir unga ko‘z qirida boqib. — Tirishib o‘tirishingiz yuragimni g‘ashlayapti. Ko‘p tirishmang, ular ahamiyat berishga arzimaydi. Yurakni keng qiling...
Erali shoirning gaplaridan zerikdi. Tevarakni loqayd kuzata boshladi.
Ana, enasi uzun yengi uchiga nimanidir tuggancha yolg‘izoyoq so‘qmoq bo‘ylab singlisining uyi tomon ketmoqda. Ortidan ayoli akillab qolgani aniq. Chetdagi kulba eshigi oldida ikki ovsin shang‘illab aytishmoqda. Ularning kunora janjali qo‘shnilarning joniga tekkan shekilli, tomosha qiluvchi yo‘q. Hovuz bo‘yidagi sayhonlikda ikki yigitcha jo‘jaxo‘rozlarday cho‘qishmoqda. Uchinchi biri ularni ajratolmay halak. O‘ng yoqdan birining akasi, so‘l yoqdan birining tog‘asi sayhonlik tomon oshiqib kelmoqda. Ularga ermaktalab bolalar ergashgan. Aslida borib chaqqan ham o‘shalar. Agar kattalardan kimdir tezroq o‘rtaga tushmasa, azaliy dushman bu ikki oila vakillarining janjali yomon tus olishi mumkin.
Bu orada shoir bekorga chakak urmayotganini birdan payqab qoldi. Bungacha u to‘rtinchi piyolani bo‘shatib, qurtni pok-pokiza tushirib bo‘lgandi. Aroq ta’siridanmi, yo azbaroyi jahli chiqqanidanmi, Eralini “sen”lab yanishga tushdi. Etak qoqib o‘rnidan turdi. Pastga ena-ena musht o‘qtalib tag‘in o‘dag‘ayladi.
— Qo‘ydan farqing yo‘q, sen ahmoqni! Tinglashni bilmas ekansan, nima qilarding meni ovora qilib! E, dardinggayam, o‘zinggayam seni!..
Erali qabrtosh buyurib qaytgan kuniyam Yag‘irtepaga to‘xtadi. Negadir ko‘ngli shoirning gurungini qumsadi. Rejasi haqida kim bilandir o‘rtoqlashgisi keldi. Shoirdan sozi yo‘q. Kasofatning tili achchiq bo‘lsa-da, dardingni tinglay biladi. Lekin maslahat bermaydi. Shuni xohlabsanmi, qilaver, nima qilasan elga ovoza qilib, deydi. Ayni shu gap hozir Eraliga juda-juda kerak. Muhimi, u birovga gullab qo‘ymaydi. Keyin o‘ylab-o‘ylab buni shoirdan ham sir tutishga qaror qildi. To qabrtosh tayyor bo‘lmaguncha bu haqda birovga, hatto ayoligayam churq etmadi. O‘sha kunni sabrsiz kutdi. Har oqshom do‘ngga chiqqanida, kun botishidagi qabristonga termulib, mahzun-mahzun xayolga toldi. Enasining azasida yaqinlarining nechog‘li turlangaliklarini o‘yladi.
Singlisini enasiga nisbatan oqibatli deb bo‘lmasdi. Aks holda enasining o‘lim to‘shagida yotganini bila turib, eri bilan oromgohga ketmasdi. Kelin deganning tili uzun bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasdi. Aza kuni darvozadan dodlab kirganida, Erali nomiga ovoz chiqarib turdi. Singlisining yoqa yirtib yig‘lashini ko‘rgandan so‘nggina kimni yo‘qotganini go‘yo tuyqusdan anglab yetganday bo‘ldi. Endi enasining supada urchuq yigirib o‘tirishini, ayoli bilan adi-badi aytishishlarini, olib kelgan narsasidan singlisiga ilinib turishlarini, kech qolganda darvoza oldida kutib olishlarini hech qachon ko‘rmasligini o‘ylab yuragi uvishib ketdi. Bo‘g‘ziga yig‘i tiqildi. Yig‘isini ichiga yutishga tirishib, tevarakka ko‘z qirini tashlarkan, ajib bir manzarani ko‘rdi. Har gapida qaynonasiga o‘lim tilaydigan ayoli jin tekkanday chinqirib yig‘lardi, qayg‘udan o‘zini yo‘qotgan singlisining yuziga qo‘shni juvonlar suv separdi. Hamma yig‘lab, hamma bo‘zlardi. Yoshini yashab, oshini oshab bo‘lgan bir kampirga ularning bu qadar kuyinishlariga uning ishongisi keldi. Ammo kenja o‘g‘li va qizidan bo‘lak hammasi yo‘liga ko‘zyoshi qilayotganini fahmladi. Xo‘rligi keldi, endilikda g‘irt yetim bo‘lib qolgani ta’sir etib, o‘g‘li bilan basma-bas yig‘lashga tushdi. Shunchaki yig‘lamadi: “Tirikligingda qadringga yetmadim, enajon” deya so‘zlar tizimini terib-terib, aytib-aytib yig‘ladi. O‘lishingni bilganimda, yelkaginamda ko‘tarib yurmasmidim, deya armon bilan bo‘zladi. O‘sha kuni kuyovi qavatida bo‘kirib o‘tirgan bo‘lsa-da, baribir ularning orasi isimadi. Qaytamga, singlisining, enamni yangam o‘ldirdi, degan gapidan so‘ng battar sovudi. Maslahatsiz qabrtosh qo‘yishlari esa dard ustiga chipqon bo‘ldi. Shuning uchun ham buyurtirilgan qabrtoshni tezroq bitishini ilhaq kutardi.
U bu haqda hech kimga aytmagan esa-da, shoir nimanidir sezgan shekilli, bir kuni yo‘lda to‘xtatdi. Xuddi she’r o‘qiyotgandek, dono-dono qilib dedi:
— Biz bandalar shu qadar nodonmizki, qilgan ishlarimiz nuqul xatolardan iborat! Biz xatolarga ko‘milib-cho‘milib yashaymiz! Bu xatolar shunchalik totliki, azobini asal bilib tamshanib-tamshanib yashaymiz! Lab-lunjingizni artib oling, “asal yuqi” qolibdi...
U shoirni mast gumon qildi. Yo‘q, shoir mast emasdi, nimadandir iztirobda edi. Odatdagidek, nimadanligini aytmadi, hayf senlarga, deganday qo‘l siltab ketdi-bordi.
Ertasi, qabrtosh imi-jimida olib kelingan kuni quyosh Eralining ko‘nglidek charog‘on edi. U qo‘zi emas, qo‘y so‘ydirdi. Qishloq keksalariga odam yuborib, o‘zi o‘g‘illari bilan mozorga jo‘nadi.
O‘g‘illari kuyov boshliq jiyanlari tomonidan o‘rnatilgan qabrtoshni olib tashlamoqqa chog‘lanishgandi, u donishmandona bir qiyofada bosh chayqadi.
— Tegmanglar! O‘zlari qo‘yishdimi, o‘zlari olishsin. Buni qavatiga o‘rnatinglar.
Qora marmar oq marmardan ko‘ra bejirim va ancha baland edi. Chetlari hoshiyali, o‘rtasiga to‘rt emas, olti qator she’r bitilgan. Enasining siymosi kattaroq qilib tushirilgandi.
Qabrtoshlardagi bu tafovutdan Erali ko‘p suyundi. O‘g‘illaridan andisha qilib turmay, shodon g‘udrandi.
— Mana, enajon! Kerak bo‘lsa, bundan kattaroq toshlar qo‘yishga qurbimiz yetadi!
Yonma-yon qo‘yilgan toshlarda bir xil siymo — enasi bo‘layotgan bu ishlardan ajablanganday, ma’yus jilmayib turardi.
Erali mozordan masrur qaytarkan, qo‘ygan toshini olib tashlasin, deya o‘g‘illaridan birini kuyovinikiga jo‘natdi. U tomondan esa, bekorlarning beshtasini aytibdi, degan nordon javob keldi. Bu shunchaki aytilgan gap emas, balki erta-indin qo‘pishi aniq bo‘lgan ulkan janjalning sovuq nafasi edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.