OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurali Qobul. Burgutlar cho‘qqilarda yashaydi (hikoya)

Sharshara dovonidagi hasharchilar o‘tovda tunab, ertasi ertalab Supa tekisligi orqali Baxmalga o‘tmoqchi edik. O’ylaganimizdek quyosh botar-botmas dovonga yetib kelib, uch yuz metrlar chamasi balandlikdan tushadigan sharsharani tomosha qildik.
Uzoq yo‘l yurib charchagan ekanmiz, shekilli, hammamiz barvaqt yotdik. Bunday havoda ikki soat uxlasang, bas, qushday yengil tortasan kishi. Men yarim kechadayoq toza havodan to‘yib uyg‘ondim. Tong yorishmay turib tashqariga chiqdim-da, sharshara tomon yurdim. Qarshimdagi qoyadan bir to‘p kaklik parillab osmonga ko‘tarildi. Ularning sayragan ovozi tog‘u toshda aks sado berib, darani yoqimli kuy egalladi. Kakliklar galasi qoyaning sharshara boshlanadigan joyiga borib qo‘ndi. “Ertalabki suvga tushibdi”, deya xayolimdan o‘tkazdim.
Sharshara hayotning davomiyligini, inson qayerda va qanday holatda yashamasin, dunyoning hech kim o‘zgartira olmas qonunlari barcha uchun barobar ekanligini ta’kidlamoqchidek, tinimsiz sharqiraydi. Qoyalar bag‘rini yaxshilikka burkab turgan necha yuz yillik vazmin archalar ham sharsharaning falsafasini ma’qullagan kabi qo‘l qovushtirib jimgina turishibdi.
Suvga qongan kakliklar galasi yana osmonga ko‘tarilganda quyoshning ilk nurlari tog‘ etaklariga yoyildi. So‘ng tepalik va qoyalar ham sarg‘ish yashil rangga bo‘yalib, tasvirlab bo‘lmas, tikilib to‘ymas go‘zal qiyofaga kirdi. “Ro‘zi Choriyevni olib kelish kerak ekan, hali uning bunaqa ranglarni ishlatganini ko‘rmaganman”, degan o‘y xayolimdan kechdi. Dovonga olib keladigan ilonizi tog‘ yo‘lida yengil avtomashina qorayib ko‘rindi. Kecha bizga hamroh bo‘lib kelgan rahbar kishining mashinasi: haydovchisi qozon patir bilan kuvida pishilgan sariyog‘ olib kelgani ketgan edi.
Pastga qaytib tushganimda sheriklarim hali uyqudan uyg‘onishmagan, haydovchi bilan hasharchilardan biri nimanidir o‘rtaga olgancha tikilib turishar edi. Ajabo, burgut!.. Bir zum joyimda tik turib qoldim.
– Qanotidan o‘q tegibdi, – dedi haydovchi yigit menga gunohkorona tikilib. – Mirzaqo‘zi otib tashlab ketgan ekan, olib keldim.
Javob qaytarmadim. Otilgan, yarador bo‘lgan qush va hayvonlarni ko‘p ko‘rganman. Lekin burgutning ham shu ahvolga tushishi mumkinligini o‘ylab yoki tasavvur qilib ko‘rmaganman. Balki istamagandirman. O’q burgutning chap qanotiga tekkan, uzun va chiroyli qanoti endi unga bo‘ysunmas, to‘zib shalvirab yotardi. Vujudi og‘riqdan burishgan. O’tkir tumshug‘i atrofidagi ajinlar osilib, uni shu qadar qayg‘uli va ayanchli qiyofaga solib qo‘ygan ediki, uzoq va befarq qarab bo‘lmasdi. U yurishni unutgandek yer bilan bitta bo‘lib yotar, ikki ko‘zi olis va qorli cho‘qqilarda edi... Ahyon-ahyonda biz tomon sergak o‘girilib, nafrat bilan boqardi.
– Uni qo‘yib yuborish kerak, – dedim bo‘g‘zimga allanima tiqilib.
Yigit burgutni ko‘tarib pastlikka qarab ketgan yo‘lning chetiga olib borib qo‘ydi. Tosh yo‘l ustida burgut ikkalamiz qoldik. O’zimni panaroqqa olib, uni kuzata boshladim. U yo‘lning chap tomonidagi qumli qiyalikka chiqmoqchi bo‘lib urinar, ammo silliq qumloqdan sirg‘alib yana yo‘lga yiqilib tushardi. Negadir pastlikka qarab ketgan tekis yo‘ldan yurmas edi. Xiyol vaqt bir joyda qotib turgach, ilk qadam bosgan chaqaloqdek quyi tomon lapanglab bir-ikki yurdi-da, taqqa to‘xtadi.
Tog‘u toshda yoqimsiz aks sado berib, olashaqshaqning tovushi eshitildi. Zum o‘tmay u burgutning oldida paydo bo‘ldi. Yo‘l chetidagi xarsangdan xarsangga sakragancha gir aylanib, burgutning xatti-harakatlarini kuzata boshladi. Bu kattakon va beso‘naqay qushning oyoqda zo‘rg‘a turganiga ishonch hosil qilgach, yaqinroq bordi. Yoqimsiz tovush bilan baralla qichqirib, uni mazax qilishga tushdi. Burgutning tepasida charx urib gir aylanarkan, dumi bilan uni bir-ikki turtib ham o‘tdi. Uning betinim shaqillashidan darak topgan ikkita olashaqshaq va yana allaqanday qushchalar qayerdandir paydo bo‘lib qoldi. Ular endi bir to‘p bo‘lib yarador burgutni oshkora mazax qilishardi go‘yo. Burgut esa olis va qorli cho‘qqilarga tikilgancha qotib qolgan edi. Bu holatga uzoq tikilib o‘tirib bo‘lmasdi...
Burgutni ko‘tarib qoyaning etagiga olib kelib qo‘ydim-da, sekin uzoqlashdim. U anchagacha yarador qanotini yozib yotdi. Mening ko‘zdan g‘oyib bo‘lganimga ishonch hosil qilgandan so‘ng o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Yarador qanotini yig‘ishtirib olishga bir urindi-da, cho‘qqiga qarab shu qadar tez yurib ketdiki, xiyol shalviragan chap qanotini hisobga olmaganda unga o‘q tegmagandek edi. Archalarni panalab, men ham cho‘qqi tomon borardim. Kichikroq bir xarsangga chiqqanda, u yarador va qonli qanotini cho‘qiy boshladi. Ajabo! U alamdanmi, ochlikdanmi, og‘riqning zo‘ridanmi, o‘z go‘shtini o‘zi cho‘qirdi...
U yana cho‘qqiga qarab yura boshladi. Men uni kuzatib qoldim. Ana, u archalar panasida ko‘zga ko‘rinmay ketdi. Lekin u olis va qorli cho‘qqilar tomon dadil borardi. Men buni yurak-yurakdan his etib turardim. Men uning shijoatidan ikki haqiqatni uqdim: agar u tuzalsa, o‘sha cho‘qqidan yana beg‘ubor va cheksiz samoga ko‘tariladi. Uni otib yarador qilgan, shu mudhish qilmishi bilan o‘zini g‘olib bilgan o‘tkinchi bag‘ritosh odamning ustidan qanotlarini keng yozib uchib o‘tadi. Bo‘ronlarga ko‘ksini tutib, cho‘qqilarni tutashtiradi... Mardlik va g‘oliblik timsoli bo‘lib qorli tog‘lar boshida parvoz etaveradi.
Lekin... lekin u tuzalmasligi ham mumkin. Yarador qanoti gazak olib, o‘zidek mag‘rur cho‘qqilar bilan abadiy vidolashishi ham mumkin. Nazarimda, u buni his etib borayotgandek... Bunday hol esa u faqat cho‘qqiga chiqqandan so‘nggina yuz berishi kerak... Buning uchun kuch-quvvati borida, o‘z etini yeb bo‘lsa hamki, cho‘qqiga chiqishi kerak... Shuning uchun u favqulodda dadil ilgarilab borardi. Eng muhimi, cho‘qqida o‘lsa – o‘ligini olashaqshaqlar ko‘rmaydi...
Men yana bir haqiqatni ayon sezib turardim: burgutlar faqat yuksaklikka qarab yurar ekan... Ular cho‘qqilar uchun yaratilgan. Cho‘qqilarda esa faqat burgutlar parvoz etadi!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.