OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurali Qobul. Kechagi kun (hikoya)

Yillarga cho‘zilgan tanaffucdan so‘ng biz bog‘ hovlidagi durkun o‘rik daraxti soyasida suhbatlashib o‘tirar edik. Har ikkimizning so‘z ohangimiz va yuz qiyofamizdan bu ko‘rishuvdan mamnunlik hissi aks etib turardi. 
— Biz ham ikki yumalab tijoratchi bo‘lib qoldik, aka, — dedi Tolibjon hozirgi xizmatidan uyalganday va bu o‘ng‘aysizlikdan qutulish uchun gap mavzusini boshqa tomonga burarkan. — Sizning bir maqolangizni o‘qigan edim. Rassom Ro‘zi Choriev Stokgolmda ochilgan ko‘rgazmasida Andrey Saxarovning xotini Yelena Bonnerning qo‘lini o‘pganligi uchun qora ro‘yxatga tushgan ekan. Mening boshimdan ham shunga o‘xshash bir g‘alati voqea kechgan. Saksoninchi yillarning o‘rtalari edi, — deya tomog‘ini qirib qo‘yib hikoyasini boshladi suhbatdoshim...
...Xonqo‘riqda yosh-u qari, barcha birdek yaxshi taniydigan, yoshi o‘tib qolganiga qaramay, o‘zini qizlarday tutadigan serkarashma, nafaqachilar va yosh bolali ayollarning xaloskori, aloqa bo‘limining mudirasi Flora Fayzievna xuddi shaharlik artistlar kabi po‘rim kiyinadigan Tolibjonni iliq kutib oldi. 
— Obuna munosabati bilan bir sizga uchrashay degan edim, — deya murojaat qildi Tolibjon mudira ish stolining qarshisidagi eski kursiga omonatgina o‘tirar ekan.
— Pionervojatiylaringiz Tursunali allaqachon maktab bo‘yicha obunani tugatgan edi. Nima, siz ulgurmadingizmi?
— Respublika va ittifoq nashrlariga yozildim. Biroq men istagan nashr obunasi bevosita aloqa bo‘limlari orqali amalga oshirilar ekan, — dedi Tolibjon maqsadga ko‘chib. — Yaqinda malaka oshirish uchun Rigaga borgan edik. O‘sha yerda ikki dona jurnal qo‘limga tushib qoldi. Boshidan oxirigacha o‘qib chiqdim. Yozilgan narsalarning barchasi biz uchun yangilik. Kichik bir maqoladan ham odam bir nima oladi, — taassurotlarini maroq bilan hikoya qila boshladi Tolibjon.
Flora Fayzievna esa borgan sari sergaklanib, qo‘lidagi ruchkasini o‘ynagancha diqqat bilan rus tili muallimining hikoyasini tinglar edi. 
— Qanday jurnal ekan u? — deya so‘radi u nihoyat sabri chidamay.
— “Amerika” jurnali — javob qildi Tolibjon o‘sha hayajonli ohangda. — Uning yarim hajmida “Angliya” degan jurnal ham bor ekan. Biri-biridan qiziqarli va juda sifatli qog‘ozda chop etilgan... 
— Istagingizni tushundim, domla, — muallimning so‘zini kesdi mudira chuqur nafas olarkan. — Ertaga javobini aytaman, — deya gapni kalta qildi.
Uning ovoz ohangi o‘zgargan, sasida beixtiyor titroq va qo‘rquvga o‘xshash alomat paydo bo‘lgan edi. Tolibjon endi har qanday gap-so‘z ortiqchaligini sezib, indamadi. Opa uni parishonxotir kuzatib qo‘ydi. 
... Ertasi kuni to‘qqizinchi sinfga darsga kirgan edi, xona eshigini kimdir qoqdi.
— Muallim, sizni direktor chaqirayaptilar, — dedi yo‘lakda turgan oltinchi sinf o‘quvchisi.
Tolibjon bolalarga vazifa topshirib, direktor xonasi tomon yo‘naldi.
Maktab direktori Hazratqul Bo‘tabekovning xonasida qishloq uchastkavoyi Valijon Boboev o‘tirar edi. 
— Men sizlarni xoli qoldiraman. Shu yerda bemalol gaplashaveringlar, — dedi Bo‘tabekov Tolibjon o‘tirishi bilan undan nigohini olib qocharkan.
Tolibjon uchastkavoyning qarshisidagi eski stulga cho‘kdi. Valijon yonidagi ohori ketgan qahvarang papkasini titkilab, qandaydir qog‘ozni olgan bo‘ldi. 
— Kecha bir joyda qandaydir jurnalmi, kitobmi haqida gap bo‘lgan ekan. Menga shu xususda batafsil gapirib bersangiz? — dedi Valijon tomog‘ini qirib qo‘yarkan. 
— E-e, shuning uchun keldingizmi? Xayriyat-ey! — Hayronligini yashira olmadi muallim yuziga beixtiyor tabassum yugurib. — “Amerika” degan jurnalga obuna bo‘lmoq uchun aloqa bo‘limiga, Flora opaga uchrashgan edim.
Bu qadar qisqa javobni kutmagan Valijon ikkinchi savolni o‘ylab qo‘ymagan shekilli, yana qog‘ozga qarab qo‘ydi.
— Nima uchun aynan “Amerika” degan jurnalga? — deya navbatdagi savolni berdi.
— Safarda bo‘lganimda qo‘limga tushib qoldi. Qiziqarli ekan. Yozilish mumkin bo‘lsa, olib o‘qimoqchi edim.
— Qaerda qo‘lingizga tushdi?
— Riga shahrida.
— Hm-m, Riga degan shaharda deng. Nega u yerga bordingiz? — ijikilab so‘rar edi leytenant.
— Viloyat xalq maorifi bo‘limidan rus tili o‘qituvchilari seminariga yuborishgandi. Sakkiz kishi edik.
— Seminarga bordingiz-u “Amerika” va “Angliya” degan kapitalistik jurnallarni o‘qib keldingiz. Shundaymi? — g‘alati tirjaydi Valijon.
— Yo‘q, orada kemada Atlantika ummoni orqali suzib, Amerikaga ham borib keldik! Qalay, yoqadimi? — endi yelkasi tirishdi Tolibjonning.
— Men siz bilan hazillashayotganim yo‘q, uka! Xizmatim yuzasidan suhbatlashmoqdaman! Achchiq-chuchuk gapingizni menga qilmang! 
Valijon shunday deb o‘rnidan turdi va beixtiyor xona bo‘ylab naridan-beri yura boshladi.
— Mendan nima istaysiz? Savolingizni bering? — dedi past va tushkun ovozda boshini quyi egarkan Tolibjon.
— Tinchgina yursangiz bo‘lmaydimi, uka? Nima kerak sizga o‘sha “Amerika”mi-samerikami, degan jurnal? O‘zimizning gazeta-jurnallarni o‘qib yuravermaysizmi? Yo‘q yerdan o‘zingizga ham, bizga ham malomatni sotib olib!.. 
— Buning nima malomatli yeri bor? O‘sha jurnalga yozilish mumkin bo‘lmasa, shuni o‘sha zahoti aytsa bo‘ladi-ku! Men hashshakalla obuna qilasan, deb yoqasidan bo‘g‘ib olayotganim yo‘q-ku?! Buning uchun ichki ishlarga murojaat qilganiga balo bormi? Meni kechiring, Valijon aka, shunga qonim qaynayapti! — qo‘lini paxsa qilib so‘zlardi muallim. 
— Masalani chuqurlashtirishga hojat yo‘q. Sizdan oldin men uchib ketib o‘tirmayin tag‘in, — hushyor tortdi militsiya xodimi. — Boshimni qotirmang, Tolibjon uka. Men sizni so‘roq qilmoq uchun kelganman, siz meni emas. Suhbat doirasidan chiqmang.
Tolibjon beixtiyor o‘rnidan turib ketdi. 
— O‘tiring, uka! Men ruxsat bersam o‘rningizdan qo‘zg‘olasiz, — dedi muallimning tixirligidan achchig‘i chiqqan Valijon buyruq ohangida. Ikkimizning bahslashib o‘tirishimizdan foyda yo‘q. Yaxshisi siz o‘sha jurnalgami, kitobgami nima uchun va qanday maqsadda yozilmoqchi bo‘lganingiz haqida yozma ravishda tushuntirish xati bering. 
— Menimcha, bu yerda izoh berib yozadigan hech nima yo‘q! — javob qildi Tolibjon battar ensasi qotib.
— Bo‘pti. Shuni yozib bering! Nimani lozim topsangiz, shuni yozib bering. Kerakli joyga eltib topshirayin-da, shu mashmashadan qutulayin! Tushundingizmi? Bekorchilikdan kelib, siz bilan adi-badi aytishib o‘tirganim yo‘q! — ovozini keskin balandlatdi militsiya leytenanti. 
— Kimning va qaysi tashkilotning nomiga yozayin?
— “Tushuntirish xati” deya yozing-da, davom etavering. Manzilni ko‘rsatish shart emas ekan, — o‘rgatgan bo‘ldi Valijon kimdandir olgan ko‘rsatmasini ehtiyot bo‘lib so‘zlarkan. — U yoq-bu yog‘ini yaxshilab o‘ylab yozing. Siz vaziyatni tushuning. O‘shanday katta dushman, imperialistik davlatning “Amerika” degan, buning ustiga rus tilida chiqadigan jurnali tovuqning katagidek rayonimizga kelishi, uni sizdan boshqa odamlar, maktab o‘quvchilari orasida qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, qanday shov-shuv bo‘lishini hecham o‘ylab ko‘rganmisiz? 
Tolibjon uchastkavoyni diqqat bilan tinglab, bosh irg‘adi-da, indamay yozishga kirishdi. “Men Xonqo‘riq qishlog‘idagi 22-Narimonov nomli o‘rta maktabning rus tili va adabiyoti muallimi Tolibjon Qayumov Xonqo‘riq aloqa bo‘limiga “Amerika” jurnaliga obuna bo‘lmoq uchun uchrashdim. Bu jurnalni olmoqdan maqsadim o‘z bilimimni boyitish va dunyo yangiliklaridan xabardor bo‘lmoq edi. Bundan boshqa hech qanaqa niyat va maqsadim bo‘lmagan. Imzo”.
Leytenant Boboev diqqat bilan tushuntirish xatini o‘qib chiqdi-da, komissarcha sumkasiga solib qo‘ydi.
— Men bu qog‘ozni olib borib topshiraman. Biroq yozuvda kamchilik bo‘lsa, yana meni siz tomon bo‘zchini mokisidek yugurtiradilar. Buning ustiga boshliq bu ish bilan kelgan odamga soy bo‘yida tushlik tayyorlashni buyurdi. Siz muallimlar esa birorta bolani sotib yeya olmasangiz, — yarim hazil, yarim chin g‘alati tirjayib so‘zlardi Valijon qog‘ozlarni yig‘ishtirib o‘rnidan qo‘zg‘alar ekan. — Eski bo‘yinbog‘ingiz bilan kostyumingizni yeyilib ketgunga qadar kiyib yuraverasiz, — hamon o‘z-o‘zicha g‘uldirardi u norozi ohangda. 
Tolibjon suhbatdoshining bu gapiga nima, deb javob qaytarishni bilmay haykaldek qotib qoldi. Endi lab-lunjini yig‘ishtirib nimadir demoqchi bo‘lganida uchastkavoy yana so‘z qotdi.
— Ha, aytgandek sizning mashinangiz bor edi-ya? Yuring, Jaloyirga tushib chiqaylik. Sudga kelmayotgan bir odamga chaqiriq qog‘ozini berib, tilidan tilxat olib kelishim kerak, — deya eshik tomon yurdi Valijon. — So‘ngra meni rayon markaziga tashlab qo‘yasiz.
Karaxt muallim oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab bosib, unga ergashdi. Direktor Hazratqul Bo‘tabekov esa bezovta va asabiy bir holatda yo‘lakning u boshidan bu boshiga borib kelar edi. 
— Biz bir yoqqa borib kelamiz, — dedi Valijon xayrlashmoq uchun direktorga qo‘l uzatarkan sirli va buyruq ohangda.
Siyosatda xato qilmoq tushiga kirsa ham cho‘chib uyg‘onadigan Bo‘tabekovning kapalagi uchib ketgan edi. Chunki uning otasi unsur sifatida Ukrainaga surgun — quloq qilingan va o‘sha yerlarda xor-u zor bo‘lib o‘lib ketgan, quloqning o‘g‘li sanalib, u ham yaqin-yaqinlargacha ma’lum ro‘yxat va nazoratda turar edi. Bir marta og‘zidan chiqib ketgan ehtiyotsiz gapi uchun elliginchi yillar oxirida Sibirga jo‘natib yuborishlariga bir bahya qolgandi. U kimdandir Habibulla Qodiriy yozuvchi Abdulla Qodiriyning o‘g‘li bo‘lganligi uchun o‘n besh yil o‘tirib chiqqanligini eshitdi va ehtiyotsizlik qilib bir suhbatda shu haqda og‘zidan gullab qo‘ydi. Shundan so‘ng uni sakkiz oy huquq-tartibot tashkilotlarining ostonasini yalatib, sarson-u sargardon qildilar. Kap-katta odam xo‘rlik va alamdan bir necha marta yelkasi tebranib ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Har holda dzerjenskiychilarning ko‘ngliga Xudo rahm-shafqat soldi, qo‘yib yubordilar. O‘shanda u hibsxonadan chiqqan mahbusdek xursand bo‘lgan, ko‘z yoshi to‘kkancha rayon markazidan qishloqqacha piyoda qaytgan edi. Mahkama degan joyga ishing tushmasin ekan. Payg‘ambar bo‘lsang ham ikki daqiqada eshak o‘g‘risiga aylantirib qo‘yar ekanlar.
Yo‘lak bo‘ylab asabiy ravishda yurayotgan Bo‘tabekov ikki yil burun shu muallimni ishga olganligi uchun o‘zini koyir edi. Xalq maorifi bo‘limining mudiriga bir og‘iz aytsa bas edi, uni narigi, Kattaturk yoki Barlos qishlog‘idagi maktablardan biriga o‘tkazib yuborardi.
— Tolibjon qaytib keladimi? — hovliqib so‘radi Bo‘tabekov uchastkavoy muallim bilan birga ketayotganiga izoh bermagani uchun. 
— Keladi, qaytib keladi, — javob qildi Valijon o‘sha sirli va buyruq ohangida. 
Tolibjon otasiga urush nogironi bo‘lgani uchun berilgan eski “Zaporojets”ni o‘t oldirdi. Dami ichiga tushgancha terlab-pishib, Jaloyir qishlog‘i tomon mashinani haydab ketdi. 
Ayni damda uning o‘yu-xayoli bir narsa bilan qattiq band edi. Tolibjon mehmon kelishi munosabati bilan rayon markazidan oqib o‘tadigan soy bo‘yida tushlik hozirlab, osh tayyorlash majburiyatida qolgan birodari Valijon Boboevga qanday qilib bo‘lsa-da, yordam berish haqida o‘ylardi. Valijon ham u bir qarorga kelishini kutganday diqqatini bo‘lmay, indamay kelardi. 
Uastkavoy chaqiruv qog‘ozini olib kirib ketganda, Tolibjon yon cho‘ntagidagi ellik so‘mdan ikkita o‘ntalikni ayirib, ko‘ylagining ko‘krak cho‘ntagiga solib qo‘ydi. 
Manzilga yuz gazlar chamasi qolganda, Valijon mashinani to‘xtatishni buyurdi. Mashina to‘xtar-to‘xtamas u ajratib qo‘ygan yigirma so‘mni olib, sherigi kostyumining chap yon cho‘ntagiga tiqdi. Xijolatdan qizarib-bo‘zarib tili kalimaga kelmay qoldi. 
— Qo‘yaversangiz bo‘lar edi, — dedi Valijon sovuqqina va xayrlashib tushib qoldi.
Bu kutilmagan holatdan hamon o‘ziga kelolmayotgan Tolibjon rulni qishloq tomon burib, alamini gaz pedalidan olar edi. 
Yo‘l-yo‘lakay butun dov-daraxtlar, poliz-u paxtazorlar, hatto sarg‘aygan kuzgi dalalarga iliq nurini sochayotgan quyosh ham, kap-katta tarbiyachi, muallimning birovga pora berganligi ustidan kulayotgandek edi... 
Hafta, o‘n kun, bir oygacha u yuragini hovuchlab yashadi. Xayriyat, boshqa so‘rab kelishmadi.
O‘sha noxush voqeadan so‘ng Tolibjon beixtiyor ehtiyotkor bo‘lib qoldi. Mashinada yuz bergan holatni eslasa ko‘ngli xijil bo‘lar, o‘z-o‘zidan nafratlanar edi. Valijonni uzoqdan-da ko‘rsa sakkiz qir oshib nari qochadigan bo‘ldi.
Bir yil o‘tar-o‘tmas esa o‘zi bilan birga o‘qigan, viloyat ijroiya qo‘mitasida ishlovchi og‘aynisi Shokirjon Azizov sim qoqib qoldi. 
— Ertaga, ertalab soat o‘nda oblijroqo‘mga, mening xonamga yetib kel! Gap bor, xursand bo‘lasan! Bu yoqqa kelayotganingni hech kim bilmasin! Birorta bahonani o‘ylab top! — amaldorlarga xos buyruq ohangida gapni qisqa qildi Shokirjon. 
Tolibjon nogiron otasini shifoxonaga ko‘rsatib kelishni bahona qilib, maktab direktoridan bir kunga ruxsat so‘radi...
Shokirjon uni ijroqo‘mning tashkiliy bo‘limi mudiri Mahmudjon Qoraboev huzuriga olib kirdi-da, o‘zi chiqib ketdi. Mudirning qo‘lida o‘zining — rus tili muallimi Tolibjon Qayumovning anketasi turar edi. 
— Nega armiyaga bormagansiz? — so‘radi Qoraboev anketani o‘qishda davom etarkan. 
— Otam urush nogironi. Oilada yolg‘iz o‘g‘ilman. Ariza bersam ham olishmadi, — javob qildi Tolibjon.
— Hm-m, partiya a’zosi emassiz. Yaxshi. yo‘riqnomaga ko‘ra, bu lavozimda ishlagan kishi partiyasiz bo‘lishi kerak, — qog‘ozdan ko‘zini uzmay dimog‘ida gapirar edi Qoraboev. — Yaxshi, mana sizga bir papka. Unda viloyat bo‘yicha maishiy xizmatning ahvoli haqidagi barcha ma’lumotlar bor. Yaxshilab o‘qib, o‘rganing-da, yigirma betlik chamasi ma’ruza matnini yozing. Bir hafta muhlat sizga. Ma’ruzani bitirgach, to‘g‘ri o‘zimga olib keling. Hech kimga ko‘rsatmang. Tushundingizmi? — chertib-chertib gapirib ko‘rsatma berar edi Qoraboev. 
— Tushundim!
— Sizga ruxsat! Ketishingiz mumkin. Xayr! — dedi o‘rnidan turib qo‘lini uzatarkan bo‘lim mudiri. 
Tolibjon tisarilgancha eshikni yopib, Qoraboevning xonasidan chiqdi. U hayotida ilk bor bunday katta amaldorning qabulida bo‘lishi edi. 
— Mana senga eski ma’ruza namunasi, — dedi ish stolining tortmasidan bir papkani chiqarib uzatar ekan Shokirjon. — Otni qamchila. Xudo “ol qulim” desa haftadan so‘ng mana shu koridorlarni tang qilib birga ishlaymiz. Bunday vazifalarga joylashish uchun diplomatiga pul solib chopib yurganlar oz emas. Sen bilan mening oshig‘imizning olchiligi ruschaning “ko‘zini o‘yish”imizda. Qaysi davlat yoki hukumat tashkilotda bo‘lmasin, bizga ehtiyoj bor. Xo‘-o‘sh, tushlik vaqti ham bo‘lib qolibdi. Birga uyg‘urcha lag‘mon yemaganimizga ham ancha bo‘ldi. U shunday deb stoli ustidagi qog‘ozlarni yig‘ishtirishga kirishdi. 
— Men ham tushlikka taklif etmoqchi edim, — do‘stining so‘zini quvvatladi Tolibjon. 
Shokirjon bo‘limda birga ishlaydigan Qo‘shmurod degan hamkasbini ham tushlikka da’vat etdi va qulog‘iga shipshib, Tolibjonni unga tanishtirdi. Bir necha kundan so‘ng birga ishlayajaklarini bashorat qildi. 
Shahar bog‘i chetidagi oshxonada uyg‘ur qardoshlar chin va uyg‘ur taomlarini tayyorlardilar. Oshxona mudiri Turdioxun lag‘monxonaning kunda-shundasi Shokirjon boshliq oblijroqo‘mchilarni iliq qarshi oldi va katta-kichik rahbarlar uchun atalgan chog‘roq xonachaga boshladi... Besh kundan so‘ng Tolibjon buyurilgan ma’ruzani yozib bo‘lib, Qoraboevning xonasida turar edi. 
Bo‘lim mudiri ma’ruzaning to‘rt varag‘ini diqqat bilan o‘qib chiqdi. Qolgan qismiga ko‘z yugurtirdi. 
— Yaxshi-i! Ma’qul, uka. Shokirjonning xonasida o‘tiraturing. O‘zim chaqiraman, — dedi Qoraboev telefonlardan birining dastagiga qo‘l uzatar ekan. 
Shu kuniyoq Tolibjon uch nafar oblijroqo‘m raisi muovini, kechasi soat to‘qqizlarda esa raisning suhbatidan o‘tdi. Ertasi kuni uning viloyat ijroiya qo‘mitasi tashkiliy ishlar bo‘limi instruktori lavozimiga ishga qabul etilganligi haqida buyruq chiqdi. 
Yangi xodim tashkiliy-hududiy bo‘limda sakkiz oy ishladi. So‘nggi yozgan ma’ruzasi raisga ma’qul bo‘ldi-yu, o‘sha kuni uni huzuriga chaqirdi. Oblijroqo‘m raisi, qorashirg‘aydan kelgan, istarasi issiq Jo‘raqul Husanov tajribali, ko‘pni ko‘rgan, katta-kichik birdek hurmat qiladigan obro‘li odam edi. Uning fikri bilan respublika rahbarlari ham hisoblashar edilar. Tolibjon rais xonasiga kirganida u oblijroqo‘m mas’ul kotibi Jaloliddin Kattabekov bilan suhbatlashib o‘tirgandi. Rais Tolibjonni o‘rnidan turib, bir necha qadam yurib kelib qarshi oldi va qo‘lini alohida mehr bilan qisdi.
— Tilingiz yaxshi ekan, ukam Tolibjon. Kelajak siz kabi yoshlarniki. Biz maslahatlashib sizni yonimizga olmoqchimiz, — salmoqli ohangda gapirar edi rais. — Bugundan e’tiboran siz katta referent vazifasiga tayinlanasiz va mening ikkinchi yordamchim bo‘lib ishlaysiz. Huquqiy tashkilotlar, savdo va maishiy xizmat faoliyatini nazorat qilib borasiz. Bizga shu tashkilotlar bilan aloqasi bo‘lmagan, siz kabi bir toza xodim kerak. Nima deysiz? — deya Tolibjonga sinchkovlik bilan tikildi Husanov. 
— Siz nima desangiz shu. Ishonchingizni oqlashga harakat qilaman, — deya javob qaytardi Tolibjon hayajonini bosib. 
— Har holda Shahrixondan yomon odamlar chiqmaydi-ya? — deya ijroqo‘m mas’ul kotibiga qarab kuldi rais Kattabekovning ham o‘sha tarafdanligiga sha’ma qilib.
Kattabekov ham qizarinqirab miyig‘ida kuldi. 
— Shuni unutmangki, ukam, — deya so‘zida davom etdi Husanov. — Elimizda bir ota so‘zi bor. Yori va diyori go‘zal insonning dushmani ko‘p bo‘ladi. Buning ustiga rahbarlik lavozimida ishlasangiz, ustiga ustak aqlli, qobiliyatli va xushbichim bo‘lsangiz kamdan-kam odamlar sizni sevib ardoqlaydilar. Bunday sharoitda bir dushmaningiz o‘n bo‘lib, ana shu olomon hamda noxayrixohlarning kutilganu kutilmagan zarbalariga chidab, himoyalanib yashamog‘ingizga to‘g‘ri keladi. Sizdan bir necha ko‘ylakni ko‘p yirtgan odam sifatida yana bir o‘gitim — ayollar masalasida juda ehtiyot bo‘ling. Bu nafsga o‘ch odamdan hech qachon yaxshi rahbar va sadoqatli do‘st chiqmaydi. 
Yangi yordamchi rais xonasidan qora terga tushib chiqdi. Ertasiga esa bir qavat yuqoriga, rais qabulxonasining chap biqiniga ko‘chib o‘tdi. Endi viloyatning butun katta-kichik rahbarlari uning ismi-familiyasini o‘qib, raisning qabulxonasiga kirar edi. 
Bu paytga kelib “Zaporojets” ham oltinchi “Jiguli”ga aylangan, Qayumjon akaning rayijroqo‘mdagi navbati kelgan edi. Tolibjon yangi mashinada havas bilan rayondan viloyat markaziga ishga qatnardi. 
Odatda u ishga erta kelib, kech qaytardi. Bir kechasi tuman hududidagi DANga yetar-etmas mashinaning yonilg‘isi tugab qoldi. Boshi qotib nima qilarini bilmay turganda, qarshisidan kelayotgan “UAZ” taqqa to‘xtadi. Undan rayijroqo‘mning mas’ul kotibi, og‘zini to‘ldirib gapiradigan odamshavanda va seriltifot Said Fayzullaev tushib keldi. 
Ular hol-ahvol so‘rashib ulgurmagan ham edilar, DANning ola-bula navbatchi mashinasi g‘izillagancha Fayzullaevning xizmat mashinasi orqasidan yetib kelib to‘xtadi. Tolibjon ne ko‘z bilan ko‘rsinki, mashina kabinasidan o‘sha tanishi — uchastkavoy Valijon Boboev chiqib kelardi. 
Valijon Said Fayzullaev bilan ham, Tolibjon bilan ham etana bo‘lib ko‘rishdi. Xizmatlar bormi, degandek rayijroqo‘m kotibining qosh-qovog‘iga qarab turar edi u. 
E-e, domla ko‘rinmay ketdilar? — deya Tolibjonga yuzlandi leytenant. — Oqtulpor muborak bo‘lsin? — Tabriklaymiz, ko‘tarilib ketibsiz! 
— Rahmat! Rahmat! — tutilib javob qildi Tolibjon.
— Yaxshisi tezgina borib, rayijroqo‘m hisobidan, hotamtoyliging tutsa o‘z hisobingdan o‘ttiz litr benzin olib kel! — Yo‘l inspektorini ishga buyurdi Fayzullaev.
— Keragi yo‘q, Said aka! Ukamizni ovora qilib... O‘zim bir amallar edim, — dedi battar xijolat chekib Tolibjon. — Pulini bersak bo‘lardi. 
— Qo‘yavering. Yaxshi yigit. O‘saman desa siz kabi beg‘ubor odamlarga xizmat qilishi kerak. Ilgari u sizlarning qishlog‘ingiz tarafda uchastkavoy edi. Ikki oy burun GAIga ishga o‘tdi, — qo‘shib qo‘ydi Fayzullaev. 
— Ha, yaxshi taniyman, — deya javob qilgan bo‘ldi Tolibjon hamon o‘sha karaxt holatda. 
Qorong‘u bo‘lgani uchun Said Fayzullaev Tolibjonning qizarib-bo‘zarganini sezmadi. 
Valijon tezda benzinni olib keldi. Qaerdandir dahanaki topib, uni quydi. 
— Ruxsat bering, Said Fayzullaevich, Tolibjon akamizni uylarigacha kuzatib qo‘ysam, — dedi Valijon “chest” berib, ular xayrlasharkan. 
— Yaxshi, yaxshi! — dedi kulib Fayzullaev. — Shunday qil.
Valijon mashinasining tepasidagi chirog‘ini yoqib Tolibjonning oldiga tushdi. Tolibjon g‘alati bir kayfiyatda boshi g‘ovlagancha unga ergashib borar, yuragining bezovta urishi o‘chib-yonayotgan chiroqqa hamohang edi. 
Ular yigirma daqiqalarda manzilga yetib kelishdi. Tolibjon eski tanishini choyga taklif etdi. 
— Qulluq, Tolibjon aka! Boshqa payt o‘zim alohida kelaman! Qutlug‘ uyga quruq keldik, uzr! Siz kabi rayonimizdan chiqqan kadrlar bilan faxrlanamiz! Xizmatlar bo‘lsa tortinmay buyuravering, akajon! 
Valijon shunday deya quchoq ochib, Tolibjon bilan xayrlashdi-da, burilib mashinasi tomon yurdi. Xuddi shu daqiqada darvoza ochilib, otasi Qayumjon aka chiqdi. 
— Keldingmi, bolam? Mehmon bo‘lsa, uyga olib kir. Ovqat tayyor, — dedi hassasini do‘qillatib ohista yurib kelarkan. 
Tolibjon mashinani darvozaxonaga kiritmoq uchun kalitni axtarib cho‘ntagiga qo‘l suqqanida, barmog‘i pulga o‘xshash qog‘ozga tegdi. Olib ko‘rsa ikkita yigirma beshtalik ekan... Uning kissasida buncha pul yo‘q edi... Demak, Valijon... Tavba! Qanday va qay usulda uddaladi bu ishni? 
U karaxt bir holatda mashinani darvozaxonaga kiritar ekan, otasining so‘zlari qulog‘iga kirmas, bo‘sag‘a chetidagi egilib qolgan keksa behiga tikilgancha, qo‘li chambarakda qotib qolgandek edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.