OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurali Qobul. Qaytish (hikoya)

Odamning o‘z jonini ham tikishga tayyor turgan biror narsasi bo‘lishi kerak. . . 
Lev Tolstoy


Martning boshlari edi. Dashtlarga etagini yoza boshlagan bahor adirlar va tog‘ yonbag‘irlariga o‘tlardi. Kordan so‘ng yer betida qoladigan yupqa pardani yorib chiqqan ilk boychechaklar hali ochilib ulgurmagan, quyosh qizdirishi bilan yerdan ko‘tariladigan hovurdan nam va ko‘kat isi keladi. Saidqul akaning bola-chaqasi va ko‘ch-ko‘loni ortilgan bir yuk mashinasi oldinma-ketin qishloqqa kirib kelganda kun peshindan oqqandi... 
Saidqul aka ikki o‘t o‘rtasida yonardi. Shuning uchun xam keyingi paytda yuragi tez-tez urib, o‘qtin-o‘qtin sanchadigan bo‘lib qoldi. Tez-tez xayoli qochadi. U yigirma yillik mehnati singgan dasht bilan manguga xayrlashib tug‘ilib o‘sgan, bolaligi kechgan ona qishloqqa abadul-abad qaytmoqda. Yuzidan parishonhol ko‘rinsada, unsiz yig‘lardi. U ona tuproqqa soch-soqoliga oq oralagan, uch-to‘rtta jag‘ tishi tushgan, dovi yurmagan bir ahvolda qaytyapti. «Jigulisining orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan xotini iyagining ostida gapirayotgan bo‘lsa ham qulog‘iga kirmaydi. Nima desa ma’qullab, bosh irg‘ab kelyapti. Erining odamovi bo‘lib qolganidan xotini tashvishda. Yelib-yugurib uning ko‘nglini olishga urinadi. Kech turmush qurishgani uchun bolalari yosh, hali hech narsaning farqiga borishmaydi. O’ychan va kamgapligidan katta qizi nimanidir sezgandek... 
Avval o‘zi kelib o‘rmon xo‘jaligi direktori bilan gaplashib, so‘ngra ko‘chib kelsa bo‘lardi. Biroq sabri chidamadi. Begona yurtlarga bormayapman-ku, o‘yladi o‘zicha. Otasidan qolgan bog‘ va peshayvonsiz uy ham bir ahvolda. Unda ko‘chmanchi cho‘ponlar yashaganidan bog‘ oyoqosti bo‘lib ketdi. Bog‘ning yarmini qoplab yotgan tokzordan ildizlargina qolgan. Uch-to‘rt tup jiyda bilan so‘ppaygan qari do‘lanadan bo‘lak soyalaydigan daraxt yo‘q. 
Yuk mashinasining shofyori kira haqini olib, tuppa-tuzuk uy-joyini tashlab yarim vayronaga ko‘chib kelgan bu kishining xatti-harakatidan hayron bo‘lgancha xayrlashib, iziga qaytdi. Bolalar quvonchdan qiyqirishib, soyga tushib ketishdi. Xotin emizikli bolasini bag‘riga olgancha, bo‘g‘cha chetiga og‘ir cho‘kdi. 
Hozir bolalari yosh. Ular hali hech narsani bilishmaydi. Dunyoda ulardan baxtli odam yo‘q. Lekin hademay ulg‘ayishadi. Eshitishadi. Shunda otasi haqida nimalarni o‘ylashadi. Ular es-hushini taniguncha ulgurish kerak. Bo‘lmasa unga bu dunyo harom... 
U soy tomon chopqillab ketayotgan o‘g‘ilchasini kuzatgancha shularni o‘ylardi. Xotini erining mayus va horg‘in kayfiyatiga monand qiyofada unga tikilib o‘tirar-di. U hammasini biladi. Eri og‘iz ochib dardinn yordi deguncha ko‘nglini ko‘tarib, dalda bergan bo‘ladi. Dalda berganda nima ham derdi. Ayolning kishi yig‘isini keltiradigan aylanib-o‘rgilishi. 
— Ishqilib, bolalarning baxtiga boshingiz omon bo‘lsin. Bu kunlar ham o‘tib ketar. Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug, — deydi dami ichiga tushib. 
Saidqul o‘sha yorug‘ kunlarga yetish, odamlarga, o‘zi tug‘ilib o‘sgan ona tuproqqa yaxshilik qilish uchun bu yerga qaytdi. Eng muhimi, yonida sadoqatli ko‘makchisi — xotini bor. Unga suyansa bo‘ladi. Doimo borini oshirib, yo‘g‘ini yashiradi. Hech qachon yigitning o‘z ostonasidan boshi egik chiqmasin... 
Ota meros uyning eshik-derazalarini tuzatib, ustini suvoq qilishga biror haftacha mashg‘ul bo‘ldi. Qarovsiz qolib, kegin bog‘ida mollar o‘tlaydigan joy bo‘lib qolgan uy va hovliga odam oyog‘i tegishi bilan boshqacha bo‘lib ketdi. Qishloqda bunday xaroba va yarim xaroba uylar anchagina edi. Odamlarning bir qismi Mirzacho‘lni o‘zlashtirish boshlanganda ko‘chib ketishin. Qishloqdan o‘tadigan suvni quvur orqali rayon markaziga olib ketishgandan so‘ng qolgan-qutgan odamlarning ham qishloqdan umidi uzildi. Bog‘lar qurishni boshladi. 
... Odamlar tog‘larni unutmoqdalar!O’z tug‘ilgan qishlog‘ini shu ahvolga solib ketgan kishilardan nimani ham kutish mumkin?Axir, shu tog‘lar bo‘lmasa, dashtga suv qaerdan boradi?Buloqlar qaynab turishi uchun tog‘da dov-daraxt bo‘lishi kerak!Biz cho‘llarga yopishib, yerning yoqasidan bo‘g‘ib oldik. Bilmadim, yer bizning yoqamizdan tutganda nima bo‘ladi!Yaxshi yeb, yaxshi kiygingimiz keladi! Cho‘lda esa, buning uchun imkoniyat qulayroq!Uning bag‘ri keng va saxiy! Istagancha dehqonchilik qilishing mumkin! Tog‘da esa tadbirkorlik kerak, adirlar osonlikcha haq bermaydi!
Lekin dunyodagi bor hikmat tog‘da. Uni bilgan biladi. Bir tup daraxt ekilmagan tog‘ etaklari va adirlarga xayot baxsh etish kerak. Saraton kirmay yaylovlarning fayzi qochadi. Hatto qo‘zining oldiga ilinadigan giyoh ham qolmaydi. Katta-kichik mollarni tog‘ning muhofaza qilinadigan ichkari qismiga, qo‘riqxonalarga qarab haydashadi. Tog‘ etaklari va qirlar bog‘ bo‘lsa, suv keladi. Boglardan oqib chiqqan suv yaylovlarni sug‘oradi... 
Saidqul shular haqida o‘ylarkan, yana hovlidan kaftdek ko‘rinib turadigan Barlostepaga tikilib qoldi. Xayoliga kelgan fikrdan dili yorishib ketdi. 
«Yeng‘oq ekish kerak, — dedi o‘ziga o‘zi ovoz chiqarib. — Barlostepaning ustiga yong‘oq ekish kerak. Tepalik nishabroq bo‘lgani uchun suruvlar ko‘p yotgan bo‘lishi kerak. Yermisan, yer. Yongoq orasiga shaftoli, olma ekilsa zo‘r bo‘ladi. Yong‘oq hosilga kirguncha shaftoli qariydi. Shun-day bog‘ni yarata olsang, o‘lsang armoning yo‘q... Lekin uning armoni bor. Shunday bog‘ii yaratgandan so‘ng ham u oyoq-qo‘lini uzatib, jon berolmaydi. Bu armonning adog‘i yo‘q... » Xayol suraverib, boshi ogirlashgan Saidqul aka bitta non bilan bir hovuch parvardani beliga tug-di-da, qirga qarab jo‘nadi.
— Meni Tilabov surishtirsa, Barlostepaga ketdi degin, — tayinladi xotiniga. — Kechga yaqin qaytarman. 
Uning qalbi bezovta edi. Ko‘p ko‘rgiliklarni ko‘rgan yuragn hayotida keyingi paytda yuz bergan barcha tashvish va ko‘ngilsizliklardan etak siltab, qadrdon tog‘i bag‘riga kelganidan, yuragida qat-qat bo‘lib yotgan armonlari ushalishi mumkin bo‘lgan mashaqqatli manzil boshida ekanligidan shod va bezovta edi. 
Barlostepa hovlidan yaqin ko‘riigani bilan, uzoq edi. Bolaligida bu yerga ot-ulovsiz chiqish mashaqqatday tuyulardi. Endi esa u bolalardek sug‘onib, entikib o‘ralab borardi. Soylik va soyaliklarda turib qolgan qorlar erib, yerga singardi. Kuyoshning tafti qanchalik iliq bo‘lmasin, hali qorli cho‘qqilar qish uyqusida. Go‘yo bahorning unga mutlaqo aloqasi yo‘qdek. Yurakni entiktiradigan, hapriqtiradigan, orziqtiradigan iliqqina bahor havosi edi. Etak tomondan sovuqqina sharq shamoli esar, so‘l tomondan soydan to‘ng‘izlarning suv kechib yugurishayotgani eshitilardi. «To‘ng‘izlar kun bermaydi, nima eksaig, yer bilan bitta qilib ketadi»... Beixtiyor otasi bilan O’rtaqirga no‘xat ekkanlari yodiga tushdi
... O’sha yili qish qattiq kelgandi. Yer tobiga kelmay yigirma kunlar chamasi kechikib urug‘ tashlashdi. Kambag‘al ro‘za tutsa kun uzaygandek, buning ustiga yoz ham salqin keldi. Kuzning oxiriga boribgina no‘xatning tanasi quridi. Otasi ikkalasi bir hafta mobaynida avaylab no‘xat yulishdi. Ekinni to‘ng‘izdan saqlash uchun qurilgan chayla atrofiga no‘xat bog‘larini yanchishga mo‘ljallab yoyishdi. 
— Men qishloqqa tushib kelay. Sen choy-poy qilib ichgin-da, dam olib yot. O’choqqa o‘t yoqib qo‘ysang, to‘ng‘izlar yo‘lamaydi, — tayinladi otasi ketaturib, — lekin ehtiyot bo‘l. Men tong yorishmasdan qaytaman. 
Kun bo‘yi ishlab charchagani uchun naridan-beri buloq suvi bilan non yegan bo‘ldi. Xirmonning chaylaga tutash tomonida no‘xat boglaridan so‘ri yasab, stiga ko‘rpa to‘shab cho‘zildi. U chalqancha yotgancha ko‘zi ilinganini eslaydi. 
Tongi salqindan junjikib uyg‘onganda otasi chayla atrofida aylanib yurardi. Xayoliga nega otam meni uyg‘otmadi, degan fikr keldi. Ko‘zlarini katta-katta ochgancha, tushimmi yo o‘ngimmi, deya o‘ylay boshladi. Kecha kun bo‘yi paykaldan tashib chiqilgan no‘xat bog‘lari yo‘q, otasi minib kelgan ot shetda o‘tlab yurardi. U qo‘rquvdan anchagacha o‘rnidan turolmadi. Unga so‘ri vazifasini o‘tagan besh-olti bog‘dan boshqa no‘xat bog‘larini to‘ngizlar yeganicha yeb, qolganini yer bilan bitta qilib ketgandi. Tuproqqa qorishib yotgan no‘xatlarni ko‘rib ko‘-zidan tirqirab yosh chiqib ketdi. U haykaldek qotib, qancha o‘tirganini bilmaydi. Otasining ohangidan alam aks etgan gapidan o‘ziga keldi. 
— Senga ishonib ketsam! Xayfi odam ket!Shunaqa beg‘am bo‘lsang umr bo‘yi biring ikki bo‘lmay, itning keyingi oyog‘i bo‘lib o‘tasan!... 
... Bu so‘zlar hamon uning qulog‘i ostida jaranglaydi. Yoshi otasining shu gapni aytgan yoshidan oshdi hamki, bu so‘z kundan-kun ko‘proq esiga tushadi. Bu bolaligidagi birinchi va ko‘pga tatiydigan dog‘da qolishi edi. U shundan so‘ng uzoq vaqt, dasturxonlar nonga to‘lib, to‘-kinchilik bo‘lgunga qadar ota-onasi va ukalari oldida o‘zini gunohkor sezib, ularning ko‘ziga qarolmay yurdi. Otasi hamma narsani tushunadigan odam bo‘lgani uchun ham har qanday gunohni kechirar, qiyinchiliklarga chidamli odam edi. Ota bo‘lib unga qattiq gapirgani ham shu. Har qalay, o‘tgan kun ortda qolib ketar ekan. Biroq esingni taniganingdan so‘nggi omadsizlik va dog‘u hasratdan og‘iri yo‘q ekan. Shunday voqealar bo‘lar ekanki, shundan so‘ng sening taqdiring va umringning poyoni qariganingda yonib tugab borayotgan shamdek aniq-tiniq ko‘rinib qolarkan. Bu sham qanchada yonib tugaydi, tutay dimi, tutamaydimi — bu sening sa’y-harakatingga bog‘liq bo‘lmay qolar ekan. Atrofingdagi odamlar taqdi ringni o‘zing tasavvur etmagan yo‘lga solib yuborar ekan. Umr cheksiz bo‘lsa ekanki, yo‘l qo‘ygan xatolaring va omadsizlik o‘rnini qoplab bo‘lsa. Yo‘lning yarmida qolib, bolangni o‘zing yetolmagan o‘sha manzilga yetishini kutib yashay boshlaysan. Tirikligingga shukr qilib, bir vaqt o‘zing chekib yurgan qayg‘u va quvonch tashvishlari qalbiga ko‘chgan bolangniyam yurak urishiga quloq tutib yashayverasan. Bolangning qarshisida ham tog‘lar va daryolar bor. Daryodan o‘tish uchun suzishni bilish kerak. Suzishni esa birov biladi, birov bilmaydi. Suzishnn bilganlar daryodan ham naridagi tog‘larga, beg‘ubor qorli cho‘qqilarga yetadi. Suzishni bilmaganga daryoda miriqib cho‘-milish ham nasib etmaydi. Biz istasak istamasak, hayot shunaqa. 
Saidqul aka Barlostepaga chiqqan edi. O’ylaganidek qo‘ylar yotoqlab yurgan joy ekan. Hatto bir necha yillik qo‘ylar qatqat bo‘lib yotibdi. U bolalarcha quvonchdan entikardi. Beg‘ubor va salqin havo dimog‘ini qitiqlar. jamiki jonzotga jon va qon ato etguvchi bahor siqilgan qalbinn yumshatardi. Oyqorga mangu yashillik baxsh etib turgan ming yillik archalar, hali g‘unchasi ochilmagan boychechaklar, ko‘klayotgan yaylov, ko‘m-ko‘k osmon va etakdagi soyniig sharqiroq ovozi uning dardlarini bo‘lishardi. Yuragida paydo bo‘lgan iliq bir tuyg‘udan ko‘zi yoshlandi. Ichidan yuqorilab kelayotgan bir narsa bo‘g‘ziga tiqilib qolgandek bo‘ldi. Kirning qancha gek tarligini bilish uchun qadamlab sanay boshladi. Ilgarilagan sari sovuq bahor shamolidan ko‘zi yoshlanardi... 
Soy etagida bir otliq ko‘zga chalindi. Zum o‘tmay qir chetida otini yetaklagan, o‘rmon xo‘jaligi direktori Tilabov paydo bo‘ldi. Uning ko‘nglidan, «aytganimga ko‘nmasa-ya», degan fikr o‘tdi. Ko‘nsayam, ko‘nmasayam, bari bir. Chekinish yo‘q. Bu yer mening ona yerim. Unga daraxt ekishga haqqim bor. 
— Hormang, Saidqul aka! G’ayratingizga qoyilman-e! Erinmay piyoda keldingizmi-a? Ot bilan ikki soatlik io‘l-ku, bu! — tez-tez gapirardi Tilabov. 
— Qo‘y boqqan vaqtlarni qo‘msab ketdim, uka! Quvvat bor ekan, yurishga nima yetsin. Yurgan yashaydi, — past ovozda javob qildi Saidqul aka. 
— Qandai shamol haydadi sizni bu tepalikka? Ichingizda biror narsani pishitayotibsiz shekilli!
Tilabov otini tushovlab, qo‘yib yubordi. Egardagi hurjun bilan choponini olib, Saidqul aka tomon yurdi. Choponni yerga to‘shadi. To‘nning ustiga belbog‘ini yozdi. Xurjundan non va qand-qurs oldi. Saidqul aka ham belidagi non va parvardani o‘rtaga tashladi. Tilabov termosning og‘zini ochdi. 
— Ertalabdan buyon tuz totganim yo‘q. Bir mazza qilib choy ichadigan bo‘ldik-da. Barlostepa juda bahavo joy. Yil — o‘n ikki oy shimol tomondan salqin shabada esib turadi. — Tilabov termos qopqog‘iga choy quyib uzatdi-da, nonni ushata boshladi. 
— Barlostepaning usti qancha gektar bor? — so‘radi Saidqul aka issiq choyni xo‘plarkan. 
— Ming gektarga yaqin. Ikki yil burun o‘lchovdik. Bog qilmoqchi edik. Qandaydir ilmiy tekshirish institutidan ruxsat berishmadi. 
— Nega?
— Sovuq emish. Daraxtlarni sovuq urib ketarmish. 
— Yolgon!
— Kim biladi deysiz. 
— Bu tog‘ni mendan o‘n barobar yaxshi bilasiz. Mana shu yuqoridagi archalar orasida necha xil mevali daraxt bor. Yovvoyi olma deysizmi, tog‘olcha yoki do‘lana deysizmi. Nega ularni sovuq urmas ekan. Daraxtlar ham insonga o‘xshaydi. Bora-bora hamma narsaga ko‘nikib, moslashib ketadi. 
— Bu olim degani, yelim degann ekan. Bir narsaga yopishib olsa, yomon bo‘larkan. Har tarafga xat yozaverib, bitib turgan ishingni ham chipakka chiqararkan. O’lsin agar qog‘ozdagi qoidalariga o‘zidan bo‘lak hech kim tushunsa. Ilgarigi sekretarimiz sovuq suvni ham puflab ichadigan odam edi. Odamlarni tinglab emas, ko‘proq qog‘ozga qarab ishlardi. Aslida, bunaqalar ilmiy xodim bo‘lishi kerak. Oldiga kirib, yozilib biron ishni hal qilib chiqolmaganman. O’shanda ekkanimizda, haligacha daraxtlar uch yillik bo‘lardi. 
— Endigi sekretar qalay?
— Ko‘p yelib-yuguradi-yu, ishining salmog‘i yo‘q... 
— Gaplashsa bo‘ladigan odammi?
— Bilmadim. 
— Shu yil Barlostepaga yong‘oq ekamiz!
— Qanday qilib? Plansiz, smenasiz, ming gektar... 
— Endi ishni planga, qolipga solib o‘tirish shart emas. Bu yog‘iga menga qo‘yib bering! Daraxt eksak, hech kim kelib sug‘urib tashlamasa kerak. Siz qarshilik ko‘rsatmasangiz bo‘ldi. Biz bir ish qilishimiz kerakki, shu paytgacha hech kim qilmagan bo‘lsin. Bu bilan rahbar sifatida sizning el oldida yuzingiz yorug bo‘ladi. Men... men ham o‘z gunohimni yuvaman... 
Tilabov boshini egdi. Eshitgan ekan, o‘yladi Saidqul aka. To‘nini teskari kiyib olmasa bo‘lgani... 
— Kulog‘ingizga chalingandir. Shunday bo‘lsa-da, bari bir, siz hammasini bilishingiz kerak. Siz meni bolaligimdan bilasiz. Shuning uchun ham oldingizga qora tortib, bosh egib keldim. Meni yarim yil burun partiyadan o‘chirishdi. Men xato qilgandim. Kechirishmadi. Boshqalarga saboq bo‘lishi uchun kechirishmadi. Bir hisobda, to‘g‘ri qilishdi. Hammaning gunohi kechirilaversa, biz kurashayotgan e’tiqodga putur yetadi. Hayot biz o‘ylagandek silliq va faqat shodliklardan iborat emasligini mendan yaxshi tushunasiz. Vijdon azobida kechalari uyqum kelmaydi. Hozir bolalarim yosh. Kattasi o‘n ikkida. Hademay, ular ham odam bo‘lib, qatorga qo‘shiladi. Bir kun bo‘lmasa bir kun mening partiyadan o‘chganligimni eshitishadi. Biri bo‘lmasa biri mendan buning sababini so‘raydi. Shunda nima deb javob beramiz? Ularning oldida nima degan odam bo‘laman? Shularni o‘ylab o‘tirib, boshim og‘irlashib ketadi. Mana shu Barlostepani menga bering, uka. O’tov tikib, ko‘chib kelaman. Yongoq ko‘chatlarini bir joydan gaplashib qo‘yganman. Rasmiylashtrishga ko‘maklashib, qo‘llab-quvvatlasangiz, bas. Qolganini o‘zimga qo‘yib beravering. Taqdir yetkazsa, shu yongoqzor hosilga kirganda a’zolikka kandidatlikka ariza beraman... 
Saidqulning ko‘zi yoshlanib, gapi bo‘g‘ziga tiqilib qoldi. Rangi o‘chib ketgan kostyumining yengi bilan yoshini artdi. Lekin oralagan peshonasi terladi. Yuzi kat’iy tus oldi. 
— Kechiring, uka!Obidiyda qilyapti, deb o‘ilamangBu ojizlik alomati emas. Ko‘nglim bo‘shrok odamman. Mening baxtim ham, baxtsizligim ham shunda. Biroq bu odat rahbar bo‘lganda hecham asqatmas ekan. Endi aytganimni qilmasam qo‘ymayman. Men o‘zimni oqlab o‘lishim kerak. Gapning bo‘ladigani shu. Qo‘lingizdan keladi, menga yordam bering. Odamning boshiga ish tushganda to‘g‘ri yo‘lda ham adashib ketar ekan, sen bilan bir tovoqdan osh yeb yurganlar ham o‘zini olib qocharkan. Dov-daraxtga yaqin odam boshqalarga qaraganda to‘g‘ri va samimiyroq bo‘ladi. Meni tushunarsiz. Menga hech narsa kerak emas. Agronomman. Sovxozda bosh agronom bo‘lib ishladim. Kasbim endi asqatadigan bo‘ldi. Yong‘oqlarning orasiga tez pishar mevali daraxtlar ekamiz. Pushtaga no‘xat, lalmi tarvuz, beda ekamiz. Bir ishlaylikki... 
... Yana Saidqul akaning ko‘zi yoshlandi. Yuzi nurlanib ketdi. So‘ngra bu nur vujudiga tarqaldi. 
— Sizga havasim kelyapti, — dedi uzoq sukutdan so‘ng hamsuhbati xo‘rsinib. 
Saidqul aka uning gapini eshitmadi. U Barlostepaga qay tomondan suv olib chiqishni o‘ylardi. 
Ertasi kuni traktorning tepalikka chiqishi uchun yo‘l qilishdi. Indiniga kechqurun Barlostepada haydov traktorlari chizgan nlk qora chiziq ko‘zga tashlandi. U Barlostepa etagidan boshlanib, Oyqorning oppoq qorli va nurli cho‘qqilariga tutashganga o‘xshardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.