OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurislom To‘xliyev. Abram (badia)

Universitetda qolib domlalik qilayotgan, ilmiy tadqiqot olib borayotgan tengdoshlarimiz orasida Abram ismli yahudiy yigit ham bor edi. Abramboy bizdan bir-ikki yosh kattaroq bo‘lganidanmi yoki doim saranjom-sarishta bo‘lgani uchunmi, tengqurlar orasida qandaydir alohida nufuzga ega edi. Buning ustiga unga ba’zi-ba’zida ishimiz ham tushib turardi. U uylangan, ikki farzandli, xotini oliy ma’lumotli shifokor bo‘lib, shahar shifoxonasida ishlar edi. Unga ota-onasidan hovli-joy, uncha yangi bo‘lmasa-da, g‘irillab turgan yengil mashina meros qolgan edi. Xullas, u bizga nisbatan o‘zini o‘nglab olgandi. Shu sababli bo‘lsa kerak, hammamizdan oldin nomzodlik dissertatsiyasini ham himoya qilib oldi.
Abram do‘stimizning bir yaxshi odati bor, ya’ni uning lug‘atida “yo‘q” degan so‘zning o‘zi yo‘q edi. Doimo qo‘li ko‘ksida, faqirona bo‘lib, nima desangiz “xo‘p, mullajon, yest qilamiz” deb qo‘yardi, qurg‘ur.
Bir kuni Abram hammamizni zudlik bilan uyiga chorlab qoldi. Biz uning uyida to‘plandik. Hamma yig‘ilib bo‘lgach, Abram dabdurustdan oilasi bilan Amerikaga ko‘chib ketayotganini e’lon qilib qoldi. Biz tomdan tarasha tushganday qilib aytilgan bu yangilikdan hangu mang edik. Chunki ilgari bu haqda hech qanday gap-so‘z bo‘lmagan edi. «Nega ilgariroq, lom-lim demading Abram», dedi, do‘stlarimizdan biri, go‘yo ilgariroq aytsa, biror narsa o‘zgaradiganday. Aslida ish ancha oldin pishirib qo‘yilgan ekan.
Hovli-joydan tortib to qoshiqqacha hammasi xatlanib pullangan, faqat laychaning taqdiri hali hal etilmagan, u bir narsani sezganday ko‘zlari jovdirab, kichkina hovlining u yog‘idan bu yog‘iga chopar edi. Bu voqeadan hattoki yon qo‘shnisi ham bexabar edi. Nima ham derdik. Eshitib, ko‘rib turgan voqealardan boshimiz gangib, oshnamizga oq yo‘l tilashdan boshqa chora qolmaganini hammamiz tushundik. Unga oq yo‘l tilab, xuddi noyob narsadan ajralganday, xomush uy-uyimizga tarqaldik.
Ikki yilcha o‘tib, Abram shahrimizga endi mehmon sifatida keldi. Uni ko‘rishga, hol-ahvol so‘rashga oshiqdik. Shu munosabat bilan kichik bir bazm ham uyushtirdik. Hamma xursand, birov qozonning tagiga o‘t qalagan, birov gazak tayyorlash bilan ovora, yana kimdir chinni piyolalarda «shaytonning suvi»ni ulashgan.
Bazm o‘tgan-ketgan gap-so‘zlaru, hazil-mutoyiba bilan borgan sari qizimoqda. Shunda do‘stlarimizdan biri “Qani, Abramjon, Amerikadan so‘zlang, u yurt sizga yoqdimi, u yoqda hayot qanday?” deb qoldi. Abram bir oz sukut saqladi, so‘ng ko‘zlari sal namlanganday bo‘lib, siniq ovozda gap boshladi:
— Men sizga aytsam, mullaka, Amerika naq jahannam. — Hamma unga tikildi. — Baxudo, gapim rost. Nyu-Yorkda binolar shunchalar balandki, osmon ko‘rinmaydi. Binolar shisha bilan qoplangan, ular yozning issig‘ida shu qadar qiziydiki, naq yog‘li tovaga tushgan tirik baliqdek sakraysan. Asfaltning ustida bemalol tuxum qovursa bo‘laveradi, ba-xudo...
Savol bergan do‘stimiz o‘smoqchiladi:
— Abramboy, nima qilasan u jahannamda yashab, qaytib ko‘chib kel, yana bag‘rimizga olamiz, ilgarigiday chaq-chaqlashib yuraveramiz. Menimcha, doktorlik dissertatsiyangni ham ancha yuritib qo‘ygan eding.
— Gapingiz to‘g‘riku-ya, ammo bolalarim ancha o‘rganib qolishdi, yoshlar yangi sharoitga tez moslashar ekan. Xotinim ham endi o‘ziga munosib ish topdi, keyin rasmiyatchilik ham oson emas-da, — deya Abram xayolga toldi. Shunda chapani tengqurlarimizdan biri ildam turib:
— He, o‘sha Amerikang ham bor bo‘lsin, kelinglar jannatmakon yurtimiz uchun bir qadah ko‘taraylik — dedi. Chinni piyolalar jarangi atrofni tutib ketdi. Qo‘llar baravariga gazakka cho‘zilganda qitmirroq do‘stlarimizdan biri:
— Harqalay, do‘stlar, Amerika unchalik ham yomon yurt bo‘lmasa kerak, butun dunyodan u yoqqa odam oqadi, do‘konlarda hamma narsa muhayyo deyishadi. Abramjon, sizlarda defitsit narsaning o‘zi bo‘lmasa kerag-ov? — deb qoldi. Abram tag‘in tilga kirdi:
— E, akamullo, gapingiz rost, u yerda hamma narsa bor, defitsitning o‘zi — -defitsit. Lekin... — u sal to‘xtab oldi-da davom etdi, — bir narsa defitsit. — U nima ekan, degan ma’noda hamma uning og‘ziga tikildi. — U yerda, mullajonlar hamma narsa bor, do‘kon peshtaxtalari mol-ashyodan sinib ketay deydi. Lekin u yerda mehr-muhabbat yo‘q-da. Bunaqa jonon o‘tirishlar, dil tortar suhbatlar qayda, -O‘zbekiston jannat-ku! Birov kimsan, nima qilib yuribsan, deb so‘ramaydi. U yoqda esa hamma kayoqqadir, nimagadir shoshgani-shoshgan. Hamma joyda pul, pul. Otang ham pul, onang ham pul, bola-chaqang ham. Hammaning qayg‘usi, orzusi, armoni ham pul. Bir yo‘lak, bir maydonchada yashab qo‘shning kimligini, nima ish bilan shug‘ullanishini bilmasliging mumkin...
Abramning gapini bo‘lib yana savol berishdi:
— E, kechasi xonadonda biror kor-hol bo‘lib qolsa-chi, issiq jon-da. Tuzmi yo gugurtmi kerak bo‘lib qolsa, qo‘shningnikiga chiqmaysanmi?
— Yo‘q, chiqmaysiz, — dedi Abram, — bu odat emas, ertalab supermarketning ochilishini kutasiz...
Suhbat ancha davom etdi. Har kim o‘z xulosasi bilan uy-uyiga tarqaldi. Abram yana bir necha kun mehmon bo‘ldi. Eski qadrdonlar talashib-tortishib galma-galdan uni o‘z xonadonlariga bir piyola choyga taklif etishdi.
Lekin Abramning tashrifi sababini hech kim aniq bilmas edi. Birov «U ota-onasining qabriga qarab turish uchun odam yollashga kelgan» desa, boshqalar «Yo‘q, qolib ketgan eski qarzlarini undirish uchun kelgan», deyishdi. Qaydam, yana bilmadim. Abram bir necha kundan keyin Amerikasiga uchib ketdi. Biz asta-sekin Abram degan qadrdonimiz borligini unuta boshladik. Oradan uch-to‘rt yil o‘tib uni batamom unutib yubordik.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.