OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurislom To‘xliyev. Govurgon (badia)

Juda qadim zamonlarda, yemak-ichmak tanqisligidan yo boshqa sababmi ishga yaramay qolgan qariyalarni farzandlaridan biri yelkasida ko‘tarib olib, olis tog‘liqdagi quzg‘unu ilonlar makon qilgan Govurgon degan manzilga tashlab kelishar ekan. O‘limtikxo‘r qushlar, charx urib uchayotgan quzg‘unlar murdalarni yeb ketishar ekan. Bu o‘ziga xos udum, an’ana, qonun darajasida belgilangan majburiyat bo‘lib, har bir kishining uni bajarishi shart ekan. Agar kimki bu taomildan bosh tortsa, yurt ma’murlari tomonidan ayovsiz jazolanar ekan. Kunlardan bir kun bir yosh yigit otasini yelkasiga opichlab, Govurgon sari jo‘nabdi. Yo‘lda toliqqach, chetroqdagi bir tosh supachaga nafas rostlab olish uchun cho‘kkalabdi. Shunda otasi tuyqusdan kulib yuboribdi. Allanechuk parishon holda borayotgan yigit otasiga: «Nega kulasiz, otajon, qitig‘ingizga tegib ketdimmi?», debdi. Ota javob beribdi: «O‘g‘lim, sen o‘z ishingni ado etyapsan. Men ham otamni olib ketayotganimda xuddi shu tosh supa ustida dam olgan edim...»
Yigit bu javobdan lol bo‘lib qolibdi va uzoq o‘ylovdan so‘ng rejasini o‘zgartiribdi. Bu ishi uchun jazodan ham qo‘rqmay orqaga qaytibdi. Uyga qorong‘u tushganda kiribdi. Va o‘sha kechaning o‘zida kattakon sandiq yasabdi. Pastida tuvagi, yonida darchasi bo‘lgan sandiqqa otasini joylab har kuni bir kulcha va bir kosa suv uzatib boqa boshlabdi. Oradan olti oy o‘tib-o‘tmay, yurtda qurg‘oqchilik boshlanibdi. -Daryolar qurigan, quduqlarning suvi tortilib ketgan, buloqlar ko‘zini qum bosgan. Hech qancha vaqt o‘tmay suv tanqisligi boshlanibdi. Mollar, parrandalar, otlar qirila boshlabdi.
Shunda bu voqealarning ko‘pidan bexabar chol o‘g‘lidan nima gapligini so‘rabdi. Voqeani bilgach, o‘g‘liga «Hamma uxlagach, yonimga kel», debdi. O‘g‘il otasi aytganidek kilibdi. Otasi unga shunday yo‘l ko‘rsatibdi: «Yangi qulunlagan biyani min. Xurjunning bir ko‘ziga ikkita meshni, ikkinchisiga bir son go‘shtni solib, falon tog‘dagi falon joyga bor. U yerda g‘or bor. Shu g‘orning og‘ziga qulunni onasidan ajratib, mahkam bog‘la. Xurjundagi go‘shtni bo‘laklab, kunning ko‘ziga yoyib tashla. Unga gov zamburlar (katta qizil ari) keladi. Ular go‘shtni yeydi, so‘ng suvsaydi. Suv izlab gala bo‘lib uchadi. Shu payt sen ham biyaga minib, zamburlar ortidan borasan. Qaerda suv borligini shu qanotli jonivorlar biladi. U yog‘ini o‘zing ko‘raverasan...»
Yigit tong qorong‘usida yo‘lga tushibdi. Otasi aytgan joyni topib, peshin chog‘i u yerga yetib boribdi. Qulunga arqon solib, uni bir archaga bog‘lab ko‘yibdi. So‘ng quyosh tig‘iga yoyilgan go‘shtga gov zamburlar kelishini kutib o‘tiribdi. Ko‘p o‘tmay hid olgan gov zamburlar paydo bo‘libdi. Ular ishtaha bilan go‘shtga yopirilibdi, so‘ng suvsab birin-ketin yigit turgan joy yaqinidagi g‘orga guvillab kira boshlashibdi. Yigit ham biyasini yetaklab, ularning ortidan ravona bo‘libdi. G‘or yo‘li pastga qarab ketgani uchun u zo‘rg‘a chuqurlikka ena boshlabdi. Bir payt oqib yotgan suvning shovullashi eshitilibdi. Qorong‘i g‘or tubidan bir tegirmon suv oqib yotganini ko‘rgan yigit gov zamburlar hujumiga ham qaramay, muzdek suvdan to‘yib ichibdi. Biyasini ham sug‘oribdi. Meshlarini suvga to‘ldirib biyasiga ortib olibdi.
Biya esa tashqarida boylog‘lik qolgan qulunidan xavotir olgancha yuqoriga talpinibdi. U g‘orning tor va og‘ir yo‘laklaridan bir silkinib o‘tib olib, tepaga ko‘tarilibdi. Yigit omon-eson uyiga qaytibdi. Oilasiga, qo‘ni-qo‘shnilariga ham suvdan ulashibdi. Bundan xabar topgan ma’murlar buni kim o‘rgatganini, suvli manzil qaerdaligini so‘rab, yigitni qistovga olishibdi.
Shunda yigit yurt egalaridan uzr so‘rab, bo‘lgan voqeani aytib beribdi. O‘sha yurtning podshosi bu voqealarni eshitib, ma’murlari bilan maslahatlashib yigitni ham, uning otasini ham avf etgan ekan. O‘sha kundan boshlab hech kim keksa ota-onasini Govurgonga olib borib qo‘yishga majbur emasligini e’lon qilibdi. Yigitning otasi — o‘sha donishmand chol bu yurtda o‘z ajali bilan vafot etgan birinchi fuqaro ekan.
Xalqimizda shunday naql bor: “Bir uloq — bir tup shuvoq!” Ya’ni har bir yaratiq o‘z rizqi bilan tug‘iladi.
Ushbu rivoyatni aytib bergan otam rahmatli chuqur tin olgancha soqol-mo‘ylabini silab shunday der edi:
— Ha, bolam, shunday farzandlar ham bo‘lar ekan. Bir kun kelib sen ham mozorimga oq tosh-ko‘k tosh ko‘yarmikansan?
Bilardimki, u kishiga «oq tosh-ko‘k tosh»ning qizig‘i yo‘q. Istagi xotira, ko‘ngildan o‘chmaydigan chiroq. Otam yuz yosh atrofida olamdan o‘tdi. U kishini Alloh o‘z rahmatiga olsin. Men hamisha padarimning ko‘nglini olishga, biror-bir nojo‘ya ish yo gap bilan ranjitmaslikka harakat qildim. Lekin farzandlik burchimni to‘la ado etoldimmi-yo‘qmi, Xudo biladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.