...Otabek choyxonaning avloq xonasida bo'za ichayapti. Hofiz nola qilayapti. U chalg'uvchini yoniga imlaydi.
-Qaysi kuyni chalishni buyuradilar, Bek?
-Bilsangiz, haydalish, ajralish kuyini chalingiz...
-Bunday kuy borligini birinchi bor sizdan eshitishim...
-Bilmasangiz, bilganingizni chalingiz...
Otabek to'g'ri aytgan ekan, haydalish kuyi bor ekan. Uni chalib ko'rgan odam yaxshi biladi. Kompozitorlar uyushmasida tuppa-tuzuk ishlab yurgan bastakorni ishdan bo'shatishib, o'rniga g'arb muzikasidan ko'chirma qilib yurgan Olqindi degan kompozitorni qo'yishdi. Bir kuni Olqindini ko'rib qoldim.
-Iye, muborak bo'lsin, falonchining o'rniga ishga o'tibsiz, zo'r bo'pti-ku?
-Ha-ha, shunday-shunday, rahmat-rahmat, -dedi u.
-Yashang, otning o'limi-itning bayrami, boplapsiz, -dedim.
-Ha-ha-ha, shunday-shunday-shunday, -dedi u kulib. Lekin uning kulganiniyam, yig'laganiniyam anglamadim. Bir nashriyotda ishlaydigan shoirni bo'yi boshlig'ining bo'yidan uzun bo'lganligi uchun qisqartirishdi. Chavandozlar jamiyati kotibi poygada bilmasdan boshlig'ining tomorqasiga o'tib ketgan ekan, boshliq kotibga boshdan oyoq-sarupo kiygizib, ishdan bo'shatib yuboribdi. O'shandan buyon chavandoz kimning otxonasi bo'sh bo'lsa, bir kun, ikki kun shu joyda otiga dam beradi, keyin yana joyini almashtiradi. Oxiri izlab-izlab oti harom o'lgan bo'sh otxonani topdi, otini o'sha joyga qantarib qo'yadigan bo'ldi. Lekin otxona sohibasi buning uchun undan garovga besh yuz dollar olibdi... Chavandoz otxonasini hadeb maqtayverganidan keyin borib ko'rdim. Hech maqtaydigan joyi yo'q, shamol huvillab, u teshigidan kirib bu teshigidan chiqib yotibdi.
Mashhur Komil degan shoir jurnalistika fakultetiga imtihon topshirayotganida o'zini salkam Chingiz Aytmatovning jiyani hisoblaydigan tepakal domla so'rabdi:
-Gazetada atoqli adib Tohir Sattor haqida chiqargan maqolamni o'qidingizmi?
-Yo'q.
-Nimaga?
-Chunki uni atoqli adib hisoblamayman.
-Nima deding? -o'rnidan turib ketibdi g'azablangan Aytmatovning tepakal jiyani. -San kimsanki, atoqli adibni tan olmaysan? Umuman adabiyotni tushunmas ekansan, sandan imtihon olmayman...
-Tezakni yebsan, -depti Mashhur Komil pinagini buzmay. -Adabiyotni sandan o'n karra kuchli bilaman.
Ko'zi olayib, karaxt bo'lib qolgan tepakal halloslab, imtihon komissiyasi a'zolarini chaqirib kelipti.
-Mana shu, -depti shoirni ko'rsatib. -Hech kimni tan olmaydi, menga tezak yebsan, dedi...
Xullas, Mashhur Komil imtihonni komissiyaga topshirib, besh olipti. Keyin o'sha tepakalni topib: "San aytgan odam atoqli adib emas, deb aytmabmidim, endi boyagini o'zing eysan", -deb chiqib ketibdi.
Haydalish kuyi menga ham begona emas. Tibies telekompaniyasining Samarada shtatida muxbir bo'lib ishlab yurgan paytlarimda o'rnim kimgadir kerak bo'lib qolgan ekan, bir kuni bosh prodyuser chaqirib qoldi.
-Falon topshiriqni bajarmagan ekansan, ishdan bo'shading, -dedi u.
-Yo'q, falon topshiriqni falonday qilganman, -dedim.
-B-b-bilmayman, b-b-bo'shading, vassalom, -dedi u.
Keyingi safar Samarada shtati meri tomonidan haydaldim.
-Sening qilayotgan ishlaring chivin chaqqanday g'ashimga tegayapti, -dedi u kiyikning shoxiday ikki tomonga tarvaqaylab ketgan qoshlarini chimirib (yaxshilab qarasam, qoshidan boshqa ko'rki yo'q ekan). o'ylab qadam bos bola, puf desam, Samaradadan uchib ketasan...
Uning karomati to'g'ri chiqdi. Jek degan operatorim orqali meni Samaradadan uchirib yuborishdi. To'g'ri, bundan Jek ancha zarar ko'rdi, ya'ni u ham haydalish kuyini chaldi.
Franton shtatida Tibiesning kallasini qiyshanglatib gapiradigan Abudabi degan muxbiri bor. O'sha shtat matbuotida u haqda bir feleton chiqqan ekan. Meni voqeaga aniqlik kiritish uchun ikkita operator, ikkita shofyor bilan xufyona Franton safariga jo'natib yuborishdi. Bizni Abudabining o'zi kutib oldi. Bechora zo'rg'a 2 qavatli uy qurib olgan ekan, atigi uchtagina moshina xizmatiga shay bo'lib turibdi. Ikki kun mobaynida yog'-moy kombinati, paxta zavodi singari oltita katta-katta daromadli korxonalarda s'yomka qildik. Abudabi har gal s'yomka paytida meni korxona rahbariga tanishtiradi. Mana, shaxsan Tibiesdan yuborishibdi, deydi, keyin rahbar mendan nimagadir kechirim so'raydi, kamchiliklarimiz bor, tuzatamiz, deydi. Men bu kutilmagan stsenariydan hayron, ha mayli, bo'ladi-da, deyman. S'yomkamizning birortasi efirga qo'yilmadi. Hozirgacha uning nima maqsadda bunday qilganini tushunmayman. Vot tupitsa!
Boshqa safar Tibiesning Kuyganyor degan bosh prodyuseri "Chalg'i" degan kitob chiqargan ekan, shuni vaqtida o'qimaganim uchun haydalish kuyini chaldim. Har ehtimolga qarshi unga minnatdorchilik bildirish maqsadida huzuriga kirdim. "Rahmat tuzingiz uchun," -dedim. "Sizga tuz berganim yo'q, -dedi Kuyganyor pishqirib. -Piching qilmang!" "Bo'lmasa, nima qasding bor?" "Nima bo'pti?" "Nima bo'lganligini ko'zim aytib turipti-ku!"
Alfahm-da, nima demoqchi ekanligimni darrov tushundi, Ko'zlari chaqchayib: "Menga bunaqa baqirma!", -dedi. "San chag'ir ko'zlaringni chaqchaytirma!" dedim. U kreslodan yugurib turdi. Men ham o'rnimdan turdim. "Nima demoqchisan?" -dedi u poygadan qaytgan uloqchi otday qisqa-qisqa nafas olib. "Bu qora qilmishlaring javobsiz qolmaydi!" -dedim. "Bunaqa shantajlarni ko'p ko'rganman, meni qo'rqitolmaysan!" "Sani qo'rqitib axmoq emasman!" "Men axmoqmanmi?" "o'zing bilasan!" Ichi kuyib ketgan ekan-da, bechoraning. Basharasida zohir bo'ldi-qo'ydi. Aytdima, nega buncha buning qatibalaridan kuyindi hidi keladi, deb.
Hozir Makdonald restoranida barmen bo'lib ishlayapman. Bir umr ishlab bir shisha aroq 650 gramm ekanligini shu erda tushunib etibman. Bir kunlik mehnatim ilgari ishlagan joyimda oladigan oyligim bilan teng. Dunyo juda keng ekan, og'aynilar. Shuning uchun Otabek otda kengliklarni kezib yurgan. Hofiz haydalish kuyini chalganida bo'za ichib o'zini ovutgan.
Shunday ko'rgilik boshiga tushgan odamlar to'g'ri mening oldimga keladigan bo'lib qolgan yarimta ichishga. "Quy!" -deydi. Quyaman. "Endi o'zingga ham quy!" Quyaman. "Ketdik!" -deydi. Ichamiz. "Endi haydalish kuyini eshitsak bo'ladi", -deydi u va sho'r bodring bilan gazakni bosadi...