OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Atom kuchi (hajviya)

Barcha muqaddas kitoblarda olam yaratilganida "dastavval so'z paydo bo'lgan", -deb keltiriladi. Muhammad Payg'ambarga dastlab vahiy kelganida "Iqra!", -ya'ni o'qi, degan iqtido bo'lgan va uning tilidan muqaddas kitob oyatlari nozil bo'la boshlagan. Shoirlardan biri mendan: "So'z nima?", -deb so'rab qoldi. "So'z qasam", -dedim. O'shanda Qadam Saidmurodning "So'z xudodir, bir kuni meni uradi", -degan she'ri esimga kelib qolgan edi.  So'z-niyat, odam qanday niyat qilsa, o'shanga erishadi.

 So'zda atomning kuchi bor, deyishadi. U qushga o'xshaydi, og'zingdan chiqsa, tutib ololmaysan. Yaxshi gapgayam, yomon gapgayam farishta omin, deydi. Shuning uchun birov yomon niyat qilsa, og'zingdan chiqib yog'angga yopishsin, deyishadi. Bu bilan yomon niyatning oldi olinadi. Ustozlardan biri: "Hoy bolalar, atomning kuchini o'tin yorishga sarflamanglar", -derdi. Atomning kuchi qanchalik bo'lishini qiziqchilarning otasi Ergash Karimov vaqtida ikki karra ikkiday hammaga tushuntirib qo'ygan.

Suvda atom zarralari bo'lsa, so'zda atom kuchi bor. Bir so'z bilan odam o'lishi, bir so'z bilan hayotga qaytishi mumkin. Bir podsho vaziriga qo'yning eng shirin va eng yomon  joyini olib kelishni buyurganida, u bejizga tilni olib kelmagan. Til zahridan, so'z qudratidan yer kurrasi parcha-parchalarga bo'linib, taqsimlanib ketdi.

Bir kuchli tabib tuzalmas kasalga uchragan Buxoro podshosiga hamma muolajalarni qilgach, uni yaxshilab hammom qilishlarini buyuradi. Keyin o'sha yerda uni rosa haqorat qilib bo'ralatib so'kadi. Bunday haqoratlarga o'rganmagan podsho g'azablanib, majolsiz yotgan joyidan sakrab turib ketadi. U "jallod!" deganida, tabib allaqachon juftakni rostlab qolgan bo'ladi. Oradan ancha vaqt o'tganidan keyin tuzalib ketgan podsho tabibni toptirib kelib, unga hurmat-ehtirom ko'rsatadi, sovg'a-salomlar berib, ko'nglini oladi. Keyin so'raydi:

-Saroyimdagi kutubxonaga jamlangan nodir kitoblarni varaqlab ham birortasidan sening usulingni topolmadim, buning siri nimada?

-Olampanoh, - deydi shunda tabib. -Sizni dori-darmon bilan tuzatib bo'lmasdi. So'nggi chora ichki quvvatingizni uyg'otish uchun men sizni stress holatga keltirishim kerak edi...

-G'azabimdan qo'rqmadingmi?

-Qo'rqqanda qandoq, siz jallodni chaqirganingizda men allaqachon chegaraga borib qolgan edim...

-Tila tilagingni, -deydi podsho xursand bo'lib. Ana shu tariqa tabib, Ibn Sino podsho saroyidagi  nodir qo'lyozmalar kutubxonasidan  foydalanishga ruxsat olgan ekan... So'z shunday qudratli vositaki, u oqni qora, qorani oq qilib ko'rsatish mumkin. Yaxshi gapni yomonga, yomon gapni yaxshilikka aylantirishi mumkin. Bir podsho munajjimlariga tushida yolg'iz yurganligining  ta'birini so'raydi. Ulardan biri:

-Shohim, barcha qarindosh-urug'laringiz o'lganidan keyin siz ham o'larkansiz, -deydi. Podsho g'azablanib uni dorga torttiradi. Boshqa munajjim esa:

-Shohim, barcha qarindosh-urug'laringiz ichida sizning umringiz uzoq bo'lar ekan, -deydi. Podsho xursand bo'lib, unga to'n kiygizadi. So'zni hamma har xil maqsadda ishlatadi. Birov paxta uchun, birov fitna uchun ishlatadi. So'z birovning qo'lida ajal bo'lsa, birovning tilida malham bo'ladi.

Nuh nabiy alayhissalomning Hom, Som, Yofas ismli o'g'illari juda sho'x bo'lishgan ekan. Ularning janjal-to'polonlari joniga tegib ketgan Nuh Payg'ambarga Yaratgandan "o'g'illaringga yer yuzini taqsimlab ber", -degan vahiy kelibdi. Homga Hindiston, Afrika tomonlar tegibdi, Somga Arab va Ajam, Yofasga Osiyo o'lkalari taqsimlanibdi.  Nuh Payg'ambar tahorat olayotganida Hom uyalmasdan qarab turgan ekan, Nuh Payg'ambar buni ko'rib "Yuzing qaro bo'lsin!" depti. Hom avlodlarining ranglari qoraga moyil bo'lib qolganligi shundan ekan. Som aqlli, odobli bo'lgani uchun Nuh uni "Yo'ling oq bo'lsin!", Yofas mehnatkash bo'lgani uchun "Uying bug'doyga to'lsin!" deya duo qilibdi. O'shandan Hom, Som, Yofas avlodlari yer yuziga tarqalib ketgan ekan. Janjal-to'polonlar to'xtamagach, Yaratgan ularning tillarini har xil qilib yuboribdi. Hozir tillar har xil ekanu lekin baribir so'z qurol yoki malham sifatida ishlatilar ekan. So'z tufayli xalqlar birlashadi, urush nog'oralari chalinadi, so'z dunyoni yo obod, yo xarobot qiladi. Shunday ekan, atom kuchidan ham ko'proq qudratga ega bo'lgan so'zga e'tiborli bo'lsak, tilimizdan, dilimizdan faqat mehr-muhabbatga to'la so'zlar joy olsa, barcha balo-qazolarning oldini olgan bo'lamiz.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.