OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Ayol saltanati (hajviya)

Insoniyat paydo bo'libdiki, ayol va erkak mojarosidan boshi chiqmaydi. Matriarxal davrida  ayollar ov qilgan, ketmon chopgan, erkaklar uy supurib, bola boqqan. Ayollar erkaklarga uylangan, bola boqishni, kashta tikishni bilmasa, uydan haydagan. Haydalgan erkaklar nima qilishni bilmay, oxiri yig'lay-yig'lay ov qilishga, yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirib yer haydashga, ekin ekishga majbur bo'lgan. Amazonkalar jamoasi erkaklarni tez-tez o'g'irlab turgan. Keyin patriarxal davri boshlangan. Matriarxallar qaraganki, patriarxallar ov qilib, ekin ekib mazza qilib yashayapti, darhol bola-chaqalarini chirqiratib etaklab kelib, ularga tegib olgan, yana erkakni ezish boshlangan. Ov qilib kel, ekinni suv bosib ketibdi, qaramabsan, makkajo'xorini o'rib ol va hokazolar deb. Shuning uchun eng katta fojealar patriarxal davrida boshlangan.

Erkak tabiatan beozor, himoyasiz jonivor. Faqat unga qaysi tomondan minishni bilish kerak. Matriarxallar bu san'atni shunday mohirona egallab olishganki, ularning sanoatiga qoyil qolmasdan iloj yo'q. Ayol erkakni shirin so'zi bilan jilovlaydi, bola bilan to'qimlaydi, keyin minib olib mayda orzu-havaslar yo'lida umrining oxirigacha qo'sh qo'shdiradi. Erkak og'ziga urilgan temir suvlig'ini chaynab, burnidan nafas olayotganligidan xursand bo'lib qo'sh-qo'shaveradi. Juda joniga tekkani yuganni uzib, boshqasiga boradi. Boshqasi nima qiladi? Uyam to'qim urib minib oladi... Shuning uchun daholar uylanmagan. Ayollar ularni jilovlash uchun ko'p harakat qilgan, lekin foydasi bo'lmagan.

Erkak ayolning nimasiga qiziqadi? Tadqiqotchilarning ko'p yillik izlanishlari shuni ko'rsatadiki, ayolda erkakni avraydigan ikki narsa bor. Bularning biri til, ikkinchisi jag'. Ayol jag'i bilan erkakni o'sal qiladi, tili bilan zaharlaydi. Bu fojeaning oldini olish uchun nimalarni o'ylab topishmadi, deysiz? Ayolning jag'ini yopish uchun saqich kashf qilindi, tilla tishlar qo'ydirildi. Bundan uning  jag'i battarroq ochilib ketdi. 

Aytishlaricha, Bernard Shouga go'zal raqqosa Aysidora Dunkan jilov taklif qilipti.

-Sizning aqlingiz va mening chiroyim bilan tug'ilgan bola juda alomat bo'lsa kerak, -depti.

-Gapingiz to'g'ri xonim, -depti Bernard Shou bunga javoban. -Lekin unga mening qiyofam-u, sizning aqlingiz o'tib qolsa, nima bo'ladi?

Amir Temur hazratlari xotin va joriya masalasida ziqnalik qilib o'tirmaganlar. Lekin   Saroymulkxonimning gapidan chiqmagan. Nadejda Krupskaya Leninni Inessa Armanddan tortib olgan. Jahon proletariatining otasi tinib-tinchimaganidan keyin uni Gorkidagi dala hovlisida yotqizib boqqan. Buni ko'rgan Stalin ayniqsa xotin masalasida ehtiyotkor bo'lgan. U Lenin uchun alohida "Pravda" gazetasini chiqazib turganini sezib qolgan Krupskaya janjal ko'targan. Shunda Stalin:

-Zamolchi korova, inache Inessa Armanda ob'yavlyu jenoy mirovogo proletariata, -deb uni qo'rqitgan. U ayollarning makkorliklaridan vahimaga tushib o'zining xotinini otgan, Kalinin, Voroshilov, Molotov singari safdoshlarining xotinlarini qamoqqa tashlagan. Xotinlar safdoshlarini zaharlab qo'ymasligining oldini olgan. Xotining totordan bo'lsa, to'ppa-to'g'ri jannatga tushasan, degan gap bor. Albatta, bunga millatning daxli yo'q. Totormi, chulchitmi, no'g'oymi, baribir xotin. Bu yerda xotin ramziy ma'noda totor deb aytilayapti. Totor xotin bilan yashaganidan keyin erkakka do'zax ham jannatday bo'lib tuyuladi. Mixail Gorbachev Raisa Maksimovnaga uylanib, to'ppa-to'g'ri jannatga tushgisi keldi. Lekin xotinning gapi atom quvvatidan kuchli ekanligini u bechora qayoqdan bilsin? Jannatga tushib ulgurmay, jahon proletariati otasi yaratgan imperiyani chirpirak qilib yubordi. Bill Klinton Monika Levinskiga jilovini tutqizmagan edi, u jahl otiga minib, butun dunyoga ikkovlarning o'rtasida bo'lgan ishqiy sarguzashtlarni yoyib yubordi. Xullas, poshsholar ham xotinlar hukmidan tashqarida emas. Kleopatra  nechta poshshoga tekkan bo'lsa, hammasiga o'z xukmini o'tkazgan, malika Tamara o'z chiroyi va aql-farosati bilan Gurjistonni qo'shni davlatlardan himoya qilgan, Elezaveta Pavel I ga tegib, mamlakatini boshqargan, Mumtoz Mahal Humoyun Mirzoga davlat ishlarini boshqarishda eng yaqin maslahatchi bo'lgan. Ona Tereza butun dunyo xristianlarining enasi bo'lgan, Margaret Tetcher butun boshli davlat kotibi, Indira Gandi bir milliarddan ko'p aholisi bo'lgan davlat rahbarligi darajasigacha ko'tarilgan... Poshsho qilolmagan ishni xotini bitiradi. Poshsho davlatni, xotini poshshoni boshqaradi. Chunki poshsho ham erkak-da! Buning ustiga beozor, himoyasiz. U xotinidan himoya istaydi, xotin uning jilovidan ushlab o'z orzu havaslari sari boshlaydi... Umuman olganda, "Erkaklarni xotinlar vositasida, xotinlarni oltinlar vositasida sotib olishadi", -deb bekorga aytishmagan ekan.

 Xotinidan qo'rqmagan erkak erkakmi? Dunyoda qancha millat va elat erkaklari borki, hammasi xotinidan qo'rqadi, qo'rqmay ko'rsin, xotini naq enasini ko'rsatadi. Ana shunaqa, ayol shaytanati, kechirasiz, ayol saltanati shunday mustahkam va yengilmaski, uni buzadigan kuch yo'q. Yaqinda  qaysi bir shtatning shahriyori almashishi bilan qo'shnim suyunchiga yugurib keldi, og'zi qulog'ida. "Endi zo'r bo'ladi, -dedi u boshmaldog'ini tikka qilib: -Yangi shahriyorning xotini yangangizning amakisining ammasining qizi ekan, bir tandir patir yopib  tabriklashga ketdi!"

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.