Chukcha tundrada begona odamni uchratib, kimligini so'rapti. «Geologlar partiyasining boshlig'iman», -depti u. «Ha, yaxshi-yaxshi», -deya chukcha besh qadam nariga o'tibdi-yu, miltig'ini olib shartta haligi odamni otib tashlapti. «Meni aldab bo'psan, -dermish chukcha. -Partiyaning boshlig'i Lenin!»
Bir paytlar Lenin partiyasi hayotbaxsh ishlarning ilhomchisi edi-bir besh yillikda ikki besh yillik bajarilardi. Partiya buyursa o'rmi, go'rmi muhokama qilib o'tirilmasdi. Hamma uchun partiya bosh qotirardi. Har kim o'z nonini o'zi topib yeyishga majbur bo'lganidan keyin bunday qarashsa, partiyaning boshi bor-yo'g'i bir nechta birikmagan boshlardan iborat ekan. Bozorga o'tgandan keyin otang bozor, onang bozor bo'lib qoldi-partiyalar bozori boshlandi. Nomlanishi bir-biridan chiroyli partiyalar paydo bo'ldi. Biri «Mangu taraqqiyot partiyasi», ikkinchisi «Ommaviy olomon partiyasi», FDP, CHSHP va hokazo. Tasavvur qiling, bozorda yuripsiz, hamma tomonni MTP, OOP, FDP, CHSHPlar bosib ketgan. «CHSHP qancha?» -so'raysiz. «Falon pul.» »Qimmat-ku?» «Nimasi qimmat, ana MTPning kilosini falon puldan sotib yotishipti!» Xohlaganingizni tanlab olavering!
Men partiyasiz yasholmayman. Lenin partiyasi topshirig'i bilan uylandim, millionlar lenincha universitetida o'qib farzandli bo'ldim, hech narsani tushunmaydigan millionlardan biriga aylandim. Keyin partiyalar ko'payib ketdi. Qarasam, hamma MTPga urib ketayapti, men ham shartta shunga a'zo bo'ldim. «Nima uchun MTPga kirayapsiz?» -partkomissiya a'zolarining menga bergan birinchi savoli shu bo'ldi. «MTPning manguligini ko'rmoqchiman», -dedim. «Mangulik narigi yoqda bo'ladi, bu yerda ishlaysiz», -deyishdi. «Qachongacha?» -so'radim. «Mangu taraqqiyotgacha!» «Mangu taraqqiyotga qachon yetamiz?» «Bu avlodlar dovonida ma'lum bo'ladi!»
Avlodlar dovonini uch yil kutdim. Dovondan darak yo'q. Qarasam, MTPchilar asta-asta siljib, bildirmay qochishayapti. OOPga qarab juftakni rostladim. «Partiyaning kuchi ommaviy olomonda, siz uning ichida bo'lishingiz kerak», -deya partiya yo'lboshchisi O'lamonov meni ularning orasiga tiqib yubordi. Olomonning ichiga kirib qarasam, partiya a'zolarining biri ketmon, biri tesha ko'tarib ish izlab yurgan ekan, «Oka, ish bormi?» deb yuztasi yugurib keldi. Yo'q, men OOP ning a'zosiman, deganimdan keyin hammasining hafasalasi pir bo'ldi. Pista chaqib yurgan mardikorlar o'rtasida bir hafta targ'ibot olib borib, natijasi bo'lmagach, u yerdan ham urra qochdim. Ko'zimga FDP yaxshiroq ko'rindi. «Kasbingiz nima?» -so'rashdi mendan. «Go'rkovman.» «Odamlarni laqillatishni bilasizmi?» «Odamlarni-ku, laqillatish mumkin, lekin o'liklarni laqillatib bo'lmaydi.» «Bizning partiyamiz eng ilg'or, tashabbuskor partiya, shuning uchun «Folbin do'stlar partiyasi» deb ataladi. Odamlarni kelajakka, ertangi kunga ishontira bilishingiz kerak. Masalan, ertaga hammasi zo'r bo'ladi, deb xalqni ishontirasiz, ertasiga esa indiniga zo'r bo'ladi, deysiz. Indiniga xudo poshsho, yana bir ishonarli folni o'ylab topasiz, qarabsizki, hamma sizga ergashadi. Agar shunday layog'atga ega bo'lsangiz, marhamat, biz qarshi emasmiz,-deyishdi. -Bizda partiya a'zolarining deyarli barchasi 40 yoshdan oshgan odamlar. To'g'ri, ularning ko'pchiligi yoshligida o'yinchi, yallachi, kissavur bo'lishgan, yoshlik-beboshlik-da! Vaqti kelib tushlariga bobolari, momolari kirib, ulardan qo'l olishgan. Hozir partiyamiz a'zolarining ko'pchiligi folbin, qushnoch, xodim, tabib, bashoratchi bo'lib ketishgan. Yana o'ng qanot deb atalgan mo'ltonilardan tuzilgan kuchli armiyamiz bor, ularning urg'ochilari isiriq tutatishsa, erkaklari gadoylik qiladi, lekin duch kelgan joyda folbinlikni qotirib qo'yishadi. O'ng qanot vakillarining hatto bolalari ham bolaman, deb bekor o'tirgani yo'q, xalq ichiga kirib borayapti-ma'raka va to'ylarni zabt etayapti. To'ylarda ko'p guvoh bo'lgansiz, shaqildog'ini shaqillatib uzun yog'och oyoqlarda, yog'och otlarda nog'orasini gumburlatib mo'ltoni to'ychilar kelib qolishadi-buyam bizning armiyamiz. Xullas, siz partiyamizga a'zo bo'lsangiz, FDPning birinchi go'rkovi bo'lasiz...» Shunday xayrli ishlarni qilayotgan partiyaga go'rkov bo'lishga ko'nglim bo'lmadi. Xalqning ishonchini qozonayotgan ekan-mayli-da, yashovchan ekan-ki, yashayapti. Ba'zi laqmalarning ko'zini ochish uchun bunday partiyalar ham kerak.
Yaqinda bir tanishim CHSHPning ta'sis konferentsiyasiga taklif qilib qoldi. «Bu partiya boshqacha, qanaqa shiddatli munozaralar bo'lishini o'z ko'zing bilan ko'r, mabodo partiyaga kirish ishtiyog'ing bo'lsa, o'zim gaplashaman», -dedi. Bordim. Konferentsiya boshlandi.
-Janoblar, -dedi majlis raisi. -Mana, necha yillardan buyon «Chin shiorlar partiyasi» tuzamiz, deb orzu qilib yurgan edik, nihoyat niyatimiz amalga oshdi. Bu partiyaga hammani qabul qilavermaymiz. Faqat xususiy tadbirkorlar, biznesmenlar, do'konchilar, xullas, bir piyola choyi bor kishilarni tanlab-tanlab olamiz. Bugun bu yerga yig'ilgan 200 ta ana shunday kishilarni partiyamizga a'zo qilamiz. Partiyamiz nomini Cho'ntak shilarlar partiyasi, deb noto'g'ri talqin qilayotganlar adashadi. Biz cho'ntakni shilmaymiz, balki to'ldiramiz... «Nima bilan?» -savol tushdi zaldan. Notiq savolni eshitmaganga olib so'zida davom etdi. -Albatta, ba'zan xayriya tadbirlariga xalfana qilishga to'g'ri keladi, lekin savob ishni har kim qilishi kerak, degan gap bor-ku. Bizga butun bir jamiyat katta umid bilan ko'z tikib turibdi. Bermasak, baribir oladi. Ular ichida soliq, huquq-tartibot idoralari ham yo'q emas. Shuning uchun sizlarga bu partiyaga ixtiyoriy ravishda a'zo bo'lishni maslahat beraman...
Zalda g'ovur-g'uvur boshlandi. Birov chinqiroq ovozda: «Partiya bizga nima beradi?» -deb so'radi. Notiq «Beradi, beradi», -deganicha minbardan tushib ketdi. Lekin partiya jon beradimi, kafan beradimi, buni anglolmay qoldim. Keyin a'zolikka hatlash boshlandi. Kirmayman, deb e'tiroz bildirganlar oldindan ogohlantirildi:
-Partiyaga ixtiyoriy kirasanmi, yoki ishingni prokuratura ko'rib chiqsinmi? Sen-chi, soliqchilarni sog'inib qolganga o'xshaysan-a? Hov sen, melisaga ishing tushmagan ko'rinadi-a?
...o'sha kuni faqatgina meni CHSHP safiga qabul qilishmadi. Loyiq emas ekanman. A'zolikka munosib bo'lishim uchun hech bo'lmaganida bitta do'konga ega bo'lishim kerak ekan. Xafa bo'ldim. Keyin allaqayda «Suyaksiz qassoblar partiyasi» tuzilayotgan ekan, o'shanga qarab yugurdim. Kechikibman. Endi o'zim lider bo'lib GMP, ya'ni «Go'rkov-murdasho'ylar partiyasi»ni tuzish harakatida yuribman. A'zo bo'lishni istasangiz, ta'sis konferentsiyasiga keling!